Alixonto‘ra Sog‘uniy. Turkiston Qayg’usi

TA’QIB VA SHARQIY TURKISTONGA O’TISH

Hayot olamida yashagan har qanday odam uning og‘ir yuklarini ko‘tarib, achchiq-chuchigini tatimasdan chorasi yo‘qdir. Qur’onning aytishicha: «Ne’matga shukr qilib, mehnatga sabr qilmoq va uning qutulish chorasiga kirishmoq lozimdir». Turma tartibi bo‘yicha hukm bo‘lgan kishilarni tashqi ishga chiqarmay jo‘nar vaqti bo‘lguncha kamerada saqlar edilar. Ertalab turgach xizmat kiyimlarimni kiygan holda qarab turgan edim. Ishchilar yo‘qlama tizim xatini o‘qiganda, xudo o‘nglab, otim chiqib qoldi.
«Tayyorman», deb qatorga o‘tdim. Odatga qaraganda meni kameraga qamab qo‘yib, Toshkent konqlageriga jo‘natishlari kerak edi. Yo‘q, unday bo‘lmay, ishchilar ichida turma temir qopqasidan tashqari chiqdim. Odatdagi ish ustiga kelgach, qarasam, samovar qaynab choy ichar vaqti bo‘lmish edi. Mana shu chog‘da nima bo‘lib atrofga qo‘ygan qorovullar ko‘rinmay qolishdi. Men ham vaqtni g‘animat bilib, mo‘ljallab ko‘ygan o‘rama tikanlik sim ostidan chaqqonlik bilan o‘tib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldim.
Biroq, qanday qilishimni, qaerga borib kimning uyiga sig‘inishimni bilolmay, kishi kam ko‘chalarda biroz kezganimdan so‘ng, qadrdon tungon og‘aynilarimdan Xiyoxalpa eshigiga borib, chaqirib edim, yugirib chiqa keldi. Meni turmadan qutulib chiqdi deb gumon qilgan bo‘lishi kerak, yig‘lagan holda «Muborak bo‘lsin» deb quchoqlashib ko‘rishayotganda, qochib chiqqanimni qulog‘iga shivirlab quyib edim: «Qo‘rqmang, xudo qutqargani shu!», deb ko‘nglimga ancha quvvat berdi. Buning qilgan kishiligi unutarlik emas edi. O’lib ketmish ekan. Alloh uni rahmat qilsin!
Ehtiyot yuzasidan tom chodiri ichida bosilgan beda o‘rtasidan bir kishilik joy qilib, kechga dovur meni shu yerda saqladi. So‘ngra, o‘z maslahatim bilan oqshom qorong‘usi aralash, tungon mahallasida tungonlardan Ishoza otliq yana bir ishonimlik do‘stim bor edi, shuning uyiga keldim. Bu esa iymon ixloslik, sinovdan o‘tgan mard kishi bo‘lg‘anlikdan, jon fidolik ko‘rsatib, do‘stlik haqini bajarmish edi. Kishi hayron qolg‘udek soqlik-sergaklik bilan meni uyida uch kungacha kutib, yaxshi saqladi. Shungachalik tinch turgan bo‘lsak ham izlovchilar chiqa boshlagach, shu kuni shom vaqti bilan Pishpekdan kun botishga yaqin, qirq chaqirimcha bo‘lgan tungon qishlog‘i So‘quluqqa qarab jo‘nadik. Mendan xabar olgani ketayotgan Mogar, Momoza degan shogirdlarimiz yo‘lda yo‘liqishib, birgalikda uylariga bordik.
Bu yerga kelgach, yolg‘iz o‘z shogirdlarim emas, balki butun tungon xalqi menga qorovul bo‘lmish edilar. Mening bu yerga kelganimni o‘z shogirdlarimdan boshqa birov bilmagan edi. Hukumat ichidagi xizmatchilari bo‘lsa ham, menga hayrixoh bo‘ldilar. Shuning uchun necha qayta kelgan hukumat josuslarini bu yerga meni kelmaydi deb qanoatlantirmish edilar. Shunday bo‘lsa ham ilon chaqqan kishi arqon shaklidan cho‘chiydi degandek, o‘zim ham imkoniyat boricha ehtiyot yo‘lini tutdim. Shunga ko‘ra butun shogirdlarim tashqaridan ko‘z quloq bo‘lib turdilar kunduzlari tirikchilik ishlari bilan bo‘lishib, kechasi esa zerikmasligim uchun men bilan birga edilar. Shuning uchun Rasululloh alayhi vasallam aytdilar: «Haqiqiy do‘stlarni ko‘paytiringlar, chunki bular yaxshilik kunlarida ziynat bo‘lurlar, balo tushganda boshpanodurlar».
Har qancha soqlik bilan bu yerda turgan bo‘lsak ham, ishimiz kundan kunga qo‘rqinchlik edi. Agar bu yo‘li yana zolimlar qo‘liga tushar ekanman, u vaqtda men uchun qanday jazolar qo‘llashlari ma’lum edi. Shunga ko‘ra Solar tungonlaridan Yusufqori degan bir shogirdim ko‘p qiyinchiliklar bilan Toshkentdagi Xitoy konsulidan Ismoiloxun nomiga yasama pasport qilib, menga keltirib berdi. Bu kelginchalik To‘qmoqdagi oilam bilan ko‘rishib, safar harakatlarini bajarib turdim. Shu orada bizning qadrdon og‘aynilarimizdan va ham qo‘sh qudamiz, uzun yillar To‘qmokda turgan, asli toshkentlik, G’uljada vafot topgan Shohidoyat qori, butun boyligidan ajragan holda, hech yerga sig‘maganlikdan qochib, Suqo‘luqqa kelmish edi. O’zimni bildirmay turib, boshqalar orqalik ul kishiga yordam yetkazib turdim.
Birinchi yotgan yerimda besh olti kundan ortiq turmagan bo‘lsam ham, ikkinchi o‘rin, atrofiga beda bosgan qamish chodir ichida 52 kun turdim. So‘ngra ko‘nglimga bir tashvish tushganday bo‘lib, u joydan uchinchi joyga ko‘chmish edim. Xudo saqlamish ekan, men ko‘chib, ertasi kuni bir miliqiya bilan ikki kishi kelib, tom usti chodirlarigacha chiqib, qaramish edilar.

B a y t:
Kishini saqlasa U Xoliqi pok,
Zahar og‘zinda bo‘lg‘ay misli tiryoq.

Bu ish bo‘lg‘andin so‘ngra, bu joydan ham tezroq yo‘tkalishimiz lozim ko‘rinib, Sharqiy Turkistonga o‘tish niyati bilan uchinchi marta safar jamolg‘asini qilishga kirishdim. O’z do‘stlarimizdan tungon G’yoriyos mutavalli ham bizga o‘xshash qochoqlardan edi. U bilan ko‘rishib hamsafar bo‘lishga va’dalashdik. Yo‘lga chiqishga kun belgilashib, shu kechasi barcha ahbob, yoru do‘stlarimiz yig‘ilishib keldilar, tariqat ahllari odatlaricha xatim o‘qib, duoi fotiha o‘tkazgan so‘nggida, Allohga tavakkal qilib, So‘qo‘luq ustidan to‘rtinchi Chuy stanqiyasiga qarab aravada yo‘lga chiqdik.
Ertasi Chuy suvidan kema orqalik u tomonga o‘tib ketayotganimizda, qurollik rus to‘sqovullari oldimizdan chiqib, bizni tekshirgani turdi, hurjin-xalashlarimizni ag‘darib, barini ko‘rib bo‘lgach, yo‘ldoshimdan pasport so‘radi. Xudo o‘nglab, o‘z otiga olgan Xitoy pasportini ko‘rsatgan edi, bir narsa umidida undan chatoq chiqarib, bizni ko‘p qiynadi. Bu yerda eng hayron qolarlik ish shulki, yo‘ldoshimni shul qadar uzundan uzun tekshirgan holda, negadir, mendan bir og‘iz ham so‘z so‘ramay, oxiri shoshilgan kishidek otini minganicha orqasiga qaramay ketvordi. Ortidan biz dag‘i yo‘lga tushib, shu yurganimizcha hufton vaqtida Chuy stanqiyasiga yetdik. Besh olti soat o‘tib, Olmota poezdi kelgach, unga tushib jo‘nadik. Sario‘zak degan joyga kelganimizda biz tushib qoldik. Turksib poezdi esa, shimoliy tomon Sibiriyaga qarab burilib ketdi.
Kech kuz vaqti, sovuq qattiq bo‘lib, qor buroshalab yog‘ib turgan edi. Poezdan tushgan kishilar barimiz stanqiyadagi bir kichik uyga kirib yotdik. Kun sovuq, pechkaga o‘t yoqilmagan edi. Qarasam, har tarafdan jon qutqarib chiqqan odamlar, ko‘plari bizga o‘xshash o‘z eliga sig‘magan, zolimlar tomonidan nohaq quvg‘unga olingan haqsizlar edi. Shu yerga kelganimizda shunday so‘z chiqdikim, oldimizdagi yo‘l usti manzilida GPU askarlari yo‘lovchilarni qattiq tekshiruv ostidagina o‘tkazar ekan; agar birorta shubhalik odam topilib qolgudek bo‘lsa, uni yo‘ldan qaytaribgina emas, balki qo‘lga olib qamab qo‘yishlari aniq ekan. Mana bu so‘z chiqqan so‘nggida, Toshkentdan chiqqan Xitoy elchixona xizmatchilaridan boshqa hamma kishilar qo‘rquvga tushib, yo‘ldan qaytmoqchi bo‘ldilar. Qarasam, bechoralarning quvvati qochib, ranglari o‘chgan, bir birlariga ishonolmaganlikdan sirlashib-maslahat qilish kabi ishlar xalq o‘rtasidan butunlay ko‘tarilgan. O’zlari kulgandek bo‘lib ko‘rinsalar ham, ko‘ngillari g‘am qayg‘uga to‘lganliqdan yuzlari sarg‘aygan edi. Bu ishga hammadan ko‘proq men qayg‘urishim kerak edi; zulm hukmlarini nohaq manim ustima yuklaganlari uchun, qarshilik ko‘rsatmish edim. Ak-sincha, ko‘nglimga boshqalar kabi ortiqcha qo‘rqinch tushmagach, Allohga tavakkal qilib, olg‘a yurmoqchi bo‘ldim.
Umrim ichida qanchalik ogir ishlarni, ko‘p qo‘rqinchlik kunlarni boshimdan kechirdim. U chogda ko‘nglimdagi iymon e’tiqodim, Allohga va uning haq payg‘ambari Muhammad alayhissalomga bo‘lgan muhabbatim, men uchun eng kuchlik ishonchim va eng ortiq suyanchim edi. Nachora, bu kabi diniy ishlar sirlarini o‘zi tatimagan bechoralar qaydin bila olsinlar? Iymonlik kishilarga har vaqt bu ulug davlat nasib bo‘lgusidir.
Tanigan bilgan odamlar uchun bu yo‘ldan qaytmasga maslahat bergan bo‘lsam ham, hech qaysilari bunga jur’at qilolmadilar. Ulardan ajragach, xayol surib uydan tashqari chiqishim bilan, taraqlab kelayotgan uch to‘rt bo‘sh aravaga ko‘zim tushib, uni to‘xtatdim. Qarasam, biz yurar yo‘l ustidagi qishloqqa boradigan o‘rislar ekan. Ular bilan kelishib, aravaga tushgandan so‘ngra, kichkina yurib, bir katta saroyga yetdik. Bu esa necha tomonlab, ayniqsa, Olmota ulug‘ yo‘lining kelib qo‘shilgan joyida qurilib, o‘z vaqtida ko‘p obod kutilgan bo‘lsa ham, inqilob buzg‘unligida uni egalari tashlab qochgan ekanlar.
Olmota, Chelak, Norin, Talg‘ar, Qo‘rom qishloqlaridan uy joylarini tashlab, bola chaqalari bilan ko‘chishib chiqqan musulmonlar bilan shu yerda ko‘rishdim. Lekin bola chaqalari bilan ko‘chkanlarning ko‘pchiligi konsul orqali Xitoy pasportini olganlikdan uy asbob, aravalar bilan chiqqan ekanlar. Bu saroy ichiga kirganimdan keyin eng achinarlik, og‘ir bir manzara ko‘zimga ko‘rina boshladi. Shundoqki, kun qattiq sovuq, o‘t yoqilmagan, saroy kutgan hech kim yo‘q, ichiga poxol to‘shalgan bo‘lsa ham, oyoq ostida payxon bo‘lgan. Uzundan uzun qorong‘u uy ichida yuzlari qayg‘ulik kishilar yotmish edilar. Sovuqqa chidayolmaganlari uy ichida o‘t yoqqanlaridan esa, burun yorg‘udek achchiq tutun bilan uy to‘lmish edi. Ayniqsa, bir yosh xotin o‘zi kasal, oyog‘ ostida yotgan ikki kasal bolasi ustida termilib yig‘lab o‘ltirg‘anini ko‘rgach, unga qattiq achindim. Balo tushganda bari kishi o‘zlari bilan bo‘lishib, rahm shavqat kabi fazilatlik ishlar ham haqiqiy musulmondan boshqa kishilar ko‘ngillaridan butunlay ko‘tarilar ekan.
Yo‘lxat tekshiruvchi to‘sqovul oldimizda bo‘lib, boshqa yo‘l bilan o‘tish mumkin bo‘lmag‘anlikdan barimiz qo‘rqinchda qoldik. «Sadaqa baloni qaytarur», degan payg‘ambarimiz so‘zlari xotiramga keldi ersa, ikki bolasi bilan ochlik yalang‘ochlikda kasal yotgan shu xotinga taom va akchadan berib, uni suyuntirgan holda shunday ko‘chaga chiqsam, bir yuk mashinasi keldi. Unga qarab: «Bizni Oltiniman dovoni ostiga eltib tashla, senga muncha aqcha beramiz», desam, u ham «Bir shartim bor, ikki toy yukim tog‘dan soyga qulab ketgan, shuni chiqarib bersanglar, sizlarni olib ketar edim», dedi. Biz ham buni g‘animat bilib, darhol mashinaga chikdik. Biroq, o‘zimizni ishchilarga o‘xshatish uchun safar belgisi xurjun xalashlarimiz ko‘rinmasligi kerak edi. Shuning uchun qo‘llarida yo‘l xatlari bor, bola chaqalari bilan aravalik ketayotgan, Olmota atrofidan chiqqan taranchilarga to‘sqovul oldidan o‘tib olganimizcha shu narsalarni aravanglarga solib qo‘yaylik deb iltimos qilsak, qabul qilmadilar. So‘ngra, shu yoqqa hukumatning molini yuklab ketayotgan rus aravakashlariga 5 6 so‘m aqcha berishimizni aytib, xurjunlarimizni ularga topshirib, yo‘lga tushdik. Shu bilan bizni to‘sqovullar oldidan taraqlaganicha o‘tkazib, besh o‘n chaqirim yurgach, tog‘ belida to‘xtadi. Va’damiz bo‘yicha, soy ichida yotgan ikki toy yukni ming mashaqqatlar bilan yuqoriga chiqargach, mashinasiga solishib qo‘ydik. Allohning yordami, sadaqaning sharofati bi-lan bu balodan qutulib, Oltiniman oshuvini oshgandan so‘ngra, Boshchi saroyiga tushdik.
Bu yerda So‘quluq tungonlaridan Xanjar halpa degan kishi bola chaqa, ot aravalari bilan bir saroyda yotgan ekan. Oltiniman dovonida qorbo‘ronda qolishganlikdan, ikki qo‘lini sovuq oldirib, ishga yaramay hayronlikda turmish edi. Men uchun bu ish ko‘p qulay kelgani ustiga, bular ham men kabi ishonimli bir yordamchiga muhtoj edilar. Shuning uchun barimiz birgalikda ishimiz o‘nglanib, aravachi xizmatini bajargan holda yo‘lga tushdik. Orada ikki qo‘nib, Bo‘rig‘ujur qishlog‘iga yetganimizda qarasak, bu yerga yuqorigilardan ham qattiqroq to‘sqovul qo‘yilmish ekan. Shunday bo‘laturib, ich ora aravachilaridek qamchini sudraganimcha, qorovulxona oldidan o‘tib 15 chaqirimcha yurgach, salomat Yorkent shahriga yetdik.
Bu yerdan Xitoy chegarasi Qo‘rg‘os 46 chaqirim yo‘l bo‘lib, Sharqiy Turkistonda bo‘lgan Jung‘oriya o‘lkasining g‘arbiy chegarasi hisoblanganlikdan, bu shahar ilgari, ayniqsa, chor hukumati davrida obod bo‘lib, yaxshigina bezatilmish edi. Tarixiy va siyosiy ahamiyatga ham ega edi. Bu yerdagi ko‘pchilik turg‘un xalq bu tarixdan taxminan 200 yillarcha ilgari Oltishahardan keltirilgan, asli uyg‘ur bo‘lsa ham, o‘zaro taranchi deb ataladilar. Bularning kelib chiqish taryaxlari vaqti kelgach o‘z o‘rnida yozilg‘usidir. Bu shahar yuqorida aytilgandek o‘z davrida yaxshigina rivojlangan edi. Ayniqsa, bularning eng buyuk, obro‘ylik boylari xayr-saxovatlik davlat egasi, marhum Valiboy edikim, eng so‘nggi oq podshoh chaqirig‘iga borganida unga hurmat libosi kiydirmish edilar. Bu kishi Xitoy poytaxti Pekin shahridagi ajdarho suratida yasalgan xon saroyi nusxasida qilib, Yorkent shahrida bir masjid bino qildirmish edi; hozirgi kunlarda esa uni hukumat o‘z qaromog‘iga olmishdir. 1931 yili biz o‘tkanimizda shahar shundayin harobalikka kelmish edikim, huquq egalari bo‘lgan eng tubangi ba’zi ishchilardan boshqa butun shahar xalqi qochib, chegaradan o‘tmish edilar. Ilgari keng bog‘u-bo‘ston joylari esa, biz kelar kunlari baxtsiz mazlumlar ko‘ngillari kabi sindirilgan holda kultepalarga aylantirilmish edi. Biz dag‘i boy o‘g‘li qushlaridek bo‘lib, shu choldevor haroba uylarning biriga tushib joylashdik.
Mana shu yerda ming tashvish ostida xudoga sig‘inib, zo‘rg‘a ikki kun turg‘an so‘nggida, Osomuslim degan bir taranchi bolani yo‘lboshchi qilib, shahardan chiqdik. O’z ishida mohir bo‘lgani uchun bizni hammaning ovqat yeyish vaqti qoq tushda olib chiqmish edi. Shahar chetiga chiqqach, mozor oldidagi qalin qamish ichida ukki qushdek oqshom qorong‘usi tushganicha shu o‘rinda chirkayga talanib yotdik. Ko‘z qorovlashib qorong‘u tushgan chog‘da, yo‘lboshchimiz yayov, biz ikkovlon otliq yo‘lga tushdik. Chegaraga yetkuncha qishloq oralamay, yoshirin yo‘llar bilan yura-yura, Oqtom qish- log‘i sirtida bir chaqirimcha yerdan o‘tayotganimizda hurib turgan bir it tovushi yirokdan eshitilib turmush edi. Bu yerdan 15 chaqirim chamali yo‘l yurganimiz so‘nggida chuqurroq bir soylik yerga kelgach, biroz dam olmoqchi bo‘lib tushdik. So‘ngra yo‘lboshchimiz: «Qani yuraylik», deb turdi esa, biz dag‘i orqasidan ergashganimizcha yuraverdik. Bir ikki soat yo‘l yurganimizdan keyin yiroqdan qalin daraxtlik qishloq ko‘rinib edi, ikki soat ilgari hurib turgan it tovushini yana yiroqdan eshitib qoldim.
«Adashgan o‘xshaymiz, payqab qaraylik», deb yo‘lboshchimizni to‘xtatdim. Sinchiklab qarasak, orqamizga qaytib, to‘ppa to‘g‘ri yana Yorkentga ketayotganimizga aniq ishongach, yo‘lboshchimiz qattiq qo‘rqinchga tushdi.
Yo‘lsiz to‘qaylarning ichi bilan yurganimizcha, qum tog‘i etagiga yetdik. Qum tepaliklaridan osha osha, to‘rt tomoni tog‘dek baland qumlar bilan o‘ralgan, saksavullik bir chuqurga tushgach, kuchlik bo‘ron bo‘lib, qor yog‘a boshladi. Ichar suvimiz yo‘qligidan qorni eritib ichdik. Yoqqan saksavul o‘tida ho‘l bo‘lgan usti boshlarimizni quritib, o‘t osti qizigan qum ustida yotdik. Kech bilan shu qum tog‘lari ichidan oralab yurganimizcha ertasi shom vaqti bilan chegara Qo‘rg‘os soyi ustiga yetdik. U vaqtlar 1931 yili, tikon sim to‘g‘ri to‘silmaganlikdan, har bir soatda chegara soqchilaridan ikki otliq askar uzulmay qatnab turar edi. Otlarimizni daldaroq bir chuqur ichiga boylab qo‘yib, o‘zimiz esa, bularning o‘tib ketishlarini yuqoridan payqab turdik. Utishlari bilan to‘xtovsiz yuqoridan tushganimizcha Qo‘rg‘os suvini kechib, Xitoy chegarasiga o‘tdik. Alloh yordami bilan bu yirtqichlardan qutildik.
Endi ikkinchi Xitoy yirtqichlariga yo‘liqmaslik chorasini qilishimiz kerak edi. Yo‘lboshchimiz kishi bilmas yoshirin yo‘llar orqali yurganimizcha, tun yarimi yaqinlashganda belgilangan yerga yetkazdi. Shu bilan hayot olamini azob zindoniga aylantirgan kommunistlar zulmidan vaqtli bo‘lsa ham qutilgandek bo‘lib qoldik.
Ko‘zimizga bu yerlar boshqa bir jahondek ko‘rinmokda edi. Tun bo‘yi yurib charchagan kishilar, dang qotib uxlab qolmish edik. Uyg‘onishimiz bilan saroychimiz: «Hay mehmonlar, hukumat iskovuchlari kelib qolmasdan bu yerdan qo‘zg‘alib ketsanglar, barimizga ham yaxshi bo‘lur edi», degach, darrov harakat qilib yo‘lga tushdik. Yiroq safardan kelayotganimizga belgi bo‘lg‘udek biror narsa bizda bo‘lmagach, so‘qma yo‘lni qo‘yib, qatnov yo‘liga kirdik. Bir ikki chaqirimcha yurganimizdan keyin yo‘l bo‘yiga qurilgan Xitoy askarxonasi borligi yiroqdan ko‘rildi. Undan 40-50 qadamyuqoriroq joyda yasalgan minoracha ustida ham, bir qorovul o‘tgan ketganlarni tekshirib turmish edi. Bular oldidan o‘tish biz uchun ancha og‘ir bo‘lsa ham, boshqa choramiz yo‘qligidan o‘tishga majbur edik. Biroq, biz u yerga yaqinlashganimizda nima bo‘ldi ekan, qarab turgan qorovul yuqoridan tushib, shoshilganicha askarxona qo‘rg‘oniga kirib ketdi. Buni ko‘rgach biz ham ot yurishini tezlatib, qo‘rg‘on eshigidan ellik qadamcha o‘zg‘an edik: «Hoy-hoy», degan chaqiriq tovushi kela boshlagach, yo‘ldoshimga «qarama qarama», deb eshitmagan kishidek ketaverdik. U ham ikkinchi chaqirmadi. Xudo o‘nglab bundan ham ziyonsiz o‘tib oldik.
Shu yurganimizcha o‘rtalikdagi to‘qay ichida ketayotganimizda chegara saqlovchi Shiva, Solan cheriklaridan qurollik bir otliq odam oldimizdan chiqa kelib: «Hay, to‘xta, qaerdan kelasizlar? Narigi yokdan o‘tgan kishilarga o‘xshaysizlar. Yo‘lxatlaring bormi?», dedi. Buning dahshatin ko‘rgach, boshqa so‘z aytqali bo‘lmadi. Yo‘ldoshim G’iyosoxun xitoy pasportini ko‘rsatib edi, unga qaramay yoniga solib olib: «Qani yomug‘o (turmaga) yuringlar», deb bizni haydaganicha yo‘lga tushdi. Yo‘ldoshim ikkovi xitoychalab nari-beri aytishib, yarim soatcha yurganimiz so‘nggida qarasam, ish ko‘payadiganga o‘xshaydi. Bir tadbir ishlatmoqchi bo‘lib: «Hay loya, ruxsat bering, tahorat sindirib olaylik», deb shu yerga tushdik. So‘ngra uni bir chetga chaqirib: «Bu kishining pasporti bo‘lsa, kuchlik yo‘lxatlari ham bor, qaerga olib borilsa ham foydasi yo‘q, quruq ovoragarchilik bo‘ladi, undan ko‘ra bir oz choy puli olib bersam qanday bo‘lar ekan?», dedim. «Choy puli» qulog‘iga kirgach «mohu mohu»lab, darrov so‘zi yumshab qoldi. Yo‘ldoshim bunga rozi bo‘lmagan bo‘lib tursa ham, men zurlag‘andek bo‘lib ko‘rinib, 20 tangani qo‘liga berishim bilan orqasiga qaramay chopqanicha ketdi.

B a y t:
Qadri yo‘q gavhar so‘zing olchoq kishilar oldida,

Durni taqsang na bilur, it og‘ziga tashla suyak.

Shu bilan buning ham og‘zi yopilib, qaytib ketishi bilan biz ham shu yurganimizcha Suyding shahriga yetdik. Bu esa Ili o‘lkasida qurilgan shaharlardan biri, yo‘lovchilar saroyida bir kecha yotib, ertasi kuni G’ulja shahriga qarab yo‘lga tushdik. Bir soatcha yo‘l yurganimizdan so‘ngra Qura shahriga keldik. Kura Ili o‘lkasida qurilgan to‘qqiz qo‘rg‘on ichida eng ahamiyatligi, ayniqsa, harbiy tomondan o‘lka bo‘yicha hukumat markazi hisoblanur edi. Bu yerga kelgach, erkin hayotda o‘z ixtiyoricha yashayotgan baxtlik kishilarni ko‘rib, qattiq ta’sirlanmish edim. Chunki, sovet hukumati qurilgandan boshlab, ularning shum qadamligidan tirikchilikka kerak har narsa qahatchilikka uchramish edi. Chegaradan o‘tgach qarasak, do‘konlarda turlik mollar tiqilib yotmish edi. Boshqa davlatlardan keltirilgandir deb gumon qilib so‘rasak, bu mollarning hammasi sovet tomonidan yuborilmish ekandur.
Bu hukumat qurilgan kunidan boshlab, o‘z xalqining har qancha qiyinchilik, og‘ir ahvolda yashayotganiga qaramay, balki butun narsalarini iqtisodiy tuzoq qilib, boshqalarni ham o‘z yo‘liga tortish uchun, chet ellarga chiqarib turishni o‘ziga qonun tutmish edi. Sovet hokimiyati zulmi ostida ezilayotgan yerlik xalqlar esa, butun oilasi barobar jon kuchlari bilan ishlab, o‘z tuproqlarida yetishtirgan mehnat hosilining yuzdan biriga ham ega bo‘lolmaydilar. Yolg‘izgina mehnat hosilotiga ega bo‘lmaslik emas, balki bular qo‘l ostida yashovchi kishilar insoniy huquqlaridan ham butunlay mahrum etilgan holda, hayvonlarcha erkixtiyorsiz xizmat qilishga majburdirlar.
Dunyo yaratilib, inson nasli yer ustiga tarqalgan kunidan boshlab, hech bir zamonda bu kabi aqldan tashqari, buzuq maslakli olchoq odamlar xalq ustida hukmron bo‘lmaganligi ma’lumdir. Shuning uchun eng ogir dahshatlik kun qaysi deb payg‘ambarimizdan so‘raganda: «Haromzodalar o‘gli haromzodalar xalq ustidan ixtiyorsiz hukm yurgizsa o‘sha kun», dedilar. Yana Rasulullohning aytishlaricha, har bir inson umri uzulguncha ofat balolar ichra yashamoqqa majburdir, lekin hayot olamida bo‘ladigan barcha balolar ichida butun xalq uchun eng yomonrogi, eng za-rarligi ko‘rlik balosi ekandir. Chunki bundan payg‘ambarimiz o‘zlari ham panoh tilab, undan saqlanishga buyurdilar.
Endi ko‘r balosi qaysi deb so‘ralur ersa, o‘zlari bilmagan, bilganlariga tushunmagan bir qancha johil nodonlardurkim, ular aqllik olimlar boshliq butun xalq ustidan qurol kuchi bilan zo‘rlik asosida hukmronlik qiladilar. Xalq taqdiri butunlay ular qo‘lida bo‘lgach, bular uchun ulardan eng dahshatlik, zararli ofatlar tugiladi. Shuning uchun har ishda to‘grini egridan, yaxshini yomondan ajratqudek aql farosatdan yiroq bo‘lgan hukumat boshchilari esa, bechora xalq boshiga kelgan ko‘r balo bo‘lishlari shubhasizdir. Payg‘ambarimiz aytdilar: «Men Alloh taolo tomonidan bir yo‘l keltirdim. U esa yoruq, yumshoq, tekkis yo‘ldir, to‘gri yo‘ldir. Boshi bu dunyoda bo‘lib, narigi boshi u dunyoda jannatdur. Bu yo‘lning qolovuzi Muhammad alayhissalom, qo‘llanmasi Qur’ondur. Agar ummatlarim uning ko‘rsatganicha dinlarini kutib, u yo‘ldan chetga chiqmas ekanlar, butun ofatlardan omonda bo‘lib, Alloh rizosini topqaylar». Agar bunday bo‘lmas ekan, Alloh aytdi: «Ularning boshiga bir balo yuborurmankim, har qanday bilimli dono kishilarni ham hayronlikda qoldiradi».
Mana, Rasululloh aytganlaridek, butun dunyo bo‘yicha eng siyosiy arboblarni hayratga qo‘yib, chorasiz qoldirgan narsa esa, shu ustimizdagi kommunizm balosidan boshqa emasdur. Chunki yuqorida aytilgan payg‘ambarimizning mo‘‘jiza so‘zlari shu kunlarda bo‘layotgan ishlarning naq o‘zi ekanligini ko‘rib turibmiz. Endi bu kabi balolardan qutulish uchun Rasululloh ko‘rsatgan haqiqiy islomiyat, Qur’on ko‘rsatgan yo‘lga qaytishdan boshqa chora yo‘qdir.
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Sario‘zakdan chiqib, G’ulja chegarasini besh olti kun yo‘l bo‘ylab kelayotganimizda, meni eng achintirgan narsalardan birisi, ko‘chmanchi qozoq qarindoshlarimizni eng ogir ahvolda ko‘rishim edi. Chunki, sovet tuprogi bo‘yicha qaysi o‘lkada bo‘lsa ham, hech bir millat bular kabi vayrongarchilikka uchrab, qattiq zarar ko‘rmagan bo‘lsalar kerak. Bunga dalil: inqilob oldida sakkiz million hisoblangan qozoq xalqi hozirgi tarix 1968 yilda olingan ma’lumotga ko‘ra, uch million qolmishdir. Ayniqsa Bolqosh ko‘li atrofidan boshlab, Qorako‘l, Qiziljar qal’alarigacha suvsiz, ekinsiz Qoraqum cho‘llarida yashayotgan, chorvachilikdan boshqa qilar ovqatlari bo‘lmagan, o‘zlari uchun, xalq uchun mol boqqan bechora ko‘chmanchi yerliklarning qo‘llaridagi borliq mollarini bu rahmsiz, toshyurak mal’unlar birdaniga tortib oldilar. Buning natijasida tirikchiligi yolgiz chorvaga boglangan qozoq xalqi ochlikdan qirilib ketdi. Bunga qarshi o‘zlarini xalq gamxo‘rlari atashgan davlat arboblari kommunist rahbarlari hech qanday chora
ko‘rmadilar va 30-yili boshlanib, ZZyillari to‘liq kuchga kirgan, Qozogiston bo‘yicha tarqalgan ocharchilikdan qozoq xalqi butunlay qirilishga boshladi.
Shu kunlari esa, Qirgizistonning Qorako‘l, Issiqko‘l atrofidan keltirilib, ko‘l bo‘ylariga taxlab qo‘yilgan hisobsiz arpa, bugdoylarni olishga navbat yetmaganlikdan osti, usti chirib, yarim gazdan ko‘karib yotmish edi. Yerlik xalqning o‘lik tiriklari bu dinsizlar oldida barobar bo‘lganligi uchun, o‘zlaridan tortib bosib olgan hisobsiz bugdoylarning har yerda chirib yotishiga qaramay, xalqning qirilishiga rozi bo‘ldilar.
Endi esa eng hayron qolarlik ish shulkim, naqadar qurbonlar berib o‘tkazgan ogir kunlarini unutgan holda turk ulusining asil o‘gillari qirgiz qozoq qardoshlarimiz diniy milliy hislarini yo‘qotib, asrlar bo‘yi saqlanib kelgan ona tillaridan ham ajrash ustida turadilar. Ona tildan ajraldi, demak, insonlik haqqini saqlayolmay, hayot olamida boshqalar hisobiga yashayotganlikdan inqirozga uchrab, tarix yuzidan butunlay o‘chirildi demakdir. Endi buning birdan bir chorasi diniy hislari yo‘qolgan bo‘lsa ham, milliy hislarini saqlash uchun turlik yo‘sinda ona til adabiyotlarini ko‘tarib, ilmiy tillar qatoriga yetkazishlari lozimdir. Shu safarimda chegaraga yetkunchalik och yalongoch bolalarga, oriq tuyaga yuklangan orqada ochlikdan gandiraklashib piyoda yurolmay ketayotgan er xotin qozoq oilalariga yo‘l bo‘ylab ko‘p uchrangan edim. O’sha vaqt ulardan qattiq ta’sirlanganim uchun chegaradan o‘tgach, ularni eslab, ko‘rgan ahvolni yozishga majbur bo‘ldim.
Shu bilan Kuradan chiqib, G’ulja tomonga qarab yo‘lga tushdik. Taxminan 25 chaqirimcha yurib, G’uljaga yaqinlashib qolganimizda, Bayondoy shahri harobasi yonidan o‘tishga to‘g‘ri keldi. Bu shahar esa Koshg‘arda 12 yil hukm surgan 1270 tarixi hijriyda, butun Sharqiy Turkiston o‘lkasini Xitoy bosqinchilari qo‘lidan ajratib olib, uyg‘ur turklari tomonidan xon ko‘tarilgan Yoqubbek otaliq davrida harob bo‘lmish edi. Shundoqki, Uyg‘uriston Oltishahardan Ili o‘lkasiga askarlik xizmati uchun Xitoy xoni buyrug‘i bilan majburiy ravishda ko‘chirib keltirilgan uyg‘ur taranchilari, xitoylarning zulmlariga chidayolmay tungon musulmonlari bilan birlashgan holda, zolimlarga qarshi qo‘zg‘almish edilar. Oxirida birlashgan musulmonlar ittifoqlik sharofatidan zolim xitoy askarlarini tor mor keltirib, milliy hukumatlarini qurmish edilar.
Buyoqdan Yoqubbek otaliq janubiy Oltishaharni Xitoy bosqinchilaridan tozalagach, shimoliy tomondagi Jung‘oriya markazi hisoblangan Urumchi shahrini, ittifoqqa kelmagan, sulhga unamagan johil tungonlar bilan urushib, g‘alaba qozongandan keyingina qo‘lga keltirdi. So‘ngra, shimoliy tomondan kelib, butun G’arbiy Turkistonni bosib olgan chor Rusiyasiga qarshi siyosat qo‘llab, G’ulja hokimi taranchi Qorasultonni birlik ittifoqlikka undab, elchi yubormish ekan. Bu johillar boshlig‘i o‘zining ongsizligidan asosiy maqsadni tushunmasdan, rad javobi bilan ularni quruq qaytaradi. Yo‘q esa, otaliq talabi bilan o‘sha vaqtdagi Turkiya sultoni Abdulaziz xalifa tomonidan yuborilgan olti nafar turk afandilari uyg‘ur, o‘zbek o‘g‘illaridan tuzilgan otliq askarlarni butunlay yangi intizom ostiga olmish edilar.
Yoqubbek otaliq Hindiston malikasi Angliya qirolichasiga ikki qayta, Turkiya sultoni xalifa Abdulaziz hazratlariga itoat bildirib bir marotaba, elchi yubormish edilar. Buning natijasi bo‘lib, o‘zining manfaati uchun qirolicha tomonidan birinchi navbatda 10 ming, ikkinchi navbatda esa 24 ming pistonlik miltiq sovrun berilmushdir. Xalifa tomonidan esa, oz ko‘p urush qurollari va askar yasoqlari bilan harbiy xizmatlarni yo‘lga qo‘yib tartibga solish uchun, yuqoridagi afandilar kelmish edilar. Mana shular orqalik otliq, oyoq askarlar va boshqa butun harbiy ishlar turk askarlari tartiblari bo‘yicha tuzilmish edi. Shu sabablik o‘zlaridan qancha ko‘p ortiq qarshi askarlarni yengib, oz fursat ichida Urumchi shahrini qo‘lga kelturdilar. U yerdan o‘tgach, Qutubiy, Sonji, Monos, Shixuga yaqinlashganlarida bunga qarshi shoshilinch ravishda Olmota gubernatori qo‘mondasida chiqqan chor Rusiyasi bosqinchilari G’uljani bosib oladilar. Shu bilan qancha musulmon qonlari badaliga yangigina qurilgan davlat asosan ittifoqsizlikdan ruslar bilan bir to‘qnashishga ham yaramay zavolga uchraydi.
Endi, ustida shunchalik tarixiy so‘zlar yozilishiga sababchi bo‘lgan Bayondoy harobasidan o‘tkanimizdan so‘ngra, shaharga qarashlik Do‘ngmahalla bilan Qo‘rg‘ontepa Kura darvozasi ostiga keldik. O’rta asr turmushlarini eskartadigan, xitoy odatlariga ko‘ra shahar atrofi besh olti metr egizlikda (balandlik) tuproq qo‘rg‘onlar bilan o‘ralib, to‘rt tomonidan to‘rt darvoza qurilmish edi. Darvoza tashqarisida ot tuyog‘i botqudek balchiq ko‘rmagan bo‘lsak ham, darvozadan kirgach, tizzadan yuqorigacha sassiq, qora botqoq kechib, shahar ichiga kirdik.
So‘ngra so‘rab surishtirib, bir yerda tug‘ilib, bir kentda o‘sgan To‘qmoqdagi o‘z mahallamizdan ketishgan uyg‘ur Olmozbek hoji o‘g‘illari Turdoxunbek, Qurbontay qori uylariga kelib tushdik. Uy egalari boshliq zol to‘lgan odamlar yugurganlaricha chiqishib, bizni qarshi oldilar. Qarasam, shuncha ko‘p kishilar ichida birovi ham yot emas edi.

