Chingiz Aytmatov. Chingizxonning oq buluti

chingiz

    «Chingizxonning oq buluti» — Chingiz Aytmatovning «Asrga tatigulik kun» romaniga ilova qilingan qissa. Romandagi  bosh yo’nalish – pok qalbli Abutalip bilan beshafqat Tansiqboev o’rtasidagi murosasiz to’qnashuv  qissadagi  dunyoni larzaga  keltirgan Chingizxonning fojiasi  bilan botiniy bog’lanib ketgan.

Odil YOQUBOV
ASAR HAQIDA

08

«Chingizxonning oq buluti» — Chingiz Aytmatovning «Asrga tatigulik kun» romaniga ilova qilingan qissa. Yozuvchi kitobxonlarni romanda taqdiri noma’lum bo‘lib qolgan Abutalip Quttiboev bilan qaytadan uchrashtiradi.

«Chingizxonning oq buluti» qissasida ikki yo‘nalish – bir tomondan pok qalbli Abutalip bilan beshafqat Tansiqboev o‘rtasidagi murosasiz to‘qnashuv, ikkinchi tarafdan esa, dunyoni larzaga keltirgan Chingizxonning fojiasi bir-biri bilan botiniy bog‘lanib ketgan.

Chekist Tansiqboev begunoh Abutalipni Yugoslaviyada partizanlar harakatida ishtirok etganlikda, eski xalq adabiy meroslarini yig‘ib yurganlikda ayblaydi.

Biroq Abutalip hayoti har qancha xavf ostida bo‘lsa ham bosh egmaydi. Chin inson or-nomusini Tansiqboev kabi hayvontabiat manqurtlarning oyoq-osti qilishiga imkon berish — insoniyat oldida gunohi kabira ekanligini yaxshi tushunib yetadi.
Chingizxon – tarixiy shaxs, o‘z davrining farzandi.
Chingiz Aytmatov o‘z qahramonining tabiati, xarakteri bolaligidanoq shakllana boshlaganiga urg‘u beradi. Chingizxon hali Temuchin deb atalgan bolalik chog‘idayoq, boshqalardan o‘ch olishni, hammani og‘ziga qaratishni xush ko‘rardi. U suvdan tutilgan baliqni talashib, o‘zining ukasi Bekterni o‘q-yoy bilan otib o‘ldirib qo‘yadi. Yozuvchi qonxo‘r jahongir tabiatining ildizlarini ochib berishni maqsad qilib qo‘ygan. Bolaligidanoq toshbag‘ir bo‘lib o‘sgan, hech kimga yaxshilik ravo ko‘rmaydigan kishidan ezgulik kutib bo‘larmidi?
Chingizxon ulkan jahongirlik janglariga ikki yil tayyorgarlik ko‘rdi. Oilaviy qo‘shinlarga «jangu jadallar nihoyasiga yetmaguncha ayollar tug‘masin» degan qahrli farmon berildi.
Yangi qissaning badiiy ahamiyatini ko‘targan voqealardan e’tiborlisi — lashkarboshilardan biri, yuzboshi Erdene bilan qo‘shin tug‘lariga gul tikadigan kashtado‘z Do‘g‘ulangning ayanchli fojiasidir. Hokimiyatning kuch-qudrati,zabtidan ikki yosh oshkora oila qurishga muyassar bo‘la olmaydi. Lekin baribir Chingizxonning farmoni, buyrug‘i ikki qaynoq qalbning muhabbati qarshisida ojiz edi.
Chingizxon ikki olov orasida qoldi — bir ayol tug‘ib qo‘yibdi, deb yurishni to‘xtatish kerakmi yoki farmoni oliyni oyoqosti qilganlarga o‘zining qahrini ko‘rsatib, beandishalarni qattiq jazolash lozimmi, degan savol qiynar edi uni! Osmonda esa oq bulut hamon falak kezmoqda. Uni hech kim payqamaydi, payqasa ham e’tibor bermaydi unga, bu — Chingizxonning shaxsiy buluti ekanligini kim biladi deysiz. Bu — xudoning qudrati, sevgan bandasiga ravo ko‘radi buni.
Erdene bilan Do‘g‘ulangning qochish to‘g‘risidagi rejasi barbod bo‘ladi. Do‘g‘ulang chaqalog‘i bilan qo‘lga tushadi. Endi Erdene nima qilishi kerak?
Do‘g‘ulang chaqaloqni oxirgi marta emizishga ulgurdi. U har qanday yo‘l bilan, hatto o‘zini ajal tig‘iga urib bo‘lsa ham, Erdenening jonini saqlab qolsa bas. Keyinchalik ota-bola bir iloj qilib topishib ketar!
Lekin Do‘g‘ulangning aytgani bo‘lmadi. Hammaning ko‘z o‘ngida, otasiz haromzoda tug‘ib olganiga iqror bo‘lib butun jinoyatni o‘z gardaniga olgan sevgilisining jon azobida qiynalayotganini ko‘rgan mard zobit: «Mana men! Chaqaloq mening o‘g‘lim! Hg‘limning oti G’unon! Onasining ismi Do‘g‘ulang!
Men lashkar yuzboshisi Erdene bo‘laman!» deb o‘rtaga chiqadi. Erdene bilan Do‘g‘ulangning qo‘llarini orqasiga mahkam bog‘lab, cho‘kib yotgan tuyaning ikki yoniga olib borishdi-da, o‘rkach orqali osilgan arqonning ikki uchidagi ilmoqni ikkalasining bo‘yniga solib, tuyani urib-zo‘rlab turg‘azishdi. Shunday qilib, ikki yosh inson tirik dorning ustida xurjun kabi osilib jon taslim qildi.
Yeru ko‘kni larzaga solgan qo‘shinlar hech narsani bilmaganday, cho‘lu biyobonlarni ortda qoldirib, olg‘a tomon yurib, bosqin yo‘lini davom ettirdilar.
Falokat ro‘y bergan joyda Do‘g‘ulangning dugonasi Oltun norastani quchoqlaganicha qolaverdi. Qorni ochiqqan go‘dak dala-dashtni buzib dod solib yig‘layveradi. O’shanda mo‘‘jiza ro‘y beradi — ularning tepasiga oq bulut kelib soya soladi, umrida bola emizmagan, turmushga chiqmagan qari qizning ko‘kragidan sut kela boshlaydi. Bu — xudoning o‘z sevgan bandalariga mehribonligi emasmi?
Abutalipning taqdiri ham fojiali tugadi — qiynoq, azob-uqubat, tahqir-xo‘rliklarga bardosh bera olmay o‘zini poezd tagiga tashladi. Abutalip o‘z joniga qasd qilib, ko‘plab begunoh kishilarning hayotini saqlab qoldi.
Chingiz Aytmatov, butun borlig‘i boshdan-oyoq fojialardan iborat bo‘lib qolgan onlarda odam o‘zini qanday tutishi kerak — degan murakkab masalaga yana bir bor murojaat qildi.
«Chingizxonning oq buluti» qissasi «Asrga tatigulik kun» romaniga o‘rish-arqoq bo‘lib qo‘shilib ketdi. Abutalipning keyingi taqdiri ne kechdi ekan degan savolga javob bo‘lib tushdi. Ayni vaqtda, uni mazmun-mundarijasi, tuzilishi, yaxlitligi, qahramonlarining tabiatiga ko‘ra mustaqil badiiy asar deyish ham mumkin.
“O’tar qush nolasi” hikoyasi tirik mavjudotlardan eng vahshiysi bo‘lmish inson zotiga noinsoniy qilmishlari uchun tilga kirgan turnaning (lisonut-tayr) mudhish aybnomasi, muallifning yurakdan chiqqan faryodidir – unda qirg‘izlarning bosqinchi jung‘orlarga qarshi olib borgan hayot-mamot janglaridan biri haqida so‘z boradi.
Turnalar galasi har yili uzoq safarga otlanganda qo‘nib, dam oladigan joyini tanimay qoladi: “… qayoqqa qaramang odamlarning jasadlari-yu otlarning o‘liklari tog‘-tog‘ uyulib yotar, suv keng yoyilib oqqan joylarda son-sanoqsiz murdalar daryo suvini to‘sib qo‘ygan edi. Qip-qizil qon aralash suv hamma yoqqa yoyilib, otlarning tuyoqlari ostida qon halqoblarini hosil qilgan edi…

Jang tugagandan keyin u yerda quzg‘unlar bazmi boshlandi, o‘limtikxo‘r qushlar odam go‘shtiga to‘yishdi, uchish u yoqda tursin qanotlarini ham qoqolmay qolishdi. Jangdan keyin shaqollar ziyofati boshlandi – chiyabo‘rilar odam go‘shtiga shu qadar to‘ygan ediki gavdalarini sudrab zo‘rg‘a ketishdi…”
Turna sheriklariga murojaat qiladi: “Kechiringlar, o‘tar qushlar! Bo‘lib o‘tgan vahshiyliklar uchun kechiringlar, bo‘lajak vahshiyliklar uchun kechiringlar. Bani odam hayoti nima uchun shunday ekanini, nega zaminda shuncha ko‘p o‘ldirilganlar va o‘ldirilayotganlar bo‘lishini men tushuntirib bera olmayman, sizlar tushuna olmaysizlar…
Qushlar keting bu yerdan, bu mudhish joydan uzoq-uzoqlarga uchib keting”. Nega olamda odamlar bir-birlarini shu qadar ko‘p o‘ldirganlar va o‘ldirmoqdalar degan qadimiy savol hamon javobsiz qolmoqda.

Chingiz AYTMATOV
CHINGIZXONNING OQ BULUTI
Suyun Qoraev tarjimasi
08

Bu tomonlarda poezdlar g‘arbdan sharqqa va sharqdan g‘arbga qatnagani qatnagan…
Sario‘zakning biyday dalalari bo‘ylab ayozli shamol g‘azabnok quturib, oppoq qor unini osmoni falakkacha to‘zg‘itib yurgan qahraton qish chillasida oq libos kiygan dashtdagi tungi Bo‘ronli bekatini qor uyumlari orasidan topish poezd haydovchilari uchun oson emas edi. O’ynoqlagan qor bo‘ronlariga burkangan tungi poezdlar nim qorong‘ida yomon tushdagiday bezovta kelib ketaveradi.
Ana shunday kechalari dunyo ibtidoiy unsurlardan yangi-dan yaratilganday tuyuladi — o‘zining izg‘irin nafasidan ushigan Sario‘zak dashti zulmat ila ro‘shnolikning tim qorong‘ilikdagi kurashidan paydo bo‘lgan g‘uborli ummonni eslatardi.
Xuddi ana shu poyonsiz ovloq sayhonlikdagi bekatda har kecha tong otguncha mo‘‘jazgina uyning bir derazasida chiroq o‘chmaydi: u yerda kimdir og‘ir darddan jon talvasasida to‘lg‘anmoqda yoki birov uyqusizlik kasalidan azob chekayotir deb o‘ylaysan kishi. Bekat yonidagi ana shu hujrada Abutalip Quttiboev oilasi yashar edi.
Unda Quttiboevning xotini bilan farzandlari har kuni dadalarini kutaverib, kechalari chiroqni o‘chirmas, xotini Zaripa esa lampa chiroq piligining kuygan uchini bir necha marta kesib qo‘yar edi. U har safar chiroqni yangidan yoqar ekan, bir juft kuchukchalarday burchakda quchoqlashgancha beozor uxlab yotgan qora sochli ikki o‘g‘ilchasiga mehr bilan nigoh tashlab qo‘yar edi.
Zaripa ko‘ylakchan, sovuqdan junjukadi va qo‘llari bilan ko‘kragini qisib vahimaga tushadi va qo‘rqinch aralash o‘ylab ketadi: boyaqish bolalarim tushlarida otalarini ko‘rishayotgan bo‘lsa-ya, bir yig‘lab bir kulib uning ketidan har qancha chopishsa ham unga yeta olishmayotgan bo‘lsa-ya? Ular o‘ngida mudom otasini poylashadi, poezd keldi deguncha bekatga chopishadi. Poezd tormozlarini taraqlatib bir lahza bo‘lsa ham to‘xtadi deguncha bolalar xuddi otalari sakrab tushadiganday vagon oynalaridan ko‘zlarini uzishmaydi. Qancha poezdlar, qancha kunlar o‘tdi orada, lekin undan hamon darak yo‘q — qaerdadir
qor ko‘chkisi tagida qolganday hecham undan nom-nishon yo‘q.
Yerning boshqa bir kunjagida — Olmaotaning turmasida ham bir darcha — qalin temir panjara bilan to‘silgan derazada o‘sha kunlari tong otguncha chiroq o‘chmas edi. Mana bir oydirki, Abutalip Quttiboev shipda quyoshday uzluksiz yonib ko‘zni oladigan elektr chiroqlaridan holdan toydi. Tinimsiz porlab turgan elektr nuridan tig‘ tekkanday ko‘zi achishadi, qo‘rg‘oshin quyib qo‘yganday boshi zirqiraydi, bir lahza bo‘lsa ham hammasini unutishga, bu yerga qanday kelib qoldim, mendan nima xohlashadi deya o‘ylashga ham fursat berishmaydi. Kechalari boshiga ko‘ylagini yopib devorga o‘girilib yotdi degancha teshikdan qarab turgan turma nazoratchisi kameraga chopib kiradi-da, uni taxta so‘ridan tortib tushurib tepa ketadi: «Devorga qarab yotma, ablah! Boshingni yopma, yaramas! Vlasovchi!» deb so‘kadi. U «men vlasovchi emasman» deb har qancha dod-faryod solmasin, hech kim nazar-pisand qilmaydi.
U yana ko‘zni teshguday ayovsiz elektr chirog‘iga qarab yotar ekan, yallig‘lanib qizarib shishib ketgan ko‘zlarini yumib, kaftlari bilan to‘sib oladi, qani endi u tim qorong‘ilikda, zimistonda, hatto lahadda bo‘lib qolsa-yu, ko‘z bilan miya ishdan chiqsayam mayliga, faqat hech qanday turma nazoratchisi, hech qanaqangi tergovchi degan baloyi ofatlarni ko‘rmasa, faqat odam bolasi bardosh bera olmaydigan qiynoqlar, ko‘zni ko‘r qiladigan elektr chirog‘i, uyqusizlik va kaltak azoblari bo‘lmasa!
Nazoratchilar navbat bilan almashib turishadi, lekin hammasi birday berahm, shafqatdan asar ham yo‘q — mahbus devorga qarab yotdi deguncha, xuddi kutib turganday chopib kelib g‘azab bilan do‘pposlashar, kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilishar edi. Abutalip Quttiboev turma nazoratchisining vazifasi va burchlarini bilsa-da chorasiz paytlarida o‘z-o‘ziga derdi: «Nega ular bunchalik berahm, qarasang odamga o‘xshaydi. Nahotki odam bolasi shunchalik darg‘azab bo‘lsa? Axir men ularning birontasiga yomonlik qilmaganman-ku!
Ular meni tanishmas, men ham ularni tanimas edim, nega endi xun uchun qasos olayotganday xo‘rlashadi. Nega? Bunday odamlar qayoqdan kelishadi?
Ular qaerdan bu darajada rahmsiz bo‘lib qolishgan? Menga nima uchun azob
berishadi? Bunga qanday bardosh berib bo‘ladi, jinni bo‘lmay bo‘ladimi, kallangni devorga urib, majaqlashdan boshqa iloji bormi?! Boshqa yo‘li qolmadi».
Bir gal u bardosh bera olmadi ham. Umrida bunday jahli chiqqan emas. Nazoratchi kirib kelib tepkanda uning giribonidan shappa olganini o‘zi ham sezmay qoldi. Yoqalashib, tepkilashib, yerga yiqilgach, bir-birini bo‘g‘ib, mushtlashib yotishdi. «Frontda bo‘lganingda sen ablahni quturgan itday otib tashlagan bo‘lar edim!» — dedi xirillagan ovozda Abutalip nazoratchi ko‘ylagining yoqasini yirtdi-da barmoqlarini bor kuchi bilan uning bo‘g‘ziga botirdi. Shu on eshikdan yana ikki soqchi kirib kelmaganda tevalashishning oqibati nima bilan tugashini xudo bilardi.
Abutalip keyingi kunigina o‘ziga keldi. Qo‘zg‘alay desa darmon yo‘q, a’zoyi badani zirqirab og‘riydi, ko‘zlari xiralashgan. Birinchi payqagani shipdagi o‘sha yorug‘ elektr lampasi bo‘ldi. Yonida feldsher turibdi.
— Yot, tinch yotaver, bir o‘limdan qolding, — dedi feldsher Abutalipning yaralariga dori surkar ekan,— endi ahmoqlik qilma. Nazoratchiga hujum qildi deb seni hozir ham o‘ldirib qo‘yishlari hech gap emas, it o‘ldimi, odam o‘ldimi — ularning parvoyi falak, sening o‘limingga hech kim javob bermaydi. Tansiqboevga rahmat ayt, unga sening o‘liging emas, tiriging kerak ekan. Qutqarib qoldi. Uqdingmi?
Abutalip nursiz ko‘zlarini shipga qadagancha javob bermadi. Buyog‘i nima bo‘ladi, ertangi taqdiri ne kechadi, — endi unga buning ahamiyati yo‘q edi. Jon og‘rig‘ini u keyinroq sezdi.

O’sha kunlari uning aqli tumanlanib, bir tush ko‘rib yana chala uyg‘onganday sezar edi o‘zini. Ana shunday onlarda Abutalip chaqinday chiroqdan yashirinish, yuz ko‘zini berkitish emas, balki aksincha, o‘zini aqldan ozdirgan, ko‘zni teshib ketadigan yorug‘likka baqrayib qarab qolar, jonini qiynoqqa solgan va bezovta qilgan bu nur kuchiga dosh berib o‘tib, yo‘qlik dunyosiga rixlat qilgan kabi havoda suzib yurganday his qilar edi o‘zini.
Aqli kirdi-chiqdi paytlarida ham uning miyasida o‘tmish bilan bog‘langan nafis hayot rishtasi saqlanib qolgan edi — kishining yurak-bag‘rini ezadigan sog‘inch, oila, bolalar taqdiridan hadiksirash hissi tinchlik bermas edi unga.
Sario‘zakda qolgan oila a’zolari uchun dili tilka pora bo‘lar ekan, Abutalip hayotimda ehtimol biron jinoyat, jazoga arzigulik qandaydir gunoh qilib qo‘ydimmikin deya o‘ylab ketar edi. Lekin javob topa olmas edi. To‘g‘ri, asirga tushgani rost, qurshovda qolgan minglab boshqa harbiylar qatori nemislarda tutqunda bo‘lgani, asirdan qochib kelgani haq. Lekin buning uchun tokaygacha jazolash mumkin? Urush tugaganiga qancha yillar bo‘ldi. Asirga tushganlardan
qanchalarining boshi ketdi, qanchalari qamoq, quvg‘inga uchradi; qolganlarining ham to‘ridan go‘ri yaqin bo‘lib qoldi. Hokimi mutlaqlar esa hamon qasos olish shahdidan qaytmaydilar. Bo‘lmasa bu azob-uqubatlarni qanday tushunish mumkin? Abutalip javob topmaydi-da, xayol sura ketadi; yaxshi kunlar kelib qolar, tushunmovchilik bo‘pti deb aytishar; o‘shanda u, Abutalip Quttiboev hamma hammasini unutadi, kek saqlamaydi, uni tezroq bo‘shatib yuborishsa, tezroq uyga javob berishsa bas, o‘shanda u bolalari, oilasiga tomon Sario‘zakka, Bo‘ronli bekatiga qarab chopadi, yo‘q, qanot bog‘lab uchadi, axir u yerda o‘g‘illari Ermek bilan Dovul, xotini Zaripa ko‘zlari to‘rt bo‘lib kutib o‘tirishibdi, axir Zaripa bolalarini qush poloponlarini qanoti tagida asraganday cho‘lning izg‘irinlari-yu qorlaridan avaylab, bag‘riga bosib o‘tirar, erining kelishini xudodan so‘rab, goh yig‘lab, goh ovunib, tepasi bilan yer qazib, tirikchilik qilib yuribdi-ku!
Qayg‘u alamidan ho‘ngrab yig‘lab yubormaslik, aqldan ozib jinni bo‘lib qolmaslik uchun Abutalip o‘zini o‘zi aldab, shirin xayolga cho‘madi — Hech qanday gunohi yo‘q ekan deb uyga qo‘yib yuborishsa-ya? Shunda u yuk ortgan poezdning uzangisiga osilib bo‘lsa ham Bo‘ronli bekatiga yetib oladi, poezddan tushishi bilan uyiga chopa ketadi, xotini bilan o‘g‘illari ham shamolday yelib kelib otasining bo‘yniga osilishadi. Biroq bu totli xayol uzoq cho‘zilmadi, kayf tarqaganday u yana o‘sha barak hayotiga qaytdi — Abutalipning o‘zi yozib olgan «Sario‘zakdagi o‘lim jazosi» deb atalgan afsona voqeasi o‘zining boshiga tushdi shekilli — qatl qilingan ona bilan otaning qiynoqlarida, ularning chaqaloq bilan vidolashishlarida o‘zini ko‘rganday bo‘ldi. Abutalip uchun ayriliq qatl qilganday gap edi. Axir faqat o‘limgina ota-onalarni bolalaridan judo qila oladi, ha boshqa hech kim va hech narsa judo qila olmaydi. Ana shunday alamli damlarda Abutalip sassiz yig‘lar, toshga yoqqan yomg‘ir tomchilariday yuziga tomayotgan ko‘z yoshlarini tiyishga ojiz edi. Qon kechib yurgan urushda ham bunchalik qiynalgan emas, u o‘sha paytlarda so‘qqabosh yakka yolg‘iz yigit edi- da; endi bo‘lsa yolg‘iz emas, ayoli, farzandlari bor. Hayotining ma’no-mazmuni bolalarda ekanligiga mana endi ishonch hosil qildi; har kim o‘zicha baxtli, bolalarning bo‘lishi baxt, bo‘lmasligi esa fojea ekan. U yana shu narsaga ham ishonch hosil qildiki, hayotning mazmunini, hayotning so‘nggi soatida yorug‘lik dunyosidan zulmat dunyosiga rixlat oldidan hisob-kitob qilar ekan bandasi. Hayotning bosh yakuni farzandlardir. Ehtimol, tabiat qonuni shundaydir: ota- onalarning hayotlari o‘z pushtlarini voyaga yetkazishga sarf bo‘larkan. Ota yoki onani bolalardan ayirish, uni otalik (yoki onalik) burchidan mahrum qilish — bu esa niyat-maqsadsiz yashashga mahkum etish demakdir. Mana shunday o‘ylar tungi chaqinday aqlni yoritib o‘tganda umidsizlikka tushmaslik mumkin emas edi; bola-chaqalari bilan ko‘rishishni orzu qilar ekan, Abutalip hayajonga tushib, umidlarining puch ekanligiga va ahvolining mushkulligiga yana bir karra ishonch hosil qildi. Sog‘inch kun sayin avj olib, uning dilini lol, qaddini dol qila bordi. Umidsizlik tik tog‘ yon bag‘rida to‘plana borgan ho‘l qor kabi jamg‘arilganki, sal bo‘lsa hamma narsani o‘pirib vayron qilib ko‘chib ketishi hech gap emas… KGBning tergovchisi Tansiqboevga xuddi ana shu kerak edi, u reja bilan, sobitqadamlik bilan shunga erishdi, Tansiqboev tepadagi boshliqlari bilan kelishib olib urush davrida asirga tushgan Abutalip Quttiboev Angliya- Yugoslaviya agentlariga xizmat qilgan va Qozog‘istonning uzoq rayonlaridagi aholi orasida buzg‘unchilik ishlari olib borgan degan jinoiy ish qo‘zg‘adi. Ha, Quttiboevga ana shunday ayb qo‘yilgan edi. Hali jinoyatning ba’zi bir tafsilotlarini aniqlash va darajasini belgilash yuzasidan ish olib borish, Abutalip Quttiboevni jinoyatni to‘liq bo‘yniga olishga majbur qilish kerak edi, eng muhimi shu ediki, ayblov siyosiy jihatdan o‘ta dolzarb, Tansiqboev esa nihoyatda ziyrak, o‘z vazifasi yo‘lida g‘ayrat-shijoat bilan xizmat qiladi deb topilgan. Bu jinoiy ish Tansiqboev hayotida katta muvaffaqiyat bo‘lsa, Abutalip Quttiboev uchun qopqon, halokat halqasi edi, chunki jinoyatga bunday dahshatli ta’rif berilganda ayblanuvchi bo‘yniga qo‘yilgan jinoyatlarga to‘la iqror bo‘lishi shart va bu boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas edi. Masala allaqachon butunlay hal qilingan, ayblov hukmi jinoyatning shak-shubhasiz dalili bo‘lib xizmat qilar edi. Shuning uchun Tansiqboev o‘z tashabbusining nima bilan tugashi haqida tashvish tortmasa ham bo‘lardi. O’sha yili qish paytida u yuqori mansabga ko‘tarildi.
Ilgari xizmat yuzasidan arzimagan kamchilikka yo‘l qo‘ygani uchun bir necha yil mayorlikdan yuqoriga o‘ta olmadi. Mana endi oshig‘i olchi — Abutalip Quttiboevning ishiga o‘xshagan ishlar chekka rayonlarda har doim ham bo‘lavermaydi. Bir omadi chopib qoldi-da!
Ha, aytish mumkinki, 1953 yilning fevral oyida tarix Tansiqboevga kulib boqdi, go‘yo butun mamlakatning tarixi faqat uning manfaatlariga xizmat qilganday bo‘ldi. U tarixning bu ezgu in’omini ongi bilangina emas, balki ichki sezgi bilan ham his etar edi, axir uning xizmatlariga katta ahamiyat berishib, lavozimini va obro‘-e’tiborini ko‘tarishmoqda, bundan u to‘lqinlanib ruhan yengil tortmoqda. Ko‘zguga qarab ba’zan o‘zini tanimay qoladi — uning lochinning ko‘ziday chaqnagan ko‘zlari ko‘pdan beri bu qadar mamnun porlagan emas, u yelkasini qoqib qaddini rostlar, mamnunlikdan sof rus tilida xirgoyi ham qilib qo‘yar edi:
«Biz ertakni haqiqatga aylantirish uchun tug‘ilganmiz». Xotini erining orzulariga sherik bo‘lganidan kayfiyati yaxshi edi va payti kelgan joyda «Mayli, yaqinda biz ham o‘z ulushimizni olamiz», deb qo‘yar edi. Yuqori sinfda o‘qiydigan, komsomol faoli bo‘lgan o‘g‘li ham, gapga kirmasa ham, ardoqli orzular og‘ushida «Ota, kenja polkovniklik bilan tabriklash muddati yaqinmi?» deb so‘rab qolardi. Ha, bunday savollarning berilishi bejiz emas edi.
Gap shundaki, yaqindagina, bundan yarim yilcha oldin Olmaotada yopiq sud protsessi bo‘lib o‘tdi, harbiy tribunal bir guruh qozoq burjua millatchilarini sud qildi. Mehnatkash xalqning ana shu dushmanlariga qaqshatqich zarba berildi.
Ikkitasi oliy jazoga tortildi — qozoq tilida yozilgan va la’nati patriarxal feodal o‘tmish yangi voqelikka zarar yetkazadigan qilib ideallashtirilgan asarlar yozgani uchun otishga hukm etildi. Fanlar akademiyasi til va adabiyot institutining ikkita ilmiy xodimi yigirma besh yildan, qolganlari o‘n yildan badarg‘a qilindi. Eng muhimi shunda ediki, sudlov protsessi munosabati bilan burjua millatchilarini fosh etish va shafqatsiz ravishda tugatishda bevosita ishtirok etgan maxsus xodimlarga markazdan yirik davlat mukofotlari kelgan edi. To‘g‘ri, bu mukofotlar yashirin taqdim etilgan edi, bu esa bu rag‘batlantirishning ahamiyatiga hech ham putur yetkazmas edi. Topshiriqlarni namunali ado etganlik uchun navbatdagi unvonlarning muddatidan oldin berilishi, ordenlar hamda medallar bilan mukofotlanishi, yirik pul mukofotlari, buyruqlarda tashakkurlar e’lon qilinishi kabi iltifotlar hayotni juda-juda bezar edi, yaxshi xizmat qilganlarga yangi kvartiralar berilishi o‘ta o‘rinli bo‘ldi. Bularning hammasi odamlarning belini baquvvat, ovozini baland, qadamini ishonchli qilar edi.
Tansiqboev unvonlari ko‘tarilgan va mukofotlanganlar jumlasida yo‘q edi, lekin hamkasblarning tantanalarida faol qatnashdi. U xotini Oykumush bilan ikki kunning birida yangi unvonlar, ordenlarni «yuvishda», hovli to‘ylarida ishtirok etishardi. Ketma-ket bayram ziyofatlari yangi yil arafasidayoq boshlangan edi, ziyofatlar bir-biridan to‘kin, bir-biridan tantanali o‘tar edi. Mehmonlar Olmaotaning sovuq va nim qorong‘i ko‘chalaridan so‘ng yangi iliq kvartiralarga kirdi deguncha do‘stlarning jo‘shqin quchog‘iga otilishadi. Mehmonlarni mezbonlar ostonalardanoq samimiy iltifot va mehribonlik bilan kutib olishadiki, asti qo‘yavering. Qadrdon do‘stlar to‘kin dasturxon atrofida miriqib kayfu safo qilishadi, yuragini yozishadi. Bu o‘tirishlar yangi baxt quchgan imtiyozli amaldorlarning bayramlari edi. Urush yillarining ochligi va qashshoqligi hali esdan chiqib ham ulgurmagan paytlarda to‘kinchilik, maishat avjida edi. Bu yerda, chekka o‘lkada qimmatli noyob konyaklar, billur chilchiroqlar, nafis xorijiy chinni va billur buyumlar endi-endi modaga kira boshlagan edi. Shipdagi ko‘zni qamashtiradigan qandillar, oppoq dasturxonlar ustidagi urushda o‘ljaga tushgan nemis servizlari kishini mahliyo qilar, kayfiyatini ko‘tarar edi; go‘yo hayotning butun mazmuni ana shu chinni-billurlarda jam bo‘lganday, dunyoda bundan bo‘lak e’tiborga sazovor narsa yo‘qday tuyular edi.
Ostonadan kirishingiz bilan dimog‘ingizga gup etib toamlarning hidi uriladi. Xilma-xil ovqatlar orasida toychoq go‘shtidan tayyorlangan qazixon to‘ra alohida hurmatga sazovor. Dasturxonni ko‘rib mehmonlarning ko‘zi o‘ynaydi. Lekin mehmondorchilik faqat yeb-ichishdangina iborat emas-da, yemoqning qusmog‘i bor deganday qorinni qappaytirish o‘z yo‘liga, ulfatchilikning yana bir qoidasi bor — og‘izni ko‘pirtirib kimnidir maqtab so‘z aytilmasa, qutlovlar bo‘lmasa, qadah ko‘tarilmasa, suxandonlik, so‘zamollik qilinmasa, o‘tirish o‘tirish bo‘lmaydi. Bu taomil o‘ta yoqimli bo‘lishi barobarida sirli hamdir, kishi dilida tuyib yurganini kayf ustida to‘ka soladi, ayni paytda so‘z tagida so‘z bor deganday gapga boshqacha to‘n kiydiriladi. Bir-birini ko‘raolmaydiganlar bir zumda hasadni unutib iltifot yo‘lini tutayotganday — kishilardagi rashk o‘rnini do‘stlik olganday, riyokorlik endi samimiyatga aylanganday bo‘ladi. Bu gal qadah aytganlar birpasda o‘zgarib ketgan kabi og‘zi maqtovdan bo‘shamadi, so‘z olgan notiq oldingilardan aqlliroq, eng muhimi chechanroq sayradi, ayni vaqtda muxoliflarini so‘z bilan turtib ham ketdi. Qisqasi bu ziyofatni mehmondo‘stlik va chechanlik musobaqasi desa bo‘lardi. O’ljaga tushgan qandillar osig‘lik yangi uyda qanchadan-qancha rang-barang qadahlar tovus yanglig‘ parvoz qilmadi, qancha ravon so‘zlar daryo bo‘lib oqmadi ulfatlarning diliga zavq-shavq bag‘ishlab. Endigina kenja polkovnik unvonini olgan qozoq yigitining aytgan qadahi Tansiqboev bilan xotinini, ayniqsa hayajonga soldi — tantanavor suratda o‘rnidan turar ekan, u shu qadar shaxt bilan kuyib pishib gapirdiki, go‘yo taxtga o‘tirayotgan qirol rolini bajarayotgan artist deb o‘ylaysiz uni.
— Aziz do‘stlarim! — so‘z boshladi u, o‘tirganlarga viqor bilan ma’nodor boqar ekan. Go‘yo «mening gapimni jon qulog‘ingiz bilan eshiting» deganday.
— O’zingiz bilasizki, bugun mening bag‘rim butun — baxt dengizida suzayotirman. Tushunib turibsiz. Men gapirmoqchiman. Mening davrim keldi, men gapirmoqchiman. Tushunib turibsiz. Men har doim xudosiz bo‘lganman.

