Mahmud As’ad Jo’shon. Haqiqiy sevgi

alloh

    Naqshbandiya tariqati qadimgi Turon, hozirgi O’zbekiston hududidan butun olamga yoyildi. Bu hayotbaxsh tariqatning yetuk vakillari bugungi kunda butun yer yuzida mavjud. Ana shunday murshidi komillardan biri hazrati shayx, doktor, professor Mahmud As’ad Jo‘shondirlar.
Mahmud As’ad Jo‘shon Vatan jihatidan (ota-bobolari) asli Buxoroi sharifdan, shajarada hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam avlodidan, ya’ni, sayyid, Naqshbandiya silsilasida esa 40-murshidi komildirlar. Turkiyaning Osiyo qismida – tog‘li Chanoqqal’ada istiqomat qiladilar.
    U kishi – 30 dan ortiq ma’rifiy, fiqhiy va tasavvufiy kitoblar, 400 dan ziyod maqola muallifi. Arab, fors, ingliz, olmon (nemis), tillarini yaxshi bilgan olim Markaziy Osiyo, Sharq mamlakatlari, AQSh, Yaponiya, Olmoniya, Daniya, Avstraliya, Gollandiya kabi o‘lkalarni kezib, Islomiy tasavvuf mavzuida jonli suhbatlar, ma’ruzalar qilganlar. Tafsir, hadis, fiqh, e’tiqod va tasavvuf ilmida yetuk bo‘lgan bu alloma tegrasidagi talab ahlining ma’naviy kamolotiga ko‘ra, «Shayxi valitarosh», ya’ni avliyolar yetishtiruvchi shayx deb atalmoqdalar.
Qo‘lingizdagi kitob Mahmud As’ad Jo‘shon hazratlarining bir nechta asarlaridan saralab olingan muhabbat saboqlaridir. Unda Islomning asl mohiyati ixtiloflar, janjallar va nizolar emas, balki ezgulik va mehr-muhabbat ekanligi uqdirilgan, qanday qilib Allohning sevikli bandasi bo‘lish yo‘llari, ma’naviy kamolot asoslari bayon etilgan.
O’qiganlar bu kitobdan, yaxshi bahralar olib, poklik, halollik va go‘zallik bilan yashab, kamolot kasb etishlarini Alloh taolo nasib aylasin!..

allohim

Mahmud As’ad Jo’shon
HAQIQIY SEVGI

09

MUHABBAT YO’LI MUVAFFAQIYAT YO’LIDIR

Sevgilarning eng oldinda keladigani, eng keraklisi, eng go‘zali, eng yuksagi Alloh sevgisidir. Chunki Alloh eng go‘zal sifatlarning sohibi, har turli go‘zalliklarning mujidi- ijodkori, soni’i – san’atkori, foili – bajaruvchisi va xoliqidir! Inson yaxshiroq va teranroq o‘ylasa, o‘zi sevgan barcha go‘zalliklarning ortida mulkning mutlaq sohibi, butun olamlarning Rabbisi – Parvardigori – Zul-jaloli val-jamol hazratlarini ko‘rgay.
Alloh muhabbati banda uchun har turli xayrning, yaxshilikning va go‘zallikning asli, bosh manba’i, bitmas-tuganmas shavq, zavq va kuch-quvvat omili bo‘lgaydir. Alloh sevgisiga erishgan qul avliyo bo‘lgay, olim bo‘lgay, fozil bo‘lgay, komil bo‘lgay, xayrli inson bo‘lgay, xayrli farzand-avlod bo‘lgay, xayrli ota-ona bo‘lgay, xayrli qo‘shni bo‘lgay, xayrli do‘st bo‘lgay…
Alloh sevgisiga erishmagan qul ham bo‘ladi, ammo bemaza bo‘ladi, qabih bo‘ladi, qo‘rs- qo‘pol bo‘ladi, buzg‘unchi bo‘ladi, osiy bo‘ladi, g‘addor bo‘ladi, fosiq bo‘ladi, fojir bo‘ladi, muzir – zararli bo‘ladi…
Islomning mohiyati Alloh sevgisidir, shundan Rasululloh sevgisi, Qur’on sevgisi, iymon sevgisi, ibodat sevgisi, xayrot va hasanot sevgisi, musulmon sevgisi, ixvon – qardoshlik, birodarlik sevgisi, inson sevgisi, san’at sevgisi chiqgay.
Tasavvufning asosi – qullarga Allohni, Allohga qullarni sevdirmoqdir. Tasavvuf buni juda zarif, juda nozik, juda teran usullar bilan ta’minlagay; qulni oshig‘i sodiq va muhibbi Xoliq holiga keltirgay. Mavlono Jaloliddin Rumiyning «Masnaviy»si ishqdir, nayning navosi ishqdir, Fuzuliyning she’ri ishqdir, Yassaviyning «Hikmat»i ishqdir, Ibrohim Haqqiyning «Ma’rifatnoma»si ishqdir, Yunusning «Ilohiy»lari ishqdir, Itriyning bastalari ishqdir, obidning xilvati ishqdir, darvishning zikri ishqdir, mujohidning jihodi ishqdir, muhoribning «Alloh, Alloh», deb yovga qarshi qilgan hamlasi ishqdir, shahidning jon bermog‘i ishqdir, g‘oziyning g‘azo rutbasi – g‘oziylik martabasi ishqdir…

Ishq ekan har neki bor olamda…

Bir kishi, qalbida ishqi ilohiy mash’alasi yonmasdan turib, behuda ulug‘ ishlarga urinmasin, chunki qosh qo‘yaman deb qo‘z chiqargay, xayr qilaman deb sharr (yomonlik) qilgay, jonni yoqgay, qalbni buzgay, atrof-maydonni bir-biriga qorishtirgay, bandalarni bir-birlariga to‘qnashtirgay, g‘azab bilan turib, zarar bilan o‘ltirgay, tiriltiraman deb o‘ldirgay, obod qilaman deb barbod qilgay; chunki chala tabib jondan ayirgay…
Halqqa yaxshi xizmat qilmoqning sharti avvalo Haqqa yaxshi qul bo‘lmoqdir. Xoliqiga vafosi bo‘lmagan kimsaning maxluqotga safosi va foydasi sira bo‘lmas! Zohirini istaganicha poklasin, tozalasin, botini kir va nopok bo‘lsa, uning hech qiymati yo‘q! So‘zini istaganicha nozik va shirin qilsin, niyati fosid bo‘lsa, hech ahamiyati yo‘q! Bizning bugungi kunda chekayotgan, tortayotgan alamlarimizning ko‘pi dushmandan emas, balki noqis musulmondandir. Chunki dushman juda qadimlardan beri bor bo‘lib kelgan, ammo chin musulmonlar, ular ustidan hamisha porloq zafarlar qozonib kelganlar, qancha yuksak madaniyatlarni ta’sis etganlar, jahonga hokim bo‘lib, qancha xalqlarni asrlar bo‘yi adolat va saodat bilan boshqarib, idora etib kelganlar!

«Kishi o‘z qusurini ko‘rmog‘idek irfon bo‘lmagay».

Islom olami kishining o‘z qusurini ko‘rmoqqa, xatosini tuzatmoqqa, usulini o‘zgartirmoqqa yo‘naltiradi.
Bu kun Islom nomidan o‘rtaga chiqqanlarning ahvoliga, so‘zlariga, ishlariga qarab, uyalaman, o‘kinaman, ezilaman: yanglish fikrlar bilan harakat etgaylar, yanglish usullar bilan ishlagaylar. Do‘stni dushman o‘rnida ko‘rgaylar, o‘zlari o‘tirgan shoxni kesgaylar, ko‘ngil olmoq o‘rniga, ko‘ngilni buzgaylar, qalbni jarohatlagaylar, nafratga qolgaylar, muxolafatlari ortgay, mujodala jabhalarini ko‘paytirgaylar.
Bu kun Islomni bir yurt ichida yoymoqning, rivojlantirmoqning, sevdirmoqning, asramoqning bosh usuli – yaxshilik, sabr, muhabbat va marhamatdir; qattiqlik, qarshilik, g‘avg‘o va urush emasdir! Yaxshi bir musulmon, shak-shubhasiz, sog‘lom bir iymon sohibi, oxirat saodatini o‘ylagay, fidokor, sabrli, marhamatli, afv etuvchi, mehr- muhabbat va hurmatga to‘liq, chiroyli axloqli, kirishimli, shirin tilli, ochiq yuzli, xayrxoh… bir kishidir. Shundoq ekanligini har kimga qursatmog‘i lozim. Suyukli Payg‘ambarimiz, janobimiz, sollallohu alayhi va sallam: «Birov bilan kirisholmaydigan,
(chiqisholmaydigan ulfat tutinmagan, ulfat va ahboblik qilib bo‘lmaydigan) odamda hech bir xayr (yaxshilik) yo‘qdir», deb marhamat etganlar. Hadis mazmuni shunday.
Bu kun har bir musulmon o‘z holiga, ko‘rinishi-qiyofasiga, kiyimiga, fe’l-atvoriga, so‘ziga ishiga juda diqqat etmog‘i, e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatmog‘i, yomon taassurot uyg‘otmoqdan shiddat bilan qochmog‘i lozimki, uzoqdan uni ko‘rganlar, undan g‘azablanib, undan nafratlanib, Islomdan uzoqlashmasinlar! Har bir musulmon boshqalarga Islomni tanitmoqqa, sevdirmoqqa urinmog‘i, buning uchun esa o‘zini yaxshi o‘rnak bo‘lgulik, havas qilgulik, yoqtirgulik bir shaxsiyat holiga keltirmoqqa o‘zgacha bir g‘ayrat qo‘rsatmog‘i lozim. Agar Alloh jalla jalaluhuning rizosiga erishmoqni istasa, yo‘l shu yo‘ldir, muvaffaqiyatga esa shu yo‘ldan borilgay va erishilgay.

ASL SEVGI ALLOHNI SEVMOQDIR

Alloh bordir va birdir. Go‘zal bir go‘zaldir. Sevgi bir sevgidir. Bizning ajdodimiz yaxshini- yomonni, yomonliklarning eng yomonini, badtarini, har turini Yunon falsafasidan, Rumo falsafasidan, qadimgi yunonlardan, eroniylardan, hindlardan bilishar edi. Deydilarki, «Asl ishq va sevgi ishqi ilohiydir…» Asl sevgi Allohni sevmoqdir. Nechun? Chunki har turli go‘zallikni yaratgan – Alloh, har turli komil sifatlarga ega bo‘lgan zot – Alloh, har narsaga kuchi yetgan – Alloh, har bir ishi hikmatli bo‘lgan – Alloh, hamma narsani bilgan – Alloh! Qay jihatdan boqsang, eng go‘zal sifatlarning eng cho‘qqisi, eng go‘zal tajalliysi Alloh taolo hazratlaridadir. Shuning uchun ham eng go‘zal zot Allohdir! Shuning uchun, inson anglay olsa, yetisha olsa, ko‘ra olsa, mushohadja eta olsa, eng go‘zali Allohdir! Alloh sevgisi ishqi haqiqiydir!
«Ishq» kalimasi kasrali bo‘lib, arabchada «ishq» yoziladi. Ana shu ishqi haqiqiydir. Xo‘sh, unda bu dunyodagi insonlarning turli sevgilari nima? Bu dunyodagi insonlarning bu turli sevgilari ishqi majoziydir. Majoziy bir sevgidir, haqiqiy emasdir. Chunki kelgay, ketgay. O’tkinchidir. Vaqtinchalikdir. Bir qancha vaqt o‘tgach, sevganingdan nafratlanishing ham mumkin.
Odamlar esa «pul, pul, pul» deb pulning orqasidan quvadi, uni orzu qiladi, uni istaydi. NayzanTavfiq bir she’rida aytadiki, «Chirkin qo‘llarda ko‘rgach, Men puldan ham irgandim…»
Kimisi puldan jirkanadi, kimisi vaqtlar o‘tib, o‘zi tushunib-o‘ylab, yoqtirib, sevib olgan ishidan soviydi. Kimisi, bir payt kelib, bir mahallar o‘zi qo‘lga kiritmoq uchun bor-yo‘g‘ini sarflagan narsaning hechligini anglab qoladi. Undan voz kechadi. Bir vaqti kelib, hayotni ham sevmay qoladi…
Bolalardan so‘raladigan bitta savol bor: «Eng ko‘p kimni yaxshi ko‘rasan?» deyiladi. Tabiiyki, bola bu savolning javobini beradigan shuur saviyasida emas. Ammo onasi bilan otasi bolaga eng ko‘p kimni yaxshi qo‘rish kerakligini tushuntirish uchun shu savolni berib turishadi. Shunday qilib, unga «Eng ko‘p Allohni yaxshi ko‘raman» demoqni o‘rgatishadi. Sevgilarning eng haqiqiysi, eng birinchi o‘rinda turadigani Alloh sevgisidir.

ALLOHNI VA UNING RASULI ADIBINI SEVMOQ

Dinning o‘zagi sog‘lom va to‘g‘ri iymon, iymoning o‘zagi – Hubbi Rahmon, ya’ni akramul akramin va arhamur rohimiyn bo‘lgan yuksak Allohni sevmoqdir…
U holda bizning asl ishimiz, juda latif, juda zarif, juda nozik, juda shirin tuyg‘u bo‘lmish sevmoqdir. Boshqa fikr va tuyg‘ular, ibodat va toatlar, xayrot va hasanotlar uning ortidan keladi.
Alloh taoloni sevmoq u qadar qiyin, u qadar erishib bo‘lmaydigan va qo‘lga kiritib bo‘lmaydigan bir ish emas. Chunki qul o‘zini kim yaratganini, kim ulg‘aytirganini, bu mukammal vujudni, aqlni, fikrni, foydalanayotgan turli ne’matlarini… unga kim berganini; koinotning bu mo‘‘jiza nizomini, yerlarni, osmonlarni, fazolarni, yulduzlarni, fizika, kimyo, biologiya va tabiat qonunlarini kim tuzganini o‘ylagan taqdirda, shukran, hayrat va hayronlik tuyg‘ulariga g‘arq bo‘lmasligi mumkin emas.

Alloh taolo Qur’oni karimda bizga, O’zining rasuli Muhammad Mustafoga bog‘lanmoqni, ergashmoqni, tobe’ bo‘lmoqni amr etadi. Rasulullohni qabul etmasdan musulmon bo‘lmoq imkonsizdir. Tugal qabul etmoq lozimdirki, to‘g‘riligi aniq bo‘lgan bitta hukmini, bitta hadisi sharifini, bir sunnati saniyyasini ham o‘z aqlicha, o‘z kayfiyati tufayli rad etgan kimsa kofir bo‘lgay, munkir qolgay, iymonsiz ketgay.
Alloh jalla jaloluhu, o‘z elchisi va sevikli bandasi, ashrafi maxluqot bo‘lmish inson jinsining cho‘qqisi – eng yuksagi, payg‘ambarlarning sarvari, insu jinning janobi, jannatning eng yuqori rutbasi bo‘lgan Maqomi Mahmudning sohibi Muhammad sollallohu alayhi va sallamga ishonib ummat bo‘lmagan kimsani mutlaqo rahmatiga erishtirmas, jannatiga kiritmas, aksincha eng qattiq jazolar bilan jazolar.
Bir sahih hadisi sharifida Payg‘ambar janobimiz (s.a.v.) marhamat etadilarki: «Nafsim (jonim), qudrati qo‘lida bo‘lgan Allohga qasamki, sizlardan har bittangiz meni otangizdan ham, farzandingizdan ham, butun insonlardan ham ko‘proq yaxshi ko‘rmaguningizcha, haqiqiy mo‘‘min bo‘la olmassiz».
Shuning uchun sahobai kirom, rizvonallohu alayhim ajma’in, ul zotga murojaat etganlarida: «Fidoka abiy va ummiy, yo Rasulalloh!» («Ota-onam sizga fido bo‘lsin, yo Rasulalloh!») deb so‘z boshlar edilar. Uning yo‘lida mollarini va jonlarini fido qilishda hech ikkilanmas, peshonalarini tirishtirmas edilar. Hammalari o‘limga tayyor holatda u zotga bog‘langan, bay’at etgan edilar.
Hatto bittasi kelib, Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga:
– Yo Rasululloh! Men sizni ko‘p yaxshi ko‘raman! – dedi.
– Rost so‘ylarmisan? – dedilar Payg‘ambar janobimiz.
– Ko‘p yaxshi ko‘raman, yo Rasululloh, sizga oshiqman, juda yaxshi qo‘raman! – dedi u.
– Undoq bo‘lsa, balolarga hozirlangin! Chunki meni yaxshi ko‘rgan kishiga balolar xuddi selning guldur-guldur kelmog‘idan ko‘ra shiddatliroq kelur, – dedilar.
Ya’ni, bu mehr-muhabbatning imtihoni ko‘p bo‘lgay, shiddatli bo‘lgay va qaerda bir musulmon bo‘lsa, Alloh unga aziyat yetkazadigan bir aziyatchini paydo qilgay. Uning qarshisida esa musulmonning hushyor turmog‘i lozimdir.
Barcha zamonlarda bo‘lgani kabi bizning zamonamizda ham Rasulullohni sevmoq, u zotning yo‘lidan bormoq bilan, sunnatini jonlantirmoq bilan ummatiga xizmat etmoq bilan va bilxossa, uning haqiqiy vorislari bo‘lgan ulamoi muhaqqiqiyn, mashoyixi vosiliyn va avliyoullohi muqarrabiynga bay’at qilib bog‘lanmoq bilan amalga oshgay, namoyon bo‘lgay.
Kunday ravshan, zohir va boqir (aniq) bo‘lgan bu haqiqatdan xabarsiz yurganlar naqadar achinarli ahvoldadirlar! Haqqi va ahliyati, salohiyati bo‘lmagan holda insonlarni o‘zlariga bog‘lamoqqa uringan kishilar naqadar qo‘rqinch bir jur’at komidadirlar! Ularga ishonib, orqasidan ketganlar naqadar iz’onsiz va irfonsizdir! (Itoatsiz va ma’rifatsizdir!)
Bechoralar johiliya o‘limi bilan o‘lib ketgaylar…
Yo Rabb! Bizni O’zingning va Rasulingning muhabbatidan mahrum qoldirmagin, sevgan qullaring bilan birga saqlagin, sevgan yo‘llaringda yuritgin, sevgan amallaringni bajartirgin; huzuringga O’zing sevgan va O’zing rozi bo‘lgan bandalaring bo‘lib bormog‘imizni nasib aylagin!