To‘qmoqlik, qorako‘llik ko‘rib, bilib yurishgan o‘z og‘aynilarimiz ekanlar. Kishi tang qolurlik ishdurkim, mening to‘g‘rimda qayg‘urishib, so‘zlashib o‘ltirishgan vaqtlarida so‘zlari hali tugamay turib, ustilariga kelgan ekanmiz. Meni ko‘rgach, barilari hojidan kelgan otalarini ko‘rganday bo‘lib quvonishib ketdilar. Ayniqsa qorako‘llik uyg‘urlardan Ibrohimoxun oqtosma, yana birovi oti esimdan chiqmish, otushlik savdogar yigit. Bu esa To‘qmokda turgan chog‘ida kezik kasaliga mubtalo bo‘lgan va mening tajribam sababli shifo topgan ekan. Boshimda eski quloqchin (telpak), usti boshim harob, oyog‘imda ishlamchi (ishchi) etigi. Meni bu holda ko‘rgach, ichlari og‘riganlikdan ko‘ngillari qayg‘urib, ko‘zlari yoshlanmish edi.
Ko‘rishmagan, quloq oshiq do‘stlarimiz har yerda ko‘p bo‘lgani uchun, mening kelganim bularga bayram kunlaridek ko‘rinib, tuqqan bilganlar uzoq yaqindan hafta o‘n kunlab uzilmay kelgali turishdi. Uch kun o‘tmay turib, bosh oyoq kiyim kechaklarimiz yangilanib, yor do‘stlarimiz tomonidan ziyofat chaqiriqlari boshlangani turdi. Shu yer odati bo‘yicha Turdoxunbek boshlab bizning hurmatimizga butun G’ulja boy savdogarlarini, qozi, muftiy a’lam, oxunlari boshliq ko‘zga ko‘rinarli kishilarni chaqirib, bir ulug‘ ziyofat o‘tkazdi. Buning tuganchisida boshi kimxap to‘n, oyog‘i toza narsadan ko‘ynak ishton, to‘qqiz kiyimlik bir bo‘g‘chaga (tugin) tugilgan, ustiga ot tuyog‘iday yombu (quyma oltin) qo‘yilgan tortuqni xalq ko‘zida keltirib, mening oldimga qo‘ydi. Shu bilan birga boylar orasida ziyofat boshlanib ketib, yana bir ikki joylarda yombusi bilan to‘qqizlangan tortuqlari bo‘ldi.
Lekin, oylarcha, balki yillarcha davom etgan shu kabi katta ziyofatlarda ko‘rgan hurmat, siy sifatlar ko‘nglimdagi dardlik jarohatlarimga shifo berish emas, tuz qo‘ygandek bo‘lib sezilmokda edi. Chunki, katta kichik boy savdogarlar, muftiy a’lam, oxunlar boshliq butun xalq g‘aflat uyqusida yotgan, jaholat balchig‘iga butunlay botgan edilar. Buning ustiga iqtisodiy tuzoq qopqonlari har qadamda, halokat chuqurlari pardalangan holda har yerda qazilmish edi. Hech qaysilari bunga parvo qilmasdan, bular atrofida parvonadek jon qurbon edilar. Ayniqsa, bular ovuni ko‘rgan, tuzoqlariga tushib, uzishib qochgan, boy savdogarlarning ko‘ra bila turib qilayotgan ishlariga qarab:
«Ko‘rgiligi bo‘lsa ko‘zi ko‘r bo‘lar ekan», deyishga majbur edim. Shundoq bo‘lsa ham og‘ir kunlarimda ko‘nglimni ko‘tarib, men uchun xizmat ko‘rsatgan do‘stlarimni Alloh rahmat qilsin! Bu voqeadan 37 yil o‘tgan so‘nggida, bu tarix yozilayotganida, yuqorida aytilmish ahboblarimizdan ikki uch kishigina qolib, boshqalarining esa hayot olamidan ko‘zlari yumilmishdir. Uz vaqtida ularga yordamim yetmagan bo‘lsa ham, ruhlariga fotiha o‘qib, qilgan yaxshiliklarini unutmaganligimdan tarix yuzida eskarib, 6u o‘rinda yozdim.

G’ULJA SHAHRI

Endi zolimlardan qochgan kunlarimizda biz uchun vaqtlik bo‘lsa ham boshpana bo‘lgan G’ulja shahri, Ili o‘lkasi ustida oz ko‘p tarixiy ma’lumot berib o‘tishni loyiq topdim. Hamma yoqqa oti chiqqan shu kungi G’ulja shahrining birinchi binosi, u yerlarni Xitoy xonligi manjurlar bosib olish davrida tiklanmishdur. Undan oldin, Chingiz chiqishidan taxminan yuz yilcha ilgari, shimoliy Xitoyda inqilob qilib qo‘zg‘olon ko‘targanlar mag‘lubiyatga uchragan so‘nggida Gurxon degan boshchisi o‘ziga tobun kishilari bilan to‘g‘ri g‘arbga qarab chekinmish edi. Ili o‘lkasiga kelgach, bu yerning suvi mo‘l, havosi kelishgan, atrofi kengligini ko‘rib, yana Markaziy Xitoy O’rta Osiyo ulug‘ yo‘li ustiga tushganligidan, har tomonlama uning ahamiyatini tushunib, shu yerda Ilixo shahrini qurishga kirishadi. So‘ngra Amudaryo bo‘yidan boshlab G’arbiy, Sharqiy Turkiston, Farg‘ona mamlakatlarini qo‘lga kelturgach, O’rta Osiyoga podshoh bo‘lib, bu yerlarda sakson necha yil saltanat surmishdur. Buning davlati zavol topib Ilixo, Bolosog‘un shaharlarining paydo bo‘lish voqealari esa, bu kitob boshida yozilgan edi. Shuning uchun bu o‘rinda qaytarishni lozim topmadim.
Gurxon davlatchiligi zavol topib, taxminan qirq necha yil o‘tgan so‘nggida, butun dunyoni titratgan Chingiz dahshati boshlanib, jahon chopuli natijasida olgan mamlakatlarini to‘rt o‘g‘liga bo‘lib, taqsim qilmish edi. Hozirgi O’zbekiston, Sharqiy Turkiston bilan o‘rtancha o‘g‘li Chig‘atoy bahodirga berilmishdur. Ilgargi Turkiston odati bo‘yicha, Chig‘atoy bahodirning saltanat taxtiga birinchi o‘ltirishi qoraxoniylar poytaxti Talas (Jambul) shahrida bo‘lgan. Keyinchalik uni Ili o‘lkasiga ko‘chirib, shu kungi G’ulja shahridan sakson chaqirimcha bo‘lgan «Qo‘rg‘os mozor» deb atalgan Olmalig‘ shahrini poytaxt qilmishdur. Mana shu kundan boshlab, Olmalig‘ shahri Chig‘atoy xonlariga poytaxt bo‘lib keldi. Bu oila hukmdorlarining eng so‘nggisi To‘g‘luq Temurxon vafot topgach, uni shu yerga qo‘ydilar. Lekin bu kunlarda Olmalig‘ degan eski oti unutilib, Qo‘rg‘os mozor deb atalmishdur. 1945 yili topilgan oltin kumush tanga aqchalarida arab harflari bilan «Zar Olmalig‘» deb yozilgan so‘zlarni o‘zim o‘qimish edim.
Hijriy 762 da chingiziylardan Olmalig‘dagi To‘g‘luq Temurxon butun Turon Turkiston o‘lkasini o‘ziga qabul qilgan so‘nggida, o‘g‘li Ilyosxo‘jani ularga xon, Temur sultonni unga vazir belgilab, o‘zi esa poytaxti Olmalig‘ga qaytmish edi. Shahar noz ne’matlarini tatishmagan, turmush madaniyatidan yangigina bahra ola boshlagan, xonlari boshliq Chiyna amirlari birdaniga Turon kabi jannat misollik joylarga ega bo‘lganliklaridan har tomonlama maishatga berilib, o‘zlarini to‘g‘ri tutolmadilar. Buning ustiga xon bo‘lmish Ilyosxo‘ja bir mamlakatni boshqara bilgudek aql siyosati bor, ishga yaramlik kishi emas edi. Xaiqarlik xonlari o‘zlariga qo‘shilib yordamchilari bo‘lgach, unga suyanishib, kishi aytishga jirkanarlik zulm, xiyonat ishlarini qilishga kirishdilar.
Biroq ulug‘ xon tomonidan vazirlik mansabi berilgan sulton Temur yoshligidan tortib diyonatparvar, adolatsevar bo‘lgani uchun qattiqqo‘llik bilan ularni bu zulmlaridan qaytarishga turdi. Temur sultonning insonparvarlik bilan qilgan bu ishiga u axmoq zolimlar chidayolmay, uning ustidan yo‘q tuhmatlar qilishib, «Temurning bizga bo‘ysung‘usi kelmaydi, ko‘p ishlarda bizga to‘sqinlik qiladi, u o‘zi xon bo‘lg‘usi bor, butun mamlakat xalqi uni yaxshi ko‘rib yoqlaydilar. Ulug‘ xonning kichik xon yorliqlariga e’tibori kam bo‘lganligi sababli bizning ishlarimiz ko‘p olg‘a ketmayapti», deyishib, shunga o‘xshash, xonning g‘azabini qo‘zg‘aydigan so‘zlar yozilgan holda poytaxt Olmalig‘ga arz tushirmish edilar. Buni ko‘rgach, To‘g‘luq Temurxon sharqdagi chingiziy xonlari ichida birinchi bo‘lib islomni qabul qilgan dindor, aqllik kishi bo‘lsa ham, O’rta Osiyo xonligini qo‘ldan chiqarmaslik uchun, aqlga qarshi o‘laroq, Temur sultonning o‘limiga buyruq yuboradi.
Bu xat yangidan ish boshlagan Temur sulton qo‘liga tushib qoladi. Buning ustiga vahshiyona ravishda qili-nayotgan mo‘g‘ullar zulmiga chidayolmay butun Buxoro, Farg‘ona ulamoyu mashoyixlari: «Agar bizlarni Tarag‘ay bahodir o‘g‘li Temur mo‘g‘ullar zulmidan qutqarar ekan, biz uning boshiga toj qo‘ndirib, oltin taxtga mindirgan holda o‘zimizga shar’iy podshoh ko‘taramiz», degan butun xalq tilidan shar’iy fatvo chiqarib, Temur sultonga topshirmish edilar.
Bunga ko‘ra bu jahon qahramoni, islom olamining ulug‘ qo‘mondoni, butkul turk ulusining faxrlanarlik buyuk sultoni, Qur’ondagi «Allohga va uning payg‘ambari Muhammadga va ham o‘zinglardan bo‘lgan podshohlarga itoat qilinglar», degan Alloh hukmicha, Turkiston va boshqa bo‘ysung‘an mamlakatlarga haqiqiy shar’iy va qonuniy podshoh ekanligi shak shubhasizdir. Buyuk voqealar orqalik bu qahramonning butun olamga atog‘i chiqib, dong‘i ko‘tarilib, butun dunyo xalqi tillarida uning tarixi doston bo‘lgandur. O’zining kimligini tanitib, uning kim ekanligini bildiruvchi turkiy tilida o‘zi yozgan «Temur tuzuklari» va boshqa qonunnoma asarlari esa bu qahramonning qandayin ulug‘ dohiy ekanligi uchun, eng kuchlik guvohlardir. Shunday bo‘lg‘ach, qaysi bir kishiligi yo‘q, o‘z sharafini bilmagan, bu gavharni qora toshdan ajrata olmagan olchoq odamlar, madaniyat tashlandiqlari, insofsiz yolg‘onchi yaloqchilar, o‘zlarining iflos ta’na tillarini bu qahramonga tekkizib, unga ziyon yetkiza oladilar?!

B a y t:
 Jarqanoq yo‘q der ekan yog‘du quyoshning nurini,
Qancha ko‘p aytganlaridan nuri kam bo‘lmas quyosh.

Ko‘rlar bozorida yo‘qdir so‘rovchi surmani
Dardi yo‘qlardin topilmas ko‘zlarida tomchi yosh.

Aslida javhar ko‘ran ermas ekandur har kishi,
Qayda bilgay parqini gavharmidur yo qora tosh.

Ilmu hikmat durlarini sochma nokas oldida,
Kirma, ul majlisgakim, iflos oyog‘lar bo‘lsa bosh.

Gul hidi sassiq emish o‘sroq qo‘ng‘izlar burniga,
So‘zi sassiqdan yiroq yur, xoh qaridur, xohi yosh.

Uzma umidni Sog‘uniy, yetkazur Tangrim sani
Tarqalur olam aro bir kun haqiqat bo‘lsa fosh.

Ilgari keyin mening bu kitobimni o‘quvchilarga ma’lum bo‘lg‘aykim, Temur sultonni yoqlab yuqoridagi so‘zlarni yozishimning sababi shulki, jahongirlar boshlig‘i qahramon Temur sulton 36 yillik saltanat davrida, qisqacha bo‘lsa ham qondurg‘udek o‘z tarjimai holini yozmish ekan; unga qo‘shimcha qilib davlat tutish tartiblari, askariy yasoqintizom qonunlari to‘plamini ham yozib, uni «Temur tuzuklari» deb atamishdir. Temur tomonidan yozilgan bu asar, aslida, o‘z tili turkcha yozilgan bo‘lsa ham, so‘nggi Bobur avlodi zamonlarida forschaga tarjima bo‘lmishdir. Bu «oltin kitob» o‘z zamonasiga ko‘ra siyosiy, harbiy yasoqlar qonunnomasi bo‘lganliqdan, Temur shahzodalari uni qizg‘anishib, yoshirib saqlamish edilar. Taxt talashgan shayboniylar temuriylarni yengandan keyin, mirza Bobur podshohlikdan ajrab, xazinalarini tashlab qochgan bo‘lsa ham, unga rahmatlar bo‘lsin, bu kitobni u dushman qo‘lida qoddirmay olib ketmish ekan. Biroq Hindistonda uzun yillar davlat tutgan uning nabiralari turk tilini unutib, majburiy ravishda urdu, forsiy tillik bo‘lganliklari uchun bobolari Temur sulton asari «Temur tuzuklari»dan foydalanmay qolmish edilar. Shunga ko‘ra, bu kitobni u avloddan qaysi birovi ekan, forschaga tarjima qilishga buyurmish edi.
Bu gavhar kitob ilk vaqtida yoshirin saqlanib, so‘nggi kunlari esa forscha bo‘lib qolgani uchun, shu kunlargacha o‘z ulusi, o‘z merosxo‘rlari undan foydalanishi buyon tursin, balki, Temurning bunday kitob yozganligini, ba’zi haqiqiy tarixchilardan boshqa, hech kim bilmagan edi. Mana shundan foydalangan dushmanlar va ham ularning yaloqchilari bu jahon qahramoni haqida har turlik aqldan tashqari nohaq tuhmat so‘zlar yozib, matbuot orqali butun xalq ichiga tarqatmish edilar. O’z tarixini tanimaganlikdan bularga qo‘shilganlar orasida o‘z sharafini bilmagan, olimsifat yerlik axmoqlar ham oz emas edi.
Shunga ko‘ra «Temur tuzuklari» nomli bu qahramon asarni qo‘lga keltirib, 1962 yili forschadan o‘z tili turkchaga tarjima qildim. 1967 yili O’zbekistonda yangidan chiqa boshlagan «Guliston» jurnalida bosilib, butun O’zbekiston xalqiga tarqalgach, o‘z tarixini tushunmagan Tojikiston «olimlari» atalmish kishilar tomonidan tarjima ustida va ham Temur sulton haqida nohaq hujumlar boshlangan edi. Unga qarshi biz ham suyakka sanchilg‘udek aqliy va naqliy dalillar bilan javob qaytarib, hammani qanoatlantirgan so‘nggidagina, ularning eshaklari loyga botib, o‘zlari taslim bo‘ldilar. O’sha botqaq o‘ylarida o‘zlari tutqaloqdan tollaslayotqan chog‘larida, shu yozayotgan «Turkiston qayg‘usi» tarixi voqealari Temur ustiga yetgach, u adabsizlarning ahmoqona so‘zlarini eskarib, o‘quvchilarni shubhadan chiqarish uchun bu o‘rinda yozdim. Tarix yozuvchilar yaxshi yomon, bo‘lgan o‘tgan voqealarni bo‘lganicha-boricha haqiqati bilan yozib qoldirishlari ularning o‘z vazifalari bo‘lganliqdan, bu ham foydadan holi bo‘lmasa kerak.
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Shunday qilib, Temur sultonning ulug‘ himmati, uning chekinmas chidami orqalik butun Turon Turkiston musulmonlari mo‘g‘ullar zulmidan qutulgan bo‘lsalar ham, ikkinchi bu tomonlardan umidlari uzilishi uchun qochganlar orqasidan taqamish qilib quvlagani turdi. Tolas, Merki, Ashmara orqali o‘tkazib, shu surganicha Issiqko‘l, Qorako‘l, Qarqara yo‘llari bilan Tekasga tushdi. Bu yerdan quvlaganicha Oqsuv, Ko‘ksuv, Ag‘iyoz oshuvlaridan oshib, mo‘g‘ullar orqasidan yurib o‘ltirib, ulug‘ Yulduz yayloviga yetib to‘xtadi. Qarasa, qochgan mo‘g‘ullar bu yerda ham turisholmasdan, Ilyosxo‘ja askarlari tushtushga tarqalib qochmish edilar. Buni anglag‘ach, nabirasi Mirzo Ulug‘bek qo‘mondasida 10 ming askar tayinlab, Oltoy tomonga qochgan Ilyosxo‘ja o‘g‘li O’g‘lonxon ortidan quvg‘in qildi. Qochganlar esa, tiniqqan ot minganlari uchun quvlovchilarni yetkazmay, Irtish suvidan o‘tib ketdilar. Bular ortidan yuraverish xatarlik bo‘lganlikdan, Mirzo Ulug‘bek shu yerdan qaytib Yulduzga keldi.
Bu ulug‘ yaylovda eruv qilib, qirq kun o‘tkuzganlaricha qochgan, pisgan mo‘g‘ullar har tomondan to‘p-to‘p bo‘lib kelishib, o‘z odatlaricha bosh qo‘yib, tiz bukib, barilari qullik bildirdilar. Shu bilan dushmani yengilib, butun ishlar o‘z o‘rnida bajarilib ko‘ngli tinchigach, zafar bayrog‘ini ko‘targanicha shon-shavkat bilan xon o‘rdusi, To‘g‘luq Temurxon poytaxti Olmalig‘ga qarab qaytdi.
Jahongir Chingiz o‘rdusi birinchi qurilishida shu kungi qizil Mo‘g‘uliston markazi hisoblangan O’lan Botir yaqinidagi Qoruqurum degan joyda qurilmish ekandur. So‘ngra, bu avloddan qaysi birlari tomonidan u yerdan ko‘chirilib, G’ulja shahri boshida, hozirgi Qo‘rg‘os atalgan Olmalig‘ga keltirilmish edi. O’sha kundan boshlab, Temur sulton davriga kelguncha, butun Turon Turkiston mamlakatlariga markaz bo‘lib, mo‘g‘ul xonlari buyruq yorliqlarini ot ulov choparchilari orqali shu yerdan yuborib turdilar. O’tgan xonlar urug‘ aymog‘lari, ularning eng so‘nggisi To‘g‘luq Temurxon oilasi bilan butun davlat arboblarining qochmay qolganlari shu yerda edilar. Xazina dafina, turlik asbob uskunalar o‘z vaqtida Markaziy Xitoydan keltirilgan oq tosh, ko‘k toshlar kabi xitoy, mo‘g‘ul hoqonlaridan qolgan taxt toshlari, bulardan boshqa butun mamlakatlardan jahongir Chingiz davrida va undan keyingi vaqtda ham talab tortib kelturilgan turlik narsalarning qoldiqlari shu Olmalig‘dagi xon saroyi xazinasida to‘planmish edi.
Temur sulton dushmanlarini tor mor qilib, g‘olibiyat bayrog‘ini ko‘kka ko‘targan holda shon sharaf bilan Olmalig‘ xon o‘rdusiga kelib tushdi. Bu yerga kelgach, birinchidan, mo‘g‘ullar ichida o‘z o‘rnini mustahkamlash, ikkinchidan, «Xonlar Chingiz avlodidan bo‘ladi», degan butun turk uluslari oldida buzilmas qonun hukmini olgan so‘z kuchini yumshatish uchun, To‘g‘luq Temurxonning bekachasini shonliq to‘y tomoshalar o‘tkazib, o‘z nikohiga oladi. Uning o‘z o‘rnida qilgan shu tadbiri bilan mo‘g‘ullar dushmanliklari do‘stlikka aylanib, xon qizini olgani uchun Temur sultonni «Ko‘ragon» deb ataydilarki, mo‘g‘ulcha kuyov demakdir. Shu bilan uzun yillardan beri yig‘ilib yotgan Olmalig‘ xazinasini yig‘ishtirgan so‘nggida, yangi xonim Turkon og‘achani sep sedri, zebziynatlari bilan poytaxt Samarqandga olib qaytmoqchi bo‘ladilar. Butun dunyoga otag‘i chiqqan jahongir Chingizxonning nabirasi, ulug‘ hoqon To‘g‘luq Temurxonning qizi bo‘lg‘ani uchun, mo‘g‘ullarning rasm odatlari bo‘yicha buyuk hashamat ko‘rsatib, xonimning tarog‘i va sirg‘asini oltin ukaklarga (qutilarga, idishlarga) solishib, hurmat atag‘i chiqarish uchun o‘rdu saroy soqchilaridan har birini yuztadan ikki yuz qalmoq keziklashib (galma-galdan) ko‘targan holda Samarqandga yetkazmish edi. O’sha kundan boshlab, taroq ko‘targanlar taramochi, sirg‘a ko‘targanlar sirg‘ali deb atalib qoldi.
Shu kunlarda ham Samarqand shahri atrofida «Sirg‘ali», «Taramochi» nomida ikki urug‘ o‘zbeklar yashamokdadir. Yana Chingiz zamonida ustiga taxt o‘rna-tilgan, xalq og‘zidagi tarixiy oqtosh, ko‘ktoshlarni, har birining o‘ziga loyiqlab yasatilgan aravalarga soldirib, ularni ham Samarqandga keltirmish edi. Anglashimizcha, oqtosh Samarqand Temur o‘rdusida shu kunga davr saqlanib kelgan bo‘lsa ham, ko‘ktosh, Samarqand ruslar tomonidan bosib olingach, uni Temur sultonning taxti o‘rnida ko‘rishib, Peterburg muzeyiga yuborilgan degan xabarni anglamish edik. Har qanday bo‘lar ekan, O’zbekiston muzeyxonalarini ziynatlashga loyiq tarixiy esdaligimiz boshqa ahamiyati qolmagan bo‘lsa ham, o‘z egalari qo‘lida bo‘lishi lozimdir.
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. G’uljaga kelganimizda tushgan kishimiz esa, bizning bir yurt, bir mahalla qadrdon og‘aynimiz bo‘lgani uchun, bu yerdan boshqa yoqqa chiqishga rozilik berishmadi. Bularning roziligiga qarab, yarim yilga yaqin shularnikida turib qoldim. Qarasam, sovet Rusiyasi tomonidan u yerga ham har yoqlama iqtisodiy tuzoqlar qo‘yilib, sayyodlik to‘rlari har qadamda tortilmish ekan. Dahriylar davlati qurilgan kunidan boshlab, men G’uljaga o‘tgan 1931 yilgacha siyosiy tomondan butun sovet xalqi cheksiz og‘irchiliklar kechirgan holda, iqtisodiy tomondan ham eng qattiq qismchilik ko‘rmoqda edilar. Shunga qaramay, iqtisodiy borliq narsalarini ko‘z bo‘yov qilib, atrofga, ayniqsa G’uljaga chiqarmish ekandir.
Endi bu yerda yashovchilar esa, ko‘pchiligi uyg‘ur musulmonlari bo‘lib, bulardan tashqari tungon, qirg‘iz, qalmoq, qozoq, shiva, sulun, oz bo‘lsalar ham bu yoqdan borgan o‘zbek, o‘ris, no‘g‘ay qochoqlari bor edi. Bu musulmonlar ichida no‘g‘oylar, ko‘pchiligi diniy tomondan bor yo‘q orasida bo‘lsalar ham, zamonaviy tushunchalarga ega kishilar edi. Qolganlari cheklik ma’lumot egalari, uch to‘rt kishidan boshqa boshdan oyoq barchasi qora botqoqqa botmish edilar. Ayniqsa, shu yoqdan borgan ko‘ngli ko‘r o‘zbek boy savdogarlari hech narsa ko‘rmaganday bo‘lishib, parvonalar kabi savdo «olovi» atrofida aylanmoqda edilar.
Shundoqki, islom shariatida aroq ichish musulmonlarga qanday harom qilingan bo‘lsa, undan foydalanib tijorat qilishlari ham, qat’iyan harom qilinmishdur. G’uljaga kelganimizda anglamish edik, sovetdan o‘tgan mollar ichida eng ko‘p foyda chiqadigan narsa ichimlik ekandur. Shuning uchun haromxo‘r boy savdogarlar buni ko‘rganda boshqa mollarga qaramay, oz haloldan ko‘p haromni ortiq ko‘rishib, shunga kirishganlikdan ko‘plarining qilgan tijoratlari haromga aylanmish edi. Axiri «Al habiysotu lil habiysin», ya’ni «palit palitga? degan Qur’on oyati mazmunicha, uzundan beri yig‘ilib kelgan harom mollari, o‘z loyig‘i haromxo‘rlar og‘ziga tushib tugadi. Qur’on-da:
«Innolloha lo yug‘oyyiru mobi qovmin hatto yug‘oyyiru ma bi anfu sihim», ya’ni «Bir millat o‘zlariga yuklangan Alloh hukmini o‘zgartmaguncha ularga bergan ne’matni Alloh ulardan olmaydi», demakdur. Qisqasi, qilma deganni qilib, qil deganni qilmaganlar, Alloh hukmini buzib o‘zgartiruvchilardur.
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Ili o‘lkasi Chingizdan ilgari Gurxon davrida ko‘p obodon bo‘lganligi tarixlardan va ham ilgari buzulgan shaharlar harobalaridan ko‘rinib turadi. G’ulja shahri atrofida bir necha harobalar bordirkim, eskidan qolgan har turlik oltin asboblar, tanga tillalar ko‘p chiqqanlikdan yerlik xalq u yerlarni Oltunliq deb ataydilar. Shu kunlari bo‘lsa har yokdan, ayniqsa, ichkari Xitoydan keluvchilar qazishib, bu yerlardan ko‘p narsalar topib olmokdalar.
Bu oradan 80 necha yil o‘tib, Gurxon davlati yiqilib, bu yerlar harob bo‘lgan so‘nggida, Temuriylar davriga kelguncha, uzoq yillar chingiziylarga markaz poytaxt bo‘lganligini yozmish edik. Biroq, bu taxt egalari Chingiz avlodining birinchi hoqoni Chig‘atoy bahodir boshliq, eng so‘nggisi To‘g‘luq Temurxonga kelguncha, shu oiladan o‘tgan boshqa hoqonlar kabi Oqsaroy, Ko‘ksaroy yasatib, unda taxt qurib o‘ltirmasdan, ilgarigi ko‘chmanchi turklar odaticha, kiygizdan yasalgan oq o‘tovlarda O’rdu qurib o‘ltirmish edilar.
Yozgi, kun isigan chog‘lari hashamatlik Oq o‘rdularini Xontangri (Hozirgi Boroxoro tog‘ tizmalari) tog‘larining keng yaylovlariga ko‘chirgan bo‘lsalar ham, qish kunlarini shu poytaxt Olmalig‘ning oddiy uylarida kechirish ularning odatlari edi. Shuning uchun Qo‘rg‘osdagi To‘g‘luq Temurxon qabri ustiga yasalgan peshtaxtadan boshqa, eskilik asarlaridan ko‘zga ko‘ringudek narsa yo‘kdur. G’uljadan 20 chaqirimcha janubiy kun chiqish tomonidagi qamishlik to‘qay ichida aylanasi 15 20 gektar kelgudek 5 6 yasama ko‘llarning o‘rni ko‘rinib turadi. Bular esa o‘z davrida o‘tgan turk, mo‘g‘ul xonlari tomonidan qazdirilmish ekandur. G’oz, o‘rdak kabi turlik suvsar ov qushlari suvga tushganda ko‘l aylana chopishib, xonlar zamonlariga ko‘ra eng qizg‘in ko‘ringan shikor ovi o‘tkazar ekanlar. G’uljada marhum Saidhoji og‘aynimiz mehmon chaqirib, uyiga chiqqanimizda Qoynuq tomonidagi eskidan qolgan Oltunliq harobalarini, yuqorida yozilgan suvsar ko‘llarini ko‘rib, ulardan anchagina tarixiy ma’lumotlar olib, yaxshi ta’sirlanmish edim.
«Fasiyruv fil ardi fanzuruv osorolloh», ya’ni «Yer aylanib sayohatp hilinglar, unda uchragan narsalarga ibratp ko‘zi bilan qarab foydalaninglar», degan Qur’on amricha, himmatplik ilm egalari, millatpsevar Vatpan o‘gillari imkoniyatp boricha ichki tpashqi, ayniqsa, xorijiy mamlakatplarni sayr sayohat qilib, ulardan har yoqlama ibratp olishlari, albatta, lozimdur. Boshqalarni ko‘rib uygonmoq, ulardan ulgu olib himmatplari qo‘zjlmoq kabi ishlar esa, insoniyatp olamida bo‘lish imkoniyatpi bordur. Ammo sovetp tpuprogida yashovchi erksiz insonlar bu kabi ulug ne’matplardan mahrum. Davlatp josuslaridan boshqa hech kimga chiqish ruxsatp etpilmaydi.
Yana bu o‘lkaning irmog‘i hisoblangan Ili daryosi esa, suv ko‘paygan kunlarida Sirdaryo cho‘nglig‘icha bo‘lib, boshqa vaqtlarda ham undan kemasiz o‘tish mumkun emasdur. Bu suvning boshi uch orolga bo‘lingan bo‘lib, birinchisi Tekas tog‘lari, G’uljaning janub tomonida; ikkinchisi Kunas, to‘g‘ri sharkda; uchinchisi Qosh, sharq- shimoldadir. Shu uch orol tog‘laridan to‘kilgan uch irmoq qo‘shilg‘ach, Ili daryosi hosil bo‘ladi va to‘g‘ri g‘arbga qarab oqqan holda Bolqash ko‘liga quyiladi.
Jahongir Chingiz davridan boshlangan davlat egalariga Ili o‘lkasi, Olmalig‘ shahri markaz poytaxt bo‘lgani uchun, u hoqon avlodlari davrida bu joyda atrofdan kelgan islom ulamolari ham oz emas edi. Ayniqsa, Chig‘atoy bahodir o‘zi islom diniga kirmagan bo‘lsa ham, uni yaxshi ko‘rganlikdan boshqalarga to‘sqinlik qilmagan, uzoq yaqindan keluvchi ulamolarga hurmat ko‘rsatilar edi. Shuning uchun «yaxshilar siylangan yerda yig‘iladi» deganday, atrofdan kelgan olimlarga Olmalig‘ shahri markaz hisoblanmish edi. G’uljaning g‘arbiy janubida «Xo‘nuqoy mozor» degan qishloq bo‘lib, mashhur imom Sakkokiy qabri shu yerda deb onglamish edim. Bu kishining vafoti 626chi hijriyada bo‘lganiga ko‘ra, Chig‘atoy bahodir davriga to‘g‘ri keladi. Yana bolosog‘unlik «Suroh» tarixiy asar egasi Jamol Qarshiy Olmalig‘ xoni saroyida ilmiy xizmat ko‘rsatib turganini o‘z sayohatnoma kitobida yozmishdur.
Yalpi Ili tuprog‘i esa, har turlik dehqonchilik, chorvachilik ishlariga to‘lig‘i bilan el berishlikdur. Ayniqsa, bug‘doy ekinida eng bo‘lig‘i birga yuz yigirma keltirganini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Olmalig‘ atroflari egizligi Himolay tog‘laridan keyingi Tyan-Shan, Xontangri ulug‘ tog‘lari bilan o‘ralg‘anliqdan, dunyo bo‘yicha kenglikda birinchi otalgan Yulduz, Qunduz, Kunas uning uzoq yaylovlari hisoblanadi. Shu kabi Tekas, To‘qqiztara, Muhurjirg‘alan, Ko‘kyaylov, To‘rayaylov degan ko‘rsa ko‘z yayraydigan yerlar esa, Olmalig‘ atrofini o‘ragan yaqin tog‘ yaylovlaridir.
Tarixlarda turk beshigi atalgan Bolosog‘un, Issiqqo‘lning tog‘larida So‘ngko‘l, Manokeldi, Maxmal, Susamir degan yaylovlari bo‘lsa ham, Olmalig‘ yaylovlariga ko‘ra torlikdan boshqa yana siyosiy tomonlariga ko‘z solib, Chingiz avlodi hukumat poytaxtlarini Jung‘oriya markazi Olmalig‘da kurmish edilar. Bu o‘lkaning jug‘rofiy tomoni esa, sharqdan G’o‘biy cho‘li, g‘arbdan Oltunemar tog‘lari, janubdan Tyan-Shan Muzdovoni, shimoldan Oltoy tog‘lari bilan cheklanadi. Buning siyosiy tomoni: qoraxitoy Gurxondan boshqa, turk ulusining birinchi hoqoni O’g‘uzxon davridan boshlab XUSh asrga kelguncha, Turkiston hoqonlari sharqda Xitoy, g‘arbda Turon, Eron, Bag‘dodgacha; shimol va janubda Qozon, Bulg‘or, Afg‘oniston, Hindiston mamlakatlariga hukmron edilar.
O’rta asrlar o‘tib, Ovrupoda ilm madaniyat ko‘tarila boshlangach, Kur’on hukmicha ulardan ulgu olib o‘rganishimiz lozim edi. Yo‘q, unga qarshi har yoqlama ilm ma’rifatdan ortda qolgach, butun mamlakatimizga, jannat misol ona Vatanimizga dini, tili boshqa bosqinchilar kelib bo‘ldi. Yolgizoq vatanimiz, hokimiyatimiz emas, qachonki xalq taqdiri butunlay kommunistlar qo‘liga o‘tti ersa, erk ixtiyorlaridan butunlay ajragan holda hech kim nafaqat bolachaqa, balki o‘z qora boshiga ham ega bo‘lolmay qoldi. Endi bundan birdan bir qutulish chorasi esa, zamonaviy ilm fanlarini to‘ligi bilan qo‘lga keltirib, qurollangan so‘nggida vaqti kelar ekan, Kur’on boshchiligi ostidagina musulmonlar ongliq ravishda qutulish harakatlarini qilar ekanlar, ana shundagina o‘zlarini bu balodan kutqaza oladilar. Bunday ishlarda esa avval Qur’on ko‘rsatgan yo‘l birlik, ittifoqlikni yaxshi saqlamoqdur. Ikkinchisi dushmanga qarshi turganda o‘limdan qo‘rqmaslikdur. Hech bir inson dunyoda abadiy yashamaydi.