Men komsomolda o‘sganman. Men bukilmas bolshevikman. Tushunib turibsiz. Va men shu bilan juda faxrlanaman. Xudosi mening uchun be’manigarchilikdan boshqa narsa emas. Xudoning yo‘q ekanligini hamma biladi, har bir sovet o‘quvchisi biladi. Lekin men boshqa narsa haqida gapirmoqchiman, men dunyoda xudo bor demoqchiman. Bir daqiqa sabr, kulmanglar, azizlarim. Ha sizlar ey? Meni so‘zidan qo‘lga tushirdik deb o‘ylayapsizlar, yo‘q hech ham qo‘lga tushganim yo‘q. Men inqilobga qadarli mehnatkashlarning zolimlari o‘ylab topgan xudoni nazarda tutayotganim yo‘q. Bizning xudomiz hokimiyatimiz boshlig‘i, gazetalarda yozayotganlaridek, uning irodasi bilan sayyoramizda butun bir zamon boshlandi, va biz g‘alabadan g‘alabaga, butun dunyoda kommunizmning tantanasi sari qadam tashlayotirmiz: bu zamon jilovini qo‘lida tutib turgan bizning dono dohiymiz, tushunib turibsiz, karvon boshimiz bizning qimmatli Iosif Vissarionovichdir! Va biz unga ergashamiz, u karvonni boshlab ketayotir, biz esa uning ortidan borayotirmiz, bir yo‘ldan. Bizdan boshqacha o‘ylaydigan biron kishi yoki kallasida biznikidan boshqa g‘oyalarni ko‘tarib yurgan hech bir kimsa temir Dzerjinskiy bizga vasiyat qilib ketgan jazokor chekist qilichidan qutulib ketaolmaydi. Tushunib turibsiz, Biz dushmanlarga oxirigacha urush e’lon qilganmiz. Ularning nasl-nasabi, oilalari va ularga xayrixoh unsurlar proletar ishi yo‘lida, kuzda xazonrezgini bir joyga to‘plab yoqqanday qirib tashlanadi. Chunki mafkura faqat bitta bo‘lmog‘i kerak, tushunib turibsiz, boshqa mafkura bo‘lishi mumkin emas. Mana biz siz bilan yerni mafkuraviy dushmanlardan, burjua va boshqalardan tozalayapmiz, dushman qaerga yashirinmasin, qanchalik ayyorlik qilmasin, unga shafqat yo‘q. O’rtoq Stalin bizga ta’lim berganidek, tushunib turibsiz, sinfiy dushmanni hamma joyda fosh qilish, dushman agenturasini ochib tashlash, dushmanni yer bilan yakson qilish, xalq ommasining ruhini mustahkamlash — bizning shiorimiz ana shu; men taqdirlangan, menga muddatidan oldin unvon berilgan kunda bundan buyon ham Stalin ko‘rsatgan yo‘ldan og‘ishmay boraveraman, dushman jinoiy niyatlarini fosh qilaveraman deb qasam ichaman, ana shunday kirdikorlari uchun dushman albatta qattiq jazo olajak. Tushunasizmi, bosh millatchilarni biz zararsizlantirdik, lekin institutlarda, muharririyatlarda ularning hamfikrlari yashirinib olishgan. Biroq ular ham bizdan qochib qutula olmaydi va ularga hech qanday shafqat bo‘lmaydi. Bir marta so‘roq paytida bir millatchi menga «baribir sizning tarixingiz boshi berk ko‘chaga kirib qoladi, va sizlar shaytonga o‘xshab tavqi la’natga qolasizlar» desa bo‘ladimi! Tushundingizmi?!
— Bunaqani o‘sha joyida otib tashlash kerak edi!— o‘zini to‘xtata olmay dedi Tansiqboev va jahli chiqqanidan o‘rnidan turib ketdi.
— To‘g‘ri, mayor, men ham xuddi shunday qilgan bo‘lur edim, — uning fikrini quvvatlab dedi kenja polkovnik, — lekin tergov uchun u hali kerak edi va men, tushunib turibsiz, unga: biz boshi berk ko‘chaga kirib qolmasdan oldinoq sen o‘lib ketasan, ablah, dedim. It huradi, Stalinning karvoni o‘taveradi. O’sha manfur millatchiga qaqshatqich zarbani ma’qullab hamma birdan kulib qarsak chalib yuborishdi, hamma barovariga o‘rnidan turib, qadah ushlagan qo‘llarini cho‘zishdi. Dasturxon atrofida o‘tirganlar yoppasiga «Stalin uchun» deb qadah ko‘tarib birvarakayiga ichib yuborishdi. Bo‘shagan qadahlarni bir-birlariga to‘ntarib ko‘rsatar ekanlar, bu bilan ular aytilgan so‘zlarning samimiy ekanligini va o‘zlarining bu so‘zlarga sodiq ekanliklarini isbotlagan bo‘ldilar.
Shundan keyin bu fikrni qo‘llab quvvatlab qancha qo‘shimchalar, qadahlar aytildi. Bu so‘zlar bir-birlariga qo‘shilib, borgan sari ko‘payib, yig‘ilganlarning tepasida talay vaqtgacha aylanib yurar ekan, zaharga to‘la yovvoyi arilar galasi singari yashirin g‘azab va qahr tashir edi.
Tansiqboevning dilida esa po‘rtana o‘ynab fikrlarini qo‘zg‘ab yubordi, uning o‘z qat’iyatligi to‘g‘ri ekanligini yana bir bor isbotladi, gap ziyofatda, tesha tegmagan mulohazalar aytilganida emas, aksincha, o‘zining hayoti hamda ko‘p sonli xizmatdoshlarining hayoti, qolaversa tevarak-atrofdagi doiralar hayoti uzluksiz xezlashlar, shiddatli sinfiy kurash oqimida davom etar va shu ma’noda kurash mutlaq o‘rinli deb hisoblanar edi. Lekin bu asnoda maxfiy bir muammo bor edi. Kurashni mudom jo‘shga keltirish uchun yangidan yangi muxoliflar, raqiblar, fosh qilinishi lozim bo‘lgan oqimlar kerak edi; shu borada ko‘p narsalar, hatto butun-butun xalqlarni Sibir hamda O’rta Osiyoga o‘lim bilan barobar surgun qilishgacha bo‘lgan barcha usullar sinovdan o‘tgan, nihoyasiga yetkazilgan edi; shu ma’noda chekka milliy o‘lkalarda o‘z vaqtida ish bergan eski usul — burjua feodal millatchilikda ayblash yo‘li bilan dalalardan «yalpi hosil» olish borgan sayin qiyin bo‘la bordi. Biron kishining mafkuraviy jihatdan shubhali ekanligi haqida arzimas «yumaloq» xat keldi deguncha o‘sha kishi bilan birga qarindosh-urug‘lari jazoga mustahiq etilaverilgandan keyin odamlar usta bo‘lib ketishdi — millatchilikda ayblashga olib keladigan so‘zlarni gapirmaydigan, yozmaydigan bo‘lib qolishdi. Aksincha, ko‘plar shu qadar ehtiyotkor, bir cho‘qib yetti qaraydigan bo‘lib ketishdiki, har qanday milliy qadriyatlarni baralla inkor etishga, hatto ona tilidan voz kechishgacha bordilar. Men faqat Lenin tilida gapiraman va shu tilda fikr yuritaman deb turgan kishini qo‘lga tushirib ko‘rchi! Xuddi ana shu yangi, yashirin dushmanlarni fosh etish bo‘yicha kurashni avj oldirish qiyin bo‘lib qolgan, voqea-hodisalar kamayib ketgan davrda tasodifiy bo‘lsa ham har holda mayor Tansiqboevning omadi keldi. Bo‘ronli bekatidan Abutalip Quttiboev nomiga kelgan «yumaloq xat» unga ikkinchi darajali material sifatida jiddiy tekshirib ko‘rish uchun emas, faqat tanishish uchun berilgan edi. Biroq Tansiqboev paytni boy bermadi. Burni biron hid sezganday edi. Tansiqboev erinmadi, masalaning mohiyatiga yetish uchun Sario‘zagigacha yetib bordi, mana endi ko‘rib turibdi — bir qaraganda arzimasday tuyuladigan material yaxshiroq ishlov berilsa, durustgina ahamiyat kasb etishiga ko‘zi yetdi. Hammasi ko‘ngildagiday chiqsa, rag‘batlantirishga kelganda tepadagilar Tansiqboevni ham chetlab o‘tmasligi ko‘rinib qoldi. Bunday ishlarning qanday yuzaga kelishini va qanday samaralar berishini u bilmaydi deysizmi, shu bugungi tantanaga, shu bugungi ziyofatga o‘zi guvoh bo‘lib turibdi-ku! O’ziga yaxshi tanish odamlar davrasida yursa kam bo‘lmaydi — Xudo kabi qudratli hokimiyatga imon e’tiqodi bilan astoydil xizmat qilgan va bugun stoli ham, shipi ham billurdan egilgan baxtiyorlar hayoti buni yana bir bor isbot etmayotirmi? Lekin qudratli hokimiyatga yetishishning faqat bir yo‘li bor — u ham bo‘lsa niqoblanib olgan dushmanlarni topish va fosh etishda unga tinimsiz fidokorona xizmat qilish, buning uchun turli vositalardan, jumladan «qora» yo‘llardan tap tortmaslikdir.
Dushmanlar jumlasidan esa asirda bo‘lib kelganlarni, ayniqsa, sezgirlik bilan kuzatib borish kerak edi. Bundaylar ikki hissa dushman edilar, chunki ular taslim bo‘lmasliklari, balki o‘lishlari va shu yo‘l bilan hokimiyatga mutlaq sodiq ekanliklarini namoyish etishlari kerak edi, hokimiyat fuqarolardan urushda o‘lsa ham asirga tushmaslikni talab qilar edi. Kim taslim bo‘lsa u jinoyatchidir. Bunday jinoyat uchun ana shunday jazo berilishi hamma uchun, barcha zamonlar, barcha avlodlar uchun ogohlantirish bo‘lib xizmat qilishi kerak edi. Dohiyning — Xudo yanglig‘ qudratli hokimiyatning ko‘rsatmasi ana shunday! Tbr /ergov qilinayotgan Quttiboev esa xuddi ana shunday harbiy asirlardan, shu bilan birga uning ishida juda muhim kerakli jihati, o‘ta dolzarb tomoni bor — agar Quttiboevga shu masalada kichkinagina bir faktni bo‘lsa ham tan oldirilsa bormi, bu fakt, kichkinagina mix o‘z o‘rnida muhim vazifani bajargani kabi Yugoslaviyaning Stalin ma’qullamagan taraqqiyot yo‘lini tanlagan Tito-Rankovich buzg‘unchi to‘dasining xiyonatkorona rejalarining tub mohiyatini fosh qilishdek ulkan ishda yordam berishi mumkin. Obbo, orzuga ayb yo‘q ekan-da? Urush allaqachon tugagan. Ular esa ajralib chiqib mustaqil yo‘l tutishmoqchi. Bunaqasi bo‘lmaydi! Stalin bu g‘oyaning kulini ko‘kka sovuradi. Bunda kichkinagina fakt misolida bo‘lsa ham xiyonatkorona buzg‘unchilik g‘oyalari Yugoslaviyada allaqachonlar urush yillaridayoq partizan komandirlari orasida paydo bo‘lganini va bunda Angliya maxsus xizmatlarining bevosita ta’siri borligini yana bir bor isbot qilish ortiqchalik qilmaydi. Abutalip Quttiboevning esdaliklarida yugoslav partizanlarining inglizlar bilan uchrashganliklari to‘g‘risida gap ketadi. Demak, Quttiboevdan hozir talab qilinayotgan narsani tan oldirishga majbur qilish uchun hamma asoslar bor. Binobarin, shunday ekan, har qanday qilib bo‘lsa ham bunga erishmoq zarur. Ana shu sario‘zaklik yozag‘onni kerak bo‘lgan hamma narsani har qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham to‘kib solishga majbur etish shart. Axir, siyosatda har qanday qo‘shimcha material ish beradi. Arzimaydigan kichik bir misol ham kerak bo‘lib qolishi, g‘oyaviy bellashuvda dushmanni batamom yakson qilish uchun otiladigan tosh bo‘lib xizmat etishi mumkin. Demak, o‘sha toshni, ramziy bo‘lsa ham, hatto kichkinagina toshni topish, qo‘lga kiritish, qo‘lga kiritganda ham Xudo kabi qudratli hokimiyat qo‘liga o‘zi bo‘lmasa ham boshqa biron kishi orqali, gazetalarda yozganlaridek, buzg‘unchi Tito hamda uning yugurdagi Rankevichning malaylariga uloqtirish uchun samimiy topshirish muammosi kelib chiqar edi. Toshingiz kichikroq ekan deb qabul qilmasliklari mumkin, lekin astoydil qilingan mehnat inobatga o‘tadi. Qarabsizki, hozir dasturxon atrofida o‘tirganlar uning uyiga ham borishadi, uning uyida ham quling o‘rgilsin munosabat nishonlanadi. Axir hayotning mazmuni baxtdadir, muvaffaqiyat esa baxtning boshidir.
O’sha mehmondorchilikda o‘tirib lochin ko‘zli Tansiqboev ana shu haqda o‘yladi, u dasturxon atrofida boshqalar bilan suhbat qurar ekan, ehtiroslar-u istaklar og‘ushida tog‘ daryosida suzayotganday his qilar edi o‘zini. Faqat xotini Oykumush erining fe’lini yaxshi bilganidan Tansiqboev dilida qandaydir bir fikr paydo bo‘layotganini, uning kechasi ovga chiqib, o‘z o‘ljasini sezib qolgan dahshatli yirtqichga o‘xshab hamlaga tayyorlanayotganini payqab qoldi. Xotini erining bu holatini ko‘zlaridan bildi — uning lochin ko‘zlari bir g‘azabga to‘lsa, bir bo‘zarib ketar edi. Shundan so‘ng erining qulog‘iga pichirladi: «hamma bilan birga turaylik. Keyin to‘g‘ri uyga ketamiz» — dedi. Tansiqboev «xo‘p» deganday boshini istar istamas irg‘ab qo‘ydi. Odamlarning oldida e’tiroz bildirish odobdan emas, lekin e’tiroz bildirsa ham bo‘larkan. Uning miyasida yangi-yangi rejalar pishib yetildi. Axir yugoslav partizanlari orasida Quttiboev bilan birga boshqa ko‘pgina asirlar ham bor edi, bugun kunjak-kunjaklarda yashab turgan ana shu asirlar ham nimalarnidir bilishlari, nimalarnidir xotirlashlari mumkin. Quttiboevni ana shulardan eng faollarini aytib berishga majbur qilish mumkin. Materiallarni yaxshilab tekshirib ko‘rish zarur, ertaning o‘zidayoq tegishli materiallar olish uchun joylardan rasmiy xat talab qilish lozim. Yoki Quttiboevning o‘zi mumkin qadar ertaroq markazga borib kelishi kerak. Materiallarni qidirib topish, sinchiklab ko‘zdan kechirib tegishli xulosalar chiqarish, Quttiboevni esa chiqarilgan xulosalarga imzo chekishga majbur etish darkor. Shundan so‘ng Yugoslaviyada jang qilgan sobiq harbiy asirlarga Quttiboev tasdiqlagan ko‘rsatmalar asosida ayb qo‘yish, ana shu shaxslarni faktlarni oxirigacha aytib bermaganlikda, Sovet Ittifoqiga qaytarish bo‘yicha komissiyadan o‘tayotganda yugoslav buzg‘unchilarining xiyonatkorona kirdikorlarini yashirganlikda ayblab yana javobgarlikka tortish zarur. Bunday odamlardan yuzta emas, mingta emas, ko‘proq topsa bo‘ladi, ular so‘roq tegirmonidan o‘tkazilgach lagerlarga tiqib tashlansa, vassalom, ish bitadi (Bu g‘oyani maxfiy xat shaklida shipshitib qo‘ygan ma’qul).
Yegulik ichkilik badastir dasturxon atrofida o‘tirganida xayoliga kelgan fikrdan Tansiqboevning kayfiyati ko‘tarilib, yana ichkisi, yegisi, qo‘shiq aytgisi, yonida o‘tirganlarning jig‘iga tekkisi va mamnunlik hamda o‘z hayotida qandaydir yangi bir burilish sezganidan qah-qah urib kulgisi keldi. U o‘tirganlarni sirli nigoh bilan ko‘zdan kechirdi, axir ularning hammasi qon-qardosh va shuning uchun bo‘lsa kerak, o‘ta dilkash odamlar bo‘lib ko‘rindi, lekin ana shu jonajon kishilar Tansiqboevning miyasida buyuk g‘oyalar tug‘ilayotgan paytda o‘tirganlarini xayollariga ham keltirishmas edi. Bu orzu-xayollar og‘ushida uning kallasida qon tez yurishib ketgan, mamnunlikdan yuragi tezroq va kuchliroq ura boshlagan edi.
Ana shu reja amalga oshsa xizmat yuzasidan kattaroq mansabga minishi turgan gap. Bu oqilona va mantiqiy reja edi: yashirinib yotgan dushmanlarni qanchalik nobud qilsang, o‘zing shunchalik ko‘p yutasan. Bunday istiqboldan dil qanot bog‘lar edi. Va u iftixor bilan dildan o‘tkazdi: «Aqlli kishilar ana shunday ish tutadilar. Har qanday g‘ovlar bo‘lganda ham men yarim yo‘lda to‘xtab qolmayman». Birdan ishga kirishib ketgisi keldi — Hozir garajdan mashina chaqirsa, Abutalip Quttiboev qamalib yotgan izolyatorga g‘izillab borsa-yu zudlik bilan ishni boshlab yuborsa, vaqtni boy bermasdan o‘sha yerning o‘zida, kamerada so‘roq qilsa, so‘roq qilganda ham xiyonatkorning o‘takasini yorib so‘roq qilsa.
Ish yakunining boshqacha bo‘lishi mumkin emas: Quttiboev aybini bo‘yniga oladi, ingliz-yugoslavlarning topshiriqlar berganini tan oladi, u bilan partizanlar safida bo‘lgan barcha kishilarni nomma-nom aytib beradi. 85-moddaning 1-«b» bandi bilan 25 yil qamoqqa hukm qilinadi. Tan olmaydigan bo‘lsa vatanga xiyonat qilganlikda, xorijiy maxsus xizmat mahkamalari bilan josus sifatida hamkorlik qilganlikda va mahalliy aholi o‘rtasida mafkuraviy qo‘poruvchilik ishlari olib borganlikda ayblanib otib tashlanadi, vassalom, yaxshiroq o‘ylab ko‘rsin.
O’z rejalarini amalga oshirish yo‘llari haqida bosh qotirar ekan, Tansiqboev ko‘p jihatlar — so‘roqning qanday kechishi, Quttiboevning o‘zini qanday tutishi, uni tiz cho‘ktirish uchun qanday choralar ko‘rish kerakligi haqida ham o‘ylab qo‘ydi, shu bilan birga Quttiboev yashashni xohlasa, uning hech qayoqqa qochib qutilmasligini, boshqa yo‘li yo‘qligini ham yaxshi bilar edi. Turgan gap, o‘zini oqlash uchun tish-tirnog‘i bilan harakat qiladi, «mening hech qanday gunohim yo‘q, yugoslav partizanlari bilan birgalikda qo‘limga qurol olib urushayotganda asirga tushganimning o‘zi gunohimni yuvib ketadi, yarador bo‘lganman, qon to‘kkanman, urush tugagandan so‘ng komissiya meni vatanga qaytargan, urushdan keyin esa halol mehnat qildim va hokazo va hokazo» deydi. Bularning hammasi safsata. Uning hayoti katta bir siyosiy ish qo‘zg‘atish uchun kerak. Tansiqboevga kunini zo‘rg‘a ko‘rib yurgan muallim Quttiboev emas, balki qancha odamlarni turmaga tiqishga yordam beradigan Quttiboev kerakligini u sho‘rlik qayoqdan bilsin. Mamlakatning kunjak-kunjaklarida yashirinib olgan davlat dushmanlarini birin-ketin nobud qilishda Quttiboev ish berishi mumkin. Davlat manfaatlaridan ustun turadigan hech narsa yo‘q. Ba’zi birovlar odamlarning hayoti ustun turadi, deb o‘ylashadi. Bu tentaklik. Davlat shunday o‘choqki, unda faqat odamlar yonishi kerak. Aks holda bu o‘choq o‘chib qoladi, shundan keyin uning keragi bo‘lmaydi, lekin xuddi shu odamlarning o‘zlari davlatsiz yashay olishmaydi. Ular o‘zlarini o‘zlari yoqadilar. Go‘laxlar esa o‘tin yetkazib berishlari shart. Azaldan shunday.
Tansiqboev o‘z fikrini darrov o‘qib oladigan xotinining yonida o‘tirgan bo‘lsa ham, umumiy suhbatga aralashib atrofdagilarning so‘zlarini ma’qullab turdi. Shu bilan birga partiya maktabida miyasiga quyilgan klassik ta’limotlarni eslab faylasufona fikr yuritar va odam bolasining naqadar murakkab xilqat ekanligiga ich-ichidan tahsinlar o‘qir edi. Mana, masalan, uning o‘zi mehmondorchilikda o‘tiribdi, uning fikri-zikri ulfatchilik qilishda deb o‘ylash mumkin, aslida esa boshqa narsa haqida xayol surib o‘tiribdi. Uning nimalarni mo‘ljalga olayotganini, qanday rejalar tuzayotganini kim aytib bera oladi deysiz. Jimgina ulfatchilik qilayotgan odamning miyasida ulkan tadbirlar rejasi yetilayotganini hozircha hech kim bilishga qodir emas edi, vaqti kelib bu rejalar amalga oshsa bormi, odamlarni Tansiqboev o‘z oldida, o‘zi orqali esa Xudoday qudratli hokimiyat oldida tiz cho‘kib o‘rmalashga majbur qiladi. Qudratli hokimiyatning hammani dahshatga soladigan shoh supasiga olib chiqadigan ko‘pdan-ko‘p zinalaridan biri Tansiqboevning o‘zi edi, lekin bu pog‘onalarning son-sanoqsiz emasligini u yaxshi bilar edi. Tansiqboev shular haqida o‘ylar ekan, tansiq taomni ko‘rganday yoki jinsiy aloqa oldidan jazavasi qo‘ziganday jismonan rohatu faraq topar edi. Tansiqboev har bir qadah ko‘targan sari tomirlarida qon tobora ko‘proq jo‘shga kirib, rejalarini tezlashtirishga undadi, lekin o‘zini sal bosib olishga harakat qilgan bo‘lsa ham mo‘ljallarini ertagayoq amalga oshira boshlashga qaror qildi.
Tansiqboev mo‘ljalga olingan ishning ikir-chikirlarini taroziga solar ekan, maqsadlarining puxtaligidan, rejalarining mantiqiyligidan qoniqish hosil qildi. Shunday bo‘lsa ham nimalardir yetishmayotganday, qandaydir dalillar, jinoyat belgilari ishga solinmayotganday, yetarlicha mag‘zi chaqilmaganday, yana ba’zi bir jihatlarini oxirigacha yaxshilab o‘ylab ko‘rish kerakday tuyulaverdi.
Masalan, aytaylik, Quttiboev manqurt haqida nimalarnidir yozgan. Bu yozuvlarda qandaydir sir bo‘lishi mumkin. Manqurt! Aql hushidan judo qilingan manqurt o‘zining onasini o‘ldirib qo‘yadi. Ha. Bu albatta qadimiy afsona, lekin bu afsonani tilga olar ekan, Quttiboev nimalarni nazarda tutdi ekan? Bo‘lmasa bu rivoyatni nega bunchalik hafsala bilan ipidan ignasigacha yozadi? Ha, manqurt, manqurt… Bunda nimadir bo‘lishi kerak, agar majoziy ma’noda bo‘lsa nimalarni nazarda tutdi ekan? Eng muhimi Quttiboev o‘zining g‘alamislik maqsadlarida manqurt tarixidan qanday qilib, qanday shaklda foydalanmoqchi bo‘lgan? Tansiqboev manqurt haqidagi afsonada mafkuraviy tomondan qandaydir shubhali jihatlarni elas-elas payqaganday bo‘lsa ham jinoyatni Quttiboevning bo‘yniga qo‘yish uchun hali to‘la ishonchga ega emas edi. Bordi-yu bu afsonani, ko‘p hollarda bo‘lgani kabi, xalqqa qarshi qaratilgan afsona deb e’lon qilib turib, uni shundan so‘ng javobgarlikka tortsa, nima bo‘larkin? Biroq buning uchun esa Tansiqboevda vakolat, bilim yetishmas edi, — buni u yaxshi tushunar edi, qandaydir olimni yordamga chaqirishga to‘g‘ri keladiganga o‘xshaydi, Aytaylik, burjua millatchilarini fosh qilish masalasi (bugungi ziyofat ana shu munosabat bilan uyushtirilgan) xuddi shu yo‘l bilan hal qilinar edi. Bir guruh shubhali kishilar fosh etiladi, shundan so‘ng bilag‘on olimlar boshqa bir olimlarga gij-gijlanadi va ularni millatchilikda, stalincha sotsialistik davrimizga zid o‘laroq o‘tmishni ideallashtirib madh etishda ayblashadi va tegirmonning kechayu-kunduz to‘xtovsiz ishga tushishi uchun shuning o‘zi yetarli edi. Har holda Quttiboevning manqurt tarixini bunchalik sinchkovlik bilan yozishida bir gap bo‘lmasligi mumkin emas. Quttiboevning har bir so‘zini diqqat bilan yana bir karra o‘qib ma’nosini chaqish kerak, bordi-yu zig‘irttay ilinadigan joyi bo‘lsa bas, afsona haqidagi yozuvni ham ishga solish kerak bo‘ladi, bu esa Quttiboevning aybiga ayb qo‘shajak.
Bundan tashqari, Quttiboevning qog‘ozlari orasidan Chingizxon davriga oid «Sario‘zakdagi o‘lim jazosi» nomli yana bir afsona chiqib qoldi. Tansiqboev bu ko‘hna tarixga avvallari ahamiyat bermagan ekan, endi esa birdan shu haqda o‘ylab ketdi. Agar chuqur mulohaza yuritilsa, bu rivoyatda ham qandaydir siyosiy ma’no borga o‘xshaydi.

