Xurshid Davron. Amir Temur bilan Sulton Boyazid jangi.

jang

1994 yilda yozilgan «Sohibqiron nabirasi» nomli tarixiy qissamdan olingan «Boyazid bilan jang» sarlavhali bobni bir oycha oldin sizga kirill alifbosida taqdim etgan edim. O’nlab turk olim va yozuvchi do’stlarim menga murojaat qilib ushbu bobni lotin alifbosida ham e’lon qilishni so’radilar. Bugun — 28 iyul kuni Amir Temur bilan Sulton Boyazid o’rtasida yuz bergan Anqara jangiga 610 yil to’ladi.Mana shu tarixiy sanani eslash bahonasida ularning iltimosini ado etayotganimdan  mamnunman.

002
Xurshid Davron
BOYAZID BILAN JANG
(«Temurbek bilan Ulug’bek» qissasidan bob)
003

Biz endi turk xalqlari tarixining alamli sahifalari bo’lgan voqealar haqida hikoya boshlaymiz…
Shom yurishi zafar bilan tugagach, navbat usmonli turklar sultoni Boyazid bilan jang qilishga yetgan edi.
Usmonli turklar kimlar edi? Ular ham Turon zaminida yashagan saxa (sak) qabilalarining avlodi, ular ham tarixda o’chmas iz qoldirgan Qang’ davlatini barpo  etgan g’arbiy turklarning nasllari edilar. Buyuk saljuqiylar davlati ularning qudrati va irodasi bilan tiklangan edi.
1219 yili Chingizxon galalari Turon mulkiga bostirib kirganda ellik ming o’tovli qang’li urug’i Kabixon (Kiyo Alpxon) boshchiligida Rum mulkiga qarab yo’l oldi.
Ma’lum vaqt o’tgach, urush olovlari so’nganiga ishongan Kabixonning o’g’li Sulaymon boshliq turklar o’z ona yurtlariga qaytmoqchi bo’ldilar. Ammo Furot daryosini kechib o’tayotganda Sulaymon suvga cho’kib halok bo’ldi. Uning o’g’li Erto’g’rul to’rt yuz o’tovli urug’ini yo’ldan qaytarib, Arzirum atroflarini vatan qildi.
Mo’g’ul bosqini tufayli g’arbga chekingan saljuqiylar Kichik Osiyodagi Vizantiya imperiyasi yerlarini bosib olib, Kuniya sultonligini tuzgan edilar. Sulton Alouddin Qayqubod zamonida (1219-1236) sultonlikning eng gullagan mavsumi bo’ldi. (O’rnida aytish joiz, Samarqandda tug’ilgan, Balxda voyaga yetgan, Rumda kamolga yetgan buyuk mutafakkir va mutasavvif mavlono Jaloliddin Rumiy shu davrda yashab ijod qilganlar).
Usta va jasur sarkarda bo’lgan Erto’g’rul o’z faoliyatini dastlab yon-atrofidagi urug’lar yerlarini bosib olish bilan boshladi. Keyin Kuniya sultoni Kayqubodning Chig’atoy boshliq mo’g’ul qo’shini bilan jang qilayotganini eshitgach, Qayqubodga yordamga shoshildi. Alouddin Kayqubod uning bu xizmatini unutmadi, mo’g’ullarni sultonlik sarhadidan quvib chiqargach, Erto’g’rulga Eskud, Qorachatog’, Tomanchi yerlarini tortiq qilib, uni o’z qo’shiniga qo’mondon etib tayinladi. 1272 yilda to’qson yoshga yetgan To’g’rulbek olamdan o’tdi. Qayqubod uning o’g’li Usmonni otasi o’rniga tayinladi. Vaqt o’tib, Kuniya sultonligi Erondagi mo’g’ul hukmdorlari – xulokularga tobe bo’lib qolgan bo’lsa-da, Usmon otasi va o’zi yangi-yangi mulklar evaziga kengaytirgan beklik mustaqilligini saqlab qoldi. Bu beklik Usmon G’oziy
zamonida quvvatga to’lgani sababidan u Usmonli davlati nomini oldi.
Biz o’z qissamizda Ulug’bek mirzo bolaligi haqida hikoya qilar ekanmiz, u kelajakda nafaqat falakshunos olim, shu bilan birga muarrix bo’lib yetishganini aytib, “Tarixi arba’i ulus” (“To’rt ulus tarixi”) kitobida Usmonlilar yoki Oli Usmon (Usmon xonadoni) haqida ham ma’lumot berganini ta’kidlaymiz. Ulug’bek bu sulola haqida shunday yozgan edi: “Tarix va xabarlar muhaqqiqlari nazdida shul muqarrarki, O’g’uzxon Sulton Usmonxonning o’n beshinchi bobosidir. U oxir sultonlardan bo’lib, Chin ibn Yofas alayhissalom avlodlaridandir… O’g’uzxon qadimgi bobosi bo’lib, Turk ibn Yofas alayhissalom avlodidandir. Usmonxon ajdodlari ismlari hazrati Yofas alayhissalomgacha tubandagi tartibdadir:
Usmonxon ibn Erto’g’rul ibn Sulaymonxon ibn Kiyo Alpxon ibn Qizil Bug’axon ibn Boyindurxon ibn Oyqutlug’xon ibn Turg’orxon ibn Qiltunxon ibn Baysabqurxon ibn Boqi og’a ibn Savuzg’orxon ibn To’ktemurxon ibn Boysuqxon ibn Ko’k Alpxon ibn O’g’uzxon ibn Boysubxon ibn Yalvojxon ibn Boybukxon ibn To’g’rulxon ibn Oytug’mishxon ibn Kujangxon ibn Ortuqxon ibn Qasorixon ibn Bektemurxon ibn Turkisxon ibn Yamoqxon ibn Qizil Bug’axon ibn Yamoqxon ibn Boybug’axon ibn To’g’rulxon ibn Qoyixon ibn Jamukxon ibn Boysurxon ibn To’g’rulxon ibn Sevinchxon ibn Kurtilmishxon ibn Jorsug’axon ibn Qarajarxon ibn Boychuqxon ibn Amudxon ibn Kumushxon ibn Qorao’g’lonxon ibn Sulaymonxon ibn Qurchilxon ibn Qo’rbug’xon ibn Boytemirxon ibn Quyxon ibn Makri Yumanishxon ibn Makri Quyxon ibn Mochinxon ibn Chinxon ibn Yofas alayhissalom ibn Nuh alayhissalom”.
1301 yili Usmon Vizantiya qo’shinini Nikodemiya bilan Nikeya oralig’idagi manzillarning birida yakson etgach, qisqa vaqt ichida Marmara va Qora dengiz bo’ylaridagi mulklar usmonlilar tomonidan zabt etildi.
Qadim bulg’or solnomalarining birida quyidagilarni o’qiymiz: “Usmonning vorisi O’rxon bo’ldi va u otasining ishini ilgari surdi, dushmanlarini ketma-ket mag’lub etib, yunonlar mulkidagi Bursa shahriga yetdi. U shaharni qamal qildi va o’g’li Ulug’ Murod bilan fath etdi. Bursa usmonlilar mulkining poytaxtiga aylandi. O’rxon 1362 yili olamdan o’tdi, taxtni yosh Murod egalladi”.
Murod katta qo’shin bilan bulg’or yeriga hujum qilmoq uchun yunonlar zaminidagi son-sanoqsiz kemalar bilan qo’riqlangan ko’rfazga keldi. Vizantiya imperatori Kantakuzin ko’rfazni mustahkam qo’riqlash uchun asosan kemalarga tayanar edi. Ammo tez orada kemalarni yolg’iz o’zi oziq-ovqat, qurol-aslaha bilan
ta’minlayolmasligini anglagan Kantakuzin arkoni davlati bilan kelishib, Tirnovoda turgan bulg’or shohi Aleksandrdan yordam so’radi. Bulg’orlar yunonlarni masxara qilib, ular yo’llagan elchilarni quvib yubordilar. Kantakuzin serb hukmdorlariga yo’llagan elchilar ham shunday badnom etilib haydaldi. Bu haqda eshitgan Kantakuzin “Hali bu qilmishingizdan pushaymon bo’lasiz, ammo o’shanda kech bo’ladi!” deb bulg’orlar bilan serblarga maktub yozdi. Ammo ular pinaklarini buzmay: “Turklar kelishsin-chi, o’shanda ko’ramiz”, — deb javob berdilar. Shundan keyin taqdirga tan bergan Kantakuzin Murod bilan sulh tuzib, Gallipoli ko’rfazini turklarga topshirishga majbur bo’ldi. Trapezundiya imperatori ham turklarning ko’p eshkakli qayiqlaridan foydalanish haqidagi so’rovini rad etishga botinolmadi va turklar qo’shini Ovrupo qit’asi tomonga xotirjam o’ti oldi. Murod G’oziy dastlab bulg’orlarni, keyin serblarni mag’lub etib, ularning yerini bosib oldi. 1366 yilda usmonlilar poytaxtni Bursadan Bolqon yarim orolidagi Andriapolga ko’chirib, shaharga Edirne deb nom qo’ydilar.