RASULULLOHGA ERGASHMOQ

Rasulullohning sunnatini sevamiz. Biz Rasulullohning izlaridan yurmoqni istaymiz. Biz Rasulullohning shafoatiga noil bo‘lmoqni istaymiz. Biz oxiratda Rasulullohga qo‘shni bo‘lmoqni istaymiz. Biz Rasululloh qilgan amallarni qilmoqni istaymiz. Nimadan ul zot uzoq turgan bo‘lsalar, undan uzoq turmoqni istaymiz. Nimani ul zot tavsiya etgan bo‘lsalar, uni boshimizga toj qilmoq istaymiz! Nimadan bizni man’ etgan bo‘lsalar, undan yiroqlashmoqni istaymiz.
Rasululloh istamagan narsa bizdan yiroq bo‘lsin, istamaymiz, biz Rasulullohni istaymiz. Rasululloh muhabbatini Alloh qalbimizga jonlantirib jo aylasin! Avlodlarimiz – farzandlarimizni ham Rasululloh muhabbatiga muvofiq-munosib kamol toptirmog‘imiz lozim. «Avlodlaringiz – farzandlaringizni Rasululloh muhabbati bilan ulg‘aytiringiz», deydilar Payg‘ambar janobimiz. Hammangiz avlodimizdirsiz. Albatta, orangizda yoshi mendan ulug‘lar bor, ammo bizning yo‘limizning urf-odati shundoq! Talaba domlaning yonida bo‘ysunuvchandir. Talaba ustozning avlodi – farzandi kabidir.
Ustozning jabru jafosi mehru vafosidan ko‘ra qimmatliroqdir. Otasi sevib erkalaydi, domlasi koyib-urishadi, kezi kelganda, zaruratan uradi, ammo domlasi qimmatli, qadrliroq, chunki ustozi insonga harf o‘rgatadi, buning ustiga, ustozi din o‘qituvchisi bo‘lsa, tariqat murshidi bo‘lsa, oxirat saodatining yo‘lini ko‘rsatadi. Taqvoning yo‘lini ko‘rsatadi. Ma’rifatullohni ko‘rsatadiki, bu yanada qimmatliroqdir. Shu jihatdan biz ham birodarlarimizni Rasulullohning muhabbati bilan kamol toptirmoqni istaymiz…

ALLOH GO’ZALDIR, GO’ZALLIKNI SEVGAY

Bir kun Rasululloh (s.a.v.):
– Qalbida, bir misqolchalik bo‘lsa ham, kibrdan nishona topilgan kishi jannatga kira olmaydi, – deb marhamat etdilar.
Bu juda muhim bir ogohlantirish edi. Eshitganlar albatta, hayajonlandilar; o‘z-o‘zlarini tekshirib, xabar oldilar; ahvolni yaxshi tushunib, anglab, kerakli tadbirlarni ko‘rmoq niyati ila andishali-andishali dedilarki:
– Shubhasiz, kishi kiyimlarining chiroyli bo‘lmog‘ini, poyabzallarining chiroyli bo‘lmog‘ini sevadi va istaydi? (Ya’ni, bu ham kibr alomatimidir?)
Janobimiz (s.a.v.) aytdilarki:
– Alloh go‘zaldir, go‘zallikni sevgay! – Asl kibr haqni, haqiqatni ko‘rmaslikdir, e’tiborsizlik qilmoq, insonlarni xor va haqir ko‘rib, yuqoridan boqmoqdir.
Bu hadisi sharifdan bizga bir qancha chiroyli darslar chiqmoqda.
Hammasidan oldin anglashilmoqdaki, ba’zi fe’l-ho‘ylar, harakatlar, duch kelgan tavr- holatlar insonni mahv etishi mumkin. U holda yomon fe’l-ho‘ylarimizni mutlaqo tark etmog‘imiz, ichimizni toza niyat va yaxshi axloq bilan, tashimizni esa ulug‘, asl va yetuk fe’l-harakatlar bilan bezamog‘imiz lozim: komil, orif va zarif kishilar bo‘lmog‘imiz lozim. Dinimizning eng ulug‘ g‘oya-maqsadlaridan biri axloqiy yetuklikni ta’minlamoqdir. Zotan Payg‘ambarimiz (s.a.v.) go‘zal axloqni kamolga yetkazmoq uchun yuborilganlarini ochiq bayon etganlar.

Ayniqsa, haq va haqiqatga hurmat saqlamoq, to‘g‘rini va haqni sevmoq, achchiq bo‘lsa ham, haqiqatlarni qabul etmoq lozim; kibr va g‘ururdan tug‘ilgan qo‘rslik va muxolifatni tark etmoq, har yerda, har ishda haqqoniyat mezoni ila harakat etmoq lozim; haqsizliklarga qarshi chiqmoq, rostini so‘zlamoq, to‘g‘ri so‘zga e’tiroz etmaslik lozim; o‘zimizga va yaqinlarimizga nisbatan ham adolat saqlamog‘imiz, adolatdan ayrilmasligimiz lozim.
Va yana bilmog‘imiz lozimki, go‘zal fe’l-ho‘ylarning eng muhimlaridan biri tavozu’ va mahviyatdir. Buning aksi bo‘lgan fe’l-ho‘y «ujb» (manmanlik, xudbinlik) deb ataladiki, bu o‘z-o‘zini sevmoq, burni havoda bo‘lmoq, insonlarga yuqoridan boqmoq, ularni kamsitmok, xor ko‘rib, masxara qilmoq shaklida yuzaga chiqgay. Bu «ujb» tavfiqi ilohiyga mone’dir, ya’ni ujb egasini haqning ilohiy yordami uzilmog‘idek jazoga giriftor etgayki, bu eng og‘ir falokatdir. Kishi mag‘rur va o‘zini sevuvchan bo‘lmasligi lozim, so‘zida, ishida, fe’l-harakati va muomalasida haddini bilib, ojizligini anglab, o‘zidan qo‘ra bilag‘onroq (olimroq), yetukroq, xayrliroq kishilar… borligini o‘ylab, tavozu’ni hech qo‘ldan bermasligi lozimdir.
Va nihoyat, hammangizda, salim va estetik-madaniy shuur, go‘zallik ishqi, go‘zallikni sevmoq va qadrlamoq malakasi mustahkamroq jo bo‘lmog‘i va rivojlangan bo‘lmog‘i lozimdir.
G’oyamiz: «Har ishning eng chiroylisini qilmoq; o‘zimizni eng go‘zal sifat bilan sifatlamoq, dunyoda va uqboda (oxiratda) eng go‘zal natijalarga, eng go‘zal mukofotlarga erishmoqdir». Rabbimiz jalla jalaluhu bizni ana shularga noil va vosil aylasin!
Alloh taolo hazratlari bizlarni O’zi sevgan qullardan bo‘lmog‘imizni nasib aylasin… Bizda o‘zi sevmagan neki hol, fe’l-ho‘y va sifat, ish bor bo‘lsa, bulardan O’zi qutqarsin. Bizni O’zi sevgan hollar ila hollantirsin. O’zi sevgan axloq ila xulqlantirsin… O’zi sevgan ishlarni bajarmog‘imizni muvaffaq aylasin… O’zi sevgan qullar bilan birga yashamog‘imizni nasib aylasin… O’zi sevgan qullari bilan hamroh qilsin… Habibi adibiga qo‘shni aylasin…

ALLOHNING SEVGAN QULI BO’LMOQ

Alloh jalla jalaluhuningt birinchi qullari emasmiz. Bizdan oldin qancha-qancha qullar kelib ketdi. Hazrati Odam Safiyulloh alayhissalomdan to Payg‘ambarimiz Habibulloh – Muhammad Mustafo (s.a.v.)ga qadar dunyoning har yerida, har shahrida Alloh taolo hazratlarining vazifali qullari yashadi. (Salovatullohi va salomuhu va’alo ali kullun ajma’iyn).
Payg‘ambar janobimiz (s.a.v.)dan keyin Alloh taolo hazratlari ummatni yo‘lboshchisiz va yolg‘iz qoldirmadi. Avliyoullohni, murshidlarni ummati Muhammadning haqiqiy aminlari ayladi.
Muso alayhissalom ulul-azm payg‘ambar bo‘la turib, Xizr alayhissalomdan bir narsalarni o‘rganmoqni istadilar.
Imomi G’azzoliy, yillar bo‘yi zarrin jubbasi, muhtasham sallasi bilan madrasalarga borar ekan, qoniqmadi. Yo‘llarga tushdi. Tartib-intizomlarga chaqirildi. Ibodatlar qildi.
Mavlono Jaloliddin Rumiy, Shamsi Tabriziyni topguniga qadar boshqa bir umrni yashadi, undan keyin yana boshqa bir umrni yashadi.
Maqom sohibi, mavqe sohibi, mulk sohibi, borliq sohibi, bilim sohibi, rutba sohibi bo‘lmoq muammo emas!.. Muhim narsa Alloh taolo hazratlarining sevgan quli bo‘lmoqdir! Inson Allohning sevgan quli bo‘la olsa, qanday baxtlidir! Sevmagan quli bo‘lsa, qanday baxtsizlikdir! Xoh shoh bo‘lsin, xoh jahonning podshohi
bo‘lsin…
Alloh taolo hazratlari kimlarni sevgay? Butun musulmonlar eng avvalo ana shuni izlamoqlari lozim. Ajabo, Alloh kimlarni sevgay? Ajabo, ne qilsam, Alloh meni sevgay? – deya ana shu savolga tugal javob topmoq kerakdir!
Ey aziz birodarlarim!
Alloh taolo hazratlari fosiqlarni sevmas. Alloh taolo mushriklarni, kofirlarni sevmas! Mo‘‘minlarning fosiqlarini sevmas. Munofiqlarni sevmas. Johillarni, g‘ofillarni sevmas! Axloqi buzuq, adabsizlarni sevmas…
Alloh kimlarni sevmasligiin to‘liq o‘rganmoq lozim. Eng muhim bilim shu! Chunki Alloh taolo hazratlari sevmadimi, sevmagan qulini hidoyat ham qilmas!

Mana, kunda eng kamida qirq marta: «Yo Rabbiy! Sevgan qullaring safiga bizni ham hidoyat aylagil!» deymiz-ku! Xo‘sh, kimsalar nega to‘g‘ri yo‘lda emaslar? Alloh taolo sevmagan quliga eng buyuk ikromi bo‘lmish hidoyatni ehson etmas! Buni o‘z sevgan quliga ehson etgay! Shuning uchun to‘liq Uning sevgan quli bo‘lmoq lozim! Mutlaqo Uning sevgan yo‘lini topmoq lozim! Boshqa hamma narsa puchdir!.. Boshqa hamma narsa bekordir!.. Boshqa hamma narsa behudadir!..

FOYDALI QUL BO’LMOQ

Alloh sevgan, Allohni sevgan bir kishi…
Xaybar fathi…
Xaybar kunida payg‘ambar janobimiz aytadilarki:
– Men bul bayroqni bir kishiga bergaymanki, Alloh uni sevgay, ul Allohni sevgay!..
Hamma hayron qoladi. «Kim bu?» deb har kim kuta boshlaydi. Hazrati Umarning shu kecha uyqusi qochadi. «Oh, ertaga bayroqni menga bersa edilar, Allohning sevgan quli men bo‘lsam edim!.. Menga tegishli bo‘lsa edi bu madhlar!..» deydi. Ertasi kuni payg‘ambar janobimiz hazrati Alini qidiradilar…
– Yo‘q! Chodirda… – deyishadi.
– Chaqiring, – deydilar… Sanjaqni unga beradilar.
Hadisi sharifda sobitki, Alloh uni sevadi, ul Allohni sevadi. Hazrati Ali janobimiz qasam ichadiki, «Hech kimga yaxshilik qilmadim, yomonlik ham qilmadim!..» deb. Nima demoqchilar?.. Bir inson yaxshilik qilsa, o‘ziga qilar, yomonlik qilsa ham o‘ziga qilar… Yaxshilik qilganida savobga erishgay, yomonlik qilganida gunohga botgay. Bersin hisobini, tortsin jazosini!
Bu jihatdan foydali qul bo‘lmoq lozim!.. Kumushxonaviy Xojamiz «Jomi’ul-usul» degan tariqat kitobimizda aytishicha, butun tariqatlarni tekshirgan, juda katta asarlari bor; masalan, «Majmuatul-ahzob»i… butun avrodni to‘plagan, butun azkorni (zikrlarni) to‘plagan, hamma narsani tadqiq etgan; aytadiki, «Butun tariqatlarni tadqiq etdim. Butun tariqatlarda mushtarak bo‘lgan asos – xizmatdir». Ya’ni, har bir tariqatning o‘ziga xos nozik farqlari bor, ammo barcha tariqatlarda uyqash bo‘lgan, mushtarak bo‘lgan jihat nimadir? Xizmat!
Ya’ni, darvish xizmat etgay!.. Savob qozonmoq uchun, Allohning rizosini topmoq uchun belgili yo‘l – xizmat yo‘lidir! Xizmat qilgaysan, har jonivorga; qushga, laylakka, mushukka, qo‘ziga, itga, insonga, insoni komilga… Har narsaga xizmat qilgaysan!.. Xizmat qilsa, izzat topgay inson.

ALLOH UCHUN SEVMOQ

Payg‘ambar janobimiz (s.a.v.) besh jumla bilan ifoda qilgan xususlar bor: «Haqqot muhabbatiy lil-mutazovirina fiyya», ya’ni, «Mening muhabbatim, sevgim, sevmog‘im, rozi bo‘lmog‘im vojib bo‘lgay, kerak bo‘lgay, tahaqquq etgay – muhaqqaq bo‘lgay… Kimlarga?.. Bir-birlarini Alloh uchun ziyorat etganlarga… «Va haqqot muhabbatiy lil- mutahabbina fiyya», ya’ni «Bir-birlarini Alloh uchun sevganlar, yaxshi ko‘rganlarga…» Keyin «Bir-birlariga Alloh uchun yordam berganlarga,  bir-birlariga Alloh rizosi uchun haqni so‘ylaganlarga, «mutanasixiyna fiyya…» kabi tomonlari ham bor hadisi sharifning…

Anglashiladiki, musulmonning musulmonni sevmog‘i, yaxshi ko‘rmog‘i ibodatlarning eng savoblilaridandir; ammo biz odatlangan tarzdagi ibodatlar emas.

Imomi G’azzoliy, roziyallohu anhu, ifodasi bilan aytganda «odat tarzidagi ibodatlarning» eng savoblilaridandir. Chunki bir musulmonning butun hayoti ibodatdir… Niyati xolis bo‘lsa, bir musulmonning butun hayoti ibodatdir, hatto uyqusi ham ibodatdir!.. Uyqusi sunnati saniyyaga uyg‘un bo‘lsa, uyqusi rizoi Boriy taologa muvofiq bo‘lsa, uyqusi yaxshi bir niyatga tayansa, uyqusi ham ibodatdir… Yemog‘i, ichmog‘i ham ibodatdir, ziyorati ham ibodatdir, birodarligi ham ibodatdir. O’sha mumtoz ibodatlar bilan birga bulardan ham ulkan savoblar olgay. Har on savob olgay… Niyati bilan bir musulmon har on savob olgay. Bu Islomning go‘zalliklaridan biridir…
Darvishlik, tasavvuf deb atagan narsamizning eng muhim tayanchlaridan biri, mo‘‘minlarning qardosh-birodar bo‘lmog‘i, og‘a-ini bo‘lmog‘i, do‘st bo‘lmog‘i, yor bo‘lmog‘idir; odat tarzidagi bir ishdan ham davomli savob olmog‘idir. Chunki bir-birlarini Alloh uchun sevganlar, mahshar kunida insonlar dahshatli qiyinchiliklar ichra qolganida, og‘irlik, qiyinchilik tuymagaylar; Arshi a’loning soyasida ardoqda bo‘lgaylar… Nurdan bo‘lgan minbarlarda o‘ltirgaylar, xaloyiq ularga havas etgay… Mahshar xalqi, mahshar joyidan ularni, xuddi biz dunyodan osmon yuzidagi yulduzlarni tomosha qilganimizdek, tomosha qilgaylar; «Bular payg‘ambar emas, shahid emas, ammo kim bular?» degaylar. Payg‘ambar (s.a.v.) janobimiz marhamat etadilarki: «Ular bir-birlarini Alloh uchun yaxshi qo‘rganlardir!..» Shuning uchun Alloh bir-birimizga nisbatan muhabbat va hurmat, birodarlik va do‘stligimizni xolis aylasin… Ibodat sifatlig‘ aylasin!..

SEVISH YO’LLARI

Bir oyati karimada: Alloh hazrati Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga xitob qilib: «Ayting (ey habibim): «Agar Allohni sevsangizlar, menga (ya’ni Rasulullohga) ergashingizlar, shunda Alloh sizlarni sevgaydir…», deydi. Ularga shundoq deb aytgil, Ey Rasulim, ya’ni, bandalarga: «Agar sizlar Allohni sevmoqni istasangiz, yaxshi quli bo‘lmoqni istasangiz, bizlar Allohning buyrug‘ini tutgaymiz, deydigan bo‘lsangiz, unda men Uning payg‘ambariman, menga itoat eting», deb ularning vazifasini tushuntir, ular senga tobe’ bo‘lsinlar. «Sizlar menga tobe’ bo‘lsangiz, unda Alloh ham sizlarni sevadi…», deb Men ne sabab ila sevmog‘imni ularga bildirgil, deydi Alloh jalla jaloluhu. O’shanda gunohlaringizni ham afvu mag‘firat etgay. Alloh bir qulini sevdimi, uni sevgisiga loyiq holga keltirgaydir. Poklagay, gunohlardan tozalagay, g‘aflatdan poklagay, jaholatdan poklagay, ichini nurlantirgay, qalbini nurlantirgay.
Birodarlarimizdan biri Madinai munavvaraga borib, Payg‘ambar janobimizning maqbarai saodatlari – turbati saodatlari qarshisiga o‘tiribdi, ko‘zlarini yumibdi. Hech narsa yo‘q… Debdiki, «Yo Rabbiy! Ol mening jonimni shu yerda, ol, modomiki, Rasulullohnining yuzini ko‘rmas ekanman, modomiki, shundoq ko‘rib yashamoqqa loyiq emas ekanman, ol mening jonimni! Meningdek adabsiz odamga yashamoq ham to‘g‘ri emas!» debdi. Shu zamon ko‘zidan pardalar ochilib, Rasululloh janobimizni ko‘rgan ekan…
Shuning uchun avliyoullohning vazifasi nima? O’zining so‘ziga quloq soladigan, o‘ziga tobe’ bo‘lgan insonlarni Rasulullohning sunnatiga ergashtirmoqdir!

ALLOHGA QULLARNI, QULLARGA ALLOHNI SEVDIRMOQ

Ashraf o‘g‘li Rumiy Iznikiy hazratlari, Qodiriyya tariqati asosida ashrafiyya sho‘‘basini tuzgan zot, «Muzakkin-nufus» nomli asarida aytadiki, «Shayxning ikki vazifasi bor: birinchi vazifasi qullarga Allohni sevdirmoqdir»: Bu osonroq, qullarga Allohni tushuntirasan, tanitasan, lutfini, karamini, hikmatini, san’atini, koinotni, atomlarni, yulduzlarni, gullarni, o‘simliklarni, hujayralarni, ilmda qay darajada teran bo‘lsang, shu darajada anglatasan, Uning qarshisidagi qul hayron qolgay. Subhonalloh, degay, Alhamdulillah, degay, hayron qolib Allohni sevgay. Hikmatlarini anglatgay, oyatlarini tushuntirgay, u esa ko‘z yoshlarini to‘kib, Allohni sevgay. Bitta vazifasi shu – qullarga Allohni sevdirmoq.
«Shayxning ikkinchi vazifasi Allohga qullarni sevdirmoqdir», deb aytadi, Ashraf o‘g‘li Rumiy. O’zi shayx-ku. O’zi murshid, bir tariqatning yo‘lboshchisi, tariqat sho‘‘basini tuzgan zot. Tariqatda ulkan bir cho‘qqi. «Allohga qullarni sevdirmoq», deydi. Tavba, astag‘firulloh, o‘zing bir ojizu nojiz qul bo‘lsang! O’tir, o‘tirgan joyingda! Allohga majburan bir ishni qildirmoq imkoni bormi?! Mumkin bo‘lgan gapmi shu!
«Yo Rabbiy, Sen shu qulingni sev!» deb ko‘rgin qani, sevarmikin? Ko‘raylik qani, qandoq sevarkin? Nima degani o‘zi «Allohga qullarni sevdirmoq!» Yo‘q, bu juda oddiy izohlangay! Muridlarni Rasulullohga ittibo’ ettirgay (ergashtirgay), bog‘lagay, eltib, Allohga ana shu yo‘l bilan sevdirgay! To‘g‘ri, Ashraf o‘g‘li Rumiy hazratlari bu o‘rinda quyidagi oyati karimaga suyangan, dalil keltirib degan: «Bismillahir rohmanir rohiym… Qul in kuntum tuhibbunalloha fattabi’uniy yuhbibkumulloh». Ya’ni: Qul agar Rasulullohga ittibo’ etsa (ergashsa), Alloh o‘sha qulini sevajagini mazkur oyati karima isbot etmoqda.
Demak, unda Ashraf o‘g‘li Rumiyning rejasi to‘g‘ri, sog‘lomdir. Muridini qayoqqa boshlaydi? «Keling, mening ortimdan, bir qancha marosimlar tuzaylik, qalpoqlar-kulohlar ijod qilaylik, sakkiz tilimli bo‘lsin, o‘n ikki tilimli bo‘lsin, sallaning rangi undoq bo‘lsin, jubbaning rangi bundoq bo‘lsin, eshikdan kirishda eshik uch daf’a o‘pilsin, to‘qqiz umbaloq oshilsin!..» deganga o‘xshash gaplar qiladimi?! Yo‘q! Nima deydi?
«Rasulullohga ittibo’ et!» deydi.