* * *

09Chingizxon G’arb mamlakatlarini bosib olish uchun son-sanoqsiz oilaviy qo‘shinlariga bosh bo‘lib hadsiz-hududsiz Osiyo kengliklaridan o‘tib borar ekan, Sario‘zak dashtlariga kelganda qotillikka qo‘l urdi: cherik yuzboshisi bilan zardo‘z juvonni — og‘zidan olov purkab turgan ajdaholarning suratlarini zafar bayroqlariga zar bilan tikadigan yosh ayolni osib o‘ldirishga jazm qildi… Shu paytgacha Chingizxon Osiyoning ko‘p qismini bosib olib, o‘g‘illari, nabiralari va sarkardalariga ulus qilib bo‘lib bergan, endi navbat Idil (Volga) ortidagi Yevropaga kelgan edi.
Sario‘zak dashtlari. Kuz. Yozda qurib qolgan ko‘lmaklar va o‘zanlar tinimsiz yomg‘irlardan so‘ng yana suvga to‘lgan — mol-jon uchun suvsizlikdan xavotir olmasa bo‘ladi. Shunday bo‘lsa ham cherik shoshilayotir — yo‘lning eng uzoq, eng qiyin qismi Sario‘zak dashtlaridir.
Har biri o‘n ming jangchidan iborat uch tuman qo‘shin bayroqlarini hilpiratib oldinda bormoqda. Bu qo‘shinlarning naqadar dahshatli kuch ekanligini shundan ham bilsa bo‘ladiki, ot-ulovlarning tuyoqlaridan ko‘tarilgan chang-to‘zon dashtdagi yong‘indan keyin ko‘kka o‘rlagan tutun yanglig‘ ufqda olis- olislargacha osmonni qamrab olgan edi. Kerak bo‘lib qolganda miniladigan uyur-uyur yilqilar, yuk ortilgan aravalar, kundalik so‘yishga mo‘ljallangan suvay chorva mollariga boshchilik qilgan ikki tuman qo‘shin ham orqada osmonning yarmigacha chang ko‘tarib kelmoqda edi. Ana shu besh tumandan tashqari boshqa jangovar kuchlar ham bor edi, lekin ular juda uzoqda bo‘lganidan ko‘rinmas edi — ulargacha yetib borish uchun otda bir necha kun chopishga to‘g‘ri kelar edi. Ґzlari Idilga tomon mustaqil yo‘l olayotgan qo‘shinlar o‘ng qanot va so‘l qanotlarga bo‘lingan — Har bir qanotda uch tumandan qo‘shin bor edi. Qishki sovuq boshlangunga qadarli barcha o‘n bir tuman qo‘shinning sarkardalari Idil daryosi sohilida Xon o‘rdasida uchrashib, oldinga yurish va Idildan muz ustidan o‘tib, shuhrati olamga yoyilgan boy mamlakatlarni bosib olish rejasini tuzishlari kerak edi. Chingizxonning ham, sarkardalarning ham, har bir suvoriyning ham fikri-zikri shunda edi.
Qo‘shinlar hech narsaga alahsimasdan, vaqtni qo‘ldan boy bermay hayallamasdan ilgarilar edi. Yukli aravalarda ayollar ham bor edi; hamma balo shundan chiqdi.
Chingizxonning o‘zi besh yuzta qorovul — xonni yo‘lda kuzatib boradigan navbatchilar hamda yasovullar soqchiligida suzib borayotgan orolga o‘xshab cherik o‘rtasida borar edi. Lekin u boshqalardan bir odim oldinda edi. Rub’i maskunning hokimi o‘z yonida, ayniqsa harbiy yurish paytida yon-verisida chug‘ur-chug‘ur bo‘lishini xo‘sh ko‘rmas, churq etmasdan oldinga ko‘z tikkancha o‘yga cho‘mib borar edi.
Xon Xuba laqabli sevikli yo‘rg‘asida ketayotir: Chingizxon dunyoning yarmisini ana shu otida zabt qilgan, soyning toshiday niq va silliq, to‘shi va yag‘rini keng, yoli oq, dumi qora saman yo‘rg‘alab ketayotganda sag‘risiga suv qo‘ysa to‘kilmaydi deysan. Chidamda va yurishda undan qolishmaydigan va xonning egar-jabduqlari bilan bezatilgan yana ikki chopqir salt otni maxsus sayislar ehtiyotdan yetaklab borishmoqda. Xon ot terlay boshladi deguncha ulovlarni almashtirib turardi.
Chingizxonning a’yonlari xonga sodiq soqchilar, qorovullar va yasovullar yuztadan bitta, mingtadan bitta, tanlab olingan shamshirday o‘tkir yigitlar edi, ularning ostida esa tabiatda siyrak uchraydigan sof oltin yombiday bebaho yuguruk otlar. Yo‘q, bu yurishda eng ajoyib narsa bular emas, boshqa narsa edi. Mo‘‘jizakor narsa yerda emas, ko‘kda, osmonda edi. Chingizxonning tepasida uni oftobdan to‘sib bulut suzib yurar edi. Xon qayoqqa borsa, bulut ham shu yoqqa borar edi. Katta o‘tovday keladigan oq bulut jonli narsaday xon borgan joyiga soya beradi. Bul Ko‘k-Tangrining o‘z jahongir o‘g‘liga marhamati ekanligini kim bilibdi deysiz — osmonda nima ko‘p bulut ko‘p. Biroq Chingizxonning o‘zi buni bilar, zimdan bu bulutni kuzatar ekan, bu Ko‘k-Tangri irodasining nishonasi ekanligiga tobora ko‘proq ishona bordi.
Ana shu bulutning paydo bo‘lishini qandaydir darvesh bashorat qilgan edi.
O’sha devonavash kishi xon huzuriga kirganda tiz cho‘kib xushomad ham qilmadi, uning baxt-omadidan payg‘ambarlik ham qilmadi. Oltinga burkangan o‘tov ichidagi taxtda savlat to‘kib kallasini kibrona ko‘tarib o‘tirgan haybatli hokimi mutlaqning oldida juldur kiyim kiygan, ayollarnikiga o‘xshash o‘sib ketgan sochlari yelkasiga tushgan sersoqol, qorachadan kelgan savdoyi paydo bo‘lib, xonga o‘zining o‘tkir nigohi bilan tikildi.
— Buyuk xoqon, men senga shuni aytmoqchimanki, — dedi u uyg‘ur tilmoch orqali, — Tangri taoloning irodasi bilan senga Arshi a’lodan ayricha nishona ato bo‘lg‘usidir.
Chingizxon kutilmaganda aytilgan bu so‘zdan bir lahza qotib qoldi. Kelgindining aqli joyida emas, yoki so‘zining qanday oqibatga olib kelishini tushunmaydi.
— Bu qanday nishona ekan, buni sen qayoqdan bilasan? — qiziqsindi xoqon jahlini bosib, peshonasi tirishgan bir holda.
— Qayoqdan ma’lum ekanligini aytib bo‘lmaydi, nishonaga kelganda shuni aytmoqchimanki, — sening boshing ustida bulut paydo bo‘ladi va senga ergashib yuradi.
— Bulut?! — Hayratini yashirmasdan xitob qildi Chingizxon qoshlarini chimirib. Atrofdagilarning hammasi xonning jahli chiqayotganini sezib jim qolishdi. Tilmoch qo‘rqqanidan lablari oqarib ketdi — u ham jazodan chetda qolmas edida.
— Ha, bulut,— javob berdi sohibkaromat. — Bu bulut Tangri Taoloning senga oq fotiha bergani, sening bu dunyodagi darajangning buyukligini isbotlagani nishonasidir. Lekin sen bu bulutni avaylab-asrashing darkor, uni yo‘qotsang, kuch-qudratingdan ayrilasan…
Oltin o‘tovda jimlik cho‘kdi. Bunday paytda darg‘azab xoqon har narsa qilishi mumkin, lekin uning ko‘z-yuzlaridan g‘azab gulxani o‘chib borayotgan olovga o‘xshab sekin-asta so‘na boshladi. Dunyo kezib yurgan darbadar folbinni bo‘lmag‘ur so‘zlari uchun jazoga tortsam, ayniqsa, qatl qilsam bo‘lmas, aks holda xonlik sha’niga dog‘ tushirgan bo‘laman deb o‘ylab, jahldan tushdi. Chingizxonning siyrak sarg‘ish mo‘ylovlaridan makkorona jilmaygani sezildi.
— Xo‘b, Tangri Taolo bu so‘zlarni aytishni senga tayinladi deyaylik. Men bunga ishondim ham deya qolay. Endi menga aytib berchi, ey dono mehmon, osmonda o‘ynab yurgan bulutni men qanday qilib avaylab-asrashim mumkin? O’sha bulutni qo‘riqlab yurish uchun osmoni falakka qanotli otlarda navkar jo‘natishim kerakmi? Yo bo‘lmasa navkarlar o‘sha bulutga yugan solib asov otday yetaklab yurishadimi? Qani aytchi, osmonda shamol haydab yurgan bulutni men yo‘qotmasdan qanday olib yurishim mumkin?
— Bu yog‘i sening ishing, men aytadiganimni aytdim, — qisqacha javob berdi kelgindi. Yana hamma rangi o‘chib taxta bo‘lib qoldi, oraga pashsha uchsa eshitiladigan jimlik cho‘kdi,
tilmochning yana rangi oqarib ketdi, oltin o‘tovdagilarning hammasi yer chizib qoldi, es-hushini yig‘ishtirib olmaganidanmi yoki boshqa sababdanmi har holda hech kim o‘zini xonning qilichiga urgan sho‘rlik bashoratchining yuziga tik qaray olmadi.
— Sovg‘asini berib jo‘natinglar, yo‘lidan qolmasin, — dedi Chingizxon bo‘g‘iq ohangda va xoqonning so‘zlari quruqchilikdan qaqrab yotgan tuproqqa tushgan yomg‘ir tomchilari kabi o‘tirganlarning diliga yoqib tushdi.
Chin emas, yolg‘on emas, bu jumboq voqea tezda hammaning esidan chiqib ketdi. O’zini avliyo qilib ko‘rsatadigan afandilar dunyoda oz deysizmi? Biroq o‘sha xorijiy darvesh yengil-elpi o‘ylab, o‘zini o‘limga urgan deyish ham adolatdan bo‘lmasa kerak. Axir u o‘zining kim bilan uchrashganini, nima ish qilganini bilmasligi mumkin emas. Yasovullar xoqon bilan hazillashish mana bunday bo‘ladi deb uni asov otning dumiga boylab qo‘yib yuborsa-chi? hammaning oldida sharmandayi sharmisor bo‘lib o‘ladi-ketadi. Yo‘q, o‘sha dovyurak darbadarning cho‘li biyobonda sherga yuzma-yuz kelganday eng dahshatli va shafqatsiz hokimi mutlaq huzuriga tortinmasdan, iymanmasdan kirishi bejiz bo‘lmasa kerak. Bu jinnilikmi yoki chindan ham Tangrining ishimi? Kunlar o‘tdi, oylar o‘tdi. Ikki yildan keyin o‘sha folbinning gaplari Chingizxonning esiga tushib qoldi.
G’arbga yurish uchun tayyorgarlik azim saltanatning ikki yil vaqtini oldi. Keyinchalik Chingizxon shunga ishonch hosil qildiki, ulkan davlatining hadlarini yanada kengaytirish uchun jon berib-jon olib kurashishga ketgan ana shu ikki yil uning jahonga hukmron bo‘lish, eng oliy maqsadi yo‘lida, yangi yerlar va o‘lkalarni zabt etish yo‘lida kuch va mablag‘lar yig‘ishda eng sermahsul davr bo‘ldi, endi u o‘zini Rub’i maskunning hokimi, xoqonning yengilmas otliq askarlari yetib borgan joylargacha jamiki ro‘yi zaminning sohibi deb e’lon qilsa arzir edi. Dashtlar hokimining asl maqsadi, tarixiy vazifasi oxir-oqibatda hammaga egalik qilish va hammadan qudratli bo‘lish kasaliga mubtalolik edi. Shuning uchun ham Chingizxon saltanatining butun hayoti — Osiyo qit’asining hadsiz hududlarini ishg‘ol qilgan uluslarning hayoti, qattiqqo‘l xoqonning zulmi ostida g‘ing etmaydigan xilma-xil qabila-urug‘lardan tarkib topgan butun aholining hayoti, barcha shaharlarda va dala-dashtlarda yashab turgan boylar hamda yalangoyoq fuqarolarning hayoti, qo‘yingki, kim bo‘lmasin va nima ish qilmasin oxir-oqibatda har bir kishining hayoti boshdan oyoq faqat bir ehtirosga
— iblisona, mangu ochofat hirsga, yangi-yangi yerlarni, yangi-yangi xalqlarni zabt qilish, bo‘ysindirish vazifasiga qaratilgan edi. Va shuning uchun ham hamma yagona niyat yo‘lida xizmat qilar, barcha bir maqsadga bo‘ysungan edi
— u ham bo‘lsa Chingizxonning harbiy kuch-qudratini oshirishdan, boylik jamg‘arishdan, hokimiyatni takomil toptirishdan iborat edi. Yer qa’ridan qazib olingan jamiki boyliklar va tayyorlangan qurol-yarog‘lar, barcha kuchlar hujumga
— Chingizxonning Yevropaga, uning o‘ta boy shaharlariga qiladigan qudratli hamlasi ehtiyojlariga xizmat qildirilgan edi, axir u yerlarda har bir jangchi katta o‘ljaga ega bo‘lajak, u o‘lkalarning qalin yashil o‘rmonlariyu otliqning uzangisidan keladigan yaylovlarida qimiz daryo bo‘lib oqadi, Chingizxonning og‘zidan olov purkab turgan ajdaholarning rasmlari tushirilgan bayroqlari ostida yurish qilib borgan har bir kishi hokimlik nashidasiga sherik bo‘lajak, hamma g‘alaba huzurini ko‘rajak. Buyuk xoqon olg‘a yurish, g‘alaba qilish va yerlarni bosib olishga amr qilgan — amri podsho vojib.
Chingizxon o‘ta darajada omilkor, tadbirkor va oldindan ko‘ra oladigan odam edi. Yevropaga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rar ekan, hamma narsani ikir- chikirigacha chog‘lab, mo‘ljallab qo‘ydi. Sodiq ayg‘oqchilardan, boshqa mamlakatlardan qochib kelganlardan, savdogardan va ziyoratchilardan, darbadar darveshlardan, ishbilarmon xitoylar, uyg‘urlar, arablar va forslardan son-sanoqsiz qo‘shinlarining bostirib borishi uchun zarur bo‘lgan hamma ma’lumotlarni — eng qulay yo‘llar, kechuv-guzarlarni so‘rab bilib olgan edi. Cheriklar o‘tib boradigan joylardagi xalqlarning xulq-atvoriyu urf-odatlari, dinlariyu mashg‘ulotlarini ham o‘rganib olgan. U yozuv-chizuvni bilmas edi va bu kabi axborotlarning hammasini yoddan bilishi, yo‘l bo‘yi uchraydigan narsalarning zarar-foydasini farq qila olishi joiz edi. Ana shundagina ishda tartib bo‘ladi, eng muhimi hamma uchun majburiy temir intizom bo‘lmog‘i kerak. Aks holda muvaffaqiyat haqida so‘z ham bo‘lishi mumkin emas. Chingizxon talabchanlikning susayishiga ham hech yo‘l qo‘ymas edi, uning bosh maqsadiga, ya’ni Yevropani bosib olishga hech kim va hech narsa xalaqit bermasligi shart edi.
Xuddi ana shu paytda Chingizxon o‘zining yangi rejasini joriy qildi — Harbiylarga fuqarolar aralash qo‘shinlarida bola tug‘ilishini taqiqlash to‘g‘risida farmon berdi. Gap shundaki, jangovar suvoriylarning xotinlari bilan yosh bolalari odatda oilaviy aravalarda qo‘shinlarning ketidan ergashib boraverishar edi. Bu an’ana qadim-qadimlarda hayot taqazosi ila rasm bo‘lgan edi — nega deganda son-sanoqsiz ichki nizolar paytida dushmanlar ko‘pgina hollarda vatanda himoyasiz qoldirilgan xotinlar bilan bolalarni qirib bir-birlaridan o‘ch olishar edi. Bunda qabilaning ildiziga bolta urish uchun birinchi navbatda homilador ayollarni qirib tashlashardi. Lekin vaqt o‘tishi bilan hayotda o‘zgarishlar bo‘ldi. Oldinlari bir-birlariga doimo dushmanlik qilib kelgan qabilalar Chingizxon hukmronligi davrida tobora ko‘proq murosai madora qilib buyuk davlat panohida birlashib ketishdi.
Buyuk xoqon yoshlik paytida, hali Chingizxon emas, Temuchin deb atalgan davrlarda qo‘shni qabilalar bilan ko‘p martalab jang qilgan, boshqalarga qahrini o‘tkazgan, o‘zgalardan ham aziyat chekkan, ana shunday hujumlardan birida merkit qabilasi vakillari hujum qilib Chingizxonning suyukli xotini Borteni o‘g‘irlab o‘z hokimiga sovg‘a qilishadi. Chingizxon hokimiyat tepasiga kelgach o‘zaro nizolarga shafqatsizlik bilan barham bera boshlaydi. Bunday nizolar mamlakatni boshqarishga xalaqit berar, davlatning kuch-qudratiga putur yetkazar edi.
Yillar o‘tdi va qo‘shinlarning karvonlardagi oilaviy hayot shakliga asta-sekin ehtiyoj qolmadi. Chunki karvonlardagi oilalar cherik uchun ortiqcha tashvish bo‘lib, keng miqyosdagi harbiy harakatlarni chaqqonlik va epchillik bilan o‘tkazishda, ayniqsa hujum paytlarida va suvlarni kechib o‘tish kezlarida to‘sqinlik qilib qoldi. Ana shuni hisobga olib, hokimi mutlaq qo‘shin ortida karvonlarda ketayotgan ayollarga G’arbga qilingan yurish zafar bilan tugaguncha tug‘ish, bolali bo‘lish qat’iy taqiqlandi. Bu farmon yurish boshlanishidan oldin e’lon qilindi. O’shanda u shunday degan edi:
— G’arbiy mamlakatlarni zabt etaylik, otlarga dam beraylik, shunday keyin karvonlarda yurgan ayollar xohlaganicha tug‘averishsin. O’shanga qadarli mening qulog‘im arava yoki kajavadagi ayol tug‘ib qo‘ydi degan so‘zni eshitmasin.
Chingizxon harbiy g‘alabalarni deb hayotga va Xudoga shak keltirib, tabiat qonunlarini ham rad etdi. Axir homiladorlik xudo amri bilan bo‘ladi-ku!
Fuqarolardan bo‘lsin, harbiylardan bo‘lsin biron jon bu bedodlikka qarshi chiqolmadi va hatto buni xayoliga ham keltira olmadi. Bu davrga kelib Chingizxonning saltanati shu qadar qudratli markazlashgan bir kuchga ega ediki, bola tug‘ishni taqiqlash haqidagi farmon har qancha g‘ayriqonuniy bo‘lmasin, hammaning uni so‘zsiz bajarishdan boshqa iloji qolmagan edi, aks holda jazosi muhaqqaq edi…
Mana o‘n yetti kundirki, Chingizxon G’arbga tomon yurish qilib borar ekan, o‘zida yo‘q mamnun, kayfi chog‘. Bunday qaraganda, buyuk xoqon o‘zini har doimgidek tutyapti, ulug‘ zotlarga xos bir sirli — dam olayotgan shunqorday jiddiy, beparvo. Aslida uning ichki dunyosida bayram: dili zavq-shavqqa to‘la, qo‘shiq xirgoyi qilib borayotir, hatto she’r to‘qib yubordi:

Qor yog‘sada, yomg‘ir yog‘sa-da,

Dovul turib, sel kelsa-da,

Qo‘rchilarim, sergak turib tun bo‘yi,
Ko‘z uzmasdan qo‘riysiz mening uyimni.

Ulug‘ yo‘lda borayotib,

Rahmat aytay qo‘rchilarim.

O’tirg‘izib, taxtga meni siz o‘zingiz,
Siz o‘zingiz.
O’z o‘rdamda yurt so‘rab turganimda,

Yo jang sari quyundek yurganimda,
Meni asrab qo‘rchilarim.
Mendan ko‘z uzmaysizlar.

Shuning uchun ko‘nglim tinchdir,

Xavfim yo‘q.
Borayotib ulug‘ yo‘lda
Rahmat aytay qo‘rchilarim.
Kun-tun demay shay turgan yo‘lbarslarim.

Sizlar borki, men ishonib toqqa qo‘ndim.
Ichi qora, o‘yi nopoklar
Tunga yopinib, yoyini tezlab
Kelar ekan sir bildirmay.

Yo‘l to‘sib
Rosa bering ular jazosin.
Ulug‘ yo‘lda borayotib
Rahmat aytay qo‘rchilarimga.

