O’zbek mumtoz she’riyati. Alisher Navoiy

hazrat navoiy

ALISHER NAVOIY
(1441 – 1501)

Ulug’ o’zbek shoiri, mutafakkiri va davlat arbobi Nizomiddin Mir Alisher Navoiy temuriylar saltanatiga tegishli Xuroson mulkining markazi — Hirotda tug’ilib, shu yerda umrining asosiy qismini o’tkazgan. Navoiyning otasi G’iyosiddin Bahodir temuriylar xonadoniga yaqin bo’lgan. She’r zavqi va iste’dodi erta uyg’ongan Alisher etti yoshidayoq Farididdin Attorning “Mantiqut-tayr” asarini yod olgan, Sharafiddin Ali Yazdiy nazariga tushgan. Mavlono Lutfiy yosh shoir iste’dodiga yuqori baho bergan, Kamol Turbatiy e’tirofini qozongan.
Sayyid Hasan Ardasher, Pahlavon Muhammad kabi ustozlardan ta’lim olgan, Abdurahmon Jomiy bilan ijodiy hamkorlikda bo’lgan. Navoiy 1469 yilgacha temuriylar orasidagi ichki nizolar sababli Hirotdan chiqib ketishga majbur bo’lgan.
Husayn Boyqaro Xuroson taxtiga o’tirgach (1469), Navoiy hayoti va ijodida yangi bosqich boshlanadi. Husayn Boyqaro Alisher Navoiyga “muqarrabi hazrati sultoniy” (“sulton hazratlarining eng yaqin kishisi”) degan unvonni beradi. Unga ko’ra Navoiy davlatning barcha ishlariga aralasha olardi.
Navoiy ijodi ixlosmandlari uning she’rlarini yig’ib, “Ilk devon” (1464-65) tuzgan edilar, so’ngra “Badoyiul-bidoya” (“Go’zallikning boshlanishi”), “Navodirun-nihoya” (“Nodirliklar nihoyasi”) nomli devonlar (1470-yillar) tartib berilgan. Lirik merosi umumiy hajmi 50000 misradan ortiq “Xazoyinul-maoniy” nomli to’rt devon (1491-1498)ga jamlangan.

Alisher Navoiy ijodining yuksak cho’qqisi “Xamsa” asari (1483-85)dir, shoir birinchilardan bo’lib, turkiy tilda to’liq “Xamsa” yaratdi va turkiy tilda shunday ko’lamdor asar yozish mumkinligini isbotlab berdi.
“Xamsa” tarkibiga “Hayrat ul-Abror”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sab’ai sayyor”, “Saddi Iskandariy” kabi dostonlar kiradi.
Navoiyning tasavvufiy qarashlari deyarli barcha asarlarining ruhiga singgan bo’lsa-da, maxsus “Lisonut-tayr” dostoni(1499)da, “Nasoyimul-muhabbat” manqabasi”(1495-96)da, “Tarixi anbiyo va hukamo”(1485-8), “Arbain”, “Munojot” singari asarlarida aks etgan.