QUMUL VOQEASI

Men G’uljaga kelgan kunlarimda Qumul (hozirgi Sinzyan uyg‘ur muxtor rayonidagi shahar) voqeasi yangidan boshlanib, xalq o‘rtasida har turlik shov-shuv so‘zlar ko‘paymish ekan. Qumul esa Urumchidan, taxminan, besh kunlik sharq tomonda bo‘lib, eski bir tarixiy shahardir. Buning atrofidagi 12 tog‘da 12 kand bo‘lib, bularda yashayotqan yarim ko‘chmanchi yerlik xalqlar esa, Qumul hokimi Vang xo‘jamning molchilaridur. Eshitishimizcha, xo‘jamning 100 mingdan ortiq har turlik chorva mollari ularning qo‘llarida boqilmoqda ekan. Butun tog‘liklar ota bobolaridan tortib, bu kishining chorvalari ustidan boqmachilik bilan kun kechirmoqda ekanlar. «Vang» demak, xitoy tilida kengashchi maslahatchi mazmunida bo‘lib, ba’zi bir kishilarga xitoy xonlari tomonidan aldab beriladigan oti ulug‘, suprasi quruq mansabdir. Bu tomonda G’ulja, Kuchar vanglari mashhur bo‘lsa ham, bulardan boshqa shaharlarda ham bu quruq unvonga ega bo‘lgan kishilar bordir.
Karl Marks: «Kommunizm maslagi madaniyat taraqqiyotining ajralmas natijasi» deganlikdan, bu adashgan hasadxo‘rning so‘ziga ko‘rlarcha ergashgan kommunistlar, ayniqsa, ularning ka’basi sovet Rusiyasi, nafaqat Sharqiy Turkiston xalqiga, balki butun Xitoy mamlakatiga qaysi yo‘sun bilan bo‘lsa ham, bu maslakni kirgizmoqchi edilar. O’z shiorlarida «butun dunyoda ezilgan xalqlarga yordam beramiz», deb jar chaqirgan bo‘lsalar ham, aslida, bu mazlum Sharqiy Turkiston xalqlarining ozodliklariga hech roziligi yo‘q edi.
Qumul vangligining boyligi va uning hech narsaga tushunmagan molchilari sonining ko‘pligi bu ishga el berishlik edi. Shunga ko‘ra, o‘lka markazi hisoblangan Urumchi shahridagi sovet elchixonasida bu fitna jamolg‘asi ko‘rilib, tegishli rejalar tuzilgandan keyin, inson iblislari orqalik ularga yoshirincha odamlar yuborildi. Qumul vanggining molchilari tayyorlangan so‘nggida, ular Xo‘janiyoz boshchiligida 1931 yili Xitoyga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarmish edilar.
Men 1931 yili G’uljaga o‘tkanimda bu voqea xalq og‘ziga tushib, har turli xurofiy so‘zlar turlik tomondan tarqalmoqda ekan. Bu ishlar esa, kimlar tomonidan qurilayotganligi, buning ortidan qanday ishlar kelib chiqishi, bizga ko‘rinib turgan bo‘lsa ham, boshqa hech bir kishining xayoliga kelib qo‘ymag‘anlig‘i meni hayratda qoldirmish edi. Uzoq emas, kechagina ko‘zlari ko‘rgan o‘lim og‘zidan ming xil mashaqqatlar bilan sovetdan qutulib qochgan necha minglarcha nodon boy savdogarlar va boshqalar, o‘z jallodlari tomonidan tortilgan iqtisodiy to‘rtuzoqlar atrofida och qolgan jonivorlar kabi timirskilab yurmoqda edilar. Bu qorabosganlar millat, vatan uchun hech qanday qayg‘urmas edilar. Dunyo do‘zaxini ko‘zlari bilan ko‘rgan bo‘lsalar ham, xayol o‘tmay uni yodlaridan chiqarib, hirs bilan dunyo to‘plash chorasiga kirishmish edilar. Sovet makkorlari bularni ko‘rgach, battarroq semirtirib so‘yishga tayyorlash uchun, iqtisodiy tuzoqlarni kun sayin oshirmoqda edi.
Oxir zamonda eng olchoq yomon odamlar kim?, deb so‘ralganda: «Birinchi din sotgan johil olimlar. Ikkinchi ochko‘z, piqsiq, tamaxo‘r boy va savdogarlar», degan payg‘ambarimizning so‘zlarini kitoblarda o‘qigan bo‘lsak, uning aniqligini ko‘zimiz bilan ko‘rdik.
Dunyoda kim yaxshilik ko‘rsa, o‘zining yaxshi mehna-ti sabablik Allohdin bo‘lur, agar yomonliq ko‘rar ekan, albatta, uni o‘zidan bilsin, o‘zidan ko‘rsin. Chunki Alloh Kur’onda, pashambarimiz hadislarida musulmonlar uchun dunyo va oxirat davlatini topqudek yo‘llarni ochiq oydin ko‘rsatmish edi. Shu yo‘lda turar ekanlar ular ilm fan, madaniyat, taraqqiyot tarafdorlaridir. Jaholat islomiyatda qabih ishdur. Ovrupo madaniyatining rivojlanishi islom madaniyati haroblanishining natijasi bo‘lishida hech shubha yo‘qdir.
Ushbu XX asr bo‘ylab bo‘layotgan, butun yer ustini qoplagan haqiqiy madaniyatsizlik, dinsizlik balosi insoniyat haqiga qanday haroblik keltirayotganligi, dinsizlik tufayli butun insoniy axloqlarning buzulganligi, ko‘z oldimizda ko‘rinib turadi. Ayniqsa, bu kabi dahshatlik dinsiz davlatlar qo‘l ostida yashamoqqa majbur bo‘lgan ikki Turkiston musulmonlari esa, nafaqat diniy, milliy, balki butun insoniy huhuqlaridan ham ajrashib, yutilish oldida turadilar.
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Shunday bo‘lib, Uyg‘uriston tuprog‘ida birinchi boshlangan buzg‘unchilik o‘ti atrofga uchqun tashlab, kundan kunga ko‘tarilib avj olg‘ani turdi.
«Islom ilm bilan yashasa, shundagina olam o‘ngla nadi», degan so‘zning haqiqati, u kunlari bizga gavdalanib ko‘rinmish edi. Chunki biz ikki Turkiston musulmonlari, ilmsizlik shumligidan o‘lchovdan tashqari necha yuz yillardan beri bosqinchilar jabr zulmlari ostida ezilib yotmoqdamiz. Ayniqsa, Sharqiy Turkiston xalqi ongsizlik ilmsizlikda birinchilikni oladilar. Shuning uchun zamona makkorlarining ko‘zboylov aldov ishlari bu yerda boshqa joylarga ko‘ra tezroq rivojlanmoqda edi.
Aslida, Urumchidagi sovet elchixonasidan ilhom olgan Qumul qo‘zg‘oloni yerlik musulmonlar ichida tezroq tarqalishi uchun bu makkorlar tomonidan unga diniy tus berilmish edi. Islom yo‘lida jonini qurbon qiladigan bechora musulmonlar boshqaga tushunmasalar ham, bu qo‘zg‘olonchilarni islom uchun chiqqan g‘oziylar o‘xshaydi deb, har yerdan bosh ko‘tarib, bularga qo‘shilgani turdilar. Buning ustiga Sharqiy Turkistonni bosib turgan mustabid Jang Junning butun idora (siyosiy, iqtisodiy, ayniqsa askariy) ishlarida xon zamonidan qolgan eski usullar qo‘llanganligidan o‘z qarshisiga qo‘yilgan sovet elchixonasi raqiblaridan har to‘g‘rilik yengilmish edi. Shundoqki, qo‘zg‘olonchilarga qarshi qo‘llagudek quroli yo‘qligidan, qo‘shnilik qadrini oraga solib, o‘z dushmanidan qurol so‘ragach, «ish payti keldi» deb, darxol bir qancha qurol yaroq topshirmishdur. Jang Jun bu qurollarni olti aravaga yuklatib, qo‘zg‘olonchilarga qarshi qo‘yilgan Qumuldagi xitoy askarlariga yubormishdur. Buning xabari allaqachon u yoqqa berilib, keraklik chorasi ko‘rilmish ekandur. Qo‘zg‘olonchilar merganlaridan pistirma qo‘yilgan tog‘ qisig‘iga aravalar kelganda, ikki tomondan o‘qqa tutib, xitoy askarini qoldirmay qirib, butun qurolini qo‘lga tushirmish edilar. Bularning hech kutilmagan bunday g‘alaba qozonishlari qo‘zg‘olonning kuchayishiga sabab bo‘lib, xitoy hukumatini qattiq tashvishga tushurdi. Shuning uchun burun sovet bilan urushib, Xitoyga qochib o‘tgan chor Rusiyasi generallari Dutov, Aninkovlardan qolgan oq ruslardan askar tuzib, shular orqaliq qo‘zg‘olonchilarni bostirmoqchi bo‘ldi.
Xitoylarning bu qilgan ishlari ham o‘zlari uchun foyda bermadi, chunki sovet elchixonasi tomonidan ilgariyoq bu ishlarning oldi olinib, kerakli choralari ko‘rilmish edi. Balki bu rus askarlari atrofdagi tinch yotgan musulmonlarga yo‘q bahonalar bilan ko‘p ziyonlar yetqizdilar. Bularning shu kabi teskari harakatda bo‘lishlari esa, elchixona tomonidan oldinroq uyushtirilib, uning natijasi kutilmoqda edi. Bu haqda qo‘llanilgan siyosatlari to‘g‘ri chiqqanligidan, tushunmagan yerlik musulmonlar bu ishning orti nima bo‘lishi bilan ishlari yo‘q, Xitoyga qarshi har yerdan bosh ko‘targani turdilar. Ayniqsa, Urimchidan uch to‘rt kunlik ot yurishida sharqi janubdagi Ko‘naturpon, Qoraxo‘ja, Tuyuq musulmonlari orasida Xitoyga qarshi ishlar ortiqcha qizg‘inlashmoqda edi.
Jang Jun hukumatining idora ishlari esa, xon davri qoldiqlari eski, chirik asosga qurulganlikdan, Xitoy hukumat arboblari har yoqlama zamonaviy talablarga ojizliklarini o‘z dushmanlariga sezdirmish edilar. Siyosiy ko‘rlik natijasidurkim, sovet konsulining maslahati bilan yaponlardin Manjuriya orqalik qochib o‘tgan, 20 30 mingga yaqin xitoy askarlari bilan Shing Duban (hozirgi Sinzyan uyg‘ur muxtor rayonidagi shahar) degan generalni keltirib, Jang Jun hukumati o‘z askarlariga bosh qo‘mondon qildi. Bundan sovet hukumati ikki maqsadni o‘z oldiga qo‘ydi:
1. Bu askarlar bilan yerlik qo‘zg‘olonchilarni bostirish, ularning o‘z huquqlariga erishishliklariga yo‘l qo‘ymaslik.
2. Yerlik qo‘zg‘olonchilarni bostirgandan so‘ngra Jang Jun hukumatini ham yo‘q qilishdan iborat edi.
Sharqiy Turkiston haqiqatda esa Xitoyning mustamlakasi bo‘lib, bu mazlum xalqlarning taqdiri uchun chor Rusiyasi qandoq siyosat tutgan bo‘lsa, sovet Rusiyasi ham shundoq siyosat tutdi. Ularning o‘z haqqoniy huquqlari uchun qilgan kurashlariga yordam berish u yoqda tursin, aksincha, ularni bostirishda Xitoy hukumatiga yordam berib keldi.
Jang Jun hukumatiga Shing Dubanning bosh ko‘mondon bo‘lib kelishi, Maskovning rejasi bilan bo‘lgani uchun, shu kundan boshlaboq Jang Jun hukumati o‘lim taxtasiga tortilib, ko‘milishga tayyorlanmish edi. Shing Duban Urumchiga kelib, o‘ziga tegishli ishlarni qo‘lga olgach, 1932 yili sovet hukumati 20 mingdan ortiq xitoyni (xunxo‘zoni) o‘tkazib, Shing Duban qaramog‘iga topshirdi. Bu makkor xitoy Urumchidagi sovet elchixonasidan ilhomlanib, bir yoqdan qo‘zg‘olonchilarga qarshi harakat ko‘rsatgan bo‘lsa ham, asosiy topshiriq Jang Jun hukumatini tub tomiri bilan ag‘darib tashlab, o‘rniga Xitoy rahbarligida yoshirin «Qizil Uyg‘uriston» qurmoqchi edi. Shunga ko‘ra ikki tomonlama ish ko‘rsatib, hukumat markazi atrofida yoshirin inqilobiy siyosat yurgizgan bo‘lsa; kazak ruslari aralash xitoy qochoqlaridan kuchlik qo‘shin tuzib, surbetlarcha qo‘zg‘olonchilarga qarshi yubordi. Lekin, bular bo‘layotgan bu ishning tub negizini xalqqa tushuntirish o‘rniga, xitoy askarlari, ayniqsa oqlardan tuzilgan rus askarlar gunohsiz xalqni qirib, ularga qattiq jabrzulm ko‘rsatkali turdi.
Tashkiliy ravishda ochiq bir maqsadni oldiga ko‘yib, bir yerga suyangan holda ko‘tarilmagan qo‘zg‘olonlarda, albatta, shunday ko‘ngilsiz ishlarning bo‘lishi tabiiydur. Shuning uchun Ko‘naturponli Alamoxun, Momutoxun, Xilimhojilar boshliq bir necha obro‘ylik odamlar, musulmonlar tomonidan elchi bo‘lishib, Sharqiy Turkistonga chegaradosh Gansu o‘lkasining hokimi, xitoy musulmonlarining eng ulug‘ raislaridan Xo‘ju, Solar voliysi Mobufang janoblaridan yordam so‘rashib boradilar. Shundoqkim, «Sizlar bilan bizlar hammamiz bir musulmonlarmiz, kofirlar qilg‘an jabr zulmlariga chidayolmay sizlardan yordam so‘rab keldik. Qur’on hukmicha butun musulmonlar din qardosh, bir jon, bir tan bo‘lg‘anlikdan har to‘g‘rida, ayniqsa, bosqinchi kofirlar zulmidan kutqazish uchun birbirlariga yordam yetkazishlik shariatda farz bo‘lmishdur. Agar bizlarga yordam berib, shu bilan bosqinchilardan qutilar ekanmiz, albatta, kelgusida sizga bay’at beramiz», deb va’da beradilar. Bularning so‘zini onglag‘ach, o‘zaro kengash o‘tkazgan so‘nggida, o‘z inisi yoki akasining o‘g‘li jiyani, 25 30 yoshdan o‘tmagan Gasiling otliq yigiT qo‘mondasida to‘rt besh ming askar chiqarishga to‘xtam qildi.
Bu qahramon qo‘mondon oz bo‘lsa ham Yaponiya harbiy maktabida tarbiya topganligidan, butun askarlarini eng so‘nggi yapon harbiy tizimida tayyorlamish edi. Buning ustiga bu askar qo‘shini xitoy musulmonlari ichida dindorliq va qahramonliqda atog‘i chiqqan Xo‘ju, Solar tungonlarining fidoyi yigitlaridan qurilmish edi. O’zlarining bu safarlarini diniy jihot deb ishonganliklari uchun, butun musulmonlar va diniy olimlar tomonidan bu qahramon askarlarga: «Xudo yo‘lida jonfidolar» nomi berilmish edi. Shunga belgi bo‘lsin deb, katta harflar bilan o‘chmas siyohda, har bir askarning ko‘kragiga arabcha «Fiysabililloh» degan so‘z yozilmish edi. Bu qahramonlar ruhoniy diniy tomonlaridan qanday chingitilib to‘liqlangan bo‘lsalar, jismoniy tomonlari ham shu kabi tarbiyat topib, chingitilmish edi.
Manjuriya maydoni bo‘ylab yaponlarga qarshi qo‘yilgan Chan Kayshi askarlari ko‘p joylarda ulardan mag‘lubiyatga uchrab, orqaga chekinmish edilar. Lekin, islom nomusini saqlagan yolg‘iz shu qahramon bir necha o‘rinlarda qarshi dushmanlari yaponlarga qattiq zarba berib, shonliq g‘alaba qozonmish edi. Mana, shundoq ko‘tarinki ruh bilan turgan bu qahramonga Mobufang janoblaridan farmon bo‘lg‘ach, zulm ko‘rgan Sharqiy Turkistondagi musulmon din qarindoshlari yordamiga chiqmishdur. Elchilar boshlig‘i Alamoxun, Xilimhojimlar qolovuzligi bilan 8 kunlik o‘zan Shin Shisho qisig‘idan o‘tib, bir necha ko‘nalg‘uliq keng maydondan kesib o‘tar chog‘ida; bu ishdan xabar topib, qarshisida kutinib turgan Shing Duban askarlari hech qanday qarshilik qilolmasdan, birinchi to‘qinishdayoq orqaga chekinib, bosh olomon qocha boshlaydilar. Shu kabi qattiq zarba yeb, mag‘lubiyatga uchragan Xitoy askarlari Qumuldan o‘tib, Gujungga kelguncha biror joyda qarshi turolmadilar. Qochgan dushmanni o‘z uyida quvib, Qumulda Xo‘janiyoz bilan ko‘rishib, u bilan ittifoq tuzish eng zarur bo‘lg‘anlikdan, Qumulga kirmish edi. Eshitishimizcha, ikkovi ko‘rishib, asl maqsad aytilgan so‘nggida, birlik ittifoqlik tuzishganlar; va’da buzilmasligi uchun qasam ichib, Kur’on ko‘tarmish ekanlar.
Lekin Gasilingning bu qadar intizomlik, zamonaviy usullar bilan tayyorlangan qo‘shini to‘satdan chiqib qolishi, Kremlni ancha tashvishga tushirmish edi. Ayniqsa, bu ikki qo‘mondon ittifoqi, butun musulmonlarning islom yo‘lida qo‘zg‘alishlari uchun sabab bo‘lishi mumkinligi, ularda ayrimcha qo‘rqinch tug‘dirmish edi. Shunga ko‘ra, bu aldamchi makkorlar butun kuchlarini safarbarlikka keltirib, bunga qarshi chora ko‘rishga kirishtilar. Bularning eng birinchi qilgan ishlari esa, musulmonlarni qaysi yo‘l bilan bo‘lsa ham birlik ittifoqlarini buzib, bu ikki qora botirlarni biriga birini qarama qarshi ko‘yish edi. Har ikki tomonning qora nodonligidan foydalanib, ko‘p qiyinchilik ko‘rmasdanoq bu maqsadlariga tezda erishdilar.
Shundoqki, islom ruhida qo‘shilgan birlik ittifoqlari orqali, ikki qo‘mondon qo‘l ostidagi musulmon askarlari Qumuldan chiqib, Urumchidan 3 4 kunlik sharq tomonda bo‘lgan sapillik Gujung shahrini kelib qamal qildilar. Qal’abuzar qurollari, to‘plari bo‘lmasa ham, sapil ustiga yetkudek qilib, bir ikki yuz chamali shoti narvon tayyorlamish edilar. Oz bo‘lsa ham islom ruhida tarbiyat topgan, shahidlik ishqida o‘limni o‘ylamagan jon fido musulmon askarlari, ish ko‘rgan qahramon Gasiling qo‘moqdasidagi tungon askarlari boshliq, ko‘pchilik olomonlar «Ollohu akbar» sadosini ko‘kka ko‘tarib, dushman qal’asiga yopishg‘ali turdilar. Qal’a ustidagi dushman askarlari tarafidan otilgan to‘p to‘fonglarga, ular tomonidan ko‘rsatilgan har turlik qarshiliklarga qaramay, to‘rt besh soatlik qattiq jang so‘nggida Gujung shahrini oldilar.
O’z vaqtiga ko‘ra qo‘zg‘olonchi musulmonlarining bu kabi ulug‘ g‘alaba qozonishlari o‘lka bo‘ylab yashagan yerlik xalqning ruhini ancha ko‘tardi. Buning ustiga bu ikki qo‘mondon Gasiling, Xo‘janiyoz qahramonlig‘i el og‘zida doston bo‘lib, dushmanlarni ancha qo‘rqitmish edi. Haqiqatda esa, bu urushda ish ko‘rsatib, eng qahramonliq qilg‘onlar nizomiy askarlar boshlig‘i Gasiling va ham uning inisi Shusiling bo‘lib, bular farmonidagi fidoyi tungon askarlari edi.
Ilgaridan beri bu yerda saqlanib kelgan eski qurol yaroq, urush uskunalari va ham Jang Jun hukumati qisilib qolgan vaqtda sovetdan olgan yangi qurollardan, eskisi yangisi bo‘lib 25 mingdan ortiqroq qurol yaroq o‘lja olinmish edi. Zamonaviy urushlarda esa, ko‘pincha hujumchi askarlardan ortiqroq chiqim bo‘lishi tabiiydur. Shunga ko‘ra yog‘dirib turgan o‘qqa qaramasdan Shusiling qo‘mondasida sapil ustiga hujum boshlagan tungon fidoyilaridan, qo‘mondonlari boshliq ko‘pgina askarlar qurbon bo‘lmish edi. Hech narsaga tushunmagan, jaholat balchig‘iga butunlay botgan Qumul, Turpon qo‘zg‘olonchilari boshlig‘i Xo‘janiyoz, Momutsiling o‘zlari qarshi urushayotgan Jang Jun bayrog‘i ostida va
uning ortida kimlar mo‘ralab yotqanini qaydin bilsinlar! Makkorlar tarafidan atayin tashkil qilingan fitnachi ig‘vochilarning so‘zlariga tezdan aldanib, «Gujung urushidan olingan o‘lja mol, qurol jabduqlarni o‘rtada barobar bo‘lmadi, eskilarini qoldirib, yangilarini o‘zlari olishdi», degan fitna so‘zlar bahona bo‘lib, uyg‘ur tungon musulmonlarining ittifoqlari buzila boshladi.
Haqiqatda esa, bolani otadan ajratqudek buzg‘unchi sehrchilar ilhomi bilan Xo‘janiyoz, Momutsilinglarning miyalariga mansabparastlik o‘rnatilmish edi. Birlik ittifoqlik ustida ichgan qasamlari, ko‘targan Qur’onlari qayoqlarda qoldi? Shunga qarab hurmatini saqlamadilar. Anglashimizcha Gasiling o‘rtaga kishi qo‘yib, «Ular kelsunlar, ko‘rishib so‘zlashaylik, oramiz buzulg‘udek bizlardan biron ish o‘tgani yo‘kdir, atrofimizdagi kofir dushmanlarimiz butunlay o‘rab turgan shunday og‘ir kunlarda biz musulmonlar o‘zaro birlik, ittifoqimizni yo‘qotsak, Qur’on hukmini buzib dinimizga xiyonat qilib, o‘z qo‘limiz bilan o‘zimizni halokat chuquriga tashlagan bo‘lamiz», demishdur. Shu o‘xshash so‘zlar bilan oralaridagi qasam ichishib, Qur’on ko‘tarib qilishgan ahdu paymonlarining buzulishini eskartib, bularning ortidan qanday yomon ko‘ngilsiz ishlarning kelib chiqishini ko‘rsatib chaqirsa ham, ular qabul qilmaganlar.
So‘z shu yerga yetganda, o‘tmishdagi islom ulamolarimiz o‘rtalarida munozara maydoni bo‘lgan haqiqiy iymon, taqlidiy’ iymon masalasi ko‘nglimga kelmish edi. Taqlidiy iymon Tangri oldida maqbulmi, yo maqbul emasmi? degan savol ustida to‘xtalishib, bu haqda ko‘p bahs-munozara qilmish edilar. Uzun tekshiruvlardan so‘ng, «Taqlidiy iymon zohir shariat oldida dunyolik hukmlar uchun qabul qilinsa ham, haqiqiy iymon bo‘lmaganlikdan Alloh qoshida maqbul emas», dedilar. Haqiqiy iymonlik odam xudo va rasulni o‘rtaga qo‘yib ont ichib, Kur’on ko‘tarib va’da bergan bo‘lsa, bunday ulug ahdni boshiga o‘lim qilichi kelsa ham buzmaydur. Agar buzar ekan, undaq odamning iymoni yuzaki, hali ko‘ngliga kirmagan, til uchida bo‘lib, munofiqlik alomatidur.
Agar haqlik kishi ko‘ngliga kirgani rost bo‘lar ekan, botillik belgilari ul odamdin, albatta, yo‘qolgusidir, chunki iymon nuri yoritgan ko‘ngil ichida kufr qorongusining turishi kunduz yorugi bilan kecha qoronguligining birga bo‘lishi demakdir. Ular nifoq va jaholatlik kasofatidan dushmanlariga aldanib, arzimagan, bo‘lmagan ishlar bahonasi bilan o‘zaro birlik ittifoqlarini buzdilar. Shuning natijasida bo‘layotgan ozodlik inqilobiy ishlariga ham qattiq zarba yetmish edi. Bulardan xalqning kutgan totliq xayoliy umidlari ham uzildi.
Shu voqeadan keyin 1931-1932 yillari yana uchta katta hodisa sodir bo‘ldi. Ul kunlarda men G’ulja shahrida bo‘lganim va bu hodisalar haqida to‘liq ma’lumot yo‘qligi uchun har birini ayrimcha tartibi bilan yozishga imkoniyat bo‘lmadi. Shuning uchun u voqealarni ilgari keyin bo‘lsa ham, yozib o‘tishga majbur bo‘ldim.
1. Yuqorida aytilganicha, sovet Rusiyasining siyosati Sharqiy Turkiston Uyg‘uristonni ham O’rta Osiyodagi O’zbekiston va boshqa yasama «ston»larga o‘xshatib, o‘ziga qo‘shib olish edi. Biroq, bu ishni yuzaga chiqarish uchun, eng avval uzun yillardan beri davom etib kelayotgan xon davrining qoldig‘i, Jang Jun hukumatini o‘rtadan ko‘tarish lozim edi. Shunga ko‘ra Kreml makkorlari hammadan ilgari bu ishni bajarish chorasiga kirishdilar. O’z o‘zidan chirib, yiqilishga yaqinlashgan Xitoy istibdod hukumati esa bularga qarshilik ko‘rsatish u yon tursin, o‘z jonlarini qutqazish uchun Urumchidagi sovet elchixonasi bo‘sag‘asiga bosh qo‘yib, omon qolmish edi.
U vaqt yaponlarning dahshatlik hujumlari ostida butun Manjuriya o‘lkasidan ajrab, boshqa joylari taxdid qilinayotgan Chan Kayshi hukumati tomonidan yordam umidi butunlay uzilmish edi. Shuning uchun elchixona makkorlari ishlari qulaylashib, Jang Jun hukumatini o‘zlari orqali qochishga majbur qildilar. Shundoqki, Jang Jun 1933 yili qahraton qish sovug‘i, yanvar oyida Cho‘chak yo‘li bilan qochib, Rusiya orqalik markaziy Xitoyga ketdi. Buning so‘nggida Gujung urushida g‘alaba qozongan Gasiling, Xo‘janiyoz, Momutsilinglarni yuqorida aytilganicha, ittifoqlikka keltirolmagach, Urumchida bo‘layotqan o‘zgarishlardan foydalanmoqchi bo‘lib, markazni qo‘lga keltirish uchun, Urumchiga hujum boshlamish edi.
Sovet Rusiyasi elchixonasi makkorlari buni ko‘rgach, ishlatmoqchi bo‘lgan makp hiylalari buzilib ketishidan qo‘rqib, qattiq hayajonga tushmish edilar. Chunki, bu yerdan Jang Jun qochgandan so‘ngra sovet konsuli yordami orqalik yangidan hukumatni qo‘lga olgan Shing Duban, Gasiling hujumini qaytarg‘udek kuchga ega emas edi. Shunga ko‘ra o‘z maqsadini qo‘lga keltirish uchun markazdan yordam so‘ragach, yoshirincha oldindan tayyorlab qo‘yilgan va chegarada turgan sovet harbiy kuchidan keragicha kirgizdilar.
Zamonaviy qurollangan askariy kuchga, odatdagicha qurollangan Gasiling askarlari qanday qarshi tursin! Shunday bo‘lsa ham, «Fiysabililloh» so‘zi yozilgan, kafan o‘rnida liboslik kiygan, qahramon Gasiling qo‘mondasida bo‘lgan, fidoyi musulmon askarlari Urumchi ostonasida, ayniqsa, Sonji, Qutubi oralig‘ida kuchlik, qurollik bosqinchilarga qarshi qirq kun davomida ko‘rsatgan chidamliq qahramonliqlari tillarda doston bo‘lmishdur. Imkoniyat boricha kuch qudratlarini qo‘llaganliklari uchun, Alloh ulardan, albatta, rozi bo‘lg‘usidur. So‘ngra tabiat olamining qonuniga muvofiq, g‘alaba sabablari yetishmaganlikdan, bu qahramonlar oxiri chekinishga majbur bo‘ldilar.
Shu orada Kuradagi (G’ulja bilan Suydung orasidagi shahar) 5-10 ming xitoy askari qo‘mondoni Jing Shurin Urumchida Jang Jun hukumati qamal ostiga olinganligini onglagach, yonboshida mo‘ralab poylab yotgan kuchlik dushmanidan xabari yo‘q, siyosiy ko‘rligidan o‘z holini chog‘lamay, Jang Junga yordam qilish uchun 5 ming askarni olib yo‘lga chiqmish edi. Doxi yongza va Jingdan o‘tar o‘tmas, Jang Jun qochib, Cho‘chak orqaliq chegaradan o‘tib ketganligini eshitgach, 5 10 kun sarson bo‘lib yo‘lidan qaytmish edi. Bular qaytib kelguncha, Qo‘rg‘os chegarasidagi qizil sehrchilar butun ishlarini bajarib, keraklik o‘rinlarni nishonlab qo‘ymish edilar.
Urumchi, G’ulja ikki ora aloqalari butunlay uzulganlikdan: «Gasiling askarlari g‘alaba qozonib, Urumchini olmishdur; yaqin kunlarda Ili o‘lkasiga ham qadami yetsa kerak», degan har turlik yolg‘on yashiq tashviqot xabarlari ko‘paygali turadi. Niyatlari Gasilingga yordam yetkazish bo‘lsa kerak, tungon qora 6otirlari bosh bo‘lib, har tomondan yerlik xalq bosh ko‘targali turadilar. Sovet Rusiyasi zulmidan qochib o‘tgan har yerlik tungonlar ham ularga qo‘shiladilar. Hamma fitna-fasod ishlarini uyushtirib, o‘z siyosatini o‘rinlatish uchun har yoqlama hiyla makr, to‘r tuzoqlarini torttirib, payt kutub poylab yotgan sovet Rusiyasi o‘z maqsadlarini tezdan qo‘lga keltirish uchun, kerak asboblarini tayyorlamish edilar.
Shundoqki, ko‘rinishda To‘rbog‘atoy oq ruslaridan yasama 600 chamali qizil askar, Urimchida Jang Jun o‘rnini egallagan Shing Duban tomonidan, Kuraga keltirilmish edi. Yana shu qatorda 42 post chegarasi orqaliq o‘tgan yoshirin sonlik qizil askarlar esa telefon simlarini sudrashib, dushman qarshisiga kelayotgan harbiylar kabi, to‘liq qurollangan holda tayyor turmish edilar. Asli kutilgan maqsad esa, Ili o‘lkasida birinchi askariy markaz o‘rnini olgan Kura qal’asini buzib, Jang Jun tayanchisi askar boshlig‘i Jing Shurinni qo‘lga tushirish edi. Shuning uchun xitoylarcha eng kuchli hisoblangan 6u qal’aning shimoliy darvozasi ostiga yoshirincha portlag‘ich qo‘yigan edi. Ustida arava yurgidek qalinliqda bo‘lgan sapil darvozasini, har ikki tarafidagi to‘pxonalari bilan, havoga ko‘tarib parchalab tashlamishdur. Buning ustiga haybat ko‘rsatish uchun, sovet Rusiyasi zambaraklaridan otilgan o‘qlar qal’a ichiga tushganidan tashqari, momaqaldiroq kabi gurkuragan aeroplan Kura shahri ustidan ikki uch aylanmish edi.
Bunga qarshi apiyunchi xitoylar, xon davri qoldiqlari bo‘lgan u kundagi eski qurollarini ko‘tarishib, fil oldidagi pashshadek bo‘lib, qanday qarshi tura olsinlar! Chunki, hayot olamining qonuni bo‘yicha inson ishlari butunlay sababga bog‘liqdir. Buni to‘lig‘i bilan qo‘lga keltirmaganlar, mayli kim bo‘lsin uni egallab qo‘lga kelturganlarga, bosh egishga majbur edilar. Shunga ko‘ra, Jing Shurin kuchlik dushmaniga qarshi turishga ojiz qolgach, nochor, nima qilishini bilmay, nomardlarcha jon qutqarish chorasiga kirishadi.
1934 yili yanvar oylarida, yer ustini qor qoplagan qahraton kunlari, tun qorong‘usida mol mulk, xazina, bola chaqalarini dushman qo‘liga qoldirib, o‘z boshini qutqazish uchun Kura qal’asidan G’ulja tomonga qarab qochmishdir. Ertalab turganimizda qarasak, «Hay, Jing Shurin kechalab qochib, lov-lashkari bilan G’uljaning sharqiy tog‘ tomoniga o‘tib ketibdur», degan so‘z hammaning og‘zida eshitilmokda edi.
Dushman oldida bir hovuch chiqmaydigan fidoyi askarlariga qo‘monda berib, qahramon Gasiling, Shing Duban otiga bo‘yalgan kuchluk qizil askar qarshisida 40 50 kunlab qahramonlarcha chidamliq ko‘rsatmish edi. Nomard iflos xitoy ersa, butun Ili o‘lkasi chegara qo‘shinining bosh qo‘mondoni otag‘ini olgan, uzun yillardan beri xalq tuzini tatib, noz-ne’matlarini yeb ichib kelgan, uch to‘rt kun bo‘lsa ham qarshilik ko‘rsatolmay, qo‘yni bo‘riga topshirib, o‘zining qora boshini qutqazishga kirishmishdur.
Dovon yo‘llari qor bilan qoplanib, qatnov ishlari butunlay to‘silmish edi. Qish chillasi sovuq kechalari uzun tun bo‘ylab yurganicha, bir taranchi qishlog‘iga yetib qo‘nmish edi. Ertalab turib qarasa, qo‘rqqanga qo‘sh ko‘rinar degandek, o‘zini orqa oldidan butunlay o‘ralib, dushmani qo‘liga tushib qolgandek ko‘rmishdir. Chunki orqaga qaytish imkoni bo‘lmaganidek, tog‘ toshlar qor bilan qoplanganliqdan oldiga yurish yo‘llari ham butunlay to‘silmish edi. Bunga qo‘shimcha, nomiga qo‘mondon bo‘lib, bu kabi ulug‘ vazifani bajara olg‘udek o‘zining qobiliyati bo‘lmagach, shunchalik dahshatni ko‘tarolmay, o‘zini yo‘qotib aqldan adashib qolmishdur. Mana shuning natijasida ertalab qanday bo‘lsa ham, tog‘ yo‘li bilan yurmakchi bo‘lib, ketayotganida oldidan kela-yotgan bekorchi bir odam qorasini ko‘rgach, «Hay, dushman oldimizda o‘xshaydi», deb yo‘q qo‘rqinchi bilan, kechasi yotgan uyiga qaytib kelmishdur. Kelishi bilan xayoli buzilib, ko‘p o‘ltirolmay ichkari uyga kirib ketgach, xayol o‘tmay «qars» qilib o‘q ovozi onglanmish edi.
Atrofidagi odamlar yugurganlaricha kelishib qarasalar, o‘lar joyiga otib, chala bo‘g‘izlangan tovuqdek, qonga bo‘yalgan holda tipirlab yotibdur. Bu hodisa bo‘lgach, unga ergashib yurgan askarlari tush tushga tarqalib, qochishga boshlamish edilar.
Lekin qayoqdandurki, Jang Jun askarlaridan silinglari (ofitserlari) boshliq birmuncha askarlar kelib, bular bilan birlashgan holda G’uljaga qarab yurish qiladilar. Bu yerga kelgach, qurollangan tungoniy askarlar bularga qo‘shilib, Shing Duban tarafdori Xitoy xunxo‘zo askarlariga qarshi olomon to‘polon urush boshlagani turdilar. Tungon askarlari boshlig‘i xojulik qora botirlardan Madi degan kishi Turdioxun boy darvozasi oldiga oq bayrog‘ini tikib, uylarini askarlarga yotoqxona qiladi. Shunga o‘xshash qo‘zg‘olonchilarning askar boshliqlari G’ulja boylarining rozi bo‘lishi-bo‘lmasiga qaramay, ko‘plarining ortiqcha uylariga kirmish edilar. U vaqt sharoitiga ko‘ra, bu qilmishlari ular uchun zarurat bo‘lmish edi. G’ulja shahriga boshqa yoqdan kelgan, yoki yerlik bo‘lgan ko‘zga qarsharlik boylar hech yerga sig‘may, boshpana bo‘lguday bir joy topisholmay qolishdi.
So‘ngra sovet Rusiyasi tuzoqchilari bularni qo‘lga tushirmoq qasdida, xalqparvarlik qilgan bo‘lib, go‘yo qo‘shnilik hurmatini saqlab: «Ularni himoya qilishni sovet hukumati o‘zining muqaddas vazifasi hisoblaydi», degan so‘zlar bilan tuzoq ichiga don sepmish edi. Zahardan shifo, tikondin gul umidi bilan Turdioxun boy boshliq atoqli boylardan bir qanchalari kelajakdagi takdirlarini o‘z jallodlari qo‘liga topshirdilar. Yoshirincha sovet elchixonasiga kirishib, ulardan yordam so‘rab: «Shahar egasiz qoldi, talon taroj, urush talash bu joyda ko‘paygali turdi, xalqparvar sovet hukumatidan butun xalq yordam berishini umid qiladi», dedilar. O’zlari kutib turgan bunday yoqimli so‘zni anglagach, qonuniy ravishda bo‘lsun uchun, ko‘pchilik xalq tilidan talabnoma suratida xat yozdirib, qo‘l qo‘ydirib olmish edi.
Bechora xalq, ayniqsa, vatandan yiroqda bo‘lgan, mol mulki, joy jumidan ajrab, siyosiy mas’uliyat orqali nohaq jazoga tortilgan, bu yozuvchi kabi qochoqlar uchun eng og‘ir kunlar tug‘ilmish edi. Har qanday ongsiz bo‘lishiga qaramay, ko‘pchilik xalq Qo‘rg‘os soyi u tomonida og‘iz ochib yotgan qizil ajdarhoga yutilishdan qo‘rqar edi. Xiyol o‘tmay, shu qo‘rqinchlik kunlar boshimizga kelib, 1934 yili yanvar oyining oxirlarida «qo‘shnilarimizni saqlaymiz», degan bahona bilan chegarada kutib yotgan, to‘liq qurollangan sovet askarlari kira boshladi. Yo‘l bo‘yicha qarshilik ko‘rsatganlarni otib, yanchib oz fursat ichida G’ulja shahriga kirib, uch darvoza atrofida joylashdilar.
Bu yokda esa Gasiling tarafdorlari bo‘lgan tungonlar va Jing Shurin, Jang Jundan qolgan, chirigan, eski cheriklar ikkiga bo‘linib, yarimi Harambog‘da qolgan, ko‘pchilik tungonlar esa To‘pado‘ngda Shing Dubanga qarshi, Xitoy xunxo‘zolari va oq rus askarlari bilan urushmoqda edilar. Qurol tomonidan har qancha yetishmasliklari bo‘la turib, tungon fidoyilarining jonbozliklari orqali vaqtlik bo‘lsa ham, g‘alaba qozonish umidi tug‘ilmish edi.
Hayot olamidagi hamma ishlar sababga bog‘liq bo‘lgani uchun kuchlik, qurollik, tartib- intizomlik sovet askarlari kirishi bilan butun ishlar o‘zgara boshladi. Dastlabda birlashgan tungon xitoy askarlarining markazi hisoblangan To‘pado‘ng ustiga to‘xtovsiz sovet to‘pi otilg‘ali turdi. Bunga qarshi hitoydan qolgan eski qurollari bilan qaysi kuch chidab tura olsin!
Shunga ko‘ra butun o‘rindagi tungon askarlari va ham bularga tarafdorlar yengilib, qochishga majbur bo‘ldilar. Qizil askarlar kirishi bilan xunxo‘zolarga va boshqa o‘z tarafdorlariga yetarlik mikdorda qurollar tarqatmishdur. Ilgari tungonlardan yengilib, ko‘rinmay qochib yotgan xunxo‘zolar va ham kim bo‘lishiga qaramay hokimiyat egasi bo‘lsa, shuning yun-disidan foydalangan Dutov, Anenkov qoldiqlari oq ruslar, qurollangan holda ko‘chada yo‘liqqanlarinigina emas, uydan uyga izg‘ishib yurib tungonlardan topqonlarini qo‘ymay o‘ldirdilar.
So‘zdan so‘z chiqar, hozirgi tariximiz 1969 yili bo‘lib, bundan 48 yil ilgari tungon  qishlog‘i Qoraqo‘ng‘iz masjidida turganimizda, tungon og‘aynilarimizdan sovetga qarshi qo‘zg‘algan Qorabolta, Oqsuv voqeasi sabablik bir qancha kishilar qochib kelmish edilar. Xudo saqlab ularni ziyon-zahmatsiz, eson omon uzatib yuborgan edim. Bo‘lgan voqea bu kitobning boshida yozilib o‘tildi. Bu ikki voqea orasida shu qadar uzun yillar o‘tgandan so‘ngra, biz bilan birga G’uljaga o‘tgan tungon og‘aynilarimiz ustida yana shu kabi qo‘rqinchli kunlar bo‘lib o‘tmish edi. Shundoqki, G’uljada To‘ram mahallasida o‘ltirgan qo‘ramiz tashqarisida va mahalla masjidida So‘quluq va Pishpekli tungon og‘aynilarimizdan oz deganda 20 kishini asramish edim. Xudo saqlasa balo yo‘q degandek, yo‘qsa, tungon izlashgan xunxo‘zo va oq rus askarlari eshik oldimizga necha yo‘l «davay»lashib, ba’zilari devordan oshib tushmoqchi bo‘lib turganlarida har xil bahonalar bo‘lib, ularni xudo saqlamish edi.
Mening qaramog‘imda yoshirincha bularning saqlanayotganligidan dushmanlarimiz xabar topib qolganligi bizga ma’lum bo‘lgach, ko‘z oldimizda biror turlik ko‘ngilsiz yomon bir ish bo‘lib qolmasin deb, buning chorasiga qattiq kirishdim. «Mo‘min mo‘minga xolis xudo uchun yordam berishiga niyat qilsa, Alloh uning yordamida bo‘lg‘ay», degan payg‘ambarimizning so‘zlariga ishonib, Allohning o‘ziga tavakkal qildim. Qip qizil o‘t yonib, tungonlar ustida o‘lim o‘ynab turgan shundoq qo‘rqinchlik chog‘da, ajal hidini olib yotqan joylaridan o‘zimga qarashlik tungonlarni chiqarib, o‘z qo‘ramizga yig‘dim. Yo‘g‘on salla o‘ragan holda «Alloh» yodi bilan bismilloh deb, bular oldida o‘t oralab yo‘l boshlaganimcha, yangi qurilgan hukumat idorasiga salomat yetib keldim. Bu ishga hamma hayronlikda qoldilar. Ayniqsa, tungon qoniga tashna bo‘lib qutirgan xunxo‘zo xitoylar, ko‘zlari bilan yegudek holda tikilib turgan bo‘lsalar ham, hech qaysilari yomonliq yo‘liga jur’at qilolmadilar. Qisqasi, bu kabi qo‘rqinchlik o‘rinlarda necha martaba bu ojiz qulini asrab o‘rgatgan ulug‘ qutratli Egam, bu yo‘li ham asramish edi.
«Bandam meni qanday o‘ylasa, unga o‘zi o‘ylaganday ish qilurman», degan Alloh so‘zining haqligini shu kuni o‘z ko‘zim bilan ko‘rmish edim. Baxtimizga yara-sha, o‘sha kunlarda o‘z To‘qmoqlig‘imiz Turdioxun vaqtlik bo‘lsa ham siyosat talabicha hukumat oldida obro‘si ancha ko‘tarilmish edi. Bo‘lgan voqeani bayon qilib, o‘z yaqinlaridan bir kishini kirgizib edim, men olib borgan yigirma odamning hammasiga omonlik xati yozdirib chiqardi. Ularni olib borgan kishilarimizning ko‘kraklariga qadatib qo‘ydim. Shuning bilan barilari bu qo‘rqinchdan qutulib, mendan rozi bo‘lganlaricha, o‘z joylariga tarqalib ketdilar. Biroq atrofda qochib yurgan, uy uyida yoshirinib yotqan, biz tanigan tanimagan tungon og‘aynilardan nohaq zulmga uchrab, tungon bo‘lgani uchun o‘ldirilgan kishilar oz emas edi.
Shunga o‘xshash, 1920 yili Oqsuv ruslari boshliq 18 qishloq xalqi bolsheviklarga qarshi qo‘zg‘olon chi-qarmish edilar. So‘quluq, Pishpek tungonlari ham shular ichida bo‘lg‘onlikdan butun fojia boshqalarga ko‘ra ko‘proq shularga bo‘lmish edi. Mana shu kunlari So‘quluq tungonlaridan Mesizbulis va ham Pishpek boylaridan Yusufhoji, Yorkent uyg‘urlaridan Axtamboy G’uljaga qochib ketayotganlarida GPU jallodlarining qo‘liga tushib, bir qancha vaqt turmada yotgan ekanlar. So‘ngra bularni o‘z xizmatlariga solmoqchi bo‘lib, ming turli hiyla nayrang, yolg‘on yashiq va’dalar bilan o‘ziga bog‘lab oladi. Bular ham jon qutqarish uchun, ular nima desa ma’qul deb, topshiriqlarini bajarishga so‘z bergan bo‘lsalar ham, bu yoqqa o‘tgach, o‘zlarini uning tahtididan qutilgan hisoblashib, sovet elchixonasiga yo‘lamay qo‘yadilar. Shuning uchun bu qonxo‘r zolimlar 34 yili yuqoridagi Shing Duban voqeasi orqalik G’uljaga o‘tganlarida o‘sha 20 yili o‘tgan ishni eslab, bularning qastiga tushmishdur. Bechora Mesizbulis o‘zidan hadiksirab ko‘zdan yiroqroq turish uchun, G’uljadan ot yurishida uch kunlik narida bo‘lgan To‘qqiztaraga qochgan ekan, ortidan u jallodlar izlab borib qo‘lga tushirgach, 18 20 yoshlik ikki o‘g‘li bilan uni nayzalab o‘ldirib, xalq suv ichib turgan quduqqa tashlab ketmish edilar. Bir nafas bo‘lsa ham otasiga dog‘ solish uchun, uning ko‘zi oldida ikki o‘g‘li nayzalanib, so‘ngra o‘zi o‘ldirilmish edi. Bunday fojialik ishlarni bajarishga dinsiz xudosiz vahshiylardan boshqa insonlar ko‘ngli qanday chidab turolsin!
2. Bundan ham yomonroq, insoniyat olamida ko‘rilmagan, vahshat olamida ham siyrak uchraydirgan vahshiylar qilig‘ini Pishpekdan qochib borgan tungon Yusufhoji ustidan o‘tkazdilar. Shundoqki, urush kunlari uning Uchdarvozadagi qo‘rasida kuppa kunduzida o‘t qo‘ydirib, butun mol mulki, katta kichik bola chaqalari bilan 13 jonlik bir oilani kuydirib yuborishdi. U kunlari ko‘cha kuylarda askar kishilardan boshqalarga yurish turish yasaq (ma’n bo‘lganlikdan, ruxsat bo‘lmaganlikdan) bo‘lganlikdan, bularga yordam yetkazish mumkin emas edi. Shu qilgan vahshiyliklarini topshiruvchilari oldida isbotlash uchun, ichida inson avlodi alanga olib yonayotgan o‘tning chirkin manzarasini har yoqlama rasmga tushurmoqda edilar. Lekin Yusufhoji o‘zi 11 yoshlardagi o‘g‘li bilan, nima bo‘lib shu kuni uyda yo‘q ekan; ajali yetmaganligi uchun bu kabi ko‘rilmagan achinarlik fojiadan omon qolmishdur. Biroq bu dahshat vahshatlik xabarni onglab, yugurganicha yetib kelsa, butun oilasi, holimoli bilan qip qizil o‘t ichida yonib yotkanini ko‘radi; so‘ngra, bu fojiali balo qayoqdan kelib chiqqanini tushungach, birdaniga esi og‘ib yiqiladi. Shunday bo‘lib, ajali yetmay o‘limdan qolgan bo‘lsa ham, umri ichida shu o‘tgan fojiani eskarib, qolmish hayotini butunlay g‘am qayg‘u, hasrat bilan o‘tkazib turmokdadur. Bu og‘ir musibatga chidayolmaganidan Shing Duban davrida, 1935 yili haj yo‘li ochilishi bilan o‘limdan qolgan o‘g‘lini olib hajga ketmishdur.
3. Bu voqea Axtamboy avlodi ustida bo‘lib, ular G’uljada sovet elchixonasining ro‘parasidagi qo‘rala-rida turar edilar. Qizil askar shaharga kirgan kunlari GPU jallodlaridan bir nechtalari yarim kecha, tun qorong‘usida devordan oshib kirib, katta- kichik bir uy to‘la oilani birini qo‘ymay otib chopib o‘ldirib chiqqanlar. Nima bo‘lib, 12 yashar bir o‘g‘il yoshiringan joyida bu vahshiy qonxo‘rlar qo‘lidan qutulib qolmish ekandur. Mana bu dinsiz, xudoga ishonmagan inson yuratlik yirtqich vahshiylarning zulmlaridan ko‘rsatkich bo‘lg‘udek bir ozini, balki yuzdan, mingdan birini ibrat uchun bu o‘rinda yozib qoldirdim.
Shunday bo‘lib, qo‘zg‘olonchilarga qarshi o‘n barobar kuchlik sovet askarlari kirgach, boshqalarning umidlari butunlay uzilib, jon qutqazishga kirishdilar. Qish kunlari havo sovuq, janub tomondan boshqa hamma tomon dushman askarlari bilan o‘ralmish edi. Shunday bo‘lsa ham tog‘ yo‘llari, oshuvlari qor muzlar bilan qoplanganiga qaramay, boshqa yo‘l yo‘qligi uchun Yulduz dovoni orqalik Kuchar, Qora shahar tomoniga qochishga majbur bo‘ldilar. Lekin u bechoralarning bu qochishlari esa o‘lim qilichi boshiga kelgan kishi, boshqa hech iloj topolmaganlikdan, qilich miziga (tig‘i, yuzi, o‘tkir
tomoni) qo‘lini to‘sgandek bir ish edi. Eshitishimizcha, bu ketganlar qish kunlari tog‘-tosh, qor muzlarning orasida sovuqda qolishib, ko‘plari halok bo‘lmishdur.
Shu bilan Jang Jun tarafdorlari eski xitoylar va Gasiling tarafdorlari tor mor bo‘lib, sovet Rusiyasi siyosatiga moslashgan Shing Duban hukumati o‘rnashdi. Yerlik xalqning huquqlari butunlay oyoq osti qilinib, yana butun ishlar xitoy bosqinchilarining qo‘liga topshirildi. Idora ishlari xitoycha yurgizildi. G’ulja shahri bo‘lsa, bular oldida siyosiy jinoyatchilar hisoblangan biz kabi kishilar bilan to‘lmish edi. Hozircha, bu jallodlar o‘z zarur ishlaridan bo‘shanolmay turganlari uchun, boshqalar bularning qonlik qo‘llaridan vaqtincha omonlik olib turgan bo‘lsalar ham, navbati kelganda bularning changalidan qutulish imkoniyati yo‘q edi.
Boshimizdan ming turli mehnat mashaqqatlar kechirgan holda, bu jallodlar qo‘lidan qochib, chegaradan o‘tmish edik. Ikkinchi bular qo‘liga tushar bo‘lsak holimiz nima kechishligini yaxshi bilar edik. Shu sababdan bu yerdan ketmakka niyat qildim. Safar yo‘ldoshim marhum Ilyos domla o‘g‘li marhum Abdusattor mahsum ikkovimiz otchi eshakchilarga qo‘shilib, muz dovon orqali Oltishahar tomonga o‘tib, u yoqdan boshqa tomonga ketmoqchi bo‘ldik. Lekin safar jamol-g‘amiz tayyor bo‘lguncha, sirimiz yoshirin tutinganlikdan uy oila, yor do‘stlarimizning bu ishdan xabarlari yo‘q edi. Yo‘lga chiqishimizdan ikki uch kun ilgari oilalarimiz va boshqa og‘ayni tuqqanlarimiz xabar topishib, hammalari yig‘i sig‘i qilg‘ali turdilar. Kechagina suyuklik ona Vatanimizdan, urug‘-aymoq, elyurtimizdan majburiyat orqasida ajrashib, to‘kilgan chochilgan holda yot el, yot yerlarga kelgan edik. O’zimiz olgan jabr jafo jarohatlarimiz, firoq kunlaridan estalik qolgan ko‘ngil dog‘larimiz hali sog‘ayib ketmagan edi. Buning ustiga hayot olamida eng oz uchraydigan bu kabi bir ulug‘ voqea yana boshimizga tushdi.
Xudo rahmat qilsin, Muhammadyorning (Alixonto‘raning o‘g‘li) ayasi: «Sizni qarab turib dushmanlar qo‘lida ko‘rganimizdan, Alloh omonatiga topshirganimiz yaxshiroq, xudo bu-yurganicha, kundalik kunimizni ko‘rarmiz», degan bo‘lsa ham, qizimiz Aziz poshsho: «Kechagina biz kelib, bugun Sizdan tiriklay ajrab qolsak bunga qandoq chidag‘ali bo‘lur. Jo‘jalardek yosh bolalar ichida biz nima qilamiz», deb qayg‘ulik ko‘z yoshini to‘kkali turdi. Buning ta’siridan otalik mehrim qo‘zg‘alib bormasga va’da berib, ko‘ngillarini tinchitdim.
Endi ikki og‘iz so‘zni Gasiling ustidan aytishga to‘g‘ri keladi. Shundoqki, bu qahramon Urumchiga yaqin Qutubiy, Sanjiy qayrag‘achlig‘ida 40 kunga yaqin jon-fidolik bilan sovet askarlariga qarshi turgan bo‘lsa ham, g‘alaba asbobi dushman qo‘lida bo‘lgach, nochor orqaga chekinmish edi. Qur’on ko‘targan, va’daga vafo qilmagan qora johil Xo‘janiyozga yarashmoq uchun yana bir martaba elchi yuborib qarasa ham, ul qabul qilmagach: «Hay bu kofir kishisi ekan», deb unga qarshi hujum boshlamishdur. Birinchi hujumdayoq, bosh-oyoqqa qaramay, Xo‘janiyoz, Momutsiling askarlari boshalamon bo‘lib, Kuchar tomonga qarab qochgali turdi. Gasiling ersa askarlariga qo‘monda berib, orqadan quvlaganicha iz bosa yurib o‘ltirmishdur.
Buni ko‘rgan qizil sehrchilar, bu ishni bo‘ldirish uchun necha oylab ilgari qurgan rejalari to‘g‘ri chiqqach, bu haqdagi maqsadlarini tezroq qo‘lga keltirish chorasiga qattiq kirishkali turdi. Shundoqki, fitna oloviga alanga berish uchun tili bir, dili boshqa vijdonsiz bir necha munofiqlar doim Xo‘janiyoz askarlari ichida topshiriq xizmatlarini bajarmoqda edi. Shunga ko‘ra, bu qora johillar Kuchar shahriga kirganda, uzundan beri bu yerda turgan, jallodlar qo‘lidan qochib jiloy (Vatanidan haydalgan) vatan bo‘lgan, namanganlik do‘stimiz Mahammadxon mahsum o‘zi ish ko‘rgan, hamma narsaga tushungan kishi edi. Musulmonlarning o‘zaro birlik ittifoqlari buzulg‘anligini ko‘rgach, buni isloh qilmoqchi bo‘lib, Momutsiling oldiga kelmishdur.
Bilganicha nasihat yuzasidan har yoqlama so‘zlar keltirib: «Qur’on hukmicha, birlik ittifoqlik musulmonlarga farz bo‘lmishdur. Turkiston musulmonlari ustiga ilgari keyin barcha ofat balolar esa shu ittifoqsizlik shumligidan boshimizga keldi. Ilgaridan beri uygur o‘zbek musulmonlari qon qarindosh va din-qarindosh bo‘lganligimiz uchun, har davrning achchiq chuchugini, mehnat mashaqqatlarini birga o‘rtoqlashib tortishgandurmiz. O’z vaqtida ilm markazi bo‘lib quvvati islom atalgan Buxoro, yetti iqlimga ega bo‘lgan Amir Temur poytaxti Samarqand, bundan boshqa Fargona va butun Turkiston musulmonlari dinsiz bosqinchilarning zulmi ostida, molmulkidan, dunyolaridan ajragan holda kuyib, kullari ko‘kka sovrilmoqdadur.
Bu din dushmanlari kofirlar, ayniqsa, inson olamining ogusi fitna fasod, madaniy makr hiyla kor bol’sheviklar Turkiston musulmonlarini insoniy huquqlaridan butunlay ajratib, hayvonlar qatorida erksiz majburiy ishlatayotganligini ko‘rgan bilganlardan eshitgandursiz. Bizga o‘xshash o‘z vatanlaridan judo bo‘lgan qochqunlar atrofingizda uymalanishimizdan biror yaxshilik chiqarmu degan umid bilan termulib turibmiz. Endi bu ishning birdan bir chorasi shulki, Gasiling bilan kelishib, butun musulmonlar bir ittifoqda bo‘lib, dushmanga qarshi harakat qilsak, shundagina, biz uchun yaxshilik yo‘li ochilur edi», demishdur.
Bu so‘zni onglashi bilan Momutsilingning nimadandur g‘azabi qo‘zg‘alib, «Hay, bu andijonlik o‘zi tungon tarafdori bo‘lg‘oni uchun bizni ham u johillarga tobun qilmoqchi bo‘ladur. Bu so‘zidan qaytguncha qulog‘idan tuvrukqa (ustunga) mixlab qo‘yinglar», deb buyurmishdur. Shuning bilan bechora Mahammadxon mahsum bu qora nodonlarga nasihat qilaman deb, qulog‘idan ustinga qadalgan holda bir necha soat azob tortmish edi.
Shu orada bular orqalaridan quvib kelayotgan Gasiling askarlari yetib kelishi bilan Xo‘janiyoz, Momutsilinglar 6u yerda ham turolmasdan Oqsuv tomonga qarab qochgali turdilar. Urumchida Jang Jun hukumati yiqilib, o‘rniga sovet yordami bilan Shing Duban hukumati qurulgach, bu o‘rnashib olg‘uncha, Oltishahar Uyg‘uriston o‘lkasi bo‘ylab, qo‘zg‘olonchilar har joydan bosh ko‘tarmish edi. Sovet Rusiyasi Ili o‘lkasida o‘z siyosatiga moslashtirib, Shing Duban hukumatini qurishga kirishgan bo‘lsa, naq u fursatda yana o‘z tarafidan tayyorlangan Andijon qirg‘izlaridan Ishoqbek Koshg‘ar tomoniga kirg‘izilmish edi. Xo‘tan xalqi 1933 yili atrofi bilan qo‘zg‘olon ko‘tarishib, xitoy boshliqlarini qoldirmay o‘ldirishgan so‘nggida, o‘z ichlaridan bir kishiga Shohmansur laqabini berib, uni askar boshlig‘i qilib, shu orada xaj safaridan kelgan Sobit domlani hukumat raisi saylamish edilar. Ilgaridan beri Oltishahar poytaxti Koshg‘ar bo‘lib kelganlikdan, Sobit domla boshliq askarlari bilan barchalari Koshg‘arga kelib, rasmiy islom hukumatini qurish uchun yo‘lga chiqmish edilar.
Islom oshiqlari oq ko‘ngil, sodda musulmon bechora uygurlar: «Biz otiga bo‘lsa ham islom davlati qurdik», deb poytaxt qurish maslahatida karnay-surnay, nog‘ora-dombara chalishib, yo‘lga chiqqan askarlarni ko‘rishganlarida suyunganlaridan «Islom ochildi-yo, islom ochildi» sadolari bilan yer tepib o‘yinga tushgani turdilar. Alloh qullari, Muhammad alayhissalom ummatlari bularning ixlos etiqodlari ko‘ngillarida ko‘milib yotgan. Agar u gavhar ochilur ekan, har yaxshilikga yaramliqlari va ishda qobiliyatlilari borligi shaksizdur. Biroq bu becho-ralarning diniy va ham siyosiy ishlarda zamonga tushungan haqiqiy qolovuzlari (yo‘lboshchilari) bo‘lmagandur. Shuning uchun Botish, Chiqishdagi biz Turkiston musulmonla-ri, bosqinchilarga asrlar bo‘ylab oyoqosti bo‘lib kelganmiz. Ayniqsa bu so‘nggi yarim asr ichida sovet Rusiyasi dinsiz kommunist vahshiylarining jabr zulmlari ostida eng haqoratli hayot kechirmoqdamiz. Endi Qur’on hukmiga ko‘ra, zolimlar zulmiga chek qo‘yilgan bo‘lmasa ham, hech qo‘yildi deganlikdan, vaqti kelar ekan, ustimizda turgan togdek qora bulutlar to‘xtovsiz ravishda tarqalgusidur.
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Xo‘tan askarlari shu yurganlaricha, yo‘l bo‘ylab ularga hisobsiz kishilar quyilgan holda, 1934 yili oxirlarida Koshg‘arga kirdilar. Urumchi hukumati yiqilgan kunidan boshlaboq, butun Uyg‘uriston o‘lkasi bo‘yincha tartibsiz ravishda har joyda maslaksiz to‘polonchilar bosh ko‘tarmish edi. Endi esa, bir tomondan, suv bulg‘atib loyqalangan so‘nggida, baliq ovlab o‘rgangan sovet makkorlari, tutandiriqlarini tayyorlab turgan holda, o‘z zamonasini tushunmagan maqsadlari ulug‘, lekin siyosat olamidan yiroq, har tomonlama qo‘llari quruq, bir to‘da ish ko‘rmagan tajribasiz odamlar, bu kabi ulug‘ inqilobni bajarishlari odatga ko‘ra mumkin emas edi. Chunki moddiy va siyosiy tomondan zamonaviy kuchlik hukumat hisoblangan sovet Rusiyasi bunga qarshi bo‘lib, u har yerda o‘z siyosatiga to‘g‘ri kelmagan islom hukumati qurilib qolishiga hech qachon yo‘l qo‘ymas edi. «Butun dunyo ezilgan millatlariga yordam beramiz», degan shiori bo‘lsa ham, o‘z manfaati yo‘lida yerlik xalqni doim qurbon qilib keldi.
Birdan bir yo‘l, agar men o‘ylagandek, butun xalqqa so‘zi o‘timlik-obro‘ylik bo‘lishi ustiga, dohiylik sifatiga ham ega bo‘lgan, zamonasiga tushungan bir tadbirkor kishi boshchiligi ostida, jonfido vatan-parvar kishilardan kuchlik bir siyosiy jamiyat qurilgan bo‘lsa, so‘ngra shu jamiyat orqalik Koshgardagi boshqa bir kuchlik davlat vakili bilan kelishib, tartiblik ravishda ish olib borib, butun Uyguris ton nomidan xalqning talabiga moslashgan haqiqiy islomiyat asosida hukumat qurilsa, vatan bolalarining o‘zaro ittifoqini mustahkamlab, kuchlik bir askar qo‘mondonligi tashkil qilinib va mumkin qadar uni yaxshi qurollar bilan qurollantirib, ehtiyotlik bilan ish olib borilgandagina o‘z hukumatini qo‘lga olishlari mumkin bo‘lur edi.
Yana o‘z so‘zimizga kelsak, shu chog‘da Gasiling qurollik kuch, intizomli askar bilan Xo‘janiyoz, Momutsiling askarlarini surib, Koshg‘arga tomon kelayotgan edi. Bularning o‘z vatanlari Xo‘ju, Solar viloyatlaridan chiqqan sabablarini yuqorida aytib o‘tgan edik. Viloyat hokimi Mabufang Gasilingning amakisi dindor, islomparvar odam bo‘lgani uchun o‘z jiyanini musulmonlarning yordamiga chiqarmish edi. Bularning diniy ruhi kuchlik, askariy nizomi yaxshi edi. Ki-yimlari oldi orqasiga, yiroqdan ko‘ringudek qilib, ochiq arabcha xat bilan «Fiysabililloh», ya’ni «Xudo yo‘lida g‘azot» so‘zlarini yozmish edilar.
Biz musulmonlarning ongsizligidan dushmanlar foydalanib, nizo chiqarib, ular bilan bo‘lgan ittifoqni buzdi. Shu paytda narsa ko‘rmagan nodon O’smon qirg‘izning o‘rniga bosh qo‘mondon saylab Gasilingni keltirgan bo‘lsalar, erkin Turkiston hukumati saqlanib qolishi mumkin edi. U kunlarda o‘zim bu voqealardan yiroq G’ulja shahrida turganligim uchun, bu o‘ylangan maqsadni amalga oshirish chorasini qilolmadim. Shundoq bo‘lsa ham qarab turishga chidayolmay, Yoqubbek badavlat zamonasida ikki Ortush hokimi bo‘lgan Momutbekning nabirasi Jirchis hojimni topib, tezdan Koshg‘arga yubormoqchi bo‘ldim.
Bu kishining qisqacha tarjimai holi shulki, men kommunist vahshiylarining qonlik changalidan qutulib, Ili o‘lkasiga o‘tgach, qonxo‘r dushmanlar shum qo‘lida qolg‘an qarindosh, elyurtim, suyuklik ona Vatanim uchun qattiq qayg‘urmoqda edim. Buning ustiga bu yerlik musulmonlar turmushlarining hamma tomonlama tushkunligi, bularning hayot ahvolidan, siyosat olamidan butunlay ongsiz xabarsiz bo‘lishlari, meni bek hayratda qoldirmish edi. Oz bo‘lsa ham hamdard, maslakdosh vatanparvar do‘stlarimizdan ajramish edik. Bu yerlik turg‘un kishilarning hissizligi, ongsiz qoloqligi, ko‘zlari ko‘rib kelgan qochoqlarning ko‘ngil ko‘rligi, bularning dunyoqarashi, rohatparastliklarini ko‘rib, ko‘nglimda alangalanib turgan himmat o‘tlarim so‘nishga boshlamish edi.
Mana shunday umidimiz kesilgudek holga yetgan kunlarimda bu kishi bilan topishib qoldik. Uzilayozgan umidimiz qayta boshdan qo‘zg‘alishga boshladi. Bu kishi esa ilgaridan beri inqilobiy ishlarga qatnashib, og‘ir yengil tajribalar o‘tkazgan, ko‘zi ochiq, ko‘ngli uyg‘oq vatanparvar, millatsevar bir uyg‘ur o‘g‘li edi. Shuning uchun yuqoridagi o‘zim o‘ylagan ish ustida ikkovimiz uzun muzokara o‘tkazgan so‘nggida, bu kishi Oltishahar tomonga, ya’ni Koshg‘arga bormoqchi bo‘ldi. Biroq bu ishga tashkiliy ravishda tayyorgarlik ko‘rilmaganlikdan, iqtisodimiz yetishmaganligi bizga anchagina og‘irchilik keltirdi. Shundoq bo‘lsa ham, bir necha do‘st kishilarimizdan yoshirincha yordam yig‘ib, safar jamolg‘asini qildik.
Uzatmoqchi bo‘lib turganimizda, baxtimizga qarshi shul kuni bu yo‘ldoshimiz isitma bezgak bo‘lib, yo‘lga chiqolmay qoldi. Bunga qarshi dori darmon sabablarini qilg‘animizdan keyin ertasi kuni yo‘ddoshlarimizdan qoldirmay uzatib qo‘ydik. Biroq, baxtga qarshi, bu kuchli irodali qahramon, dindor, vatanparvar tilakdoshimiz Jirchis hojim yo‘lga chiqqach, kundankunga og‘irlashib borib, ming mashaqqat bilan Muz dovonidan o‘tib, «Qo‘rg‘on» degan marhum Yoqubbek otaliqdan qolgan dushmanga qarshi to‘squl qo‘nolg‘usiga kelganda vafot topmishdir. Alloh uni rahmat qilsin! Maqsadga yetmagan bo‘lsa ham, talab yo‘lida jon qurbon qilish hay’at tarixi oldida ulug‘ sharafga ega bo‘lish demakdir.
Kishi o‘z maslagi ustida muqaddas vazifasini bajarish kabi ulug‘ xizmat yo‘lida ajal o‘qiga uchrar ekan, himmat ahllari oldida, zolim yirtqichlarga qarshi shahodat o‘limidan farqi yo‘qdir. Bu yo‘lda bo‘lgan musibat o‘zi uchun muborak sanalgan bo‘lsa ham, qolgan maslakdoshlari uchun ancha ma’yuslik keltirmish edi. Shunday bo‘la turib, yana qarab turolmay, G’ulja tomonda bo‘layotgan turlik makr hiylalik voqealarni, sovet Rusiyasining tutgan siyosati, uning qurgan tuzoqlarini ochiq ko‘rsatib, buning butun choralari bilan uzun bir bayonnoma yozib tayyorlamish edim. Biroq, o‘lka bo‘ylab mundayin olamon o‘zgarish tarqalayotgan og‘ir ahvolda, bunga qarshi kimning siyosat yurgazishini kuzatayotgan sovet elchixonasi, o‘z iskovichlarini butun xalq ichida tarqatmish edi.
Islomiyat, balki butun insoniyat olamining ofati, kufr nifoq madaniyatining zaharlik mevasi hisoblangan kommunistlar bozori qanday yerda qizidi? So‘zga tushunmagan, hech narsa bilmagan, ayniqsa, yo‘qsullik kambagallikda yashayotgan gumroh, vatan, millat nima ekanligini bilmaydigan, ongsiz nodonlar ko‘p bo‘lsa, mana shular ichidagina rivojlanib, tezdan ishlari avj oldi. Shuning uchun Xitoy tuprogida to‘qayga o‘t ketgandek, boshqa yerga ko‘ra tezroq ko‘tarilib, butun mamlakat bo‘ylab o‘z hokimiyatlarini o‘rnashtirib oldilar. Bunday inqilob kunlarida o‘z ishlarini amalga oshirish uchun to‘sqinlik qilguchilar oldida, och qolgan yirtqich hayvonlardek, tishlarini qayrab, hujumga tayyor turardilar.
Agar xudo saqlamagan bo‘lsa, shu kabi ko‘rqinch kunlari yonib turgan ulug‘ o‘tga bir chelak suv sepgandek qilgan ishlarim, o‘zim uchun halokatlik bo‘lishi shubhasiz edi. Shu sababli, bir necha kun mashaqqatlar chekib, tayyor qilgan bayonnomani qanday qilib yuborish ilojini topolmay, axiri kuydirib tashlashga majbur bo‘ddim. Chunki qatnov yo‘llari otchi eshakchi karvonlaridan boshqalarga yasaq qilinmish edi. Bularni ham har bir to‘squl (to‘silgan, post qo‘yilgan) yerlarda qattiq tintuv axtarish bilan o‘tkazmokda edilar. Shunga ko‘ra, nochor, taqdirga tan qo‘yib, yozmishni kutib turmoqdan boshqa chora topolmay, qarab qoldik.
B a y t:
Qo‘lg‘a kelmas ishlaring hargiz sharoit bo‘lmasa,