Chingizxon bu she’rni birovlarga o‘qib bersa yarashmas edi — qamchisidan qon tomgan hokimi hukkomning shoirlik qilishini tasavvur etish amri mahol. Lekin tun demay, kun demay ot ustida yurish o‘zi bo‘lmaydi, charchoq, zerikishga hay berish, yurakni yozadigan, ko‘ngilni ochadigan nimalardir qilish kerak-ku! Qo‘shiq bitsa bitibdi-da!
Chingizxon dilidagi tantananing bosh sababi boshqa — mana o‘n yetti kundirki, uning tepasida oq bulut suzib yuribdi — xon qayoqqa borsa bulut shu yoqqa boradi. Folbinning aytgani to‘g‘ri chiqdi. Yetti uxlab tushga kirmaydi bu. O’sha darvesh sohibkaromatni amiruldashtga katta hurmatsizlik qilganlikda ayblab qatl ettirish hech gap emas edi. Lekin daydi folbin omon qoldi. Demak, qismat shunday.
G’arbga yurish boshlangan birinchi kuniyoq barcha qo‘shinlar, karvonlar, ot- ulovlar, so‘yishga mo‘ljallangan suvay mollar tevarak-atrofda selday oqib borayotgan bir paytda Chingizxon tush paytida charchagan otini yo‘l-yo‘lakay almashtirayotib ko‘kka boqar ekan, o‘zining qoq tepasida ohista suzib ketayotgan, ehtimol, bir joyda turgan kichikroq bulutga ko‘zi tushdi, lekin ahamiyat bermadi: osmonda nima ko‘p — bulut ko‘p.
Soqchilaru yasovullar qurshovida ketayottan xoqon xayolga cho‘mgancha ot ustida o‘tirar ekan, burgut nigohi bilan ko‘p minglik itoatkor qo‘shinlarini kuzatib ketayotir, G’arbga selday yopirilib borayotgan jangchilardan har biri qo‘yib bersa xuddi shu xoqonnikiga o‘xshagan hokimiyatga erishsam degan kishilar bo‘lsa ham Chingizxonning buyrug‘ini ijro etishga kelganda ot tizginini ushlab ketayotgan qo‘lining barmoqlari kabi itoatkor edi.
Chingizxon osmonga qarab yana o‘sha bulutni ko‘rdi, lekin bu safar ham ahamiyat bermadi. Mil-mil qo‘shinlar bilan dunyoni bosib olish fikri ila band jahongirning tepasida ortidan ergashib borayotgan bulut haqida o‘ylashga vaqti yo‘q. Ko‘kdagi bulut bilan yerdagi hukmfarmo o‘rtasida qanday aloqa bo‘lishi mumkin?
Yurishda ketayotganlarning birontasi ham bulutni payqamadi, unga hech kim ahamiyat bermadi. O’sha kuni mo‘‘jiza ro‘y berganini hech kim xayoliga ham keltirmadi. Ikki ko‘zi tizginda-yu oyoq ostida bo‘lgan jangchilarga ko‘kda pishirib qo‘yibdimi. Tumonat qo‘shin bir maromda shaxt bilan olg‘a bosar ekan, goh pastlikka tushar, goh esa tepalikka ko‘tarilar, otlarning tuyoqlaridan, aravalarning g‘ildiraklaridan ko‘kka chang-to‘zon o‘rlar edi, dala-dasht hech narsa bo‘lmaganday doimgiday keng yastanib yotardi. Bu mislsiz yurish, selday oqish xonning vasvasasi va irodasi bilan bo‘layotir, o‘n minglarcha kishi o‘zining shuhratiga shuhrat, hokimiyatiga hokimiyat, yerlariga yer qo‘shish orzusi bilan nafas oladigan buyuk xoqonning buyrug‘iyu rag‘bati ila jon deb olg‘a bostirib ketayotir.
Cheriklar shu yurishda kunning kech bo‘lganini ham sezmay qolishdi. Qorong‘i tushdi degancha to‘xtab tunaladi, saharda yana yo‘lga tushiladi.
Xon va uning a’yonlarining tunashi uchun oldindan shohona o‘tovlar tikilgan. Bu o‘tovlar uzoq-uzoqlardan oppoq gumbazlarga o‘xshab ko‘zga tashlanadi. Oq o‘tovlarning o‘rtasida hammadan ulkan, hammadan tantanavor o‘tov yuksalib turibdi; ana shu xon o‘tovining yonida cho‘g‘day qizil hoshiyali qora shoyi bayroq shamolda hilpiraydi; tug‘ning o‘rtasida og‘zidan olov purkab turgan ajdaho rang- barang ipak va zar bilan tikilgan. Qovog‘idan qor yoqqan pahlavon qorovullar xonni intizorlik bilan kutishmoqda. Xon ko‘ngli suygan kishilar davrasida ovqatlanadi, shundan so‘ng Chingizxon sarkardalari bilan bugungi yurish natijalarini va ertangi ish rejalarini maslahatlashib oladi. Yurishning boshlanishi chakki emas, demak sarkardalar bilan ulfatchilik qilib, ularning so‘zlarini eshitsa, o‘zi ham ko‘nglidagini aytib olsa yomon bo‘lmas edi; xoqonning har bir so‘zi qonun, farmon; xon gapirayotganda uni hamma va har bir kishi jon qulog‘i bilan eshitmog‘i zarur, chunki bu so‘zlar butun Rub’i maskunga qaratilgan, tezda yetti iqlim uning so‘zlariga g‘ing demasdan quloq osajak, buyuk harbiy yurishdan murod ham shu — Hammaga o‘z so‘zini o‘tkazishdir. Axir so‘z — bu abadiy kuch-ku!
Lekin o‘sha kuni ulfatchilik qoldirildi. Birdan xonning yuragida g‘ashlik paydo bo‘ldi, xonning sirkasi suv ko‘tarmay qoldi. Buning sababini xondan boshqa hech kim bilmas edi.
Qo‘nish joyiga yaqinlashganda Chingizxon o‘z tepasidagi bulutga yana bir — uchinchi marta nazar tashlamoqchi bo‘ldi. Osmonga qaradi deguncha yuragi «shuv» etib ketdi. Bulutdan darak yo‘q. Bu yaxshilikning nishonasi emas edi. Bir zumda uning eti junjikib, ko‘zi qorong‘ilashib, boshi aylandi, u zo‘rg‘a otining yolini ushlab qoldi. Umrida bunaqasi bo‘lgan emas, chunki dunyoning poydor negizi bo‘lgan va Tangri yashash va hokimlik qilish uchun ato etgan Yerdagi mavjudotlardan birontasi uni kutilmaganda hayratdan og‘zi ochilib qoladigan darajada esankiratib qo‘ygan emas; ko‘rmagani qoldimi uning, dunyodagi biron hodisa uni lol qoldira olmagan, qon kechaverib, issiqdan erib, sovuqdan to‘ngaverib diydasi qotib ketgan jahongir bo‘lar-bo‘lmasga xursand ham, xafa ham bo‘lavermaydi. Umrida biron marta ham xonlik sha’niga dog‘ tushirmagan jahongir otining yolidan ushlab qolgan zaifalarga o‘xshab qo‘rqib ketdi. Bunaqasi bo‘lmagan, bo‘lishi ham mumkin emas, uning yoshligidanoq diydasi qotib ketgan, u bolalikdan, suv bo‘yida o‘ynab yurganda baliq talashib bir onadan tug‘ilgan inisi Bekterni o‘q yoy bilan otib tashlagan kezdan boshlaboq (o‘shanda baliq uchun emas, balki ikki qo‘chqorning boshi bir qozonda qaynamas deganlaridek, kuni kelib menga raqib bo‘lmasin deb go‘daklik chog‘idayoq inisining qoniga zomin bo‘lgan edi), hayotning sir-asrorini bilishning eng to‘g‘ri, xatosiz yo‘li kuch ishlatish ekanligini bilib oldi. Kuchga bo‘ysunmaydigan, bosh egmaydigan narsa yo‘q bu dunyosida — tosh bo‘lsin, olov bo‘lsin, suv bo‘lsin, daraxt, hayvon yoki parranda bo‘lsin, hamma-hammasi bo‘ysunadi, osiy banda haqidaku so‘z bo‘lishi mumkin emas. Kuch-qudrat shiddatidan tiz cho‘kmaydigan, so‘nmaydigan, barbod bo‘lmaydigan hech narsa yo‘q ekanligini bilib oldi. Bir kuch ikkinchi kuchni yengganda, ajoyibot o‘rnini notavonlik, go‘zallik o‘rnini ayanchlilik oladi, shundan chiqadigan xulosa — shu poymol qilinganlarning hammasi hurmatga sazovor emas, tiz cho‘kadiganlarning bari esa muruvvatga loyiqdir, bunda muruvvat qiluvchining marhamati o‘lchov vazifasini bajaradi. Dunyo ana shunday qurilgan… Odamzotning hokimiyati, kuchi yetmaydigan bir narsa bor — u ham bo‘lsa Ko‘k- Tangridir. Himolaylik darvesh ulamolar Tangri Abadiylik va Cheksizlik timsolidir deyishadi. Ko‘k, sirli Tangrigina xoqon hokimiyatiga mute’ emas, unga boqim emas. Tangri oldida uning o‘zi son-sanoqsiz maxluqlardan biri — Tangriga qarshi na qo‘l ko‘tara oladi va na yurish qila oladi va uni qo‘rqitib hurkita biladi. Shuning uchun yerdagilarning taqdirini, himolaylik darvesh ulamolar tili bilan aytganda — dunyolarning harakatini boshqarib turadigan Ko‘k-Tangriga toat- ibodat qilish, sajda qilishdan boshqa iloj yo‘q. Shuning uchun ham u o‘zga barcha bandalar qatori Tangriga yalinib-yolvorib sig‘inganda va jonlik so‘yib qurbonlik qilganda Tangridan marhamat etishini va o‘z panohida asrashini, odamlar ustidan qattiqqo‘llik bilan hukmronlik qilishda yordam berishini iltijo etadi. Darbadar donishmandlar aytgani kabi, Koinotda oy ostida olamlar son- sanoqsiz bo‘lsa, Ko‘k-Tangri Yer yuzini boshdan-oyoq Chingizxonga, uning avlodlari ixtiyoriga topshirib qo‘ya qolsa xazinasi kamayarmidi yoki Chingizxondan ham qudratli, undan ham munosib Tangrining bandasi bormikin? Yo‘q, butun Rub’i maskunni idora qila oladigan, undan kuchli odamni hali onasi tug‘magan. U xufiya niyatlar qilganda Tangri Taolodan shu vaqtgacha hech kim jur’at etmagan narsani — barcha xalqlar ustidan hokimi mutlaqlikni so‘rashga ayricha huquqqa ega ekanligiga o‘zida tobora ko‘proq ishonch seza boshladi — axir kimdir birov yakka hokim bo‘lishi kerak-ku? Demak boshqalarni kuch ishlatib bo‘ysundira oladigan kishigina hukmron bo‘lishga haqlidir. Tangri cheksiz marhamat ko‘rsatib uning boshqa birovlarning yerlarini bosib olishiga, shu yo‘l bilan davlatining kuch-qudratini orttirishga monelik qilmadi va u borgan sayin Tangrining sevgan quli ekanligiga, Tangrining odamlar bilmaydigan kuchlari unga ko‘mak berayotganligiga ko‘proq ishonch hosil qildi. Hammasiga unnab ko‘rdi. Yaxshilik ham, yomonlik ham qildi, axir u qilich yalong‘ochlab o‘t qo‘yib o‘tgan barcha o‘lkalarda jabrlanganlar xoqonni nimalar deb qarg‘amadi deysiz, lekin bu qarg‘ishlardan birontasi unga pashsha chaqqancha ham ta’sir etmadi, aksincha jahongirning shon-shuhrati va kuch-qudrati ortgandan ortib boraverdi: jabr-diydalarning oh-fig‘onlari va la’natlari Ko‘kka yetmadi. Shunday bo‘lsa ham ba’zan qilgan ishlaridan pushaymonga tushib, Tangrining qahriga yo‘liqmadimmikin, Ko‘kning g‘azabi kelmadimikin degan shubha dilini kemirgan paytlar ham bo‘lgan. Bunday hollarda buyuk xoqon bir pas taxtaday qotib qolar, o‘zini koyib, tobelarga bir oz nafasini rostlab olishga imkon berar va Tangrining adolatli malomatini qabul etar, hatto tovba-tazarru ham qilar edi. Biroq Tangrining qahridan, noroziligidan nom-nishon yo‘q — uning lutfikaramidan xon hamon bahramand. Shunga aqli yetgach, oshig‘i olchi qimorbozga o‘xshab tavakkal yo‘lini tutib ilohiy adolatga qarshi, Tangrining jig‘iga tegadigan ishlar qila boshladi. Shunda ham baribir Tangrining g‘azabidan darak bo‘lmadi. Shundan so‘ng u men endi bilgan noma’qulchiliklarimni qilsam bo‘laverar ekan degan xulosaga keldi. Va oradan yillar o‘tdi, endi u o‘zini Tangrining suygan bandasi ekanman, Tangri Taoloning farzandi ekanman degan qat’iy ishonchga keldi. Bunday ishonch xoqonda o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q — faqat cho‘pchaklardagina shunday bo‘lishi mumkin; gurkiragan to‘y-tomoshalarda baxshilar otga minib olib olomonga qarab xoqonni ko‘kka ko‘tarib madhiyalar aytganlari, uni Tangrining farzandi deb ataganlari, xaloyiq zavq-shavq bilan qo‘llarini duoga ko‘tarib hamdu sano o‘qiganlari hisobga kirmaydi, bularning hammasi xushomadgo‘ylikdan boshqa narsa emas edi. Bunda u o‘z tajribasidan shunday xulosaga keldi. U Ko‘k-Tangrining fikr-zikrlariga labbay deb javob berganidan Tangri Taolo uning barcha ishlariga homiylik qiladi, boshqacha aytganda, u Tangri Taoloning yerdagi xalifasi, noibidir. Ko‘k esa xoqon kabi faqat kuch-qudratni, nuqul kuch ishlatishni, faqat kuch-qudrat egasini tan oladi; u o‘zini ana shunday deb bilar edi.
Asrlar osha ovchilik va mol boqish bilan shug‘ullanib kelgan qiyot qabilasining qashshoqlashib qolgan kichik urug‘laridan chiqqan yetim bolaning osmonga shaxt bilan parvoz qilgan shunqor kabi dunyoni g‘ulg‘ulaga solgan favqulodda shuhrat qozonishini, jahongirlikka erishishini bundan boshqacha yana qanday tushuntirsa bo‘ladi? Tarixda misli ko‘rilmagan ulkan hokimiyat qanaqa qilib qo‘lga kiritildi — noilojlikda qolgan notavon yetimcha nari borsa shovvoz ot o‘g‘risi bo‘lib yetishishi mumkin edi (aslida u ishni ot o‘g‘irlashdan boshlagan). Folbinlikning keragi yo‘q — Tangrining qudrati bo‘lmasa, bir oti ikki bo‘lmagan Temuchin og‘zidan olov purkab turgan ajdaholar tasviri zarhal bilan tikilgan bayroq ko‘tarmagan, hech qachon Chingizxon nomini olmagan va Oltin o‘tovda taxtda o‘tirmagan bo‘lur edi.
Bunga yana bir dalil shuki, Osiyo xoqoniga Tangri iltifot ko‘rsatganining rad etib bo‘lmaydigan isboti ko‘z o‘ngimizda turibdi. Mana ko‘kka boqing — chiroyli oq bulut suzib yuribdi, buni o‘z hayotini tahlika ostiga qo‘yib, darvesh folbin aytib bergan edi. Mana uning so‘zlari to‘g‘ri chiqdi. Oq bulut — Tangri farzandiga Ko‘kning tuhfasi, uning marhamati va inoyati, kelajakda buyuk zafarlar nishonasi edi.
Yurish qilib ketayotgan ko‘p ming kishidan birontasi bunday mo‘‘jiza ro‘y berishini xayoliga ham keltirmas, osmonda bilinar-bilinmas kezib yurgan oq bulutga qarab ham qo‘ymas, bulut qayoqdan va nima uchun paydo bo‘lgani haqida o‘ylab ham o‘tirmas edi. Ko‘kda shamol haydab yurgan bulutlarni hisob- kitob qilish aqldanmi?.. Faqat dashti biyobonda qo‘shinlarini yangi yerlarni zabt qilish uchun boshlab ketayotgan buyuk xoqongina ana shu kichkina oq bulutda sir borini sezib, aql bovar qilmas xayollarga cho‘mdi va bunday mislsiz hodisaning bo‘lishiga bir ishonsa, bir ishonmadi. Xoqon o‘ylab qoldi — bulut ustida olib borgan kuzatishlari va fikr-xayollarini boshqalarga aytsammikin- aytmasamikin? Bordiyu u dili ochilib, sirni birovlarga aytib bersa-da, bulut ko‘z ochib yumguncha yo‘qolib qolsa-chi? Odamlar uni aqldan ozibdi deyishmasmikin?
Shundan so‘ng u yana o‘zini qo‘lga oldi va bu bulut oddiy bulut emas, u o‘z- o‘zidan yo‘qolib qolmaydi, u Tangri tomonidan nozil qilingan nishonadir deb ishonch hosil qildi-yu, quvonchga to‘ldi, o‘zini qanot bog‘laganday sezdi, kelajakdan bashorat qila olishiga, G’arbga qilingan yurishining zafarli yakuniga ishondi va dunyoviy saltanat barpo etish yo‘lidagi orzusini qo‘liga qilich olib, amalga oshirajagiga yanada ko‘proq umid bog‘lay boshladi. U ana shu niyatlar bilan olg‘a qarab borar edi. Hozir qo‘lga kiritilgan yerlar unga kam ko‘rinar edi. Yana boshqa o‘lkalarni zabt etish, boyish kerak…
Kunlar shu zaylda o‘ta bordi.
Oq bulut bo‘lsa osmonda mashhur samani Xuba yo‘rg‘asida ketayotgan Chingizxonning ko‘z o‘ngida bilinar-bilinmas suzib boraverdi. Otining yoli oq, dumi qora. U dunyoga shunday kelgan.
Sinchilarning gaplariga qaraganda, baxt yulduzi ostida ming yilda bitta ana shunday ot tug‘ilar ekan. Bu ot poyga uchun emas, balki salt minish uchun charchash nima ekanini bilmaydigan tengsiz ulov edi. Xuba yo‘rg‘a edi, u yo‘rg‘alaganda yerning issiq taftini oladigan jala kabi bir maromda
to‘xtovsiz oqib ketaveradi. Agar yugan-suvlig‘i bo‘lmasa edi, bunday ot to‘xtovsiz chopaverib issiqlab o‘lgan, yog‘ib o‘tgan yomg‘ir kabi bir tomchisi ham qolmay yerga singib ketgan bo‘lur edi. Qadim zamonda bir qo‘shiqchi aytgan ekan: bunday ot mingan odam o‘zini abadiy o‘lmaydiganday sezadi…
Chingizxon mamnun, baxtli edi. U kuchiga kuch qo‘shilganday, xuddi charchamas yo‘rg‘asi kabi harakat qilgisi, marra sari uchib ketgisi kelar edi, u go‘yo o‘zini charchamas yo‘rg‘a samaniday his qilar, xuddi bir tekisda chopib ketayotganday, uchib borayotgan otining jo‘shgan qoni va joni bilan qo‘shilib ketganday sezar edi o‘zini.
Ha, chavandoz ham, ot ham bir-biriga monand edi,— kuchi kuchiga teng edi. Shuning uchun chavandoz otga qo‘ndirib qo‘yilgan shunqorni eslatar edi.
Egarda mahkam o‘tirib olgan chorpaxil bug‘doyrang suvoriy oyoqlarining uchi bilan uzangiga bosib, viqor va ishonch bilan olg‘a borar edi. U otga taxtda o‘tirganday minib olgan edi — boshini baland ko‘tarib tik o‘tirar, yanoqlari turtib chiqqan, yuzi va po‘stakning teshigiday ko‘zlarida mehr-shafqatdan nishona yo‘q edi. Undan beadad qo‘shinni shon-shuhrat va g‘alaba sari eltayotgan buyuk jahongirga xos kuch va iroda anqib turar edi…
Chingizxonni ruhlantirishga o‘zgacha sabab bo‘lgan narsa uning tepasida timsol kabi, buyuk salohiyat toji kabi porlab oq bulut suzib borar edi. Shu ma’noda hamma narsa bir-biriga mutanosib edi. Bulut… Ko‘k… Oldinda esa qo‘shin harakatiga bosh bo‘lganday bayroq hilpirab ketayotir — Chingizxon qaerda bo‘lsa, bayroq ham o‘sha yerda. Bayroqni uch kishi olib bormoqda — bu vazifa uchta devday yigitga topshirilgan. Uchalasi ham yulduzni ko‘zlaydigan bir xil qora ot minib olishgan. Ґrtadagi tug‘bardor bayroq o‘rnatilgan tayoqni ushlab boradi, ikki yonidagilar qo‘lidagi nayzasi bilan tug‘ni o‘rta belidan tutib turadi.
Ipak va zar bilan tikilgan qora tug‘ bayroq xoqonning yo‘lini munavvar qilganday, shamolda hilpirar, og‘zidan qizil olov purkab turgan ajdaho xuddi tirikka
o‘xshardi. Ajdaho sakrayotgan holda tasvirlangan, jahli chiqqanida bo‘rtib turgan, tuyanikiga o‘xshash o‘tkir ko‘zlari bayroq bilan birga chayqalib, chindan
ham tirikka o‘xshardi.
Horish-charchash nima ekanini bilmaydigan xoqon egarda o‘tirib ertalabdan qo‘shinga qo‘mondonlik qilib bordi. Turli tomondan unga no‘yonlar chopib kelib xabarlar keltirishar, o‘sha zahoti ko‘rsatma olgach, ketib borayotgan qo‘shindan yana o‘z o‘rnini topib olishar edi. Qish arafasidagi yomg‘irlar va loygarchilik boshlanmasdan buyuk yurish yo‘lidagi eng katta to‘siq — azim Idil daryosi sohiliga yetib olish uchun shoshilish kerak edi, shu yerda sovuq tushgandan keyin muz ustidan o‘tib g‘arbni zabt etish uchun yana oldinga qarab yurish mo‘ljallangan.
Yurish oqshom cho‘kkuncha davom etdi. Yalang dasht kechga qurun yanada bepoyonlik kasb etdi. Bu esa dunyoning beadadligidan nishona edi. G’ira-shira boshlanmasdan dasht botib borayotgan quyoshning qizg‘ish nurida tag‘inda cheksiz, yanada hadsizday tuyuldi. Qizarib botayotgan va yarmi ufq ortiga yashiringan quyoshdan yog‘du olgan biyday dashtda son-sanoqsiz lashkar, minglab otliqlar, har bir qo‘shin o‘zining cheki-yo‘lini bilib olg‘a qarab borar ekan, botib borayotgan quyosh ketidan zabt bilan quvib ketayotganga o‘xshar, bu hol uzoqdan qaraganda qoramtir suv zarralariyu bug‘ purkayotgan toshqin mavjlarini eslatar edi.
Qo‘shin tunash uchun qo‘nim olgandagina otlar-u suvoriylarga dam beriladi. Lekin tong sahardanoq ho‘kiz terisidan qilingan ulkan dovullar-do‘llar tilga kiradi, tin olayotgan lashkarni yana yurishga chorlaydi. Shirin uyquda yotgan o‘n minglarcha kishini uyg‘otishning o‘zi bo‘lmaydi. Buning uchun lashkarlar qo‘ngan barcha manzil hamda qarorgohlarda dovullar quloqni qomatga keltirib hamma turguncha tinmaydi.
Xoqon allaqachon oyoqqa turgan. U hammadan oldin uyg‘ongan, kuzning hidi anqib turgan nurli sahardanoq xon o‘tovi yonida o‘yga tolib yurar ekan, kechasi tinim bermagan o‘y-fikrlarini tafakkur tegirmonidan o‘tkazar, qo‘shinlarga ko‘rsatmalar berar, yov-qurlarni otlarga va aravalarga undayotgan dovullarning shovqiniga quloq solishga ham vaqt topar edi. Yana bir yangi kun boshlandi, yana odamlarning qiy-chuvi, otlarning dupuriyu aravalarning g‘ichir-g‘ichiri avjiga chiqib, tunda uzilib qolgan yurish yana yangisiga ulanib ketdi.
Dovullarning darang-durungi hamon tinmas edi. Dovullar jangchilarni uyg‘otish uchungina dunyoni boshiga ko‘tarib shovqin solayotgani yo‘q, bunda boshqa bir muhim sir ham bor: Chingizxon buyuk yurishda o‘zi bilan birga qadam tashlayotgan har bir sipohni dovul ovozlari yordamida olg‘a chorlaydi, bu talabchan va qaddi bukilmas hokimi mutlaqning dovul ovozi ta’sirida yopug‘lik eshikka bostirib kirganday endigina uyg‘onib kelayotganlarning ongiga birinchi bo‘lib kirib borish usuli edi, shunda askar jahongirning kuchi va erki bilan majbur qilingan o‘y-fikrlardan o‘zga xayolot olamida sayr qilish imkonidan mahrum etiladi, nimaga deganda inson tushida o‘z erkiga ham, boshqalar erkiga ham bo‘yin egmaydi, tush shunday yaramas, behuda, xatarli erkinlikki, uyg‘ongan zahoti bu erkinlikdan voz kechmoq, uyqudan turganlarni qo‘pollik qilib bo‘lsa ham oldingi holiga, o‘ngiga — xizmatiga, so‘zsiz itoatkorlikka, sa’y harakatga qaytarmoq joiz.
Dovullarning buqa bo‘kirganday tevarak-atrofni larzaga solgan shovqinini eshitganda har safar Chingizxon badani jimirlab ko‘hna bir voqeani eslaydi: o‘smirlik paytida yonginasida ikkita buqa tuyoqlari bilan chang-to‘zon ko‘tarib, dahshat solib bo‘kirar va bir-birlarini suzib jon-jahdi bilan bellashar edi, buqalarning bo‘kirishiga mahliyo bo‘lib qolganidan qo‘liga o‘q-yoy olib nariroqda uyqusirab o‘tirgan Bekter ismli ukasini otib qo‘yganini bilmay qoldi, bundan sal oldinroq u daryodan tutib olgan baliqchani talashib Bekter bilan janjallashib qolgan edi-da. Bekter dod solib baqirdi, o‘rnidan sakrab turdi-da, yana ag‘anab tushib, qonga belandi. Temuchin esa (Ha, o‘sha paytlarda u bor-yo‘g‘i Temuchin edi, yoshligida o‘lib ketgan Yesugay bahodirning yetimchasi edi), qo‘rqib ketganidan o‘tov yonida yotgan dovulni yelkasiga qo‘ydi-da toqqa chiqib ketdi. U tog‘da dovulni bir maromda urib o‘tiraverdi, uning onasi Agolen esa pastda faryod solgancha sochini yulib o‘z jigargo‘shasini o‘ldirib qo‘ygan o‘g‘lini tinimsiz qarg‘ar edi. Shundan so‘ng odamlar yig‘ilib unga musht o‘qtalib nimalardir deb tomoqlarini yirtar edilar. Temuchin bo‘lsa, to‘xtovsiz dovulini chalar, hech narsani eshitmas edi. Nima uchundir uning oldiga hech kim chiqib bormadi. U tong otguncha tog‘ tepasida dovul chalib o‘tirdi…
Yuzlarcha dovullarning gumburlagan ovozi endilikda uning jangovar xitobi, g‘azabnok hayqirig‘i, jasorat hamda qahrining alomati, u bilan birga yurish qilayotganlarning hamma-hammasiga xabari edi — quloq osinglar, oyoqqa turinglar, maqsadga erishish va dunyoni zabt etish uchun yo‘lga chiqinglar degani edi. Ular to oxiriga qadarli unga ergashib borishadi — axir, qaerdadir ufqning, yerning chegarasi, nihoyasi bo‘lishi kerak-ku — Hamma odamlar va ko‘z-quloqli barcha maxluqlar ich-ichidan seskanib bo‘lsa ham dovullarga quloq soladi. Va hatto kichkinagina oq bulut ham yaqindan buyon xoqonning botiniy o‘y-xayollarining ajralmas shohidi o‘laroq dovullarning sahargi na’rasiga jo‘r bo‘lganday tepada ohista suzib yuribdi. Og‘zidan olov purkab turgan ajdaho rasmi zar bilan tikilgan xoqon tug‘i shamolda hilpiraydi. Mana, ajdaho bayroqda jonlanib og‘zidan qizil yolqin chiqarib chopib ketayotir.
O’sha kunlari tong paytlari o‘ta ko‘ngilli bo‘ldi.
Chingizxon kechasi ham uyqu oldidan qo‘shinlarni ko‘zdan kechirish uchun aylanib yurardi. Qaerga qaramasin, cho‘lning u yer-bu yerida yoqilgan gulxanlarga ko‘zi tushar edi. Jangchilar qo‘ngan manzillar, ot-aravalar to‘xtab turgan maydonlar va yilqiboqarlar dam olayotgan sayxonliklar ustida oqish tutun suzib yurar edi, shu paytda hamma sho‘rva bilan go‘shtga to‘yib terlab o‘tirishgan edi. So‘yilgan mollarning ichak-chavoqlari va yeyishga yaroqsiz boshqa chiqindilari, shuningdek, qozonlarda qaynatib pishirilgan go‘shtlarning totli hidlari dashtlardagi och jonivorlarni o‘ziga jalb qilgan. Dasht darrandalari ochlikka bardosh berolmasdan g‘ingshib uvillashar, dam olib yotgan qo‘shinning atrofidan uzoqqa ketisholmas edi.
Ana shu mahalda barcha sipohlar qotib uxlab yotgan edi. Qo‘shinlarni aylanib yurgan tunqotar soqchilarning «ha-ha»lagan ovozlarigina kechasi ham tartib- intizom joyida ekanligini ko‘rsatar edi. Shunday bo‘lishi tabiiy edi, albatta. Chunki hammaning o‘z vazifasi bor, bular barchasi pirovard natijada yagona va oliy maqsadga — Chingizxonning butun dunyoni bosib olish g‘oyasiga so‘zsiz va majburiy xizmat qilishi kerak edi. Shunday paytlarda u zavq-shavqqa to‘lib o‘zining kimligini, o‘ta qudratli odam ekanligini, hokimiyat desa o‘zini tomdan tashlaydigan jahongir ekanini payqaydi — uning saltanati ortgan sari hokimiyatga bo‘lgan «ishtahasi» ham orta boradi, shundan muqarrar ravishda mutlaq bir xulosa chiqadi: jahongirning tobora o‘sib borayotgan maqsadiga mos keladigan narsalargina zaruriy hisoblanadi, bu maqsadga javob bermaydiganlari yashashga qodir emas.
Shuning uchun ham Sario‘zakda qotillik ro‘y berdi, oradan ko‘p vaqtlar o‘tganidan keyin ana shu qotillik haqidagi rivoyatni Abutalip Quttiboev o‘zining boshiga balo qilib yozib olgan edi…
Kechasi otliq soqchilar o‘ng tuman qo‘shinlarini aylanib yurib edi. Jangchilar dam olib yotgan manzilgohlardan nariroqda arava haydovchilar, molboqarlar va har xil yordamchi xizmat vakillari qo‘nim olgan edi. Soqchilar bu yerlarni ham yaxshilab ko‘zdan kechirdi. Hamma narsa joyida. Yo‘lda yuraverib charchagan odamlar o‘tovlarda, chodirlarda, ko‘plar esa dalada gulxanlar atrofida dumalab-dumalab yotishardi. Hamma yoq jim-jit, barcha o‘tovlar qorong‘i. Otliq soqchilar chor atrofni qarab chiqishdi. Ular uch kishi edi. Keyin otdan tushishib suhbatlashib o‘tirishdi. Soqchilarning oqsoqoli — yuzboshilik telpagini kiygan baland bo‘yli yigit sekingina buyruq berdi:
— Yetar. Senlar boringlar, mizg‘ib olinglar. Men esa bu yerni yana bir bor nazardan o‘tkazay.
Ikki otliq jo‘nab ketdi. Yolg‘iz qolgan yuzboshi soqchi dastlab gir atrofni
diqqat bilan ko‘zdan kechirdi, har xil pasti-baland ovozlarga quloq soldi, shundan so‘ng otdan tushib otini yetaklagancha aravalar turgan joylar va ko‘chma ustaxonalar yonidan, sarrojlar, kiyim tikuvchilar va qurolsozlar oldidan o‘tib, qarorgohning chekkasidagi yolg‘iz o‘tov tomon qarab ketdi. U xayolga cho‘mib va shovqinlarga quloq solib borar ekan, uning tovoqday yuziga va yetaklab ketayotgan otining yaltiroq yirik-yirik ko‘zlariga oy nuri tushib turar edi.

Yuzboshi Erdene o‘tovga yaqinlashib bordi. Aftidan, uni kutib o‘tirishgan bo‘lsa kerak, o‘tovdan yelkasiga ro‘mol tashlab olgan ayol chiqdida eshik oldida uni kutib turdi.
— Sambaynu1, — ayolga salom berdi u. — Xo‘sh, ishlar qalay? — soYadi u xavotirlanib.
— Hammasi joyida, hammasi yaxshi bo‘ldi. Tangriga shukr, endi xavotir bo‘lma, — pichirladi ayol. — U senga juda muntazir. Eshityapsanmi, seni ko‘zi to‘rt bo‘lib kutib o‘tiribdi.
— O’zim ham butun qalbim bilan talpinayapman, — javob berdi yuzboshi Erdene. — Kelolmay qoldim, baxtga qarshi no‘yonimiz yilqi sanaymiz deb qolsa bo‘ladimi!? Uch kundan beri yilqining oldidan nari keta olmadim.
— Xafa bo‘lma, Erdene. Kelganingda bir narsa qilib berarmiding. Birovlar seni bu yerlarda nima qilib yuribdi ekan deb o‘ylab yurishmasin. — Ayol Erdenega dalda berib boshini irg‘adi va qo‘shib qo‘ydi: — Eng muhimi — eson-omon ko‘zi yoridi. OgYiqsiz, qiynoqsiz bo‘lmaydi, albatta. Lekin bir marta voy deb ham qo‘ymadi-ya! Saharda usti yopiq aravaga oborib qo‘ydim. Hammasi imi-jimida bo‘ldi. Do‘g‘ulang deganing zoY juvon ekan. Baxt qushing qutlug‘ bo‘lsin!— dedi ayol. — Endi o‘g‘lingning otini o‘zing qo‘y.
— Sening so‘zlaring Tangriga yetsin, Oltun. Biz Do‘g‘ulang ikkalamiz umr bo‘yi sendan minnatdor bo‘lamiz, — deb o‘z tashakkurini bildirdi yuzboshi.
— Ot qo‘yish qochmaydi, biron ism toparmiz.
U otdan tushib tizginini ayolning qo‘liga berdi.
— Xavotir olma, qancha kerak bo‘lsa, shuncha qarab beraman, —
ishontirdi Oltun. — Bor, bor. Do‘g‘ulang seni kutib o‘tiribdi.

Yuzboshi o‘zini tutib olish uchun bir oz turib qoldi, so‘ngra o‘tov yoniga keldi-da, kigizdan qilingan og‘ir eshik pardani ko‘tarib, engashib ichkari
kirdi. O’tov oYtasida kichikkina o‘choqda miltillab olov yonib turar edi, olovning xira yorug‘ida o‘zining Do‘g‘ulangini koYdi, Do‘g‘ulang o‘tovning toVida yelkasiga suvsar po‘stin tashlab o‘tirgan edi. O’ng qo‘li bilan qaviq ko’rpa yopilgan beshikni sekingina tebratib qo‘yar edi.
— Erdene! Men bu yerdaman, — ohistagina ovoz chiqardi Do‘g‘ulang, yuzboshiga ko‘zi tushib. — Biz bu yerdamiz, — deb tuzatish qildi ayol kulib, uyalgan bir ohangda. Yuzboshi o‘qdonni, yoyni, qinga solingan qilichini yechib, qurollarni eshik oldiga qoldirdi-da, Do‘g‘ulangga yaqin borib qo‘lini cho‘zdi. Ular boshlarini bir-birining yelkasiga qo‘yib, quchoqlashib koYishishdi. Uzoq achomlashib turishdi. Ularning nazdida hozir butun dunyo mana shu o‘tov ichiga jo bo‘lgan edi. Ana shu ko‘chma boshpanadan tashqaridagi jamiki narsalar ular uchun o‘z ahamiyatini yo‘qotgandi. Erdene bilan Do‘g‘ulangning ko‘zlariga o‘zlari-yu ularni bog‘lab turgan jajjigina bir inson — uch kun oldin dunyoga kelgan go‘dakchadan boshqa hech kim va hech narsa ko‘rinmas edi. Birinchi bo‘lib Erdene tilga kirdi:
— Endi, qalaysan? Yaxshimisan? — so‘radi u shodligini bosolmay, entikkan bir holda. — Men juda xavotirda edim.
— Tangri oson qilaman desa hech gap emas ekan, — javob berdi ayol nimqorong‘ida jilmayib. — O’tgan ishga salovat. Undan ko‘ra chaqaloqni, o‘g‘limizni ayt. Juda baquvvat. Ko‘krakka yopishib qattiq emadi. O’zingga o‘xshaydi. Oltun o‘g‘lingni quyib qo‘ygan Erdene deydi.

— Men bir ko‘ray-chi, Do‘g‘ulang. Qanday yigit ekan? Do‘g‘ulang bolani ko‘rsatishdan oldin keraganing ham qulog‘i bor deganday tashqariga diqqat bilan quloq soldi. Tiq etgan ovoz yo‘q edi.
Yuzboshi beshikdagi o‘g‘liga uzoq tikilib qaradi, uxlab yotgan chaqaloqning yuz- ko‘zlaridan o‘zinikiga o‘xshash hech narsa sezmadi. Endigina tug‘ilgan farzandining yuzini diqqat bilan ko‘zdan kechirayotganda, ehtimol, yangi avlodning dunyoga kelishi abadiylikning ilohiy mohiyati ekanligi haqida o‘ylagandir. Shuning uchun bo‘lsa kerak, u har bir so‘zini salmoqlaganday cho‘zib bunday dedi:
— Endi men har doim sen bilan bo‘laman, Do‘g‘ulang, agar boshimga har qanday savdo tushganda ham yoningdan ketmayman. Chunki sening qo‘lingda mening o‘g‘lim bor.
— Mening yonimdami? Qaniydi endi! — ayanchli bir holda iljaydi ayol. — Sen demoqchisanki, go‘dak — sening ikkinchi timsolingdir, xuddi Buddanikiday.
Bolani emizayotib, shu haqda o‘ylabman. Men bolani qo‘limda ushlab turibman, holbuki uch kun oldin undan darak ham yo‘q edi, shundan so‘ng sening yangi timsoling paydo bo‘lganligini tuydim. Hozir sening ham xayolingga shu narsa keldimi?
— Keldi. Lekin men boshqacharoq o‘yladim. Men o‘zimni Budda bilan qiyoslay olmayman.
— Qiyoslamasliging mumkin. Sen Budda emassan, sen mening ajdahomsan.
Men seni ajdaho bilan qiyoslayman, — dedi Do‘g‘ulang erkalanib sekingina. — Men bayroqlarga ajdaholarning timsolini tikaman. Bu ajdaholarning hammasi sensan. Men tikkan tug‘larning barchasida sen borsan. Ba’zan tushlarimda ham ajdahoni ko‘raman, ajdahoning rasmini tikaman, ajdahoga jon kiradi, lekin sen kulma, uni tushimda quchog‘imga olaman va biz birga uchib ketamiz, men u bilan uchaman, ana shu lazzatli lahzada sen paydo bo‘lasan. Sen goh odam timsolida, goh ajdaho timsolida tushimdasan doim. Uyg‘onib ketamanda, qaysisiga ishonishni bilmay qolaman. Men senga ilgari ham aytib edim-ku, Erdene, sen mening olov purkaydigan ajdahomsan. Bu borada men hazillashgan emasman, bo‘lgan gapni aytganman. Men bayroqqa sening timsolingni ajdaho ko‘rinishida tikaman. Endi esa ajdahodan bola tug‘ib olibman-da.
— Mayli, sen xohlaganday bo‘la qolsin. Lekin mening nima demoqchi ekanimga quloq sol. Do‘g‘ulang. — Yuzboshi bir oz sukut saqlab, so‘ng so‘z boshladi: «Mana biz bolalik ham bo‘ldik, endi buyog‘i qanday kecharkin, shuni o‘ylash kerak. Hozir shu haqda gaplashib olamiz. Lekin bundan oldin aytmoqchi bo‘lganim — shu narsani bilib qo‘yishing kerakki, sen buni bilasan ham, lekin baribir aytaman — men seni har doim sog‘inar edim va sog‘inave-raman. Lekin men qo‘rqqan eng dahshatli narsa jangda kal-ladan judo bo‘lish emas, balki sog‘inchimni yo‘qotish, senga bo‘lgan sog‘inchimdan judo bo‘lishdir. Janglarda qo‘shin bilan ba’zan bir tomonga, ba’zan ikkinchi tomonga ketib qolishga to‘g‘ri kelardi, lekin har doim o‘ylar edimki, mana shu sog‘inch men bilan birgalikda badar ketmasdan senda qolsa. Men buning hech ilojini topa olmadim, biroq orzuga ayb yo‘q deganlaridek, menda qandaydir umid, istak paydo bo‘ldi — qani mening sog‘inchim biron qush bo‘lib qolsa yoki biron hayvon, qandaydir tirik jon bo‘lib qolsa-da, men uni senga topshirsam: «mana ol, bu mening sog‘inchim, u doimo senda, sen bilan birga bo‘lsin» desam. Ana shunda mening o‘lishim qo‘rqinchli bo‘lmas edi. Men endi tushunyapman — mening o‘g‘lim senga bo‘lgan sog‘inchimdan tug‘ildi. U endi doimo senda, sen bilan birga bo‘ladi.
— Lekin biz hali unga ot qo‘yganimiz yo‘q-ku. Unga munosib ism topdingmi? — so‘radi ayol.
— Ha, javob berdi yuzboshi. — Sen rozi bo‘lsang, unga yaxshi ism qo‘yamiz — G’unon!
— G’unon.
— Ha.
— Bo‘pti, juda yaxshi. G’unon, yosh arg‘umoq, ekan-da.
— Ha, uch yoshar degani. Endi kuchga to‘lib kelayotgan ayg‘ir. Yoli qamishday, tuyog‘i-qo‘rg‘oshinday.
Do‘g‘ulang go‘dakning qulog‘iga pichirladi:
— Eshityapsanmi, otang senga ot qo‘ydi. Erdene javob qildi:
— Sening oting G’unon bo‘ldi. Eshitayapsanmi, o‘g‘lim? Oting G’unon. Ilohim shunday bo‘lsin! Ular jim qolishdi, ularning nazdida shu lahzada butun bir borliq
mujassamlashganday edi. Kechasi
sokin edi, sal nariroqda o‘tovlar yonida it vovullar, uzoqda ot kishnar edi — ehtimol, ot o‘zining o‘ynoqlab yurgan tog‘larini, sho‘x daryolarni, qalin o‘t- o‘lanlarni, oftobda yayrab yurgan uyurni qo‘msagandir. G’unon ismli chaqaloq esa betashvish uxlab yotar, uning go‘dak qismati ham hozircha u bilan birga tinchgina uyquda edi. Lekin go‘dakning taqdiri sal o‘tmasdan, ko‘radiganini ko‘rdi.
— Men o‘g‘limizning ismi haqidagina o‘ylayotganim yo‘q, — jimlikni buzdi yuzboshi Erdene va dag‘al kaftlari bilan mo‘ylovini silar ekan, xo‘rsinib dedi, — boshqa narsani ham o‘ylayapman, Do‘g‘ulang. O’zing tushunib turibsan, sen qo‘lingdagi bo‘bak bilan bu yerda yurishing mumkin emas. Tezroq ketishing kerak.
— Ketishim kerak?
— Ha, Do‘g‘ulang, ketishing lozim, qancha tez ketsang, shuncha yaxshi.
— Men ham shuni o‘ylovdim, lekin qayoqqa ketaolaman, qanday qilib? Sen- chi?
— Hozir hammasini aytaman. Men ham senlar bilan ketaman.
— Bizlar bilan-a? Buning iloji yo‘q, Erdene!
— Faqat birga bo‘lamiz. Boshqacha bo‘lishi mumkinmi?
— Lekin nima deyayotganingni o‘ylab ko‘r, axir sen o‘ng tumanning yuzboshisan-ku!
— Men o‘ylab ko‘rdim, hammasini o‘yladim.
— Xo‘sh, sen xoqonning qo‘lidan qayoqqa qochib qutulasan, dunyoda bunday joyni topib bo‘lmaydi, Erdene, hali ham o‘ylab ko‘r!
— Men hammasini obdon o‘yladim. So‘zlarimga diqqat bilan quloq sol. Biz imkoniyati bo‘lgan paytlarda, gavjum bozorlari, daydi-darbadarlar to‘lib yotgan azim shaharlarda boshida yashirinib qololmadik. O’sha paytlarda, Do‘g‘ulang, juldur, jandalar kiyib boshqa yurtliklarga o‘xshab olaylik-da, darveshlarga qo‘shilib, ovorai jahon bo‘lib ketaylik deganim shundan edi.
— Ovorai jahon deganing nimasi, Erdene, — dedi ayol alam bilan.
— Bu dunyoda biz bemalol yashay oladigan biron boshpana topilarmikin? Xudodan qutulsa bo‘lar, lekin xoqoningdan qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun sening taklifingga rozi bo‘lmaganmiz, bunga o‘zingning ham aqling yetadi.
Qo‘shinda hech bir kimsa bunga jur’at eta olmaydi. Biz qo‘rqinch va sevgi o‘rtasida ana shu maxfiy sirimiz bilan qolishga rozi bo‘ldik, — sen qo‘shindan keta olmas eding, aks holda kallangdan judo bo‘lar eding, men esa baxtimdan judo bo‘lishdan qo‘rqib seni tashlab keta olmas edim. So‘qqabosh emasmiz. Ґg‘limiz bor.
har ikkalasining ko‘ngli cho‘kib indamay qolishdi. Shunda yuzboshi dedi:
— El-yurt oldida sharmandayi-sharmsor bo‘lib or-nomusini yo‘qotib qochib