MUHABBAT BIZNING ASL USULIMIZDIR

Muhabbat muhim va ulug‘ bir manba’, muhim bir tuyg‘udir. Bizning asl usulimiz muhabbat usulidir. «Biz» deganda musulmonlarni nazarda tutaman. Islomning mohiyatida, tamalida bo‘lgan narsa muhabbatdir. Sevgi ulug‘ bir manba’, sevgi bosh tuyg‘udir…
Jihod sevgining amaliy bir shaklidir
Hatto jihod ham muhabbatdandir, Haqqa bo‘lgan sevgidandir. Haqqa, adolatga bo‘lgan sevgidandir. Jihod muhabbatning amalga oshgan bir shaklidir. Shu jihatdan biz bu muhabbat usulini xuddi ajdodimiz qo‘llagan kabi qo‘llamog‘imiz lozim. Yunus Emroning devonini boshdan-oxir o‘qib chiqing, jo‘shqin bir muhabbatga duch kelasiz. Mavlono Jaloliddin Rumiyning «Masnaviy»sini o‘qing, qaynoq bir ishqqa duch kelasiz. Xoja Ahmad Yassaviy «Hikmat»ini o‘qing, Ashraf o‘g‘li Rumiyning devonini boshdan-oxir o‘qing,
«Muzakkin-nufus»ni o‘qing, jo‘shqin, qaynoq muhabbatlarga duch kelasiz!
Ey Allohim, meni Sandan ayirma, Jamolingkim, meni andan ayirma, Seni sevmoq mening dinim, iymonim, Ilohiy, dinu iymondan ayirma. Baliqning joni suv ichra tirikdir,
Ilohiy, baliqni ko‘ldan ayirma!
Ya’ni, shoir baliq nechog‘ suvda tirik bo‘lsa, o‘zini shundoq muhabbat ichra tirik ko‘rmoqda. Muhabbat ila yashamoqni o‘ylayotir va shu muhabbatdan ayrilmaslikni istayotir.
Bu jo‘shqin muhabbat bizning zamonamizga qadar davom etib kelgan. Har joyda buni qo‘rgaymiz. Ibrohim Haqqiy Arzrumiyning «Ma’rifatnoma»sini o‘qing; tag‘in shunoq zotlarning, she’r yozgan kishilarning hayotini o‘qing; rahmatli Posho Dada va yoki Dorandali Xulusiy janobning devonlarini o‘qing; bosh mavzu, asos mazmunning, an’anaviy tarzda, Islomning mohiyatida bo‘lgan ishq-muhabbat ekanligini ko‘rasiz. Shundoq bo‘lgach, biz sevmoqni ham o‘rgangaymiz. Muhabbat tomirlarimizni ham ishlatgaymiz. Tiqinlari bo‘lsa, ularni ochgaymiz. Muhabbat tomirlarimiz guldur-guldur ishlasin; insonlarni sevaylik.

Hammani sevgaymiz.
Hatto hammani, har kimni sevaylik. Butun insonlarni, Hazrati Odam otamizning farzandlari, deb sevmog‘imiz mumkin.
Olmoniyada men bir mashina olishim kerak edi, bir do‘konga kirdik. Do‘kondor kishi – olmon, biz esa musulmonlarmiz. Mashina olmoqchimiz. Men tabassum qilib dedimki,«Hazrati Odamdan tarqalganmiz, birodarmiz, og‘a-inimiz». «Shundoq», dedi. Boshqa biror narsa deya olmadi.
Islomga ko‘ra shu zamonning butun insonlari, Payg‘ambari (s.a.v.) janobimizning ummatidir. Amerikaliklar ham, ruslar ham, braziliyaliklar ham, eskimolar ham, hindlar ham, yaponlar ham… hammalari ummati da’vatdir.
Tasavvuf bo‘lmaguncha islomiy yuksalish bo‘lmas, noqisdan komil ish chiqmas.
Chiroyli axloqqa qarab kelayotir insonlar. Demakki, yumshoq qalblikka, muhabbatga qarab kelayotir. Mana, bizning usulimiz mana shudir.
Zafar qozonmoq uchun ikki shart ilgari qo‘yiladi: birinchisi – sabr, ikkinchisi – taqvo.
Taqvo – islomiy tasavvufning g‘oyasi. Muhabbat – islomiy tasavvufning g‘oyasi. Go‘zal axloq – islomiy tasavvufning g‘oyasi. Tasavvuf bo‘lmaguncha, islomiy yuksalish bo‘lmas, aziz birodarlarim! Mumkin emas. Inson inson bo‘la olmas, insoni komil bo‘la olmas. Komil bo‘lmagan insonlardan esa komil ish chiqmas, hamisha noqis ish chiqar, yuzlarni, ko‘zlarni bulg‘aylar.

BIR-BIRIMIZNI SEVMOG’IMIZ KERAK

Bir-birimizni qon qarindosh kabi, jon qarindosh kabi, ota-onasi bir og‘a-inilar kabi, hatto, undan ham kuchliroq sevmog‘imiz kerak.
Ba’zi bir samimiy do‘stlik, birodarliklar bor: ba’zan maktabda rivoj topadi, ba’zan askarlikda uyg‘onadi, ba’zan haj yo‘llarida paydo bo‘ladi, namoyon bo‘ladi. Ba’zan mahalladan, bolalikdan do‘stlik paydo bo‘ladi. Xullas, juda sog‘lom bir birodarlik, ahboblik bo‘lgay. Ayrim birodarlarimiz orasida shundoq bir samimiyatni ko‘rmayotirmiz. Bo‘lmog‘ini orzu qilamiz. Ba’zilar o‘rtasida bor shundoq samimiyat, ko‘rib mamnun bo‘lamiz, mamnunmiz. Alloh rozi bo‘lsin!
Faqat ayrimlar orasida, go‘yo Islom ikkinchi darajada turgandek, go‘yo tasavvuf va tariqat hamda ma’naviyat birodarligi ikkinchi o‘rinda qolgandek bir holat, tasavvur bor. Ayollar orasida ham shundoq, erkaklar orasida ham shundoq. Bizning munosabatlarimiz ahli dunyo kishilarining bir-birlariga bo‘lgan munosabatlaridek shakllangan, o‘shandoq sovuqlashgan.
Istaymizki, muhabbat bo‘lsin, sevgi bo‘lsin, samimiyat bo‘lsin, qardoshlik-birodarlik bo‘lsin. Bu qandoq amalga oshgay? Birga-birga ovqatlangaylar, o‘ltirgaylar, turgaylar, gaplashgaylar. Bolalar bir-birlari bilan tanishsinlar, xonimlar bir-birlari bilan tanishsinlar,erkaklar bir-birlari bilan samimiyatlarini kuchaytirsinlar. Dinimiz istagan qardoshlik, birodarlik, mehr-muhabbat, mavaddat (do‘stlik), bog‘liqlik, samimiyat va ixlos qaror topsin va shakllansin. Bir tomondan bir ulug‘ maqsadimiz shu. Chunki jannatga kirmoqning sababi, savobga erishmoqning manbai musulmonlar bir-birlarini sevmog‘idir!

Madinada Payg‘ambar janobimizning masjidiga borib, bir hafta-sakkiz kun o‘sha yerda qolsak, 40 vaqt namozni unda o‘qidim, deb qo‘p sevinamiz. Buni qila olmagan birodarlarimiz o‘kinadilar. Bir yil u yerda e’tikof o‘tirmoq naqadar savobli! Lekin musulmonning bir musulmon birodariga shavq bilan nazar qilmog‘i undan ham yaxshiroqdir. Demakki, ich-ichimizdan bir shavq uyg‘onmog‘i lozim. Qardosh- birodarlarimizga nisbatan bir muhabbat uyg‘onmog‘i lozim.
Bu o‘rinda ikki nuqta bor. Birinchisi, biz o‘z birodarimizga nisbatan o‘zimizni, qalbimizni ta’mir etmog‘imiz lozim. «Men bu birodarimni nega sevmayman? Nega su’i zan (bad gumonlik) qilaman? Nega sovuqman? Nega iliy olmayman?» Bu bir jihatdan o‘z ichimizda, o‘zimiz bilan bog‘liq bir muammo. Ayb mendami, ajabo. Mening jihozlarim zanglaganmi? Menda biror xato bormikin? – Ishning bu bir tomonini o‘ylamog‘imiz kerak.
Ikkinchidan, birodarlarim meni yaxshi ko‘rmayotir. Birodarlarimiz bilan oramizda sovuqlik bor. Menda ne ayb bor ekan? Ajabo, muhabbatni orttirmog‘im uchun o‘zimni qanday tutmog‘im kerak? Nimalar qilishim mumkin? – deb ishning boshqa bir tomonini o‘ylamoq bor.
Ya’ni, bir tomondan biz, ya’ni «A» shaxsi, ikkinchi tarafdan esa buning muqobili bo‘lmish
«B» shaxsi bor. Ikkisi ham bir-biriga naqadar shavqli bo‘lmog‘i uchun o‘z-o‘zini nazorat qilmog‘i kerak. Taraflar, ikkisi ham birdan: «Yanada shavqli, yanada jonu-dildan, yanada samimiy, yanada birodarlarcha bir qardosh-qarindoshlikni qanday ta’minlamog‘imiz mumkin?» deb buning choralarini qidirmoqlari darkor.

YO’LIMIZ SABR VA SEVGI YO’LIDIR

Bizning usulimiz sabr va sevgi usulidir. Mashaqqati bor, qiyinchiligi bor bu yo‘lning… Xizmatning azoblari bor. Sabr qilurmiz, uyqusiz qolgaymiz, och qolgaymiz, jarohat topgaymiz, pulsiz qolgaymiz… Pullar xarjlashimiz kerak bo‘ladi, terlashimiz kerak bo‘ladi… Sabr qilgaymiz va xizmatimizni suyib bajargaymiz. Bizning usulimiz sevgi, mehr-muhabbatdir. Muhabbat bilan juda ko‘p eshiklar ochilgay. Badjahllik bilan ochilmagan juda ko‘p eshiklar mehr-muhabbat bilan ochilgay. Bizning tasavvuf yo‘limizning usuli muhabbatdir.
Bizning ulug‘larimiz ko‘pgina o‘lkalarni muhabbat bilan fath etganlar. Qurol-aslahasiz, to‘psiz, to‘pponchasiz, miltiqsiz, askarsiz, mehr-muhabbat bilan fath etganlar. Bizning usulimiz shudir. Yunusning usuli budir, Yassaviyning usuli budir, Ashraf o‘g‘li Rumiyning usuli budir, Ibrohim Haqqiy hazratlarining usuli budir!
Shayx Yusuf Hamadoniy hazratlari to‘qson ming majusiyni musulmon qilgan… Urush bilanmi?.. Yo‘q!.. Janjal bilanmi?.. Yo‘q! Muhabbat bilan, do‘stlik bilan, ziyorat bilan! Uylariga borib-kelishlar bilan, yo‘qlashlar, yaxshilik qilishlar bilan… Urush eng so‘nggi choradir, muhtaram birodarlarim! Alloh yo‘lida o‘ldirish, jang… Tig‘ borib suyakka yetgandan keyingina qilinadi. Undan oldin qilinadigan ko‘p ishlar bor.
Islomni bilmagan insonlar, ishni jang-jadal tomonga burib, eng so‘nggi ishni eng boshida qiladilar, musulmonlikni urush dini, qon dini, gunohkorlik dini qilib ko‘rsatmoqqa urinadilar. Ovruponing usuli shudir. Bizning usulimiz bu emas!.. Bolqonlarning futuhoti muhabbat bilan bo‘lgan, darvishlar bilan bo‘lgan… O’rta Osiyoning futuhoti muhabbat bilan bo‘lgan… Qurol-aslaha bilan bo‘lgan emas. Qurol bilan, harb bilan bo‘lgani yo‘q. Bizning yo‘limiz muhabbatdir. Sevmoqni o‘rgangaysiz, sevgi bilan – mehr-muhabbat bilan harakat qilmoqni o‘rgangaysiz!..
Muhabbat bir qancha jarohatlarni davolagay… Muhabbat bir qancha mushkullarni hal etgay… Muhabbat ko‘plab eshiklarni ochgay… Muhabbat bilan rohib (pop) musulmon bo‘lgay… Mehr-muhabbat bilan harakat qilganingda, axloqi hamida bilan harakat qilganingda har kimning ko‘ngliga yo‘l topgaysan… ko‘nglini olgaysan… Qo‘pol-qo‘rs bo‘lsa, insonning atrofida biror kimsa qolmas.

Saudiyada mendan so‘radilar… Jiddada bir nahoriy nonushta tashkil etib, bizni to‘plashdi. Turkiyadan borgan boshqa professorlar ham taklif etilgan… Dedilarki,
«Turkiyada 99 foiz musulmon bor, ammo nechun ulkan Islomiy bir taraqqiyot yo‘q…» Aytdimki, «Yuksalish, taraqqiyot, yordam faqatgina Allohdandir. Allohga tayanmagan bir ishning foydasi bo‘lmas, shu ma’lum bo‘lsin!..» Alloh xohlamasa, bo‘lmas. Allohdan so‘ramog‘imiz lozim, duo qilmog‘imiz lozim… Duo qildik, qara, qandoq yomg‘ir yog‘di!.. Demakki, bunday diyorlarda, bunday mamlakatlarda hali duogo‘y insonlar bor ekan-ku! Nega yomg‘ir uchun duo qilindi-yu, Islomiy yuksalish, rivoj uchun duo qilinmaydi?..
Nega Fotih jome’sida hozirga qadar hech: shu musulmonlik rivoj topsin, deb duo qilinmagan?.. Qanday materialist (moddiyunchi) insonlarmiz biz?.. Qanday moddaparast insonlarmiz!.. Yomg‘ir yog‘may qolsa, o‘n besh ming kishi Fotih jome’sida to‘planadi, yig‘lashadi: «Yo Rabbiy, yomg‘ir yubor!» deb. Islom ketyapti, ammo hech kimning tuki qimirlamaydi!.. Ketsa ketaversin, deydi. Chunki uyida o‘zi Qur’on o‘qiydi, tasbih o‘giradi, yotadi!.. Shundoq beparvolik qilish mumkinmi?.. Yomg‘ir umumiy yog‘ganidek,
Islomning rivojlanmog‘i uchun, musulmonning qutulmog‘i uchun nega duo qilmaysan?.. Rivoj bergay!.. Alloh kimning duosini qabul etadi?.. Albatta, sevgan qulining duosini qabul etadi. Eng birinchisi shu!
Ikkinchidan, Qur’oni karimda Alloh taolo hazratlari Payg‘ambar janobimizga buyurgayki:
«Fa bi-ma rohmatim-minallohi linta lahum».
Ya’ni, «Ey Rasulim, Allohning lutfi, rahmati bo‘lib, (Allohning lutfi bilan, karami bilan, Alloh yordam qilib, Alloh shundoq ilhom berib, ko‘p shukrki), ularga muloyim munosabatda bo‘lding… Atrofingdagi ul qusurli musulmonlarga muloyim bo‘lding». «Valav kunta fazzan g‘aliyzal-qolbi, lan faddu min havlik»
– «Agar qattiq qalblik bo‘lsang eding, atrofingdan tarqalib ketar edilar», deydi. Demakki, insonlarni birlashtirgan, to‘plagan narsa go‘zal axloq ekan, shirin til ekan, toza, pok qalb ekan, axloqi hamida ekan, jo‘mardlik ekan!.. Insonlarni tumtaraqay tarqatgan narsa qo‘pollik, qattiqlik, g‘avg‘o va terslik ekan… Shuning uchun hech ish chiqmayotir. Shuning uchun, shunga tirishamiz, qo‘llab-quvvatlaymiz, undoq qilamiz, bundoq qilamiz, ortiq hech ish chiqmaydi. Nega?.. Qattiqlik bilan bir ish bo‘lmas, g‘avg‘o bilan bo‘lmas, adabsizlik bilan bo‘lmas, qosh chimirmoq bilan bo‘lmas, ayblamoq bilan bo‘lmas!..

Tushungaysan, tushunganingni ko‘rsatgaysan, yumshoq harakat qilgaysan, sevgaysan… Yolg‘ondakam sevmoq bilan ham bo‘lmaydi, soxta muhabbat bilan ham bo‘lmaydi, chinakamiga sevgaysan! «Bu Allohning quli», degaysan. «Bu hazrati Odam otamizdan mening birodarim, hamjinsim», degaysan. «Adashibdi, men ham bir sira yanglish ishlar qiluvdim. Bu ham, inshoalloh, tuzalgay», degaysan, yumshoq munosabat qilgaysan. Ayrim musulmonlar qamoqqa tushib, qamoqdan Barbod Sulaymonni musulmon qildilar, shundoq chiqdilar… Barbod Sulaymon deb nom olgan, sochini ustaraga urgan odam, qamoqdan musulmon bo‘lib chiqdi… Inson tuzalgay. Barbod Sulaymon chiroyli musulmon bo‘la olganidek, hazrati Umar, hazrati Payg‘ambarimizni o‘ldirmoqqa chiqib, oqshomga borib, musulmon bo‘lganidek, bo‘lishi mumkin. Bu jihatdan bizning usulimiz sabr va sevgidir, buni o‘rganingiz!..
G’avg‘o, shovqin-suron bilan bo‘lmas. Musht bilan biror insonning Islomga kelgani ko‘rilgan emas… «Falonchi, bu yoqqa kel! Yo musulmon bo‘lasan, yo bir musht bilan burningni pachoq qilaman! Burningni qonatib, o‘ttiz ikki tishingni to‘kib qo‘lingga beraman!..» Bunday yo‘l bilan birovning musulmon bo‘lgani ko‘rilgan emas. G’avg‘o bilan, shovqin-suron bilan bo‘lmas, bu eng so‘nggi yo‘ldir. Ya’ni, «Fa-mani’tada alaykum, fa’aduu alayhi bimisli ma’tada alaykum» – «Sizlarga kim tajovuz qilsa, tajovuz miqdorida siz ham ularga qarshilik qilingiz», deyiladi. Bu eng so‘nggi choradir. Ammo bundan oldingi chora, sevgidir, sabrdir.
Ro‘parangdagi insonni sevmoqni o‘rgangaysan. Seviladigan tomonlarini topgaysan. Toza qalb, ishonchli, nekbin bo‘lgaysan… Bir ulug‘ kishi aytadiki, «Gulning tikanli ekanini ham tanqid qilaverish mumkin». Tikanli, qo‘limni qonatdi, buni qara, xanjardek tikanlari bor. Tikanli bir giyohda esa xushbo‘y bir gul chiroyli bir gul bo‘lishini o‘ylamoq – bu ko‘tarinki, nekbin tushunchadir! Ya’ni, o‘sha tikanlar orasida sassiq hidli, yomon bir giyoh ham bo‘lishi mumkin edi. Undoq emas! Qara, qandoq chiroyli gul ochibdi!.. Har bir insonning tikani bor, guli bor. Guliga qarab, shundan sevgaysan… «Tikanini sev!» demaymiz.
«Tikanini maqta, yaltoqilik, maddohlik qil!» demaymiz.