Qancha qilsang jon fidolik, foydasizdur ishlaring.

Endi so‘zni yana Gasilingdan boshlaymiz. Kuchar shahridan qochib chiqishgan Xo‘janiyoz bilan Momutsiling Oqsuv shahriga kelganlarida, shahar hokimi bo‘lib turgan Baysijang bularga qarshi chiqib kutib olgan bo‘lsa ham, yana o‘rtalarida birlik ittifoqlari yo‘q edi. Chunki Urumchidagi Jang Jun hukumati yiqilgan kundan boshlab, har bir shaharda qo‘zg‘olon ko‘tarilmish edi. Oqsuvliklar esa, hukumat shahri bo‘lgan Osuq qo‘rg‘oniga hujum qilishib, undagi borliq xitoylarni o‘ldirishgan so‘nggida, qo‘zg‘olon qahramoni Boysijangni o‘zlariga hokim qilib olmish edilar. Shuning uchun bu qorabotirning ko‘ngliga ham amirlik havasi tushmish edi. Buning ustiga Oqsuvlik ongsiz odamlar hamda atrofdagi xalq ichida, bu odamning obro‘yi oshib, hurmati bek ko‘tarilmish edi.
Buni ko‘rgan amalparast qorabotirlarning hasadlari qo‘zg‘alib, u bilan hech bir ishda kelisholmadilar. Balki, Boysijangning har qanday bo‘lsa ham, islom ittifoqi qurilishiga ko‘ngli borligi yozilgach, inson iblislari tarafidan uning chorasi ko‘rilmish edi. Shunga ko‘ra tungonlarga qarshi Oqsuv ustida bo‘lgan otishmada orqadan otilgan o‘q bilan o‘ldirilmishdir. Bu kimning tomonidan otilganligi ma’lum bo‘lmasa ham, ko‘pchilik xalq bu xiyonatni Xo‘janiyozdan ko‘radilar. Shuning uchun yana o‘zaro ittifoqlari buzulib, Oqsuv urushida o‘zlariga ko‘ra bir hovuch kelmaydigan tungon askarlaridan qattiq yengilgach, Xo‘janiyoz, Momutsiling askarlari bilan Koshg‘arga qarab chekinmish edilar.

Qanday bo‘lsa ham urush ishlarida ozu ko‘p tajriba ko‘rgan Gasiling buni ko‘rgach, Maxusang qo‘mondasida bir bo‘lik askar belgilab, qochqunlarni quvlashga yuborib, o‘zi Oqsuv elidan so‘qush solig‘i olish uchun to‘xtamishdur.
Shu kunlari esa Koshg‘ar shahri har tomondan to‘plangan, bir biri bilan kelisholmagan, ongsiz, siyosatsiz bir necha qora kuchlar markazi bo‘lmish edi. Shundoqki, Xo‘tan tomonidan Sobit domlam boshliq Shohmansur qo‘mondasida kelgan Xo‘tan askarlari; Urumchi hukumati yiqilgach shahar bosib birinchi qo‘zg‘olon ko‘targan O’smon qirg‘iz; bunga qarshi yo‘q mansabni talashib qurbon bo‘lgan kucharlik aravakash Temirjujang; Farg‘ona tomonidan ko‘chib o‘tgan qo‘zg‘olonchilar qoldig‘i Yusufjon qo‘rboshi va bulardan boshqa bir qancha qurollangan, ongsiz qorabotirlardan bo‘lib, anchagina xalq kuchi bir o‘ringa to‘planmish edi.
Bu musulmonlar har qancha ongsiz bo‘lganlari bilan hali dinsizlar hokimiyati bularga kirib, shum ta’sirlari o‘tmaganlikdan, ko‘ngillarida ozu ko‘p islomiyat muhabbati saqlanmish edi. Agar ahvolga onglik yondashib, o‘tkir so‘zlik, hurmat egasi bo‘lgan birorta odam o‘rtaga otilib chiqib, yangidan qurilg‘on erkin Turkiston hukumatiga Oqsuvdan kelayotgan Gasilingni bosh qo‘mondon saylashib, qarshi olishgan bo‘lsalar, musulmonlar o‘rtasiga bu qadar buzg‘unchilik tushib, munchalik ko‘ngilsiz ishlar chiqmaslig‘i mumkin edi.
Biroq, ikkinchi Buxoro atalgan Koshg‘ardan bosh-lab, butun Oltishahar Uyg‘uriston o‘lkasida bu kabi ulug‘ siyosiy ish uddasidan chiqqudek yetuk bir odam yo‘q edi. Shuning uchun bechora musulmonlar shunchalik og‘ir bo‘lgunlikga uchramish edilar. Chunki, davlat qurish asboblari qo‘lida tayyor turg.an bo‘lsa ham, ularni o‘z o‘rnida ishlata olg‘udek ustakorlari yo‘q bo‘lg‘ach, undan foyda ololmadilar. Buning ustiga qizil makkorlar, musulmonlarning o‘zaro ittifoqlari bilan qurilmoqda bo‘lg‘an yangi hukumatlari, birorta davlat vositasi ila dunyoga tanilib qolmasin deb, buning chorasiga qattiq kirishmish edi.
U kunlari esa Koshg‘arda sovet Rusiyasiga qarshi Angliya elchixonasi ham ishlamoqda edi. Yerlik xalqdan tashkiliy ravishda ish olib boruvchi siyosiy ki-shilarning yo‘qligidan va ham jug‘rofiy o‘rnimiz madaniyat olamidan bek yiroq tushganligidan, biz ikki Turkiston yerlik xalqi asrlar bo‘yi kutilgan shu inqilobiy o‘zgarishlardan yetarlik ravishda foyda ololmay qoldik. Shunga ko‘ra, bizlarning taqdirimiz o‘z dushmanlarimiz qora qizil ajdarholarning hisobiga qarab belgilanmoqda edi.
B a y t:
Umidsiz bo‘lma Sog‘uniy, umiding ko‘zgusi bordur,

Qorong‘u kecha so‘nggidin quyoshning chiqg‘usi bordur.