yurganlar bor, birovlarga xiyonat qilib qo‘yib, uyatiga chidamay odamlarning yuziga qaray olmay yashirinib yurganlar ham serob. Ular chivinday jonini asraydigan boshpana topsa bas, yuraverishadi. Bizning yo‘rig‘imiz boshqa — biz bolalik bo‘ldik, endi uch kishi jonimizni saqlab qolish yo‘lini qidirishimiz kerak. Bizga hech kim rahm-shafqat qilmaydi. Xoqon o‘z buyrug‘idan qaytgan emas, qaytmaydi ham. Ketishimiz kerak, Do‘g‘ulang, hozir yo‘lga chiqishimiz shart, boshqa iloji yo‘q. Boshingni chayqama, yo‘q deya ko‘rma. Boshqacha yo‘l yo‘q. Baxt bilan bebaxtlikning ildizi bir. Baxt qushi qo‘ndi, endi bebaxtlikni ko‘raylik. Ketamiz.
— Gaping to‘g‘ri, Erdene, — sekingina javob qildi ayol. Sen haqsan, so‘z bo‘lishi mumkin emas. O’lish kerakmi, yashash kerakmi — shu to‘g‘rida o‘ylab turibman. Men o‘zimni aytayotganim yo‘q. Sen bilan baxtliman, men o‘zimga shunday so‘z berganman, o‘lsam o‘lamanki, lekin sendan bo‘lgan mana shu norastaning nobud bo‘lishiga ikki dunyo yo‘l qo‘ymayman. Bu ishga qo‘lim bormadi — to‘g‘ri ish qildimmi, noto‘g‘ri ish qildimmi — bilmadim.
O’zingni ko‘pam qiynayverma, yashash kerakmi-yo‘qmi deb o‘zingni azobga solma. Biz bola tug‘ilsa yo‘q qilamiz deb bir yostiqqa bosh qo‘yibmidik? Ikkalamiz ham o‘g‘il bola bo‘lishini xohladik. Endi ana shu go‘dak uchun yashashimiz kerak. Quloq eshitib ko‘z ko‘rmagan yoqlarga ketishimiz shart.
— Men o‘z taqdirim haqida emas, boshqalar taqdiri haqida o‘ylayapman. Qani menga ayt-chi — ana shu qilgan ishimiz uchun meni o‘ldirishib, sen bilan o‘g‘ilchamizni omon qoldirishlari mumkinmi?
— Bunday dema. Bu bilan meni haqorat qilyapsan, Do‘g‘ulang. Hozir gap bu haqda emas. Undan ko‘ra o‘zing haqingda gapir — o‘zing bardammisan? Yo‘lga chiqa olasanmi? Oltun ikkalang aravada bo‘lsalaring, men otda senlarni qo‘riqlab ketaman.
— Sen nima desang shu, — qisqacha javob berdi kashtado‘z. — Yoningda yursam bo‘ldi. Ikkalasi ham belanchakka engashib bolaning yuziga termilgancha jim bo‘lib qolishdi. Bir ozdan keyin Do‘g‘ulang so‘z qotdi:
— Qo‘shinlar yaqinda Yoyiq2 daryosi sohiliga yetarmish, shu gap to‘g‘rimi? Oltunga shunday deyishibdi.
— Bir kunlik, ikki kunlik yo‘l qoldi shekilli, har holda uzoq emas. Ertagayoq daryo yoqasidagi chakalaklar, buta-lar, siyrak o‘rmonlar boshlanadi, naryog‘i Yoyiq degan so‘z.
— Yoyiq katta daryo bo‘lsa kerak-a?
— Idil daryosiga boraverishda eng katta daryo. Ana shu Yoyiq.
— Chuqurmi?
— Chuqurlikka chuqur, hamma-ham o‘tavermaydi, ot ham o‘tolmaydi. Tarmoqlari sayoz, albatta.
— Demak, chuqur bo‘lsa, sekin oqar ekan-da?
— Jimirlab sekin oqadi, tez oqadigan joylari ham bor. O’zing bilasan-ku, mening yoshligim Yoyiq dashtlarida o‘tgan. Biz shu yerlik tug‘di-bitdimiz. Bizning qo‘shiqlarimiz ham Yoyiq haqida. Oydin kechalari ota-bobolarimiz daryo yoqasiga kelib qo‘shiq aytishar edi.
— Esimda, — dedi o‘ylanib turib ayol. — Bir qo‘shiq aytib berib eding, hamon unuta olmayman, sevgilisidan ayrilib qolgan qiz qo‘shig‘i edi. Keyin bu qiz Yoyiqqa cho‘kib ketgan.
— Bu juda ko‘hna qo‘shiq.
— Men o‘sha qizning armonini oq shoyiga kashta bilan tiksam deyman. Erdene. Qiz cho‘kib ketdi, bilinar-bilinmas to‘lqin halqalari tarqalyapti, atrofda esa o‘simliklar, qushlar, kapalaklar ko‘zga tashlanadi, lekin qizdan darak yo‘q, u ayriliqqa bardosh bera olmadi. O’sha tasvirni ko‘rgan odam mungli daryo ustida yangrayotgan mungli qo‘shiqni tinglayotganday sezsin o‘zini.
— Bir kundan keyin o‘sha daryoni ko‘rasan. Gaplarimga diqqat bilan quloq sol.
Do‘g‘ulang. Sen erta kechqurun tayyor bo‘lib turishing kerak. Qochib ketamiz. Men ot yetaklab keldim deguncha belanchakni ko‘tarib chiqasan, kechiktirib bo‘lmaydi. Bu yog‘iga hayallash mumkin emas. Menga qolsa senlarni bugun, hoziroq boshim oqqan tomonga olib ketgan bo‘lur edim. Lekin aksiga olib shu kunlari kechalari oydin, buning ustiga kaftday tekis dashtda yashirinish amri mahol. Aravada esa qochib qutulib bo‘lmaydi. Yoyiq yoqasiga yetib olsak marra bizniki, chakalakzorlarda boshpana topish hech gap emas.
Ikkalasi uzoq gaplashishdi. Ilgarilari ikki kishi bo‘lsa, endi uch kishi. Uch odamning taqdiri haqida o‘ylash osonmi? Beshikda yotgan norasta «meni ham unutmanglar» deganday kuchukchaday g‘ingshib, yig‘lab yubordi. Do‘g‘ulang bolani olib iymanganday yarim o‘girilib uning og‘ziga ko‘kragini soldi. Yuzboshi necha martalab hidlab o‘pgan ana shu oppoq silliq mamma endi Erdenega shahvoniy hirs uyg‘otish manbai emas, balki chaqaloqning hayot bulog‘i vazifasini o‘tamoqda edi. Endi mamma bolaniki. Sho‘rillatib emayotir. Yuzboshi hayratdan boshini irg‘ab qo‘ydi-da o‘ylab ketdi: tasannolar aytasan dunyoga, keyingi kunlarda qanchadan-qancha tashvishlar boshdan o‘tdi — nihoyat oy kuni yetib tabiat o‘z ishini qildi: endi u — ota, Do‘g‘ulang — ona, ularning o‘g‘li bor, ona bolasini emizyapti… Azaldan shunday bo‘lib kelgan. Giyohdan giyoh bitadi, bu tabiatning irodasi, jonivorlardan jonivorlar tug‘iladi, bu ham tabiatning irodasi va faqat insonning injiqliklarigina tabiat qonunlariga xalaqit berishi mumkin.
Chaqaloq onasining ko‘kragini cho‘lpillab so‘raverib to‘ydi.
— Voey, voey qitig‘im keldi, — xursand bo‘lganidan kulib dedi Do‘g‘ulang. Juda tiyrak bola chiqib qoldi bu. Bir emishga boshlasa hech og‘zidan qo‘ymaydi, — dedi u o‘zining nega kulganini izohlaganday. — Qara. G’unonimiz quyib qo‘yganday o‘zing. Bu bizning kichkinagina ajdahomiz, katta ajdahoning o‘g‘li! Ana ko‘zlarini ochdi! Qara, qara, Erdene, ko‘zlari ham sening ko‘zlaringga o‘xshaydi, burni, lablari ham tayyor seniki.
— O’xshaydi, albatta, juda o‘xshaydi, — dedi yuzboshi. Ko‘rib turibman: birovga juda o‘xshaydi.
— Birovga deganing kim ekan? — ajablandi Do‘g‘ulang.
— O’zim-da, albatta, o‘zim.
— Mana, ushla, qo‘lingga olib ko‘r. Bir parcha tirik et. Yengilligini aytmaysanmi! Qo‘lingda quyon bolasini ushlab turganday sezasan o‘zingni.
Yuzboshi qo‘rqa-pisa bolani qo‘liga oldi, uning baquvvat qo‘llari bir parcha tirik jonni, nozik bir norastani avaylab, asrab ushlashni eplay olmaydiganday qo‘pol, dag‘al tuyuldi, Erdene o‘g‘lini qo‘llari bilan sekingina yuragiga yaqin olib borar ekan, otalik mehri uyg‘onib, baxtiyor bir iljayib qo‘ydi, shu onda uning nigohida yangi bir tuyg‘u jamol ko‘rsatayotganday hayajonlanib dedi:
— Bilasanmi, Do‘g‘ulang, quyoncha emas, men o‘z yuragimni qo‘limda ushlab turganga o‘xshayman.
Chaqaloq tezda uxlab qoldi. Yuzboshining o‘z o‘rniga qaytadigan payti bo‘lib qolgan edi.
Erdene yarim kechada sevgilisining huzuridan chiqar ekan, oltin kuz paytida dasht ustida kumush yog‘du taratib turgan oyga tikildi va o‘zining tanholigidan, chorasizligidan o‘kindi. Bu yerdan nari ketish o‘rniga yana o‘g‘li bilan xotini yoniga qaytgisi keldi. Cheksiz-poyonsiz dasht kechasida taralgan qandaydir sirli ovozlarga quloq solib, turib qoldi. Dil qa’rida yashirinib yotgan mash’um xayol yana o‘z komiga tortdi-taqdir taqazosi ila buyuk xoqonning buyuk ishlariga bosh qo‘shib, ikkalasi ham olampanoh yetakchiligida G’arbga yurish qilib, o‘zlarini ajal qilichiga urishdi — bola tug‘ilganini bilib qolsa, xoqon o‘sha zahoti chil-parchin qilib tashlashi turgan gap. Ularning Rub’i maskun hukmdori bilan taqdirdosh, maydondosh bo‘lishining o‘zi yaxshilikdan nishona emas, o‘zlarining shaxsiy hayotlariga zid bir holat edi, shuning uchun bitta-yu bitta yo‘l qoldi — u ham bo‘lsa qochish, uchar qushday erkinlikka erishish, bolaning hayotini qutqarib qolish edi.
Tezda u nariroqdagi xizmatchisi Oltunni qidirib topdi, u otga yem berib ivirsib yurgan ekan.
— Xo‘sh, o‘g‘lingni yaxshilab ko‘rib oldingmi? — dedi Oltun shosha-pisha.
— Ha, rahmat, diydoriga to‘ydim.
— O’g‘lingga ot qo‘ydingmi?
— Ha, G’unon deb ot qo‘ydim.
— Yaxshi ism qo‘yibsan — G’unon.
— Ha, yaxshi ism. Xudo shohid Oltun, senga aytadigan gapim bor. Shoshilinch. Hozir aytishim kerak. Men seni tug‘ishgan opamday ko‘raman.
Ґg‘limiz uchun tutingan ona bo‘lding. Agar sen bo‘lmaganingda edi, biz Do‘g‘ulang ikkalamiz topisha olmagan bo‘lar edik. Ehtimol, Do‘g‘ulang bilan ikkalamiz boshqa uchrasha olmasdan, hijron qiynog‘ida azob chekkan bo‘lur edik. Urushning oti ham urush, o‘zi ham, kim urush boshlasa, ikki hissa azob chekadi. Men sendan minnatdorman.
— Tushunaman, — dedi Oltun. — Hammasini tushunaman. O’zing ham, Erdene, odam bolasi jur’at etolmaydigan ish qildingda! — Oltun boshini chayqadi. Keyin qo‘shib qo‘ydi: — Ilohim, ishlaring o‘ngidan kelsin. Men tushunib turibman, — davom etdi ayol. — Sen bu tumonat qo‘shinda bugun yuzboshisan, ertaga no‘yon — mingboshi, keyin umr bo‘yi izzat-hurmatda bo‘lasan. O’shanda biz bugungiday gaplasha olmagan bo‘lur edik. Sen — yuzboshi, men cho‘riman. Farqini hamma biladi. Lekin sen harbiy ish bilan bir qatorda diling amriga ham quloq solding. Men bu ishda ozmi-ko‘pmi yordam qildim, yo‘q deganda otingni ushlab turdim. Sening Do‘g‘ulangingga ham xizmat qildim, xabaring bor. Endi butun vujudim bilan unga mehr qo‘yib qoldim, mening nazdimda Do‘g‘ulang go‘zallik ma’budasining qiziga o‘xshaydi. Ha, xuddi shunday! U go‘zallikda tengi yo‘q. Shunday. Lekin gap bu haqda ketmayotir. Men bu ayolning boshqa bir fazilati haqida gapirmoqchiman. Uning qo‘lida qandaydir mo‘‘jizakor kuch bor, ayol zoti borki, ip ishlatadi, nimalarnidir tikadi, lekin kashtado‘zlikda hech kim Do‘g‘ulangning oldiga tusha olmaydi. Men buning guvohiman. Bayroqlarga tikilgan ajdaholar tirikka o‘xshaydi. Yulduzlarning rasmi esa osmondagi yulduzlar kabi porlaydi. Xudo bergan san’at. Undan hecham ajralmayman. Agar senlar ketsalaring men ham birga ketaman. Uning bir o‘zi qochib ketolmaydi. Yaqinda bo‘shanganku, axir.
— Gap ana shunda-da, Oltun. Ertaga, yarim kechalarda tayyor bo‘lib turish kerak. Qochamiz. Sen Do‘g‘ulang ikkalang bola bilan aravada ketasanlar, men esa bir otga minib, bittasini yetaklab olaman. Yoyiq daryosi yoqasidagi chakalakzorga yetib olishimiz kerak. Eng muhimi tong otmasdan bu yerdan ancha o‘zib ketishimiz shart, shunday qilmasak izimizga tushib topib olishadi. Ular indamay qolishdi. Erdene otga minishdan oldin xizmatchi Oltunning burishib qolgan ozg‘in qo‘lining kaftidan o‘pdi, bundan bir necha yil oldin Xitoy hududida bo‘lgan janglarda asirga tushib, butun umri Chingizxon karvonlarida xizmatkor bo‘lib kelgan mushtdaygina bu keksa ayol Do‘g‘ulang bilan Erdenening baxtiga bitgan qut bo‘ldi. Bo‘lmasa bu ayol Erdenega hech kim emas — Chingizxonning G’arbga qilgan yurishida xizmat qilib yurgan ayollardan biri. Lekin jonini tahlikaga qo‘yib sevishgan ikki yoshning birdan-bir ishonchli tayanchi bo‘ldi. Yuzboshi bu ishda faqat shu ayolga, zahmatkash Oltunga ishonish mumkinligini, dunyoda boshqa biron insonga ishonib bo‘lmasligini tushundi. Olamga dahshat soluvchi xitoblar bilan g‘arbga yurishda ishtirok etayotgan o‘n minglagan maydondosh, taqdirdosh jangchilar ichida shu ayoldan boshqa Erdenening yonini oladigan bironta odam topilarmikin — yolg‘iz ana shu Oltungina shunday qilishi mumkin edi. Shunday qildi ham. Erdene tun qorong‘usida Oqyulduz laqabli qashqa otini minib olib, qo‘nishlarda va aravalarning yon-verlarida uzala tushib yotgan harbiylarni chetlab o‘tar ekan, oldinda qanday qismat kutayotgani haqida o‘yladi, va xudodan endigina yorug‘ dunyoga kelgan begunoh go‘dakning baxtini so‘radi, axir har bir tug‘ilgan bola — Tangrining inoyatidir. Tangrining amri ila qachonlardir kimdir inson ko‘rinishida insonlar oldida paydo bo‘ladi, bu esa Tangrining inson oldidagi zuhuridir. Shunda odamning qanday bo‘lishi kerakligini hamma ko‘radi. Tangri degani cheksiz, mislsiz Ko‘k degani, Osmon degani. Hammaning taqdiri — kimningdir tug‘ilishi, kimning yashashi, kimning o‘lishi Tangri ixtiyoridadir. Yuzboshi Erdene ot ustida turib yulduzli osmonni ko‘zdan kechirishga, Tangridan iltijo qilishga, o‘z taqdirini bilishga urinib ko‘rdi. Lekin Ko‘k javob bermas edi. Oy bo‘lsa osmonda yolg‘iz o‘zi hukmronlik qilar, tun zulmati ichra dong qotib uxlab yotgan Sario‘zak dashti ustida o‘zining ko‘kimtir nurini sochib turar edi…
Saharda yana dovullar tilga kirib gumburlab hammani shirin uyqudan uyg‘otdi, qurol-yarog‘larni taxt qilib otlanishga, asbob-uskunalarni aravalarga ortib yo‘l olishga buyruq berildi, xoqonning shiddatli hokimiyatidan ilhomlangan va harakatga kelgan selday qo‘shin yana G’arbga tomon yo‘l oldi.
Yurish boshlanganiga mana o‘n yetti kun bo‘ldi. Sario‘zak dashtining yurish qiyin bo‘lgan bepoyon bo‘shliqlari orqada qoldi, endi bir-ikki kun deguncha Yoyiq daryosi bo‘yidagi butazorlar boshlanadi, undan narida buyuk Idil daryosi oqib yotibdi — Idil daryosi yer kurrasini ikki qismga — G’arb va Sharqqa bo‘lib turadi.
Yurish odatdagiday davom etmoqda. Oldinda gijinglagan qora bedovlarda bayroqdorlar ketayotir. Ularning ortida soqchilar va a’yonlar qurshovida Chingizxon. Xoqon o‘zining oq yolli yo‘rg‘a sevimli Xubasiga minib olgan. Tepada bo‘lsa, xoqonning ko‘ziga quvonch, diliga shodlik baxsh etib, g‘ururiga g‘urur qo‘shib har doimgiday ajralmas yo‘ldoshi — oq bulut suzib ketayotir. Xoqon qaerga borsa, bulut ham o‘sha yoqqa boradi. Yerda esa butun borliqni to‘ldirib ikki oyoqlilar bilan to‘rtoyoqlilar dengizi — Chingizxonning qo‘shinlari, ulovlari, ot-aravalari-yu, so‘yish mollari o‘rkach-o‘rkach to‘lqinlar kabi oqib ketayotir. Guvullagan shovqin uzoqda quturayotgan dengiz to‘lqinlari qa’ridan chiqayotganga o‘xshardi. Ana shu hisob-kitobsiz odamlarniyu jon-jonivorlarni,
jonsiz aravalarni Chingizxon, uning kuch-qudrati-yu rejalari, o‘y-fikrlari olg‘a haydamoqda. Hozir ham u ot ustida ketayotib yana o‘sha rejalar haqida, kamdan-kam inson jur’at eta oladigan orzu — butun dunyoga hokim bo‘lish, mangulikka bir butun davlat tuzish, yetti pushtigacha shu behudud mamlakatni idora qilish haqida o‘ylab borayotir. Xo‘sh, bu rejalarni qanday amalga oshirsa bo‘larkin? Buning faqat bir yo‘li bor — u ham bo‘lsa zarvaraqlarda amr- farmonlar berishdir. Uning dunyoni qanday idora qilish haqida qoyalarga bitilgan farmonlari o‘sha tog‘lar kabi dunyo turguncha turaveradi. Xoqon ot ustida ana shu haqda xayol surib ketayotgan edi. Tog‘u-toshlarda yozuvlar qoldirish o‘z nomini abadiylashtirishning eng ishonchli vositasi edi-da! Xoqon bu ishni
qahraton qish kunlarida, Idil bo‘yidagi qoyalardan boshlaydi. Azim daryoni kechib o‘tish oldidan olimlar, donishmandlar va bashoratgo‘y-baxshilar ishtirokida majlis o‘tkazadi, xoqon o‘zining umri boqiy davlat haqidagi farmonlarini joriy qiladi va bu oltin so‘zlar qoyalarga bitiladi. Bu so‘zlar dunyoni ag‘dar-to‘ntar qiladi va butun olam uning poyiga yiqiladi. Jahongir hozir ana shu shirin orzu bilan oldinga qo‘shin surayotir. Ro‘yi zaminda hamma shu maqsadga xizmat qilmog‘i kerak. Harbiy yurishga muvaffaqiyat keltirmaydigan jamiyki narsalar yo‘l-yo‘lakay barbod etilmog‘i, bartaraf qilinmog‘i darkor.
Va yana qo‘shiqlar to‘qildi:

Bu dunyoni kim so‘raydi? Men so‘rayman.
Gavhar qilib, oyni osmonga ilaman.
Qarab tur!
Men yetmagan joy qutulgaymi?
Qolmas, qolmas!
Qochib birov qutulganmi?
Qutula olmas!
Qarab tur!
Biz ketsak-da o‘rnimizga
Tag‘in yangi avlod yetur,

Dunyoni tugal olib berganimga,

Ot ustida o‘tkazgan bul umrimga,

Olqish aytur, tahsin aytur,
Qarab tur!

Baxtga qarshi, xuddi o‘sha kuni, tush paytida xonning farmoni oliylariga zid o‘laroq karvondagi bir ayolning bola tug‘ib qo‘yganligi haqidagi xabar Chingizxon qulog‘iga yetdi. Bolaning kimdan bo‘lganligi ma’lum emas emish. Bu xabarni ayg‘oqchi Arasan ko‘tarib kepti. Ko‘zlari chaqnab turgan, charchash nima ekanligini bilmaydigan, yerning ostida ilon qimirlaganidan xabardor qizil yuzli ayg‘oqchi bu gal ham birinchi bo‘lib xabar keltirdi: «Janobi oliylari, mening burchim bo‘lgan gapni senga yetkazib turishdan iboratdir, sening farmoni oliyingga qaramasdan shu voqeaning sodir bo‘lgani rost». Bu jir bosib ketganidan bo‘lsa kerak, xirillagan ovozda o‘z xabarini tugatdi ayg‘oqchi Arasan, shamolda so‘zlari yaxshiroq eshitilsin uchun uzangisi uzangisiga tegadigan darajada xoqonga yaqin kelib.
Chingizxon ayg‘oqchining gaplariga ha deganda tushunavermadi, so‘z ham ochmadi. Qoyalarni o‘yib tarixiy so‘zlarni yozdirish fikri bilan band bo‘lganidan noxush xabarga o‘sha onda ahamiyat bermadi ham. So‘ngra voqeaning mohiyatiga yetgach ichidan zil ketdi. Chingizxon o‘zini haqoratlangan sezib, jim qoldi, alamini qamchi bosib otidan oldi. Otning shaxt bilan oldinga tashlanganidan mo‘ynali po‘stinining barlari hurkkan qushning qanotlari kabi shamolda lopillab ketdi. Xoqon bilan yonma-yon ketayotgan ayg‘oqchi Arasan nima qilishini bilmay qoldi — u xoqonning jig‘iga tegib ketmay deganday goh otining jilovini tortar, hokimi mutlaqning so‘zlarini yaxshiroq eshitib olish uchun u bilan yana otini qamchi bosib uzangima-uzangi bo‘lib olar edi. Ayg‘oqchi hech narsaga tushunmay qoldi — Chingizxonning bu qadar uzoq javob qaytarmagani sababiga aqli yetmadi, axir xoqon «ayol qatl etilsin» desa bas, qolganini bajo keltirishaveradi, — birpasda o‘sha ayolni haromzodasi bilan birgalikda aravaning o‘zidayoq gum qilib tashlashadi-qo‘yadi — farmoni oliyni oyoq osti qilganning jazosi shu. Uni kigizga o‘rab bo‘g‘ib tashlashsa bo‘ldi, o‘ladi-qoladi,
— bu boshqalar uchun saboq.
Birdan xoqon ayg‘oqchi tomonga keskin burilib:
— O’sha qanjiq aravada tug‘ib olguncha, ikkiqat bo‘lib yurganini hech kim

sezmabdimi? Yoki bilsa ham, bilmaslikka olibdimi? — deb edi, Arasan yuragi chiqqanidan, uzangisini tepib egarda tik turganini o‘zi ham sezmay qoldi. Ayg‘oqchi Arasan voqeaning qanday sodir bo‘lganini xonga tushuntirib bermoqchi bo‘lib endi og‘iz juftlagan edi, xon uning poyma-poy so‘zlarini qahr bilan kesib dedi:
— O’chir! Oradan biroz vaqt o‘tgach xoqon jahd bilan so‘radi:
— O’sha manjalaqining eri-ku yo‘q ekan, aravada tug‘ib olgan xotin kim ekan o‘zi — oshpazmi, go‘laxmi, molboqarmi?
Xoqon tug‘ib qo‘ygan ayolning bayroqlarga gul tikadigan kashtado‘z ekanini bilib juda hayron qoldi, kimningdir bu ish bilan shug‘ullanishini, kimningdir shohona bayroqlarni bichib, zar bilan gullar solib bezab tikishini, shuningdek kimningdir xon etigini tikkanini yoki umr bo‘yi rohatini ko‘rib kelgan o‘tovlarning kimningdir oyoqqa turg‘izganini hech qachon o‘ylab ham ko‘rmagan ekan. Oldinlari bunday ikir-chikir, mayda narsalar haqida o‘ylashni o‘ziga ep ko‘rmagan edi. Nima bo‘pti
— bayroq degani xoqonning qo‘shinlarida har doim bo‘lgan: askar qo‘nim olgan joylarda deysizmi, yurib ketayotgan otliq askarlarning qo‘llarida yoki ziyofat berilayotgan joylarda deysizmi, bayroqlar yoqib qo‘yilgan gulxanday xon kelishidan oldinoq yal-yal yonib hilpirab turgan. Hozir ham shunday — xoqonga oq yo‘l tilab bayroqdorlar otlarini gijinglatib hammadan oldin borishmoqda. Jahongir G’arbga tomon yurish qilib borayotgan ekan, o‘zgalarning bayroqlarini oyoq osti qilib, o‘z tug‘larini tikish ilinjida ketayotir. Shunday bo‘ladi ham. Dunyoni zabt etish uchun xoqon bilan birga borayotgan har qanday kishi bir oz bo‘lsa ham itoatsizlik qilsa, o‘lim jazosiga mubtalo bo‘ladi, vassalom. Itoat qildirish uchun jazolash bir kishining ko‘pchilik ustidan hukmron bo‘lishining hamishalik qurolidir.
Lekin kashtado‘zning qilmishi aniq. U jazosini tortadi, biroq bu ishda yana kimdir arava yoki qo‘shinda yurgan biron yigit aybdor albatta… O’sha kim ekan?
Endi Chingizxonning fe’li aynidi, qovog‘i osilib, rangi o‘chdi, silovsin ko‘zlariday qo‘rqinchlik ko‘zlarini o‘qraytirib, uzangini chiranib bosdi-da, egarda dong qotganday o‘tirib qoldi. Har qancha shoshilinch ishi bo‘lganlar ham xoqonning yoniga yo‘lay olmay qoldi, uning bu qadar jahli chiqishiga sabab o‘sha kashtachi bilan qandaydir o‘ynashining qatag‘on shartlarini buzib gunohi azimga qo‘l urganigina emas edi, bu voqea xoqonning dilida achchiq, o‘chmas va uyatli iz qoldirgan butunlay boshqa bir tarixni esiga soldi.
Yoshligida bo‘lib o‘tgan voqeani eslab yurak-bag‘ri qon bo‘ldi. Otasiz o‘sgan Temuchin davri kelib Rub’i maskunning hukmroni bo‘lishini hech kim, hatto o‘zi ham xayoliga keltirmagan. O’shanda bo‘z bolalik paytida og‘ir bir isnodga qolgan. Bolaligidayoq ota-onalari unashtirib qo‘yishgan qaylig‘i Bo‘rteni uylanganiga bir oy bo‘lmasdanoq qo‘shni merkit qabilasi bostirib kelib o‘g‘irlab ketgan. Temuchin merkitlarga hujum qilib xotinini qutqarib kelguncha oradan talay kun o‘tadi, xon dunyoga hukmron bo‘lmoq, taxtda o‘tirib o‘z nomi-ni abadiy yuksaklikka ko‘tarmoq uchun, hamma o‘tgan narsalarni unutmoq uchun ko‘p ming qo‘shin bilan G’arbga yurish qilayot-gan hozirgi paytda ham o‘sha mudhish kunlarni eslashga yuragi betlamadi. O’shanda kechasi merkitlar uch kunlik qon-li jangdan so‘ng ayovsiz hujumga bardosh berolmay faqatgina o‘z jonlarini saqlab qolish uchun uyur-uyur yilqilari-yu, qarorgohlarini tashlab qasosdan qo‘rqib tum-taraqay qochib keta boshladilar. Qasos haqidagi qasamda bunday deyiladi.