Kosovo shahrida shahid bo’lgan Murod o’rnini Boyazid egalladi (1389). U otasi halok bo’lgan kuniyoq taxtni egallash yo’lida o’z birodari shahzoda Yoqubni qatl ettirdi.
Boyazid jangchi bobolari shuhratini oshirish yo’lida tinib-tinchimadi. Ko’p o’tmay shiddatli hujumlar tufayli u zamondoshlari orasida Ovrupo-yu Osiyoning butun-butun mamlakatlarini yoqib yuborgan chaqin – “Yildirim” nomini oldi. 1396 yili u Mojariston qiroli Sigizmund boshliq butun Ovrupo o’lkalaridan
yig’ilgan salbchilar qo’shinini yakson etdi. Nikopol yaqinidagi bu jangda Ovruponing eng mashhur ritsarlari Boyazidning shiddatini to’sa olmadilar: asir olingan graf Navarskiy va yigirma tshrt ovrupolik shahzoda o’lja sifatida g’olibning orqasidan ergashishga majbur bo’ldilar. Butun Ovrupo davlatlari ikki yuz ming oltin miqdorida pul yig’ib, o’zining shahzodalarini qutqarib olishga erishdi.
Nikopol g’alabasidan so’ng Boyazid Vizantiya imperiyasining so’nggi parchasi – Konstantinopolni qamalga oldi. Amir Temurning usmonlilar davlatining sharqida paydo bo’lishigina Konstantinopolni halokatdan qutqarib qoldi. Boyazid talabi bilan Vizantiya imperatori Maniuil o’lpon to’lab turish hamda shahar bir turk mahallasi va masjid barpo etish, musulmonlar bilan rumliklar orasida o’rtaga chiqadigan mojarolarni islomiy huquq asosida ko’rib chiqish uchun bir qozi tayinlash shartlariga rozi bo’ldi. Bu voqealar Amir Temurning Shom yurishi paytida bo’lib o’tdi.
Boyazid kuchli va jasur raqib edi. Amir Temur Hindiston yurishidan qaytishdayoq, Boyazidning Ovrupo va Osiyoda quchgan shonli zafarlari haqida besh yillik yurish (1392-1397) paytida egallagan mulklari: Gurjistonu-Armaniston, Iroqu-Shom, Ozarbayjon va Bag’dod xalifaligiga egalik qilishga da’volik qilayotgani haqida eshitgan, xullas Boyazidga Rum hududi torlik qilayotganini anglagan edi. Ovrupo-yu Osiyoning katta qismiga hukmdorlik qilgan bu salohiyatli sarkarda bilan kuch sinash taqdirida bitilganini anglagan Amir Temur shoshilmay ish tutdi. Boyazid Vizantiya qamali bilan ovora bo’lgan bir paytda u Shom yurishini bamaylixotir amalga oshirdi. 1401-1402 yillar qishini Qorabog’da o’tkazarkan, qo’shinga dam berish bilan barobar bo’lajak yurishni ipidan-ignasigacha puxta o’yladi. Ikki  qudratli kuch: temir bilan yildirim bir-biri bilan to’qnashuvga hozirlanar ekan, dunyo tahlika ichida qolib, to’qnashuv qanday natija bilan tugashini kutar, ispan, farang va ovrupolik boshqa hukmdorlar allaqchonlar elchilarini hozirlab, bo’lajak g’olibni qutlashga shay turishar, voqealar qay holda yakun topishini bilmay talvasaga tushgan mayda hukmdorlar goh Boyazid tarafga, goh Temur tomonga qochib o’tishardi.
Ikki yil burun Temur bilan Boyazid o’rtasida boshlangan maktub yozio’malari avjida edi. Shom yurishida ekan, Temur yana bir maktub jo’natgan va Boyaziddan o’ziga itoat qilishni talab qilgan edi. Bunga javoban Boyazid “Kim-kimga tobe bo’lishini jang hal qilsin, men jangga tayyorman”, — ma’nosida javob berdi. Amir Temur esa yana maktub yo’llab, o’zaro ittifoq bo’lishsa kofirlarga qarshi Islom kuch-qudratini oshirajagini aytib, agar Boyazid o’g’illaridan birini o’z huzuriga omonat tarzida yuborsa, yo’llangan xil’atni qabul qilsa, Rumga yurish qilishdan qaytajagini bildirdi. Amir Temurning bu so’zlarini Boyazid keskin ravishda rad etdi.
Bu muzokaralar kechar ekan, Movarounnahrdan amirzoda Muhammad Sulton boshliq yangi qo’shin yetib keldi. Boyazid ham o’ziga tobe yurtlardan qo’shin to’plash bilan mashg’ul edi.
Qish o’tib, bahor kelishi bilan Qorabog’da o’tkazilgan qurultoyda Boyazid ustiga yurishga qaror qilindi. Xuddi o’sha kunlari Amir Temur Chin (Xitoy) imperatori – Fag’furi vafot qilgani va u yerda hokimiyat talashish boshlangani xabarini oldi. Chin ustiga yurish payti yetganini bilsa-da, ammo o’z manzilini tark etsa, yangi zabt etilgan mulklar Boyazid tomonidan bosib olinishini bilgani uchun u turk sultoni bilan jang qilishni ma’qul topdi. U Boyazidga navbatdagi maktubini yo’llab, undan quyidagi besh shartni qabul qilishini talab qildi:

1. Vassali bo’lmish Arzinjon amiri Tahartonga (Mutahartenga) tobe Kamax shahrini yana o’z egasiga qaytarish va Kamaxni bosib olgan paytida qo’lga olingan Taharton oilasini ozod qilish.
2. Shahzodalardan birini o’z huzuriga omonatga yuborish.
3. Tobelik belgisi bo’lgan kuloh bilan kamarni qabul qilish.
4. Onado’li beklaridan tortib olingan yerlarni (Oydin, Saruxon, Mantasha, Kermiyan, Teke, Hamid o’g’illari va Chandaro’g’illari beyliklari nazarda tutilgan) yana egalariga qaytarish.
5. Qoraquyunlilar raisi Qora Yusufni bandi qilib, o’ziga yuborish.

Amir Temur bu talabni qo’yar ekan, sulton Boyazid qo’l ostida birlashgan beklarni o’z tomoniga ag’darib olishni maqsad qilgan edi. Bu talablarini eshitgan beklar Boyaziddan sovishlarini u yaxshi fahmlardi. Amir Temur har bir harbiy tadbir taqdirini avval aqli bilan, shundan keyingina qilich bilan hal qilishni maqbul ko’rardi. Amir Temurning bu fazilati haqida usmonli turklarning XX asrdagi buyuk farzandi Mustafo Kamol Otaturk shunday degan edi: “Menimcha, jahonda o’tgan sarkardalarning eng ulug’i Temurdir. U hech qachon biror urushni ko’r-ko’rona, faqat harbiy omadga ishonib boshlamagan. U har bir harbiy yurishga jiddiy, puxta, aniq hisob-kitob asosida uzoq yillar davomida hozirlik ko’rardi. Masalan, u Anqara jangida qozongan g’alabasini Boyazid Yildirim bilan uning vassallari o’rtasiga ixtilof solish bilan oldindan ta’minlagan edi. U g’alabaga aqli bilan erishdi”.
Amir Temurning talablarini eshitgan Boyazidning g’azabi qo’zg’aldi, o’ylab ish tutishga maslahat bergan vaziri a’zam Ali poshshoga: “Hali sharafimiz ham, kuchli qo’shinimiz ham bor, shunday ekan, tobe bo’lib yashamasmiz! – dedi. So’ng u Amir Temurni nazar-pisand qilmasligini ko’rsatmoqchi bo’lgandek, Turon sultoniga armug’onlar jo’natdi. Ammo u jo’natgan tortiqlar soni turkiylarga xos tarzda to’qqizta emas, o’nta edi. Boyazid tortiqlar bilan barobar maktub ham jo’natgan, unda turk sultoni o’z ismini katta harflar bilanbitgan holda, Temurning ismini kichik harflar bilan yozdirgan edi. Bir-birini haqorat qilishdan so’ng har ikki tomon harakatga keldi. Har ikki hukmdor bir-birlarining munosib raqib ekanliklarini yaxshi anglashar, ammo hech qaysisi past kelishni istamasdi.