O’zbekiston mustaqillikka erishganidan so’ng Navoiy asarlarini diniy va so’fiylik jihatidan o’rganish kengaydi, ular ob’ektiv va ilmiy bahosini olmoqda. “Arbain”, “Munojot” kabi asarlari chop etildi.
Navoiy merosining salmoqli qismi nasriy asarlardan iborat. Ular ijtimoiy-siyosiy, axloqiy-ta’limiy va ilmiy-falsafiy yo’nalishdadir.
“Mahbubul-qulub”(1500-01) Navoiyning so’nggi yirik asari bo’lib, unda ulug’ mutafakkir adibning hayoti davomidagi kuzatishlari, to’plagan boy tajribasi o’z yuqori darajasida aksini topgan. Uch qismdan iborat bu asarda “Soriun-nosning af’ol va ahvolining kayfiyati” (1), axloqiy muammolar (2), “mutafarriqa favoyid va amsol surati” (3) masalalari ifodalangan.
“Xamsatul-mutahayyirin”(“Besh hayrat”,1494) asarida ustozi va do’sti Abdurahmon Jomiy, uning hayoti lavhalari, tariqati, yozishmalari, asarlari haqida hayratomuz hikoyalar keltiriladi.
“Holoti Sayyid Hasan Ardasher” (1488-89), “Holoti Rahlavon Muhammad” (1493) asarlari manoqib-holot yo’nalishida bo’lib, ularda shoirga ustozlik qilgan buyuk shaxslar hayoti, faoliyati yoritilgan.
“Munshaot” (1498-99) Navoiyning maktublari to’plami (jami 88 ta xat) bo’lib, ular sog’inchlik xatlari, navro’z tabriklari, ta’ziyanomalar, siyosiy o’gitlar, sulhnomalar va boshqa yo’nalishlardadir. Ular Husayn Boyqaro, Badiuzzamon va boshqa tarixiy shaxslarga bitilgan.
“Majolisun-nafois” (1490-91; 1497-98) tazkirasi turk tilidagi yozilgan dastlabki tazkira bo’lib, unda shoir sakkiz majlis doirasida 459 shoir va adib haqida ma’lumot bergan. Birinchi va ikkinchi majlisda tazkira tartib berilganda hayot bo’lmagan shoirlar, uchinchi majlisda shoirning zamondoshlari, to’rtinchi majlisda beshinchi majlisda Xuroson, oltinchisida Movaraunnahr, Kichik Osiyo va Eron, yettinchi va tiliga tarjima qilingan.
Navoiy “Muhokamatul-lug’atayn” asarini o’z zamonidagi turkiy lahjalar, ziyolilar nutqi, badiiy va ilmiy asarlarning leksik-grammatik xususiyatlarini forsiy til xususitlari bilan qiyoslashga bag’ishladi. Jonli xalq tilida qo’llanilgan ko’plab so’zlarni asarga kiritib, adabiy tilda qo’llanilishiga sababchi bo’ldi. O’zigacha ishlatilgan so’zlarni yangi ma’no qatlamlarini ochdi. O’zbek tili grammatikasini Mahmud Koshg’ariydan so’ng ilmiy asosga soldi. O’zbek tilining badiiy va estetik imkoniyatlari kengayishiga sababchi bo’ldi. Fors va turk tillarida yaratilgan eng yirik va e’tiborli asarlarga murojaat qildi, shoir va olimlarni til istiqloli uchun kurashga chorladi.
Aruz nazariyasiga bag’ishlangan “Mezonul-avzon”(1492) asarida arab va fors aruzi qoidalarini turkiy tilda aniq va ravon tushuntirdi. Turk yozma va og’zaki she’riyati namunalarining vazn xususiyatlarini o’rgandi. Turkiy aruz tabiatini yoritish bilan birga turk she’riyati murakkab aruz tizimini boyitganini anglatdi.
“Tarixi muluki Ajam” (“Ajam shohlari tarixi”,1488) qisqa tarix bo’lib, Eron shohlari xronikasi bayon qilingan “Tarixi Tabariy”, “Shohnoma” asarlarini mantiqan to’ldiradi, ulardagi faktlarni izchil ilmiy tizimga soladi. Afsonaviy shoh Kayumarsdan sosoniylarning so’nggi vakili Yazdi Shahriyorgacha bo’l-gan shohlar tarixini, mifologik talqinini beradi.

