Hoji Abdulaziz Samarqandiy. 1.Guluzorim 2.Qurbon o’lam



HOJI ABDULAZIZ* HAQIDA QO’SHIQ

Qo’shiq — Navoiy bayti
Va Majnunnig faryodi.
Qop-qora oqshom payti
Yangradi “Usshshoq” dodi.
Fonusning tillari ham
Jo’r bo’lar bu qo’shiqqa
Va titrab yetib borar
Hilol — tilla boshoqqa.
Qora shoxli daraxtlar
Silkinar kuy avjida.
Yulduzchalar cho’milar
Oydin qayg’u mavjida.

O,Hoji bobo sasi,
Qalqir horg’in minorlar,
Bir-birining ko’ksiga
Bosh qo’yadi chinorlar.
Go’ri Mir dahmasida
O’kiradi oppoq tosh —
Tosh ostida Ulug’bek
Ko’zida qalqdimi yosh?
Titratar gumbaz aro
Qotib qolgan havoni
Va ranglar tashna sahro
Kabi yutar navoni.

O,Hoji bobo sasi,
Devordan oqadi rang –
Bu rang bilan yurakni
Bo’yar musavvir – ohang.
Bu qo’shiqning dardidan
Moychechaklar sarg’ayar.
Ularning yaprog’ida
Tosh ko’z yoshi sirg’alar.
Tun quchgan hovlilarda
Uxlatib nabirasin,
Kampirlar uyg’otmoqda
Yurakdagi yarasin.
Rasadxona shahardan
Ko’hak tomon yugurar
Va uning nafasiga
Yavshanning atri urar.

Shohizinda bag’rida
Yangrar qirq zina sozi –
Qirq pardaga bo’linar
Hoji bobo ovozi.
Bu qo’shiqning sasidan
Havo dardga qorildi,
Bo’g’zimdagi g’unchalar
Anor kabi yorildi.
O,Hoji bobo sasai,
Naqadar g’amgin,mahzun.
Bu ovozning nafasi
Hofiz umridan uzun.

O,Hoji bobo sasi –
Yovshangullar nafasi…

*Hoji Abdulaziz — samarqandlik buyuk o’zbek hofizi

1980

Xurshid Davron

(Tashriflar: umumiy 117, bugungi 1)

Izoh qoldiring