Amir Temur nabirasi amirzoda Muhammad Sulton boshliq yangi qo’shinni Kamax ustiga yubordi. Taxt valiahdi o’n ikki kun ichida shaharni egallab, bobosini quvontirdi. Shundan keyin Amir Temur Sivasga kelib to’xtadi. Shu yerda turib xufiyalarni ishga soldi – usmonlilar davlati hududida va Boyazid qo’shini ichida yuzaga chiqqan vaziyat, har bir harakat haqida batafsil ma’lumotlarni to’pladi. Yildirim esa qo’shinlarini jamlab, Temurga qarab harakat boshladi.

Hikoyamizni shu yerda to’xtatib, Ulug’bek mirzoga qaytaylik. Sakkiz yoshga to’lgan amirzoda ug’ruqda, bibisi Saroymulkxonim bilan ustozi Hamza tarbiyasida edi.
Murg’akligi sababli hali jangu-jadalda qatnashish huquqini olmagan nabira jahongir bobosiga qancha yalinmasin, ug’ruqda qoldirilgan edi. Zamonlar o’tib, ko’p qissago’y roviylar Ulug’bek mirzoni ham rumliklar bilan jangda qatnashgan qilib, cho’pchaknamo qissalar bitadilar. Bu qissalar cho’pchaknamo bo’lsada, ularda Rum yurishi haqida qiziq ma’lumotlar uchraydi. Mana shunday qissalardan birini sizga hikoya qilaman:
“…Amir (Temur) elatdin noma yubormoqqa elchi talab qildilar. Nomani Inoq vazirga berib, kengash qildilar, beklar Mironshohni talab qildilar. Amirdin javob bo’lmadi. Andin so’ng Shohruh mirzoni talab qildilar. Amir “Bu doim jang talab”, — dedilar. So’ngra Umarshayxni arz qildilar. Amir aytdi: “Munga kitob o’qimoqdin o’zga ish bo’lmas”. So’ngra Sulton Muhammad to’rani aytdilar. Amir (Temur): “Bu sharobni yaxshi ko’rar”, — dedilar. Barchalari aydilar: “Bu xizmatni uhdasidin Mirzo Ulug’bekdin o’zga kishi chiqolmas, choraki kichik bo’lsa ham, ulkansifatdur, fitratlik, har ishga yetuk, ko’b tuyg’undur, bu har ishga loyiq, barcha nimarsaga bob”, — dedilar. Anda Mirzo Ulug’bek Mag’rib viloyatiga hokim erdi, anga tezlik birla kelsun, deb xat yozib yubordilar. Andin so’ng Amir Sohibqiron Misr uzra hokim qo’yub, Olabog’ sarig’a keldi. Shohruh to’ra otasin mulozamatida bo’ldi, amir andin ko’b xursand bo’ldilar. Bu so’z munda tursin, emdi ikki kalima so’zni Qaysardin (ya’ni sulton Boyaziddan) eshitmak kerak.
Qaysar to o’g’li borguncha bo’lmay, bir yuz yetmish kishini boshliq qilib, alarga vaziri a’zam Temurtoshni (aslida Temurtosh beklarbegi bo’lgan) amiri askar qilib yubordilar. To’rt son kishi dengiz kabi oshib-toshib yigirma kunda Olatog’ bag’riga yettilar. Bu g’avg’olarni dangqini (dong’ini) Misr ahli eshittilar, filhol Misr hokimidin Amirg’a xabar keldi. Amir Sohibqiron taxti saltanat uzra beklarga ko’rinushda edilar.
…Amir Sohibqiron anda aydilar: “Kimdur Temurtoshga qo’shun bila borib, muqobil bo’lg’ay?” Anda beklardin yetti kishi o’rnidin turub, Amirdin fotiha talab qildilar. Avval Suyurg’amishbekkim, Chingizxon nasli erdi, ikkinchi Hind Xoja qushbegi, uchunchi mirzo Sa’diddin Vaqqos, to’rtunchi mirzo Muhiddin, beshinchi mirzo Injil, oltinchi Oltmishbek, yettinchi amir Bayon Sulduz. Anda Amir Sohibqiron aydilar: “Ilg’or boshi Suyurg’amish bo’lsun, agar bu halok bo’lsa, Mirzo Sa’id Vaqqos bo’lsun, bu halok bo’lsa, mirzo Muhiddin, bu halok bo’lsa, Mirzo Injil, bu halok bo’lsa Oltmish bahodur, bu halok bo’lsa, Bayon Sulduz bo’lsun, bu halok bo’lsa, Hind Xoja ilg’or boshi bo’lsun!”
…Temurtosh angladikim, mo’g’ul beklaridin yetti kishi ko’b-ko’b askar olib kelurmish, deb. Birdan karnay-surnay tabali jang qoqtilar. Temurtosh askari andog’ ko’b erdikim, yetti yuz tug’ bayroqlari bor edi. Bu tarafdin changu-to’zon ko’runub, Amir Sohibqirondin yetti askar borib, saf tuzattilar. Naqora, barobanlarni ikki askar joylarig’a tortib borib, jangga muqayyid bo’ldilar. Suyurg’amishbek Amir Sohibqironni so’zig’a amal qilib, biri o’lsa, birini o’rnig’a o’lturmoq bo’lub, ul kun bayroqlarini ko’tardilar.
Ammo ul tarafda to’rt ming to’fanchi Temurtosh jilovinda erdilar. Birdan yuz yetmish karnay, baraban choldilar. Filhol, ikkala qo’shun aralash bo’lub, andoq qirg’in bo’ldikim, bu hangomalarni Amir (Temur) lashkarlari ko’rub, o’zga o’rungg’a qocha boshladi. Qazo meshkoblari suv o’rnig’a qizil qon socha boshladi. Birov bolta, birov qo’linda nayza, birov qo’linda qilichi birovni qorni yorilg’on, birovi qizil qonga qorilg’on, birovni suyagi singan, birovni oyog’i singan, birovni bag’ri teshilgan, birovni ko’zi teshilgan, birov jon bermoqda, birov qon to’kmoqda, birov ot chopar g’irillab, birovi otdan yiqilur dirillab, birov qilich siltar shirillab, birov aylanur girillab, birov qochqay firillab, birov yiqilar cholqayib, birov ag’anar qolqayib, birov qolar sholpayib, birov yotar yalpayib, birov yurur oti o’ynab, birov yotur tilin chaynab, birovni yuragi qaynab, birovni ko’ngli aynab. (O’zbak birla Rum qoni dengizdek toshib, g’avg’o hadiddan oshib, bir kecha-kunduz urush bo’lub, Suyurg’amishbek maydonda yolg’iz qolibdur. Rumiylar kelib, bekni qo’lin qalam qildilar. Andin so’ng bayroqni bu qo’lig’a oldi. Yana bu qo’lin ham qalam qildilar. Bayroq yerga tushti. Barcha bildilar. Bekbacha o’ldilar, deb maydondin boshin olib kettilar. Aning so’ng mirzo Muhiddin keldi, ul ham shahodatg’a yetti. Yana Bayon Sulduz keldi, ul ham halok bo’lub, o’rnig’a Injil keldi. Ul o’lub, o’rnig’a Oltmish bahodur keldi. Aning o’rnig’a Xo’ja qushbegi keldi. Ul kun ikki tarafdin bahodur yigitlar halok bo’ldilar…
…Mo’g’ul beklarini boshini rumiylar nayzalarga sanchib oldi. Anda Hind xoja qushbegidan o’zga kishi qolmab erdi. Ammo Sohibqironning bir necha qul va g’ulomlari kelib, aning atrofida bo’ldilar. Alarni ba’zisi “Qochaylik!” dedilar. Qushbegi aydi: “Qarindoshlar, barchasi o’lubdur, bizlarni qochmog’larimiz yaxshi emas. Amir Sohibqirong’a nima javob berarmiz?!”