“Tarixi anbiyo va hukamo” (“Payg’ambarlar va hakimlar tarixi”, 1485-1498) asarining birinchi bo’limida “Qissasul-anbiyo”lar an’analarini davom ettirib, Odam alayhis-salomdan Nuh, Iso, Muso, Ya’qub, Sulaymon, Yusuf, Dovud kabi payg’ambarlar tarixiga oid qissalar keltiradi. Navoiy Luqmoni hakimga ham anbiyolar qatoridan joy beradi. Asarning “Hukamo zikrida” deb nomlangan ikkinchi bo’limida insoniyat tarixida chuqur iz qoldirgan donishmand hakimlar Fishog’urs, Jomosp, Buqrot, Suqrot, Aflotun, Arastu, Bolinos, Jolinus, Batlimus, Buzurgmehr haqida ibratli hikoyalar keltiradi, ularning donishmandligi, ilmiy kashfiyotlari siri qisqa satrlarda talqin qilinadi.
“Vaqfiya” (1481) asarida vaqf yerlari, mulklari, ularning miqdori, ulardan foydalanish, vaqf mulki va mablag’i evaziga quriladigan bino va inshootlar, bu yo’nalishda madrasa va xonaqohlarda o’rnatilgan tartiblar haqida fikr yuritdi. Navoiy o’z ixtiyoridagi mablag’lar hisobiga qurilgan xayriya muassasalari, ilmiy-madaniy binolar va bog’larni sanab o’tdi. Asar Navoiy va Husayn Boyqaro munosabatlarini o’rganish uchun ham muhim hujjatli manbadir.
Navoiy dahosi tufayli insoniyat tarixida dunyoning turli joylarida yashayotgan turkiy xalqlar yakqalam qilindi, millat ma’naviy merosi umumjahon xazinasidan mustahkam o’rin oldi. Mustaqil O’zbekistonda Navoiyni anglash davlat siyosati darajasiga ko’tarildi. Respublikadagi eng yirik viloyatlardan biri va uning markazi, O’zbekiston Davlat mukofoti, O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Til va adabiyot instituti, opera va balet akademik teatri, O’zbekiston Davlat kutubxonasi, Samarqand Davlat universiteti va boshqa yuzlab madaniy-ma’rifiy muassasalar, jamoa xo’jaliklari ulug’ shoir nomi bilan ataladi.
Hazrat Navoiy hayoti va faoliyatiga bag’ishlab she’r yozmagan ijodkor topilmasa kerak.Men ulug’ bobomiz haqida “Navoiy armoni” nomli hi-koya va bir necha she’r yozganimdan baxtiyorman.
Shuningdek,ikki asarimda (Mirzo Ulug’bekka bag’ishlanuan “Alg’ul” va Mirzo Boburga bag’ishlangan “Sog’inch” p’esalarimda) ozlari ko’rinmasa-lar-da,Navoiy bobomizning ruhoniy ishtiroklari mavjud.Men bu bilan Hazrat Navoiy Ulug’bek tafakkurining davomi,Bobur tafakkurining sarzamini ekanini ta’kidlamoqchi bo’ldim.

G’AZALLAR

* * *

Ko’rgali husnungni zoru mubtalo bo’ldum sango,
Ne balolig’ kun edikim oshno bo’ldim sango.

Har necha dedimki kun-kundin uzay sendin ko’ngul,
Vahki, kun-kundin battarak mubtalo bo’ldum sango.

Men qachon dedim,vafo qilg’il,manga zulm aylading,
Sen qachon deding,fido bo’lgil mango, bo’ldum sango.

Qay pari paykarga dersen,telba bo’ldung bu sifat,
Ey pari paykar,ne qilsang qil mango,bo’ldum sango.

Ey ko’ngul,tarki nasihat ayladim,ovora bo’l,
Yuz balo etmaski,men ham bir balo bo’ldum sango.

Jomi Jam ichra Xizr suyi nasibimdur mudom,
Soqiyo,to tarki joh aylab gado bo’ldum sango.

G’ussa changidin navoe topmadim ushshoq aro,
To Navoiydek asiru benavo bo’ldum sango.

* * *

Orazing yopqach ko’zumdin sochilur har lahza yosh,
O’ylakim paydo bo’lur yulduz, nihon bo’lg’ach quyosh.