…Jonliq so‘yib, qon chiqardik, Qadimiy bayroq, shonli bayroq. Bayroqni qonga soldik, Dovul qoqdik dang‘illatib, Qoyaga ursa, tosh kesar, Bo‘yinga ursa, bosh kesar. Qilichni qiya bog‘ladik, O’q o‘tmas sovut kiydik. Endi merkit, ajaling yetgani shu. Ont ichdik:
Bittang ham sog‘ qolmaysan — yo‘q qilamiz, Makoningni yaydoq qilamiz.

Ana shu qasamga sodiq qolish uchun hamma jon berib, jon olib jang qildi, qorong‘i kechada baqiriq-chaqiriq, dodu-faryodlar avjiga mindi, sarosimaga tushib qochayotganlar orasida yopiq aravada xotin-xalaj ketayotgan edi. Temuchin xotinini yo‘qotib qo‘ygan edi, u xotinini topa olmasdan jon achchig‘ida
«Bo‘rte! Bo‘rte! Qaerdasan, Bo‘rte!» deb qichqirib, rafiqasini chaqirar, o‘zini o‘tga ham, suvga ham urib zir yugurar edi. Lekin Bo‘rtedan darak topolmasdi, nihoyat Temuchin bir yopiq aravani quvib yetdi, yigitlari aravakash ayollarni qatl qilib bo‘lishgach, xotinining ovozi eshitildi: U «men bu yerdaman! Men Bo‘rteman» deb aravadan o‘zini yerga otdi. Temuchin otidan sakrab tushdi-da, qorong‘ida bir-birining quchog‘iga otilishdi. Temuchin yosh xotinini sog‘-salomat topib bag‘riga bosib turgan onda yuragida nashtar sanchilganday og‘riq sezdi – undan qandaydir begona hid anqirdi, bu ehtimol, Bo‘rtening silliq va iliq bo‘ynidan o‘pgan biron giyohvand erkak zotining isidir, u shu haqda o‘ylar ekan, o‘z labini qonatib tishlaganicha turib qoldi. Yonverida esa ayovsiz jang, urush davom etmoqda, jon berib, jon olish davom etayotir.
Shu-shu u jangga boshqa kirmay qo‘ydi. Asirlikdan qutqarib olgan xotinini aravaga o‘tirg‘izdi-da dilini qiynayotgan butun sirni aytib solmaslik uchun o‘zini qo‘lga olib orqaga qaytdi. Shundan buyon butun umri vujudi qiynoqda. Xotinining dushman qo‘liga o‘z xohishi bilan tushmaganini yaxshi biladi. Shunday bo‘lsa ham vijdon azobi tinchlik bermaydi unga — nega xotini ozib- to‘zmagan? Axir uning bironta sochi to‘kilmabdi. Demak, Bo‘rte asirda qiyinchilik ko‘rmagan, rang ko‘r, hol so‘r. Bu haqda o‘shanda ham, undan keyin ham ikkalasi ochiqchasiga gaplashishga jur’at etishmadi.
Merkitlar Temuchin bilan bo‘lgan jangda yengilgandan so‘ng bu qabilaning boshqa o‘lkalarga yoki borish qiyin bo‘lgan joylarga ko‘chib ketishga ulgura olmagan vakillari hech qanday xavf tug‘dirmas, ko‘plari molboqar va xizmatkor bo‘lib ishga kirgan yoki qul bo‘lib ketgan edi, shundan keyin ham endi Chingizxon nomi bilan mashhur bo‘lgan o‘sha alamzada Temuchinning merkitlardan hamon ayovsiz o‘ch olishining sababini hech kim tushunmas edi. Oqibatda qochib ketishga ulgurmagan barcha merkitlar qirib tashlandi, ulardan birontasi ham Bo‘rte merkitlar qo‘lida asirda bo‘lganligiga aloqador biron narsa aytib bera olmas edi.
Keyinchalik Chingizxon yana uchta xotin oldi, lekin taqdirning o‘sha ilk shafqatsiz zarbasidan qolgan dardni hech nima davolay olmadi. Xoqon butun umri ana shu dard bilan yashadi. Ana shu qon talashib turgan, lekin zohiran hech kimga ko‘rinmaydigan qalb yarasi bilan yashab keldi. Bo‘rte to‘ng‘ich o‘g‘li Jo‘chini tug‘ib bergandan keyin Chingizxon o‘z xotinining homiladorlik kunlarini sinchkovlik bilan hisoblab chiqdi, shundan keyin aniq bir fikrga kela olmadi: unday bo‘lishi ham, bunday bo‘lishi ham mumkin, bola uning o‘g‘li bo‘lishi ham, bo‘lmasligi ham mumkin. Uning or-nomusiga yuzsizlarcha chang solgan qandaydir noma’lum kishi Chingizxonning bir umrga tinchini buzdi.
Harbiy yurishda kashtado‘z bilan o‘ynashib bola tug‘dirib qo‘ygan o‘sha noma’lum yigitning xoqonga hech qanday aloqasi bo‘lmasa ham, jahongirning qoni qaynab ketdi.
Ba’zan kishiga dunyo ko‘z ochib yumguncha ostin-ustun bo‘lib ketganday tuyuladi. Buyuk xoqonning dilida xuddi ana shunday bir tug‘yon junbushga kelgan edi. Atrofda esa hamma narsa o‘zgarmagan, oldin qanday bo‘lsa shunday. Ha, oldinda qora otlar minib bayroqdorlar qo‘llariga ajdaholar rasmi solingan bayroqlarni ushlab mag‘rur borishmoqda, xoqon esa odatdagiday jonajon Xubasini minib olgan, uning yonida va orqa tomonida mulozimlar jahongirga lutf aylab otlariga qamchi bosib borishmoqda, atrofni sodiq soqchilar — «ponsodlar», navbatchilar o‘rab olgan, butun dashtni ufqqa qadarli harbiy tumanlar — armiyaning zarbdor kuchi hamda minglab aravalar, qo‘shinlar egallab olgan. Tepada, odamlar dengizi ustida xoqonning sodiq oq buluti — Tangri Taoloning inoyati yurishning birinchi kunlaridan boshlab olam kezar edi. hech nima o‘zgarmagan, ilgari qanday bo‘lsa xuddi shunday edi go‘yo, biroq dunyoda nimadir o‘zgarib, xoqonning g‘azabini avj oldirmoqda edi. Demak, kimdir uning irodasiga qarshi ish qilgan, demak kimdir o‘zining shahvoniy ehtirosini xoqonning buyuk maqsadlaridan yuqori qo‘yishga jur’at etgan, demak, kimdir qasddan uning farmoniga zid ish qilgan! Uning suvoriylaridan kimdir namunali harbiy xizmat qilishdan, xoqonga so‘zsiz itoat etishdan ko‘ra to‘shakda ma’shuqasining pinjiga kirishni a’lo ko‘rgan! Va qandaydir notavon ayol, kashtado‘z, undan keyin hech kim kashta tika olmaydiganday xon qatag‘onini bir tiyin qilib tug‘ib olishga jur’at etgan, holbuki aravalardagi boshqa ayollar maxsus ruxsat bo‘lguncha bola bo‘lib qolmasin deb o‘z nafslarini tiyishgan.
Bu fikrlar uning dilida yovvoyi o‘t, qalin o‘rmon kabi o‘sib, g‘azabdan ko‘z nurini xiralashtirdi, xoqon shuni ham tushunar ediki, bu aslini olganda favqulodda ahamiyatga molik katta voqea emas edi, yana bir ko‘ngli shafqatsiz bo‘lishni, jiddiy jazo berishni, qonunbuzarlarni butun cherik oldida qatl qilishni talab etib, boshqacha bo‘lishi mumkin emasligini ta’kidlar edi.
Charchoq nimaligini bilmaydigan yo‘rg‘a Xuba xoqon ustidan tushmagandanmikin, bu gal o‘zini ortiqcha yuk ko‘targanday, yuk borgan sayin ortib borayotganday sezdi, har doim bir tekisda o‘qday otiladigan yo‘rg‘a bu safar ola-chalpoq libos kiyganday ter ko‘piklariga o‘randi, otning bunaqa bo‘lganini hech ham eslay olmaydi.
Chingizxon qovog‘idan qor yog‘ib jim borar edi. Bunday qaraganda yurishda hech qanday o‘zgarish bo‘lmagan, dasht lashkarlarining G’arbga tomon harakatiga, dunyoni zabt etishdek buyuk rejalarini amalga oshirishiga hech qanday kuch monelik ko‘rsatmas edi, lekin nimadir ro‘y bergan edi, xoqonning amri-farmonlari cho‘qqisidan ko‘z ilg‘amaydigan oshiqday tosh qulab tushdi-yu jahongir hokimiyati zil ketdi. Bu esa xoqonga tinchlik bermasdi. U ot ustida ham shu haqda o‘ylar edi: bu fikr tirnoq tagiga kirgan zirapchaday qalbini qiynoqqa solar edi. Xoqon shu haqda mulohaza yuritgan sari bu ishda o‘z a’yonlarining ayblarini tuya boshladi. Ular bu haqda bo‘lari bo‘lib bo‘yog‘i singgandan keyin, ya’ni ayol tug‘ib olgandan so‘ng xabar qilishdi, ular oldin qaerda edilar, qayoqqa
qaradilar, nahotki ayolning ikkiqat davrida sezib bo‘lmasa? Ana shunday qilinganda ish oson ko‘chgan bo‘lur edi — davosi suyuqoyoqni o‘g‘ri itday urib haydashganda olam guliston bo‘lardi. Endi nima qiladi? Bu shum xabar kelganda xoqon aravalar karvoni uchun mas’ul no‘yonni chaqirtirib, qattiq so‘roqqa tutdi – kashtachi bo‘shanib bola tug‘ib olguncha, chaqaloqning yig‘isi eshitilmaguncha hamma-hammasini nahotki hech kim payqamagan bo‘lsa, bunisi qanday bo‘ldi? Buni qanday tushunmoq kerak? Xoqonning bu savollariga no‘yon dudmal, mujmal javob qaytardi — Do‘g‘ulang ismli bayroqdo‘z har doim bir chekkadagi alohida o‘tovda yashagan, ayol band ekanligini pesh qilib hech kim bilan muloqotda bo‘lmagan, o‘zi bir aravada yolg‘iz yashagan, uning bitta xizmatkori bo‘lgan ekan, xolos. Huzuriga ish bilan kelgan-larida kashtado‘z ipak bilan tikiladigan bir to‘p gazlamani beliga o‘rab o‘tirarkan. Odamlar ayol buni chiroyli ko‘rinish uchun shunday qilgan deb o‘ylashgan, chunki u go‘zallik shaydosi bo‘lgan ekan. Shuning uchun ham ayolning ikkiqatligini payqab bo‘lmagan. Bolaning otasi kimligi noma’lum. Kashtado‘z esa hali so‘roq qilinganicha yo‘q. Xizmatkor bo‘lsa, o‘limdan xabarim bor, ammo bundan xabarim yo‘q, deydi.
Chingizxon bu hodisaning unchalik e’tiborga molik emasligi haqida o‘yladi, biroq bola tug‘ishni taqiqlagan o‘zi, shuning uchun qo‘shin boshliqlari o‘z hayotidan qo‘rqib, bo‘lib o‘tgan voqea haqida hokimi mutlaqqa tezroq xabar berishga oshiqar edi. Demak, xoqon o‘z farmoni oliysining quli bo‘lib qoldi. Buyrug‘idan chekina olmaydi. Endi jazo muqarrar edi.
Yuzboshi Erdene yarim kechaga yaqin shoshilinch topshiriqlar borligini bahona qilib, mingboshi huzuriga borishini aytdi, bu esa sevgilisi bilan shu kechasi qochib ketish uchun bahona topib qo‘nim joyidan chiqishning yo‘li edi. Erdene xoqonning bu voqeadan xabari borligini, u o‘zining bolani olib Do‘g‘ulang bilan qochib ketaolmasligini hali bilmas edi.
Yuzboshi Erdene bir otni minib, ikkinchisini ovchi itni ergashtirib olganday yetaklab qo‘shinlar dam olayotgan yerdan eson-omon o‘tdi. Do‘g‘ulangning o‘tovi yaqinidagi aravaga yaqinlashganda Xudodan faqat bir narsani: «poko parvardigoro, no‘yon soqchilarining yuzini nari qil» deb iltijo qildi. No‘yon soqchilari boshqalar orasida eng injiq, eng qattiqqo‘l soqchilar edi, bordiyu suvoriylardan birontasi bo‘za ichib mast yurganini sezsa bormi, hech qachon ayashmaydi, uni ot o‘rniga aravaga qo‘shib, qamchi bilan urib haydashadi. Erdene o‘z qo‘mondonligi ostidagi yuz chamasi jangchini tashlab qochib ketar ekan, ushlab olishsa oliy jazoga hukm qilishlarini, kigizga o‘rab dimiqtirib yoki osib o‘ldirishlarini bilar edi. Faqat boshqa o‘lkalarga, o‘zga mamlakatlarga qochib keta olgandagina joni omon qolishi mumkin edi.

Bu kechasi ham oy dashtga sutday oq yog‘du sochib turibdi. Qayoqqa bormang lashkar qo‘nimlari, gulxanlar atrofida uzala tushib yotgan askarlar, uyur-uyur yilqilar. Ana shunday odamlar bilan aravalar dengizida birovning qayoqqa ketayotgani bilan kimning nima ishi bor. Yuzboshi Erdene yo‘lga chiqishdan oldin shuni nazarda tutgan edi, uning Do‘g‘ulang bilan o‘g‘lini olib qochib ketishi hech gap emas edi, lekin peshonaga bitilgani boshqacha ekan.
U falokat ro‘y berganini ustalar qarorgohiga yaqinlashishi bilan payqadi. Yuzboshi shartta otdan tushdi-da, otlarini jilovidan ushlab soyada qotib turdi. Ha, falokat yuz bergan edi. Chekkadagi o‘tov yonida lovillab yonib turgan gulxan atrofga qandaydir tashvishli nur taratayotganday. O’nga yaqin yasovullar gulxan atrofida ot ustida turib qattiq-qattiq gapirishyapti. Uch kishi shosha-pisha aravaga ot qo‘shayotgan edi. Do‘g‘ulang kechasi ana shu aravada qochib ketishi kerak edi. Shundan so‘ng yasovullar o‘tovdan Do‘g‘ulangni bolasi bilan olib chiqishdi. Do‘g‘ulang o‘zining suvsar po‘stinini kiyib bolasini bag‘riga bosgancha, rangi o‘chgan, qo‘rqqan, najotsiz bir holda gulxan yonida turar edi. Yasovullar undan nimalarnidir so‘rar edi: «Javob ber? Senga aytayapman, javob ber! Manjalaqi, fohisha!» degan qichqiriqlar quloqqa urildi. Shundan so‘ng xizmatkor Oltunning chinqirig‘i eshitildi. Ha, bu o‘sha ayolning ovozi edi. Oltun ovozi boricha baqirib der edi: «Men qayoqdan bilay?! Nega meni urasanlar? Uning kimdan tug‘ib olganini qaydan bilaman! Ha, yaqinda bola tug‘ib olgani rost, o‘zlaring ko‘rib turibsanlar. Xo‘sh, voqeaning bundan to‘qqiz oy oldin bo‘lganiga aqllaring yetmaydimi? Buning qachon va kim bilan nima qilganini men qayoqdan bilishim mumkin?! Nega meni urasanlar. Bechora ayolni nega

qo‘rqitasanlar, sho‘rlikning yuragi chiqib ketdi-ku! Uning emizikli bolasi bor-ku! Yo‘q deganda sho‘rlik ayolning xizmatlarining yuzini qilsalaringchi — senlar yurish qilayotganda dast ko‘tarib yurgan hamma harbiy bayroqlarni shu ayol tikkan-ku! Nega endi uni o‘lguday urayapsanlar, nega?»
Sho‘rlik Oltun oyoq ostida qolgan nimjon niholday nima qila olar edi, hatto
yuzboshi Erdene ham aralashishga jur’at eta olmadi. Aralashganda qo‘lidan nima ham kelar edi?! Ulardan ko‘p deganda bitta-ikkitasini o‘ldirib keyin o‘zi o‘lar. Bundan na hojat! Yasovullar shu yo‘l bilan yen-gib kelishgan. Ular chiyabo‘riga o‘xshab gala-gala bo‘lib hujum qilishadi, odamlarning tit-pitini chiqarib qon to‘kishadi.
Oradan sal o‘tmasdan yasovullar Do‘g‘ulangni bolasi bilan sudrab kelib aravaga tiqishdi. Oltunni ham turtkilab olib kelib ularning yoniga o‘tqazishdi-da,
qayoqqadir olib ketishdi.
Chor atrof birpasda tinchib, jonzotdan darak qolmadi.
Shundan keyin uzoqdan itlarning vovullashi, ot-toylarning kishnashi, yana qandaydir ovozlar quloqqa chalina boshladi.
Kashtachi Do‘g‘ulang yashab turgan o‘tov yonida yoqilgan gulxan yonib bo‘lib
o‘chay-o‘chay deb qolgan edi. Osmoni falakda g‘am-tashvish nima ekanini bilmasdan jimgina yog‘du sochib turgan yulduzlar odamlarning tinimsiz yugur- yugurlariyu ayovsiz kurashlarini sezmaganday, ovloq qolgan sayxonlikka bepar- vogina boqib turibdi — bo‘lari bo‘lib, bo‘yog‘i singgan edi.
Yuzboshi Erdene yomon tush ko‘rib uyg‘ongan odamday bir seskanib tushdi-da, yetaklab kelayotgan otning boshidagi yuganini qon yurishmay qolgan sovuq qo‘llari bilan yechib, uloqtirdi. Yugan sharaq etib yerga tushdi. U entikib, nafas olishi tobora qiyinlasha boshladi. Yugansiz qolgan otning bo‘yniga bir urdi. Endi bu ot erkin, hech kimga keraksiz edi, ot buni sezganday qorong‘ida o‘z uyuri tomon chopa ketdi. Erdene qayoqqa borishini, nima qilishini bilmasdan bepoyon dashtda bemaqsad qadam tashlay boshladi. Uning Oqyulduz laqabli qashqa oti egasi yetagida jimgina ketmoqda, Erdene bu otda qancha janglar qilgan, lekin, na iloj, sevgili yori bilan jigarporasini aravaga solib shu otida qutqarib qololmadi. Erdene ko‘zdan qolganday boshi oqqan tomonga ketaverdi, ko‘z yoshlari shashqator bo‘lib soqolidan oqib tushayotgan edi. Erdene oydin kechada o‘ksib- o‘ksib yig‘lar edi. U o‘z galasidan haydalib dunyoda yakka-yolg‘iz qolgan yirtqichga o‘xshash oyog‘ini sudrab qadam tashlar edi: eplasang — yasha, eplayolmasang — o‘lib ketaver. Boshqacha yo‘l yo‘q. Endi u nima qilishi, qayoqqa bosh suqishi kerak? O’lishdan, o‘ziga pichoq urishdan, ko‘kragiga, alamdan siqilayotgan yuragiga xanjar sanchishdan boshqa yo‘l qolmadi — yurak-bag‘rini ezayotgan dardu alamdan qutulishning yo‘li shul, yana bir yo‘li — dunyodan etak silkib oyoq yetgan joyga bosh olib ketish edi. Nochor qolgan yuzboshi o‘zini tappa yerga tashladi-yu, tosh bormi, qum bormi titkilay ketdi, lekin yer yorilib uni o‘z komiga tortmadi, shundan so‘ng boshini ko‘tarib, cho‘kkalab o‘tirdi-da belbog‘idagi xanjariga qo‘l uzatdi.
Dashtda sokinlik, jonzotdan darak yo‘q, tepada yulduzlargina shivirlashadi. Faqat yonidagi sodiq do‘sti Oqyulduz oydinda sabr-toqat bilan jim turibdi,
egasining imdodini kutib, pishqirib-pishqirib ham qo‘yadi.
O’sha tong paytida dovulchilar tepaga chiqib olib yurish boshlamasdan oldin dovullarini urib barchani jam bo‘lishga undadi. Dovullar momaqaldiroq gumburlaganday gulduros shovqin bilan xabar berib daranglar edi. Ho‘kiz terilaridan yasalgan dovullar qopqonga tushib qolgan yo‘lbarsga o‘xshab na’ra tortar, bo‘kirardi. Dovullarning yo‘lda ketayotib bola tug‘ib qo‘ygan Do‘g‘ulang ismli kashtado‘z buzuq ayolning qatl etilishi marosimiga xaloyiqni chorlayotganidan ham ko‘pchilik bexabar edi.

Dovullarning quloqni qomatga keltirgan shovqini ostida tepalik atrofiga qurol- yaroqlarini shay qilib sonsiz suvoriylar to‘planishdi. Nariroqda aravalar, aravalarning ustida qo‘shinlarga xizmat qiladigan kishilar, har xil ustalar – o‘tov ustalari, qurolsozlar, egarsozlar, chevar ayollar, erkaklar va ayollar: hammalari yosh-yalang, barchalari nasl beradigan navqiron avlodlar. Hammaga saboq bo‘lsin uchun, barchaning diliga qo‘rquv solish uchun gunohkor ayol butun xaloyiq oldida qatl etiladi. Xoqon izmidan bosh tortganlar bilib qo‘yishsin, kimki farmonga bo‘ysunmasa ular ham qatl etilajak.
Dovullar gumburlagandan gumburlab, kishilarning qonini yaxlatib, diliga yanada qo‘rquv solar edi. Bu ishlarning hammasi Chingizxonning buyrug‘i va ishtiroki bilan bo‘layotgan edi.
Va nihoyat bebosh ayolni qatl etish haqidagi farmoni oliyga imzo chekkan xoqonni dovullarning tinim bilmas gumburlari ostida oltin taxtiravonda tepaga olib chiqishdi, ayol o‘lim xavfi ostida ham bolaning otasi kim ekanini aytmadi. Taxtiravonni oftobda qovjiragan o‘t-o‘landan tozalangan sayxonlikka qo‘yishdi.
Atrofda og‘zidan olov purkab turgan ajdaholarning rasmlari ipakda tikilgan bayroqlar endigina yuz ko‘rsatayotgan quyosh nuridan yog‘dulanib, shamolda
hilpiramoqda. Shiddat bilan sakrashga tayyorlanayotgan ajdaho xoqonning ramzi edi. Lekin kashtado‘z tug‘da tasvirlagan ajdaho xoqonning emas, balki
boshqa birovning timsoli ekanligi jahongirning yetti uxlab tushiga ham kirmagan. Bu esa qo‘li gul ayolning qo‘ynida erkalangan dovyurak ajdaho edi. Ana shu ajdahoday jasur, alp qomatli yigit bilan suyushib, uning ramzini bayroqqa tikkani uchun boshidan judo bo‘layotgani hech kimning xayoliga ham kelmas edi.
Qatl daqiqalari yaqinlashmoqda edi. Dovullarning ovozi asta-sekin pasaya bordi. Qotillik onlarida pashsha uchsa eshitiladigan sokinlik hukm surmog‘i
kerak. Ana shunday jimjitlik paytlarida odamning tani yaxlay boshlaganday, vaqt ham parchalanib, yoyilib-chaplashib bir joyda turib qolganday bo‘ladi. Jazo ijro etildi deguncha dovullar yeru ko‘kka g‘ulg‘ula solib yana o‘kira boshlaydi, bu tomoshabin bo‘lib turgan xaloyiqda «ajab bo‘ldi, zap bo‘ldi bu qanjiqqa» deganday o‘z jonining omon qolganiga shukronalar aytish hissini uyg‘otish yo‘li edi, «har kimning joni o‘ziga» degani shu bo‘lsa kerak-da!
Dovullar jimib qoldi. Turganlar hayajondan dong qotib qolishdi, hatto otlar ham ustidagi chavandozlarini unutganday quloqlarini ding qilib jim turdi. Chingizxon o‘zi ham imo-ishorasiz tosh haykalga aylandi qoldi. Jahongirning qattiq qisilgan lablari va tik boqadigan kichik ko‘zlarining sovuq nigohi hayajondan boshini tik ko‘targan ilonni eslatardi.
Jazo bajariladigan joyga yaqin turgan Do‘g‘ulangni olib chiqishganda dovullarning ovozi o‘chdi. So‘laqmonday yasovullar ayolning qo‘ltig‘idan
ushlashib ikki ot qo‘shilgan aravaga chiqazishdi. Ho‘mraygan yosh yasovul
Do‘g‘ulangni tik turg‘izib orqasidan ushlab turdi.
Elning og‘ziga elak bo‘larkanmi, ko‘plar, ayniqsa ayollar shov-shuv ko‘tara boshladi: Ha, kashtado‘zi shu ekan-da! Yuzi qursin bu g‘arning? Surayyo!
Erining kim ekanini bilmasa! Yoshgina, binoyiday chiroyli ekan, biron no‘yonga ikkinchi yoki uchinchi xotin bo‘lib tegib olsa o‘larmidi?! Chol bo‘lsa nima qipti, ering bormi-bor deb tashvishsiz gerdayib yuravermaydimi! Bunga er kerak emas, o‘ynashdan bo‘lsa ham tug‘ib olsa hisob ekan. Xoqonning yuziga tupurdi qo‘ydi. Ana endi jazosini tortsin. Tuyaga osib o‘ldirishsin megajinni! Yengil oyoqliging boshingni yedi, ma’shuqai sohibjamol!
Ana shu kabi achchiq-chuchuk so‘zlar dovullarning g‘azabnok dang‘ir- dung‘uriga hamohang edi — Ho‘kiz terisidan yasalgan dovullar xoqonning
nafratiga yo‘liqqan bir urg‘ochiga nisbatan nafrat uyg‘otish, uni sharmandai
sharmsor qilish uchun ham ana shunday jon kuydirib gulduros ila jar solmoqda.