Alqissa, rumiylar birdan “Allohu akbar!” deb ot qo’ydilao. O’zbeklarga xatar, rumiylarga zafar bo’lub, o’zbaklardin bir nechalari o’lub, ko’blari qochib, maydonda qushbegi yolg’iz o’zi qoldi. Muni ko’rub, Temurtosh mulozimlariga: “Bu bahodurni tirik tutub kelturunglar, andin so’z so’raylik”, — dedi. Ani rumiylar tutib olmoqg’a harakat qilib erdilar, yolg’iz maydonda javlon ko’rguzub, ko’b-ko’b rumiylarni halokat rutbasiga soldi, ala hazalqiyos, urush tamomi o’n bir kun bo’ldi. Oxirgi kuni otini miltiq bila urub yiqittilar, yayovlig’ holida necha-necha kishilarni vujud shahristonidin adam cho’listonig’a yubordi. Oxir bo’lmadi. Bog’lab olib, vaziri a’zam Temurtosh qoshig’a kelturdilar. Vazir aydi: “Sen qandog’ kishisan?” Qushbegi aydi: “Sohibqironim quli bo’lurman”. Yana vazir aydi: “Nechuk muncha o’zungni halokatg’a solursan?” Qushbegi aydi: “Amir Sohibqiron xizmatida tiriklikdin o’lmakni afzal bilurmiz”. Vazir aydi: “Amir Temurni sendan o’zga xizmatchilari bormi?” Hind Xoja aydi: “Qullarin ichida yaramas, aqli pasti mendurman…”. Vaziri a’zam hayrat barmoqin tishlab aydi: “Bu af’ol sizlarda bor, albatta, Rum xalqi sizlarg’a tobe bo’lsa kerak”. Qushbegi aydi: “Tez bo’lg’il, mani ham o’ldurgil, qardoshlar firoqida yurak bag’rim kabob bo’lubdur”. Vazir harchand nasihatlar qildiki, “Senga shohona xil’atlar berib, Amir Temur oldig’a yuborayin”, — dedi, qabul qilmadi. Aydi: “Ey vaziri akbar, meni qo’yub yuborsang, bir kunda bilg’il, men seni halok qilurman”. Anda Temurtosh noiloj Hind Xojani qatlga buyurdi. Andin so’ng Rum sipohlari Suvos mavze’ini yoqasiga bordilar.
Emdi ikki kalima so’zni Amir Sohibqirondin eshitmak kerakki, Olabog’ bag’rida erdilar. Qancha kishi o’zbaklar qochib, Amir Sohibqiron qo’shunlari ichra kirib qo’shuldi. Ko’rgan-kechirganlarin Amir Sohibqironga bayon qildilar. Anda o’zbak beklarin barchasi hozir erdi. Amir aydilar: “Inshoolloh taolo, tongla Temurtosh qoshig’a askar yuborurman. Sipohlarim ichra yaxshisi bordur, aning e’tiqodi ham barchadin yaxshidur. Man ham ani barchadin yaxshi ko’rarman, albatta Temurtoshga zafar tobsa kerak”, — deb harag’a doxil bo’ldilar. Ul kuni kechqurun jam’i to’ralar kelib, Inoq vazirga har qaysilari aydilar: “Temurtosh qoshig’a menga ruxsat bo’lsa, borsam”, — deb. Inoqtoz ul mard jonbozlarga aydi: “Men bilmadim. Amir Sohibqiron o’z ko’nglig’a kelg’on ishini qilg’ay, tongla kimg’a fotiha bersa, o’zi  bilgay”, — dedi.
Ertasi chodir va xaymalarni tikib, ko’rinush xonani tartib berdilar. Anda Amir (Temur) taxt uzra chiqib o’lturub, un kung’acha xosu om salomg’a keldilar. Beklar sallalarini bo’ynilarig’a solub, Amirdin fotiha talab qildilar. Amir sukutda bo’lub, qo’l ko’tarmadilar. Noiloj, sallalarin o’rab qaytdilar. Andin so’ng  to’ralar bir-bir kelib, fotiha talab qilib turdilar. Alar Shohruh to’ra, Mironshoh, nabiralardin ham bor erdi. Amir indamadilar, noiloj alar ham sallalarini o’rab, o’z o’rinlarida qaror oldilar. Soatidin so’ng, Amir boshlarin ko’tarib, Shohruh to’raga qaradilar. To’ra, bul xizmat menga bo’ldi, deb o’rnidin   turib ta’zim qildi. Andin so’rdilar: “Mirzo Ulug’bek to’ra qaydadur?” Shohruh to’ra aydi: “Tumovdur”. “Kelsun!” deb buyurdilar. Soatidin so’ng kelib, salom qilib, qo’lin alif-lom qilib, ta’zim bilan turdi. Amir aydilar: “ey Ulug’bek bolam, Temurtosh boshig’a bormoqg’a quvvating yetarmu?” Ulug’bek to’ra aydi: “Amri humoyuning’iz bo’lsa, sipohlarimni nazaringizdan o’tkazsam-o’tkursam”.
Sohibqiron buyurdilar: “Keltur!” – deb. Andin keyin Amir qoshlaridin tartib birla ko’b-ko’b jamo’a ko’ruk ko’rsatmoq uchun jam’ bo’ldi. Ammo (Ulug’bek) o’zin ahli hukumatlarikim, umaro va vuzaro ila kengash qilib, hukamolari ish ko’rsatib, askaridin to’rt son kishini ajratib, har son o’n ming kishidin bo’lur, andin so’ng qirq ming karnay, nog’ora, baraban kelturdilar. Sayyodlarga buyurdikim, to’rt son abobil kelturinglar, deb. Ani turk tilida “Yovvoyi qaldirg’och” derlar. Sayyodlar aydilar: “Qaldirg’ochni nima qilursiz?” Ul aydi: “Kerakdur!” Andak fursatda topib kelturdilar. Anga yarasha sanduqlar tartib berib, suv bila taomni qorlug’ochlarga muhayyo qilib qo’ydururlar.
Amir Sohibqiron: “Ey Ulug’bek bolam, askaring ichra bahodurlarni manga ko’rsatgil”, — dedi. Anda Ulug’bek askarlarga: “Sohibqiron nazaridan o’tunglar!” – dedi.
Andin so’ng to’rt son kishi sipohgarlikga orasta va kirosta bo’lub o’ttilar. Aksarini og’izlari katta va ko’zlari kichik va ba’zisi o’rta bo’yluk va ba’zisi uzun bo’yluk, qizil yuzluk va ba’zilari uzun soqol, ba’zilari ko’sa, quloqlari katta, to’g’riso’z edilar. Barcha bahodurlarni ikki ko’zi otlarni yolida erdi. Bular ichra har toifadin bor erdi. Oldidagi hirovullari o’zbaklardin erdi. Yana alar Sayidi Qurayshiykim, to’rt yori nozanin, ya’ni choryorlar avlodlaridin ham bor erdi.
Andin so’ng to’rt ming hofizi xushilhomlarni kelturdilar. Urush kunida g’azal o’qimoqg’a tayyor erdilar… Alarning ovozig’a askarlar mastu-mustag’riq bo’lub, o’zlarin jangga urar erdilar. Yana to’rt ming kishini qo’lida beli bilan kelturdilar. Ul kun barchasin jam’ qilib turfa shavkat va hashamat birla otlandilar.
Amir ham birga chiqib, vido’lashib, “Seni yaratqanga toshurdim”, — deb qaytdilar. Bir necha kundan so’ng Rum sipohlariga yettilar, andin keyin bir kishini josus qilib, alarg’a yuborib, xabar oldilar. Ammo kechasi birla qancha asqarg’a oq kiyumlarni kiyguzib, boshlarida oq salla, peshlarin uzun qo’yub, alarni Temurtosh qoshig’a ilgari yubordilar. Anda to’rt ming kishi kelib handayq qazdilar. Ul vaqt Temurtosh askarlari qo’shunlari yov kelganidin xabarlari yo’q, atrofg’a tarqalg’on erdilar. Ul kecha birdan karnaychilar, nog’orachilar navozishga kelturdilar. Rum sipog’lari shoshib qolib, birin biri o’ltura boshladilar. Oq kiyumli kishilar alarga dedi: “Ey Rum sipohlari, ogoh va dono bo’lunglar, bizlar rijol ul g’oyibdurmiz. Amir Temur madadig’a kelib erduk”. Vazir bu so’zga taajjubda erdi. Quyosh amiri ko’k maydonida jilva ko’rguzdi. Vazir yovni ko’rsakim, to’rt songa yaqin kelur, atrofida handaq paydo bo’lubdir. “Bir kechada nechuk paydo bo’lubdir?” – deb barcha hayratda erdi. Anda to’rt ming hofiz takbiri tashriq aytdilar. Alar taajjub barmog’in tishlab, biri kelib so’rdi: “Sizlar qandog’ kishidursizlar?”. Bular aydi: “Rijol ul g’oyibdurmiz!” Vazir aydi: “Bizlardin nima ish sodir bo’ldi, rijol ul g’oyib o’zbak madadig’a kelur?!” Bular aydi: “Siz xalqi zolim bo’lursiz, aning uchun biz o’zbaklar madadig’a kelduk”. Vazir buyurdikim, o’q otinglar, deb. Rum sipohlari birdan hamlaga turdilar. Ulug’bek ham karnay chaldirib, urushmakg’a muqayyad bo’ldilar. Yana hofizlar marsiya o’qimakka boshladilar. Alarni tunuka uyi kirpitikonga o’xshash tikon erdi, uch kecha-kunduz jang bo’ldi, to’rtinchi kuni xo’b tang bo’ldilar. Rum askari xalqa kabi atrofini olg’on erdi. Filhol, noma yozdirib, bir bahodur kishini topib, ko’b va’da qildi: “Agar tirik kelsang, avlodingni dunyodin mamnun qilurman” – deb nomani berib yubordi. Ul kishi elchi bo’lub, xandakdin o’tub, nomani Temurtosh vazirga kelturub berdi. Vazir ochib ko’rsa, debturkim: “Ey vazir, ogoh bo’lgil, bizlar rijol ul g’oyibdurmiz. Amir Temur yordamiga kelgandurmiz, anga bay’at qilmasang, tongla boshingda ko’rarsan, abobil  askarin yuborurmiz, go’yo as’hob ul fil qissasin eshitgandursan”. Vazir kulub, elchini “To’g’ri so’zla, rostingni aytg’il!” deb qiynamoqqa boshladi. Elchi aslo gapirmadi, oxir qiynay-qiynay o’ldurdilar.