SEVDINGMI, MAHKAM USHLAGIL

Sevdingmi bir insonni, uni mahkam ushlagaysan… Muhabbat bir narsani hal etgay. Ota o‘g‘lini to‘g‘ri yo‘lga yursin, deb uradi. Bola to‘g‘ri yo‘lga kelmay, qaysarlik qiladi, uydan qochadi! Ona mehr ko‘rguzadi, ona farzandini o‘ylaydi.
Shuning kabi muhabbat bizning usulimizdir, tasavvuf usulidir. Islomning yoyilmog‘i shundoqdir. Muhabbat shevasiga hech e’tiborsizlik qilmang, nazardan qochirmang buni… Zero ichingiz komil bir iymon bilan nurlangan paytdagina yaxshi ko‘rasiz. Shu iymon, shu mehr-muhabbatni maydonga keltirgay. Muhabbatga to‘lg‘un bo‘lur inson… Maxluqotni sevgay inson… Yaratilgan narsalarni Yaratgan tufayli yaxshi ko‘rmoqqa boshlar; Yunus kabi jo‘shqinlashar inson, Yassaviy kabi yonur, Ashraf o‘g‘li Rumiy kabi bo‘lar:
«Baliqning joni suv ichra tirikdir, Ilohiy, baliqni ko‘ldan ayirma!» deganidek, muhabbatga to‘lgay inson.
Xonaqohlarimizda, dargohlarimizda bizning o‘rgatmoqchi bo‘lgan narsamiz muhabbatdir. Qardosh-qarindosh bo‘ling, bir-biringizni, yaxshi qo‘ring!.. Aybi-kamchiligi bor kishining aybu nuqsoniga qaramay, yaxshi qurmoqni o‘rganing. Bu insonlar ham bir kun kelib musulmon bo‘lgay, deb sevmoqni o‘rganing. «Bu italyandir, bu ispandir, bu inglizdir, bu amerikalikdir, balki musulmon bo‘lar», deb o‘ylang. Unda iymon gavharini balki yashnata bilurman, deb yoniga borib, urinib ko‘ring.
Men Amerikaga borgan edim, bir yahudiy kishi, o‘zi boy, neft konining boshlig‘i, musulmon bo‘lganini aytdilar. «Yahudiy ham musulmon bo‘lar ekanmi?» dedim… Ya’ni chinakamiga musulmon bo‘lganmikin, demoqchiman…
«Domlajon! Jome’ni supurayotir, eshikning oldida o‘tiradi, shunchalik tavozu’ sohibiki… Shunchalik hurmat sohibiki, tizzalab o‘tiradi…» deyishadi. Bo‘ladi! Mehr-muhabbat bilan bo‘ladi, birodarlarim!.. Muhabbatni unutmang, muhabbatni o‘rganing!..
Bizning ko‘p dushmanlarimiz bor, Alloh madadkorimiz bo‘lsin… Shayton – usta bir dushman. Odam otamizdan beri boshimizda kulfatdir bu… Nafs – ichimizdagi dushman… Raqiblar bor: o‘zlari musulmon, ammo sening yaxshiligingni xohlamaydi, oyog‘ingdan chaladi. O’zi mo‘‘min, ammo hasadchi, rashkchi. Qarang, Payg‘ambar janobimiz: «Barot kechasida Alloh hammani afv etadi, ko‘p insonlarni afv etgay, falon qabila qo‘ylarining sanog‘icha insonlarni afv etgaydir», deydilar; afv etilmaydiganlar orasida «Nomussiz kimsalar, ichkilikka berilgan kimsalar bo‘ladi», deydilar. Yana aytadilarki: «Kekchi-hasadchi, ichida musulmon birodariga qarshi kin qaynagan, adovat bo‘lgan kimsalarni ham afv etmas», deydilar. Ikki musulmonning bir-biridan xafalashuvi davom etsa, Alloh ularning afvini ham orqaga suradi: «Avval ular yarashib olsinlar, undan keyin afv etgaymiz», deydi.
Shuning uchun insonlarning hozirgi holiga qaramang, uning ichidagi iymon imkoniyatiga qaragaysiz. Bir kofirning shu ondagi holiga boqmagaysiz, uning imkoniyatida musulmon bo‘lish ehtimoli borligiga qaragaysiz. Shuning uchun unga nisbatan oliyjanob harakat etgaysiz… Unga ham Islomning go‘zalligini ko‘rsatgaysiz… Unga ham axloqi Islomiyaning naqadar teran ekanligini anglatadigan harkatlar qilgaysiz.
Bu jihatdan birlashtiruvchi toifa bo‘lmoqqa, do‘stliklarni rivojlantirmoqqa majburmiz. Va Alloh bizga bergan butun kuch-imkoniyatlarni qo‘llashga majburmiz. Bir yurt ichidagi butun guruhlarning islomiy-axloqiy xizmatlarda ishtirok etmog‘ini ta’minlamoqqa majburmiz. Ranjitmoq, qoralamoq, chetlamoq, nafratlantirmoq, g‘azablantirmoq, kuch bilan majburlab gunohga undamoq, faoliyatsiz holatga keltirmoq to‘g‘ri ish emas. Mening rahmatlik onam bundoq der edilar: «Onalik vazifasi farzandni o‘ziga qarshi isyon qildirmaslikdir». Ya’ni, bir gapni gapirsang, tinglamaydi, onasiga osiy bo‘ladi, boshiga tosh yog‘adi. Bolani onaga osiy bo‘ladigan holatga tushirmaslik sergak onaning vazifasidir.

BURCHIMIZ BIRODARLIKDIR

Alloh sizlarga amr etganidek: «Ey Allohning qullari, bir-biringizga birodar bo‘lingiz».
Ko‘ring, bir uyda ulg‘aygan, ota-onasi bir insonlar bir-birlarini qandoq yaxshi qo‘radi, yaqinlik tuyadi, bir-birlarini qandoq qo‘llab, qandoq yordamchi bo‘ladi bir-birlariga!.. Islom ana shundoq bir oiladir! Alloh taolo hazratlari Qur’oni karimda musulmonlarni bir- birlariga birodar qilgan va musulmonning musulmonga birodarlik qilmog‘ini amr etgan. Ana, Alloh Qur’onda amr etgani kabi,   Payg‘ambar janobimiz (s.a.v.) ham: «Ey Allohning qullari, bir-birlaringizga birodar bo‘lingiz, qardosh bo‘lingiz», deb marhamat etadilar. Birodarlikning insonga beradigan ma’naviy darajalarini ta’riflamoq juda qiyin. Birodarlik qilganlarga juda yuksak ma’naviy daraja bergaydir Alloh taolo hazratlari.

Arshi a’loning ko‘lkasida ko‘lkalangaylar.

Insonga muhabbat ato etgan darajaning yuksakligi xususida ikki narsani ta’kidlamoqchiman:
Alloh taolo hazratlari amr etganidek bir-birlari bilan do‘st bo‘lgan, birodar bo‘lgan, muhabbatli do‘st bo‘lgan insonlar, qiyomat kunida, mahshar kunida boshqa insonlardan ayrilib turguvchi bo‘ladi.
Odamlar juda izdihomli, juda uqubatli, juda qo‘rquvli bir holatda turgan paytlarida, har kim qiynoq-iztirobda turgan bir holatda, quyosh tepalariga kelgan, boshlarini qizdirib yuborgan, terlarga g‘arq bo‘lgan, ter yerlarni ho‘l qilib, hatto ko‘tarila boshlagan, hatto ter tizzalariga qadar, bellariga qadar, qay birlarining og‘izlariga qadar, quloqlariga qadar chiqqan… Ya’ni dunyodagi gunohlari, ayblari tufayli, Mahshargohning o‘rtasida kutish azobi ichra og‘ir qiynoqlar chekadilar. Yaxshilik qilganlar, sadaqa berganlar nisbatan bu qiynoqlardan mahfuz – himoyalangan bo‘ladilar. Qilgan yaxshiliklari, bergan sadaqalari boshlariga soya bo‘ladi! Quyoshning bundoq haroratini his etmaydilar. U qiynoq- uqubatlarni unchalik to‘ymaydilar.
Ammo ba’zi muhtaram qullar, muborak qullar suyukli qullar Arshi a’loning ko‘lankasida ko‘lkalangaylar… Yuzlari nurli, minbarlarga chiqqan, minbarlari nur, ustlaridagi kiyimlari nur, yuzlari nur… Hamma ularga havas qilgay. «Kim ekan bu muborak zotlar?» deb hamma hayron, hamma havas qilgan, hamma ularning holatiga tamshanib boqqan.

Hodisa bayon qilinganida ashobi kirom Payg‘ambarimizdan so‘raydilar:
– Yo Rasulalloh, siz ta’rif etgan bu muborak zotlar kimlardir? Payg‘ambar janobimiz (s.a.v.) marhamat etadilar:
– Bular bir-birlarini Alloh uchun, Alloh yo‘lida sevib-yaxshi ko‘rib, muhabbat bog‘lab, do‘st bo‘lgan kishilardir, muhabbatlashgan kishilardir.
Payg‘ambar emas, shahid emas… Ammo hamma ularning yuksak martabalariga havas qilgay. Bular Arshi A’loning soyasida, nurdan bo‘lgan minbarlarda o‘tirgaylar; insonlar izdihomli, qiynalgan, terlarga botgan; bular soyada; boshqa insonlar qiynoqda, bular minbar ustida, Allohning ikromiga sazovor! Haligilar ellik yil kutmoq qiyinchiligi ichida ekan, Alloh ularga bu qiynoqli, uqubatli vaqtni hech sezdirmaydi. Pastdagilarga juda og‘ir, qiyin bo‘lgan bunday vaqt bular uchun bir namoz o‘qib olgulik fursat kabi g‘oyat oson, yengil kechadi.
Albatta, bular jannatga kirgaylar va mehr-muhabbatlari, do‘stlik va birodarliklari tufayli jannatda Alloh taolo hazratlari bularga shundoq istisno ikromlar qo‘rsatgayki, shundoq ko‘shklar baxsh etgayki, aslo ta’riflarga sig‘mas… Bu muboraklar ko‘shklarning ayvonlariga chiqqan paytlarida jannat yorishgay.
Aytiladi-ku, jannatda soyalar ostida hamma shunday safo qilgay. Ammo bular ayvonga chiqqanlarida, yuzlarining nuridan jannat yorishgay. Qorong‘u bir kechada oy yoritgan bir pallani yoki dunyoda shunga o‘xshash bir narsalarni eslashimiz mumkin. Shundoq, bular «ayvonga chiqdi» deb jannatning har tomoni yorishgay va jannat ahli bir-birlariga degaylarki, «Bir-birlarini Alloh uchun sevganlar bir muborak ayvonga chiqibdi, qani yurgil, ularni tomosha qilamiz». Ya’ni, tomoshasi ham bir safo! Demakki, yoqimli bir manzara: ularni ko‘rmoq uchun jannatdagi insonlar to‘planishadi, «Bularni tomosha qilgani boramiz», deyishadi.
Xuddi porloq yulduzlarni yerdagi insonlar tomosha qilgani kabi, yuksaklarga boqgaylar. Ul muboraklarning siymolarini tomosha qilmoqlikda boshqacha bir zavq, ayricha bir lazzat bo‘lgaydir, demak…

Birlik va hamdamlikning ahamiyati.

Inson birlik va hamdamlikni istaydimi yoki bir-birlariga qarshilik, g‘avg‘o, xafalik, tortishuv, hasadchilikni istaydimi? Qay birini istaydi?
Keling, bu sahih hadisi sharifning ma’nosini hayotimizga joriy qilaylik, u qulog‘imizdan kirib, bu qulog‘imizdan chiqmasin. Bir-birimizga dushmanlik qilmaylik, aloqalarni uzib, buzib bir-birimizga nasib etgan ne’matlarni qizg‘anib, bir-birlarimizga qarshi bo‘lib qolmaylik…
Musulmonlar bir maydonga kelsa, ko‘p yaxshiliklar yuzaga kelgay.
Alloh barchamizga sevgining totini tottirsin. Sevib, Alloh istagandek, Rasululloh tavsiya etganlaridek, do‘st, birodar bo‘lmoqni, birodarlardek yashamoqni, sevib yashamoqni, fidokorlik qilmoqni, ikromda bo‘lmoqni, hadyalashib, salomlashib, yordamlashib, yashamoqni Rabbimiz barchamizga nasib aylasin!

DO’STLIKLAR, DO’STLIKLAR…

Odam topmoqqa juda e’tibor qiling!.. Do‘stliklar!.. Do‘stliklar, do‘stliklar… Ko‘ngilni olmoq, qalbni topmoq, birodar tutinmoq, har kuni birodarlarini orttirib bormoq… Fihrist daftariga yangi ismlarni qo‘shmoq… Alloh rizosi uchun bo‘lishi sharti bilan ziyoratlar va yana ziyoratlar qilmoq… Endi menga og‘alarim aytishadiki: «Istanbuldan chiqma, boshqa tashqi, chekka viloyatlarga ketma!.. Qara, Istanbul falon million, ustozim, qancha Onado‘li shahridan afzal! Ellik minglik bir shaharga borasan, uch kuning yo‘lda ketadi. Bu yerda seni izlaganlar topa olmaydi…» Yaxshi, ammo men borgan joyimda birodaralarim anjumani bo‘ladi, dars bo‘ladi!.. Bir kishi bo‘lsa ham, borgayman!.. Hatto bir kishi bo‘lsa ham, Fizonga qadar borgayman!.. Bir zal to‘lgulik odam to‘planadi. Antaliyalik birodarlarim eslaydilar: «Meni faqat markazlarda gapirtirasiz, bir oz uzoq
viloyatlarga ham eltsalaringiz-chi!» dedim. «Ketdik!» deyishdi. «Lekin, afsuski, shundoq, undoq, bundoq… Qaerga boramiz?..» «Olmaliga boramiz!» dedik. «Olmalida hech tanishlarimiz yo‘q-da», deyishdi. Men aytdimki, «Mening bir tanishim bor». «Kim?» deyishdi. «Olmalik Sinoni Ummiy hazratlari!» dedim. «Tasavvuf adabiyotidan bilaman, shundoq bir muborak zoti muhtaram bor, uni taniyman men. O’shanga boramiz»,
dedim.
Turdik, Antaliyadan u yoqqa ketdik. Peshin namozida u yerda bir kishi bilan qo‘rishdik:
«Ooo, marhabo!» Birodarlar salomlashdilar… Undan bir imom-xatib birodarimiz bilan qo‘rishdik… Bittasi yonimizga yondoshib: «Bir qahvamizni, choyimizni ichmaysizmi?» dedi. «Ichamiz!» dedik. Jon deymiz!.. Bordik, choyini ichdik. «Xojam, bu kecha biznikida qolmaysizmi?» dedi. Valloh, xuddi shundoq gaplashdik. Biror tanish kishi topa olsak, qolamiz, topa olmasak, mashinamiz tagimizda – qaytib kelaveramiz, Antaliya bu yerdan ko‘p uzoq emas, deb o‘yladik. «Mamnuniyat bilan qolamiz!» dedik. Va qoldik. Uylarining zali katta ekan, yonida yana bir zal bor edi. Ikkovini ochishdi, odamga liq to‘ldi.
Men shunday bir so‘radim: «Sening kasbing nima?.. Sen nima ish qilasan?..» «Qur’on kursi domlasiman, muhandisman, davlat ishlarida ishlagan falonchi, nafaqador falonchi…» bir jamoa birodarlarimizning hammasi zikr darsini oldi, oltmish-sakson kishi hammasi zikr vazifasini olishdi. Endi Olmaliga borib bo‘lmaydi?.. Ya’ni, o‘n ming aholisi bor, deb sakkiz ming, besh ming aholisi bor deb, u yoqlarga borilmaydimi?.. Birodar topgan bo‘ladi inson… Birodar topgan bo‘ladi, qarindosh topgan bo‘ladi, do‘st topgan bo‘ladi…

Va bir-birlarini Alloh uchun sevganlarning mukofoti juda ortiqdir. Shuning uchun muhabbat bizning sarmoyamiz, sevgi bizning muvaffaqiyat eshigimizdir!.. Bir-birimizni sevgaymiz va birodarlikni rivojlantirmoqqa, kengaytirmoqqa uringaymiz, muhtaram birodarlar!
Endi, layoqatli, munosib xodimlar yetishtirishga majburmiz. Islomga xizmat qilmoq uchun yetishgan, kamolga yetganlarni payqamay o‘tib ketish yo bir quvlik, yo laqmalikdir. Irshod etgaysan, tinglagay. Munosib bir odamni qo‘lga kiritgaysan: bir yuksak muhandis, bir professor… Sizning jomadoningizga kakliklar kirgay, juda go‘zal bir narsa!.. Ammo Alloh uchun ham go‘zal! U kishi uchun ham go‘zal, siz uchun ham go‘zal!.. Ya’ni, har kim bu ishdan naf topgay, kelgan kishi ham foyda topgay. Faqat Islomga xizmat qilmoq uchun biz yanada kuchliroq tayyorlanmoqqa majburmiz. Xarajat eshiklarini ochmoq kerak. Inglizchani biladigan din kishilariga ehtiyoj zo‘r.
Tanilgan, juda mashhur boylardan bo‘lgan bir qancha kishilar qoshiga ko‘pdan beri bora olmayotirmiz… Otam: «Boraylik» dedilar. «Xo‘p, otajon!» dedim. Bir kun bordik, u yerda gaplashildi. Janubiy Afrika mamlakatlaridan kelgan, ustlarida yozuv yozig‘liq: «Inglizchani biladigan ikki nafar din odamini izlaymiz» degan. Bular qidirib, Turkiyada o‘zlariga foydali bo‘lgan din odamini topa olishmabdi!.. 55 millionlik Turkiya mamlakatida, Dorul Xilofoti Oliyaning vorisi bo‘mish Turkiyada, 99 foiz aholisi musulmon bo‘lgan Turkiyada inglizchani biladigan bitta domla topilmabdi!..

Domlalar ham oz emas edi, Turkiyada inglizcha so‘zlashadigan faqat men emasman, ya’ni… Men go‘yo professorman, imtihonldardan o‘tdik. Bir emas, ikkita g‘arb tilini, peshonamiz sho‘ri bilan o‘tdik. Terlab, haq bergaymiz. Buning uchun ayrim birodarlarim tabassum bilan qarshilagan bir nazariyam va taklifim bor mening: «Yoshlardan bo‘ydoqlari bo‘lsa, borsinlar, u yoqlardan qiz olsinlar, u yoqlardan qarindoshlik tuzsinlar!» degan edim. Muhimi – Islom o‘lkalari bilan bo‘lgan aloqalar quvvatlanmog‘idir. Masalan, bir yurtdoshingiz Sudanlik bir qizga uylanib, o‘sha yerda yashayotgan bo‘lsa, sizning ham u yurtlarga borishingiz qulay bo‘ladi… Qiyin bir ish bo‘lmaydi. Misrga bemalol borgaysan. Pokistonga va hokazo joylarga bemalol borgaysan. Bularning tashqi do‘stliklari va ichki do‘stliklarini – ish birligini butkul ta’minlagaymiz.
Bunday munosabatlar, rivojlanishlar Bolqonlarga nisbatan, Yugoslaviyaga, Bulg‘oristonga, Yunonistonga, Ruminiyaga, Markaziy Osiyoga nisbatan, Kavkaziyaga nisbatan, O’rta Sharq o‘lkalariga nisbatan, Janubiy Osiyoga nisbatan bo‘ladigan bir qancha vazifalarga bizni tortgaylar. Chegaralar kengayadi, kelib-ketish imkoniyatlari ortadi; biz bu qardosh birodarlarimizga xizmat qilishga mas’ul bir holatga yetgaymiz. Ma’naviy mas’uliyatimizning saxosi ochilgay: xizmat sohamiz ochilgay. Bir zamonlar kelib, Yugoslaviyaga bormog‘imiz lozim bo‘lur… Bir zamon o‘tib, Kavkaziyaga bormog‘i lozim bo‘lgay domla birodarlarimizning…
Hozirdan esa, faqat ziyoratlar bo‘lgay. Markaziy Osiyo jumhuriyatlarini kezmoq lozim bo‘lgay…
Tujjor birodarlarimiz borib kelmoqlari kerak… O’shal istiqbolli munosabatlar uchun hozirdan hozirlanmog‘imiz lozim. Domla birodarlarimizdan bir qismi, masalan, qozoqchani o‘rganmog‘i lozim!.. Bir qismi: masalan, turkmanchani o‘rganmog‘i lozim. O’zbekchani o‘rganmog‘i lozim!.. Jindak farqlari bor, u kitoblarni olmog‘i lozim, o‘qimog‘i lozim!.. Qaerda xizmat ko‘rsatsa, qaerda ish qiladigan bo‘lsa, u yerning tilini, madaniyatini o‘rganish ishlarini qilmog‘i lozim, mening ojizona fikrimga ko‘ra…
«Musulmonlarning tashvishiga sherik bo‘lmagan, dardlari bilan og‘rimagan (kishi) bizdan emas!» deydilar Payg‘ambar janobimiz (s.a.v.).Bir kishini hazrati Rasululloh (s.a.v.):
«Sen bizdan emassan», desalar, ul kishi ne ish qilsin?! Ado bo‘ladi, xarob bo‘ladi… Rasululloh (s.a.v.) bizga: «Kelma yonimga, ushlama qo‘limni! Sen bizdan emassan!..» desalar, ne qilgaymiz?!.