— Hu ana xizmatkoriga qaranglar! Yana bolani ko‘tarib olganiga o‘lasanmi? — deb qichqirishar edi aravalardagi ayollar bir baxti qoraning baxtsizligidan sevinganday. Ha, o‘sha ayol chindan ham Oltun ismli xizmatkor edi. O’sha ayol chaqaloqni lattaga o‘rab olib ko‘tarib kelyapti. Oltun zarbdor yasovul nazorati ostida qo‘rqa-pisa alang-jalang boqib bukchayib bolani ko‘tarib borar ekan, o‘limga hukm qilingan kashtachi ayolning chindan ham jinoyatchi ekanini isbotlaganday qadam tashlar edi.
Jinoyatchilarni hammaga ko‘rsatib olib o‘tishdan maqsad qotillik oldidan xaloyiqning yuragiga qo‘rquv solish edi. Do‘g‘ulang endi jazoning haq ekanini, rahm-shafqat haqida so‘z bo‘lishi mumkin emasligini tushundi.
hammaning ko‘z oldida sharmandai sharmisor qilib o‘tovdan olib chiqishdan oldin Do‘g‘ulang bolasini oxirgi marta emizib olishga ulgurgan edi. Hech
narsadan bexabar sho‘rlik chaqaloq chapillatib mammasini so‘rar ekan,
dovullarning sekinlashib borayotgan saslari allalaganday mudrab ham oldi. Xizmatkor Oltun qoqib qo‘ygan qoziqday ona-bolaning oldidan bir qadam nari jilmadi. U faryod solib yig‘lashdan o‘zini tiyib sekingina yig‘lar ekan, har gal og‘zini kafti bilan to‘sib olar edi. Shu og‘ir daqiqalarda ham ular bir-ikki og‘iz gaplashib qolishga ulgurishgan edi.
— U qaerlarda yuribdi ekan? — ohistagina shivirladi Do‘g‘ulang, bolani ikkinchi ko‘kragiga olar ekan, garchi o‘zi bilmaganini Oltun bilmasligiga aqli yetib tursa
ham.
— Qaydam, — dedi Oltun ko‘z yoshini oqizib. — Uzoqlarda yurgan bo‘lsa kerak.
— Qani endi shunday bo‘lsa! Aytganing rost bo‘lsin! Xudoga yolvorganday dedi
Do‘g‘ulang. — Xizmatkor achchiq-alamda bosh irg‘adi. Har ikkalasining xudodan so‘ragani bitta — iloyim yuzboshi yashirinib qolgan bo‘lsin, uzoqqa
qochib ketgan bo‘lsin, shaboxun urgani rost bo‘lsin!
O’tov ortidan ovozlar, qadam sharpalari eshitildi:
— Qani, murdorlarni keltir buyoqqa, sudrab kel! Kashtado‘z oxirgi marta bolasini bag‘riga bosib, uning totli hididan alam bilan nafas oldi va uni
qaltiragan qo‘llari bilan xizmatkorga tutdi:
— O’lmasa qarab turarsan.
— Unday deya ko‘rma! — Oltun qo‘shqo‘llab bolani olar ekan, o‘zini tutolmay ho‘ngrab-ho‘ngrab yig‘lardi.
Yasovullar chopib kirib, ularni tashqariga sudrab chiqishdi.
Quyosh ufqdan andak ko‘tarilib dasht yalangliklarini o‘z nuridan bahramand qila boshladi. Gunohkor kashtachi qatl etildi deguncha buyuk yurishni davom ettirishga tayyor turgan qo‘shinlaru aravalarni gir atrofdan buyuk Sario‘zak dashtlari o‘rab olgan. Dashtdagi bir tepalik ustida xoqonning taxtiravoni oltinlanib turibdi. Do‘g‘ulang o‘tovdan chiqqan zahoti taxtiravonga ko‘zi tushdi: taxtiravon ustida xoqon savlat to‘kib o‘tiribdi, uning atrofida farmoni oliyga tupurgan ayolning qo‘li bilan tikilgan bayroqlar shamolda hilpirab turibdi. Chingizxon shohona soyabon tagida o‘tirib tepalikdan chor atrofga dasht kengliklariga, qo‘shin-cheriklarga, ot-aravalarga ko‘z qirini solmoqda, osmoni falakda sodiq oq bulut soya solib turibdi. Kashtado‘z ustidan chiqarilgan hukm ijrosi deb bugun yurish kechiktirildi. Bu ham kerak edi. Bunday sharoitda hukm ijro etilmasdan turib yo‘lga chiqib bo‘lmaydi. Bu galgi o‘lim jazosi xoqonning ishtirokida ijro etilgan birinchi va oxirgi qotillik emas — Har xil qonunbuzarlar xuddi ana shu yo‘l bilan jazolangan va xoqonning shunga imoni komil bo‘ldiki, jazoni xalq oldida, jangchilarning ko‘z o‘ngida ijro etish raiyatni oliy hokim tomonidan o‘rnatilgan temir intizomga bo‘ysundirishning zaruriy sharti edi, nima deganda insonda bir chekkasi hokimiyat qahridan qo‘rqib yaltoqlanish hissi paydo bo‘lsa, ikkinchi tomondan o‘lim jazosiga boshqa birovlar mahkum etilganidan mamnun bo‘lishdek tubanlik hissi nish uradi, oqibatda odamlar shafqatsiz jazoni zaruriy shart deb qabul qiladilar va hokimi mutlaqlarning bu yo‘ldagi dahshatli harakatlarini ma’qullabgina qolmay, qo‘llab-quvvatlaydilar ham.
Bu gal ham kashtachi ayolni o‘tovdan sudrab chiqib, sharmandai sharmisor qilish uchun aravaga solib aylantirib yurishganda odamlar ari to‘dasiga o‘xshab jonsarak bo‘lib qolishdi. Chingizxonning chehrasida pashsha chaqqanchalik ham o‘zgarish sezilmadi. Xoqon soyabon tagida o‘tirar ekan, uning atrofida bayroqlar shamolda hilpirar va soqchilar tug‘ dastalari yonida metin haykallarga o‘xshab tosh qotib turar edilar. Odamlar bilib qo‘yishsinki, g‘arbga qilinayottan buyuk yurish yo‘lidagi har qanday g‘ov, hatto arzimas to‘siq ham chilparchin qilinajak. Bu o‘lim jazosidan murod ham shu edi. Xoqon o‘sha bolali juvon ustidan bu qadar shafqatsiz jazoga qo‘l urmaslik, uni afv etish mumkinligini dil- dilidan tushunar edi, lekin bu mulohazani jo‘yali deb bilmadi — Har qanday muruvvat, har qanday oliyjanoblik doim ko‘ngilsizlikka turtki bo‘ladi: hokimiyat zaiflashadi, odamlar itoatsiz bo‘lib qoladi. Yo‘q, xoqon o‘z qaroridan pushaymon chekmadi, uning faqat bir narsadan ko‘ngli g‘ash edi — o‘sha kashtachining mahbubi kim ekanligi hamon noma’lumligicha qolayotgan edi.
Osib o‘ldirishga hukm etilgan ayol tushgan arava saf tortib turgan qo‘shinlar va qator-qator ot-aravalar yonidan o‘tib borar edi, uning ko‘ylagining yoqasi yirtilgan, sochlari hurpaygan, tong oftobida yog‘dulangan tim qora qalin sochlari uning bo‘zdek oqargan qonsiz yuzini olomon nigohidan yashirib turar edi. Biroq Do‘g‘ulang boshini egmasdan tevarak-atrofga loqaydlik bilan motamsaro boqib borar ekan, endi o‘zgalardan yashiradigan siri qolmagandi. Ha, bir yigitni o‘zining jonidan ham a’lo ko‘rgan, uning adoqsiz muhabbatidan tug‘ib olgan ayol ana shu edi. Xaloyiq esa uning sirlarini bilishni istardi. Odamlar qichqira boshladilar:
— Ey tul biya, ayg‘iring qani? Kim o‘zi u? Olomon gunohi azimdan forig‘ bo‘lish ilinjida birovning o‘limiga noilojlikdan guvoh bo‘lib turishdan hayajonlanib, g‘azabi qaynab faryod sola boshladi:
— Qanjiq osilsin! Darhol osilsin! Nega imillashadi? O’lim jazosini ijro etuvchilar ham jazavasi qo‘zigan olomon junbushga kelib kashtachi o‘z gunohiga
iqror bo‘ladi, jazmanining kim ekanini aytib beradi deb umid qilgan bo‘lsalar kerak. Shu payt taxtiravon tarafidan xoqonning xizmati yo‘lida sallasini keltir
desa kallasini qo‘shib oladigan bir no‘yon ot choptirib kela boshladi. U o‘limga olib ketilayotgan kashtachi tushgan arava bilan bolani qo‘lida ko‘tarib kelayotgan xizmatkor ayol yoniga kelib to‘xtadi:
— To‘xtanglar shu yerda! — dedi-da saf tortib turgan suvoriylarga qarab bor ovozi bilan murojaat qildi: — Hamma eshitsin! Bu beandisha megajin bolaning
otasini aytib bersin! U kim bilan o‘ynashib yurgan ekan? Endi menga qara,
manjalaqi, mana shu turgan erkaklar orasida bolangning otasi bormi?
Do‘g‘ulang rad javobini berdi. Turganlar yana quloqlarini ding qilib guvillay boshlashdi. Arava olg‘a qarab sekin yuraverdi. Yuzboshilar bir-birlariga:
— Bizning aravada unaqasi yo‘q, uning eri sening aravangda bo‘lib chiqmasin, — deb ta’kidlashardi.
O’sha baqiroq no‘yon undan battar jahlga minib, kashtachidan chaqaloqning otasi kim ekanligini aytib berishni qayta-qayta talab qila boshladi.
Arava yana bir to‘p suvoriylar oldiga kelib to‘xtashi bilan tag‘in ayoldan
so‘rashdi:
— Aytchi, haromi, sen kimdan tug‘ib olding? Xuddi ana shu safda, o‘zining yuz suvoriysiga bosh bo‘lib, yuzboshi Erdene qashqa Oqyulduz otida turardi. Do‘g‘ulang bilan Erdene bir-birini ko‘rib qolishdi. Shovqin-suronda ularning uzoq tikilib turganlarini, Do‘g‘ulangning seskanib, to‘zg‘ib ketgan sochlarini tartibga keltirganini, chehrasining bir lahza yonib-yorishib ketganini hech kim sezmadi. Bu ko‘z urishtirishning Do‘g‘ulang uchun qanchalik qimmatga tushganini, shu bilan birga bu lahza uning uchun qanchalik baxtli, ayni vaqtda qanchalik azobli onlar ekanini faqat Erdenegina sezar edi. Do‘g‘ulang bir zum o‘z hushini yig‘ib oldi-da qutirgan itday vovullayotgan no‘yonning savoliga bamaylixotir javob qildi:
— Yo‘q, bolamning otasi bular orasida yo‘q! Shu so‘zlarni eshitish bilan Erdenening kallasi shilq etib tushdi, u sir bermaslik uchun shu zahoti boshini ko‘tarib, hech narsani bilmaganday qotib turdi, buni hech kim payqamadi.
Jallodlar qatlga tayyor turishgan edi. Qora kiyim kiyib, yengini shimarib olgan
uch kishi ikki o‘rkachli dordaygan tuyani yetaklab o‘rtaga tushishdi. Tuya deganning shunchalik kattasi ham bo‘lar ekan-da, otning ustida turgan chavandozning kallasi tuyaning qorniga zo‘rg‘a yetar edi. Yalang dashtlarda yog‘och-taxta anqoning urug‘i bo‘lganidan ko‘chmanchilar gunohkorni shu usulda qatl qilib kelganlar — jazoga hukm qilingan kishilarni juft-juft qilib tuyaning ikki o‘rkachi orasiga osishgan; buning uchun arqonning ikki uchi ikkalasining bo‘yniga sirtmoq qilib bog‘lanadi-da, arqon tuyaning ustiga tashlanadi, jinoyatchi bitta bo‘lsa, arqonning ikkinchi uchiga qum to‘ldirilgan qop bog‘lanadi.
Qum solingan qop Do‘g‘ulang uchun oldindan tayyorlab qo‘yilgan edi. «Cho‘k, cho‘k!» deb qichqirishib, qamchi dastasi bilan tizzasiga uraverib, baqiroq bug‘ra tuyani cho‘ktirishdi. Beso‘naqay tuya oyoqlarini bag‘riga buklab yotib oldi, dor tayyor bo‘ldi.
Dovullar sekin-asta jonlanib, tilga kira boshladi, hozircha pastroq jaranglab turadi-da, kerak bo‘lib qolgan paytda quloq-miyani yeb, gulduros ovozlar
taratadi.
Shu paytda no‘yon gurullagan ovozda kashtachiga shunchaki ermak uchunmi yana murojaat qila boshladi:
— Sendan so‘nggi marta so‘rayapman, esi past yengil oyoq ayol — o‘zingku qatl etilasan, bolang ham bari bir o‘ladi! O’liming oldidan kimdan bo‘g‘oz
bo‘lganingni aytsangchi, nahotki kim bilan o‘ynashganingni bilmasang? O’ylab ko‘r, balki bilarsan!
— Eslay olmayman. Bu ish ancha oldin va bu yerdan uzoqda bo‘lgan, — dab javob berdi kashtachi.
Shunda erkaklar xoxolab, ayollar chiyillab kulib yuborishdi. No‘yon bo‘lsa tinmay savol beraverdi:
— Eslay olmayman deganing nimasi? Nima, bozorda don olishibmiding?
— Ha, bozorda bir yo‘lini qilganmiz, — Ho‘mrayib javob berdi Do‘g‘ulang.
— Savdogarmidi yoki darveshmidi o‘sha ma’shug‘ing? Bozordagi o‘g‘rilardan biri bo‘lmasin tag‘in?
— Savdogar ekanini ham, dunyo kezib yurgan darvesh ekanini ham bilmayman. Yana kulgi ko‘tarildi. Savdogar deyishadimi, ovorayi jahon deyishadimi, o‘g‘ri deyishadimi, Do‘g‘ulangga bari bir edi,
bozorda bo‘lgan ish deb bu savollardan qutilsa bo‘ldi.
Shu payt qalin lashkar orasidan kimningdir qattiq ovozi eshitildi:
— Bolaning otasi men bo‘laman! Mana men, bilib qo‘yinglar. Birdan atrofga jimjitlik cho‘kdi, hamma serrayib qotib qoldi. O’sha jumard kim ekan, kashtachi juvon sirini aytmasdan qatl etilayotgan bir onda o‘zini o‘limga urayotgan kim ekan o‘zi?

Oqyulduzni qamchilab o‘rtaga yuzboshi Erdene kirib kelganda hamma o‘z ko‘ziga ishonmay, og‘zi ochilib qoldi. Erdene otining tizginini tortib to‘xtatdi, keyin u uzangiga oyog‘ini tirab, ot ustida tik turdi-da, xaloyiqqa qarab baland ovoz bilan dedi:
— Ha, menman! Ha, o‘sha go‘dak mening o‘g‘lim! O’g‘limning oti G’unon!
O’g‘lim onasining ismi Do‘g‘ulang! Men esa yuzboshi Erdene bo‘laman!
Yuzboshi shu so‘zlarni aytib otidan sakrab tushdi-da, Oqyulduzning bo‘yniga bir shapaloq urdi, ot orqaga burilib chopib ketdi.
O’zi esa kashtachi tomonga qarab yo‘l oldi, borayotib qurol-yaroq va sovut-
qalqonini yechib uloqtirdi, Do‘g‘ulangni jallodlar mahkam ushlab turardilar. Hali guvullagan xaloyiq endi jim bo‘lib, o‘zini o‘zi o‘limga olib borayotgan yigitga tikilib qoldi. Erdene sevgilisi yoniga borib tiz cho‘kdi-da, uning oyoqlaridan quchoqladi, Do‘g‘ulang esa yuzboshining boshiga qo‘llarini qo‘ydi, ular o‘lim oldidan yana topishishdi. Xuddi shu paytda dovullar yeru ko‘kni boshiga ko‘tarib gumburlay boshladi. Dovullar birday hammani o‘ziga itoat qildirish va hammani hayajonga solib ehtirosini qo‘zg‘ash uchun tomog‘ini yirtib o‘kirmoqda edi. Dunyoni, yeru ko‘kni larzaga solgan ovozlardan hamma hushyor tortdi, mas’uliyat sezganday bo‘ldi, yurishga, yo‘lga chiqishga buyruq berildi. Jallodlar hash-pash deguncha yuzboshini yerga yiqitishdi. Bir zumda yigitning qo‘llarini orqasiga bog‘lab qo‘yishdi, kashtachi ayolni ham boylab-chulg‘ab ikkalasini cho‘kib yotgan tuyaning ikki yoniga keltirishdi. O’rkachlar orasidan o‘tkazilgan arqonning ikki uchidagi ilmoqlarni ikkalasining bo‘yniga solib, dovullar gumburi ostida tuyani qamchilay boshlashdi. Tuya qamchi zarbiga chida-yolmay og‘zidan ko‘pik sochgancha o‘kirib shaxt bilan o‘rnidan turdi. Ikki yonida bir-birini jonidan aziz ko‘rgan ikki oshiq-ma’shuqning bir arqonga osilib, jon talvasasida bu dunyodan ko‘z yumayotganini nor tuya jonivor qayoqdan bilsin.
Dovullar quloqlarni batang qilib turgan bir fursatda xoqonning taxtiravonini tepalikdan qo‘lma-qo‘l qilib olib ketishganini ko‘pchilik sezmay qoldi. Xoqonning ko‘ngli taskin topdi, jazodan kutilgan maqsadga erishildi, balki kutilga-nidan ham ziyoda bo‘ldi — kashtachining dilini o‘g‘irlagan, farmoni oliyni pisand qilmasdan bir ayol bilan o‘ynashib bola tug‘dirib qo‘ygan kimsa aniqlandi — u xonning lashkar-boshilaridan biri bo‘lib chiqdi; aniqlanganda ham barchaning ko‘z o‘ngida topildi va qatl qilindi. Xon sevikli yori Bo‘rteni olib qochib, qancha vaqt quchoqlab yotib yurgan noma’lum badbaxtdan o‘ch olganday sezdi o‘zini, Chingizxon Bo‘rte tug‘ib bergan o‘sha to‘ng‘ich o‘g‘lini uncha ham yaxshi ko‘rmas edi.
Dovullar gumbirlagandan gumbirlar, ikki qaptalida bir arqonga osig‘liq ikki oshiq- ma’shuq — Layli va Majnunning jonsiz tanalari osilgan tuya qadam sanab bormoqda edi. Yuzboshi bilan kashtachining jonsiz tanalari tuyaning ikki yonida osilgan holda sayr qilar edi — bu bo‘lajak jahongirning qonli shohsupasiga qurbonlik edi.
Dovullar hamon tinim bilmay kishilarning diliga g‘ulg‘ula solar, hammani gangitib qo‘yish istagida gumbirlar edi — buyuk maqsad yo‘lida yurish qilayotgan xonning farmonidan bo‘yin tovlagan odamning taqdiri nima bo‘lishini hamma o‘z ko‘zi bilan ko‘rib turibdi.
Yasovul-jallodlar jonli dorni — tuyani yetaklab qo‘shinlar va ot-aravalar yonidan o‘tib borishdi, oldindan tayyorlab qo‘yilgan chuqurga jasadlarni naridan beri ko‘mib bo‘lishguncha dovullarning ovozi o‘chmadi.
Keyin Chingizxonning dashtni qoplab olgan qo‘shinlari yana g‘arb tomon yo‘l oldi. Sonsiz suvoriylar, ot-aravalar, so‘yishlik suvay mollar, qo‘yingchi yurish
qilib kelayotgan jonning hamma-hammasi Sario‘zakdagi ana shu bexosiyat
joydan ildamroq ketib olaylik deganday, shosha-pisha oldinga ketishdi. Bu ardona qolgur manzilda boshini qayoqqa suqishni, dardu-alamini kimga aytishni bilolmaydigan atigi ikki jon qoldi. Ular qatl etilgan oshiqlarning yetimchasi va xizmatkor ayol Oltun edi. Endi ular hech kimga kerak bo‘lmay qoldi. Ular hech kimning esida ham yo‘q edi. Yonlaridan o‘tib ketayotganlarning birontasi ham ularga qiyo boqmadi. Hamma ulardan hazar qilar, olovdan qochganday qochar edilar.
Bir ozdan so‘ng tevarak-atrofda ulardan bo‘lak jon qolmadi, na dovullar qoldi, na tug‘lar… Ming-minglab otlarning tuyoq izlari, yangi tushgan tezaklar xon qo‘shinlarining qaysi tomonga qarab ketganini ko‘rsatib turar edi — Sario‘zak dashti bunga men guvohman deganday yastanib yotar edi.
Bepoyon dala-dashtda yolg‘iz Oltun chaqaloqni bag‘riga bosgancha serrayib turib qoldi. Tirik jon borki, hammasi o‘lmaslik yo‘lini qiladi. Shuning uchun
kampir u yoq-bu yoqqa yura boshladi, o‘choqlar yonidan sal mujilgan suyaklar
deysizmi, tashlab ketilgan sarqitlar deysizmi, etagiga solib oldi. Bir yerda kimdir unutibmi, atayinmi tashlab ketgan bir parcha po‘stak yotgan ekan, uni ham yelkasiga tashlab oldi — kechasi ona-bola tagiga solib yotish uchun nimadir kerak-ku!
Oltun nochor, noiloj qolgan edi — nima qilishini, qayoqqa borishini, qaerda tunashini, chaqaloqni qanday qilib boqishini bilmas edi. Har holda kunduzi u qadar dahshatli emas, qandaydir mo‘jiza ro‘y berib qolar degan umid uchquni o‘chmas ekan, birdan kaftday cho‘lda mol qaytarib yurgan cho‘ponning olachig‘i ko‘rinib qolsa-ya! Taqdirning o‘yinini qarang — butun umri birovlarning eshigiga bog‘lanib, cho‘rilik qilgan ayol birdan erkin qushday ozodlikka yetishganda qismat uni kishansiz tushovlab cho‘li-biyobonda norastaga bog‘lab qo‘ydi. U o‘zini emas, bolani o‘ylab vahimaga tushar edi. Endigina tug‘ilgan chaqaloq qorni ochib yig‘lay boshlasa uni qanday ovutadi, qanday emizadi, beray desa na yegulik na ichgulik bor. Bola ochdan o‘lishi mumkin. Endi uning butun vujudi vahimaga aylandi. O’ylab-o‘ylab hech o‘yiga yetmas, buning chorasini topmas edi.
Xudodan birdan bir umidi — qandaydir mo‘‘jiza ro‘y bersa-yu, ana yutaman degan ovloq dashtda odamlar uchrab qolishsa, ular orasida yosh bolali ayol bo‘lsa-yu, norastani o‘sha ayolga topshirsa, o‘zi esa o‘la o‘lguncha unga cho‘rilik qilsa…
Oltun ko‘z ilg‘amas dala-dashtda ne qilarini bilmay sarson-sargardon kezar, tavakkal qilib bir sharqqa qarab, bir g‘arbga va yana sharqqa qarab yurar edi. U bolani bag‘riga bosgancha tinim nimaligini bilmay qadam tashlar, bir joyda turishga sabri chidamasdi. Tush payti bo‘lib qoldi, bola qorni ochganidan tipirchilab, hiqillab yig‘lay boshladi… Ayol bolani qaytadan yo‘rgaklab, yana yura boshladi, — uyoqqa bu yoqqa qadam tashlab chaqaloqni ovuntirmoqchi bo‘ldi. Lekin bola ochlikka chidaydi deysizmi, undan battar yig‘iga kirdi, tinmay baqirib yig‘layverganidan yuz-boshi ko‘karib ketdi. Nochor qolgan Oltun to‘xtadi-da, ovozi boricha qichqirdi:
— Yo Tangrim, yordam ber, o‘zing oson qil! Bepoyon dalada esa ufqqacha hech narsadan darak yo‘q — na bir tutun, na bir olov ko‘rinadi.
Cheksiz dashtu, cheksiz osmon, faqat kichkinagina oq bulut tepada sekingina
suzib yuribdi. Bola tipirchilab yig‘lar edi. Oltun toqati toq bo‘lib nola qildi:
— Xo‘sh, sen mendan nima talab qilasan, sho‘rlik bola?! Sho‘rish-g‘ovga uchun dunyoga kelgan ekansan. Tug‘ilganingga yetti kun bo‘lmasdan g‘irt yetim
qolding. Seni men nima bilan boqaman, yetimcha? Ko‘rmayapsan-mi, bizga
yordam beradigan biron jon yo‘q atrofda. Ikkalamiz birday zor yig‘laymiz, ikkalamiz birday badbaxtmiz, tepamizda faqat bir parcha oq bulut bor, osmonda hatto qush ham ko‘rinmaydi, yolg‘iz oq bulut aylanib yuribdi… Endi qaysi bir go‘rga kiramiz. Seni men nima bilan boqaman? Ikkalamiz sarson-sargardon yuribmiz, otang bilan onangni bo‘lsa osib o‘ldirib ko‘mib tashlashdi. Odamlar dovullarni yangratib, tug‘larini hilpiratib, urush qilsam deyishadi. Urushishmasa bo‘lmasmikin? Begunoh, beayb sen norastani hamma narsadan benasib qoldirib nimalarni izlab ketishdiykin?
Oltun bolani yupata olmay nari yugurdi, beri yugurdi, bag‘riga bosdi, allaladi, ko‘nmadi. Dunyo ishlaridan bexabar chaqaloq nafasi og‘ziga tiqilib yig‘ladi, unga onaning iliq sutidan boshqa hech narsa kerak emas edi. Oltun noiloj bir tosh ustiga o‘tirdida, yig‘i va jahl bilan ko‘ylagining yoqasini yirtib yubordi, keyin umrida bola emmagan so‘lgin ko‘kragini go‘dakning og‘ziga tiqdi:
— Ma, ma, ol. Hech vaqo yo‘q! Sutim bo‘lsa sendan ayarmidim, yetimcham?! Menda sut nima qilsin? Sut yo‘g‘ini bilgach, dilimni tilka-pora qilmay ovunib
qolarsan! Men nimalar deyapman o‘zi?! Kimga gapirayapman? Mening sutsiz
ko‘kragimdan nima foyda, so‘zlarimdan ne naf senga?! Tangrim, qanday azoblarga giriftor qilding meni?
Bola ko‘krakni og‘ziga olishi bilan yig‘idan to‘xtadi va butun vujudi bilan rohatlanib cho‘lpillatib ema boshladi, tili va tanglayi bilan ko‘krakni qattiq so‘rar ekan, mamnun ko‘zlarini bir ochib, bir yumar edi.
— Ko‘rdingmi, hech nima yo‘q, — dedi sekingina Oltun katta kishi bilan so‘zlashayotganday. — Bo‘lsa, sendan ayarmidim? Endi sut yo‘q ekan deb
yana yig‘laysan. O’shandan seni qanday qilib ovutaman? Bu yog‘iga la’nati
cho‘lda qanday kun kechiramiz? Nima uchun meni aldading deb yig‘laysan-da! Bo‘lsa, aldarmidim? Umrim cho‘rilikda o‘tib ketayotir, hech qachon hech kimni aldagan banda emasman, rahmatli onam bolaligimda Chin-Mochinda bizning urug‘imizda hech kim birovni aldagan emas, deb menga aytguvchi edi. Shunaqa. Emaver, endi sut yo‘g‘ini bilib olasan.
Oltun shu zaylda sho‘rpeshona bola bilan sho‘rpeshona enagani qismat yanada kuchliroq siquvga olajagini ko‘z oldiga keltirdi. Lekin enaga bolaning sutsiz
ko‘krakni qo‘yib yubormay, aksincha, yayrab-yashnab rohat bilan emayotganiga tajjublandi.
Oltun ko‘kragini bolaning og‘zidan sekingina tortib olgan edi, o‘zining yuziga oq sut sachraganday bo‘ldi, u hayron qolib, ko‘kragini yana bolaga berdi va bunga
ishonch hosil qilish uchun ko‘kragini bolaning og‘zidan yana tortib oldi.
Oltunning ko‘kragiga sut kelibdi. Endi u butun tanasida qandaydir yangi bir kuch seza boshladi.
— Tangrim! — shuursiz xitob qildi Oltun. — qudratingdan aylanay, menga sut ato qilding. Em, emaver bolatoy. Men ona bo‘lay. Sen mening o‘g‘limsan. Endi
sen o‘lmaysan, Tangri bizning iltijoimizni eshitdi. Men senga ne mashaqqatlar bilan yetishdim. Mening G’unonim, bu otni sening otang bilan onang qo‘ygan.
Ota-onang seni dunyoga keltirganlari uchun o‘lib ketishdi. Sening rahmingni yeb, menday bechoraning ko‘kragiga sut bergan Xudoyi taologa tasanno ayt!
Bunaqangisi tushiga ham kirmagan. Oltunning tanasi qizib, ter chiqdi. Hadsiz, hududsiz cho‘lu biyobonda o‘ngu-so‘liga alang-jalang boqar ekan, Oltun na bir
jonni, na bir jonivorni ko‘rdi, faqat osmonu taoloda, quyosh hayotbaxsh nurini sochar, tepasida mo‘‘jazgina oq bulut girdi-kapalak bo‘lib aylanib yurar edi.
Chaqaloq sutga to‘yib, tani yayrab uxlab qoldi, onaizor qo‘lida uning mushtumdek joni taskin topdi va bir maromda nafas ola boshladi; ayol bo‘lsa
bugungi ko‘rguliklarni, dovullarning hamon qulog‘ida jaranglayotgan dahshatli shovqinlarini unutib, onalik baxti dunyosining shirin onlari sari xayolan qadam chekdi hamda yeru-osmon va sutning ajib hayotbaxsh ittifoqiga imon keltirdi. Xuddi ana shu lahzalarda yurish davom etmoqda edi. Jahongirning dashtni titratgan buyuk kuchlari g‘arbga tomon shaxdam qadam tashlab bormoqda edi.

Cheriklar, ot-aravalar, poda-poda mollar…
Soqchilar va a’yonlar qurshovida og‘zidan olov purkab turgan dahshatli ajdaholar timsoli tushirilgan ipak yalovlar ortida charchoq nima ekanligini bilmaydigan sodiq do‘sti, taqdirning o‘zi kabi betakror oq yolli, qora dumli yo‘rg‘asi ustida Chingizxon borar edi.
Yo‘rg‘aning cho‘yan tuyoqlari ostida yer zirqirar, ortga tomon qochib ketayotganday orqada qolar, ammo cheksiz-chegarasiz, nihoyasiz ufq tobora kengayib borayotganday, yangi-yangi mavze-maydonlarni o‘ziga qo‘shib olayotganday tuyular edi. Na intihosi, na ibtidosi bor edi bu ko‘hna dunyosining. Kurrai zaminning cheksizligi-yu buyukligi qarshisida qum zarrachasi ila mengzagulik xoqon o‘zi bilgan va ko‘rgan yerlargagina emas, balki uzoq- uzoqlarda aql nigohi vositasida tasavvur qilgan o‘lkalarga ham egalik qilishga, o‘zini Rub’i maskunning hukmroni deya tan olishlariga orzumand edi. Ana shuning uchun ham zabt etish ilinjida yurish qilayotgan va qo‘shinlarga bosh bo‘lib ketayotgan edi.
Qamchisidan qon tomgan xoqonning bu gal ham qovog‘i osig‘liq, og‘zidan bir so‘zni sug‘urib olish amri mahol, lekin uning dilidan qandaydir xayollar kechayotganini Xudodan boshqa hech kim bilmas edi. Xoqon kutilmaganda otining boshini burib, shartta orqaga qaytayotganining sababini ham hech kim tushunmay qoldi, u shaxt bilan otiga shu qadar tez qamchi bosdiki, ortda borayotgan suvoriylar unga to‘qnashib ketishdan qo‘rqib, zo‘r-bazo‘r o‘zlarini chetga olishdi. Xoqon tashvishga tushib, hatto qaltirayotgan qo‘lini ko‘ziga soyabon qilib, har qancha ko‘kka boqmasin, oq bulutdan asar ham ko‘rmadi — na oldinda, na orqada ko‘zga tashlanar edi bu oq bulut.
Xoqonning hamishalik hamrohi shu zayl birdan yo‘qoldi-qoldi. Ertasiga ham, ikki kundan keyin ham, o‘n kun o‘tgandan keyin ham oq bulutdan darak yo‘q. Ha, bulut xoqonni tark etgan edi.
Idil daryosiga yetgach, Chingizxon Ko‘k Tangrining o‘zidan yuz o‘girganini tushundi. U nariga yurish qilmadi. Ovro‘pani zabt etish uchun o‘g‘illariga va nevaralariga fotiha berdi-da, o‘zi orqaga,o‘lim topish va odam bolasi topolmaydigan qilib dafn etilishi uchun O’rdasiga qaytdi.