Ul kecha Ulug’bek sipohlari zikri jahriyani boshladilar. Alarni qilg’on zikriga yeru-ko’k zilzilaga keldi. Bu so’zni Rumni xalqig’a danqi (dong’i) ketib, ko’ngillariga vahmi qo’rqunchi tushub erdi. Kech bo’lub, yulduz qarlug’ochlari ko’k sahfasida tayron qilib, Rum qunduzin yuz ming nayrang birla munhasim (qisqa) qildilar. Ul kecha ming-ming mash’alalar yoqildi, to’rt tarafdin bayroqlarni jilvaga kelturub, takbir aytib, hofizlar marsiya o’qub, rumiylarga qarshi bora boshladi. Ulug’bek qarlug’och muvakkillariga aytib erdi: “Jang qizig’on paytida vaqtida qarlug’ochlarni maydon ichra qo’yub yuborgil”. Birdan kechi birla jangg’a muqayyad bo’ldilar, soatidan so’ng, kecha kunduzga mubodala (almashgan) bo’ldi. Temurtosh askari birla Ulug’bek askarin mobayni qirq qadam qolib erdi, vazir ko’rdikim, rijol ul g’oyib da’vo qilganlar barchasi jangga muqayyid bo’lubdurlar. Anda turub, Temurtosh sipohlarin chaqirib, aydi: “Ey qavm, qo’rqmanglar, bular barchasi yolg’onchidurlar”. Bu so’zdin so’ng, birdan ikki tarafdin ot qo’yub, jang-talotum bo’lub, g’avg’o qo’zg’alib yaroq va aslahalardin o’tlar chaqildi, go’yo jang olovi yoqilib turgan holatda muvakkillar sanduqlarni ochib, qarlug’ochlarni qo’yub yubordilar. Rum xalqi ko’rdilarki, askari abobil osmon yuzin va quyosh ko’zin chigurtka kabi olibdur. Ammo ul zamon qish fasli erdi. Ani ko’rmaganlariga ko’rsatib, barchalari qocha boshladilar. Ulug’bek sipohlari alar qonin socha boshladilar. Muni ko’rub vaziri a’zam toqat qilolmay, bul ham qochib, oti balchiqg’a botib qoldi. Ulug’bek sipohlari ani tutib, asir qildilar. Odamlar qo’rqub, Sivos shahri ichra borib bir nechalari uylari ichra kirib yoshurindilar. Ulug’bek sipohlari birla alar orqasidan quvlab, shahr ichra kirib, ko’b-ko’b odamlarni o’ldurub, o’rdaga yaqin bordilar. Ul kun rumiylarni aqli shoshib, bir-biridin adashib, g’avg’o g’addidin oshdi…
…Ul kun Ulug’bek o’rdaga kirib, taxt uzra qaror oldi. Barcha bildikim, bular boshlig’i Ulug’bek ekan, qoshig’a Temurtosh vazirni bog’lab kelturdilar. Filhol, vazirni boyluqlarin yeshib, ko’b izzat va hurmatlar qilib, fathnoma yozdurub, anga vazirni yo’ldosh qilib, Olabog’ sarig’a, Sohibqiron xizmatlarig’a yubordi. Vazir kelgandan so’ng, Amir Temur aydilar: “Ey Temurtosh, bilmadimkim, Qaysar ko’nglig’a nima ishlarni yo’l berur, ammo mening askarlarimni ko’rmabdur”, — deb. Amir buyurdilar, taxtni tog’ni ustiga olib chiqdilar. Mulozimlar chodir-chanbatlarni tikib, farroshlar yerlarni supurib, orasta va pirosta qildilar. Sohibqiron vazir birla ul yerga chiqib, atrofg’a xabar yubordilar. Eron, Turon, Turkiston, Hindiston, o’zbak, qipchoq, qirg’iz, qozoq, rus , qalmoq barchasiga xabar yetkurub, necha kecha va necha kunduz barchalari Sohibqiron xizmatlariga yetib kelaberdilar…”
Tarixiy haqiqatdan ko’ra, ko’proq afsonaga moyil bu qissada bari bir haqiqat mavjud. Bu buyuk jahongirning nabirasiga bo’lgan alohida bir mehru-muhabbati borligini tasdiqlagan haqiqatdir. Qissadagi Sohibqiron so’zlarini eslang. U nabirasi Ulug’bek mirzoni nazarda tutib: “Men ani barchadin yaxshi ko’rarman”, — deydi. Xalqimiz orasida Amir Temur bilan Mirzo Ulug’bek haqida to’qilgan ko’p rivoyatlar mavjud, ularning deyarli hammasida bobo bilan nabira o’rtasida mavjud bo’lgan mehru-oqibat alohida tilga olinadi. Qissamiz davomida biz bu rivoyatlarni hali ko’p marotaba sizga hikoya qilamiz.

Oldingi lavhalarda biz Amir Temur bilan Sulton Boyazid o’rtada bo’ladigan urush muqarrarligini anglab, bir-birlariga qarab yo’lga chiqqanlarini ma’lum qilgan edik. Amir Temur Sivasda ekan, turk sultoni vaziri bilan o’g’illarining shiddat bilan yo’l bosib, Sivasni qamal qilish haqidagi takliflarini rad qildi.
Usmonlilar qo’shini asosini piyoda askarlar tashkil qilsa, Amir Temur qo’shinida otliq qismlar ko’proq edi. Shu sababdan ham Boyazid raqibi bilan otliqlar harakat qilishi qiyin bo’lgan joyda jang qilishni ma’qul deb bilardi. Shu sababdan u Sivas bilan Tokat shaharlari oralig’idagi tog’li bir manzilda o’rnashib, Sivasdan qo’shin tortib chiqqan Amir Temurni kuta boshladi. Ammo Sohibqiron turk sultonining maqsadini allaqachon fahmlagan, shu sababdan u qo’shinni keskin orqaga qaytarib, Qaysariya tomonga yo’naldi.
Boyazid ham qo’shinini qo’zg’atib, raqibi bilan ortidan soya kabi ergashdi. Kutilmaganda Amir Temur usmonlilar yo’lini to’sish uchun burildi, ammo Boyazid ham uning harakatini takrorlab, orqaga chekindi. Movarounnahr qo’shini yurishni davom ettirib, Kirshaharga yetdi. Bu shahar orqali to’xtamay o’tgan Amir Temur qo’mondonlariga Boyazid qo’shinini ta’qib qilib, Anqara tomonga ildam boraverishni buyurdi. Anqaraga oldinroq yetib borgan Temur qal’ani qamalga oldi.
Qal’a hokimi Yaqubbey mudofaa ishlariga boshchilik qilardi. Sohibqiron qal’ani turklar qo’shini yetib kelgunga qadar qo’lga kiritmoq maqsadida xujumni kuchaytirdi. Shu bilan barobar raqibi kelishi kutilgan shimoli-sharq tomonga xabargir qo’shinlarni jo’natdi. Ammo Yildirim Boyazid mutlaq kutilmagan tomondan  – qal’ani aylanib o’tib, janubi-g’arbda, Kalajik va Rovli tomonda paydo bo’ldi. Turk qo’shini Chubukovadagi Malikshoh qishlog’i yaqinida o’rnashdi.