MUHABBAT JANNATGA KIRMOQ SHARTIDIR

Biz, musulmonlarning dardiga sherik bo‘lmoq vazifasidadirmiz. Bizning o‘z dardimiz muhim emas… Tirikchiligimizni eplay olishimiz mumkin, har turli imkonga ega bo‘lishimiz mumkin, ammo mazlum qardoshlarmiz, birodarlarimiz bor, haqsizlikka duchor bo‘lgan birodarlarimiz bor, mahbus birodarlarimiz bor!.. Dunyoda ezilgan, ezib ishlatilgan birodarlarimiz bor, xo‘rlangan birodarlarimiz bor, qaram, tutqun birodarlarimiz bor… Va bir o‘yin ko‘zimiz oldida davom etmoqda, bilamiz, ko‘ryapmiz… Shuning uchun biz, musulmonlarning bir-birlariga do‘st bo‘lmog‘i shuurini rivojlantirmoqni eng muhim g‘oya, maqsad deb tutdik va buning uchun ish boshladik.
«Vallaziy nafsiy biyadihi» – «Jonim, nafsim qudrati qo‘lidadir», farmoniga bog‘liqdir:«Yasha!» desa, yashagayman, «O’l!» desa, o‘lgayman; nafsim, jonim O’z amrida bo‘lgan Allohga qasamki, ont ichamanki, «la tadxulul jannata hatta tu’minu…» jannatga kira olmassiz, toki mo‘‘min bo‘lmaguncha!.. «valaa tu’minu hatta tuhibbu…» – «mo‘‘min
bo‘la olmassiz, toki bir-biringizni yaxshi ko‘rmaguncha, sevmaguncha!..»
Demakki, jannatga kirmoq uchun mo‘‘min bo‘lmoq sharti bor. Mo‘‘min bo‘lmoq uchun esa birbirimizni sevmog‘imiz, yaxshi ko‘rmog‘imiz, bir-birimizning dardlarimiz bilan dardlanmog‘imiz, bir-birimiz bilan bog‘lanmog‘imiz, ko‘ngil bog‘larimizni – aloqalarmizni sog‘lom va baquvvat saqlamoq, birlik birdamligimizni chinakam, haqiqiy bo‘lmog‘i shart…
«Ashiddau ‘alal kuffori ruhamau baynahum…» «Kofirlarga nisbatan shiddatli, qattiq, o‘z oralarida marhamatli» tarzida bo‘lmog‘i lozim!..
Buning uchun do‘stlikning savobini qo‘lga kiritaylik. Allohning sevgisiga noil bo‘laylik; dori na’imi bo‘lgan, rizosining yurti bo‘lgan jannatga kirmoqdan mahrum qolmaylik, deb sevgi – mehr-muhabbat ishlarining ahamiyatiga ishonganimiz uchun bu boralarda faoliyat ko‘rsatishga kirishdik.

MUHABBATIMIZ OLAMSHUMULDIR

«Mo‘‘min mo‘‘minning do‘stidir. Mo‘‘minlar bir-birlari bilan birdamlik qilsalar, imperializmning ularga qilayotgan ezishlarini, zulmlarini yenga olgaylar. Yurtlarini, o‘lkalarini qutqara olgaylar, qashshoqliklarining oldini olgaylar, boylik-davlatlarini qo‘ldan bermagaylar. Bir-birlarini qo‘llasalar, baxtli va baxtiyor bo‘lgaylar. Dushman ham hujum qilmoqqa botina olmas». Ana shundoq asosiy g‘oyalar bilan muhabbat va do‘stlikni rivojlantirish ishlariga yo‘naldik.
Bu ishlar faqatgina bir yurt hududiga taalluqli suhbat mavzuyi emas. Yurtdan tashqaridagi musulmonlar ham bizning birodarlarimizdir… Yugoslaviya ham bizning aloqa maydonimizdir, Yunoniston ham muomala hududimizga kirar, Bulg‘oriston ham kirar. Kavkaziyya ham kirgay, Markaziy Osiyo ham kirgay, Hindiston ham kirgay, Bangladesh ham kirgay, Janubiy-Sharqiy Osiyo ham, Chin ham kirgay…Ya’ni, biz har tomon bilan ham bog‘liqmiz, aloqadormiz. Shuning uchun ular bilan do‘stlashmoqqa, munosabatlar o‘rnatmoqqa, ularning dardlarini bilmoqqa qaratilgan ishlarni bajarmoqqa kirishdik… Va men jurnalimizni chiqaradigan vazifador birodarlarimizga aytdimki,
«Yurtimizdan ham ko‘ra yurtimiz tashqarisidagi musulmonlar bilan bog‘liq xabarlarni ko‘proq to‘plang va ko‘proq yoriting!..» Bizning birodarlarimiz yurtdan tashqarida ham o‘zlarining ko‘ngildoshlari, dindoshlari, birodarlari, qardoshlari borligini bilsinlar, eslasinlar, ular bilan bog‘lansinlar…

Bu muhim bir faoliyat edi. Hatto, shu darajaga bordikki, «Islom» jurnali Turkiyani gapirmaydi! Xuddi Turkiyada chiqmaydigandek…» degan tanqidiy fikrlar ham chiqdi.
«Qaerda yashaysan o‘zi, muborak? Ozgina Turkiyadan ham gapirsang-chi!..» deganlar bo‘ldi. Tabiiy, har kim har xil tanqid qilishi mumkin. Ba’zilari do‘stona emas, illo bir ayb qidirmoq dardida… Ish shu darajaga kelib qoldi. Tabiiy, biz alhamdulillah, deymiz. Keyin, ayrim gazeta va jurnallar, «Siz tasavvufiy bir guruhsizlar, avval boshda muhabbatdan va hokazolardan gapirib, endi boshqa mavzularga o‘ta boshladingiz…» deb bezovta bo‘la boshladi. Alhamdulillah, ularning bezovtaligi, boyagilarning tanqidlari bizning to‘g‘ri yo‘lda ekanimizni qo‘rsatadi, bu mamnuniyat hissini bag‘ishlovchi bir holatdir.
Muhabbatning amaliy natijasi
Albatta, muhabbat bog‘lamoq, yaxshi qo‘rmoq, tanimoq, do‘stlashmoq muhim bir narsalar… Musulmonlar bir-birlarini albatta sevgaylar, tashvish-dardlariga sherik bo‘lgaylar!.. Ammo buning amaliy natijasi faqat bir adabiyotmi, sevgi adabiyotimi?.. Yo‘q! Bu muhabbat vositasida har turli yordamlar qilingay… Och bo‘lsa, nonini baham ko‘rgay, yalang‘och bo‘lsa, kiyintirmoqqa uringay… Mazlumning yonidan o‘rin olgay, u bilan yelkama-elka ishlab, kufrga qarshi mujodala qilgay, qarshilik qilgay va g‘ayrat ko‘rsatgay…

XIZMAT MUHABBATNI ORTTIRGAY

Bittasi shayxning oldida turib, «Shayx bir himmat etsa, shayxim bir himmat qilsa!» deb ko‘nglidan kechirar ekan. Shayxi esa, bizning Hosib janobimiz, tahorat olibdi, pillapoyalardan tushayotib, uning ko‘nglidan kechgan gapni bilibdi. U esa biror narsa demabdi. «Shayxim bir himmat etsayu himmatning nima ekanini ko‘rsak, istifoda qilsak…», deb nuqul ko‘nglidan kechirar ekan. «Hamma shayxdan himmat kutgay… Holbuki, darvish: «Shayxim, himmat! Shayxim, himmat!..» deganlarida, buyuklar «O’g‘lim, xizmat! O’g‘lim, xizmat!..» deganlar», deb bir voqeani naql etgan bo‘lib, xizmatning asos narsa ekanini bildirgan ekan.
Shuning uchun xizmat etgaymiz. Foydali inson bo‘lmoqning yo‘lini qidirgaymiz. Buloq ocha olamizmi?.. Ko‘prik qura olamizmi?.. Botqoqlikni yo‘qota olamizmi?.. Taom yedira olamizmi?.. Bemorga yordam qila olamizmi?.. Beva-bechoraga qarasha olamizmi.. Atrofimizga xuddi yoritqich (projektor) kabi aylanib qaramog‘imiz kerak. Harbiy yoritqich kabi nazar tashlagaymiz, xizmat qilmoqqa uringaymiz. Nima uchun?.. Xizmat qilgan  izzat topgay, Allohning rizosi ana shundoq qozonilgay, shuning uchun!

Yunus Emroning bir paytlar o‘qiganimiz, she’rlari bor:
Men kelmadim da’viy uchun, Mening ishim sevgi uchun. Do‘stning uyi ko‘ngillardir, Ko‘ngillar topmoqqa keldim…
Qalb, ko‘ngil Allohning tajalliygohi bo‘lgani uchun, ko‘ngilni topmoq, ko‘ngilni olmoq, ko‘ngilni shod etmoq juda muhim bo‘lganidan Yunus Emro: «Men bekorga bir iddao qilmoq uchun kelmadim bu dunyoga… Men ko‘ngil topmoqqa keldim, ko‘ngil olmoqqa keldim bu dunyoga…» deydi. Ya’ni, Yunus Emro fikricha, hayotning maqsadi, g‘oyasi, asosiy mazmuni nima?.. Ko‘ngil olmoq, ko‘ngilni topmoq, ko‘ngilni shod etmoq, suyuntirmoqdir… O’lmay, yashayotir qalblarda… Nima uchun?.. Ana, bu bosh maqsad, bu fikr tufayli, bu xotira, bu yod tufayli, bu yuksak tuyg‘ular tufayli…
«Musulmonlarning dardlari bilan, musulmonlarning ishlari bilan bog‘lanmagan kishi bizdan emas!» deydilar Payg‘ambar janobimiz… «Qo‘shnisi och yotar ekan, bu qornini to‘yg‘ozib yotsa, u yaxshi musulmon emasdir», deb marhamat etadilar Payg‘ambar janobimiz… Shuning uchun biz yaxshi musulmon deganda, ijtimoiy (sotsial) jihatdan rivojlangan, ya’ni jamiyatning boshqa bir jihatlariga yordam eta olgan, xizmat eta olgan, foydali bo‘la olgan, o‘zidan boshqa insonlar uchun bir ishlar qila olgan kishini ko‘ramiz! Komil musulmon ana shu…

MUHABBAT HAM BIR IBODATDIR

Muhabbat ham bir ibodatdir. Do‘stlik, birodarlik ham bir ibodatdir va odatdagi ibodatlarning eng asili va savoblisi. Va eng foydalisidir. Ikki inson birodar bo‘lsa, Alloh taolo hazratlari martabasi pastroq bo‘lganini o‘sha birodari martabasiga ko‘targay.

Darvish xojasining yoniga kelgay, sevgan kishi o‘z sevganiga erishgay…
Biz ojizu nojiz qullar Allohning lutfidan umid etgaymizki, Payg‘ambar janobimizga qo‘shni bo‘lgaymiz, inshoalloh!.. Chunki, sahobai kiromdan bittasi ko‘zi yoshlangan, qalbi dir-dir titragan holatda payg‘ambar janobimizning yuzlariga termilib qaraganida, «Ne bo‘ldi?» deb so‘radilar Payg‘ambar janobimiz. «Xayr bo‘lgay!.. Bilgaylar ko‘ngildan kechgan gapni ham…»
Ko‘zini tikib dediki, «Fidoka abiy va ummiy yo Rasulalloh!» – «Ota-onam sizga fido bo‘lsin, yo Rasulalloh!» «Atavadda-u bin-nazori ilayka…» Sizning siymongizni tomosha qilib, ne’matlanurman… Siymongizga boqib, lazzat ichra, saodat ichra, baxt-saodat ichra suzmoqdaman… Faqat bir narsani andisha qilayotirmanki, bu dunyoda sahobalaringiz qatoridan joy olibman, sizning suhbatingizga erishibman… Shu lahzada sizga termulib boqyapman, ammo oxiratda siz Maqomi Mahmudga chiqgaysiz, eng yuksak martabaga erishgaysiz, Allohning juda ulug‘ lutfiga sazovor bo‘lgaysiz… Men agar jannatga kira olsam, siz, qaerdasiz-u, men qaerdaman?! Ya’ni, sizning martabangiz qayda-yu, meniki qayda?! Sizni ko‘ra olgaymanmi, ko‘ra olmagaymanmi? – deb o‘ylayotirman…», – dedi
ul muborak roziyallohu anhu… Payg‘ambar janobimiz mujda berdilarki, «Kishi sevgan kishisi bilan birga bo‘lgaydir!»
Biz, go‘zallikka to‘lg‘un, ichimizda ko‘p turli go‘zalliklar, tashimizda ko‘p turli go‘zalliklar bo‘lgan bir jamoatmiz; jamiyat sifatida, musulmonlar sifatida, ahli tasavvuf sifatida shundoqmi! Boshqa millatlarga nisbatan maqtanish uchun emas, rostini aytayotirmanki, shundoq bir madaniyat, go‘zal axloq namunasimiz… Bizning ko‘chamizda, yoshi ulug‘, oq soqolli amakilar, tog‘alar, bobolar chorsuga – bozorga o‘tishar edi. Bellarida belbog‘, belbog‘larida mundoq pichoqlari taqilgan, olma-nok kessalar, uni qinidan sug‘urib,
olishardi. Sallali edilar, ammo sallalarining chetida rayhon bo‘lar edi, chinnigul bo‘lar edi. Bir madaniyat, did bor edi. To‘liq go‘zallik shartiga rioya qilsak, diqqat etsak, shundan ham bir muhabbatlashuv, muhabbatning ortishi yuzaga keladi.

MUHABBATNI QO’LGA KIRITMOQNING YO’LLARI

Muhabbatga erishish choralarini dinimiz bayon etgan. Bu bilan bog‘liq hadisi shariflarda nasihatlar bor. Shulardan bittasi salomlashmoqdir.
«Salomlashing, salomni orangizda tarqating, muhabbatingiz ortgay». Tabiiy, bu salom tanishmoqni taqozo qiladi, tanishmoq esa samimiyatning kuchayishiga sabab bo‘ladi. Musulmonlar bir-birlari bilan tanishmay qolmasinlar, sovib qolmasinlar, deb salom tavsiya etilgaydir.
Bundan tashqari, hadyalashib turmoq ham bir muhabbat vasilasidir. «Bir-biringizga hadyalar bering, muhabbatingiz ortgay», degan bir hadisi sharif bor: «Tahadav- tahabbu». «Hadyalashing – muhabbatlashgaysiz». Shuning uchun turli bayram- hayitlarda, muborak kun, mavlud, to‘y kabi sabablar bilan, turli fursatlarda birodarlar bir-birlari bilan hadyalashib turgaylar. Yodgor-esdalik, xotira narsalar berib turmoqlari lozim. Muhabbatlarining tarjimoni bo‘lgay bu hadyalari. Shu yo‘sin muhabbatni orttirmoqqa uringaymiz.
Ayniqsa, muhabbatning, sevmoqning savobi borasida bilim-ma’lumotga ega bo‘lmoq, shuurlanmoq ham sevmoq borasida insonga yordamchi bo‘lgay. Sevdirmoq uchun g‘ayrat qilmoq kerak. Shu qadar kerakdirki, bir inson birodarining huzuriga chiqar ekan, toza kiyimlarini kiyadi, uyiga mehmon kelganida ichkiyimlari bilan chiqmaydi-ku, taranib, kiyinib, sochu soqoliga, soqolining shakliga, shamoyiliga diqqat qiladi. Soqol-
mo‘ylovlariga qo‘shilib ketgan, taranmagan, sochlari o‘sib quloqlari ustiga osilib tushgan, bo‘yinlaridan chiqib turgan bir holda chiqmaydi, albatta. Bunday hollar beparvolikdan,ahamiyatsizlikdan yuz beradi. Musulmon bo‘la turib, ahamiyat bermaydi. Ich, qalb tozaligi muhimroq deymiz, ammo Alloh rizosi uchun bir oz sevimli ko‘rinmoqqa ham urining, bunday bir e’tiborli, ma’nili bo‘lmoqqa diqqat qilmog‘ingiz lozim.
Payg‘ambar janobimizdan o‘rnak olaylik. Payg‘ambarimiz daraxt shoxlaridan tish kovlagich qilar, u bilan tishlarini tozalar edilar. «Mening yonimga og‘zingiz hidlanib, tishlaringiz sarg‘aygan holatda kelmang», deb marhamat etar edilar. Payg‘ambar (s.a.v.) yonlarida oyna olib yurardilar, taroq, misvok olib yurardilar. Bular chiroyli, ko‘rkam bo‘lmoq olatlaridir. Ayni vaqtda pok, toza, ozoda yurmoq, kir anqimasligi – hidlanmaslik uchun, poklik, tahorat, tozalik Islomdagi muhim unsurlardandir. Kunda besh vaqt tahorat olmoq bor, g‘usl bor, poklanmoq bor, xushbo‘yliklar surmoq bor. Bularning hammasi go‘zallik tuyg‘usining yashnamog‘i uchundir.

SEVMOQNI QAYERDAN O’RGANAMIZ?

Shoirlardan biri uzun, chiroyli, zamonaviy she’r yozibdi: vaznsiz, qofiyasiz she’rlardan, zamona she’rlaridan… So‘nggi satri bundoq: «Sen ketgil!

Sen hatto sevmoqni hali o‘rganmabsan…»

Bor, avval mundoq bir sevmoqni o‘rgan, demoqchi. Sevmoqni o‘rganmoq oson emas, chunki ko‘p yerlarda uning ta’limi, maktabi yo‘q… Sevmoqni qaerdan o‘rgangaymiz? Onadan o‘rgangaymiz, oiladan o‘rgangaymiz. Ta’lim tizimida sevgi o‘rgatiladimi?.. Din ta’limining bosh mudiri menga aytdiki: «Xojam, bizga milliy axborot (idorasi)dan maxfiy bir buyruq kelmoqda, bir Qur’on o‘qitish darsining ichiga ham 10 foiz Otaturk haqida ma’lumotlardan tiqamiz: Marhum Otaturk Balikasir xutbasida chiqqanida falon oyatni o‘qidi», deb uni tiqishtirar emishmiz… Yuzdan o‘n foiz buni o‘ylaysan-u, sevmoqni, sevgini nega o‘rgatmaysan?.. Xonaqohlar ham bo‘lmasa, xalqning, millatning holi xarob!.. Yaxshiyamki, bir Mavlono (Jaloliddin Rumiy) bor, yaxshiyamki, Yunus (Emro) bor, «sevayin, sevilayin», deganlaru odamlar bir oz sevmoqdan, sevilmoqdan gaplashishadi.
Albatta, bular kamolot alomatidir. Kamol, ya’ni yetuklik, komil bo‘lmoq alomatidir. «Kam olat bilan kamolat bo‘lmas!» deganlar. Kam – oz, oz olat bilan kamolot bo‘lmagay;
tabiiy, noqis insonlar bilan komil ishlar bajarilmas!.. Komil inson bo‘lgayki, komil ishlarni qila olsin! Komil bo‘lmoq uchun esa, albatta, boya boshlaganimiz nuqtaga qaytamiz: bir nuqtadan boshlab bir doirani aylanib chiqdik, kezdik, yana o‘sha nuqtaga qaytamiz: inson o‘z-o‘zini isloh etmog‘i kerak, o‘z nafsini tarbiya qilmog‘i kerakdir. «Qod aflaha man zakkaha» – «Shubhasiz, murodiga yetdi, (najot topdi) ul kishikim, pok qildi (tarbiya etdi) uni (jonni nafsni)»
«Qod aflaha man tazakka, va zakarosma Robbihi fa solla» – «Shubhasiz, zafar (falah) topdi ul kishikim, pok bo‘ldi va zikr qildi Rabbi ismini va namoz o‘kidi», degan oyati karima ham bor.
Shuning uchun, biz bir tasavvufiy jamoatmiz, muhtaram birodarlarim!..