Qut bir bodomu yerim go’shan mehrob edi,
G’orati din etti nogah bir baloliq ko’zu qosh.

Bu damodam ohim ifsho aylar ul oy ishqini,
Subhnung bot-bot dami andog’ki aylar mehr fosh.

Bo’sae qilmas muruvvat, asru qattiqdur labing,
Desam og’zi ichra aytur la’l ham bor nav’ tosh.

Novaking ko’nglimga kirgach jon talashmoq bu ekin,
Kim qilur paykonini ko’nglum bila jonim talosh.

Umri jovid istasang fard o’lki, bo’ston Xizridur,
Sarvkim da’b ayladi ozodaliq birla maosh.
Qoshi ollinda Navoiy bersa jon, ayb etmangiz,
Gar budur mehrob, bir-bir qo’ygusidir barcha bosh.

* * *

Istaganlar, bizni sahroi baloda istangiz,
Vodiyi hijron ila dashti fanoda istangiz.

Vomiqu, Farhodu Majnundeklar ul vodiy aro
Bo’lsalar paydo, meni ham ul aroda istangiz.

Yuz alarning ishqicha dardu, balou g’ussag’a
Tolib el boshig’a kelgan mojaroda istangiz.

Eyki, istarsiz savodul vajh fiddorayidin,
Boxabar bo’lmoq meni yuzi qaroda istangiz.

Ko’nglim ul zulf ichradur, zinhor ishqim sharhini
Istamang men telbada, ul mubtaloda istangiz.

Nuqta yanglig’kim, vafo uzra qilur kotib raqam,
Ishq o’tining dog’ini ahli vafoda istangiz.

Og’zi shavqidin Navoiy itti, oni istar el,
Yo adam dashtida, yo mulki fanoda istangiz.

* * *

Qaro ko’zum, kelu mardumlug’ emdi fan qilg’il,
Ko’zum qarosida mardum kibi vatan qilg’il.
Yuzung guliga ko’ngul ravzasin yasa gulshan,
Qading niholig’a jon gulshanin chaman qilg’il.
Takovaringg’a bag’ir qonidin hino bog’la,
Itingg’a g’amzada jon rishtasin rasan qilg’il.
Firoq tog’ida topilsa tufrog’im, ey charx,
Xamir etib yana ul tog’da ko’hkan qilg’il.
Yuzung visolig’a yetsun desang ko’ngullarni,
Sochingni boshdin-ayog’ chin ila shikan qilg’il.
Xazon sipohiga, ey bog’bon, emas mone’
Bu bog’ tomida gar ignadin tikan qilg’il.
Yuzida terni ko’rub o’lsam, ey rafiq, meni
Gulob ila yuvu gul bargidin kafan qilg’il.
Navoiy, anjumani shavq jon aro tuzsang,
Aning boshog’lig’ o’qin sham’i anjuman qilg’il.

* * *

Ne kun o’lg’ayki, nigorim kelgay,
Bog’i umrumda bahorim kelgay.
Umr bog’ida bahor uldurkim,
Sarvqad lolauzorim kelgay.
Il gado jonig’a o’t tushkaykim,
Olg’ali sham’i mazorim kelgay.
Ko’yida itti ko’ngul, vah, qachon ul
Masti devonashiorim kelgay.
Qani maykim, chu ichib mast o’lsam,
Ko’kka tuz boqqali orim kelgay.
Ey Navoiy, tilamon huru pari,
Shoyad ul bazmda yorim kelgay.

* * *

Ko’rgali husnungni zoru mubtalo bo’ldim sanga,
Ne balolig’ kun edikim, oshno bo’ldum sanga.

Har necha dedimki, kun-kundin uzay sendin ko’ngil,
Vahki, kun-kundin batarrak mubtalo bo’ldum sanga.

Men qachon dedim: vafo qilg’il manga – zulm aylading,
Sen qachon deding: fido bo’lg’il manga – bo’ldum sanga.