Voqealar rivojidan tashvishga tushgan Amir Temur askarlariga Anqara qal’asidan uzoqlashishni buyurdi. Kechasi bilan Movarounnahr qo’shini yangi manzilga ko’chdi. Uning bu harakatlaridan xabar topgan sulton Boyazid o’g’illari va qo’monlari qulay fursatdan foydalanib, Temur qo’shiniga hujum qilishni taklif qila   boshladilar, ammo turk sultoni ularga quloq solmadi.
Ammo Temur hushyor edi. U kechani bekor o’tkazmadi. Uning navkarlari tongga qadar har xil harbiy ehtiyotkorliklarni amalga oshirib qo’yishdi: yangi manzilning har to’rtala tomoni juda qattiq kuzatuv ostiga olingan, harbiy muhandislar bo’lajak jangga hozirlik ko’rishar, tun qorong’isidan foydalanib,  o’nqir-cho’nqirlarni tekislab, istehkomlar tikladilar. Chubuk daryosidan oqib chiqqan irmoqlar ustidan hatto fillar ham bemalol o’ta oladigan mustahkam ko’priklar tikladilar.
Ammo kecha yorishib, tong otsa-da, ertasi kuni ham jang bo’lmadi. Amir Temur bo’lajak jangga puxta tayyorgarlik bilan muntazam band ekan, butun tadbirlarni amalga oshirishni tajribali amirlariga topshirgan, o’zi bo’lsa zohiran xotirjam holda to’rt burjida tug’lar xilpiragan chodirda o’tirib, allomalar bilan suhbat qurdi. Boyazid ham raqibini mensimayotganini ochiq ko’rsatib qo’ymoqchi bo’lgandek, Amir Temur ko’z o’ngida katta shikor boshladi. Uning bu ishini ko’rib, Amir Temur bo’lajak jangda albatta g’alaba qilajagiga imon keltirdi.
Anqara jangi nomi bilan tarixga kirgan to’qnashuv hijriy 804 yil zulhijja oyining 27 kuni – melodiy 1402 yilning 28 iyulida boshlandi. Jangda har ikki tarafdan 250 mingga yaqin navkar qatnashdi.
Yildirim Boyazid jang oldidan o’z qo’mondonlari oldida otashin nutq so’zladi va beklaridan fidokorona jang qilishni talab qildi. Amir Temur bo’lsa, qo’shinlari safga tizilgandan so’ng dargohida xizmat qilgan o’z zamonasining ulug’ shatranjchisi Alouddin at-Tabriziy bilan shu qadar xotirjam qiyofada katta  shatranj o’ynashga kirishdiki, go’yo uning oldida har kungi odatiy voqea sodir bo’layotgandek edi.
Jang maydoni Anqara qal’asiga yaqin yerda – sharqda Chubuk daryosi vohasi, g’arbda Qushchu va Mira tog’lari, Ova daryosi, Kishlachin darasi, janubda Jankurtaran, shimolda Karajaviran, Qushchu tog’lari orasidagi hudud bo’lib, asosiy jang Chubuk daryosidan g’arbga qarab bir farsahga cho’zilgan Qizilchako’y darasi o’rtasida kechdi.
Usmonlilar qo’shini quyidagi tartibda o’rnashdi: Malikshoh qishlog’i shimolidagi tepalikda o’rnashgan markazda Sulton Boyazid, vaziri a’zam Chandarlizoda Ali poshsho, shahzodalar Mustafo, Musa va Isa Chalabiylar, ular oldida yanicharlaru azoblar tizildilar. O’ng qanotda sultonning vassallari – Onado’li beklari qo’shini, qora tatarlar, oqchular, shuningdek, Serb va arnavut (alban) askarlari joylashdilar. So’l qanotda esa shahzoda Sulaymon Chalabiy qo’mondonligidagi Oydin, Saruxon, Karasi Rumeli qismlari.
Amir Temur qo’shini quyidagi tartibda tizildi: o’ng qanotda Mironshoh mirzo bilan amirzoda Muhammad Sulton boshliq amirlar, so’l tomonda Shohruh mirzo bilan Xalil Sulton mirzo boshliq amirlar o’rnashdilar. Qo’shin markazida esa Amir Temurning o’zi turardi.
Jang usmonlilar hujumi bilan boshlandi. Turklarning otliq qismlari Amir Temur qo’shinining o’ng qanotiga hujum qildilar va uning orqa tomoniga o’tib olib, asosiy kuchlarni ehtiyotdagi qismlardan ayirmoqchi bo’ldilar.
Lekin bu hujumni Amir Temur suvoriylari muvaffaqiyat bilan qaytardilar, boz ustiga to’xtamay qarshi hujumga o’tib, turklarni o’rovga ola boshladilar.
Usmonlilarning so’l qanotiga qarshi jang qilgan movarounnahrliklar ham mashaqqat bilan olg’a siljirdilar. Faqat so’l qanot ortidagi qora tatarlar va ayrim Onado’li beklari Temur tarafga o’tib ketgach, ularning olg’a yurishi osonlashdi. Boz ustiga Shohruh mirzo bilan Xalil Sulton mirzo ota-bobolaridan qolgan harbiy hiylani mohirona qo’lladilar: serblar va arnavutlar, sovut kiygan ovrupolik otliq askarlar yolg’ondakam qochgan movarounnahrlik amirlar ketidan quvib, qurshovga tushib qoldilar. Serblar qanchalik qattiq urishmasinlar, bu yerdagi jang faqat xoinliklar tufayligina emas, balki temuriylar harbiy salohiyatining ustunligi sababidan Turon navkarlari g’alabasiga yuz tutdi.
Jang boshidayoq har ikki markaz bir-biri bilan mardona so’qishdilar. Yanicharlarning mardona jang qilishlari tufayli usmonlilarning ahvoli yaxshilangandek edi. Ammo o’ng va so’l qanotlarining qurshovga olinishi sababli markazdagi turk qo’shinlarining ikkala tomoni ham ochilib qoldi. Shatranj o’yini bilan band Amir Temur jangni ziyrak kuzatar va yuzaga kelgan holat uning nigohidan qochmadi. U Hindiston yurishidan so’ng olib kelingan 32 filni markazdagi turklar ustiga tashladi. Bu tadbir markazdagi jang taqdirini uzil-kesil Amir Temur foydasiga hal qildi.
Vaziyat jiddiy og’irlashganini ko’rgan arkoni davlat sulton Yildirim Boyazidga chekinmoqni tavsiya qilsalar-da, sulton ko’nmadi. U qariyb yigirma yil davomida G’arbu Sharqni vahimaga solgan qo’shini bebosh olomonga aylanib, bir qismi dengiz tarafga, bir qismi toqqa qarab qochayotganini ko’rib tursa-da, hamon past tushgisi kelmas, mag’lubiyat nimaligini bilmagan nafsoniyati hamon baland edi. U yildirim temirga urilib, parchalanganini sira tan olgisi kelmasdi.
Uni gapga ko’ndirolmagandan keyin tahlika ichida qolgan vaziri a’zam Ali poshsho boshliq bir guruh qo’mondonlar saltanat kelajagini qutqarish maqsadida to’ng’ich shahzoda Sulaymon Chalabiyni olib qochishga tushdilar. Boshqa bir beklar shahzoda Mehmed boshchiligidagi mingga yaqin askar bilan Amosiya tomonga ot qo’ydilar. So’nggi daqiqagacha mardona jang qilgan sulton Boyazidning suyukli xotini Mariya Oliveraning inisi bo’lsish Serb despoti Stefan Lazarevich boshliq ovrupolik muhofizlar ham jang maydonini tark etib, g’arb tomonga yo’naldilar.
Jangchilari, vazirlari, beklari va hatto farzandlari tomonidan tashlab ketilgan Boyazid o’zining ulkan qo’shinidan janggohdagi quruq izlargina qolganini ko’rib tursa-da, taslim bo’lishni istamay yaralangan sherdek quturib, jang qilardi. U yoniga kelib chekinishga maslahat bergan amir Minnatbeyga alamli va qahrli nigohini tikar ekan: “Sharaf bilan o’lishdan ortiq baxt bormi?!” – dedi. Sulton Boyazid yonida ikki-uch mingga yaqin piyoda va otliq askar qolgan edi. Ular Amir Temur navkarlari qurshovida qolgan, Sultonning o’zi ham qo’lida oybolta ushlab mardona jang qilardi. Nihoyat, u mag’lub bo’lganini ichida tan oldi va qochish uchun imkon izlay boshladi. Sulton bir hovuch navkarlar bilan atrofidagi halqaning goh u yog’iga, goh bu yog’iga shiddat bilan tashlanib, qurshovni yorib o’tishga urinardi.