O’rtada juda nozik bir farq bor. Junayd Bog‘dodiy hazratlari qo‘lida kitob bilan borayotgan ekan… Ustozi (rohmatullohi alayh) debdiki: «Junayd, farzandim, qayoqqa ketayapsan?..» «Hadis o‘rganmoqqa ketayotibman, Xojam!» deb javob berganida, «Bas, sening hadischi bir mutasavvif bo‘lmog‘ingni tarjih eturman (afzal ko‘rurman)», debdi. Avval hadisga, fiqhga asoslanadi tasavvuf, ilmning asliga, asosiga, mohiyatiga, sog‘lom diniy bilimga tayangandir tasavvuf!.. Bu bo‘lmasa, jihod ham bo‘lmagay!
Eslayman, Mavdudiy bir kitobida aytadiki, «Yaxshi yetishmagan noqis musulmonlardan
Pokistondagi Islomiy harakat ko‘p narsalarni yo‘qotdi!» Noqis bir musulmon musulmonlarning ham yuzidagi qoradir, oyog‘idagi kishandir, yo‘lining g‘ovi, yo‘lining devoridir…
Shu jihatdan, Alloh ustoz-shayxlarimizdan rozi bo‘lsin, rohmatullohi alayhim ajma’iyn… Alloh bizlarni ularning shafoatiga noil aylasin. Bizni boshqa bir insonlardan farqli qilgan narsa nima?.. Alloh nasib etdi, bizlarni ularga tolib ayladi-da, biz moddaning yonida ma’no borligini ozmi-ko‘pmi farq etib, dushmanlarga qarshi ozgina hushyorlik, sergaklik holatida bo‘lmoqqa yo‘naldik, yo‘nala oldik…

QALBNI ISHLOVCHAN HOLGA KELTIRMOQ

Dunyoning boshqa bir o‘lkalarida esa Islomning rivojlanmog‘i uchun, yuksalmog‘i uchun qilinayotgan ishlar bor. U yerlarda ham shu xil shikoyatlar… Rahbarlardan, mutafakkirlardan, olimlardan, fozillardan, komillardan xuddi shundoq shikoyatlarni eshitgaymiz. Kamolga yetmagan – yetilmagan insondan, sifatsiz insondan, iymoni chinakam yal-yal yonmagan insondan biror foyda hosil bo‘lmagay.
Jihodga borsa, jihodni o‘lja olmoq uchun qilgay… Afg‘oniston janglarida qatnashgan birodarlarimiz aytishdi, o‘kindim, odam qo‘lini ko‘tarib: «La ilaha illalloh» deydi, «Men musulmonman», deydi, begunoh o‘lib ketayotgani aniq ma’lum… Bu tomondagi
«mujohid» uning pullariga tama’ qilib, o‘ldiradi… Chunki noqis!.. Noqisdan mujohid yuzaga kelmas. Ya’ni, iymonida nuqson bo‘lgan kishi har ishni ham barbod etgay. Shuning uchun eng birinchi ishimiz o‘z qalbimizni ishlovchan holga keltirmoqdir… Ma’mur holga keltirmoqdir, yal-yal porlaydigan holga keltirmoqdir… Iymon to‘lg‘un holga keltirmoqdir. Payg‘ambar (s.a.v.) hazratlari duolarida bunday deb marhamat etar edilar: «Yo Rabbiy! Men Sendan iymoni komil so‘ragayman. Mustahkam ishonch, yaqiyn tilagayman, sidq tilagayman…» derdilar. Nechun? Insonning qalbiga eng kerakli narsa shu bo‘lgani uchun… Qalb, ya’ni insonni boshqargan a’zosi, insonni boshqargan qo‘mita markazi yal-yal tovlanmasa, sog‘lom ishlamasa, inson go‘zal, chiroyli ishlar qilaolmas!.. Bomdod namoziga tura olmas, ibodatini qila olmas… Ro‘za holida gunohlar qilgay… Tijorat qilar ekan, harom yegay, yolg‘on so‘zlagay.

Yoqtirganingiz – yaxshi musulmonlar, avliyoulloh, atrofingizdagi solih kishilar… Boyagi noqis insonlardan bularning farqi nimada?.. Boyagi insonlardan bularning farqi, harakatlariga hokim bo‘lgan qalbning yal-yal tovlanmog‘ida, tozaligidan yarq-yurq etib turishidadir! Bu ne’matning ishlashidadir. Ayrimlarning qalbi zanglagan. Payg‘ambar janobimiz (s.a.v.) marhamat etadilarki, «Temir zanglagani kabi qalblar ham zanglagay». Gur-gur ishlamas. Ayrimlarning esa qalbi o‘likdir. Ba’zilarning qalbi toshdekdir!
Shuning uchun, eng muhim ishimiz, aziz birodarlarim, shu qalbning zangini ketkazmoqdir… Shu iymonni qalbimizda sog‘lom o‘rnashtirmoqdir.
Islomning ruhini anglaganimiz, egallaganimiz shudir. Buni fahmlay olmasak, tuta olmasak, bizning mujohidligimizdan biror foyda kelmagay! Bizga ham foydasi bo‘lmas, boshqaga ham foydasi tegmas. Buni ta’minlamoq kerak!.. Buning yo‘li esa tasavvufdir. Shuning uchun tasavvuf yo‘lidamiz. An’anaviy bir qaysarlik bilan bu yo‘lni tutayotganimiz yo‘q; komil yo‘l shu yo‘l bo‘lgani uchun shu yo‘ldamiz!
Taqvo egasi bo‘lmoq
Jumla jahon xalqi biladi, musulmonlar ro‘za tutadi. Ro‘zaning g‘oyasi qanday anglatiladi oyati karimada:
«Ey Iymon keltirganlar, toki taqvo qilsangizlar, (toki taqvoga erishsangizlar, toki taqvoni o‘rgansangizlar) deb, sizlardan oldingilarga farz qilinganidek,sizlarga ro‘za farz qilindi…», deb marhamat etadi Alloh. Maqsad – taqvo!.. Ya’ni tasavvuf!.. Ya’ni, botin tarbiyasi. Ya’ni, inson qalbining boya aytganim tarzda tozalanmog‘i, poklanmog‘i… Bu eski bir zamonning shunchaki bir modasi – na’masi emas, eskirmas bir vazifa bu… Islomning bosh vazifasi bu!.. Ibodatlarning maqsadi, omoli, g‘oyasi bu!..

SEVGINI O’RGANMOQ

Biz muhabbatni ham bir faoliyat mavzuyi sifatida bilamiz. Sevmoqni ham o‘rganmoqqa urinamiz. Masalan, bir inson gulni sevishi mumkin, dengizni sevishi mumkin, suzmoqni sevishi mumkin, tog‘ni sevishi mumkin, mevani, shirinlikni sevishi mumkin, qaymoqni, quymoqni va hokazolarni yaxshi ko‘rishi mumkin… Biz bu sevgilardan boshlab asl sevgini toptirmoqni, o‘rgatmoqni istaymiz.
Aytganimizdek, shoirlardan biri: «Sen hali qaylardasan? Borgil, avval sevmoqni o‘rgangil!» deb she’r bitgan. Sevmoqni ham o‘rganmoq lozim! U ham bir ta’lim masalasidir va chamasi, sevmoq bizning eng muhim ishimiz bo‘lgaydir. Hayotimizning eng muhim ishi bo‘lgaydir.
Sevgining mukammali haqiqatan sevmoqdir, do‘st bo‘lmoq, fidokorlik qilmoqdir, hadyalar bermoq, xizmat qilmoqdir… Qarshingizdagi insonni yaxshi ko‘rmoq, unga mehr-muhabbatni bildirmoqdir. Keyin esa, Haq sevgisi, haqiqat sevgisi, iymon sevgisi bilan, bu go‘zalliklarni vayron qilganlarga qarshi bir munosabat ko‘rsatmoqdir. Bu ham sevgi-muhabbat, bu ham sevgi-muhabbatning isbotidir.
Jihod ham sevgining dalil-isbotidir. Jihod bug‘zu adovatning natijasi emas zinhor. Haq sevgisi, haqiqat sevgisining natijasidir… Chunki biz insonga eng avval to‘g‘ri yo‘lga
kelmoqni taklif etgaymiz. Safimizga kelmoqni, tartibga kelmoqni taklif etgaymiz, tartibga kelmasa, tartibga keltirmoqqa uringaymiz… Buzmoqqa urinmaymiz. Musulmonlarning
yer yuzidagi, yangicha so‘z bilan aytganda, faolligining susayishi dunyoni ulkan baxtsizlikka giriftor etgay.

Bu kunlarda gazetalarni kuzatayotgan bo‘lsangiz, har holda ichingiz qon yig‘lagandir. Yugoslaviyadagi vahshat, o‘ta vahshat, Bosnaning yoqilib vayron qilinishi, u yerdagi musulmon birodarlarimizning chorasiz qarshilik ko‘rsatishlari… Musulmonlarning birligi va birdamligini, hamdamligini, faoliyatini qaytadan qo‘lga kiritmoqqa naqadar zo‘r ehtiyoj borligini ko‘rsatadigan bir hodisadir bu… Dunyoning boshqa joylaridagi ochiq hodisalar shuni taqozo etadi…
Musulmonlarni qanday baxtli qilmoq mumkin? – deb o‘ylamoq lozim.

Har dardki bor, bor darmoni vale
Bedardlarning dardina darmon o‘lmas.

«Har qanday dard bo‘lsa, uning darmoni, davosi ham bor, lekin dardsizlik kasaliga davo yo‘q!» deydi Fuzuliy.
Rangiga, sifatiga aslo qaramay, jingalaksoch zanjini ham sevishimiz mumkin… Qirqta zo‘ravonning ostida qolgan bitta birodarimizni ko‘p qaynoq tuyg‘ular bilan bag‘rimizga bosishimiz mumkin. Boylik, kambag‘allik, rang, irq farqi, til farqi, millat farqi muhim bo‘lmas, bir inson mo‘‘min bo‘lsa, u jonimizdan yaxshi ko‘rgan bir kishiga aylanaveradi… Yunonlar bilan go‘yo raqibmiz, ammo musulmon bo‘lgan Yusuf Islom birodarimiz juda yaxshi ko‘rgan bir kishimiz bo‘lib qolaveradi… Armanilar bilan go‘yo hisob-kitobimiz bordek, ammo musulmon bo‘lgan Zohid Barsom bizning eng yaqin birodarimiz bo‘lib qolaveradi. Amerikalik bir Umar Abdulloh va yoki boshqa bir yapon, hindi va yoxud afrikalik va yo ingliz… Farqi yo‘q bizga, musulmon bo‘ldimi, qardosh-qarindosh bo‘laveramiz va ularga qanday xizmat qilsak ekan? – deb o‘ylaymiz. Yusuf Islom bu Bosna-Harsak musulmonlari uchragan achchiq keskinliklarni tinchitmoq uchun shaxsan qanchalik g‘ayrat ko‘rsatganini eslayman.
Barcha insonlarning ham yaxshiligini istaymiz. Hech kimga qarshi bir boshqacha niyatimiz yo‘q!.. Boshqalardek yo‘l tutmaymiz. Boshqalar bir g‘oyani o‘zlashtirib olgach, shu g‘oya, shu maqsadga erishmoq uchun jonga jabr qiladi, qonlar to‘kadi, xotin-qizni, bolalarni o‘ldiradi… Poezdni halokatga duch qiladi… Ammo biz bunday qilmaymiz. Biz qila olmaymiz… Terror har kimning qo‘lidan keladi, dunyoning har yerida… O’limdan qo‘rqmaymiz biz chunki… Ammo o‘shalarning ichiga kirib, o‘z umrimizni ham fido qilib, millionlarni mahv etishimiz mumkin, ammo bir jonning hisobini o‘ylaymiz, bir tomchi qonning hisobini o‘ylaymiz.

Insonlarning tabiatida yaxshi insonlarga aylanish imkoniyati borligiin ham ko‘rganimiz uchun, keyinchalik musulmon bo‘lishi mumkin, degan umid bilan, hech kimni o‘ksitmoqni istamaymiz!.. Atrofni vayron qilmoqni istamaymiz, atrofga oddiy cho‘pni tashlashni ham xohlamaymiz… Bir daraxtning butog‘ini, novdasini ham sindirmoqni istamaymiz! Bir daraxtga zarar yetsa jonimiz og‘riydi.
Demakki, dinimiz tufayli bizga oshno bo‘lgan tuyg‘ular, aslida butun insoniyatga issiq mehr bilan qaramoq tarzida yuzaga chiqgay va har kimning yaxshiligini istagaymiz. Dushmanligimiz shakli:
«Fala udvana illa ‘alaz-zolimiyn».
«Faqat zolimlarga dushmanligimiz bor, zulm qilgani uchun…» Yo gunohlar qilib, o‘z-o‘ziga zulm etgani uchun va yo boshqalarning haqini bosib olib, talab, egallash tarzida unga zulm qilgani uchun… Faqat zulmga nisbatan dushmanlik saqlagaymiz. Mazlumning do‘stimiz, ammo zolimning omonsiz raqibi bo‘lgaymiz. Shunday bir g‘oyamiz bor. Aslida bu jahonni qutqaradigan bir fikrlash tarzidir.
Abdulloh ibni Amr (roziyallohu anhumo) otasi ham, o‘zi ham sahoba, Payg‘ambarmizdan rivoyat qilishlaricha, Payg‘ambar janobimiz (s.a.v.) bundoq deb marhamat etdilar:
«Bir kishining birodariga shavq bilan boqmog‘i mening ushbu masjidimda bir yil e’tikof o‘tirmoqdan ko‘ra yaxshiroq, xayrliroqdir».

MUSULMON MUHABBATI

«Odamning birodariga boqmog‘i» – o‘z aka yoki ukasiga emas, musulmon birodariga qaramog‘i deganidir. Shu hol ayollarga ham tegishli. Xo‘sh, qanday boqish ekan? «‘ala shavqin» – shavq tuyib, ishtiyoq tuyib, havas bilan, mehr-muhabbat bilan boqish demakdir. Shunday tuyg‘ular bilan bir marta boqmog‘i, deydilar hazrati Payg‘ambarimiz,«Mening shu masjidimda bir yil e’tikofda bo‘lmoqdan ko‘ra yaxshiroqdir». «Mening shu masjidimda» deyishlariga ko‘ra, Payg‘ambar janobimizning masjidlarida e’tikof o‘tirmoq mavzuyi o‘rtaga chiqadi.
E’tikofni ayrimlar bilmasligi mumkin… E’tikof – kishining uyga bormasdan, yotib qolib, ibodat qilmoq niyati bilan biror jome’da iqomat etmog‘idir. Buni Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligida ado etgaymiz, Payg‘ambar janobimiz ham shunday qilganlar, deb.
E’tikof sunnati kifoyadir, ammo kuchli bir sunnatdir (sunnati mu’akkadadir).
Albatta, jum’a namozi o‘qiladigan biror masjidda e’tikof o‘tirmoq xiyla yaxshiroq. Chunki jum’a namozi vaqti kelganida bu masjidni tark etib, boshqa jomega namoz o‘qishga borishga to‘g‘ri keladi. Bundan ko‘ra, jum’a namozi o‘qiladigan biror masjidda e’tikof o‘tirmoq afzalroq. Masalan, Iskandarposho jomesida e’tikof qilishni o‘ylasak bo‘ladi.

Savob. Chunki, odam uyiga bormaydi, kechayu kunduzi toat-ibodat bilan, Qur’on va zikr bilan kechadi. Ajoyib, ammo Payg‘ambar janobimizning masjidlarida e’tikof o‘tirsa yanada go‘zalroqdir. Qay darajada ajoyib? Buni shundan bilamizki, bir kishi oddiy bir masjidda namoz o‘qiganda bir mukofot – bir savob olsa, Payg‘ambar janobimizning masjidida namoz o‘qiganda ming barobar ko‘p savobga ega bo‘ladi. Faqat Masjidi
Harom, ya’ni Ka’bada yuz ming barobar savob bor. Payg‘ambar janobimizning masjidida – 1000, Quddusdagi Masjidi Aqsoda 500 barobar savob bor. Shuning uchun qilingan e’tikoflarning boshqa oddiy masjidlarda qilingan e’tikoflardan ko‘ra savobliroq ekanini namozlar savobining farqlaridan anglab olamiz. Albatta, e’tikofni ramazon oyining oxirgi o‘n kunida sunnat deb ado etamiz. Bir oyga cho‘zsak, ziyoda bir muddat bo‘lgay, qirq kun cho‘zsak, xilvat bo‘lgay – chilla bo‘lgay. Yana ajoyibroq bo‘lgay!

Shu kunlarda yodimizga kelgan, jome’da ham, turli majlislarda ham aytganimiz sahih bir hadisi sharif bor:
«Nafsim (jonim, ruhim) qo‘lida bo‘lgan Allohga qasamyod qilurmanki, jannatga kira olmaysiz, toki mo‘‘min bo‘lmaguncha!»
Birinchi bosqich, birinchi jumla shu. Ikkinchi bosqich esa bu: «Mo‘min bo‘la olmaysiz, toki bir-birlaringizni sevmaguncha (yaxshi ko‘rmaguncha)!» Demakki, chin musulmon bo‘lmoq uchun bir-birimizni sevmoqqa, yaxshi ko‘rmoqqa majburmiz. Jannatga kirmoq uchun esa chin musulmon bo‘lmoqqa majburmiz.
Demakki, bir-birimizni sevmaguncha, jannatga kirmoq imkonimiz oz bo‘lgay, qiyinlashgay. Shuning uchun bu hadisi sharifni har joyda aytamiz. Chunki atrofimizdagi voqea-hodisalar diqqatimizni tortadi. Dunyoda buyuk o‘zgarishlar bor. Ruslar istibdodi ostidagi o‘lkalarda bir ozodlik sodir bo‘ldi. Turk-musulmon diyorlari qisman ozodlikka erishdi. U yoqlarga borib kelish boshlandi. Sayohat imkonlarimiz ochildi. Bu imkonlar tufayli musulmonlarning qardoshlik-birodarligini, birligi va birdamligini ko‘proq o‘ylaydigan bo‘ldik. Bir-birimizni yanada yaxshiroq tushunmog‘imiz lozimligini so‘zlamoqqa zo‘r ehtiyoj bor, buni teranroq his eta boshladik. Shuning uchun biz gapirmoqdamiz. Bu hadisi sharif masalani boshqa bir tomondan mustahkamlaydi.
Bir musulmonning boshqa bir musulmon yuziga shavq bilan, ishtiyoq bilan nazar qilmog‘i, mehr-muhabbat bilan boqmog‘i Payg‘ambar janobimizning masjidlarida bir yil uyga bormasdan, kecha-kunduz o‘sha yerda yotib, toat-ibodat qilib, Qur’on o‘qib, zikr qilib yashamog‘idan savobliroq, xayrliroq ekan!

MUVAFFAQIYATLARNING MA’NAVIY OMILLARI

Muvaffaqiyatning eng muhim omillaridan biri: «Muhabbat, hurmat va go‘zal axloq…» Bu juda muhimdir. Bir-birlarimizni sevgaymiz, o‘zimizdan tashqaridagi insonlarda ham sevgulik bir narsalarni topmoqqa uringaymiz. 1975 yilda men Olmoniyada edim.
Mashina olishim kerak edi. Odam bilan go‘zal bir narsalarni gaplashmoqchiman. Do‘kon xo‘jayini qo‘lini uzatdi, marhabo, dedik. Undan mashina olmoqchiman: sotuvchi – u, oluvchi – men… Fikrimga kelib, «Hazrati Odamdan tarqalgan birodarmiz», dedim. Butun insonlar hazrati Odam otaning zuryodlariku!.. Tabassum qilmoq uchun boshqa biron omil topa olmadim u yerda: Hazrati Odamdan tarqalgan aka-uka ekanligimizni gapirdim. Ya’ni:

«Bani Odam a’zoi yakdigarand…»

«Odam farzandlari bir-birlarining uzvidir, qismidir, parchasidir, a’zosidir, bir ota, bir onadandir». Shu jihatdan har bir kishidan sevgulik biror tomonini topmoqqa urinaylik va hurmatda qusur qoldirmaylik… Muhabbatda, hurmatda, go‘zal axloqda, muomalada, xatti-harakatlarda noqis bo‘lmaylik…
G’arbda muhabbat quruq namoyish – xo‘jako‘rsin holidadir, bizda undoq emas. Bizda mehr-muhabbat ichdandir… Bizda muhabbat fidoiylikni maydonga keltiradigan tarzdadir, samimiydir, samimiyatdir. Chunki «Din samimiyatdir» deydilar Payg‘ambar janobimiz. Din samimiyatdir: Allohga nisbatan samimiyat, Rasulullohga nisbatan samimiyat, Qur’oni karimga nisbatan samimiyat, yo‘lboshchiga nisbatan samimiyat, mo‘‘minlarning barchasiga nisbatan samimiyat, xolis niyat saqlamoqdir!.. Rahbar-yo‘lboshchiga nisbatan hurmat, samimiyat, quvlik, yaltoqilik emas. Samimiy bo‘lgan bir ota o‘g‘ilga achchiq ham gapiradi. Do‘st achitib gapirar, dushman kuldirib. Birovni tanqid qilganda sevib, yaxshi ko‘rib tanqid qilsang, u qabul qiladi. Qizishib, baqirib to‘g‘ri bir so‘zni aytsang, eshituvchi qarshilik qiladigan bir sababni topadi, qabul etmaslik uchun biror chora topadi.