Endi yuqorida aytilganicha, Gasiling o‘zi Oqsuvda to‘xtalib o‘z qo‘mondonlaridan Maxusang qo‘l ostida bir bo‘lik askarni Koshg‘arga yubormish edi. Bular esa Xo‘janiyoz, Momutsiling askarlarini quvlaganicha Koshg‘arga yaqinlashib keladilar. Ilgaridan beri ko‘pchilik Oltishahar xalqi quruq otaq, yolg‘on davruq, xurofiy so‘zlarga berilgan bo‘lganlikdan, Xo‘janiyozliklarning Gasiling askaridan qochib kelayotqanliklari, bular uchun qattiq qo‘rqinch tug‘dirmish edi. Qisqasi, Koshg‘ar xalqi keng dalada cho‘ponsiz qolgan, atrofini och bo‘rilar o‘rab olgan, bir to‘da egasiz qalin qo‘ylar kabi bo‘lib turgan holda, tungon askarlari yetib kelishadi. Bularga qarshi hech qanday chora ko‘rilmaganligi ularga ma’lum bo‘lgach, erkinlik bilan tilagan joylariga tushib o‘rinlashib oladilar. So‘ngra qarasalar, o‘zlari uchun va ham yerlik musul-monlar uchun kutulgan foydalik ishlar ustida maslahat ko‘rsatib, bular bilan kelishib so‘zlashadigan birorta odam bo‘lmadi.
Bechora ko‘pchilik musulmonlar, ikki dunyo boshlig‘imiz deb sanagan, har yaxshilikni shulardan kutgan chalamulla domlalari siyosat olamidan xabarsiz, to‘g‘risi haqiqiy islomiyatdan bahrasiz bo‘lib, etiqod ishonchlari bo‘shligidan musulmonlar boshiga tushgan shu kabi og‘ir kunlarda, hech qanday xizmat qilolmadilar. Yo‘q ersa Qur’onda
«Innamo al mo‘mino axvatun», ya’ni «Mo‘minlar chin og‘a inidurlar» oyati bo‘la turib, bunga ishongan musulmonlar uchun islomiy qardoshlikdan foydalanmaslik mumkin emas edi. Nachoraki, bu haqiqatni amalga oshiruvchi haqiqiy odamlar yo‘qligidan, islom olami ustiga shu kunlarga o‘xshash dahshatlik ofat balolar har vaqt yog‘ilib turmoqdadur.
«Yaxshilik ko‘rsanglar biz qilgan bo‘lamiz, yomonliqqa qolsanglar boshqadan ko‘rmay, o‘zinglardan ko‘ringlar», degan Qur’on so‘zi, albatta, haqdur.
Shunday bo‘lib, Maxusang umidi Koshg‘ar xalqidan uzilgach, kim bo‘lishiga qaramay, qurol topshirishga buyruq chiqardi. Bunga qarshilik ko‘rsatilgach, shu bahona bilan urush boshlanib, har ikki tomondan o‘rinsiz qonlar to‘kildi. Ayniqsa, bular ichida ko‘proq qarshilik ko‘rsatgan Farg‘ona qo‘rboshilari qoldig‘i Yusufjon qo‘mondasidagi o‘zbek yigitlari edi. Bular esa xonadonlarni, uylarni teshib olishib, hujumchi tungon askarlariga ko‘proq zarba berishdilar. Shunga qarshi bulardan ham kim qo‘lga tushgan bo‘lsa, tirik qolmay o‘ldirilmishdur. Bular ichida sovet Rusiyasi qizil makkorlari uchun keraklik ko‘rilgan xizmatchilari Xo‘janiyoz askarlari bo‘lib, ular Andijon chegarasi tomoniga chekinib, tungonlar qo‘lidan qutilmish edilar. Vaqti kelganda bular orqalik o‘z ishlarini bajarish uchun, shular kabi ongsiz odamlar bo‘lishi, albatta, zarur edi. Shuning uchun bular sovet chegara askarlari qo‘rig‘ida qurollangan holda saqlanib qoldilar. Bulardan boshqalari esa agar o‘limdan qutilolgan bo‘lsalar, chil to‘ziganday har tomonga tarqalib qochgani turdilar.
Koshg‘ardan yigirma chaqirimcha joydagi Yangishaharda, eski hukumat yiqilgan kunidan boshlab, hech kimga bo‘ysunmay qamalib yotgan 500 600 dan ortiq qurollangan tungon, xitoy askarlari esa, Gasiling askarlari kelishi bilan ularga qo‘shilmish edilar. Shuning uchun balo ustiga ortiqcha balo bo‘lib, Koshg‘ar shahri ichida Chingiz vahshiylarini eskartgudek ishlar bular tomonidan ko‘rilmish edi. Bunga qarshi hech qanday chora qilolmadilar. Chunki, xalq o‘ta ongsiz edi, siyosat dunyosidan butunlay bexabar, qoloq edi. Shundoqki, 20 30 yillab ko‘z oldilarida bo‘layotgan qon qarindosh, din qarindoshlari Turkiston xalqlari boshiga kelgan kommunizm balosidan ibrat olish o‘rniga, bular uchun yangi hayot bozori ochilmish edi. Zakotsiz yig‘ilgan haromxo‘r o‘zbek boylaridan qolgan harom mol, oltin kumush dunyolarini tezakchi qo‘ng‘izlardek tashigandan tashib ko‘paytirib, eng oxiri o‘zlari uning ostida qolib, halok bo‘ldilar.
Haqiqiy iymon bilan taqlidiy iymon farqi Qur’on hukmiga amal qilish qilmaslik bilan ma’lum bo‘lg‘usidir. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: «Molinglarning zakotini to‘liq ado qilib, temir qo‘rg‘onga qamanglar», yani, «zakot molning temir qo‘rg‘oni bo‘lib, ofatdan omon bo‘lur», demish edilar. Rasulullohning bu so‘zlariga gumon kelti rib, zakotsiz yiqqan mol dunyolari qizdirilgan holda, Qur’on aytganidek, qiyomat nusxasi bo‘lib, o‘z ixtiyorlaricha topshirmagan tangalariga otliq tamg‘adek bosilmish edi. Chalamulla va bir qancha nodon boylar bila turib, zakotsiz saqlagan mollarini o‘z ixtiyorlaricha topshirishga ko‘zlari qiymagach, qizdirilgan yombuni tanalariga tamg‘a qilib bosgan zarbidan, ko‘plari halok bo‘ldilar.
Lekin bular ichida asli marg‘ilonlik o‘zbek boylaridan Mutaldinboy degan kishi 1934 yili, inqilob boshlanishi bilanoq butun mol mulki, bola chaqalari bilan eson omon Pokiston chegarasidan o‘tib, qutulib ketmishdur. Bu kishini o‘zim ko‘rolmagan bo‘lsam ham ishonimlik, chin so‘zlik kishilarning aytishlaricha, tijorat ishiga kirishgan kunidan boshlab, shu ketgan vaqtigacha zakotini qoldirmay berib kelgan kishi ekan. Shuning sharofati bo‘lishi kerak, Pokiston poytaxti Karachida ulug‘ tijorat shirkati ochib, burung‘idan boylig‘i bir necha barobar ko‘tarilmishdur. Ilgari Koshg‘arda turganda kommunistlar zulmidan o‘z vatanlariga sig‘may, u tomonga qochib o‘tgan alamzada ham shaharlariga qanday yordam yetkuzgan bo‘lsa, Afg‘oniston, Hindiston mamlakatlarida sarson bo‘lib yurishgan vatandoshlariga ham shu kabi imkoniyat boricha yordamda bo‘lmishdur.
Bundan boshqa Koshg‘arning eng zo‘r boylaridan Umaroxunboy, o‘zbeklardan Sotvoldiboy, ular ham shu paytdan foydalanib, Chatra (Uyg‘uriston chegarasiga yaqin joylashgan shahar) Hindiston orqali ikki haramga borib kelishgan bo‘lsalar ham, o‘zlarining nodonliklaridan, ko‘rgiliklari bo‘lsa kerak, bir ikki yil o‘tmayoq, hammalari shular qo‘lida halok bo‘ldilar.
Qizil makkorlar esa, bir tomondan o‘z siyosatlarining amalga oshganini ko‘rgach, qahqahlagan bo‘lsalar ham, ikkinchi tomondan, bularning to‘ymagan och ko‘zlarini qiziqtirgan Koshg‘ar boylarining oltin kumush mol-dunyolari boshqalar qo‘liga kirayotganini ko‘rishib, ichlaridan qon o‘tmoqda edi. Mana shunday bo‘lib, bir hafta o‘n kun talan bulan, ot chop ishlari biroz bosinqirag‘andan keyin esa, Oqsuvda qolgan Gasiling bu yerdan bo‘shanib, to‘g‘ri Koshg‘arga kelmish edi. Ertasi haytgohga (hayit namozi o‘qiladigan joy) yig‘ilgan qalin xalq ustiga kelib, bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz ishlar uchun qattiq achingan holda, bunga o‘zining norozi ekanligini bildirib, ko‘pchilikdan kechirim so‘ramishdur. Biroq, bu 30 yoshga yetmagan qahramon qo‘mondon bir yog‘i yoshligi bo‘lsa, ikkinchi yokdan hozirgi siyosat sohasidan yiroq turganligi uchun, bu kelishida katta bir halokatlik xatarga yo‘liqib qoldi. Shundoqki, makkorlar markazi Kremlning topshirig‘i bo‘yicha, Koshg‘ardagi sovet elchixonasi xizmatchilari bu shunqor qushni to‘rga tushurishga qattiq kirishmish edilar. Shuning natijasi bo‘lg‘aykim, bular bilan siyosiy aloqa bog‘lash havasi uning ko‘ngliga tushmish edi.
Ishonimlik, tushungan kishilarning aytishlaricha, har turlik araq sharob ichimliklaridan tortib, inson nafsi qiziqarlik xilma xil noz ne’matlar, ayniqsa, shayton tuzoqlari, elchixonada bular hurmatiga tayyorlangandan keyin, Gasiling 50 60 chamali askar boshliqlari bilan ziyofatga chaqirilmishdur. O’z elidan chiqqan paytidagi ulug‘ umidlari uzilib; Qur’on ko‘tarib, qasam ichgan yolg‘on musulmonlardan ko‘ngli sovugan holda; bu kabi odam shaytonlari suhbatlarida majlis o‘tkazgan telba qonlik yoshlarga qandoq baho berishimiz oqillar oldida ochiq bir masaladur. Mana shu majlis o‘tkazilgandan keyin «Fiysabililloh» shiorlik qahramonlarning himmat o‘tlari so‘nib, oliy fikrlari o‘zgara boshlamish edi. Kecha kunduzlab, balki, hafta oylab Gasiling boshliq askar qo‘mondonlari elchixona aysh ishratlariga berilmish edilar.
Ish shu holga yetgach, payg‘ambarimiz aytgan: «Mo‘min odam iymon nuri bilan haqni botildan, to‘g‘rini egridan ajrata olur», degan muborak so‘zlaridan bular ajradilar. Shunga ko‘ra, ko‘p uzoq o‘tmayoq ularning so‘zlariga aldanib, Gasiling o‘ziga qarashlik 50-60 askar boshliq navqiron yigitlari bilan, ilon og‘ziga tushgan chumchuqdek o‘z ixtiyorlari bilan chegaradan o‘tib, qizil jallodlar qo‘liga topshirildilar. Chegaradan o‘tishi bilanoq hammalari qurolsizlantirildi. Undan keyingi ahvollari bizga noma’lumdur.
Gasilingning bu askarlari 8 armiya deb atalgan xitoy kommunistlari qo‘shiniga bir necha marotaba zarba yetkazmish edilar, bir hiyla bilan bularni osongina to‘rga ilintirdilar. Shunday bo‘lib, yolg‘iz Sharqiy Turkiston emas, balki butun Xitoy tuprog‘ida bo‘lgan qo‘zg‘alishlar Rusiyaning kommunistlar hukumati siyosatiga moslashgan holda hal bo‘la boshladi.
Maxusang bo‘lsa bu voqeadan ilgariroq Xo‘tan tomoniga yurish qilib, Yorkent, Qorg‘aliq, Xo‘tan atrofi bilan Chorcha, Chorxaliq yerlarigacha ega bo‘lib o‘ltirmish edi. Har tomondan qochgan pisganlar sig‘ing‘udek joy topolmay yurganlarga boshpana bo‘lib, ko‘p odamlar buning vaqtida mol jonlari bilan Chatra yo‘li orqali Hindistonga o‘tib qutildilar. Lekin quruq oti bo‘lsa ham yangi qurilgan erkin Turkiston hukumati raisi domla Sobit boshliq 7 kishidan iborat davlat a’zolari nima qilishlarini bilmay jaldiraganlaricha ba’zilari o‘z uylarida, qolganlari yoshiringan holda yurgan edilar.

Bularning kundalik ahvollari esa, sovet elchixonasiga yetkazilib ma’lum bo‘lib turmoqda edi. Shungachalik sovet konsuli orqali saqlanib kelgan Xo‘janiyoz, o‘qitgan yosh boladek, tayyorlanmish edi. Uning tilidan, qo‘lidan hujjat xat olgani ustiga, yerlik hukumat a’zolari boshliq boylar va boshqalardan ko‘rsatilgan kishilarni qoldirmay ushlab, Shing Dubanga topshirish vazifasi ham unga 1934 yili sovet konsuli tomonidan topshirilmishdur. Qo‘yilgan bu shartlar Xo‘janiyoz tomonidan bajarilgan taqdirda, uni musulmonlar vakili o‘rnida Shing Duban o‘rinbosari qilishga va’da berilmishdur. Shunday bo‘lib, bari ishlar qizil markaz tomonidan qolipga solinib, tayyorlangan so‘ngida, Xo‘janiyoz qalpog‘i ostida qizil jallodlar ishga kirishgali turdi.
Xalq ko‘zini qo‘rqitib, yuraklarini mujush, hammaga dahshat ko‘rsatib, xalq ichida haybat oshirish bularga qonuniy shior bo‘lganlikdan, hech qanday qiyinchilik ko‘rmagan, ayniqsa, diniy odamlar, kat-ta-kichik boylar, xalq ichida ko‘zga ko‘rinarlik kishilar, birinchi navbatda qo‘lga olinmishdurlar. Ular ichida Muhammadoxun xalpitim yuqorida aytilganidek, tungonlar qiynovida vafot topgan bo‘lsa ham, biz bilgan Koshg‘ar ulamolaridan tubandagi kishilar: domla Sobitoxun otush, Sobitoxun qizil biya, Hoshimoxun xalpitim, Shamsiddin domla boshliq oz bo‘lganda din ulamolaridan 40 50 odam shu inqilobning qurboni bo‘ldilar. Bular ichida yuqorida nomlari yozilgan olimlar kitob yozib asar tasnif qilishga qudratlari yetarlik edi. Afsuski, domla Sobitdan boshqa birortalaridan o‘z tillarida yozilgan asar borligi bizga ma’lum emas. Shunday bo‘lib, bechoralarning qiynov ostida o‘lganlaridan qolganlarini qo‘l oyoqlariga temir zanjirlar solingan holda Urumchiga, Shing Duban bosqinchining oldiga olib kelib, oz bo‘lganida 10 yildan kam emas, turmaga kesdilar.
Ota bobolarimizdan qolgan o‘z vatanimizga, el qatori insoniy haqlarimizga boshqalar kabi biz ham ega bo‘laylik, degan to‘gri talablaridan boshqa bularning nima gunohlari bor edi?
«Va aidduv lahum min quvvatin». Bu oyat ma’nosi: «Dushmaninglarga qarshi imkoniyat boricha kuch kuvvat tayyor qilinglar», demakdur. Musulmonlar Qur’onning yolgizgina shu hukmiga amal qilgan bo‘lsalar, butun insonlar ustiga hukmron bo‘lib, islom adolati yer ustida o‘rnashgan bo‘lur edi. Bu so‘zning haqligiga shak yo‘qdir, chunki payg‘ambarimiz aytdilar: «Mening ummatlarimdan qaysi kishi yaxshilik ko‘rsa uni Allohdan ko‘rsin, buni menga Alloh berdi deb bilsin; agar yomonlik ko‘rar ekan, o‘zidan ko‘rsin, o‘zini malomat qilsin», dedilar.
Kur’on hukmiga ko‘ra, boshqalarga Vatanlarini bostirib, o‘z milliy hukumatlaridan ajrab, ularga tobun bo‘lgan musulmonlar, Alloh amrini bajarmaganlikdan xudo oldida javobga tortilib, ikki dunyoda ham xorlikka qoladilar. Bizning inqirozimizga eng birinchi sabablardan biri ittifoqsizligimiz bo‘ldi. Kur’onda mo‘minlarni birlik, ittifoqlikka qattiq undaydi.

DAHSHATLI KUNLAR

Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Qizil sehrchilar qo‘li bilan yondirilgan fitna o‘tlari yana shularning qurol kuchlari orqali so‘ndirilib, 1934 yili o‘zlari tilaganlaricha Shing Duban hukumati qurildi. Ili viloyatiga voliy qilib Shing Duban o‘z qaynotasi Chusiling degan bir qari xitoyni G’uljaga yubordi. To‘qmoqdan borgan boylardan, asli Koshg‘arlik Olmosbek o‘g‘li Turdoxunbekni unga o‘rinbosar qildi. Lekin, Shing Duban hukumati har tomondan sovet siyosatiga bog‘langanliqdan butun ishlari sovet konsuli maslahati bilangina yurgazilmoqda edi. Chunki, yaponlar Manchjuriyani bosib olgach, Sharqiy Turkiston tomonga ko‘z solish xavfi tug‘ildi. Shunga ko‘ra, Sharqiy Turkiston o‘lkasiga yapon askarlarini o‘tkazmaslik uchun, Shin Shisho qismog‘iga sovet tomonidan 20 ming chamali askar qo‘yilmish edi. Butun Sharqiy Turkiston, G’arbiy Turkistonga o‘xshab har yoqlama sovet siyosatiga o‘ralgan holda iqtisodiy ishlarini o‘z qo‘llariga olgan bo‘lsa ham, xitoy hukumatiga yaponga qarshi ittifoqdosh bo‘lganligidan qog‘oz ustida bu o‘lka Jungguning ayrilmas bir qismi hisoblanar edi.
Shunday qilib, Sharqiy Turkiston Uyg‘uriston tuprog‘i Chanqayshi xitoy hukumatiga qaragan bo‘lsa ham, ostirtdan sovet Rusiyasi har tomonlama o‘z ta’siri ostiga olish uchun qattiq kirisha boshladi. Ayniqsa, bu o‘lkaning iqtisodiy ishlari butunlay Sovetga bog‘liq bo‘lgani uchun, tijorat ishlari to‘sqinlikka uchrab, bu sohada ko‘pchilik kishilar kasbdan ajrab, ishsiz qolishga to‘g‘ri keldi. Ma’lumdirki, qanchalik xalqaro iqtisodiy qismchilik ko‘payar ekan, shunchalik bular halokat tuzog‘iga yaqinlashadilar.
Eshitar quloqqa yoqimlik olti shiorni oldiga otib, sovetning nayrangi bilan butun xalqni turlik o‘ying‘a o‘ynatqali turdi. Buning ustiga yaponlarga qarshi orqa safimizni mustahkamlab xitoy Chanqayshi hukumatiga yordam beramiz degan bahona bilan boylardan ko‘plab soliq ola boshladilar. Shunday qilib xalqni turlik yo‘llar bilan o‘ynatib, 1937 yilga yetgach, o‘z rejasiga muvofiq birdaniga ish o‘zgarib, qish sovug‘i yanvar oyida G’ulja shahridan birinchi navbatda Turdoxunboy boshliq 30 dan ortiq kishi hech qanday sababsiz qamoqqa olindi. Shundoqki, oldinroq sovet konsuli tuzgan reja orqalik kerakli kishilar G’ulja voliysi Chusiling tomonidan majlisga chaqirildilar. Kechasi soat 12 larda majlisdan qaytib kelayotganda tayyorlab qo‘yilgan to‘rt nafar qurollik xitoy askari ularning oldidan chiqa kelib, Turdoxunboyning mashinasini to‘xtatadi. Uning qishlik kiyimini yechintirib, bir qavat ko‘ylagi bilan o‘zini yolg‘iz qorong‘i podvalga qamab qo‘yadi. Boshqa qo‘lga olinganlarning ahvoli bu ishdan ochiq ma’lumdir.
Yarim tunda hech narsadan xabarsiz yotgan oilasi ustiga bostirib kirib, yirqichlarcha dahshat solib, xotin, qiz, kelinlarining bo‘yn boshlaridagi butun ziynat asboblarini talab olib, o‘zlarini eski kiygiz to‘shaklari bilan qarshisidagi qaqshab, muzlab yotgan Axtamboyning quruq qo‘rosiga shu qahraton qishda haydab chiqarishadi. Eng achinarlisi shu ediki, Turd-xunboyning 20 yoshdan o‘tgan Nurtoy va 20 ga hali yetmagan Ahmadbek degan ikki gunohsiz o‘spirin o‘g‘lini, yotgan yerlaridan shunday sovuqda ko‘ylakchan haydab olib borib podvalga qamaganlar. Shu qamalganidan so‘ng bir necha oy vaqt o‘tgan bo‘lsa ham, bular haqida hech qanday xabar topish imkoniyati yo‘q edi. O’zlaridan xabar olish buyoqda tursin, noz ne’mat vaqtida birga bo‘lgan, eng yaqin ko‘rgan oshno og‘aynilarining hech qaysilari, ularning och yalang‘och qolgan oilalari holidan xabar olishga ham jur’at qilolmadilar.
Birinchi navbatda qamalgan kishilarning qo‘ra joy, mol-mulk, uy-ro‘zg‘or, jonliq jonsiz barcha narsalari olinib, bola chaqalari ko‘chaga haydab chiqarildi. Turdoxunboy inisi Qurbontoy qori, qulog‘i yo‘q hisobidan garang bo‘lgani uchun, davlat sherigi bo‘lsa ham, qo‘ra joy o‘z oldiga bo‘lib boshqa o‘ltirg‘anligi uchun unga tegmagan edilar. Vaqtida seldek kelgan, qaytarida yuz o‘girib quyundek ketayotqan davlatni qo‘li bilan to‘smoqchi bo‘lib, qo‘y desak unamay, chet yoqada qolgan mol dunyolaridan qisib qimtib yoshirincha olib qolmoqchi bo‘lib edi, Xitoy birdan ushlab, qo‘ra joy bilan borliq narsalarini yog‘u qilib, o‘zini qamab qo‘ydi. Bechora singlisi Toshxon xitoy amaldorlarining bo‘sag‘asiga bosh urib qatnayverishi natijasida 70 kun deganda Qurbontoy qori bo‘shanib chiqdi.
B a y t:
Davlat boshdan ketarda keng kiyiming tor bo‘lur,

Qo‘y degang‘a ko‘nmagan orachig‘a zor bo‘lur.

Allohning amrini qilib, nahiydan qaytmagan kishilarni balodan kim qutqara olg‘usidir. Xdlol kasb bilan musulmon molini dunyolik, oxiratlik ofatlaridan omon saqlash uchun Alloh taolo zakotini temir qo‘rg‘onni qurmish kerak edi. Dunyoga ko‘ngli bilan qattiq berilganlikdan, Qur’on hukmiga, payg‘ambar so‘ziga gumon keltirib, zakotsiz, xayr ehsonsiz yig‘gan, qo‘rg‘on tashqarisida qolgan qora mol dunyolarining it qushlarga yem bo‘lishidan kim saqlay oladi? Qur’onning aytishicha, hech vaqt Alloh taolo mo‘min qullariga ato qilgan halol rizqlarini haromxo‘r kofirlarga yedirishi mumkun emasdur.
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. «Davlatim boshimda bo‘lgach, yor jo‘ralarim qoshimda» degandek, quvvati o‘chgan, davlati qochgan kunlarda har kimning o‘e oilasi, ayniqsa, ota onasi yoki g‘arazsiz do‘sti bo‘lmasa, bulardan boshqalari dushman tomoniga o‘tib ketadilar. Shunga ko‘ra, Turdoxunboy oilasidan xabar olishga shuncha ko‘p yor do‘stlari bo‘la turib, birortasi ham yaramadi. Buni ko‘rgach, o‘zim har qancha tashvish ichida turgan bo‘lsam ham chidab turolmay, yarim qo‘y eti, bir tandir kulcha yoptirib, marhum ayolimizni kirgizib edim, eshikdan kirishi hamon katta kichik bola chaqalari: «Hay, bu dunyoda bizni ham yo‘qlovchi kishimiz bor ekan», deb, yig‘i sig‘i bilan eng achinarlik og‘ir bir holda, qarshi olibdilar.
Birinchi navbatda qo‘lga olingan bu kishilarning mol mulki, qo‘ra-joylari butunlay yorg‘u bo‘lib, oilalari uchun boshpana bo‘lg‘udek joy qolmagach, ularni G’ulja shahri atrofiga tarqatib yubormish edi. Bular bilan eng so‘nggi aloqamiz shu bo‘lib, keyingi kunlarda esa, bizga o‘xshash kishilarning barchasi o‘z tashvishi bilan bo‘lib, boshqani unutmish edilar. Chunki bu jallodlar qaysi yo‘l bilan bo‘lsa ham, ikki kishining birini iskovichlik xizmatiga bog‘lab, xalq ichiga ko‘p buzuqlik soldi. «Po‘choq pulga iymonlarini sotadurlar», degan Qulxo‘ja Ahmad sultonim so‘zlari shu kunlari amalda ko‘rilmish edi.
Jannat misollik, urug‘ aymog‘lik, suyukli ona Vatanimizdan ajragan holda omon olg‘udek joy izlab kelmish edik. Qizil sehrchilar shum qadamlari yetishi bilanoq bu yerlardan ham xayr barakat yo‘qolib, tinchlik, omonlik butunlay ko‘tarildi. Bu voqea bo‘lmasdan ilgari sharqiy ichki Xitoy, janubiy Hindiston yo‘llari ochiq turgan bo‘lsa ham, ish boshlanishi bilan ort atrof yo‘llar butunlay to‘silmish edi. Bizga o‘xshash siyosiy qochoqlar uchun olam qorong‘u bo‘ldi.
Boy o‘g‘li qushining shum ko‘zi kechasi ochilgandek, 6u qonxo‘r jallodlarning ko‘zlari ham kechada, ayniqsa yarim tundan o‘tganda ochilur edi. Ko‘p kishilar o‘z uyida yotolmay, agar yotsa ko‘ngli tinchib uxlayolmay, bola-chaqalari bilan yurak o‘ynoqi bo‘lgan holda kun o‘tkazmokda edilar. Yana bu inson vahshiylari nohaq, hech qanday gunohsiz kishilarni zulm ostida dahshat vahshat bilan kechalab bosqonlariga qanoat qilmay, ushlagan kishilarining qo‘l oyoqlariga og‘ir zanjir kishanlar solish, bularning suygan odatlari edi.
Mana qarang, XX asrda insonlar huquqining oyoq osti qilinishini! Birinchi navbatda ushlangan kishilar so‘nggida zulm haddan tashqari oshdi. Og‘ir kunlar, qo‘rqinchli tunlar bilan uch to‘rt oylik qish o‘tib, ko‘klam kunlari yetkach, yana yangidan yangi qo‘rqinchli ishlar, sovuq xabarlar eshitilgali turdi. Shundoqki, ikkinchi navbatda qamoqqa olinadigan kishilar tizimi ichida mening ham borlig‘im ma’lum bo‘lmish edi. Shunga ko‘ra har bir kechasi biz uchun tong otmaydigan uzundan uzun, g‘am qayg‘u tunlari bo‘lib, necha xil qo‘rqinchli xayol uyqusi ostida ag‘anab yotib tong ottirmoqda edik. Chunki har kecha ertalab turganimizda paloni palonilar bu bosqinchilar tomonidan hibsga olingan xabari eshitilmoqda edi.
Shu hol bilan 6 10 kunlar o‘tgan so‘nggida, bir kecha yarim tun vaqtida, ko‘cha eshigi taqillag‘ali turdi. O’g‘limni chaqirib: «Asilxon, och eshikni!», degan o‘zbeklar oqsoqoli Sharop shangyuning (rais, mahalla raisi) dovushi eshitildi. «Hozir, ochqichni topay», degan bahona bilan o‘g‘lim yugurganicha kelib, menga xabar berdi. O’zim ham tayyorlanib turgan edim. Tashqariga chiqsam havo o‘zgarib, qattiq bo‘ron yomg‘iri bo‘lib turgan ekan. Dushmanga taslim bo‘lish uchun tavakkal qilib oldiga chiqay deb bir ikki qadam bosgan edim, o‘g‘lim Asilxon: «Jon dada, zolim jallodlar oldiga chiqish aqldan emas, qo‘llarida zanjir kishanlari shaldirab turibdi» degach, qochish ham payg‘ambarimizdan qolgan emasmu xayoli bilan, tun qorong‘usi, qattiq bo‘ron yomg‘iridan foydalanib, o‘g‘lim Asilxon oyog‘imdan dast ko‘targach, egiz tom osha qo‘shni qo‘rasiga o‘zimni tashladim.
Qattiq bo‘ron, shamol aralash yomg‘ir urib turganlikdan har qanday sharpa bo‘lsa ham, uqulg‘udek (bilingudek, ko‘ringudek) emas edi. Shundan foydalanib, qo‘radan qo‘raga tom osha tushib, ko‘cha boshidagi tom ustiga uyilgan bir o‘ram hashak ostiga kirib yoshirindim. Orada 5 6 hovli bo‘lib, o‘zim uzoqda turgan bo‘lsam ham, ikki ora ochiqlik edi. Shunga ko‘ra o‘z qo‘ramizda bo‘layotgan ishlarni yiroqdan bo‘lsa ham payqab turdim. Bosh oyoq uylarimizni, qo‘ni qo‘shnilarimizni qoldirmay, 1 2 soat ontar- to‘ntar qilishib meni topisholmagach, Asilxonni olib jo‘nadilar. Bu zolimlar ketganlaricha, uy ichi oilalarimizga vahshiylarcha ko‘rsatgan dahshatlariga qaralsa, bularni: «Ikki oyoqli yirtqichlar», deyishlik xato aytilmagan bo‘ladi.
Bular ketib tong sahar yaqinlashgancha tarnovdan quygandek to‘xtamay yomg‘ir yog‘mokda edi. Egni boshim siqib olg‘udek bo‘lib suvga chilanib qoldim va ham tong otmasdan ilgariroq bu joydan boshqa bir o‘ringa yo‘tkalib yoshirinishim hammadan zarur edi. Shuning uchun ko‘chamizdagi o‘z do‘stlarimizdan koshg‘arlik Ayuboxun usta qo‘rasiga tushib, ming hijolatlik bilan sekingina o‘zi yotgan uy eshigini taqillatib edim, dovushimdan tanidi bo‘lg‘ay, tura kelib eshikni ochib, musulmonga yarashgan axloq bilan meni yaxshi qarshiladi. Bu voqea 1937 yili mart oyida bo‘lmish edi. Shu oradan 33 yil o‘tib, bu kitobni yozmoqdaman. Agar ming yil o‘tsa ham, bu yaxshilik hech vaqt unutilmay doimiy saqlang‘usidir. Alloh uni rahmat qilsin!
Ho‘l kiyimlarim quritilib bo‘lg‘ach, erta namoz azoni aytilgach, katta salla, uzun chopon bilan Ayuboxun uyidan «Bismilloh» deb masjidga ketayotgan bo‘lib eshik oldimizdan o‘tayotganimizda qarasam, darvozamiz oldida ikki nafar xitoy cherigi turmish ekandur. Shu o‘tganimizcha Ayuboxun usta boshlab olib, marhum Usmon qorim uyiga yetkazdi. Ko‘cha eshigi ochilmagan, hali bomdot vaqti bo‘lmagan edi. Devordan oshib tushib, mening xabarimni onglatgach, yugurganicha chiqa kelib, ko‘ngil ko‘targich so‘zlar bilan do‘stlig‘ini bildirib, o‘ylagandan ortiqroq hurmat bilan meni kutib oldi. Alloh ulug‘ ajrlar bersin u kishiga!
Bu kishining uyida turishimiz ehtiyot yuzasidan to‘g‘ri kelmaganlikdan, o‘zidan yiroqroq orqa ko‘chasida kuyov o‘g‘li qo‘rasida turishimizni maslahat ko‘rdilar. Mana shu joyda 10 kun chamali turgandan keyin, bir kun hukumat josuslaridan bo‘lgan vijdonsiz vatan xoini Sharop shangyu Usmon qorimga kelib mening to‘g‘rimda so‘z so‘rabdur. U ketgandan keyin ehtiyot yuzasidan o‘rin yangilash lozim bo‘lib qoldi. Qorimning bog‘i orqasida necha yillik tashlandi, eski, buzulgan xumdoni bor ekan, shoshilinchda joy topolmagach, shuning ichiga tushib, to‘qqiz soat yoshirinib yotdim. Shu kuni kechqurun bu joydan yo‘tkalib, daryo bo‘yiga yaqin bir xilvat yer topib, bir necha kunlik aziz umrimni u joyda o‘tkazdim.
Mening bu kabi eng og‘ir kunlarimda vafodorlik qilib, do‘stlik haqini o‘tagan erlarning eng birinchisi to‘qmoqlik Abdurahmon edi. O’g‘li Abduqodir boshliq katta kichik butun oilasi bilan mening yordamimda bo‘ldilar. Ikkinchisi, otushlik savdogarlardan menga jonfido ixloslik bo‘lgan Matniyoz edi. Bu qahramon Oltoy va Mong‘uliyada G’ulja yilqisi pul ekan degan bahona bilan, ataylab men uchun yuz yilqi olib, Mong‘uliyaga haydamoqchi bo‘ldi. Bundan maqsadi esa, meni ham xizmatchi yilqichilar qatoriga qo‘shib olib, Mong‘uliyaga yetgach, u kunlari Manjuriyada turgan yaponlarga o‘tkazvormoqchi edi. Chin ko‘ngli bilan biz uchun bu ishga kirishgan bo‘lsa ham, bu ish to‘g‘ri kelmagach, yo‘limiz boshqa yoqqa burildi.

Yo Rabbim, bu bandalaringning bizga qilgan yaxshiliklariga yarasha hech qanday ish qilolmadim. O’zing bilursan, sening yo‘lingda har kimga yaxshilik qilish, har kimga foyda yetkazish mening eng suyub tilagan maqsadim edi. Endi men qilolmagan bo‘lsam, ey ulug‘ Tangrim, men uchun bularga ikki dunyo yaxshiliklarini sen o‘zing bergin! Omin.
Dunyoda qochgandan, yoshiringandan og‘ir ish yo‘q ekan. Shunday bo‘lsa ham boshga tushgandan keyin chora yo‘q. Ovchidan qochgan tulkidek u teshikdan bu teshikka yo‘tkalib yurib, ikki oy o‘tkazdim. Shu orada marhum o‘g‘lim G’apporxon, va’da bo‘yicha safar jamolg‘asi bilan ikki ot tayyorlagan holda Kunasdan keldi. Xitoy hukumati meni birinchi bosgan kechasi qo‘lga tushurolmagach, 18 yoshlik o‘g‘lim Asilxonni olib ketganligi yuqorida aytilmish edi.
«Buning yaqin kishilari kimlar?», deb Xitoy hukumati tomonidan so‘ralganida,ba’zi bir munofiqlar: «Buning yaqinlari boshqalardan ko‘ra tungonlardan ko‘proq», deb xech narsadan xabari yo‘q So‘quluq tungoni do‘stlarimizdan marhum Yong shangyu bilan bolasi Xoshimni ko‘rsatgan ekan. Bularni idoraga keltirib, Xitoy vahshiylari odatlaricha urib so‘kib biz uchun ko‘p azob bermish edilar. Bilmagan, ko‘rmagan ishlari haqida so‘roq berib bularni qiynagani bilan foyda chiqmasligini bilgach, hammalarini bo‘shatib yuborgan xabari bizga yetib, xafaligimiz ancha ko‘tarilmish edi. So‘ngra, yoshirin holda kechalab, uy oilamizni ko‘rishga borib, ularga otaliq nasihat va sihatlarimizni o‘tagan so‘nggida, qaytib Abdurahmon uyiga keldim. Bu yerda bizni uzatish uchun Yosin xalfatim boshliq sirdosh yoru do‘stlarimizdan kutishib o‘ltirg‘an odamlar bilan hajga ketayotqandek quchoqlashib, yig‘lashib, xo‘shlashgan so‘nggida, yarim tunda ota bola To‘pado‘ng bilan G’uljadan chiqib, Nilqi yo‘li orqalik Kunaska qarab jo‘nadik.
Bu yer G’ulja shahrining to‘ppa to‘g‘ri sharq tomonida bo‘lib, teskay yo‘li orqalik 4-5 kunlik yo‘l bo‘lsa ham, biz kungay Bog‘ati yolg‘izoyoq yo‘li bilan kun tunlab yurib Ko‘ktol to‘g‘risiga keldik. Shu yerda bizni To‘qmoqdan qirg‘izlar bilan birinchi martaba qochib chiqqanimizdagi yo‘ldoshlarimizdan Haydarali degan og‘aynimiz kutib olmoqchi bo‘lgan. U kishi esa o‘g‘lim G’apporxonga bergan va’dasi bo‘yicha, Tyan-Shan tarmoqlaridan bo‘lgan Qo‘yoshuv tog‘larining qarag‘ayligida bizni kutib yotgan qirg‘iz Turg‘unboy uyiga boshlab bormoqchi ekan.
Mo‘ljallangan yerga kelmagach, «Biror hodisa bo‘lmasa kelishi kerak edi, endi o‘zim borib xabar olib kelay», deb o‘g‘lim G’apporxon uning uyiga qarab ketdi. Borib qarasa, katta fojialik voqea ustidan chiqmishdur. Shundoqki, bu kishi ikki ayollik bo‘lsa ham, uzun yillardan beri bola ko‘rmay yurib, axiri ko‘p tilov emidemilar o‘tkazgan so‘nggida topgan, 5 6 yoshlik bo‘lib to‘y qilishga yetgan bir o‘g‘li bor edi. G’apporxonning borishidan oldin ilon chaqib, u bolani o‘ldirmish ekan. Qon yig‘lab o‘ltirgan kishilarga boshqa so‘z sig‘magach, borar joyimiz yo‘llarini so‘rab, mo‘ljallab olib qaytmishdur. Bunday og‘ir hol ustida ketayotganimizda to‘satdan 6u hodisaning bo‘lishi biz uchun eng og‘ir sezilmish edi. Shunday bo‘lsa ham, o‘g‘lim G’apporxon: «Borar joyimizni belgilab oldim, adashmay topib borurmiz» degach, u yerdan qo‘zg‘alib yo‘lga tushdik.
Kechalab yurganimizcha Oroltepa sirti bilan tun yarmida Kunas daryosi bo‘yiga keldik. Qorong‘u tunda hayqirib oqayotgan suvni kechib o‘tish anchagina qo‘rqinlik bo‘lsa ham, xudo yordami bilan esonomon o‘tdik. Uzun tun bo‘yi ot ustidan tushmaganlikdan horib- charchagan holda, tog‘ etagiga tushib, biroz bo‘lsa ham uxlab oldik. Lekin, tog‘ ichida yolg‘izoyoq yo‘llarda yurib ko‘nmagan kishi yo‘lboshchisi bo‘lmasa, izlagan joyini mo‘ljal bilan topib borishi ko‘p qiyin ishdur. Shunga ko‘ra ertalabdan yurganimizcha nimadurki belgilangan yerlarni payqamay qolib, shu kuni kechga davr tog‘tosh ichida yo‘l topolmay adashib yurdik. Bulutga tiralgan ulug‘ tog‘lardan boshqa hech narsa ko‘zga ko‘rinmas edi. Shu adashganimizcha, kunduzni kechaga ulashtirib hufton vaqti kirgach, yog‘du yo‘qolib olamni qorong‘ulik qopladi. Qalin cho‘plar ichida ko‘zla-rimiz qorovlanib, yurar yo‘limiz yo‘qolgach, to‘g‘ri kelgan bir yerni topib, tushishga majbur bo‘ldik. Biroz o‘ltirganimiz so‘nggida yana chidayolmay ko‘ngilga vahima keldiki, bu yer Xitoy qorovulxonasiga yaqin bo‘lsa, ertalab cheriklarini chorlab chiqqanlarida falokat bosib bizga yo‘liqishib qolmasin, men buni payqab kelishim kerak deb, G’apporxon otlanib ketdi.
Xudo xohlasa balo yo‘q degandek, biroz yurganidan keyin yiroqqan chiroq yorug‘ini ko‘rgach qozoq ovuli bo‘lg‘aymu, bulardan yo‘l so‘rayman deb, borib qaraydi. Bir uy liq to‘liq yaraq jabduqlik, uxlab yotgan xitoy qorovullari Dog‘ut, Toyoshuv dovon yo‘lini to‘sib yotgan qalmoq askarlari ekandur. Xudo saqlashini ko‘ringki, qo‘yilgan qorovullari, boqqan bo‘riday soqchi itlari, yotganlaricha qotib uxlab qolmish edilar. Bu kabi dahshatlik vahshiylar balosidan qutulib kelib, voqeani aytishi bilan darhol orqaga qay- tib, yo‘lga tushdik.
Kelishimizda ko‘rinmagan mo‘ljallik belgilarimiz qaytishimizda ot qashqasidek bo‘lib oldimizda ko‘rina boshladi. Shundan mo‘ljal olib tog‘ tepasiga qarab tortilgan yolg‘izoyoq yo‘lga tushganimizcha, uch to‘rt bel oshib, tutash tog‘lar orasida ketayotgan edik; yo‘ldoshidan ajragan yo‘lborsdek, bir hayqiriq chikdi. Buni eshitgach, har ikkovlan tinglashib (jim bo‘lib ma’nosida) quloq solsak, ikkinchi tog‘ betida arang ko‘ringan kishi qorasi tomonidan «Hoy, G’apporxon!» deb chin yurakdan chiqargan qiyqiriq dovushi ekandur. Bu tovush egasi mo‘ljal bo‘yicha o‘tgan kuni kechgacha bizning kelish yo‘limizni to‘sib kutgan ekan. Biz adashib bir kun kechikib qolganligimizdan har turlik qo‘rqinchlik ishlar ko‘ngliga kelib, bugun yo‘lda yo‘liqishmasak Oroltepaga bormoqchi bo‘lib, yo‘lga chiqmishdur. Bu tovush eshitilishi bilan G’apporxon ham tog‘ ustiga chiqib, o‘zini ko‘rsatmish edi. U orqasiga qaytib, biz tomonga qarab yura boshladi. Yaqinlashib kelganida ko‘zi menga tushgach, o‘zini otdan tashlab, yig‘laganicha kelib men bilan ko‘rishdi.
Bu kishi esa bizdan bir-ikki yil ilgari ruslar zulmiga chidayolmay G’uljaga qochib o‘tgan To‘qmoq qirg‘izlaridan edi. Mening boshimga shu kabi zulm kunlari, qorong‘u tunlari tushib, hech yerga sig‘may qochib yurganimni eshitgach, ko‘p xafa bo‘lib:
«Mening oldimga kelsun, Yulduz dovoni yo‘llari ochilguncha men o‘zim u kishini saqlayman», deb o‘g‘lim G’apporxonga va’da bermish ekandur.
Bundan ilgari ko‘rishib tanishmagan bo‘lsak ham, bir yurtlik haqini saqlab, shundoq og‘ir qo‘rqinchlik kunlarimizda bizga boshpana bo‘lib, ulug‘ xizmat qilmish edi. Agar bu kishi vafot bo‘lib dunyodan o‘tgan bo‘lsa, Alloh u kishini rahmat suviga cho‘mildirib, jannatdan darajali joylar ato qilsin! Agar hayot bo‘lsa, oxirgi kunlarigacha Allohning panohida bo‘lsin!
B a y t:
Yaxshilik qilg‘on kishini hech unutmas Sog‘uniy,

To hayoti boricha doim duo qilg‘ay oni.