Temur navkarlari ular ustiga o’qlarni do’lday yog’dirishar, sulton yonidagi asrkarlarning miqdori lahza sayin kamayib borardi. Qo’rquvni unutgancha, aftlari bujmaygan Rum jangchilari mardona turib qilich chopishar, o’z hukmdorlari uchun yo’l ochishga urinishar va shu maqsadda mardona o’lim topishardi.
To’rt tomondan tinimsiz yog’ilayotgan o’qlardan Sulton Boyazidning biror yeriga shikast yetmagan bo’lsa-da, u otini ikki marta almashtirdi. Uchinchi ot ham yaralangach, u piyoda turib jang qila boshladi. Umidsiz Sulton hademay o’lim topishini, Amir Temurdan o’ch olish orzusiga erisholmasligini o’ylab turgan choqda, uning yonidan egar-jabduqlari ajoyib, ustiga alvon yoping’ich tashlangan bir oq ot chopib o’tdi. Qo’rquvdan dovdirab qolgan ot quloqlarini ding qilib, ko’zlarini olaytirib, o’zini har tomonga tashlar, murdalarga qoqilar, ular ustidan sakrab o’tar, orqaga tisarilar va bezovta kishnar edi.
Sulton Boyazid otni tanidi: — u shahzoda Isoniki edi. Sulton kendam shahid bo’libdi, degan o’ydan ihrab yubordi. So’ng yugurib borib otning jilovidan oldi va sakrab otga mindi. O’sha zahot jonivor jilovdorning izmiga to’la bo’ysundi. Sulton atrofiga nazar tashladi. Uning navkarlari endi qutilishdan umid qilmay jang qilardilar, g’alaba orzusi endi ularga begona, ularga faqat bir chora qolgan edi: endi ular dunyodan umidini uzgan odamlar singari faqat o’t olishni o’ylardilar va quturib qilich serpardilar.
Sulton Boyazid otini dushman ustiga shiddat bilan boshladi. Jon achchig’ida oldinga tashlangan ot kutilmaganda halqani yorib o’tib ketdi. Sulton otni ayamay qamchilar ekan, ortidan quvib kelayotganlarning hayqiriqlarini eshitdi. Ammo Boyazidning ko’nglida yana umid uyg’ongan edi. Ammo umid ham uni qora o’ylarini yoritolmadi. “Eh Allohi karim, qani adolat?! Bu qanday sinoating bo’ldi?” – deb o’ylardu u.
Ot shidlat bilan uchib borar, ortdagi tovushlar tobora uzoqlashayotgandek edi. Kutilmaganda Sulton Boyazid ot ustidan yerga uchib tushganini bilmay qoldi.
Oldingi oyoqlari chuqurlikka tushgan ot gursillab yerga ag’anagan edi. Dam o’tmay hali es-hushini yig’olmagan turk sultonini bir guruh otliqlar o’rab oldilar. Ular ichidan shohona libos kiygan mallarang bir suvoriy otidan sakrab tushdi-da, sultonni asir oldi. Bu suvoriy Amir Temur taxtga o’tkazgan mo’g’ul xoni Sulton Mahmudxon edi. Sulton xon irodasiga itoat qilib, uning yetovida yo’lga tushdi. Dam o’tmay ular Amir Temur qarorgohiga yetdilar.
Amir Temur hamon Alouddin at-Tabriziy bilan shatranj o’ynab o’tirardi. Jang boshlangandan keyingi o’tgan vaqt ichida uning xotirjam qiyofasi o’zgarib ketgan, uning tez-tez janggoh tomonga tikilgan ko’zlari endi og’ir o’y-hayollarga cho’mgan edi. U Boyazidni asir qilib keltirganlarini eshitishi bilan shoshib o’rnidan turdi-da, sultonga peshvoz yurdi. Bora solib boshini eggan kuyi turgan Boyazidni quchoqlab ko’rishdi. Bundan hayratga tushgan sulton boshini ko’tarib Temurga tikildi. O’zidan yoshi ulug’ bu insonning shakl-shamoyiliga razm solib, g’ayrat va jasorat alomatlari barq urib turgan yuzining latofatiga, burgutdek boqishiga, keksaligiga qaramay kelishgan qaddi-qomatiga, savlat to’kib turishiga va butun qiyofasining hiybatiga, o’ziga ko’rsatgan izzatiga hayron bo’lib angrayib qoldi.
— Qadamingiz bosh ustig’a, Sulton Boyazid! – dedi Amir Temur va sultonni chodirga olib kirib, izzat-ikrom bilan to’rga o’tqazdi. Boyazidning olovdek lovillab turgan chehrasida alam iztirobi aks etgan edi. Amir Temur esa g’amga botgan bu jasur va kuchli kishiga achinib, xayrihohlik va hatto bir qadar hurmat bilan qarab turardi. Ikki turk hoqoni – biri g’amga botib, ikkinchisi tasalli berishga munosib so’zlar izlab hayolga berilib, sukut saqlab qolishdi. Sukutni Amir Temur buzdi. U o’rtada yuz bergan ixtilofdan o’zining ham aybi borligini aytib, Sulton Boyazidga tasallilar bera boshladi.
Ko’p o’tmay ular oldiga jangda asir olingan shahzodalar Musa bilan Mustafo Chalabiyni, beklarbegi Sari Temirtosh poshshoni, Qora Temurtosh poshshoning o’g’li Alibey poshsho, Xoja Feruz poshsho, amirlar Minnatbey va Mustafobeylarni ham olib keldilar. Amir Temur ularni ham tutqun sifatida emas, aziz mehmonlari kabi kutib olib, izzat-ikrom ko’rsatdi.

(Matnning shu yerida keladigan hikoyanamo parcha alohida sahifada berilmoqda)

Amir Temurning farmoni bilan shahzoda Sulaymonni ta’qib qilish uchun amirzoda Muhammad Sulton boshliq 30 minglik qo’shin poytaxt Bursa tomonga ot surdi.
Sohibqironning o’zi bo’lsa, Anqarada bir hafta turgach, Sulton Boyazidni olib Kutaxiya shahriga keldi. U bu shaharda bir oycha turdi. Bursa tomonga yuborilgan qo’shin shahzoda Sulaymonni quvib yetolmadi. Shahzoda Bursaga keliboq saltanatning xazinasining bir qismini va kenja shahzoda Qosimni olib vaziri a’zam Ali poshsho bilan birgalikda Darija shahriga qochgan edi. Amirzoda Muhammad Sulton bilan amir Shayx Nuriddin Bursani fath etib, sulton xazinasining qolgan qismini qo’lga kiritdilar va shaharga o’t qo’ydilar. Bursadan keyin tez orada Kuniya, Oqshahar, Qorahisor va Onado’lidagi boshqa bir qator shaharlar zabt etildi.
Bursa fathi paytida asir olingan allomalar: Boyazidning kuyovi bo’lmish Sayid Ahmad Buxoriy, mavlono Shamsiddin Muhammad Fanoriy, Shamsiddin Jaziriylar Amir Temur huzuriga yuborildi. Xuddi o’sha kunlari Shohruh mirzo ham asli bursalik bo’lgan mavlono Muso Qozizoda Rumiy ismli qirq yoshlik falakshunos va  riyozatchi olimni o’z xizmatiga qabul qildi. Mirzo bu alloma kelajakda to’ng’ich farzandi Ulug’bek mirzoning eng ulug’ ustozi va safdoshi bo’lishidan bexabar edi.
Amir Temur yurish davomida Boyazidning to’ng’ich o’g’li shahzoda Sulaymonga maktub yo’llab, uni tobelikka chorladi. Sulaymon ham elchi yuborib, Amir Temur hokimiyatini tan oldi. Ketma-ket shahzoda Isa Chalabiy ham o’z itoatini ma’lum qildi. Shundan keyin Amir Temur uchinchi shahzoda Mehmed Chalabiy huzuriga – Amosiyaga maktub yo’llab, uni huzuriga chorladi. Tez orada Mehmed ham odam yo’llab itoatini bildirdi. Vizantiya imperatori Manuil ham Temurga vassal ekanini tan olib, unga ko’p miqdorda oltin va qimmatbaho armug’onlar jo’natdi. Keyin Misr mamluklari sultoni Faraj elchilari keldilar. Ular sultonning tobelikni bo’yniga olgani haqida ma’lum qilgan maktubini keltirdilar.
Sohibqiron Onado’lida sakkiz oy turdi. Bu orada u Yildirim Boyazid uzoq yillar davomida ololmagan Izmir qal’asini 15 kun ichida, Uluborlu, Egridir qal’alarini bir necha kun mobaynida zabt etib, Boyazidni lol qoldirdi. Egridir qal’asi qamal paytida Sulton Boyazid qattiq xastalikka duchor bo’ldi. Amir  Temur sultonni Oqshaharga jo’natdi.