Shuning uchun yolg‘on bo‘lmagan, soxta bo‘lmagan bir muhabbat bilan insonlarni sevmoq va hurmat qilmoq, go‘zal axloqni namoyon qilmoq muhimroqdir, zero go‘zal axloq musulmonning shioridir! Men ham shu masalani ta’kidlayman, takrorlayman. Butunlay go‘zal axloqli bo‘lmog‘imiz lozim, tamoman yaxshi taassurot qoldiradigan inson bo‘lmog‘imiz lozim!
Go‘zal axloq nimadir?.. Payg‘ambar janobimiz savollarni nazariy taraflardan tushuntirmas edilar, oddiy misollar bilan, har kim tushunadigan misollar bilan ifoda etmoqni muvofiq ko‘rar edilar. Masalan, «Yaxshi axloq nima?» degan savolga uch xil yaxshi axloq namunasini aytib beradilar. Yana ko‘proq turlari ham bor, lekin esda qolsin, deb so‘ragan kishining ko‘z oldida manzara paydo qiladilar. Faqat ta’rif bersalar, aqlan ma’naviy tushunchalarni, ma’no ismlarini qamramoq qiyin bo‘ladi. Ammo sahna paydo qilganingda qo‘l bilan ushlash mumkin bo‘lgan bir shaklda esda qoladi.

Aytadilarki:
1. «Tag‘firu amman zalamaka» – «Senga zulm qilganni afv etgaysan».
2. «Va tu’ti man haromaka» – «va senga bermagan, sendan qizg‘angan, seni mahrum qilgan insonga, senga fursat yetganida, bergaysan. Bermaganga bergaysan».
3. «Va tasilu man qoto’aka» – «va sen bilan aloqani uzgan kishiga sen borgaysan, aloqani uzmagaysan. Kelmaganga borgaysan».

Yana shu kabi fe’l-harakatlar yo‘qmi?.. Bor! Yunus Emro aytadi:
Urganga qo‘lsiz bo‘lgay, So‘kkanga tilsiz bo‘lgay! Darvish ko‘ngilsiz bo‘lgay! Sen darvish bo‘lolmassan!.. U ham shundoq ifoda etgan.
Demakki, yaxshi axloq maqbul bir fe’l-harakatdir. Ya’ni, yaxshilikka yaxshilik bilan muomala qilish har kimning ishi. Yomonga yaxshi munosabat qilmoq, yomonlikka yaxshilik bilan muomala etmoq – yaxshi axloqdir. Islomiy axloq shu, tasavvufiy axloq shu! Yunusning axloqi shudir. Yunus shuning uchun sevilgay. Yunusning sirri shudir. Senga yomonlik qilganga sen ham yomonlik qilaversang… Tamom, yomon bo‘laverasiz, orangiz yomonlashaveradi. Ammo yomonga yaxshi munosabat qilganingizda eshiklar ochiladi. Bir marta shunday qilsangiz, «Ajabo, buning bir nayrangi bormikan? Nega bunday qilyapti?» – deydi. Yana bir marta, tag‘in bir marta qo‘rgach, «Bu odam samimiy, bu odam yomonlikka yaxshilik bilan javob berayotir… Juda yaxshi bir odam. Alloh rozi bo‘lsin…» deydi. Shunday bo‘ladi. Shuning uchun, bunday qilolmasak, hech yo‘qsa, sukut qilsak koshkiydi!.. Sukutning ham bir ibodat ekanini, bilmadim, oramizda qancha kishi bilarkin?.. «Sukut ham bir ibodatdir», deydilar Payg‘ambar janobimiz… Sukut saqlamoq oson bir ish emas! Sukut saqlay olmoq, gap qaytarmaslik muhim bir narsa.

Bu muhabbat va hurmat vositalarini ish-harakatlarimizda ta’sirchan bir tarzda qo‘llay olsak, faoliyatimiz juda ulkan muvaffaqiyatlarga erishgay. Unda yanada muassir – ko‘proq ta’sir qiluvchi bo‘lgaysiz. Ya’ni shunday harakat qilsangiz, yana ulkanroq zafarlarni qo‘lga kiritgaysiz. Masalan, bir korxona boshlig‘i shu korxona shartlarini o‘rganayotgan kishiga, «Buni bunday qilsangiz, muvaffaqiyat yanada yaxshiroq bo‘ladi», deb moddiy manfaat tarafidan tushuntiradi-ku. Ammo biz bu ishlarni Alloh rizosi uchun qilsak, savob ham olgaymiz! Ibodat bo‘ladi bu…
«Aksaru ma yudxilunnasa-l jannata taqvolloh va husnul xuluq» «Aksariyat insonlarning jannatga kirishi sababi taqvosi va go‘zal xulqidir». Ko‘p namoz o‘qishi emas, ibodatning ko‘pligi emas, axloqan go‘zalligidir!.. Biz kam ahamiyat beradigan bir narsadir bu. Biz axloqni go‘zallashtirishga ko‘p g‘ayrat qilmayotirmiz. Turkiyada ham, boshqa Islomiy o‘lkalarda ham axloqqa jiddiy intilish yo‘q!..
Jiddada bir gal bir birodarlarimizning uyida bo‘ldik. U yerdagi bir jomeda namozlarni o‘qidik. Pokistondan, balki boshqa bir mamlakatdan bir kishi bor edi, u bilan avval ham bir necha marta ko‘rishib, salomlashganmiz, gaplashganmiz. Shu odam men bilan gaplashmay qo‘ydi. Qoshlarini chimirib, xusumat ko‘rsata boshladi. Salom beraman, alik olmaydi… Chiday olmadim. Albatta, mening unda ehtiyojim yo‘q, uning ham menda ehtiyoji yo‘q. Ehtiyoji bo‘lsa, zero bunday qilmaydi. Ta’sirlandim, dedimki, «Sen menga bir oz qo‘rs muomala qilyapsan, yoqtirmagandek bo‘lyapsan. Nega?» dedim. Nima emish, «Sening kasb-koring nima?» deb so‘raganida, men «Diniy turk adabiyotini o‘rgataman», degan ekanman. Ilohiyot fakultetida bo‘lganim uchun mening o‘tadigan kursim shu: diniy Turk adabiyoti, Turk-Islom adabiyoti… Shundan dars beraman, deb aytgandim. U esa buni irqchilik, ma’nosida tushunib, mendan achchiqlanibdi…
«Ayirmachilik qilyapti» debdi… Ayirmachilik emas, olti-etti asrlik Usmoniy adabiyoti, kitobiyati bor… Bu merosdan Ilohiyot fakulteti bitiruvchilari foydalansinlar, deb qo‘yilgan bir dars bu. Usmoniy yozuvini, o‘qishini o‘rganishga; yozishga, o‘qishga, matnlarni tanlash-saralashga, adabiyot tarixini, mualliflarni, asarlarni bilmoqqa mo‘ljallangan bir ilm sohasi bu… Bu birodarimiz esa meni irqchilik qilyapti, deb o‘ylabdi. Shundan ranjibdi, tushunmay-netmay… Ranjitmoq oson, sevmoq qiyin!..

INSONLARNI NECHUN SEVAMIZ?

Insonlar Hazrati Odam alayhissalomdan tarqalgan birodarlarimiz bo‘lgani uchun ularni sevamiz. Hammani yaxshi ko‘ramiz… «Bu ham mening Odam odamalayhissalom Otamdan tarqalgan bir avlod», deb sevamiz. Shu sababdan ularning to‘g‘ri yo‘lga kelishini xohlaymiz. Kufrda qolmasligini istaymiz. Nafsiga qul bo‘lmasligini istaymiz… Shuning uchun, kechiruvchan bo‘lib, muhabbat bilan, sabr bilan insonlarga xizmat qilamiz: hech bir insonni ayirmaymiz, hech bir millatni ayirmaymiz, hech bir suhbatdoshni past ko‘rmaymiz… Qarabsizki, bir g‘ayri muslim musulmon bo‘libdi! Avstraliyada, menga ixvon (do‘st, og‘ayni) bo‘lmoq niyatida bir rum oldimizga keldi. Zikr vazifasini olib, tariqatga kirdi, alhamdulilloh, ko‘pgina birodarlarimizdan ko‘ra yaxshiroq ishlar qildi… Braziliyalik birovi kelib, intisob etdi… Armani musulmon bo‘lishi mumkin, bulg‘or musulmon bo‘lishi mumkin. Tag‘in boshqa birovi musulmon bo‘lishi mumkin. Musulmon bo‘lishi uchun ham urinmog‘imiz shart. Chunki uning boshqa bir yo‘li yo‘q…

Ingliz musulmon bo‘lgay, mutasavvif bo‘lgay. Olmon musulmon bo‘lgay. Bunga misollar   ko‘p. Shuning uchun bizning usulimiz juda keng bir usul. Bir-birlarimizga birodar, qarindosh bo‘lishimiz kerak edi. Buni hatlab, buni chetlab o‘tyapmiz.

Tariqat ahli, ahli dil bo‘lganimiz uchun, ahli qalb bo‘lganimiz uchun muhabbatli bo‘lmog‘imiz kerak edi, buni ham chetlab o‘tayapmiz, eplamayapmiz, o‘rniga qo‘ya olmayapmiz. Ketyapmiz xuddi Allohning sevmagan bandalaridek, turli yomon fe’l- harakatlarning rosa girdobiga tushyapmiz! Ular qiladigan chirkin ishlarni qilyapmiz. Qilmasligimiz kerak edi…
Bizdan muhabbatli bir jamoaning tashkil topishi, maydonga kelishi kerak edi. Bu shunday bir muhabbatli jamoa bo‘lgayki, unda Islomga xizmat qiladigan xodimlar bo‘lgay. Islomga xizmat qiladigan shaxslar orasida muhabbat bo‘lmasa, bular Islomning xizmatini qanday bajaradi? Oralarida mehr-muhabbat bo‘lmagan insonlar Islomga qanday xizmat qiladi? Qila olmaydilar, qila olmagaymiz! Ammo bu muhim, asos masaladir. Biz bu muhabbat poydevorining ustiga juda yuksak binolar qura olamiz. Buni chindan-haqiqatan ta’minlay olsak, bir-birimizni samimiy, haqiqatan sevsak, bir- birlarimizga chindan, haqiqatan fidoiylik qila olsak, muvaffaqiyat qozongaymiz.

BIR-BIRIMIZGA MEHR-MUHABBATLI BO’LAYLIK

Biz mehr-muhabbatning o‘z hayotimizda, o‘z jamoamizda eng muhim, asos masala ekanini bilamiz. Albatta, oddiy bir inson uchun birinchi qadam bu emas. Oddiy bir kishining eng birinchi qadami mo‘‘min bo‘lmog‘idir. Biz esa mo‘‘minmiz, alhamdulilloh, Allohga ishonamiz. Shu dinga ko‘ngil berganmiz.
Endi bir-birimizga mehr-muhabbatli bo‘laylik. Birodar bo‘laylik. «Men o‘lsam, shu birodarlarim bola-chaqamga, oilamga qaraydi», deydigan darajada birodar bo‘laylik. Xonimlar ham bir-birlariga mehr-muhabbatli bo‘lmoqlari lozim. «Falonchi o‘tgan yig‘indi kiygan kiyimini kiyibdi. Qih-qih-qih. Fih-fih-fih!» Bunday bo‘lmaydi! Aksincha, har kuni kiyadigan libosingizni kiying. Bezanavermang! Bu g‘ovni buzish uchun, bu fosid doirani sindirish uchun shunday qiling!.. Agar ayollar har majlisda yangi kiyim kiyadigan bo‘lsa, erkaklarning holi ne kechadi? Bu musobaqaning oxiri qaerga boradi? Bu xil narsalarga ahamiyat bermaslik kerak.
Bir birodarimizda biror ayb, qusur ko‘rishimiz mumkin. Aybini ham dag‘al-dag‘al qilib aytmaylik. Ammo sevib, yaxshi ko‘rib aytaylik. Men senda shunday bir aybni ko‘ryapman. Bu menga qusur bo‘lib tuyulyapti. Balki men bilmagan biror tomoni borligi uchundir? Undagi qilmishni tuzataylik. Qusur bo‘lsa, tuzatish kerak, bo‘lmasa bu ish bitsin! Bir guruh birodarlarimiz keladi, «pisir-pisir» bir nimalarni gapiradi; boshqa bir guruh birodarlarimiz keladi, «pisir-pisir» bir nimalarni aytadi, biz ikkisini bir oraga keltirib, «Qani ko‘raylik-chi, bir-birlarining oldilarida gapirishsin», deymiz. Bir-birlarining huzurlarida gaplashishgach, tushunadilar, tushuna oladilar. Uzr so‘raydilar, yarashib ketadilar. Bir tomonning aybi bo‘lishi mumkin. Har kim aybini anglasa, dangal-dangal, ochiq-ravshan so‘zlaydigan bo‘ladi, orqavarotdan gapirmaydigan bo‘ladi. Dangal, ochiq so‘zlasa, u ham: «Birodarlarim mening shu aybimni ilg‘abdi», deb, inshaalloh, o‘zini tuzatadi.
Alloh taolo hazratlari bizni O’zi sevgan har xil fe’l-harakatlarga sohib aylasin! O’zi sevmagan har turli yomon fe’l-atvordan qutqarsin!

HAQNI SEVMOQNI O’RGANING

«Iyyaka na’budu va iyyaka nasta’iyn».
«Faqat Sengagina qilib ibodat, Faqat sendangina so‘raymiz madad».

Ya’ni, biz faqat Allohgagina ibodat qilamiz va faqat Allohdangina madad so‘raymiz… Hech kimsadan hech narsa istamaymiz, so‘ramaymiz!.. Na yordam, na tayanch, na pul, na kulgi, na tabassum, na u, na bu!.. Bizni Alloh sevsa, kifoya!.. Inson yoppa-yolg‘iz bo‘lishi mumkin.
Haqni sevmoqni o‘rganing!.. Haq bilan birga bo‘lmoqning zavqini toting, u bilan birga bo‘lmoqni o‘rganing… Shu darajada bo‘lmasa bir inson, uni ko‘p aldagaylar, ko‘p ishontirgaylar.
Albatta, Haq bilan birga bo‘lmoq uchun Haqning ne ekanini bilmoq lozim. Botil narsalar shu qadar ranginki, botil narsalarning ovozasi – reklamasi shu qadar ko‘pki, botil narsalarni qabul qildirmoq uchun tuzoqlar shu qadar ortiqki, bu tuzoqlarning hammasidan o‘tib, eng oldingi go‘zal haqiqatga, haqqoniyatga erishmoq juda qiyindir!.. Yer yuzida qancha bosh bo‘lsa, qancha inson bo‘lsa, shuncha hayot falsafasi bor. Har birining bitta yo‘li bor. Haqiqiysi qaysi?.. Eng birinchi haqiqiysini topmoq, sobit qilmoq kerak. Aniq-ravshan qilib aytayin, dorilfununning professori sifatida aytaman, bu yo‘lni Allohning suyukli quli bo‘lmaguncha, Alloh ko‘rsatmas! To‘g‘ri yo‘lni insonga Alloh ko‘rsatgay. Shuning uchun: «Ihdinassirotal mustaqiym», «Bizlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlagin!» deb Allohdan so‘raymiz. Boshqasi ko‘rsata olmagay. Alloh nasib etmasa, u yo‘l ochilmas! Payg‘ambar janobimizning amakilariga ochilmadi. Payg‘ambar janobimizni sevgan, boqib ulg‘aytirgan, mushriklar u zotga zulm qilmoqchi bo‘lganida, ko‘ksini
qalqon qilgan insonga ochilmadi u yo‘l. Nima uchun?..

«Vallohu la yahdil qovmaz-zolimiyn» – Alloh zolimlarga hidoyat bermagay aslo, buni biling, aziz birodarlarim!.. Alloh fosiqlarga hidoyat bermagay, buni biling!.. Alloh kofirlarga hidoyat bermagay, buni biling!.. «Men kofirmanmi?» der balki u. Bir oshkora kufr bor, bir pinhona kufr bor… Tuklari tikandek tikka-tikka bo‘ladi insonning. Payg‘ambar janobimiz (s.a.v.) aytadilarki: «Bir insonning jabru jafodan, zulmdan bo‘lgan bir narsani sevishi shirkdir!..» Nima uchun? Alloh buni jabru jafo deb aytayotir, u esa yana shuni sevadi. Allohning hukmi muqobilida boshqa bir hukmni, boshqa bir ahkomni teng tutayotir, bu shirkdir! Allohning hamma narsasi adolatdir, shariatning belgilagan jazolari adolatdir… Har narsa adolatdir, hamma narsasi foydadir, hamma narsasi go‘zaldir. Alloh adolat sifatida ko‘rsatgan biror narsaga bug‘z etmoq – g‘animlik qilmoq ham shirkdir!
Alloh sevgisidan boshqa sevgisi bo‘lmagay insonning… Allohning sevganini sevgay, Allohning sevmagan narsalarini sevmagay, shirkdan qutulmoq uchun, chinakam musulmon bo‘lmoq uchun shunday qilgay… Kofirlikdan, shirkdan qutulmaguncha, hidoyatga erishmagay inson… Shuning uchun milliardlarcha musulmonlarni ko‘rasan, oti musulmon, boshiga musulmon deb «yozib qo‘yilgan», ammo ko‘ngli musulmon emas!.. Shu sababdan tasavvuf ma’rifatullohni qo‘lga kiritmoq yo‘lidir, u insonning yemoq- ichmoqdan, suv-havodan, sihhatdan, hurriyatdan, hamma narsadan oldin keladigan ma’naviy ozuqasidir. Birinchi ish shudir: kishi Allohning sevgan quli hamda Allohni sevgan qul bo‘lgayki, Alloh unga hidoyat eshigini ochgay. Alloh unga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatgay. Aks holda esa ko‘rsatmagay, ko‘rsatmagay!..

Bir vakillikda yuzlarcha odam to‘planib, qarorlar chiqarishibdi. Hozir, dunyoning xar yerida yuzlarcha majlislar qilinmoqda. Nima uchun? Haqiqatni topmoq uchun.

Haqiqatlarni, to‘g‘rilikni topa olgaylarmi?.. Topa olmagaylar!.. Nasroniylarning katta ruhoniylik muassasasi bor… Yahudiylarning katta xoxomlik tashkilotlari bor, dunyoning har tomoniga hokim ular. Haqiqatlarni ko‘ra olgaylarmi? Ko‘ra olmagaylar! Alloh kofirni hidoyat qilmas!..
Qul odobli bo‘lgay… Qul Allohni sevgan qul bo‘lgay… Qul Allohga bog‘langan qul bo‘lgay. Qul Allohga taslim bo‘lgan qul bo‘lgay. Musulmon degani nima edi? O’zini Allohga taslim etgan qul deganidir. Bir oyati karimada aytiladi:«Qolatil-arobu omanna, qul: lam tu’minuu valakin quluu aslamna, valam-ma yadxulil iymanu fiy qulubikum», «Badaviylar, biz iymon keltirdik, dedilar. (Ey Rasulim) ularga ayt: sizlar hali iymon keltirganlaringiz yo‘q, «Biz taslim bo‘ldik, Islomga kirdik, Islomni qabul etdik» – deb aytinglar!.. Hali hanuz iymon qalbingizga o‘rnashmadi». Oyati karimada aytilayotir bu!.. Ya’ni, taslim bo‘lmoq birinchi shartdir. Taslim bo‘lgan inson askarlik qiladigan yuzboshi, mingboshi degani emas!
Allohga taslim bo‘lgay, undan keyin Alloh taolo hazratlari unga haqiqiy iymon lazzatini bergay, fayz eshigini ochgay, hidoyatga boshlagay… Nima uchun Alloh har kimga hidoyat bermagay?.. Hidoyat bu butun saodatlarning kaliti bo‘lgani uchun, Allohning eng buyuk ikromi bo‘lgani uchun, Allohning qullariga beradigan eng buyuk ne’mati bo‘lgani uchun, uni kofirga loyiq ko‘rmagani uchun bermagay! Shuning uchun inson eng birinchi zulmdan, nifoqdan, shirkdan, sarkashlikdan, adabsizlikdan chin tavba qilmog‘i lozim!.. Qaytmog‘i lozim, bo‘ynini egmog‘i lozim; Haq yo‘lga kirmog‘i lozimki, Alloh o‘shal eshiklarni ochsin!.. Bu juda muhimdir.