Shunday qilib, bu do‘stimiz Turg‘un og‘a bilan yo‘l ustida topishqan so‘nggida, Qo‘yoshuv degan dovonga yaqin yerda, qalin qarag‘aylik tog‘ ichida biz uchun tayyorlangan yolg‘iz o‘tovga kelib tushdik. Marhum o‘g‘lim G’apporxon meni shu joyga o‘rinlashtirib qo‘ygach, o‘z tirikchiligi uchun Oroltepaga qaytib ketdi. Mening bu turgan joyim esa, har taraflama yigirma o‘ttiz chaqirimlab xalqdan yiroq, egiz tog‘lar, qalin qarag‘aylar, o‘rmonlar orasida bo‘lganlikdan inson yirtqichlari, zolim vahshiylardan o‘zimni qutilgan hisoblab, hurriyat osmoni ostida oz bo‘lsa ham ozodlik lazzatini tatig‘andek bo‘lib yashamokda edim.
Vaqtlik bo‘lsa ham shu fursatdan foydalanib, tibbiyot xizmatida o‘tgan kunlarimda to‘plangan tajribalarimni jamlab, umrim uzulgan so‘nggida xalq uchun, ayniqsa o‘z avlodim uchun esdalik bo‘larmikin degan umid bilan, ochiq turkiy tilida bir kitobcha yozib, nomini «Shifoul ilal» (Kasalliklar davosi) qo‘ydim. Agar shu kitobchani hushyorroq bir kishi oldimizdan o‘tkazib, tushunarlik ta’lim olar ekan, o‘zi va boshqalar uchun bundan foyda olishi aniqdur. Buning ustiga bu kitobcha ko‘zga kichik ko‘rinsa ham, tarixi ulug‘ voqealik dahshatlik kunlarda yozilg‘anliqdan, avlodimiz uchun esdalik bo‘lib har oilada bundan bir nusxa bo‘lishi albatta lozimdur.
Shu bilan bosh panohimiz Turg‘unboy uyida biror oydan oshiqroq turib, iyun oyi oxirlashib kelganda, tog‘lardagi qorlar erib, dovon yo‘llari ochilar vaqti bo‘lgach, ulug‘ Yulduz orqali Oltishahar safariga chiqmoqchi bo‘ldim. Biroq bu uzun og‘ir safarimda menga yordamchi yo‘ldosh bo‘lg‘udek hech kimsa yo‘q edi. Bu to‘g‘rida maslahatlashib, kengashimiz shunga kelib to‘ldikim, Turg‘unboy og‘a yo‘lboshchi bo‘lib, ulug‘ Yulduzga meni yetkazmoqchi bo‘ldi. Undan u yog‘iga bo‘lsa, Kuchar shahridan keladigan savdogarlar eshakchilariga qo‘shilib, o‘zim ketmoqchi bo‘ldim. So‘z shunga to‘xtalgach, marhum o‘g‘lim G’apporxon oto‘lov tayyorlab, safar jamolg‘asini keltirdi. 1937 yili iyul oyiing avvali payshanba kuni ertalab qo‘shxonamiz Tug‘unboy og‘aning yolg‘iz uyidan «Bismilloh» deb otlanib chiqdik.
Ikki-uch chaqirim yo‘l yurilgach so‘nggida, o‘g‘lim G’apporxon otidan tushib uzangimga ko‘zini surtib, yuzini qo‘limga qo‘yib yig‘lagan holda mendan rozilik so‘radi. Xontangri tarmoqlari ulug‘ tog‘lar orasida ota bola yig‘lashgan holda bir birimizdan ajradik. Hali mehrimga to‘yib qonmagan yosh bolalarimning jaldirab qolayotganlarini eskarib, ular uchun o‘z o‘rnimda mehr muhabbat qilishga buyurdim. Hayot olamida keraklik, dunyo va oxiratda foyda zararlik narsalarni biroz bayon qilib, vasiyat qilganim so‘nggida o‘g‘lim G’apporxon ko‘zi yoshlangan, ko‘ngli munglangan holda orqaga qaytdi.
Biz ikkovlan bo‘lsak uzoqdan yaltirab ko‘ringan, muz qor oynalar bilan cho‘qqilari qoplangan, ulug‘ Tyan-Shan tog‘lari tomrn qarab yuzlandik. Biroz yurganimizdan keyin qarshimizdagi Qo‘yoshuv dovonini oshib, Chopqi yaylovidan tushdik. Buni kichik Yulduz deb ham ataydilar. Bu yaylovda ilgari To‘rg‘ovut qalmoqlari yashab kelgan bo‘lsalar ham, biror yuz yillardan beri qizay qozoqlari egallab turadilar.
Bu o‘rinda yozilgan «Qo‘yoshuv» degan so‘z bundan sakkiz yuz yil ilgari, hozirgi Jambul Talas o‘lkasida o‘tgan turk ulusining tupki urug‘i qirg‘iz xalqidan chiqqan qahramon Manas bahodirni eskartadi. Bu qahramon Ili Olmalig‘ qalmoqlari ustida chopul qilmoqchi bo‘lib, qo‘shin tortqanida aytgan so‘zlarini qirg‘iz dostonchilari tasvirlab, tubandagicha irlamishdurlar: Ilining boshi uch orol ko‘rgan jo‘ra barsinbi, Toyoshuv menen qo‘yoshuv ashqan jo‘ra barsinbi, degan so‘zi xalq og‘zida yaqin 800 yil saqlanib kelgan.

YULDUZ YAYLOVI

Qo‘yoshuvni bugungi kunda menim oshib o‘tishim, biz uchun bir tarixiy voqea bo‘lib hisoblanadi. Qo‘noq bo‘lib biz tushgan ovul qozoqlari bizni Yulduzchi savdogarlardan bo‘lsa kerak, deb o‘yladilar. Shu bilan ertalab u yerdan qo‘zg‘alib, tushga yaqin Qorako‘l oshuvi ostiga yetdik. Uch to‘rt soat mo‘ljalida dovon ustiga chiqdik. Dovon yo‘llaridan qor ketib, qorayib qolganligi uchun otdan tushib, yayov yurishga hojat tushmadi. Chopqi o‘ymanidan o‘rlab, yuqori tog‘ boshiga chiqib, biroz yurganimizdayoq ikki tog‘ orasida ko‘zga qoramtil ko‘ringan bir qora ko‘l oldimizda yaltirab ko‘rina boshladi. Shu ko‘lni yoqalab bir necha soat yurganimizcha, tog‘ orasidan o‘tib, bosh oyog‘i ko‘rinmagan ulug‘ Yulduz yaylovining tuganmas tuzlangiga chiqa keldik.
Tarixlarda doston bo‘lgan turk ulusining aydari deb atalgan bu keng maydonning g‘arbi G’ulja, Tekas tog‘lari; sharqi Urumchi, Dovonchin tog‘lari; janubi Kuchar,Qorashahar tog‘lari; shimoli Tyan-Shan tarmoq tog‘lari bilan o‘ralmish edi. Bu yaylovning boshidan oyoq aylanasi ot yurishida o‘n kundan ortiq deb chamalaydilar. Mana shu kengri yaylovda bosh oyog‘i 10 ming oilaga yetmagan Sumul, Bo‘lus, To‘rg‘ovut mo‘g‘ullari yashaydilar. Bular esa, bundan 200 yillar ilgari Ashtarxon atrofidan ko‘chib qochgan mo‘g‘ullardan bo‘lishlari tarixlardan onglanadi. Dashti qipchaq cho‘llarini bosib o‘tayotganlarida ko‘chmanchi turk uluslarining hujumlariga uchrag‘onlaridan omonliq topqanlari yarim sonlarini yo‘qotmish edilar.
Bu keng tekis maydon havosida bir turlik o‘zgarish borligidan bo‘lsa kerak, qo‘y echkilari yiroqdan tuyaday; otlari, tuyalari esa qaragan kishi ko‘ziga devday bo‘lib ko‘rinar ekan. Qish kunlarining qanday bo‘lishini bilmadik, lekin biz o‘tgan yoz chillasida tog‘ parchalaridek oq bulutlar osmonda aylangach, dahshatli momaqaldiroqlar ichida chaqmoqlar chaqnashib, birpasda havo o‘zgarur edi. Buning ortidan qor, muz do‘l aralash yomg‘ir yoqqani turib, yana xiyol o‘tmay oq qora bulutlar tarqalib, yaltirab quyosh chiqa boshlaydi.
Yulduzning yeri tekis, to‘qay yo‘q bo‘lsa ham, mayda gulli o‘tlar ko‘p bo‘lganliqdan, ov qushlarining har turlari bu yerlarda ko‘pdur. Bulardan boshqa yer qo‘ynida yashovchi bo‘rsiq, sug‘ur, qo‘shquloq kabi in hayvonlari ham hisobsiz ko‘pdur. Biroq yerlik mo‘g‘ullar odatlaricha, bu in hayvonlaridan ko‘p yemas ekanlar. G’oz, o‘rdak kabi uchar qushlarni ovlab bulardan foydalanish ham ko‘p odat emas ekan. Ayniqsa, qanotli qushlar ichida oqquv qushini Tangri qushi deb bilganliklari uchun, buni bek hurmatlab, unga ozor 6eruvchilarni qattiq jazolar ekan. Bu yerning qo‘l hayvonlari, qir hayvonlari esa boshqa yerlarnikiga ko‘ra ortiqcha sifatli, kuch quvvatlik bo‘ladi. Ayniqsa To‘rg‘ovut otlari o‘lka bo‘yicha otoqlik bo‘lib yo‘rg‘alar, yo‘rtoqilar (otning silliq yurish turlari) shulardan chiqadi.
Endi o‘zimni shunday cheksiz keng bir hayrat maydonida turganimni ko‘rgach, bu hayot olamida agar madaniyat haqiqiy insoniy islomiyat adolatiga qurilmas ekan, sharmanda madaniyat siqindisi (siqimi, bosimi, zulmi) ostida yashagandan ko‘ra badaviyat maydonida umr o‘tkazishni o‘zim uchun ortiqroq ko‘rdim.
Bu Yulduz yaylovining boshqa tarixiy voqealarini qo‘yaturgan taqdirda, shuni aytib o‘tish kerakki, mo‘g‘ullar saltanatiga Temur sulton eng so‘nggi zarbani shu o‘rinda bermish edi. Mo‘g‘ul askarlari yengilgach, qilichdan qutilg‘anlari Ilyosxo‘ja o‘g‘li O’g‘lonxonni olib, asli vatanlari Qoraqurum Mo‘g‘ulistonga qarab qochmish edilar. Bular ortidan Mirzo Ulug‘bek qo‘mondasida shipirma qilich 10 ming chamasida Temur ackarlari quvlaganicha Irtish suvidan dushmanlarini o‘tkazib, bobosi oldiga ulug‘ Yulduz yayloviga qaytib keladi. So‘ngra Oltishahar o‘lkasidan mo‘g‘ullar saltanatining qoldiqlarini yo‘q qilish uchun, Mirzo Ulug‘bekni yetarlik askar bilan Koshg‘ar tomoniga jo‘natgan so‘nggida, o‘zi Olmalig‘ga tushib, Samarqandga qaytmishdur. Shu davrdan boshlab Ili o‘lkasi Jung‘oriya tekisligi bilan Uyg‘uriston-Oltishahar qo‘shilib, Chin iqlimi chegarasigacha Turon podshohi, Turkiston hoqoni Temur sulton hukmiga o‘tmishdur.
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Shundoq qilib, Yulduz keng maydoniga ertalab chiqib, shu yurganimizcha kechga yaqin Yulduzli savdogarlardan otushlik Qosimhojim degan kishining qo‘shxonasiga kelib tushdik. Bularning turgan joylari Yulduz qalmoqlarining savdoxonasi ekan. Uy egalari bilan ilgari ko‘rishib tanishmagan bo‘lsak ham, Turkiston xalqi odaticha qo‘y so‘yib mehmondo‘stlik ko‘rsatib, bizni yaxshi kutdilar. Lekin bizning voqeamizdan biroz xabarlari bo‘lsa kerak, bu yerdan tezroq chiqib ketishimizni kutgandek bo‘lib turishdi. Biz ham ko‘p turolmay, ertasi kuniyoq Turg‘unboy og‘a ikkovimiz yo‘lga chiqdik. Yusufg‘ujg‘ur degan kucharlik savdogarning qo‘shxonasida Kuchardan kelgan eshakchi kirakashlar bor deb eshitib, ularga qo‘shilib ketmoqchi bo‘ldim.

Qo‘shxonamizdan otlanib chiqqach, Yulduz yaylovining janub tomonida Tyan-Shan tizma tog‘lari qatorlarida ikki «og‘iz» ko‘rina boshladi. Botish tomondagisi mo‘g‘ulcha Qo‘naqay, chiqish yog‘idagisi Quyqun atalmish edi. 20-30 chaqirim yirog‘liqda turib, yurar yo‘limiz bo‘lgan savdogar eshakchilarining qatnov yo‘lini Turg‘unboy og‘a menga aniqlab ko‘rsatib qo‘ydi. So‘ngra, ikkovimiz Yulduzning kishi yo‘q keng maydonida ko‘zlarimizdan qayg‘uli yoshlar oqizib, ot ustida quchoqlashgan holda xo‘shlashib ajrashtik. Ul orqaga qaytdi. Men bo‘lsam, yolg‘izoyoq yo‘lga tushib, olg‘a qarab mo‘ljallangan yerga jo‘nadim. Biroq bizga o‘xshab kuchlik dushmandan qochgan, yo‘ldoshi yo‘q yolg‘iz odamning, o‘ziga aqli xushi yetarlik darajada yordam yetkazolmasligini, shu xatarli safarimda tajribamdan o‘tkazdim.
Shuning uchun hukamolar demishdurlar ofat urgan, musibat yetgan kishilarning yor- do‘stlari, urug‘ aymoqlari unga qo‘ltiqtayoq bo‘lishib, to‘g‘ri maslahat berib turishlari, albatta, lozimdur. Jon qo‘rqinchisi bo‘lmagan taqdirda, bu kabi xatarlik safarga yo‘ldoshsiz yo‘lga chiqish to‘g‘ri emas edi. Madaniyat olamininng yirtqichlaridan vaqtlik bo‘lsa ham qutilmish edim, biroq bu ketayotgan oldimdagi yo‘lda yer usti yaylovlarining eng ulug‘i atalgan Yulduz tizma tog‘larini oralab yurishga to‘g‘ri kelur edi. Bunday bo‘lg‘ach, yo‘ldoshsiz, qurolsiz yolg‘iz ketayotqanimda oldimdan, tepasi oq qora bulutlar bilan o‘ralgan Olatog‘dan yirtqich hayvonlar chiqib kelsa, mana bu holda qanday chora ko‘rishim kerak? degan dahshatlik xayollar bosib, yurar yo‘limdan adashib qoldim.
Turg‘unboy og‘a yiroqdan belgilab bergan Quyqun yo‘lini qoldirib, mo‘g‘ullarning boshi tuyuq yaylovi Qo‘naqay yo‘liga kirmish ekanman. Mo‘ljal bergan joydan eshakchi savdogarlarining o‘zlari emas, izlarini ham topolmadim. Shunday bo‘lsa ham yo‘ldan adashganimni o‘zim bilmasdan, yaylovga ko‘chgan qalmoqlar (mo‘g‘ullarning Dashti qipchoqqan Mo‘g‘ulistonga qo‘chib qochganda Yulduz yaylovlarida qolib ketgan qismi) qoldirgan izlariga aldanib, ular ortidan iz quvlaganimcha yuraverdim. Oldinroq o‘tgan ot eshak izlari ham ora-sira ko‘zga chalinmoqda edi. Lekin tog‘ ichiga ichkariroq kirgan sayin yo‘llar torayib, izlar ozaygani turdi. Aksincha, bo‘riga o‘xshash yirtqich vahshiylar va bulardan qochgan kiyiklar kabi ov hayvonlarining qoldirgan izlari borgan sari ko‘paya boshladi. Shu yerdan o‘tib, yolg‘izoyoq yo‘l bilan biroz yurganimdan keyin, soy ichida haybatlik oqib yotgan kattagina suv bo‘yiga kelib yetdim. Qarasam, suvning u tomonidagi yo‘l oqarib ko‘rinmokda edi.
Yolg‘iz kishi uchun sinalmagan bunday suvlardan kechib o‘tish anchagina qo‘rqinchlik bo‘lsa ham, suv kechish ishlarida biroz tajriba ko‘rganimdan osonlik ila u tomonga o‘tib, asr nomozini o‘qidim. So‘ngra, shu yo‘l orqaliq yarim soat chamali yurib edim, oldingidan xunukroq yana bir suv ustiga kelib, u tomonda iz bo‘lib ko‘rinayotgan yo‘lga o‘tmoq xayoli bilan otni suvga soldim. O’rtalab kelganimda oyog‘i toshga qoqilib otim yiqildi. Suv belimga chiqishi bilan: «Yo, Alloh!» sadosini tortib tepinib edim, o‘rnidan sapchib tura keldi. Jilov burib orqaga qaytdim. Qarasam, shu vaqtda kun botib, shom nomozining vaqti ham kirmish edi.
Shu oraliq tog‘ boshlarida olalab yotgan oq qora bulutlar har yoqdan ko‘zg‘alishga boshladi. Havo yuzin qoplag‘ach, kun gurkirab, chaqmoqlar chaqilishi bilan, do‘l aralash qattiq yomg‘ir quyg‘ali turdi. Soatimga qarasam, Yulduz yaylovidan o‘tib tog‘ ichiga kirganim so‘nggida ot choptirib dam olgan vaqtlarimdan boshqa, shu yerga kelguncha
10 soat o‘tmish ekandur. Har soatiga 10 chaqirimdan oz yurmaganligim ma’lumdur. Qora bulut ostidan tarnovday quyilib yotgan yomg‘ir suvi hiyol o‘tmayoq ichki tashqi kiyimlarimdan o‘ta boshladi. Tanam suvga chilanib, sovuqqa chidayolmay titrab qaltirag‘ali turdim.
Buni qarangkim, jahongir Chingiz, sohibqiron Temur kabi ulug‘ qo‘mondonlar ko‘riklar o‘tkazgan, sanoqsiz askarlar ot ulovlarining tuyoq izlarini, o‘z ko‘kragida ko‘targan tamg‘adek ko‘rib, yuzi ustida slagan Yulduz yaylovining ko‘kka tiralgan tog‘lari ostida yolg‘iz o‘zim suvga botib qaltirab o‘ltirishim, inson hayotida eng oz ko‘riladigan tarixiy bir voqea emasmi?
So‘ngra, to‘rt tomonga qarasam, boshi bulutga erishgan haybatli ola tog‘lardan o‘zga, yomg‘irdan dalda bo‘lg‘udek hech narsa ko‘rinmas edi. Buning ustiga odam yirtqichlaridan vaqtlik omon qolgan bo‘lsam ham, tog‘ yirtqichlarining qo‘rqinchlik oyoq izlari har yerda ko‘rinar edi. Mana shu kabi dahshat vahshatlik qorong‘u kechasida eng halokatlik o‘rinda turgan bo‘lsam ham, ko‘nglimdagi iymonim sababli, yaratguvchi mehribon Alloh yordamiga umid bog‘lamish edim. Ruhoniy quvvatim jnsmoniy kuchimga madad berishi bilan, bo‘ron-shamoldan daldaroq deb, soy ichiga tushdim.
Uzun yo‘l yurib horgan, o‘y chuqur yerlardan o‘tarda urinib charchagan har qanday otni tong otqizish kerak bo‘lgani uchun otni qontardim. Lekin hayot olami sababga bog‘liq degan Qo‘r’on qonuniga qarab, o‘zimni saqlamoq uchun mushtumdek toshlardan o‘n o‘nbeshini oldimga to‘pladim. Pichoq bog‘imiga latta o‘rab, o‘ng qo‘limga ushladim. Tabiat olamining vahshiylari o‘t yorug‘idan qo‘rqishini eskarib, qo‘limga govut qopini oldim. Mana shular bilan imkoniyat boricha mumkin qadar insoniy, hayvoniy dushmanlarimga qarshi qo‘yarlik qurol tayyorlagan bo‘ldim. Va «Oyatal kursiy», «Li iylofi quraysh» surasini ham og‘zimdan tushurmay o‘qig‘ali turdim.
Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalam aytmishdurlar: «Rohat kunlari Allohni unutmay oning amrini ushlasang, o‘l dog‘i mehnat kunlari boshingga kelsa, seni unutmog‘oy».
B a y t:
Har gunoh qilg‘an ersang, chin ko‘ngildan tovba qil!

Chin ko‘ngildan tovba qilsang, har gunohni yuvg‘isi.

Sen Yaratqon amrini ushlar ersang rohat kuni,

Boshingga mehnat kuni tushdi ersa qutqorg‘usi.

Ey, o‘g‘il-qizlar! Xudo amrin qoldirmay tuting!

Bo‘lsa mushkil ishlaring, yordam xudodin bo‘lg‘usi.

Sog‘uniy qilg‘ay nasihat to ajal yetkunchalik,
Chin ko‘ngil do‘stlarig‘a esdalik qoldurg‘usi.

Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Tushgan yerim soy ichi bo‘lib, izg‘irin shamol aralash to‘xtovsiz quyilib turg‘on yomg‘ir ostida, ichim toshim suvga cho‘mganliqdan sovuqqa chidoyolmay qaltirab, titrag‘oni turdim. Lekin shu kabi og‘ir dahshatlik qorong‘u kechada manim jon yo‘ldoshim jonivor otim men uchun qorovullik xizmatini bajarmish edi. Shundoqki yirokdan biror narsaning sharpasini sezishi bilan darhol bo‘ynini ko‘tarib, quloqlarini o‘ynatib, menga hozir bo‘l xabarini berar edi. Shu bilan g‘am qayg‘ulik bu kabi uzundan uzun tunda yor vaslini kutgan oshiqdek qachon tong otar ekan deb, telmurib o‘lturdim.
Yalt etib tong otishi bilan talpinib ochirqob turgan otimni o‘tga qo‘yib, bu o‘xshash dahshatli kecha ofatlaridan omon chiqqanim uchun Tangriga yolvorib shukr sajdasini qildim. Yulduz yaylovidan o‘tib tog‘ ichiga kirgach, o‘n ikki soat yo‘l yurib shu o‘ringa kelgan edim. Endi esa boshi tuyuq yaylov yo‘liga kirib adashib yurganimni bilgach, yana orqaga qaytmoqchi bo‘ldim. Otim jonivor adashganimni mendan ilgari bilgan ekan. Chunki, bu yoqqa kelishda zo‘r bilan qamchi ostida yurib kelgan edi, sal bo‘sh qo‘ysam yurishini sekinlatib orqaga qaytishga intilar edi.
Yomg‘ir qattiq yog‘ib, jala quyganlikdan yolg‘izoyoq yo‘llar yo‘qolib, ot tuyoq izlari bosilmish edi. Boshoyog‘i jar bo‘lib oqqan ulug‘ suv bo‘ylab, kechik yo‘lni topolmay, to‘rt besh soat ovora bo‘ldim. Buning ustiga yana havo buzilib, kiyim boshim sergamay (qurimay) turib, qor aralash yomg‘ir yoqqali turdi. Oxiri tinkam qurib ketganlikdan otto‘nni, xurjun xalashni qoldirib, jardan sakrab suv suzib u tomonga o‘tsammi ham dedim. Biroq bu ishim o‘zim suvdan o‘tgan taqdirda ham xatarlik bo‘lgani uchun, bundan voz kechib yana «Alloh» deb otimga mindim. Mening uchun shu chog‘da ot izini ko‘rmak, yor yuzini o‘pmakdan ham ortiqroq ko‘rinar edi.
B a y t:
Yor yuzini zavqini rohat ahli bilgaylar,
Yo‘l yo‘qotgan odamlar ot izini so‘rg‘aylar.

Qaytadan otimga mingach, tizzaga chiqqan cho‘plar ichida iz izlab ketayotganimda xudo o‘nglab, bulut ichidan chiqib kelgan oydek «yalt» etib, taqali ot izi qo‘zimga ko‘rindi. Agar buning o‘rnida oltin tuyoq yotgan bo‘lsa ham, bunchalik suyunmas edim. Bu izni ko‘rib ko‘zimga surtgach, buning boshchiligi bilan yo‘l topib, daryo kechigi orqalik u tomonga o‘tmoqchi bo‘lib suvga kirdim. Biroq u tomondagi bir tog‘ning tumshug‘i osilib, suvning yarmigacha kirib turmish edi. Suv yo‘li esa shu tumshuqning o‘ng yog‘ida ekan, men bo‘lsam buni bilmasdan so‘l yog‘iga qarab yurib, qattiq oqayotgan suv epkini (to‘lqini, oqimi) bilan qarshimdagi tog‘ tubiga chiqib qoldim. Qarasam, tog‘ etagida jar bo‘lib eshilib yotgan 30 40 gazcha shag‘al qum bor ekan. Uning ustidan ketgan katta yo‘l borligini bilgach, to‘g‘ri yo‘lga kesib chiqmoqchi bo‘lib, hayhaylaganimcha tog‘ga qarab ot soldim. Qiy qassuron bilan yarim beliga chiqayozganimda ot oyog‘i to‘xtamay, qum- shag‘al aralash ko‘chki ko‘chgandek sirpaganimcha suv bo‘yiga yetib to‘xtadim. Shu bilan 2-3 soat suv ichida ovora bo‘lib hayronlikda qolgach, yo‘lni mo‘ljallash uchun yana suvning u tomoniga kechib o‘tdim. Axir Alloh yordami yetib ikkinchi kirganimda yo‘l topib, qarshimdagi katta tog‘ yo‘liga kelib chiqdim. Mana shu chog‘da yer ko‘k bir xilda ko‘karib, bulutlar tarqalgan, havo ochilib, quyosh yaraqlamish edi.
Suvga cho‘kkan kishidek ho‘l bo‘lgan egin bosh, ot jabduqlarimni kunga solib, qoq tushgacha shu yerda yotdim. Lekin bu yotishda ko‘kargan yeru ko‘kdan, havodagi bulutdan, osmondagi quyoshdan boshqa biror narsa ko‘zga ko‘rinmas edi. Bu yerda ikki uch soatlarcha yotib, hordig‘im chiqib, usti boshlarim qurigach, yana ot ustiga minib yo‘lga gushdim. Ne ajab sirdurkim, bu yo‘lda kelayotganimda adashganimni otim bilgandek, bosgan oyog‘i orqaga tortib, o‘z ixtiyoricha bir qadam yo‘l olg‘a bosmay, qamchi ostidagina kelmish edi. Endi qaytar vaqtida qarasam, jonivor bir turlik quvonchlik bildirib, qamchiga qaramay o‘z erki bilan olg‘a intilmoqda edi.
Tajribaga ko‘ra hayvonlarda, ayniqsa, otlarda ilohi tomondan berilgan bir turlik sezgu bo‘lishi kerakdur. Bu yo‘li qaytib ketayotganimda odatdagicha yurmasdan, otimning intilishicha tasqaqlatib (o‘ziga qo‘yib choptirmoq), qattiq yurishga to‘g‘ri keldi. Chunki borar joyim olis bo‘lganlikdan tun qorong‘usiga qolish qo‘rqinchi bor edi. Ikki tomonimdan bulutga tiralgan egiz tog‘ orasidagi so‘qmoq yo‘l bilan ot jilovini qo‘yganimcha soldirib ketayotsam, yiroqdan bir kishi boshini shunday ko‘tarib, yana yoshirindi. Buni ko‘rgach, bu kishi yolg‘iz emas, yo‘lto‘sar qaroqchilardan bo‘lishi kerak, degan vahima bilan ko‘nglimga qo‘rqinch tushdi.
Islomiyat qonuni bo‘yicha ziyondur, xayondur (foydadur) insonga har ishning sababini qilmoqlik lozim bo‘lg‘onlikdan darhol otdan tushib, ayil ulanlarimni (egarni otda ushlab turadigan tasmalar) qattiq tortib, egar taqimlarimni (egar tagidan solinadigan maxsus kiygiz parchasi) o‘ngladim. Choponimning ikki yengi uchini bo‘g‘ib boylab, ichiga 5 10 tosh solib yana qo‘yin-qo‘ltiqlarimni toshga to‘ldirib oldim, qolganini Allohga topshirib otga mindim ersa, o‘g‘ri quvgandek ot qo‘yib, 5-6 chaqirim chamasi yurganimcha to‘xtamay chopdim. Qanday bo‘lsa ham, shu bilan qo‘rqinchlik mendan ko‘tarildi. Yo‘lda ko‘ringan kishining sharpasi chiqmay, kim ekanligi bilinmay, eson omon u yerdan o‘tib, cho‘ng suv bo‘yidagi qalmoqlar tikkan Tiklixon archasiga yetib keldim.
Mo‘g‘ullar odatlaricha katta suvlarning bo‘ylariga, dovon oshuv tog‘lar cho‘qqilariga quruq archa butoqlarini qadab o‘ltirg‘izadilar. Aylantira tog‘ to‘dalab, archa shoxlariga oq latta boylab qo‘yadilar. Rasululloh alayhi vasallam payg‘ambarimiz: «Har inson o‘z podshohining dinida yashaydi», dedilar. Shunga ko‘ra, Turkiston o‘lkasi uzun yillar mo‘g‘ullar hokimiyati ostida yashaganlikdan do‘lana, qayrag‘ochlarning shoh butoqlariga xotin xalajlarning oq latta boylab qo‘yishlari shularning qoldiqlaridur.
Shu yerga yetganimcha hurriyat olamida erkinlik bilan yashovchi insonlar ko‘ngillaridek ochilgan havo ostida yog‘in-chopin ko‘rmay kelgan bo‘lsam ham, Tiklixon archasidan o‘tganim so‘nggida tog‘ parchalaridek oq qora dahshatlik bulutlar har tomondan qo‘zg‘algali turdi. Momaqaldiroq qahr g‘azabi bilan bulutga haybat ko‘rsatib edi, u qo‘rqqanidan butun vujudi teshilib, ko‘z yoshin qoldirmay to‘kishga boshladi. Bir damda yorug‘ olamni qorong‘ulik qoplab, quyosh botishi bilan tun ustida qozon to‘nkargandek qosh qorong‘ulik ichida qoldim. Endi qop qora tun qorong‘iligi bilan qalin qor bulutlar ostida turib, ustidan izg‘irin shamol aralash tarnovdan tushkanday sovuq yomg‘ir urib, suv ichida shildirab turgan bir odamning holi na bo‘lg‘usidir. Oxiri, ilojim ketganlikdan, otimdan tushib, yomg‘irdan boshpana bo‘lg‘udek bir yer topilarmikan deb paypaslab yursam, shu yerda chuqurligi bir odam bo‘yi kelgudek jar borligi bilindi. Darrov jar ichiga tushib otimni chigallab, chilbirini belimga bog‘lab oldim; o‘zim bo‘lsam shu jar ichida suv olib kamor (o‘pirilib ketgan o‘yiq joy) qilib ketgan, arang bir kishi sig‘qudek bir o‘rin bor ekan, kuch bilan bo‘lsa ham shu kamorga kirib oldim. Biroq usti boshim butunlay yomg‘ir suviga chilanganlikdan, suv ichida yotgandek bo‘lib qiynaldim. Shunday bo‘lsa ham uyqusizligim ustiga charchashlik qo‘shilganlikdan bu kabi dahshatlik joyda hech bir narsa sezmasdan tong otquncha uxlamish edim.
So‘ngra uyg‘onib qarasam, havoda parcha bulut qolmagan, ko‘k ko‘karib, yulduzlar charaqlab, yangidangina tong yuzi yorimish ekandur. Tezdan turib tong otquncha otimni jardan chiqarib o‘tga qo‘ydim. Lekin, qor aralash yoqqan yomg‘irdan so‘ng eskan tong shamolining salqini, kiyimlarim ho‘l bo‘lgani uchun meni qaltiratib titratqali turdi. Bir tomondan sovuqqa chidayolmay turganim ustiga, kun bo‘yi ot ustidan tushmay yurib, uringanligimdan menda qattiq chanqovlik paydo bo‘lmish edi. Yomg‘ir har qancha ko‘p yog‘ib turgan bo‘lsa ham, yerning tekisligi, so‘rg‘aqligidan (so‘rib oluvchi, tez so‘ruvchi) bo‘lishi kerak, chanqoqligimni bosqudek ham suv topolmay, axiri cho‘plarni qoqib silkib yurib arang uch to‘rt qoshiq suv yig‘ib, shu bilan tomog‘imni ho‘llab turdim. Shu orada quyosh ham yaltirab chiqa boshladi. Yomg‘irga chilanib (ivib, bo‘kib, ho‘l bo‘lib), suv bo‘lgan egin-boshim, ot-jabduqlarimni kunga qoqlab (yoyib quritib), uch to‘rt soat shu yerda yotdim. So‘ngra bu yerdan otlanib, mo‘ljallangan tomonimga qarab ikki soat yurganimdan keyin, oldimdan yaltirab ko‘ringan oqar suvga ko‘zim tushgach, Hizr alayhissalom ichgan obihayot suvini topgandek, quvonmish edim.
B a y t:
Och kishiga non yuzi yorning yuzidin yaxshiroq,

Chanqamish odamga suv hurining ko‘zidin yaxshiroq.