Ey ko’ngil, tarki nasihat ayladim avvora bo’l,
Yuz balo yetmaski, men ham bir balo bo’ldum sanga.

Jomi Jam birla Xizr suyi nasibimdur mudom,
Soqiyo, to tarki joh aylab gado bo’ldum sanga.

G’ussa changidin navoe topmadim ushshoq aro,
To Navoiydek asiru benavo bo’ldum sanga.

* * *

Jong’a chun dermen: “Ne erdi o’lmakim kayfiyati?”
Derki: “Bois bo’ldi jism ichra marazning shiddati”.

Jismdin so’rsamki: “Bu za’fingg’a ne erdi sabab?”
Der: “Anga bo’ldi sabab o’tluq bag’irning hirqati”.

Chun bag’irdin so’rdum, aytur: “Andin o’t tushti manga
Kim, ko’ngulga shu’la soldi ishq barqi ofati”.

Ko’ngluma qilsam g’azab, ayturki: “Ko’zdindur gunah,
Ko’rmayin ul tushmadi bizga bu ishning tuhmati”.

Ko’zga chun dermenki: “Ey, tardomani yuzi qaro,
Sendin o’lmish telba ko’nglumning baloyu vahshati”.

Yig’lab aytur ko’zki: “Yo’q erdi manga ham ixtiyor
Ki, ko’rundi nogahon ul sho’xi mahvash tal’ati”.

Ey Navoiy, barcha o’z uzrin dedi, o’lguncha kuy
Kim, sanga ishq o’ti-o’q ermish azalning qismati.

RUBOIYLAR

1

Jonimdagi “jim” ikki dolingg’a fido,
Andin so’ng “alif” toza niholingg’a fido,
“Nuni” dog’I anbarin hilolingg’a fido,
Qolg’on iki nuqta ikki xolingg’a fido.

2

Dedim:”Zaqaning tutub saqog’ingni o’pay,
Ko’z-qoshingga surtubon qabog’ingni o’pay,
Guldek yuzing islabon dudog’ingni o’pay,
Yo’q,yo’q,yo’q, agar desang,ayog’ingni o’pay.

3

Ko’z bila qoshing yaxshi,qabog’ing yaxshi,
Yuz bila so’zing yaxshi,dudog’ing yaxshi,
Eng bila menging yaxshi,saqog’ing yaxshi.
Bir-bir ne deyin,boshdin ayog’ing yaxshi.

4

G’urbatda g’arib shodmon bo’lmas emish,
El anga shafiqu mehribon bo’lmas emish.
Oltun qafas ichra gar qizil gul butsa,
Bulbulg’a tikondek oshyon bo’lmas emish.

TUYUQLAR

1

Yo rab,ul shahdu shakar yo labdurur,
Yo magar shahdu shakar yolabdurur.
Jonima payvasta novak otqali,
G’amza o’qin qoshiga yolabdurur.

2

Necha dedim ul sanamg’a: Bormog’in!
Qilmadi ul tark oxir bormog’in;
Munchakim xudroyliq ko’rguzdi ul,
Aql hayrat qildi tishlab barmog’in.

3

Pardani ruxsorasidan olmangiz,
Hohaq o’lturdi meni shul olmangiz;
Gar anoristong’a sunsa ilgini,
Aytur: — Ul tursun,amonat,olmangiz!

4

Olmani sundi nigorim: — Ol! – dedi,
Olma birla bu ko’ngulni ol! — dedi;
So’rdum ersa olmasuning rangini,
— Ne so’rarsen! Olma rangi ol! – dedi.

5

La’lidin jonimg’a o’tlar yoqilur,
Qoshi qaddimni jafodin yo qilur;
Men vafosi,va’dasidin shodmen,
Ul vafo,bilmanki,qilmas, yo qilur.

(Tashriflar: umumiy 940, bugungi 1)

Izoh qoldiring