Shuning uchun asro-i olamda mulhid ko‘p, muvahhid mo‘‘min oz.
«Va ma aksarun-nasa valav hasrota bi mu’min» «(Ey Rasulim!) naqadar jon chekib, istasang ham, insonlarning qupi mo‘‘min bo‘lmagaydir!» deb Qur’oni karim bildirmoqda, Payg‘ambar janobimizga… Insonlarning aksariyati mo‘‘min bo‘lmagay, bu to‘siqlardan, bu imtihondan o‘ta olmagani uchun. Bu g‘ovdan sakrab o‘ta olmagani uchun, asl nuqtaga erisha olmas… Shuning uchun bilingki, eng birinchi iymon qalbga o‘rnashsagina inson haqiqiy mo‘‘min bo‘lgay. Haqiqiy mo‘‘min bo‘lmagan insondan hech bir narsa, hech bir xayrli ish chiqmas. Tasodifan chiqsa-da, undan keyingi qilmishlari bilan avvalgi xayrli tasodifni ham barbod etgay.
Shuning uchun irshod masalasi, ya’ni insonlarni sabili rushdga – Haq yo‘liga, to‘g‘ri yo‘lga yo‘nalmog‘i, kirmog‘i uchun qilingan ishlar eng ahamiyatli ishlardir, eng asosiy ishlardir, qulfni ochuvchi ishlardir, dastlabki ishlardir, to‘siqlarni ochuvchi ishlardir… Eng birinchi shu ishlar bo‘lgayki, bu g‘ovlar olingay, undan keyin boshqalari ochilgay…
«Domla, men bu ishlarga qaramay, xizmat qilgayman!..» deyishlari mumkin. Qila olmagaysan xizmat, mahv etgaysan, barbod etgaysan, buzgaysan, musulmonlarni bir- birlariga to‘qnashtirib qo‘ygaysan.

MUHABBATNI ZADA QILGUVCHI XATTI-HARAKATLAR

Muhabbatni zada qilguvchi xatti-harakatlardan qochmoq, chetlanmoq masalasi oldimizda turadi. Men seni sevib turibman, sen meni sevib turibsan-u, birdan oramiz sovuqlashadi. O’rtamizdan qora yellar esib, ola mushuklar o‘ta boshlaydi. Bir-birimizni sevmaslik boshlanadi. Bu nimadan? Albatta, senda ham bir ayb bor, menda ham bir qusur bor. Bunaqasi bo‘ladi. Yo g‘iybat qilganmiz, yo aytishib qolganmiz, yo samimiyatsiz biror hodisa oramizdan o‘tgan.
Ha, muhabbatni sovutadigan, muhabbatni zoil etadigan – yo‘q qiladigan, muhabbatni sidirib tashlaydigan, muhabbatni mahv etadigan narsalardan uzoqroq bo‘lmoqqa g‘ayrat qilmog‘imiz lozim.
Masalan, hech kim birovni g‘iybat qilmasligi kerak. G’iybat – harom. Har kim har kimdan husnu zan – yaxshi gumon etmog‘i lozim. Husnu zan etmoqlik Qur’oni karimdan bir vazifadir. Su’i zan, ya’ni, bad gumon etmaslik kerak. Su’i zan etmoq – harom.
Harakatlar yaxshilikka yo‘nalishi lozim.
Biror kishi sening oldingda g‘iybat qilinsa, g‘iybat qilingan kishining yonini olmoq – sening vazifang, g‘iybat qilganlarni to‘xtatmoq sening vazifang, o‘sha majlisda qolmasdan, turib ketish sening vazifang. Payg‘ambar janobimiz uch harakatni amr etadilar: «G’iybat qilingan kishiga yordam bergaysan, uni mudofaa etgaysan: «U birodarlarimizning bunday yaxshi jihatlari bor», degaysan. Tabiiy, qusurini, aybini gapirishar ekan, to‘g‘ri aytayotgan bo‘lishlari mumkin. Ammo bir yo‘lini topib, g‘iybatdan himoya qilgaysan. Payg‘ambar janobimiz bunday amr etadilar: istasang, eshitma. Boshqalarni ham to‘xtat. «Gapirmang, g‘iybat qilmang», degaysan. Yoki bo‘lmasa turib ketgaysan «Menga ruxsat bering, Allohga topshirdik, tuningiz yoki kuningiz xayrli bo‘lsin», degaysan. Qo‘zg‘alasan, ketasan, tamom. Biz shundoq qilmayapmiz.

G’iybatni xuddi har kim qaymoq, non yegandek, ertayu kech yeydi-ichadi. Holbuki, g‘iybat qilmoq o‘likning go‘shtini yegandek xunuk bir ishdir. «Ro‘za tutgan kishining ro‘zasining savobi qolmas», deb bildiriladi hadisi sharifda. To‘g‘ri, non yemayapsiz, suv ichmayapsiz, ammo o‘lgan birodaringizning go‘shtini yegandek bo‘lyapsiz. Bu yanada tubanroq bir ish. «Losh», «losha» degani o‘lik go‘shti deganidir. G’iybat – losh yegandek gapdir. Ammo bu kalimani domlalar shu kunga qadar qo‘llamagani uchun, «losh yemoq» so‘zidan biz jirkanamiz. «Losh yeyapsanmi?» Astag‘firulloh, me’damni bulg‘ading, bo‘g‘zimga keltirding. Me’damni shishirding, deydi inson. Ammo fe’lan (amalda) shu ishni qiladi.
Demakki, muhabbatni zada qiladigan shundoq ishlarni ham qilmaylik. Muhabbatni orttirmoq uchun choralar qidiraylik. Alloh muhabbatlilarni sevgay, shunday bir muhabbatli toifa bo‘laylik. Aslida shundoq bo‘lmog‘imiz kerak edi, ammo undoq emasmiz. Musulmon bo‘lganimiz uchun bir-birimizga bug‘z etmaylik, g‘animlik qilmaylik, birodar, qardosh-qarindosh bo‘laylik.

MUHABBATNI O’RTADAN KO’TARGAN SABABLAR

«Bir-biringizga qarshi bug‘z etmangiz. O’zaro bug‘z va adovat bilan bir- birlaringizga dushmanlashmangiz».
Bug‘z etmoq – achchiqlanmoq, qizishmoq, kek saqlamoq degani. Bir-birlaringizga qizishmangiz, jahl qilmangiz. Kekni, adovatni cho‘zmangiz, nafratli, dushmanlarcha muomala qilmangiz bir-biringizga.
Inson qizishadi, bug‘z etadi, ammo tuyg‘ularini nazorat etmog‘i lozim. Inson ichidan chiqqan har bir tuyg‘uning darhol talabini bajarmog‘i kerak emas. Inson o‘zini tuta oladigan maxluqdir.
Hayvon tuta olmas o‘zini, qush, tovuq, mushuk tutolmaydi o‘zini. Mushukning oldida barmog‘ingizni o‘ynatsangiz, chiday olmaydi. Avval ko‘zlarini ochadi, keyin quloqlarini dikkaytiradi, so‘ng chiday olmay, tashlanadi. Ongsiz-ixtiyorsiz, savqitabiiy bilan shunday qiladi. Ammo odamzodning bir ustunligi bor: u o‘z tuyg‘ulariga hokim bo‘la oladi, o‘z- o‘zini nazorat eta oladi, tuta oladi.
«Bir-biringizga bug‘z etmangiz», deydilar Payg‘ambar janobimiz. Bug‘z etmoq holini cho‘zmang, davom ettirmang. «Bir-biringiz bilan aloqalarni uzmangiz». Aloqani uzishmangizlar. Ziyoratlar qilar edi, qilmay qo‘ydi, munosabati bor edi, kelib-ketishni to‘xtata boshladi. Bog‘lar uzildi. Yo‘q, bunday qilmang, deydilar Payg‘ambar janobimiz, bir-biringiz bilan bog‘larni – aloqalarni uzmangizlar.
«Bir-biringizga orqa o‘girib olmangiz». Orqa o‘girmoq – xafalashmoq, aloqa qilmaslik, yordam bermaslik, har kimning o‘zicha istiqomatda ketmog‘idan kinoyadir.
«Bir-biringiz bilan hasadlashmangiz». U sizga hasad qiladi, siz unga hasad qilasiz. Va yo uning moli bor, mulki bor, hasadlashuvni, qizg‘onchni qo‘zg‘aydi. Bularning hammasini taqiqlaydilar Payg‘ambar janobimiz. Musulmonning musulmonga bug‘z etmog‘i yo‘q, aloqa uzmog‘i yo‘q. Yuz o‘girmog‘i yo‘q, hasadlashmog‘i yo‘q. Bunday ishlar bo‘lmaydi. Ijobiy, maqbul ish sifatida nima qiladi? Shu salbiy ishlarni qilmaydi.

DUNYO SEVGISI

Dunyoni istamoq, sevmoq har bir xatoning manbaidir. Xato shundan boshlanadi. Insonni dindan uzoqlashtirgan, adolatdan uzoqlashtirgan, yomonlik, aldoqchilik qildirgan, birodarlikni buzdirgan, har qanday turli xatolarning manbai dunyo sevgisidir. Har turli rasamad dunyodadir. Ikki aka-ukani, birodarni urishtiradi u.
Ota o‘g‘li bilan urushadi hukmdorlik uchun. Usmoniylar tarixida ham bor shunaqasi: ota o‘g‘li bilan kurashadi. Ikki davlat bir-biri bilan urushadi dunyo uchun. Eronning Iroq bilan to‘qnashuvi oxirat uchunmidi? Yo‘q, dunyo uchun edi! Usmoniylarning dardi boshidan oshib turganda, Misrning Usmoniylar bilan harb qilmog‘i oxirat uchunmidi?
Qutohyagacha keldi. Necha marta Usmoniy lashkarini yengdi. Misr hiylaga uchraganmidi, balki biror tashqi tayanchi bormidi, Usmoniyning boshida u ham bir balo bo‘ldi. Yovuz Salim o‘z otasini taxtdan ag‘dardi. Fotihning ikki o‘g‘li Boyazid bilan Jam
bir-birlari bilan saltanat uchun janjallar qilishdi. Qonuniy Sulaymonning o‘g‘li otasiga osiy chiqdi. Urushib, yengildi. Boshi kesildi. Shahzoda jomening oldidagi bozorda yotibdi. Butun xatolarning boshi, aziz birodarlarim, dunyo sevgisidir.
Dunyoda insonlar zohid bo‘lsalar, dunyoga qadr-qimmat bermagan insonlar bo‘lsalar edi, bularning hech birisi bo‘lmas, manfaat kurashi bo‘lmas edi. Ammo manfaat ishga aralashdimi, dunyo ishining orasiga tushdimi, hamma xatolar shundan boshlanadi.
Dunyo sevgisi barcha xatolarning manbaidir. Dunyo la’natidir. La’natlangan bir narsadir dunyo, uning ichidagi narsalar ham la’natlangandir.

NIMANI VA KIMNI SEVMOQ KERAK?

Sevmoq odamzodga baxsh etilgan tuyg‘ularning eng yaxshisidir. Ichki va tashqi dunyomiz mehr-muhabbat bilan ranglangay, jonlangay va ma’nolangay. Allohning bu go‘zal ne’matidan mahrum bo‘lganlarning esa yuzlari tund, qoshlari chimiriq, ko‘ngillari xiradir, qorong‘udir. Bundaylar atrofini yo‘qotib kun kechiradi, tillari bilan, fe’llari bilan hammani ranjitadi. Sevgi tuyg‘usining o‘sib rivojlanmasligi, sevishni bilmaslik mahrumiyatlarning eng kattasidir.
Vujudning o‘sib rivojlanmog‘i, sog‘lom va buquvvat bo‘lmog‘i uchun yaxshi va kuchli ozuqalar olmoqqa tirishamiz, ishtaha dorilari ichamiz, darmondorilarni yutamiz. Badan sog‘lomligi uchun toza havo, quyosh nurlarini qidiramiz, ta’tillarga chiqamiz, turlicha sport bilan shug‘ullanamiz. Ana shunchalik natijalarga, hatto, bundan ham ko‘ra muhimroq natijalarga erishmoq uchun, bu ishlardan ham ziyoda ma’naviy jihatimizning yuksaluvi, rivojlanuvi, kuchayuvining choralarini izlamog‘imiz, davolarini topmog‘imiz lozim. Ruhning sihhati, huzur va sokinligi borasida esa eng birinchi navbatdagi davo sevmoqdir. Muhabbat tuyg‘umizni rivojlantirmoq, yuksaltirmoq uchun ko‘p urinmoq,g‘ayrat va mehnat qilmoq, kuch sarflamoqqa majburmiz. Zero, dunyo saodati va oxirat salomati ulkan miqdordagi bu tuyg‘uga ega bo‘lmoq bilan qo‘lga kirgay.
Bolani hali go‘daklik chog‘idan boshlab ona, birodar, o‘rtoq o‘yinchoq, qush, gul… muhabbati kabi tabiiy va ma’sum sevgilar bilan ulg‘aytirmoq, unda shu malakani uyg‘otib, parvarish va tarbiyat qilmoq, uni rivojlantirmoq shartdir. Bu muhabbat ta’limi bilimdan, ilmdan ham oldin kelgay va juda xayrli natijalar bergay. Chunki quruq bilim ba’zi insonni faqatgina g‘ururga yo‘liqtirgay va xudfurush qilib qo‘ygay.

Maorif tizimining shu haqiqat asosida tuzilmagani uchun bugungi kunimizning yoshlari axloqsiz, qo‘pol, dilozor va buzg‘unchi bo‘lib ketishayotir. Chunki ularga maktablarda muhabbat emas, qaysarlik, isyon, kin, xudbinlik, manmanlik va g‘urur kabi ters va quruq tuyg‘ular ta’lim qilinmoqda. Kinolarda, radioda, televidenieda, gazeta va jurnallarda urush, ur-yiqit, buzish, qarshilik qilish va dushman bo‘lish talqin qilinadi.
Sevgi-muhabbatning barcha turi ham qabul qilishga loyiqmi? Shubhasizki, yo‘q! Hech kim ichkilik, qimor mubtaloligining, g‘ayriqonuniy axloqlarning, pora, mansab, kursi muhabbatining, xudbinlikning va shunga o‘xshash qator moyilliklarning yaxshi ekanini iddao eta olmaydi. Shunday ekan, muhabbat tuyg‘usining ham nazorat etilmog‘i, go‘zal va tabiiy (haqiqiy) bo‘lgan narsalarga qaratib yo‘naltirmog‘i kerak bo‘ladi. Shunda qarshimizga ushbu savol ko‘ndalang bo‘ladi.
Ajabo, nimani va kimni sevmoq kerak?
Eng yaxshi va eng go‘zali esa, butun go‘zalliklarning egasi, yaratuvchisi, ijodkori bo‘lmish oliy va muqaddas zot, ya’ni hazrati Allohdir! Bu dunyoda ko‘zlar ko‘radigan, qo‘ngillar sevadigan barcha go‘zal narsalar Uning ijodidir. U, ko‘zlar ko‘rmagan, quloqlar eshitmagan, kishining aqlu xayolidan kechmagan asl buyuk go‘zalliklarni esa oxirat olamida saqlagaydir! Odamzod asl go‘zallikning nima ekanini, ul zul-jalol val-kamol hazratlari Firdavsi A’loda, baxtiyor qullariga jamolidan niqobini ochgan lahzada anglagaydir, asl cheksiz lazzatni, ul akmal – mukammal jamolini mushohada etgan chog‘ida tanigaydir!

Yuksak ko‘ngillar ana shu damning xayolidan, Ul yuksak zotning beqiyos jamolidan mast va mustag‘raqdirlar! Asl sevgi shudir! Boshqa barcha sevgilar esa, yo sevgi-muhabbat tuyg‘usining o‘sib rivojlanmog‘i uchun bir sabab va yoki, asl ishq-muhabbatga eltadigan yo‘ldagi bir bosqichdir. Tasavvuf buyuklari asl muhabbatni «ishqi haqiqiy» deydilar, insoniy moyilliklarni esa «ishqi majoziy» deydilar. Yunus Emroni adabiyotning ulug‘
shoiri qilgan narsa ana shu ilohiy ishqdir. Mavlono (Jaloliddin Rumiy) jo‘shqinligi, Xoja Ahmad Yassaviy hikmatlari, ana shu asl ishq-muhabbbatdandir. Fuzuliy ana shu haqiqiy sevgi bilan martaba topdi, shu vajhdan «Ishq dardi ila xusham, qo‘l tort davoyimdan, tabib!» deb aytadi. Ashraf o‘g‘li xuddi shu sababdan:

«Seni sevmoq mani dinim, imonim,
Ilohiy dinu iymondan ayirma»,
— deb kuylaydi.

Haqiqiy sevgiga erisha olgan, asl seviladigan Zotni topa olgan inson uchun ne baxt bu!

Mirzo Kenjabek tarjimasi

olma
O’ZIGA XOS ISHQNOMA

Doktor, professor Shayx Mahmud As’ad Jo‘shon hazratlarining ushbu kitobi o‘ziga xos   «ishqnoma», ham «pandnoma»dir. Kitobda bu ikki mavzu muxtasar, omuxta, asosli, dalilli yoritilgan. Har bir fikr, qarash, kuzatish, hayotiy tajriba o‘quvchini ruhiy va axloqiy kamol toptirishga, jamiyatda esa sog‘lom va pokiza muhitni barqarorlashtirishga qaratilgan. Asarlarda ko‘zlangan mohiyat maqsad va xulosadan o‘quvchi tezda voqif bo‘ladi.
Har bir ma’rifiy mavzuda qissadan «hissa» bor. Mavzular bir-birini to‘ldiradi va yaxlit bir g‘oya asosida birlashadi. Bu g‘oya «Allohning sevgan quli bo‘lish»dir…
Muallif kuyunchaklik va  ulkan mas’uliyat bilan abadiy saodat yo‘lini ko‘rsatadi. Sevgi, muhabbatning bosh manbai bizni yo‘qdan bor qilgan Allohu taoloni sevishga va uning rizoligini topishga undaydi. Bu yo‘lda samimiy bo‘lish va shunga erishish vositalarini ko‘rsatadi. Rasululloh hazratlarini, komil insonni, musulmon birodarini sevishni, hatto kofir bo‘lsa-da, musulmon bo‘lish imkoniyati bor bo‘lgan kishiga munosib muhabbat bilan muomala qilishni uqdiradi…
Asar ilohiy va majoziy ishq orasidagi tafovutni oydinlashtirib, «Majoz haqiqatning ko‘prigidir» hadisiga binoan majoziy ishqda ham Haq va haqiqatning timsoli borligiga ishora qiladi. Shu jihatdan ushbu kitob mumtoz adabiyotimizdagi ishqi ilohiy bilan bog‘liq fikru tuyg‘ularni chuqurroq anglashimizga, his qilishimizga yordam beradi.
Komil inson haqida ko‘p gapiriladi. Lekin komillikka olib boradigan yo‘llar, vositalar, axloqlar, tuyg‘ular, tushunchalar haqida mazmunli va asosli gapirish, yomon fe’lu xo‘y va xulqdan qutulishni ko‘rsatib berish ham oson emas. Zero, bu sohalardan bahs etish uchun ma’naviy huquq kerak…
Shayx hazrat ana shu jihatlarni katta hayotiy tajriba va ilmiy kuzatishlardan kelib chiqib, ma’qul va maqbul tarzda tushuntirib berganlar. Tarjimon esa asarni mahorat bilan
o‘zbek tiliga o‘girib, savobli ishga qo‘l urgan.
Kitobning nashr bo‘lishi omma uchun ham, ziyolilar uchun ham muhim. Zero, bunday kitoblar bugungi keng kitobxon ommasininggina emas, balki jamiyatning kelajagi bo‘lgan yoshlarni mukammal unib-o‘sishida ham katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘ladi.
Alloh taolo muallifni, tarjimonni va ushbu kitobdan bahramand bo‘lganlarni dunyo va oxiratda aziz va mukarram aylasin. Omin! Valhamdu lillohi rabbil olamin. Vallohu a’lam bis-savob!

Sayfiddin SAYFULLOH,
Filologiya fanlari nomzodi

2007

(Tashriflar: umumiy 610, bugungi 1)

Izoh qoldiring