Ot jonivor ham yiroqdan suvga ko‘zi tushishi bilan qanday yetganini bilmasdan tumshug‘ini suvga botirmish edi. Men ham shu barobar ot ustidan sakrab tushib, har ikkovimiz chanqog‘imiz qonguncha bosh ko‘tarmay suv ichkani turdik. So‘ngra, bu yerdan otlanib, bundan uch kun ilgari qo‘nib o‘tgan, yiroqdan ko‘rinib turgan oq chodirlarga qarab jo‘nadim.
Yo‘lda ketayotganimda 14-15 yosh chamalik, mol boqib yurgan bir qalmoq bolasi menga yo‘ldosh bo‘lib, bir ikki chaqirimgacha ergashib birga keldi. O’z tilida g‘uldurlab, uzundan-uzun so‘zlagan bo‘lsa ham, mo‘g‘ul tilini birinchi martaba eshitayotganim uchun, nima deganini bilolmadim. Axir qilgan imo ishoralaridan tushunsam, qo‘lidagi eski yomon qamchisini menga qoldirib, mening el ichida bir qo‘y turadigan yaxshi qamchimni so‘ramish ekan. Qarasam, boshqa chora bilan mendan ajramaydi, so‘z tushuntiray desam til bilmaydi. Kel, ikkovimiz ot chopishaylik degan bo‘lib, ot boshini qo‘yib orqamga qarasam, changgimga ham yetolmay qolibdur. Shu bilan kechga yaqin bir chodirga kelib tushdim. Ilgarigi tanishgan yerimga tushmakni o‘zimga ma’qul ko‘rmadim, chunki ul odamlar meni sezgan bo‘lishlari kerak. Bir kecha qo‘ndirib ertasi uzatib qutulgancha ko‘zlari to‘rt bo‘lmish edi.
Endi u kunlari kommunist bolsheviklarning qilayotgan vahshiyona zulmlariga ko‘ra, bunga yuz barobar insoniy sharaflarini qurbon qilib, o‘zlarini halokatdan saqlashga majbur edilar. Chunki, bunday kunlari pesar yo‘lini tutmoq, ya’ni o‘zgani o‘ziday bilmoq, balki, bir musulmonni o‘zidan ham ortiq ko‘rmoq bu kabi ulug‘ sharafga haqiqiy islom yo‘lini tutgan chin mo‘min musulmonlardan boshqa kim ega bo‘lg‘usidur!
Shu bilan bir kecha bu yerda yotib, ertasi Kuchar tomonga ketadigan yo‘ldosh izlab, u yerdan chikdim. Chiqar vaqtimda borar joyimni yirokdan ko‘ringan oq chodirlarni mo‘ljallab ko‘rsatishgan bo‘lsalar ham, qandaydirki, oq chodirlarni yo‘lda qoldirib, undan  10 chaqirimcha yuqorida ko‘rinib turgan qalmoqlarning oq o‘tovlariga qarab ketibman. Orada 3-4 chaqirim kelgudek bilqillama sozlik yer bor ekan, bundan ming turlik mashaqqatlar bilan arang u tomonga o‘tib o‘tovlarga yaqinlashib edim, oldi eshakdek keladigan 10 chog‘li itlar kelib otimni o‘rtaga oldi. Bular ichidan bir katta oq da’vat otilib chiqib, tizzamga og‘iz solg‘udek bo‘lganda chaqqonlik qilib, qamchi bilan tumshug‘iga tortib qolib edim, vangillaganicha qochib ikkinchi menga yo‘lay olmadi. Biroq, es olgan so‘nggida yana kelib otimning orqa oyog‘iga tish solib edi, temir tuyog‘i bilan shundoq teptiki, ikki uch yumalab ketdi. Ungachalik uy egalari qalmoqlar yugurishib chiqib, itlarini haydagandan so‘ngra, meni Kuchardan mol bilan kelayotgan katta savdogar deb o‘ylagan bo‘lsa kerak, o‘z odatlaricha kishilik ko‘rsatib, otdan tushuvimni so‘radilar.
Men ham sir bermasdan: «Orqada molim kelayotib-di. Yusufg‘ujg‘ur qo‘shiga tushmoqchi edim», degan bo‘lib, darrov otdan tushdim. Qarasam, hay-xo‘y degancha yigirma chog‘lik katta-kichik qalmoq bolalari meni o‘rab olmish edilar. Men ham darhol xurjun og‘zidan bir kilo qand olib, atrofimda yig‘ilib turganlarga ulashib berdim.
Bu joyda To‘rg‘ovut mo‘g‘ullari ichida savdogarlar tinch omon erkinlikda yashar ekanlar, chunki ularning tirikchiliklari yolg‘izgina chorva mol orqali bo‘lganlikdan, hayot uchun kerakli hamma narsaga muhtoj edilar. Mana shuning uchun boylik havasiga tushgan G’ulja, Oltishahar savdogarlari bu yo‘lda har qancha og‘irchilik tortsalar ham, foydaga qiziqib, bular bilan aloqalarini uzmas ekanlar. Buning ustiga Xitoy xonlari tomonidan ilgaridan beri tanilib kelingan To‘rg‘ovut mo‘g‘ullarining o‘zlaridan chiqqan xonlari ham bordir. Ular tomonidan qo‘yilgan Uqur-toy, Ilgadoy unvonli no‘yunlari bo‘lib, Chingizxon yasaqnomasi hukmi bo‘yicha qora qalmoqlar o‘z no‘yunlariga qattiq bo‘yinsunganlar. Bular ersa kelib ketib turgan savdogarlarni ko‘pchilik xalq va ham o‘zlari uchun foydali hisoblab, ularga qarshi tartib buzuvchilarni qattiq jazoga tortganlar. Shunga ko‘ra, savdogarlar o‘zlari buzilib, zolimlik qilib, xiyonatga kirishmasalar, boshqa tarafdan ularga hech qanday qarshilik ko‘rsatilmagan. Aksincha, u yerdagi mo‘g‘ullar qo‘rqqanidan emas, o‘z ko‘ngillari bilan savdogarlarni siylab, hurmatlashgan.
Shuning uchun meni ham savdogar gumon qilib, 6oradigan joyimgacha bir qalmoq yo‘l boshlab boradigan bo‘ldi. Yo‘q esa, orada 3-4 soatliksozlik botqoqlik yo‘llardan yurib o‘tishga to‘g‘ri kelganlikdan, yo‘l bilmagan kishining o‘zi yurishi qiyin edi. Shuning uchun men buni g‘animat bilib, biroz qand, choy bilan og‘zini shirin qilib edim, ikki uch soatcha botqoqqa botib yurib, hufton vaqtida degan joyimga keltirib qo‘ydi. Agar u boshchilik qilmaganda, bu yo‘lda salomat qolishim xatarlik ekan. Meni bu yerga yetkazib, yo‘lboshchim qalmoq qaytgan so‘nggida qarasam, bir chodirdan yiltiragan chiroq ko‘rinib turibdi. Ustiga borib: «Kishi bormi?», — deyishim bilan yugirib chiqqan bir uyg‘ur yigiti «Mehmon keldi», deb otimni ushladi. Chodir ichida o‘t tutatib o‘ltirishgan uch to‘rt kishi esa, turk xalqi odatlaricha do‘stlik ko‘rsatib, meni to‘rga chiqarishdi. Ahvolga loyiq yegudek ovqatlarini keltirib, birga o‘ltirishdi. Uch kunlik dahshatlik safarimdan beri og‘zim oshga tegmagan, do‘st kishilar yuziga ko‘zim tushmagan edi. Shunga ko‘ra, o‘zimni bularning aziz mehmoni hisoblab rohat uyqusi bilan kechani o‘tkazdim.
Tong otib choy vaqti bo‘lib edi, har tarafdan chiqqan bir necha savdogar eshakchilari Kucharga qaytmoqchi bo‘lib shu yerga yig‘ilmish edilar. Men ham bularga qo‘shilib, yo‘ldosh bo‘ldim. Men adashgan Quyqun tog‘larini o‘ng qo‘lda qoldirib, Qo‘naqay tog‘larini oralab, Kucharga qarata yo‘lga tushdik.
Birinchi qo‘nalg‘uni Kuchar savdogarlarining chodir uylarida o‘tkazgan bo‘lsak ham, orada uch kungacha o‘zlari mo‘ljallab olishgan tog‘u tosh dalalarida yotishga to‘g‘ri keldi. Yaxshiyamki, shu orada yog‘in sochin bo‘lmasdan turdi. Yemak ichmaklarimiz mo‘l bo‘ldi. Tog‘ sovug‘ini yog‘ qaytaradi deb, har kuni kechqurin safar boshlig‘imiz yog‘liq palov qilishga buyurur edi. Uchinchi kun Ayg‘iroshuv degan dovondan o‘tib, Ko‘l degan joydagi saroyga kelib tushdik. Lekin, shu yerga kelguncha yolg‘iz oyoq yo‘ldan boshqa hech narsa ko‘zga ko‘rimas edi.
Bu yerda 30 40 uylik To‘qmoq, Pishpek atrofidagi Sulta, Sarbag‘ish qirg‘izlaridan qochib kelgan bir yurtlik kishilar bor deb eshitdim. Ular bilan ko‘rishib so‘zlashmoqqa qiziqqan bo‘lsam ham, yo‘l usti bo‘lib, yo‘liqolmay qoldim. Ertasi kun Ko‘l saroyidan chiqqanimizcha yurib o‘ltirib, Qirg‘izoshuv degan dovon ustiga chiqdik. Qarasam, bu dovon cho‘qqisi ikki yoqdagi egiz tog‘ toshlari bilan qisilib qolgan torgina bir yo‘l ekan. Shuning uchun marhum Yoqubbek otaliq Oltishahar Uyg‘uriston hukumatini qurganda, Kuchar xalqini Yulduzdagi To‘rg‘ovut qalmoqlari hujumlaridan saqlamoq uchun bo‘lsa kerak, bu yerni chegara hisoblab, katta^ qarag‘ay, og‘ir toshlar keltirib cheb bog‘lamishdur. O’z davriga ko‘ra takdirlanarlik ish bo‘lganlikdan, marhumni fotiha bilan eskarib o‘tdim.
Shu kuni kechqurin Saksonkechik va Qirg‘izoshuv o‘rtalig‘ida yana Yoqubbek tomonidan chegara soqchilari uchun qurilgan kattagina bir qo‘rg‘on harobasiga kelib tushdik. Bu esa, ot uloqlari, qo‘rxona oshxonasi bilan ikki uch yuz kishiga joy bo‘lg‘udek kenglikda ko‘rinur edi. Uch-to‘rt yuz gaz egizlikdagi yerda askarlar uchun yasalgan masjid harobasini ko‘rib, uni ziyorat qildim. O’z vaqtida yaxshigina san’at ko‘rsatib yasalganligiga, peshtaq-mehroblaridagi qo‘l hunar qoldiqlari guvohlik bermokda edi. Menga o‘xshash maqsadi qo‘lga kirmagan bo‘lsa ham, istiqbolidagi istiqloli uchun kurashib, qurbon bo‘lgan o‘zbek o‘g‘li bir qahramondan qolgan asar bo‘lganligini hurmatlab, mehrob tupgxjlarini ko‘zimga surtdim.
Uz vaqtiga ko‘ra marhumni, bir tomondan, taqdir-lagan bo‘lsam ham, ikkinchi tomondan, tanqidiy qarashlarimdan o‘zimni saqlayolmadim. Yo‘q esa, o‘z zamonasiga ko‘ra butun sharoit qo‘lga keltirilmish edi. Ikki qayta Londonga, ikki martaba Turkiya sultoni Abdulazizxonga elchi yubormishdur. London elchilari birinchi borishda 12 ming, ikkinchi borishida esa 24 ming farang miltig‘i olib qaytmish edilar. Bular esa zamonaviy qurollarning oldi hisoblanganliqdan nafaqat xitoy qurollaridan, balki, o‘sha zamonda bizni bosib olgan rus qurollaridan ham ortiqroq edi. Buning ustiga vaqtning ham qulayligi, chunki Angliya bilan Rusiya davlatlari o‘rtasidagi raqobat keskinligi uzluksiz ravishda o‘smoqda edi. Mana shu o‘xshash qulay fursatlar o‘tib, atrofda qarab turgan kuchlik yordamchilar qo‘lda bo‘laturib, bulardan foydalanish yo‘llarini topolmadilar. Yana u davrda butun Ovrupo davlatlari, islom chirog‘ini o‘chirish qasdida, islomiyat markazi deb tanilgan Turkiya davlati ustiga hujum boshlamish edilar. Shunga ko‘ra, Xalifa hazratlari qurollik kuch orqalik yordam yetkazolmagan bo‘lsalar ham, zamonga loyiq nizomiy askar tayyorlash uchun olti nafar harbiy zobitlarini qurol-yaroqlari bilan yuborgan edilar. Bular kelgandan keyin otliq yayov butun askarlar oz fursat ichida intizomga olinib, temir saf bog‘lagandek chekinmas bir nizomiy qo‘shinga aylanmish edi. Bu ish yolg‘iz so‘zdagina emas, amalda ko‘rilib, Urumchi urushida 20 mingga yaqin olomon tungon askarlari 500 ga yetmagan otliq nizomiy askarlar tomonidan tor mor bo‘lmish edi.
Shu qadar tajribali ishlar ko‘z oldida ko‘rilgan bo‘lsa ham, yana xalq og‘zidagi «Voy, Xitoy buzilsa, olam buzilib qiyomat qoyim bo‘lar emish», degan xurofiy so‘zlardan ta’sirlanishi marhumning irodasi bo‘shligini, zamona ahvolidan xabarsizligini bildiradi. Yo‘q esa 14 yillik davlat boshlig‘i, agar chin irodalik siyosiy bir qo‘mondon bo‘lsa, qo‘lida nizomiy, qurollangan 40 mingga yaqin islom askari tursa, o‘z davlatini kofir dushmanga qanday topshira olsin?
Bandadan kamchiliklar o‘tmaguncha bergan ne’matini qaytarib olish, Allohga odat emasdir. Hayot olamida urush maydonlaridagi zafar yoki xatar har ikkovi ham bir qancha sabablarga bogliqdir. Agar zafar asboblarini imkoniyat boricha to‘liqlamay tu-rib urushga kirishar ekan, Qur’oni karim hukmicha bunday odam xato ishlagan bo‘lib, shariat oldida javobga tortiladi. Shu o‘xshash uning sharoitiga to‘lti bilan ega bo‘la turib, yana orqaga chekinar ekan, tarix yuzini qoralovchilardan, islom haqiga xiyonat qiluvchilardan hisoblatusidir. Dunyo va oxirat baxtini davlatlari uchun, ilohiy qonun hukmida belgilangan, har ishning o‘ziga tegishlik sabablarini bajarib, qo‘lga keltirmay turib: «X,a endi, taqdir shul ekan», deb o‘ltirish eng katta nodonlik bo‘lib, Alloh qonuniga qarshilik qilmoqlikdur.
B a y t:
Sababni qil musabbibni unutma!

Haqiqat shul erur teskari ketma.

Ota Soguniy qilmishdur nasihat
Tushunganlar bu so‘zdin olgay ibrat.

Dema: «O’zgarmas olam ish bitibdur»,

Na bo‘lgay ertagi kun kim bilibdur.

Hayotingni tuzatmoqqa sabab qil,

Vatanni qutqazishning chorasin bil.

Birinchi chorasi ilm o‘qimoqdur,
Jaholat ooshiga to‘qmoq ham tayaqdur.

Jaholat bizni ajratdi Vatandin
Vatan yolgiz emas, ham jonu-tandin.

Bo‘lar ish bo‘ldi, endi kimligingni

Unutma, ey o‘gil, o‘zbekligingni.

Yutulmasdan burun saqla tilingni-

Qutqar qulluqqa tushgan bu elingni.

Agar til saqlamas ersang, yutarlar-

Oyoq ostiga solgay, qul etarlar.
Seni yutmoqqa tayyor ajdaholar,

Koradur yoki oq to‘ymas balolar.

Na bo‘ldi, Uturiston, och ko‘zingni
Ko‘zing och, O’zbekiston, ko‘r o‘zingni.

Na erding, endi ne bo‘lding, qarab boq,

Qachon bir joyda bo‘lgay juft bilan toq.

Farishtaga yaqin bo‘lgay musulmon,

Agar din ushlasa, bu hukmi Qur’on.
Bilib diningni saqla, ey musulmon,
Judo bo‘lgan kishiga ming pushoymon.

Ota Soguniy qildi bu nasihat,

Ajab ermas, kishilar olsa ibrat.

Endi marhumning bu tarixiy voqeasi hasratlik dostonlar qatorida yozilgan bo‘lsa ham, kelajakda bolalarimiz haqlari uchun foydasiz emasdur.
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Ustida shunchalik tarixiy so‘zlar yozilgan bu qo‘rg‘onda bir kecha yotib, ertasi kuni bulutga tiralgan ikki tog‘ qismog‘ida Saksonkechik atalgan oqar suv izi bo‘ylab yo‘lga tushdik. Qarasak, bu yo‘limizda saksonkechik emas, yuzdan ortiq suv kechgan bo‘lsak ham, yana suv kechiklarini sanab tugatolmadik. Shu bilan yozning uzun kunlari kechga davr to‘xtamay yurganimizcha kech qilg‘ach, har tomondan tuman aralash qora bulutlar qo‘zg‘alib, yomg‘ir quyishi boshlandi. Osti ustilarimiz yomg‘ir suvi bilan chilanib, yo‘l qorong‘uligini tun qorong‘uligi qopladi. Hayron bo‘lib turganimizda, oldimizda tog‘ bag‘ri tomonidan yaltirab o‘t yorug‘i yiroqdan ko‘rilgali turdi. Buni ko‘rgach, darhol ot jilovini shu yoqqa burib qarasak, baraka topkur yaylovga chiqadurgan Kuchar qo‘ychilari bo‘lib, yomg‘irdan quriqlanib tog‘ kamorida yotgan ekanlar. Dahshatli kechada topilgan shunga o‘xshash tog‘ o‘nqiri esa, bizning ko‘zimizda oqsaroy uylaridan ham ortiqroq ko‘rinar edi.
Bu va u olam ishlaridan xabari yo‘q, oldida haydagan bir to‘p qo‘y echkidan boshqa boqar kutari yo‘q, ikki dunyo g‘am qayg‘ulari bilan ham chatog‘i yo‘q, qo‘y dushmani bo‘ridan boshqa tashvishi yo‘q, bir necha cho‘ponlar bilan o‘nqir ichida yoqilgan olov aylanasida o‘lti rib o‘tkazgan badavlat majlis lazzatini eskarsam, madaniyat vahshiylariga chin ko‘nglimdan la’nat o‘qigim kelar edi.

KUCHAR

Shunday qilib sof ko‘ngilli, to‘g‘ri tilli uyg‘ur cho‘ponlari bilan o‘nqir ichida gurunglashib o‘ltirib, shu kechani o‘tkazdik. Ertasi kuni tongota hangragan eshaklarni haydashgan eshakchilar bilan biz ham yo‘lga tushdik. So‘ngra 2-3 soat o‘tar o‘tmas Saksonkechikni orqada qoldirib, qismoq og‘ziga chiqdik. Shu yurib o‘ltirganimizcha Tekmon degan uyg‘ur qishlog‘ida tushlanib, bu yerdan o‘tgach, kechga yaqin tepa tog‘lar uzilishida joylashgan, atrofi qalin daraxtlik bir saroyga keldik. Bu biz bilan kelayotgan eshakchilar xo‘jayiniga qarashlik keng bir qo‘rg‘on ekan. Shu kecha u yerda yotib, ertasi kuni Abdurahmon degan bir kucharlik savdogar bola bilan birga Kuchar shahriga qarab jo‘nadik. Kechga yaqin, Kuchar sapilidan 4 5 chaqirimcha yiroq bo‘lgan Shamolbog‘ degan qishloqdagi bolaning joyiga kelib tushdik. Ob-havosi toza, suvlari mo‘l, bog‘u bo‘stonlik kelishgan yer ekan.
Bu joyda ikki uch kuncha turib, hordig‘imiz chiqqandan keyin, shahar ko‘rmakni havas qilib, bola bilan birga bozorga kirdik. Aylanib yurganimizda bir kishi kelib qo‘limni ushladi. Qarasam, G’uljadagi do‘stlarimizdan otushlik Turdiqori ekan. Menga o‘xshab u kishi ham Koshg‘ardan qochib chiqib, hech yerga sig‘masdan Kucharga kelgach, qo‘ra- joyli bir tul xotinga uylanib, shu bilan yoshirincha kun kechirmokda ekan. Meni ko‘rib:«Voy to‘ram, ajabmu yaxshi keldingiz. Sizni xudoyim menga yetkazdi, peshonamizda nima ish bo‘lsa, endi birga ko‘ramiz», deb yopishib olganicha, ajramay Shamolbog‘idagi qo‘shxonamizga birga keldi. So‘ngra uy egasidan meni so‘ragan bo‘lib, ot uloq, xurjun xalashlarimni olib, o‘z uyiga keltirdi.
Ikki qochoq bosh qo‘shganimizdan keyin sirimiz ochildi. Qarasak Koshg‘ar, G’ulja va boshqa shaharlarda bo‘lgan voqealar hamma yerda birdaniga boshlangan ekan. Ikkovimiz bir necha kecha kunduzlab so‘zimiz tugamay, suhbatga to‘ymay, parang so‘qishib (suhbat qurishib) ajramasdan yurdik. Shu orada Koshg‘ardan otushlik Salay domla ham qochoq bo‘lmish ekan, kelib bizga qo‘shildi. Har tomondan kelgan qochoqlar topishib oldik.
Pishiqchilik vaqti bo‘lganligidan bog‘ sayli ziyofatlarida birgalashib yurib, tinchlik bilan 10-15 kunni o‘tkazdik. Bu o‘rtada mulla Hoshim degan Buxoroda men bilan birga o‘qigan kishining kuchorlik ta-labalaridan biri kelib, u kishining uyiga taklif qildi. Shahar tashqarisida oqar suvlik, bog‘u bo‘stonlik kelishgan bir qishloq masjidida imom ekan.
1921 yili Buxorodan qaytib To‘qmoq orqalik ketayotganida yo‘ldoshlari bilan biznikida bir hafta mehmon bo‘lishib o‘tgan edilar. Salayoxun domla boshliq hammamiz kelib, bu kishi uyida bir kecha kunduz mehmon bo‘ldik. Izzat hurmat ko‘rsatib, qo‘y so‘yib, o‘z odatlaricha oliy ziyofatlar qildi. Ichimizda bir-ikki ilmlik kishilar bo‘lganligi uchun vaqtimiz ko‘proq kitob o‘qish va ilmiy munozaralar bilan o‘tmoqda edi. «Uzoq yaqindan olim mehmonlar keladilar», deb uy egasi xabar qilgan bo‘lishi kerak, mahalla boshliqlari va boshqalardan bo‘lib yana besho‘n kishi bizning suhbatimizga qo‘shilishdi. Ertasi kuni xursandlik bilan bu yerdan chiqib, har qaysimiz joy joylarimizga tarqashdik. Turdiqori eshaklik, men otliq edim.
Shahardan 15-20 chaqirim yerdagi bir qishlokdan ikkovimiz mevalik bir bog‘ olib, yoz ichini shu yerda o‘tkazmoqchi bo‘lgan edik. Shu qishloqda qorimning ishonimlik bir og‘aynisi bor bo‘lib, shom vaqti bilan u kishining uyiga kelib tushdik. Yaxshi odam ekan, ilgari ko‘rishib tanishmagan bo‘lsam ham, hurmat bilan mehmondo‘stligini bildirib, bizni yaxshi qarshiladi. Borliq ovqatini oldimizga qo‘yib, topqanini keltirdi. Keyin qorini bir chetga tortib, uzoqdan uzoq shivirlashkani turdi. Men ham gumonga tushib: «Hay, bir voqea bo‘ldimi, bu kishining xabari borga o‘xshaydi?», deb qarab turdim. Birozdan keyin Turdiqori o‘zgargan holda yonimga kelib: «Voy taqsir, balo qoshimizga kelganga o‘xshaydi. Biz chiqqan kuni kechqurin Go‘nangjuza bosqinchilari bizning uyni bosib: «Bu yerga yot kishilardan kim keldi? Ering qori qayoqka ketdi? Sen bilishing kerak», deb bizning xotinni qiynashib turgan chog‘da, bu do‘stimiz bizdan xabar olmoqchi bo‘lib, tuyuqsizdan bu ishning ustiga kirib qolibdi. Bu kishini ko‘rgach: «Sen bularning yaqini o‘xshaysan, bu uyga kelgan kishilardan xabaring bo‘lishi kerak», deb buni ham qiynamoqchi ekan, yerlik bir qancha tanish kishilar guvohlik berishgani so‘nggida, ular qo‘lidan arang qutulib, hozirgina kelib o‘ltirmish ekan. Endi maslahat shulkim, balodan hazar, ish chorasini ilgari qilishimiz lozim, kelib qolmasdan burunroq bu yerdan ketaylik», dedi.
Shoshilinch ravishda otlarimizni yetaklaganimizcha yo‘l bilan emas, bog‘dan boqqa tun qorong‘usida turtinib yurib, ikkinchi bir qishloqqa o‘tdik. Ungachalik tun yarimdan og‘ib, qayon borib, kimning eshigini qoqishni bilmasdan hayron bo‘ldik. Oxiri Turdi qorim: «Shu yerda bir xo‘ja kishi bor edi, chala tanish bo‘lsa ham shunikiga boraylik, boshqa choramiz yo‘q», deb unikiga bordik. U bechora har yili tog‘ ichlaridagi qirg‘izlarga borib, murid ovlaydigan xo‘jalardan ekan. Muridlaridan topgan qo‘y echkilarini haydab kelgan kechasida, kelishmaslikni qarang, biz ham kelib eshik taqillatibmiz. Bechora xo‘ja: «Ustimdan Go‘nangjuza bosqinchilari meni bosqani kelishgan ekan», deb jon-moni qolmabdur. Qo‘rqqanga qo‘sh ko‘rinur degandek, o‘z qo‘rqishlarimiz ham yetarlik edi, buning ustiga tinch yotgan birovlarni qo‘rqitishga sabab bo‘lishimiz bizga ortiqcha bo‘ldi. Qora chiroq yoqilgan uyda qo‘rqqanidan hali o‘ziga kelmagan xo‘jamdan hol so‘rashib, biroz o‘ltirgandan keyin tashqariga chiqib yotdik.
Hatarlik kun qursin! «Ertagi kunda qayoqqa borarmiz, kimning uyiga sig‘armiz?», degan tashvishli o‘y bilan tong otguncha uxlayolmay chikdim. Tong yorishi bilan otlanib yo‘lga chiqqanimdan keyin kengashib: «Kechagi mehmon bo‘lgan uy egasi Hoshim domlanikiga boraylik, qanday bo‘lsa ham ilmi bor, qadr bilgan odam, biz uchun biror maslahatlik ish ko‘rsatsa ajab emas», deb kechagi chiqqan joyimizga keldik.

Qarasak, Hoshim domlamdan darak yo‘q. Tol tagida quruq yerda hayron bo‘lib, uzundan uzun o‘ltirdik. Shu orada ichki qo‘ra eshigidan bir xotin kishi bosh boqib qarab qo‘ydi. O’tgan kuni kelgan mehmon ekanligimizni tanigan bo‘lishi kerak, birozdan keyin bir yosh bola quruq bir kiygizni sudraganicha oldimizga keltirib tashladi. Dastlabda kelganimizda qarindoshlarcha qizg‘inlik bilan ko‘rishgan bir ikki kishilar esa, bu uchrashishimizda so‘li yo‘q, so‘zi yo‘q, qo‘l uchlari bilangina ko‘rishib, biror narsadan qo‘rqqandek ko‘p o‘ltirolmay qaytib ketishdi. Endi bu ishlarni ko‘rgach, ko‘nglimizga har turli xayollar kelib, bu yerda ham katta bir voqea bo‘lgan o‘xshaydi deb turgan edik, birinchi kelganimizda ko‘rishgan hoji otaning o‘g‘li kelib qoldi va bu haqda bizga to‘liq ma’lumot berdi. Shundoqki, Shing Duban hukumati qurilgan kundan boshlab, butun O’yg‘uriston o‘lkasi Sovet hukumati nazorati ostiga olinmish edi. Ayniqsa Uchturpon, Oqsuv, Kuchar shaharlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri GPU tomonidan tayyorlangan, o‘z otasini ham tanimaydigan tatar, uyg‘ur bolalarini keltirmish edilar. Ular har joyning ko‘zga ko‘rinarlik kishilarini, o‘zlarining iflos odatlaricha, majburiy ravishda josuslik balosiga bog‘lamish ekanlar.
O’tgan kuni ziyofat majlisimizda bulardan bir qanchalari bo‘lganlikdan, biz ketgan kuni kechqurin uy egasi Hoshimoxun domlani Go‘nangjuza jallodlari tomonidan qamoqqa olmish ekanlar. Bizlarni ham qo‘lga olish qasdida bosmachilardek Turdioxun uyini bosgan bo‘lsa ham, bog‘ olamiz bahonasi bilan qishloqda qolganligimizdan, u kuni jallodlar qo‘liga tushmagan ekanmiz. Ikkinchi qaerda ko‘rsanglar yoki eshitsanglar, darhol bizga xabar bermas ekansizlar, ul chog‘da baringlar javob qaytarasizlar, degan mazmunda uy oilalaridan va biz bilan ko‘rishgan kishilardan tilxat olmishdur.
Bu kabi dahshatli shum xabarni onglashimiz bilan hushimiz boshimizdan uchdi. Bir kun bo‘lsa ham dinsiz, rahmsiz dushman ilkiga ilinmay, omon bo‘lish umidi bilan kelgan kishilar edik. Bizni deb uy egasining shunday og‘ir kulfatda qolganini ko‘rib, qattiq qayg‘urib, ko‘p xafa bo‘ldik. Bir zolimlardan, shu o‘xshash ahmoq nodonlardan payg‘ambarlar ham qochgan ekanlar. Shuni eskargach, Hoshimoxun domlani zolimlar qo‘lidan qutqarish uchun o‘zimizni taslim qilishlikni loyiq topmay, qochishni ortiqroq ko‘rdik. Ilgargi kuni kelganimizda bolga uymalashgan chivinday bo‘lgan kishilar bugun esa yirokdan qoralari ko‘ringan bo‘lsa ham, o‘zlari yaqinimizga yo‘layolmadilar. Buning ustiga biz kelib otdan tushishimiz Bilan tegishlik o‘ringa xabar yetishi aniq bo‘lganlikdan, har bir nafasda ushlanib qolish qo‘rquvi kuchaymoqda edi. Shunga ko‘ra, borliq odamlar bizdan qo‘rqib tarqashgan vaqtdan foydalanib, ot uloqlarimizni qoldirgan holda yayovlashib tubanda oqib yotgan katta soyga tushdik. Qarasak, soyning u tomonida otliq odam kirsa ko‘rinmaydigan, o‘skandan o‘skan jo‘xori ko‘rindi.
Vahshiy dushmanlarimiz orqamizdan qoramiz uzulmay turib izlab chiqqan bo‘lsalar ham, bu yerga kirganimizni o‘ylamas, deb suvdan chiqishimiz bilan qalin jo‘xori ichiga kirib oldik. Ertalab, choy vaqti bilan kirgan bo‘yimizcha, 6 soat chamasi dimiq jo‘xori ichida chirkayga (chivinga) talanib o‘ltirdik. Tush og‘ib, quyosh qizib turgan chog‘da, aylana atrofimizni sinchiklab qarab hech kimni ko‘rmagach, jo‘xori ichidan chiqdik. Biroq, qayoqqa borishimizni, qaerdan boshpana topishimizni belgilamasdan, oldimizda yiroqdan ko‘ringan qalin qora daraxtzorni mo‘ljallab yurganimizcha, asr namozi vaqti bilan qishloq chetidagi cho‘ng qopqalik (darvozalik) bir dehqon qo‘rasiga kelib kirdik. Biroq bu kishi mehmon kutmagan, odamgarchilikni bilmagan kishi ekan. Oqshom namozi o‘tgandan keyin: «Biz mehmon kutolmaymiz, boshqa bir joyga boringlar», deb bizni u joydan chiqishga majbur qildi.
B a y t:
Sog‘uniy, er qadrini bilmas ekan, deb qayg‘urma,

Hazrat Muso qadrini ham bilmaganni esga ol!

«O’zi kelgan qo‘noqni (yotib qolishga kelgan mehmon) qaytarish iymondan emas», degan payg‘ambarimizning so‘ziga qarshi turgan kishiga nima degali bo‘lur? Nochor u yerdan chiqib qaerga borishimizni bilmay, qorong‘u kechada to‘xtamay yurib, bir boqqa kirdik. Kishi ko‘rib qolmasin deb shu yerda uyquga kirguncha, qalin chirg‘anaq (tikonli butazor) ichida chivin chirkayga talanib yotdik. Bir necha soat o‘tgan so‘nggida bu yerdan chiqqan bo‘lsak ham, qaerga borib, nima ish qilishimizni bilolmay ko‘cha aylanib, axiri eshigi ochiq bir masjid oldidan chikdik. Buni g‘animat bilib shu yerda yotmoqchi bo‘lib edik, ertangi kuni xatarini o‘ylashib so‘zimiz to‘xtalmay turganda, xudo o‘nglab, Kuchar tarafdan kelayotgan bir arava sharpasi bilindi. Xonaqatom degan bir joyda bo‘ladigan qishloq bozoriga mol bilan ketayotgan bir savdogar kishi ekan. Buni ko‘rgach, Hizrga yo‘liqqandek suyunishib, sirimizni bildirmasdan shunga ergashganimizcha kechalab yo‘lga tushdik. 30 chaqirimcha yo‘l yurib, tun yarimi bo‘layozganda bir bedalikka kelib dam olish uchun o‘ltirdik.
Yo‘ldoshim Turdiqori mendan yosh bo‘lsa ham, safarga chidamsizroq ekan, shu yerda biroz bo‘lsa ham uxlab olaylik, deb ko‘p yalinib edi; yo‘ldoshdan ajrab qolsak adashamiz deb, men unamadim. Shu yurganimizcha u yerda bu yerda uchragan siyrak tomlik 3 4 qishloq mahallasidan o‘ta borib, tongga yaqin yana bir mahalla chetiga keldik. Shu yerda uyqusizlik ko‘p g‘alaba qilgach, qalin daraxt tagiga kirib, namoz vaqtigacha uxlab qoldik. Ertalab turganimizda qarasak, ko‘k yuzini qora bulutlar qoplab, yomg‘ir yog‘a boshlamish edi. Biz ham tura kelib, har biri tubiga duva-duva qum uymalagan qari qora yulg‘un yog‘ochlarini oralaganimizcha, yomg‘ir aralash yo‘lga tushdik. Ketayotib, yo‘l ustida ovqatlanish uchun uylariga tushgan kishilar bizni ko‘rgach, kiyim boshlarimizga qarab hayron bo‘lishar edi. O’zlari esa, hozirgi madaniyat olamidan bir yoqlama yiroq turganliklari uchun, siyosatchilarni hayratda qoldirgudek siy sifatga ega bo‘lganlikdan, o‘tmishdagi o‘rta asr uyg‘urlarini eslatmokda edilar.
Bu yoziq sir insonlar islomiyat sharaflaridan yolgizgina ism egasi bo‘lsalar ham, haligacha insoni yat axloqlaridan ajramagan edi. Endi esa, Mao tsze-dun mal’un zulmi ostida ezilib yotgan bir qancha million qon-qarindosh, din orqadoshlarimiz uygur ulusi diniy, milliy huquqlaridan butunlay mahrum etilgan holda, qizil yolmogiz yordami bilan qora yol-mogiz bo‘gziga kirib, yutilish oldida turibdilar. Bu kabi cheksiz xiyonat, kechirilmas jinoyat ishlovchilarini uygur o‘zbek ikki Turkiston o‘glonlari ulug bobolari O’guzxon arvohi haqi hech vaqt unutmaslar. Agar unutar ekanlar hayot olamining qora sahifalariga haqiqat yozuvchilari uygur xalqining qizil qonlari bilan bu jinoyatni yozib qoldiradilar.
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Yo‘lda yo‘liqib so‘z so‘rovchi kishilarga Xonaqatom bozoriga mol yuborgan edik, aravamiz ilgarilab ketgan edi, degan bahona bilan boshoyog‘i ko‘rinmagan yulg‘unlik uzun cho‘l ichida yura yura peshin namoz vaqti bilan Xonaqatom bozoriga yetib keldik. Bu esa Kuchar atrofidagi qishloq bozorlari ichida xalq ko‘pligi, savdosining qizg‘inligi bilan birinchi bozor atalur ekan. Bozor ichidan biror chaqirim chetdaroq yerda, qalin daraxtlar orasida Xonaqatom mozori ko‘rinib turmoqda edi. Ilon chaqqan kishi arqon shaklini ko‘rsa qo‘rqqandek, bozorga kirishdan qo‘rqib, qori ikkovimiz to‘g‘ri mozorga bordik. Qarasak, atrofi ochiq, eldan qochiq, daraxtzor, havosi yaxshi, oldida oqar suvi bor, o‘lturg‘udek uyi ham bor ekan. Mana shu yerda o‘zimni bu vahshiylardan qutilgandek chog‘lab, tarki dunyo qilgan so‘pilar odatlaricha payshanba kuni og‘iz berkitib, boshqa kunlari quruq nonga qanoat qilib, 40 kundan ortiqroq yotdim.
Bizning Chiqish, Botish ikki Turkiston xalqi ichida ilgaridan beri mozorparastlik bid’ati, to‘g‘ridan to‘g‘ri aziz avliyolarga sig‘inish odati ko‘p rivoj olgandir. Shunga ko‘ra, ko‘pchilik qishloq xalqi Xonaqatom mozorini Turkistonda hikmat aytgan mashhur Qulxo‘ja Ahmad Yassaviy mozori deb ishonar ekanlar.

Mana shu yerga kelgach payqab qarasam, Kuchardan 80 90 chaqirimcha janub tarafda Taklimakon cho‘llarining g‘arbiy etagi, Himoloy tog‘larining sharqiy tomonidan chiqqan Torim daryosi bo‘yiga kelgan ekanman. Shu yerdan Lobnur ko‘li orqalik To‘g‘rak jangali (to‘qayzori) oralagan yo‘l bilan 12 kunda to‘g‘ri Xo‘tan shahriga chiqsa bo‘lar ekan. Bu yerga kelgandan keyin kishi bilmas, dushman qadami yetmas tinch joyga keldim o‘xshaydi desam, bir ikki juma o‘tishi bilanoq: «Vay, falon mozorga xo‘jamlardan shundoq bir kishi kelibdimish», degan so‘z tarqalib, atrofdagi odamlar ziyoratga kelgali turishdi.
Bundan ilgari Xo‘janiyoz qo‘zg‘olonida ish ko‘rsatgan sahro xalqi ichida shangyu, miroblar bo‘lib, bulardan atog‘i chiqqanlari ikki kishi birovi Obil mirob, ikkinchisi Matniyoz shangyu deganlar edi. Ular esa, yaqin bir yildan beri biz o‘xshash qochoq bo‘lib, bosqinchilarga tutqich bermay keng dala, qalin to‘qay ichida zolimlar qo‘liga tushmay, jon saqlab yurgan ekanlar. Har ikkovi ham yarim kechada kelishib, men bilan ko‘rishib ketdilar. Sirdosh bo‘lib qolgach kundan kunga muhabbatlashib, har ikki-uch kunda ko‘rishib turmasak chidayolmaydigan bo‘lib qoldik.
Obilmirob o‘zi savodsiz o‘qimagan bo‘lsa ham, ota bobosidan tortib yurt so‘rab, el bilib kelgan ochiq yuzlik, chechan tillik, er yurak kishi edi. Matniyoz shangyu undan ko‘ra biroz yoshroq, og‘ir bosiq, madrasa ko‘rgan, oz bo‘lsa ham siyosat ko‘rib, ko‘zi ochilgan xushxulq, adablik yigit edi. Bulardan boshqa uzoq yaqindan eshitib kelgan oshna og‘aynilar kundan kunga ko‘payishkali turdi.
Qochgan kishidek emas, sayohatga chiqqan bir kishidek bo‘lib, chaqirgan joyga bormay turolmadik. Buni ko‘rgan Turdiqorimning rangi qum o‘chib qo‘rqqanlikdan bahona qilib: «Falon qishloqda bir og‘ayni kishim bor edi, shu yerga borib, Kuchardagi uyimdan xabar oldirsam, biror hafta ichida qaytib kelardim», deb mendan ruxsat so‘radi. Qochoq kishiga har yoqlama ikki kishidan bir kishining yengil bo‘lishini o‘ylab, qoriga javob berdim. Bu kishi ketgandan keyin Obilmirob bilan maslahatlashib, har ikkovimiz jangal yo‘li bilan Xo‘tanga o‘tib, u yerdan Tibet orqali Hindistonga ketmoqchi bo‘ldik. Safar jamolg‘asi bilan bari iqim chiqimni o‘zi ko‘tarmoqchi bo‘ldi. O’zining aytishicha mol dunyosi ko‘p, farzandi yo‘q, qadrdon xotini o‘lib ketgan, keyingi xotinidan bola bo‘lmagan ekan. Shunga ko‘ra orqasida qoladigan, qayg‘urgudek kimsasi bo‘lmagach va ham zolim bosqinchi hukumat tomonidan biz o‘xshash qattiq ta’qibga tushganlikdan bezor bo‘lib, boshqa bir mamlakatga ketish niyati bor ekan. Biroq, o‘zi davlat egasi bo‘lgani bilan o‘z yeridan chiqmagan, uzoq yaqin safar ko‘rmagani uchun, qanday qilarini bilmay turgan vaqtida bizning kelib qolishimiz bunga qulay bo‘lmish edi. O’ziga hamdardligimni onglagach, joni kirib, safar ishini tezlatgani turdi.
To‘g‘roq janggali yo‘lini yurganimizda ikki uch kunlik suvsiz cho‘lni kesib o‘tishga to‘g‘ri kelar ekan, bunga xachirdan boshqa hayvon chidayolmaydir. «O’zimning 10 otga bermaydigan ishonimlik xachirim bordir. Sizga ham shunga o‘xshash bir xachir olishim kerak. Yana shundoq vahshatlik janggal, cho‘l yo‘llarida ko‘p safar qilgan, bu yo‘lning o‘y chuqurini yaxshi bilgan mohir yo‘lboshchi bilan ham uqushib qo‘ydim», deb har qancha qiziqtirgan bo‘lsa ham, nimagadir bu safarga ko‘nglim rizolik bermay, kechiktirib turdim. Yo‘q esa, safar jamolg‘alari har tomonlama to‘liqlanib qo‘lga keltirilmish edi.
B a y t:
Ko‘rguluk bo‘lsa qaerda ani ko‘rmay chora yo‘q,

Tuz nasibang qayda tushsa oni totmay chora yo‘q,

deganday, har ikkovimizga ham ko‘rgilik vaqti kelib qolgan ekan. Bundan xabarimiz yo‘q, biz unga chora izlab yurganimizda tuyuqsizdan kechasi kelib, Go‘nangjuza jallodlari do‘stimiz Obilmirobni qo‘lga tushirmishdur. Yotgan joyimiz qishloqdan chetroqda bo‘lganliqdan kechasi bo‘lgan bu voqeadan xabar topmagan ekanmiz, ertalab kelgan Obilmirob inisidan eshitib, hayron bo‘lib tursam, o‘zimizga qarashlik yana bir kishi: «Vay, hojim, uch to‘rt kun bo‘lsa ham, bu yerdan boshqaroq joyga yo‘tkalmasak bo‘lmaydi», deb maslahat ko‘rsatib, shu damdayoq meni yashirin yo‘l bilan 10 chaqirimcha qumliq ichidagi birovning qo‘rg‘oniga eltib qo‘ydi. Soq bo‘l bek bo‘l bilan kechani shu yerda o‘tkazib, ortiq turishga imkoniyat bo‘lmagach, ertasigayoq qaytib mozorga keldim. Qarasam, ishlar boshqacha bo‘lib, har xil so‘zlar ko‘payganini sezdim. Shu kechalab Obilmirob oilasiga ko‘ngil aytgani va ham ulardan o‘z to‘g‘rimda maslahat so‘ragani borib edim, ko‘rishgan do‘st kishilar bu yerdan tezroq ketishimga maslahat berdilar. Shuning uchun Obilmirobning qaynisi bilan bu joyga kelganimizdan beri oshnoligimiz bor edi, bu voqeani anglab, ahvol so‘ragani kelgan ekan, bu kishi mening hijolatimni ko‘rib: «Domlahojim, ko‘p xafa bo‘lmang, shu kechadan qoldirmay sizni Kucharga yetkazib, o‘z uyimda saqlayman. Bu ishlar biroz jimiqqandan keyin maslahat bilan siz aytgan joyga yetkazib qo‘yishga ham yaraymiz», degan so‘z qilib edi, anchagina ko‘nglim ko‘tarildi.
Shu kecha va’dalashgan joyga mirobning o‘gay o‘g‘li boyagi maqtovlik xachir qo‘shgan mapani (Xitoy aravasini) keltirgach, cho‘ng yo‘lni qoldirib, cho‘l bilan to‘xtovsiz yurib tong otar vaqtida manzil joyimizga yetib keldik. Yo‘l bilan, kishilarning aytishicha, 100 chaqirimcha yurgan o‘xshaymiz. Ichkari Xitoydan mapa bilan bir kunda 100 chaqirimdan ortiq yo‘l yuradigan 10 yombulik asl xachirlar borligini eshitgan edim, shu safarimda o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Yo‘l yurganda g‘amza bilan raqsga tushganday quloqlarini o‘ynatib, oyoq bosgani bilinmay yelkan kema ketgandek, qamchi ursa uchgandek, bechora mirob bunga 10 ot emas, har qancha baho qo‘ysa ham arzir ekan deb, Xdndiston safari yodimga tushgach, afsuslanib ko‘nglim buzilmish edi.
Kechagina birga yurgan jon yo‘ldoshimizni o‘g‘riga oldirib, uzun safarga atalgan 10 otliq ulog‘ini men minib, qochgan joyimga qaytishim qaysi baloni mening boshimga keltirur ekan, degan qayg‘ulik o‘y bilan belgilangan uyga kirib o‘ltirdim. U yoq bu yoq ko‘cha ko‘yga chiqishni qo‘yib, chilla o‘ltirgan kishilardek, toat ibodatga kirishgani turdim.
Mozorda turgan kunlarimda asli ko‘na (eski) turponlik, Koshg‘ar madrasalarida o‘qigan, o‘ziga yarasha ilmi bor, xalq og‘zida «qozioxun» atalmish Mullaniyoz nomli bir kishi mendan dars o‘qib yurgan edi. Mozor mahalla odamlari bu voqea bo‘lib bizdan ajraganlari uchun qayg‘urishib, xafalangan ekanlar. Biz ketib 10 kuncha o‘tgandan keyin har qandoq bo‘lsa ham yo‘qlab kelishimiz kerak deb, qirq ellik so‘m pul bilan qozn oxunni bizga yuboribdilar. Biz bilan ko‘rishib borgandan so‘ng qarasa, hukumat tomonidan ortiga tushgan kishi bo‘lishi kerak: «Qayoqqa bording, pul bergan olgan kishilarni ko‘rsat, u bilan kimlar aloqa qilgan?», deb oxunim bechorani qattiq qiynab so‘roq qilgan ekan, qiynovga chidayolmoy jon achchig‘ida hamma so‘zni ortig‘i bilan aytib beribdi. So‘ngra Go‘nangjuza xitoy jallodlari mozor mahallaga kelib, biz bilan aloqa bog‘lagan kishilarni qiyin qistovga olib: «Qani, u odamni topinglar?» deb siyosat qilsa, ko‘rqishib turgan qishloq xalqi: «Shu kishi bo‘ladi», deb qozini ko‘rsatibdilar.
Bu voqeadan xabarim yo‘q, qozi kelib biror hafta o‘tgandan so‘ng, qo‘shxonamda yolg‘iz qolib zerikkanimdan, bizga yaqin mahallada ko‘p yillardan beri turg‘un bo‘lib qolgan bir andijonlik kishi bor ekan, uni ko‘rishga xumor bo‘lib, bog‘iga bordim. U ham o‘z yurtligini sog‘ingan bo‘lishi kerak, akauka topishgandek quchoqlashib muhabbat bilan ko‘rishdik. Yana o‘z og‘aynilarimizdan g‘uljalik Tursunboy men bilan ko‘rishib G’uljaga qaytmoqchi ekan, u ham kelib biz bilan o‘ltirdi. Mana shu orada o‘zaro g‘imir shivir bo‘lib, qulog‘imga sovuqroq so‘z eshitilib qolgach, hadik olib tashqariga chiqdim. Ikki yosh bola oldimga yugurganicha kelib: «Sizni izlashib yuribdilar, Go‘nangjuza kishilari qo‘shxonangizga kirib ketdi», deb xabar berishib qoldi.