Bod kasaliga yo’liqqan turk sultoni ot ustida o’zini tutib turolmas, shu sababli egar atrofiga suyanchiqsimon moslama yasalgan edi. Bu esa go’yo “mag’lub usmonlilar sultonini qafasga solib olib ketishdi” degan va hozirgi qadar asardan-asarga ko’chib yurgan afsonaning paydo bo’lishiga zamin yaratgan edi.
Sulton Boyazidni Oqshaharga jo’natar ekan, Temur o’zining xos tabiblari bo’lgan Izzatdin Mas’ud Sheroziy bilan Jaloliddin Arabiylarga sultonni davolashni buyurdi.
Ammo turk sultoni qaddini xastalikdan ko’ra, baxtsizlik ko’proq eggan edi. Bolaligidan hayoti jangu-jadalda kechgan, o’n besh yillik hokimiyati davomida mag’lubiyat nimaligini bilmagan, izzati nafs hokimi bo’lgan Yildirim Boyazid iztirobi benihoya va beshafqat edi. U uzoq vaqt o’g’illarim meni qutqardilar degan orzu va umidning asosi bor edi. Turk sultoni faxriy asirlikda ekan, manzillarning birida unga sodiq kishilar chodir ostidan yer osti yo’li qazishga urinib ko’rishdi. Biroq, bu tadbir muvaffaqiyatsizlikka uchrab, ko’p odamning kallasi ketdi. Sultonni qo’riqlaydigan soqchilar soni bir necha barobar ko’paytirildi.
Keyin Boyazid o’zi uchun eng dahshatli xabarni eshitdi: Amir Temur uni o’zi bilan Samarqandga olib ketishga qaror qilgan emish. Bu mash’um xabarni olgan kuni Rum hukmdori alamu-iztirobga chidolmay uzugi ko’zi ostida – maxfiy joyda saqlab yurgan zaharni ichdi va uzoq qiynoqlardan so’ng 1403 yilning 9 martida – payshanba kuni Oqshaharda olamdan o’tdi. Uning jasadi shohona izzat-ikrom bilan shahardagi Shayx Mahmud Hayroniy maqbarasida dafn etildi.
Sulton Boyazid o’limidan bir necha kun o’tib, Amir Temur boshiga yana bir musibat tushdi. U toju-taxt vorisi etib belgilagan amirzoda Muhammad Sulton to’satdan xastalanib, dunyodan ko’z yumdi. Bu voqea hijriy 805 yil sha’bon oyining 18 kuni – melodiy 1403 yilning 13 martida, muarrix Sharafiddin Ali Yazdiyning yozishicha, Qorahisor yaqinida, muarrix Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, Suri yaqinida sodir bo’lgan edi. Muhammad Sultonning jasadi Sohibqiron amriga binoan avval vaqtinchalik Sultoniya shahriga olib borilib, dafn etildi. Bir yildan so’ng – Amir Temur Movarounnahrga qaytayotib, amirzoda jasadini Samarqandga keltirib, marhum shahzoda tiklagan madrasa yonidagi xonaqohga qo’ydirdi. 1404 yilning yozida esa nabirasi va piri bo’lmish Mir Sayid Baraka qabrlari ustida maqbara tiklatdi.
Amir Temur Rum mulkini tark etish oldidan, shahzoda Musa Chalabiyni otasi mulkiga hukmdorlikka belgiladi va unga hokimiyat ramzlari bo’lmish kamar, obdor qilich, yuzta ot in’om qildi. So’ng shahzoda Mustafo Chalabiyni olib, mamlakatni tark etdi. U Mustafoni Samarqandga olib ketishga ahd qilgan edi.
1403 yilning iyulida Amir Temur Gurjistonni sakizinchi marta zabt etgach, Kura daryosini kechib o’tib, qishlov uchun Qorabog’da to’xtadi. Bahor kelishi bilan esa Samarqandga qarab yo’lga tushdi.
Sohibqiron Ozarbayjonning Ne’matobod degan manzilida to’xtab, u yerda to’y berdi. To’ydan keyingi qurultoyda sarhadlari Hurmuz qadar bo’lgan Forsu Kirmon, Raydan Ozarbayjonga qadar bo’lgan Iroqi Ajam, Arron, Mug’on, Qorabog’, Shirvon, Shamaxi, Darband, Gurjiston, Armaniston, Abxaz yerlari, Hijozga qadar bo’lgan Diyarbakir va Iroqi Shom, Konstantinopolga qadar Rum diyori, Iskandariya va Nilga qadar shom o’lkasini Mironshoh mirzoning o’g’li bo’lmish nabirasi Umar mirzo qo’l ostiga topshirdi. Fors va Iroqi Shomdagi temuriy hukmdorlarni, Shirvonshoh Shayx Ibrohimni, Mordin hokimi Sulton Isoni, Van hokimi Malik Izzatdinni, Gurjilar podshohi Konstantinni, Marog’a hokimi Chalikni, Ardabil hokimi Bistombekni Umar mirzoga bo’ysundirdi. Sohibqiron amir Jokuning o’g’li bo’lmish amir Jahonshohni Umar mirzoga otaliq etib tayinladi.
Amir Temur yetti yillik yurish deb nom olgan harbiy tadbir davomida faqat jangu-jadal bilan mashg’ul bo’lmay, shu bilan birga zabt etilgan mamlakatlarda obodonchilik ishlarini ham amalga oshirdi. U vayron etilgan Bag’dodda yangi binolar tiklatdi, suv inshootlarini ta’mirladi. Amir Temur Qorabog’da sosoniy  podshohlardan bo’lmish Qubod asos solgan va Hulokuxon vayron qilgan Baylikon shahrini tiklash maqsadida shahar atrofida devor bunyod qildi. Shuningdek, u suvsizlikdan xarob bo’lgan yerlarni ma’mur etish niyatida Araks daryosidan chiqarilgan qadimiy ariqlarni qayta tiklashga kirishdi. Bu ish Sohibqiron o’limidan so’ng Shohruh mirzo zamonida ham davom ettirildi, bu ariqlarda juda ko’p tegirmonlar qurdirildi.
Amir Temur Movarounnahrga qaytayotib, Ardabilga kelib, mashhur Shayx Safiuddin Is’hoq Ardabiliy (Shoh Ismoil – Xatoiyning bobosi, safaviylar sulolasi mana shu shayxdan boshlangan) maqbarasini ziyorat qildi va tevarak-atrofdagi bir qator qishloqlarni, yerlarni sotib olib, Shayx Safiuddin maqbarasi qoshidagi  masjidga vaqf qilib berdi.
Xurosonga yetganda, Ulug’bek mirzo o’zining birinchi ustozi Hamza ibn Ali Malik at-Tusiy Bayhaqiydan ajraldi. Hamza Shohruh mirzo xizmatida bo’lish uchun Hirotga ketdi. U o’n yilcha Shohruh dargohida yashadi. Mirzo unga Malik ush-shuarolik lavozimini va’da qilgan edi. Ammo Hamza birdan saroyni tark etib, darvishlikka berildi. Dastavval shayxlar shayxi Muhiddin Tusiy-G’azzoliy xizmatiga bordi. Undan tariqatni, hadis ilmini o’rgandi va ustozi bilan hajga bordi.
Shayx Muhiddin olamdan o’tgach, Shayx Orif Ozariy nomini olgan Hamza hajdan qaytib kelib Sayyid Ne’matulloh Valiy huzuriga bordi va bir muncha vaqt uning xizmatida suluk kasb etdi. Ko’p vaqt o’tib, ustozidan hirqai tabarruk olishga erishib olam keza boshladi. O’ttiz avliyo bilan uchrashib, ularga suhbatdosh bo’ldi, ikki marta piyoda haj safariga bordi. Makkadan so’ng, Hindistonga safar qildi. Hindistonda ham ko’p avliyoar bilan suhbatdosh bo’lgan Shayx Ozariy keyinchalik jahongashtalikdan qaytib, xilvatnishinlikni ma’qul topdi, boshini tafakkur girdobiga egdi. Davlat egalari – podshohlar, amirlar, sultonlar huzurida turishdan saqlanib, o’ttiz yil toat-ibodat bilan Isfaroinda yashadi…
Amir Temur Xuroson orqali Movarounnahrga o’tib, Keshga keldi. Bu yerda piri bo’lmish Shamsuddin Kulol, otasi Muhammad Tarag’ay va farzandi Jahongir qabrlarini ziyorat qildi.

005

(Tashriflar: umumiy 2 522, bugungi 2)

2 izoh

Izoh qoldiring