So‘z aytishga ham fursat bo‘lmadi. Yonimdagi mavzur soatimni: «Sizga omonat, uyga berib qo‘ying», deb Tursunboyga topshirdim. Bir nafas bo‘lsa ham zolim yuzini ko‘rmasga eng so‘nggi chora qilgan bo‘lib, bir parcha o‘sgan jo‘xori ichida yoshirinib turdim. Hali nafasim ham rostlangani yo‘q edi, ikki qurollik askarga besh olti qurolsiz kishilar ergashgan holda chopganlaricha kelishib, jo‘xori ichida yotgan menga ot ustida turib ko‘zlari tushdi. Men ham qochish davrining tugaganini ko‘rgach, baloga sabr qilib, o‘zimni taslim etishga majbur bo‘ldim. Qarasam, Honaqa tomondan qozioxunni, tushgan joyimdan uy egasini majbur ravishda birga keltirgan ekanlar. Har ikkovlari ham biz uchun anchagina kulfat ko‘rib, mashaqqat chekkanlari yuz ko‘zlaridan ko‘rinib turgan edi. Menga yordam yetkazish uchun yurgan bu kishilarni bu kabi achinarlik holda ko‘rib, qattiq qayg‘urgan bo‘lsam ham, qurollik kuch oldida bo‘yinsunmoqdan boshqa choram yo‘q edi.
Shundoq qilib, meni qo‘lga tushirib olgach, o‘zlari kelturgan qora mapaga o‘ltirg‘izib, oldi orqasini kishi ko‘rinmaydigan qilib o‘rab qo‘ydi. «Boshingni chiqara ko‘rma, ko‘rasan!» deb, qurollik askarlar o‘rtaga olgan holda, shu haybat bilan yurib bir yerga kelgach to‘xtadilar. Oldi orqamda ikki askar meni haydaganicha ichkaridan ichkari kiritib, usti yopiq, qorong‘u uzun yo‘lak to‘riga oborib, eshik ochilishi bilan orqamdan itarib kirgizishdi.
Xudo saqlasin, go‘r qorong‘usidek hech yerdan teshigi ko‘rinmagach, «Lo havla»ni o‘qib, birikki minut turib edim, siniq dovush bilan sekingina «Salom alaykum» degan kishi qorasi ko‘rinib, ko‘rishmak uchun qo‘lini uzatdi. Men ham kishi borlig‘ini bilgach, o‘zimni to‘xtatib olib, undan holahvol so‘radim. «Bu yerda yotganimga 20 kun bo‘ddi, hammadan yolg‘izlik yomon ekan, xafa bo‘lmaysiz, xudoyim menga rahm qilib, sizni yetkazdi. O’zim xo‘tanlik, otim To‘roxun, mollarim qo‘lga gushib, savdogarchiliqda ayblanib qamaldim», dedi. Men ham: «Birodar, peshonaga yozilgan yaxshi yomon ishlarni ko‘rmasga choramiz yo‘kdir. Sabr qilaylik, ko‘p xafa bo‘lmay o‘ltiraylik. Siz, biz Qur’onga ishongan musulmonlarmiz. Qur’on so‘zi Alloh so‘zidur. Allohning aytishicha: «Har bir og‘irlik orqasidan, albatta, yengillik kelgusidur». Shu o‘xshash har ikkovimizga quvvat berguday diniy so‘zlarni aytib, zindon yo‘ldoshimni ham bir ozgina yupantirgan bo‘ldim.
Mening egnimda bo‘lsa, bir qavat yozgi kiyimimdan boshqa hech narsa yo‘q edi. Erta kechada yeydigan ovqatimizga bir kosa qaynoq suv, bir dona mo‘ma1 non berar edi. Yotgan uyimizning uzunligi to‘rt gazcha kelsa ham, eni torligidan ko‘ndalang yotolmas edik. Ostimizda esa tuproqqa qorishib ketgan bir parcha bo‘yradan boshqa hech narsa yo‘q edi. Kelgan Bug‘da oshirib pishirilgan hamirli non.
kunim kechasi meni qurollik bir askar so‘roqqa olib chiqdi. Uzundan uzun qorong‘u tor yo‘lakda o‘qlangan miltiqni orqamga taqab yurganicha lampa yoqilgan kattaroq bir uyga olib kirdi. Qarasam, ustal (stol) yonida birorta ham xitoy urug‘idan yo‘q, uyg‘urcha do‘ppini chekkasiga qo‘ygan bir tatar bolasi o‘ltiribdur. «Hay, shu shumoyoqlar bu yerlarga ham yetib kelgan o‘xshaydi»,deb o‘ylanib turib, ko‘rsatgan joyiga o‘ltirdim. Nimagadir yuzimga qaragach, tezdan gapirolmasdan, 5 6 minut o‘tgandan so‘ng tikilib turib: «Falonchi degan kishi senmisan, qaydin chiqding, qayoqqa bormoqchi eding?», dedi. «G’uljadan chiqdim, men tabibman, Xo‘tanga borib, Hindiston dorilaridan olib qaytmoqchi edim» deganimda, «Yolg‘on», dedi. Bunga qaraganda, mening ma’lumotimni G’uljadan olib, to‘lig‘i bilan bilgan o‘xshaydi deb, o‘ylanib qoldim.
Bu chaqiriqda so‘ragan so‘zi shu bo‘lib, boshqa hech narsa demadi. Oradan 10 minutcha ham vaqt o‘tmasdan turib, meni qaytarib yubordi. Eshiqdan qorong‘u uyga qadam qo‘yishim bilan, yo‘ldoshim To‘roxun o‘rnidan tura kelib: «Vay, xo‘jam, sizni olib chiqib ketgandan beri xavotirlanib o‘ltirdim», deb mening haqimda qilgan tashvishini gapirdi. Boshqalarni so‘roqqa olib borib qaytarganda tayoqning zarbi bilan o‘zi yurolmasdan askarlar uni yo‘lovsuyovlar bilan keltirib tashlar ekanlar. Bunday ishlardan Alloh meni o‘zi saqlamish edi.
B a y t:
Yaxshilik kunlarda xudoni hech unutma Sog‘uniy,

Boshingga tushsa qora kun, tashlamas u ham sani.

Yoshliging o‘tdi, g‘ururlik birla toat qilmading

Keksalikda ketdi kuch, solgan imorating qani?
Yosh yetibdur qon yutib, g‘am-qayg‘udin ayrilmading,

Barchasi haq yo‘lida bilgil xudoning bergani.
Oq soqoli haqiga bu Sog‘uniy bechoraga
Ko‘rsatib o‘lmasdan burunroq ul Muhammad qabrini.

Kim o‘qisa har qachon Sog‘un otaning she’rini,
Bir og‘iz Qur’on o‘qib shod aylasin arvohini.

Bu kabi jallodlar qo‘lida ziyon zahmatga uchramay, chekinmay, qutilganim uchun Allohga tashakkur qilib, ko‘p hamdu sanolar aytdim. Shu bilan meni bir yo‘l chaqirganicha, ikkinchi o‘zlari yo‘qlamagach, u zolim qonxo‘rlar yuzini ko‘rmaganligim uchun Allohga tashakkurlar qildim.
Oradan uch to‘rt kun o‘tar o‘tmas, zindon yo‘ldoshim To‘roxunni so‘roqqa chaqirdilar. Bundan ilgari ham qiynov qistov ishlarini ko‘rib o‘tkizgan bo‘lishi kerak: «Hay, mening ishim qanday bo‘lar ekan?», deb jon hovuchlagan kishilarday qo‘rqqanicha ketdi.
«Kemaga tushgan kishining joni bir», deganday yo‘ldoshim qayg‘usi ustiga, insonchilik ekan, o‘zim ham qayg‘ura boshladim. Oradan uch to‘rt soat o‘tgandan keyin qarasam, o‘zi aytgandek, bechora To‘roxunni yo‘lab suyab eshik oldiga keltirishib, ichkariga itarishib yubordi. U gandiraklaganicha kelib, mening oldimga yiqilib tushdi. Qarasam, ustidan suv quygandek qora terga tushgan ekan. Eshik ortida tinglashib turishlaridan qo‘rqib, hol so‘rashga ham jur’at qilolmadim. «Xudoyo, bular zulmidan o‘zing asramasang, ko‘rar kunimiz shul ekan», deb «Lo havla»ni o‘qib, ustida jaldirab o‘ltirdim.
«Mo‘minlar uchun eng og‘ir zamon qaysidur?», deb rasulullohdan so‘raganlarida, «Haromzodalar xalq ustiga hukmron bo‘lsa», degan mo‘‘jiza so‘zlarini ko‘z oldimizdan o‘tkazdik. Bu vahshiy yirtqichlar vahshiyona qilgan zulmlarini yoshirib uyalgandan emas, balki shaytonligidan hech kimga aytmasligi uchun har bir zulm ko‘rgan kishilardan shartlik tilxat oladilar. «Joningni olaman, dovushingni chiqarma», degandek, bechora kishilar boshqa so‘roqchilarga ham o‘z ustilaridan o‘tgan nohaq zulmlardan bir og‘iz gapirolmaydilar.
Shu ahvolga tushib tashqariga chiqilmasdan, kecha kunduzi bilinmagan qorong‘u uyda hafta o‘n kunni shunday qiyinchiliklar bilan o‘tkazdik. Men kelgan kundan boshlab, har kuni ikki uch vaqt biz yotgan qamoqxona orqasida qandaydurki bir ayol kishining yig‘lagan dovushi eshitilgan so‘nggida, tom orqasini dupillatib so‘qqali turadi. «Bu nimadur?», — deb yo‘ldoshimdan so‘rasam: «Men kelgandan beri shu tom orqasida har kuni necha qayta yig‘i ovozi chiqadi. Yig‘idan to‘xtar ekan, tom orqasini urib, yana dovush chiqarib, «Kishi bormi?» degandek chaqirib qo‘yadi. Men ham bunga yarasha javob qaytaray desam, soqchi askarlardan qo‘rqaman», dedi. Yana bir kuni yig‘i solib tom qoqib edi, qarasam, soqchi askarlar ko‘rinmagach, To‘roxunni eshik poyloqchi qilib, orqa tomni gupillatgan so‘nggida: «Siz kim bo‘lasiz?», deb qichqirib edim, «Men dubbegining xotini bo‘laman, olti oy bo‘ldi shu yolg‘iz uyda qamoqdaman, qo‘rqqanimdan, yolg‘izlikka chidayolmay, kunda uch to‘rt marta yig‘i solib sizlarga ham tinchlik bermadim. Boshqa ilojim yo‘q, qandoq bo‘lsa ham xafa bo‘lmanglar», dedi.

Bu xotin olti oydan beri yolg‘iz uyda, yolg‘iz yotib, bu rahmsiz toshyurak qora ko‘ngillar qo‘lida tortgan jabr jafolarini onglagach, buning oldida bizning ishimiz holva bo‘lib qoldi. Yana bir kuni qarasam, o‘rtamizdagi devor tangadek teshilib, bir narsa qimirlagandek bo‘ldi. Tortib olsam cho‘ka yog‘ochi ekan. U bilan oramiz ochilib, telefon qurgandek bemalol gaplashgani turdik. Eri dubbegi bo‘lgani uchun qanchadur oltin solib, shuni to‘latmoqchi ekan. Bundan boshqa ham turma sirlaridan birmuncha ishlarini bizga tushuntirib turdi. Keyin eshitsam, bu xotin turmadan qutilgach, o‘z odatlaricha dindorlik bilan masturalikda yurib, umri qisqa ekan, dunyodan o‘tibdur. Xudo rahmat qilsin!
Yigirma kunga yaqin bu uyning qiyinchiliklarini ko‘rganimizdan so‘ngra, bizni bu yerdan ko‘ra kengroq, yorug‘roq bo‘lgan yonimizdagi uyga chiqazdi. Bunda esa Kuchar oqsoqoli Muhammadali oxun yo‘ldoshi bilan, men To‘roxun bilan to‘rt kishi o‘n kuncha o‘ltirganimizdan keyin, ikki askar kelib bizni haydaganicha bir maydonga chiqardi. Qarasak, oldi orqasi o‘ralgan, ikki ot qo‘shilgan ko‘tak (yog‘och arava) arava tayyor turibdi. Qurollik uch askar boshchisi qirg‘iz, qolgan ikkovi uyg‘ur, birovi oldimizda, ikkovi yonimizda xitoy odatlaricha miltiqlari tiklangan holda turardi. «Nari tur», deb qichqirib yo‘lovchilarni qo‘rqitgach, ko‘z qo‘rqitish, yurak cho‘chitish uchun bo‘lsa kerak, oldi- orqamizni o‘ragan askar, xalq ko‘p bozor o‘rtasidan yurib, aravani qattiq haydaganlaricha shahardan chiqardilar. Yo‘ldoshlarimizdan Muhammadali oqsoqol sodda ko‘ngil, eski odamlardan ekan. O’limga ketayotgan kishi duo qilgandek, turgan xalqqa qarab uzun o‘sgan soqolini silab boshini egdi. Buni ko‘rgan bechora musulmonlar ham soqollarini silashib, bizga qarab duo qilgan bo‘ldilar.
Shu ahvol bilan Kuchardan chiqqanimizcha yurib, birinchi qo‘nalg‘uga yetdik. Yo‘lda ketayotganimizda beshlab, o‘nlab ot eshak mingan bozorchi, yo‘lovchi kishilar uchrar edi. «Chetga tort!», degan baqiriqni eshitishlari bilan biz o‘tib ketguncha ko‘cha chetida uloqlarining boshini burib, teskari qarab turardilar. Yirtqichlar oldida boshqa jonivorlar qandoq qo‘rqib turishsa, bu bechoralar ham shu ahvolda qo‘rqib turganlarini ko‘rdik. Birinchi qo‘nalg‘uga kelgan kechada askar boshlig‘i meni chaqirib: «Siz yaxshi kishi ko‘rinasiz, bizning qoidamiz bo‘yicha gunohkorlarni kechasi uyga qamab, qo‘loyoqlariga zanjir solishimiz kerak edi, sizni ko‘rib bunday qilishga botinolmay qoldik. Xukumat buyrug‘i bo‘lgach, biz buni bajarishdan boshqa erkimiz yo‘qdir. Sizlar tinch bo‘lsanglar hech ish yo‘q, biz ham tinch bo‘lamiz», dedi.
To‘xtagan joyimiz, Boy degan otiga yarasha bog‘u bo‘stonlik, qalin daraxtzor bilan o‘ralgan, oqar suvlik, havosi kelishgan bir qishloq ekan. Shu kecha soqchilarimiz bizni yerlik Go‘nangjuzaga topshirib, o‘zlari ko‘rinishmadi. Bu yerdagi xizmatchi uyg‘ur bolalariga qarasam, oldi 30 ga yetmagan, 18 20 yosh oralarida bo‘lib, ikki so‘zning birida «bizning sinfiy dushmanlarimiz» deyishni o‘rganmish ekanlar. Shunga ko‘ra bizni ham dushman hisobida ko‘rib, biz kabi asirlar haqqiga xiyonat qildilar.
Hayot olamida tarbiyat-sahobat kabi ta’sirlik narsa yo‘qligi shubhasizdur. Yolgiz insonga emas, barcha jonlik mavjudotlarda ta’lim-tarbiya ta’siri ko‘z oldimizda ko‘rilib, buning natijalari butun dunyoga tarqalib turmoqda. O’qitish o‘rgatish buyon tursin, suhbat o‘zi ham, suhbatdoshlarga o‘t bilan suvdek tez o‘tadi. Shuning uchun ham har kimga, suhbat yo‘ldoshlariga qarab baho beriladi. Nuh payg‘ambarimizning o‘gli yomon yo‘ldoshlarga qo‘shilib edi, payg‘ambarzodalik fay-zidan ajradi. Ashobi Kahfning iti yaxshilarga ergashib, Kur’onda qissasi aytilib, haq yo‘ldagi odamlar qatoriga kirdi. Ayniqsa, islomning otidan, Qur’onning xatidan boshqa hech narsaga ega bo‘lmagan bir mil-lat bolalari, ularning ko‘ngil ko‘zlariga yaxshi-yomon hech bir narsaning aksi tushmaganlikdan, nima bo‘lsa ham birinchi aksni darrov qabul qiladilar. Shunga ko‘ra sovet siyosatchilari, Shing Duban hukumati qurilgan kundan boshlaboq, bu o‘lkani qizil Ushuriston qilish uchun qalam ko‘rmagan, xat tushmagan daftar kabi top toza ko‘ngillik uygur bolalarini kommunistlik ruhida tayyorlamish edilar. Mana, baxtimizga qarshi, biz sho‘rlik qo‘lga olingan kunimizdan boshlab otasini tanimagan shu bolalar oldida so‘roq berishga majbur bo‘ldik. Endi esa, bizning ustimizda qanchalik ogir ishlar o‘tganligini, mening shu so‘zlarimdan keyin,oqil odamlar to‘liq tushunib onglagandirlar.
Shu bilan ertasi kuni o‘z soqchilarimiz kelgach, odatdagi ishlar bilan uchinchi qo‘nalg‘uga qarab jo‘na-dik. Qopsalan suvidan o‘tib ketayotganimizda To‘ra oxunning ko‘ngli buzilib: «Bu zolimlar bizni sog‘ qo‘yishiga ko‘zim yetmaydi, kechaning qorong‘ulig‘idan foydalanib, boshqalarga qaramay ikkovimiz qochaylik. Jangal yo‘liga yetib olsak, u yog‘iga o‘zim boshlayman», deb meni qo‘zg‘ab ko‘rib edi; bu ish xatarlik bo‘lgani uchun rozilik bermadim. Shu bilan yurib kechga yaqin Sayram qishlog‘iga yetdik.
Bu joyning Sayram atalishining sababi esa, bundan 200 yillar oldin yerlik xonlarining ittifoqsizligi, hukumatlarining kuchsiz rasvoligidan foydalanib, G’ulja xoni qalmoq Ko‘ngtoji talonchilik qilib, o‘lja asir olmoq uchun G’uljadan askar tortib chiqadi va Sayram shahrini qamal qiladi. Atrofdagi Buxoro, Xorazm xonliqlari esa tomoshachi bo‘lib qarab turadilar. Bir necha kunlar o‘tkach, qalmoqlar himoyasiz qolgan shaharga bostirib kiradilar. Talab bulab, vayron talqon qilgan so‘nggida, ikkinchi o‘zlariga qarshilik ko‘rsatmaslikka garov olgandek bo‘lib, ko‘zga ko‘ringan yurt yaxshilaridan 30 necha uylik oilani, o‘z odatlaricha, oq uylik qilib olib ketadilar.
Ko‘ngtoji o‘lgan so‘nggida, Oqsuv Uchturpon yo‘li bilan ular o‘z eliga qaytib kelayotganlarida, shu yerga yetgach qarasalar, bu yer ham ona Vatanlari Sayram erlariga o‘xshab ketar ekan. Rost, bular deganlaridek oqar suvlarining mo‘lligi, atrofdagi adirlarning ekinlik bo‘lishi bilan, ikki Sayramning bir biriga o‘xshagan yeri bordek ko‘rinadi. Bu bahona bo‘lib, horib charchab kelayotgan xalq bir ikki yil shu yerda turib hordiq olaylik, qachon el tinchib, yo‘llar ochilib ketar ekan, shunda yurtimizga qaytarmiz degan bo‘lsalar ham, o‘sha zamon sharoiti to‘sqinlik qilib, shu yerda qolib ketgan ekanlar.
Yoqubbek tarixini yozgan va ham o‘zi uning xizmatida bo‘lgan Muso Sayramiy shu biz yozayotgan Boy Sayramlik kishidur. Tarixga qiziquvchilar u kishining chig‘atoy turkcha yozilgan «Tarixi Aminiya» asarini topib o‘qisinlar. Bu kitobda har yoqlama foydalik so‘zlar ko‘pdir. Bu yerga kelganimizda yerlik qariya kishilar bilan ko‘rishib, ulardan bu to‘g‘rilik oz ko‘p tarixiy ma’lumot top moqqa qiziqqan bo‘lsam ham, haydabog‘la bilan ixtiyorsiz bo‘lganlikdan, bir kechagina yotib ketishga to‘g‘ri keldi. Shu yerdan chiqqan kunimizdan boshlab Oqsuvga yetguncha, yulg‘unto‘g‘roq yog‘ochidan boshqa narsa unmagan qumluq yo‘l bilan yurib ertasi beshinchi kuni deganda, kechga yaqin Oqsuv shahri qopqasiga yetdik. Sapl ichiga kirgach, hech bir yerda to‘xtamasdan, to‘g‘ri turmaga keltirib, bizni topshirishdi. Bu voqea 1938 yili, avgust oyining boshlarida bo‘lgan edi.
Shing Duban hukumati pardasi ostida yoshiringan sovet Rusiyasining eng qonlik, fojialik kunlari esa 37 yili boshlanib, 38 39 yillarda eng yuqori avjiga chiqqan edi. Baxtga qarshi ko‘rgilik ekan, nakd shu qora davrning eng fojialik kunlarining birida men turmaga olinmish edim. Bu zulmxonaga birinchi qadam qo‘yib kirganimdayoq yo‘ldoshlarimdan ajratib, har birimizni har yoqqa tarqatdi. Meni ham har yoqdan olib kelingan bir to‘p janivorlar ichiga kirgizib qo‘yishdi. Qarasam, bir qanchalari qozi, mufti a’lam, oxunlardan boshlab, imomoxun, mazinoxun bo‘lsalar, qolganlari shangyu, begim, dubbegi, yurt oqsoqoli qatorlik qop qora hech narsadan xabari yo‘q kishilar ekan. Boshqalari esa ozdur ko‘ddur yeri, suvi bor, yoki yuqoridagilarga bog‘lanishi bor odamlar ekan.

SO’NG SO’Z O’RNIDA

Bobomiz «Turkiston qayg‘usi» asariga shu yerga yetganda oxirgi nuqtani qo‘ydilar, ya’ni tarix tugallanmasdan turib nuqta qo‘yildi. Nega? Nima uchun shu yerda nuqta qo‘yildi? degan tabiiy savol hammani qiziqtiradi. Bu savolga javob topish uchun kitob yozilgan davrni va u qanday sharoitda yozilganini eslamoq kerak. Kitobga kirishilgan vaqt, uning so‘z boshida aytilganidek, 1966 yil edi, tugallangan vaqti 1973 yil bo‘ldi. Bu davr ichida bobomiz sohibqiron Amir Temurning «Temur tuzuklari» asarini fors tilidan ikkinchi marta qayta tarjima qilib 1967 yili tamomladilar, chunki birinchi tarjima qilingan qo‘lyozma asar favqulodda holatda g‘oyib bo‘lgan edi. Birinchi tarjimani biz, ya’ni u kishining o‘g‘il nabiralari, yaqin qarindosh va qadrdon maslakdoshlari, bobomlar ishtirokida 1964 yil davomida yig‘ilish va majlislarda o‘qib yakunlagan edik. Shu majlislarning biridan qaytib kelayotgan vaqtda, kitob taksi mashinada qolgan degan taxmin bilan yo‘qoldi. Ko‘p qilingan qidirish harakatlari natija bermadi. Bu kitob shu paytdagi tekshiruv kuzatuv rasmiy tashkilotlari tomonidan tashkil qilingan sa’y harakatlar natijasida yo‘qoldi degan gumon bor, chunki bobomiz Toshkentga kelgan vaqtdan boshlab bir kun ham KGB tegishli idoralar etiboridan chetda emas edilar.
1971 yilga kelib bobomlarning umr bo‘yi niyat qilib o‘ylab yurgan shoh asarlari «Tarixi Muhammadiy» yakunlandi. Bu asar oqqa ko‘chirilib, qo‘lyozma kitob shakliga keltirilishida bobomning birinchi yordamchisi hattoti rahmatli amakimiz Muhammadyorxon edilar. U kishi deyarli har kuni ishdan chiqib, bobomning oldiga kelib kechalari yarim tungacha kitobni oqqa ko‘chirish bilan mashg‘ul bo‘lar edi. Bobomlar shu ko‘chirish jarayonida qo‘lyozmani o‘zlari o‘qib berar edilar, unga qo‘shimcha va tuzatishlar kiritardilar. Amakimiz chiroyli xusnixat egasi edilar, kitob arab imlosida ko‘chirilar edi. Bobomlar uzoq yillar davomida o‘g‘illari bilan birga ishlab, u kishiga qattiq suyanib qolgan edi, chunki amakimiz bobomizga nafaqat yordamchi bo‘lib qolmay, u kishini bu buyuk ijodiy ishlariga ilhomlantirar, shu og‘ir siyosiy davrda hamfikr, hammaslakdosh fidoyilari edilar. Odat bo‘yicha har hafta payshanba kunlari biz bobomizning iftorliklarida xizmatda bo‘lar edik. Shu yig‘ilishlarda u kishining o‘g‘illari Muhammadyorxon oldida ko‘p ochilib, xursandlik ruhida yayrab o‘tirishlari alohida sezilar edi.
Menimcha, buning yana sabablaridan biri bobomlarning suyukli o‘g‘illaridan Asilxonto‘ra uzoq yillardan keyin butun oilasi bilan G’ulja shahridan eson omon ota bag‘riga kelgani edi. Duolar ijobati farzandlari yonlarida mujassam bo‘lib, nabiralar o‘z tarbiyati ostida o‘smokda edi. Bu payshanbaliklarda Allohga shukronalar qilinib, islom dini, Vatanimiz Turkiston tarixidan ko‘p so‘zlar aytilar edi.
1973 yil 10 sentyabr kuni amakimiz Muhammadyorxon to‘satdan oq qon kasalligiga mubtalo bo‘lib Alloh irodasi bilan bu dunyodan ko‘z yumdilar. O’zlarining sohasi qon kasalligi 10 kun ichida u kishini olib ketdi, hatto Maskovdan chaqirilgan vrachlar konsiliumi ham natija bermadi. Bu musibat 88 yoshga kirgan bobomlarning qarilik yuki ostida bukilgan qaddini yanada bukdi. Ulug‘ maqsadli, hayajonli majlislar fayzi ketganday edi. Bu yig‘ilish va majlislarda u kishining «oh», «uh» tortishlari, uzoq qayg‘uli tikilishlari, g‘amgin va jim o‘ltirishlari hammani qattiq ezar, ko‘ngillarni iztirobga solar edi. Barchamizning qilgan harakatlarimiz, urinishlarimiz, topgan yangiligu keltirgan xabarlarimiz, har birimiz va hammamiz birga bo‘lib u kishining oldida o‘g‘illari Muhammadyorxonning o‘rnini bosolmadik. Ko‘ngilga uncha xush kelmay qolgan, yo‘q o‘g‘li ning o‘rnini bildirib yuraklarni o‘rtab turadigan bu yig‘ilishlar asta sekin so‘na boshladi.

Bir kuni bobomiz otamiz Asilxonto‘rani o‘z oldilariga chaqirib, shunday deydilar:
«O’g‘lim, mening yoshim 90 ga yaqinlashmoqda. Biz pishib yetishgan olma misoli, Tangrim chaqirsayoq uzilib tushamiz. Senga ko‘pdan beri aytadigan vasiyatim bor edi. Alloh menga uzoq, sermazmun umr berdi. Hayotimning ongli qismini dinim, Vatnim, xalqim rivoji yo‘lida xizmat qilishga bag‘ishlab o‘tkazdim. Bu yo‘lda faqat da’vat qilmay, qo‘lga qurol olib, jon berib, jon olib xalqimiz ozodligi va musta-qilligi uchun kurashdik. Ulug‘ bobomiz sohibqiron Amir Temur hazratlarining «Temur tuzuklari»ni o‘z merosxo‘rlari kelajak bo‘g‘inlarimizga asliday kilib qaytardim. Inshoalloh, bu kitob qisman bo‘lsa ham nashr qilinib, ko‘pchilik xalqimizga yetib bordi va ular onggida kimlar naslidan ekanligini bildirib, shonli sharafli Vatanining haqiqiy tarixidan bir lavha bo‘lib xizmat qiladi. Parvardigorim yordami ila payg‘ambarimiz hazrat Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallamning tarix va tavsiflarini yozib yakunladim.
Shu bilan birga o‘z Vatanlarida turib g‘arib bo‘lgan xalqimiz uchun, Vatan ustida bo‘layotgan tarixiy o‘zgarishlarni va ham buning kelajakdagi natijalarini ko‘rsatib, kelajak Vatan bolalari uchun tarixiy bir asar yozib otini «Turkiston qayg‘usi» qo‘ydim. Bu kitobda mening Vatanimiz o‘tmishi, hozirgi kunlar va kelajagimiz to‘g‘risida ko‘p yillar davomida qattiq o‘ylagan o‘ylarim, tashvish va umidlarim o‘z aksini topgan. Aqldan tashqari, buzuq maslakli, mustabid, zamonamiz tuzumi, albatta, yemirilajak, o‘rniga tiklanadigan davlatchiligimiz tarix saboqlaridan ibrat olib to‘g‘ri yo‘lni tanlashi uchun bu asar yordam xizmatini o‘taydi degan umiddaman. Shuning uchun senga aytadigan vasiyatim:
1. Farzandlarim ichida hozir kattasi bo‘lganing uchun hammani birlashtirib birinchi navbatda «Tarixi Muhammadiy» kitobini nashr qilish ilojini qilgil. Hozirgi kunda bu kitob xalqimiz uchun baliqqa suv o‘rnida bo‘lishi menga ko‘pdan beri seziladi.
2. Og‘ir sharoitda, yoshirin holatda yozilgan «Turkiston qayg‘usi» kitobim oxiriga yetmay qoldi. Sharqiy Turkistonda 1941 1946 yillar davomida bo‘lib o‘tgan ulug‘ tarixiy voqealarga o‘zim boshchilik qilib emgakim singgan, ko‘zim ko‘rgan bo‘lsa ham, ukangning o‘limidan keyin bu ish men uchun endi og‘irlik qildi. Qayg‘uli o‘y fikrlarim, Vatanimiz o‘tmishi va kadriyatlarimiz, uzoq yillardan beri qullikda yashayotganimiz sabablari, qullik asoratidan qutulish uchun kelajak bo‘g‘inlarimiz nimalar qilmoqlari kerakligi, mustaqil davlatchiligimiz kurilganda nimalarga etibor berishimiz zarurligi bularning bari kitobimda o‘z o‘rnini topdi. Bu asarim kelajakda Vatanim O’zbekistonda va boshqa ko‘p tillarda chop etilishiga ishonaman. Birinchi navbatda Turkiston elining yoziq sir farzandlari qozoq, qirg‘iz, uyg‘ur tillarida nashr qilinishiga umid qilaman, chunki ularning tarixiga taalluqli ko‘p ma’lumotlar bordir. Shu bilan birga men ishtirok etgan
tarixiy voqealarni kelajakda yozuvchilar, tahlil etuvchilar ko‘p bo‘ladi. Bu tarix hech qachon ko‘milib ketmaydi. Sen shularning birinchilaridan bo‘lgin, chunki u tarixiy voqealarning tirik ishtirokchisidursan. O’tgan hodisalarda bo‘lgan voqealarni hech yoqqa burmasdan, bo‘lganicha to‘g‘ri yozishni senga topshiraman. Sen bu vazifani, albatta, bajara olasan. Ko‘pdan beri yozish qobiliyati senda borligini sezaman».
Bu suhbat ota bola o‘rtasida 1974 yili oktyabr oyla-rida bo‘lib o‘tadi. Suhbat mazmunini biz otamizdan ko‘p marta eshitganmiz. U kishi ilgaridan o‘tmish xotiralarini qog‘ozlarga qisman tushirib yurishlarini bilar edim. 1976 yili 29 fevralda bobomiz Alixonto‘ra Sog‘uniy bu foniy dunyoni tark etdilar. Qayg‘uli, alamli, turg‘un yillar uzoq vaqt davom etdi.
Oxiri bobomiz intiqib, orziqib kutgan, 30 yillar oldin, ya’ni sovet mustabid tuzumi kuch-qudratga ayni to‘lgan davrda bashorat qilib aytgan totalitar qizil imperiya inqirozi yuz berdi va bizning Vatanimiz o‘z Istiqlolini qo‘lga kiritdi. Buning sharofati ila bobomizning ilmiy meroslari tartibga solinib, birin ketin bahola qudrat nashr qilinib xalqqa tanitildi va tanitilmoqda. Bu kitobning nashrga tayyorlanishi va chop etilishi ham bobomiz vasiyatlarini amalga oshirish yo‘lida qo‘yilgan yana bir qadamdir. Otamiz og‘ir kasallikka uchraganligiga qaramay, bobomlarning vasiyatiga binoan bu kitobining davomini yozishga kirishdilar va o‘zlari to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirok etgan Sharqiy Turkiston Ozodlik inqilobining tarixiy voqealari yuzasidan o‘z fikr mulohazalarini bildirdilar. Kitobda bobomizning Oqsuv turmasidan qanday chiqishi tarixi, Ozodlik inqilobi oldidan Sharqiy Turkistondagi vaziyat, Inqilob taassurotlari va ishtirokchilari haqida, Sharqiy Turkiston islom jumhuriyati va uning faoliyati, bobomizning bu ishni amalga oshirishda ko‘rsatgan shijoat va qahramonliklari to‘g‘risida so‘z boradi. Nasib etsa ikkinchi kitob ham shu tarixiy voqealarga qiziquvchi kitobxonlarga yaqin kunlarda taqdim etilajak.
Bobomlarning bu mazkur tarixiy asarini mulk egalari vakillarining ijozati ila nashrga tayyorlash va chop etish uchun kompyuterga kiritishni 2002 yil 16 martda boshlab ulug‘ ramazon oyi ichida, ya’ni 24 noyabrda Alloh yordami ila yakunladim.

077

(Tashriflar: umumiy 11 439, bugungi 7)

Izoh qoldiring