* * *

Bu tomonlarda poezdlar g‘arbdan sharqqa va sharqdan g‘arbga qatnagani- qatnagan…
1953 yil fevral oyining o‘rtalarida Sario‘zak dashtlari orqali sharqdan g‘arbga
qatnaydigan yo‘lovchi poezdlar orasida bosh tomoniga maxsus vagon qo‘shilgan bir poezd bor edi. Yuk vagonining shundaygina orqasidagi nomersiz bu vagon tashqi ko‘rinishidan boshqa vagonlardan hecham farq qilmas edi, faqat tashqaridan shunday edi — aslida maxsus vagonning bir qismi pochta bo‘limi, ikkinchi qismi esa pochta blokidan mahkamlab ajratib qo‘yilgan edi, vagonning ana shu qismi davlat xavfsizlik organlari uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lgan kishilarni yo‘lda tergov qilishga mo‘ljallangan xos xona vazifasini o‘tar edi. Qozog‘iston Davlat xavfsizligi komiteti operativ organlaridan birining katta tergovchisi Tansiqboev qo‘zg‘atgan jinoiy ish yuzasidan qamoqqa olingan Abutalip Quttiboev ana shu xonada ketayotgan edi. Uni Tansiqboevning o‘zi hamda bir to‘p soqchilar boshqa jinoyatchilar bilan yuzlashtirish uchun ehtiyotkorlik bilan olib ketishayotgan edi.
Tansiqboev ko‘zlagan maqsadi yo‘lida charchash nima ekanini bilmas ekan — Quttiboevni poezdda ham so‘roq qilib bordi. Tansiqboevning vazifasi noma’lum bir holatda fashistlar asirligidan qochib Yugoslaviyaga borib qolgan va u yerda bo‘lajak yugoslav revizionistlar bilangina emas, balki Angliya razvedkasi bilan ham bevosita muloqot qilib turgan kishilardan iborat dushmanlarning maxsus xizmatlari tomonidan amalga oshirilgan qo‘poruvchilik tarmoqlarini qadam- baqadam ochib tashlashdan iborat edi. Sovet hokimiyatining xorijiy razvedkaga yollangan va jinoyat muddati tugaguncha yashirinib yurgan dushmanlarini tinimsiz so‘roq qilish, ma’lumotlarni, bevosita va bilvosita dalillarni qiyoslash yo‘li bilan fosh qilish zarur edi; tergov ishining tantana qilishi, ya’ni aybdorlarning o‘z ayblarini to‘la tan olishlari hamda qilgan ishlariga pushaymon bo‘lishlari ayniqsa muhim edi.
Bu ishga zamin tayyorlangan edi — so‘roqlar jarayonida Abutalip Quttiboev Yugoslaviyada jang qilgan sobiq asirlardan o‘nga yaqinining nomini tilga oldi, tekshirish oqibatida asirda bo‘lganlarning ko‘pchiligi mamlakatning turli burchaklarida sog‘-salomat yashab turganligi aniqlandi. Bu odamlar qamoqqa olindi va ular ham o‘z navbatida so‘roq paytlarida yana ko‘p kishilarning nomlarini tilga olishdi, shunday qilib, Yugoslaviyaga sotilganlarning ro‘yxati yanada to‘ldirildi. Bir so‘z bilan aytganda, ish yangi kishilarni o‘z qa’riga tortdi va dushman unsurlarni fosh etishda oldindan ko‘rilgan tadbirlar hech qachon zarar yetkazmaydi degan printsipga amal qiladigan do‘kaylarning marhamati ila ish endi jiddiy bosqichga yetdi. Yugoslaviya kompartiyasi bilan xalqaro maydonda ro‘y berayotgan ixtilof sharoitida, Titoga Stalinning o‘zi mafkuraviy la’nat o‘qiyotgan bir vaziyatda bu ish muvaffaqiyatli chiqadigan bo‘lsa, hammaning oshig‘i olchi bo‘ladi, shu protsessning tashabbuskori bo‘lgan Tansiqboevgina emas, balki uning boshqa shaharlardagi ko‘pgina hamkasblari ham katta «hosil» olishadi, bu ishdan hamma manfaatdor bo‘lishining sababi ana shunda edi — Hammalari vaziyatdan foydalanib yuqoriroq amalga minib olish niyatida edilar. Shu maqsadda ular kelishib harakat qilar edilar. Shuning uchun bo‘lsa kerak oblast markazlari hisoblangan Chkalov (sobiq Orenburg) Kuybishev, Saratov shaharlarida yuzlashtirish uchun va chaparasta so‘roqqa tutish uchun Abutalip Quttiboevni olib kelayotgan Tansiqboevni sabrsizlik bilan kutar edilar. Tansiqboev vaqtni qo‘ldan boy bermas, sur’at bilan, shiddat bilan ishlashni xush ko‘rar edi. Tansiqboev tergov qilayotgan odamga qamoq joyidan olib chiqilganligi qanday ta’sir etganiga, g‘izillab borayotgan vagonning panjarasidan mahbusning stantsiyalar yonidagi shahar-ovullarga qanchalik alam bilan boqayotganiga ham ahamiyat berdi. Tansiqboev Quttiboevning qalbida tug‘yon urgan hisni tushundi va mumkin qadar ishonchli bir ohangda unga yomonlik istamasligini uqtirmoqchi bo‘ldi, uning taxminicha Quttiboevning aybi u qadar katta emas emish, mamlakatda favqulodda vaziyat ro‘y berganda maxsus xizmatlar tomonidan rezerv sifatida tashkil qilingan josuslik tarmog‘ining rahbari — rezidenti u, ya’ni Abutalip Quttiboev emasligi aniq emish va agar Quttiboev josuslikning boshlig‘i — rezindentini topishda tergovga yordam bersa va eng muhimi, yuzlashtirgan chog‘da buni ochib tashlasa, qat’iy isbot qila olsa, u
o‘zining gunohini kamaytirgan bo‘lur emish. Aybini yengillashtirar emish. Oradan besh-olti yil o‘tdi deguncha oilasiga, bola-chaqasining bag‘riga qaytar emish. Har qanday bo‘lganda ham tergovning adolatli bo‘lishiga yordam bergan, oliy jazo — otib o‘ldirishdan qutulib qolgan bo‘lur emish, va aksincha, u qancha ko‘p qaysarlik qilsa, ishni chalkashtirsa, jazo organlaridan haqiqatni yashirsa, unga shu qadar yomon bo‘lar emishki, oqibatda u o‘z oilasi boshiga so‘ngsiz- adadsiz baxtsizlik keltirarmish. Agar ochiq sud bo‘lsa, Quttiboevning umri kul bo‘lib kuyib ketishi ham hech gap emas emish.
Tansiqboevning qo‘lida yana bir kuzir bor edi, uni ham ishga soldi, agar sen, Abutalip Quttiboev, — dedi u, — mening gapimga ko‘nib tergovning olib borilishiga ko‘maklashsang, o‘shanda sen xalq og‘zidan yozib olganlaringni, ayniqsa «Manqurt haqida afsona» va «Sario‘zakdagi qotillik» degan rivoyatlarni sening jinoiy ishingga qo‘shmaymiz, va aksincha, agar bunga ko‘nmaydigan bo‘lsang, sening yozuv-chizuvlaring millatchilikni targ‘ib qilish deb qaraladi. Masalan, «Manqurt haqidagi afsona» — ota-bobolarning unutilgan va hech kimga keraksiz tilini tiriltirishga chaqiriq, millatlarning bir-birlari bilan qo‘shilishib ketishiga qarshi qaratilgan zararli shiordir, «Sario‘zakdagi qotillik» esa kuchli oliy hokimiyatni qoralash, davlat manfaatlarining shaxs manfaatlaridan ustunligi g‘oyasining ildiziga bolta urish, chirigan burjua shaxsiyatparastligini yoqlash, kollektivlashtirishning umumiy yo‘liga, ya’ni kollektivning yagona maqsad yo‘lida birlashuviga qarshi chiqish va binobarin sotsializmga salbiy munosabatda bo‘lish, demakdir. Ma’lumki, sotsializm printsiplari va manfaatlariga qarshi har qanday harakat qattiq jazolanadi… Daladan ruxsatsiz moshoq terib olganlarning o‘n yil qamoqqa hukm etilishi bejiz emas. Mafkuraviy «moshoq» tergan jinoyatchi haqida esa so‘z bo‘lishi mumkin emas. Ana shunday ayb qo‘yilganda sud qo‘shimcha modda asosida qo‘shimcha ayblar qo‘yishi mumkin. Yana ishonchli bo‘lsin uchun Tansiqboev Quttiboevning yozganlari yuzasidan o‘zining ochiq-oydin xulosalarini ovozini chiqarib bir necha marta o‘qib berdi; bu rivoyatlar Quttiboevning qamoqqa olinishiga va jinoiy ish qo‘zg‘atilishiga birinchi signal bo‘lgani bejiz emasligini har galdagidek ta’kidlab qo‘ydi.
Poezdning yo‘lga chiqqaniga ikki kun bo‘ldi. Abutalip suzib o‘tayotgan bo‘shliqlarga panjarali deraza orqali boqar ekan, Sario‘zak dashtiga yaqinlashgan sari ko‘proq hayajonlana boshladi. So‘roqdan bo‘sh soatlarda Tansiqboevning o‘rinsiz pand-nasihatlari va dahshatli do‘q-po‘pisalaridan so‘ng Abutalip temir qoplangan avaxta-kupeda o‘zi bilan o‘zi xayolot og‘ushida qolar edi. Poezdning kupesi demasa, bu ham Olmaotadagi yarim yerto‘la singari turma edi, bu yerda ham derazaga undan ham pishiq panjara qoqilgan, bu yerda ham turma nazoratchisi kichkinagina oyna «ko‘zcha» orqali kuzatib turadi, lekin nima bo‘lsa ham bir joyda turmasdan u yo‘lda ketayotgan yangi- yangi manzaralarni ko‘rib borayotgan edi va nihoyat, tepada ko‘zni ko‘r qilib kechayu kunduz porlab turadigan la’nati chiroq yo‘q edi. Eng muhimi — Bo‘ronli bekatida bolalarimni, xotinimni uzoqdan bo‘lsa ham chala-yarim ko‘ra olarmikinman degan umid chirog‘i bir yonib bir o‘chib diliga tinchlik bermas edi. Axir, oradan qancha vaqt o‘tdi, bola-chaqalarga bir marta ham xat yoza olmadi, biron xabar bera bilmadi, ulardan ham jilla qursa bir enlik xat kelmadi.
Abutalip Olmaota yaqinidagi bekatda turmaning yopiq mashinasida kelib ana shu avaxta kupega tushgandan buyon uning yuragi umid bilan umidsizlik
o‘rtasida hapqirar edi. U poezdning Sario‘zak dashti tomon yo‘l olayotganiga
ishonch hosil qilgach, yuragi yanada kuchliroq hovliqib, bolalarimga, Zaripaga ko‘zim tushsa, qorasini bir ko‘rib o‘lsam armonim yo‘q edi deb o‘ylab borardi. Ularni shu qadar sog‘ingan ediki, fikri-zikri oila a’zolarida edi, Xudodan poezdning Bo‘ronli bekatidan kunduz kuni o‘tishini, qorong‘ida emas, yorug‘ paytda o‘tishini, yorug‘ bo‘lganda ham Zaripa bilan bolalarini eshikda yurgan kezda, ularni bir lahza bo‘lsa-da ko‘rib qoladigan daqiqalarda o‘tishini so‘rar edi. Shu edi uning taqdiridan so‘ragani, faqat shugina edi. Bor yo‘g‘i bola-chaqalarini ko‘z qiri bilan bo‘lsa ham ko‘rish hozir Abutalip uchun eng katta orzu edi. Chindan ham shunday bo‘lishi mumkin, Abutalip Bo‘ronli bekatidan o‘tib ketayotganda bolalari eshikda o‘ynayotgan, Zaripa esa kir yoyibmi biron ish bilan ovora bo‘libmi eshikda yurgan bo‘lsa, ular dukurlab o‘tib ketayotgan poezd vagonlariga qarab qolishsa Abutalip ularni temir panjara orqali ko‘rib qolishga ulgursa, axir shunday bo‘lishi ham mumkin-ku. Bunaqasi kam bo‘ladi, albatta… qani edi xudo berib poezd bekatda bir necha daqiqa to‘xtab o‘tsa! Shunday xayol nish urishi bilan Abutalipning dili ikki qiynoq iskanjasida qoldi: poezdning to‘xtab o‘tishi uning uchun chindan ham bir olam baxt bo‘lar edi, ikkinchi tomondan azobi jon ham edi — avvalo o‘zi bolalarini ko‘rganda yuragi yorilib o‘lishi hech gap emas, shu bilan birga farzandlariga ham oson bo‘lmas edi. Otalarini temir panjara ortida ko‘rishsa, dodlab yig‘layverib holdan toyishlari turgan gap… Yo‘q, yo‘q, yaxshisi, ko‘rmasin ham, kuymasin ham…
Demak, eng yaxshisi uzoqdan bo‘lsa ham bola-chaqasini ko‘rib qolishni iltijo qilishdan yaxshisi yo‘q. Shu ezgu niyatda ko‘nglida hisob-kitob qila boshladi — ilgari ko‘rib yurgan bekatlaridan qaysi birlari ortda qolib, yana qanchasi oldinda turibdi, agar poezd shu tezlik bilan yuradigan bo‘lsa, Bo‘ronli bekatiga qachon yetadi — u yerdan kunduzi o‘tadimi, kechasi o‘tadimi — uning fikri-zikri shunda bo‘lib qoldi. Chamalab ko‘rsa yomon bo‘lmas ekan — poezd bekatdan kunduzi o‘tar ekan, lekin baribir uning dilini hamon shubha va xavotir kemiraverdi, chunki biron sabab bilan poezd ushlanib kechikib qolishi, yoki birdan bo‘ron quturib yo‘lni qor bosib qolishi mumkin-ku, eng yomoni poezd bekatdan kechasi o‘tib ketsa-yu, Zaripa bolalari bilan dong qotib uxlab yotgan bo‘lsa, yonlaridan otalari o‘tib borayotganini bilishmasa — bundan zo‘r armon bo‘lishi mumkinmi? Ha, shunday bo‘lib chiqishi ham mumkin, Abutalip o‘zining butunlay ojizu- notavon ekanligidan, taqdiriga tan berishdan bo‘lak iloji yo‘qligidan yanada besh battar yuragi vayron bo‘ldi.
Abutalip yana bir boshqa narsadan xavotirga tushib qoldi — lochin ko‘z tergovchi poezd Bo‘ronli bekatidan o‘tib ketayotgan paytda navbatdagi so‘roqni boshlab qolsa-chi!
Tovba, odam bolasining o‘z oila a’zolarini bir ko‘rib qolsam degan pok niyati yo‘lida ham shunchalik qarshiliklar va xavf-xatar g‘ov bo‘ladimi, ozodlikdan
mahrum qilindi degani shu bo‘lsa kerak. Abutalipning ko‘ngliga taskin va
ishonch berayotgan bir narsa bor edi — avaxta kameraning oynasi ketayotgan poezdning o‘ng tomonida edi, xudo yorlaqab Bo‘ronli bekati ham shu tarafda edi.
Ana shu o‘y-xayollar, qo‘rqinch va shubhalar Abutalipni tamoman o‘z komiga tortib olgan edi, u o‘zining ayanchli qismatini unutib, butun borlig‘i bilan diydor onlariga cho‘mgan, o‘z joni ko‘ziga ko‘rinmas edi, bo‘lsa bo‘lar, bo‘lmasa to‘zar qabilida ish ko‘rib, o‘ziga qo‘yilgan dahshatli ayblarning oxir-oqibatda nimalarga olib kelishi haqida o‘ylagisi ham kelmas edi, Tansiqboev bo‘lsa uyat-andishani bir chekkaga yig‘ishtirib qo‘yib, tish-tirnog‘i bilan Abutalipga qo‘yilgan ayblarini bo‘yniga olishni talab etar edi, tergovchining bosh maqsadi esa go‘yo urush yillaridan boshlaboq ish ko‘rib kelgan dushman josuslari uyasini fosh qilish, uni tag-tomiri bilan yulib tashlab, davlat xavfsizligini saqlab qolish edi. Josuslik haqidagi uydirma ham Tansiqboev xayolotining mahsuli edi.
Na Xudodan qo‘rqadigan na shaytondan hayiqadigan Tansiqboev o‘zi Xudo, o‘zi iblis yanglig‘ hammasini hisob-kitob qilib qo‘ygan, endi buyog‘ini reja bilan
amalga oshirish, yurak yutib ish ko‘rish kerak, xolos. Uning Abutalip Quttiboevni boshqa shaharlarda biqib yotgan josuslar bilan yuzlashtirishdan maqsadi ham shu masalani uzil-kesil hal qilish edi.
Xuddi shu paytda Abutalipning Xudodan bittayu-bitta tilagi bor — u jigarporalari Ermek bilan Dovulni, qiyomatli umr yo‘ldoshi Zaripani bir ko‘rib qolish, oxirgi marta bir ko‘rib qolishni so‘rar edi. Ha, Xudodan so‘ragani faqat shu, boshqa iltijosi yo‘q, peshonaga yozilgani shu ekanini sezgan, taqdiriga tan bergan edi.
Bola-chaqasiga ko‘z qirini tashlay olsa, bu Abutalip uchun baxtning eng so‘nggi onlari bo‘lajak, boisi uning o‘z oilasiga, uyiga hech qachon qaytmasligiga ko‘zi yetib turibdi. Unga qo‘yilgan ayblar shu qadar dahshatli ediki, biron iloj qilish uchun holsiz, majolsiz, Tansiqboev oldida esa himoyasiz, huquqsiz edi. Binobarin qudratli hokimiyat oldida himoyasiz, huquqsiz edi, bunday ayblar qo‘yilgan odam sog‘ qoladimi-yo‘q, oldinmi, keyinmi, yo otib tashlanadi yo lagerda chirib o‘ladi. Abutalip Tansiqboevning qo‘lida qurbon bo‘lishiga uzil-kesil ishonch hosil qildi. Tansiqboevning o‘zi ham ulkan bir sistemaning — Har qadamda dushmanni izlagan, izlaganda ham sotsializmning butun dunyodagi harakatini to‘xtatishga, kommunizmning butun dunyoda tantana qilishiga monelik ko‘rsatmoqchi bo‘lgan dushmanlarga qarshi tinimsiz kurash olib boradigan jazokor sistemaning, o‘zini o‘zi qayrab o‘tkirlab turadigan yuho sistemaning arzimas bir murvati edi.
Sotsializmga, kommunizmga xiyonat qildi degan ayb hech kimning bo‘yniga
taqilmasin, taqilsa bormi, omon qolish yo‘q, albatta jazolanadi — yigirma besh yil, o‘n besh yil, kam deganda o‘n yil ozodlikdan mahrum qilinadi. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas. Tuzoqqa ilinganlar yaxshi bilishar edi. Aybdor ham, jazolanuvchi ham, ayblovchi (jazokor) ham shuni yaxshi bilishar ediki, «Sovet tuzumiga qarshi ish ko‘rgan» degan ko‘pqirrali ayb kimga qo‘yilmasin jazolovchi hamma vaqt haq bo‘lib chiqar, bugina emas, dushmanlarni tag-tomiri bilan yo‘qotish uchun har qanday vositalarni ishga solishga yo‘l ochib berar edi, ayblanuvchi esa boshqacha maslakdagilarni qirib-yanchib tashlaydigan jazo tegirmoniga solingandan keyin qilmagan gunohlarni qildim deb imzo chekishdan o‘zga najot topa olmas edi.
Xuddi shunday bo‘lib chiqdi. Poezd Sario‘zak dashtida g‘izillab borar, do‘ngalaklar tinim bilmay o‘z o‘qi atrofida girdikapalak edi. Tansiqboev va uning tergovidagi aybdor bir vagonda borishar edi, ikkalasi bir ishni hamkorlikda, lekin har kim o‘z bilganicha ijro etishar edi — yashirinib olgan navbatdagi mafkuraviy g‘animlarni fosh etishlari kerak edi, sotsializmni bunday kurashsiz tasavvur ham qilib bo‘lmaydi, aks holda bu yangi tuzum o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketadi, ommaning ongidan bug‘lanib uchib ketadi. Ana shuning uchun ham kim bilandir kurashmoq, kimnidir fosh qilib, kimningdir kulini ko‘kka sovurmoq taqozo qilinadi.
Poezd sharaq-shuruq qilib ketayotir. Abutalip nochor-noiloj ekaniga ko‘zi yetgach, kulfat-mushkulot peshanada bor ekan deb taqdiri azalga tan berishga
majbur bo‘ldi. Endi balo-qazoga ko‘nikib ham qoldi — dastlabki paytlarda
qanchalik kuyib-pishib, jini qo‘zib hammasini inkor etgan bo‘lsa, endi aksincha, butunlay umidsizlikka tushib barchasiga itoatkorona ko‘nikib qoldi. Abutalip shunday xulosaga keldi: bordiyu onadan qaytadan tug‘ilgan taqdirda ham Tansiqboev bo‘lmasa inson qiyofasini yo‘qotgan boshqa bir azozilning qo‘liga tushishi turgan gap. Ana shu kuch urushdan ham dahshatli, asirda bo‘lishdan ham qo‘rqinchli edi, chunki bu bitmas-tuganmas yovuzlik, ehtimol, dunyo yaratilgandan buyon kelayotgan ofat edi. Ehtimol, Quttiboev muallim, oddiy maktab muallimi yer yuzida odam paydo bo‘lgunga qadar cheksiz koinot bo‘shliqlarida uzoq vaqt ishsiz yuraverish joniga tekkan shaytoni lainning qo‘liga tushgan odamlardan biri bo‘lgandir; odam yer yuzidagi barcha maxluqlar orasida birinchi bo‘lib iblis bilan til topishgan, o‘shandan buyon yovuzlik ketidan yovuzlik qilib kelmoqda. Ha, faqat insongina yovuzlik desa o‘zini tomdan tashlaydi. Shu ma’noda Tansiqboev Abutalip uchun iblisning o‘zi edi. Shuning uchun ikkalasi bir poezdda, bir vagonda, favqulodda muhim bir ish yuzasidan yonma-yon ketishyapti. Bekatlarda Tansiqboevning tanish-bilishlari, xizmatdoshlari poezd to‘xtadi deguncha kutib olish bahonasida yegulik-ichgulik ko‘tarib kelib yotishdi, Abutalip esa bundan ich-ichidan xursand bo‘lar edi — ichsin yesin, kayfini sursin, shunda so‘roq uchun vaqt kamroq qoladi. Qizilo‘rda vokzalida xizmatdoshlari, ayniqsa, quchoq yozib kutib olishdi — usti oq choyshab bilan yopilgan katta laganni vagonga olib kirishdi. Vagon dahlizida turgan soqchilar laganni qabul qilib olishar ekan, bittasi sekingina pichirlab qo‘ydi: «Qazi, qovurg‘a! hidini qara! Shaharda bunaqasini topib bo‘psan. Ming qilsa ham dasht-da!».
Temir panjarali derazaning bir chetidan Tansiqboevning shinelini yelkasiga
tashlab do‘stlar bilan xayrlashish uchun perronga chiqqani ko‘rinib turdi. Kiyimiga sig‘maydigan semiz, hammasi birday baqaloq, qorako‘l telpak kiyib olishgan, yuzlaridan qon tomadigan zobitlar yarim doira shaklida turib olishgan, qo‘llari bilan imo-ishora qilib, xa-xalab kulishadi. Ehtimol yangi latifalar aytishayotgandir, og‘izlaridan chiqqan nafaslari oppoq bug‘ bo‘lib taraladi, oyoqlari ostida qor g‘ichirlaydi. Sergak militsiya oldida tirik jon o‘tib bo‘pti — poezdning bosh tomonidagi maxsus vagonning yonida Tansiqboevchi militsionerlar dunyoda ulardan baxtli kishi yo‘qday kulib-yashnab turishibdi, ularning yonginasida avaxta kupeda o‘z qo‘llari bilan turmaga tiqishgan bir bechora, o‘g‘rimi, zulmkormi, qotilmi bo‘lsa ham mayli edi-ya, halolu pok, insofli, vijdonli bir kishi urush oloviyu asirlik zulmini ko‘rgan, o‘z farzandlariyu xotiniga bo‘lgan muhabbatidan boshqa hech vaqosi yo‘q, hayotning bosh mazmunini ana shu ayolmandlikka e’timodda deb bilgan xoksor muallim azobu uqubatdan joni qiynalayotgani bilan hemirilik ishlari yo‘q edi.
Ular xuddi ana shunday dunyoda biron bir firqaga kirmagan, shuning uchun ham ont-qasam ichmagan va tavba-tazarru qilmagan kishini go‘yo mehnatkash xalqning baxtiyor yashashi uchun zindonga tiqishlari kerak edi.
Qizilo‘rdadan o‘tgandan so‘ng tanish yerlar boshlandi. Kech kirmoqda edi. Qorli qirg‘oqlar orasida Sirdaryo ilang-bilang bo‘lib yaltirab oqib yotibdi va oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan dashtlar o‘rtasida yastanib yotgan Orol dengizi botayotgan quyosh nuridan yog‘dulanib ko‘rindi. Dastlab dengizning qamishzor muyulishlari, suv sathining chekka qismlari, kichik-kichik orollar ko‘zga tashlandi, so‘ngra o‘ynoqi to‘lqinlarning qumli qirg‘oqqa urilib, temir yo‘lga yetar- etmas orqaga qaytayotgani baralla ko‘rina boshladi. Bularning hammasini — qorni ham, dengiz qumini ham, yiroq-yaqinidagi toshlarni ham, shamolda mavjlanayotgan moviy dengizni ham, toshloq yarim orolda yoyilib yurgan tuyalar to‘dasiniyu, osmonu oq bulut parchalarini ko‘z ochib yumguncha birato‘lasiga ko‘rish hammaga ham nasib qilavermaydi.
Abutalip Bo‘ronli Edigeyning Orol dengizining sohilida tug‘ilib o‘sganini, Qozong‘ap xush ko‘radigan surlangan baliqlarni yuk poezdlarining provodniklari orqali jo‘natib turganini esga olar ekan, yuragi zirqirab siqila boshladi — Bo‘ronli bekati yaqin qolgan edi. Tong otsa ertalab soat o‘nlarda yoki sal kechroq bekatga kirib boriladi — yo‘lovchilar poezdi nuragan uychalar, omborxonalar va atrofi tikanli o‘tlar bilan to‘silgan tuyaxonalar yonidan o‘tdi. Sharqdan g‘arbga qarab, g‘arbdan sharqqa qarab qancha poezdlar o‘tishini kim biladi deysiz, unisiniyam qo‘yavering, bekatdan maxsus vagonning avaxta kupesiga shu bugun sahar chog‘i g‘arbga qarab Abutalip o‘tishini Zaripaning yuragi sezganmikin, ehtimol bolalarning norasta dillari biron bir hodisani sezganday, xuddi o‘sha daqiqada o‘tadigan poezdni ko‘rgisi kelmasmikin? Parvardigori olam nega bandalaringni bunchalik qiynoq, azobu-uqubatga solib qo‘ymasang!? Hut quyoshi botib, ufqqa bosh qo‘ymoqda edi, uzoq-uzoqlarda osmon bilan yer o‘rtasidagi shafaq sovuqdan so‘nib bormoqda va oqshom cho‘kib, asta-sekin qish kechasi bostirib kelmoqda. Qosh qorayib, tevarak-atrof ko‘rinmay qoldi, bekat chiroqlari yona boshladi.
Poezd esa ilang-bilang bo‘lib dasht tuni ichra sho‘ng‘ib borardi.
Abutalip uyqusi qochib, to‘lg‘anar edi. Kupeda temir qafasga tushganday o‘zini qaerga qo‘yishini bilmas, u burchakdan bu burchakka tashlar, uf tortar, kerak-
nokerak hojatxonaga qatnar edi, bu esa nazoratchining jig‘iga tegdi, nazoratchi
kupe eshigini ochib yotar ekan, bir necha marta tanbeh ham berdi:

— Hav, mahbus, nega buncha oyog‘i kuygan tovuqday pitillamasang. Bunday qilish mumkin emas! Jim o‘tir.
Lekin Abutalip o‘zini idora qilolmay, hamon to‘lg‘anar ekan, soqchiga murojaat
qildi:
— Gapimga quloq sol, navbatchi! Sendan o‘tinib so‘rayman, uxlatadigan doring bo‘lsa ber, o‘lib qolay deyapman. Xudo haqqi! O’lib qolsam nima qilasanlar!
Boshlig‘ingga ayt — mening o‘ligimni boshlaringga urasanlarmi? Rostdan ham
uxlayolmayapman. Bexud bo‘lyapman.
Abutalip nazoratchi iltimosini nazariga ilmasa kerak deb o‘ylagan edi. Yo‘q, u
Tansiqboevning kupesiga yugurib borib uxlatadigan ikki dona tabletka olib kelib berdi, uning bunday lipillab qolganining sababini Abutalip ertasi ertalab bildi. U dori ichgandan keyin ha deganda uyqusi kelavermadi. Yarim kechaga borgandagina ko‘zi ilindi. Lekin baribir miriqib uxlay olmadi. Yomon tushlar ko‘rdi. Tushida temir yo‘lga tushib olib, jon talvasasida qochib ketayotgan emish, ortidan poezd quvib borayotganmish. Parovozning oldiga tushib, shpallar ustida chopayotgani shu qadar dahshatli ediki, bu hodisa tushida emas, o‘ngida bo‘layotgan edi. Chanqaganidan tomog‘i qurib qoldi. Parovoz hamon quvib borar ekan, o‘tkir chiroqlari bilan Abutalip yelib borayotgan yo‘lni yoritardi. U relslar orasida yuragini qo‘ltiqlab chopar ekan, gir atrofga alang- jalang qarab ovozi boricha «Zaripa, Dovul, Ermek qaerdasanlar? Bu yoqqa kelinglar. Bu menman, Abutalip! Qaerdasanlar! Javob bersalaringchi?» deb qichqirarmish. Lekin hech kim javob bermasmish. Oldinda zimiston, orqada esa bosib, ezib ketishga tayyor, tobora yaqinlashib kelayotgan parovozdan qochishga majol yo‘q, yashirinay desa burun suqquday teshik topilmaydi. U yuguraverib holdan toyibdi, oyoqlarini tortaolmay, o‘pkasi og‘ziga tiqilib qolibdi. Abutalip ertasi ertalab yelkasiga guppini tashlab olib panjarali oyna oldida tashqariga qarab o‘tirar ekan, rangi siniqqan, qovoqlari shishib ketgan edi. Tashqari sovuq va qorong‘i edi. Bir ozdan keyin tong bo‘zarib atrof yorisha boshladi. Osmon ola bulut bo‘lsa-da, havo aynib qor yog‘adigan shashti bor… Mana, Sario‘zak zamini boshlandi. Hammayoq qorga burkangan, chuqurliklarga qor to‘lib qolgan. Lekin diqqat bilan nazar solinsa, tepaliklar, jarliklar, ovullar, tuman purkab turgan mo‘rilar ilgaridan tanishday. Qahraton qishda tutun burqsib turgan tomlar Abutalipga xuddi o‘z uyiday tuyuldi. Qumbel bekati uzoq emas, uch soatlar yo‘l yurilsa, Bo‘ronli bekati keladi. Bu yerlarni juda yaqin desa bo‘ladi. — Yedigey bilan Qozong‘ap xudoyi deysizmi, to‘y deysizmi goho- gohoda tuyalarda kelib ketishardi. Mana, shu bugun ham erta saharda bir kishi tulki tumoq kiyib qo‘ng‘ir tuyasida ketayapti, Abdutalip panjaraga yopishdi-qoldi, qorindoshlardan biri bo‘lsa-ya! Ehtimol bu qoranorga minib olgan Yedigeyning o‘zidir! Afrikada jirafa qanday chopsa, bu yerlarda yo‘rtadigan devday nor tuya yuz chaqirimni ko‘rdim ham demaydi. Bo‘ronli bekati yaqinlashavergach, Abutalip shuursiz ravishda, poezddan tushishga tayyorlanaverdi. Bir-ikki marta poyabzalini yechib yana kiydi, paytavasini qayta o‘radi, narsalarini yo‘lxaltasiga solib tayyorlab ham qo‘ydi. Poezddan tushish paytini kuta boshladi. Lekin sabri chidamadi — qorovuldan ruxsat olib yozilib, yuvinib ham keldi, kupega qaytib kirgandan keyin esa nima qilishini bilmasdan yana o‘tirib qoldi.
Abutalip o‘zini tiyib, bosiq harakat qilar ekan, tizzasini quchoqlab o‘tirib olgancha, onda-sonda oynaga qarab qo‘yar edi. Qumbel bekatida poezd yetti daqiqa to‘xtab turdi. Bu yerdagi hamma narsa Abutalipga tanish. Hatto shu katta bekatda turli tomonga qarab ketishdan oldin Abutalip ketayotgan poezd bilan uchrashgan yuk va yo‘lovchi poezdlari ham unga ardoqli va tanishday tuyuldi, axir bu poezdlar Abutalipning farzandlari bilan xotini yashaydigan Bo‘ronli bekatidan yaqindagina o‘tgan edi-da! Shuning uchun jonsiz temir bo‘lsa-da poezdni o‘zining uyi oldidan o‘tgani uchun xushxabar olib kelganday yaxshi ko‘rib qoldi.
Lekin poezd yana yo‘lga tushdi, poezd perron yonida asta yurib bekatdan
uzoqlashgunga qadar Abutalip tanish-bilishlarini ko‘rib qolishga ulgurdi. Ha, Ha, bular Abutalip ko‘rgan-bilgan qumbelliklar albatta, ular keksa bo‘ronliklarni — Qozong‘apni, Yedigeyni, ularning bola-chaqalarini yaxshi bilishi turgan gap, oxir Qozong‘apning o‘g‘li Sobitjon shu yerdagi maktabni bitirgan-ku, hozir esa institutda o‘qiydi…
Poezd bekatdan uzoqlashgach, tezligini oshirib g‘izillab yura boshladi. Abutalipning bolalari bilan bu yerga tarvuz olgani kelganini, yangi yil archa
bayramiga va boshqa ishlar bilan kelib ketganini esladi.
Abutalip ertalab berishgan ovqatlariga qo‘l ham urmadi. U butun vujudi bilan bir narsa haqida — Bo‘ronliga yaqin qolgani, bor-yo‘g‘i ikki soatdan nari-beri jonajon bekatga yetib borishi to‘g‘risida o‘ylar edi, buyog‘iga qor yog‘ib qolmasa bo‘lgani der edi, hamma yoqni qor bosib qolgunday bo‘lsa, Zaripa bilan bolalari hech yoqqa chiqisha olmaydi. Unda oila a’zolarini ko‘rish haqida so‘z ham bo‘lishi mumkin emas.
«Yo poko parvardigoro, iltijo qilardi Abutalip, o‘zing rahim qil, bu safar qoringni yog‘dira ko‘rma. Sen qodirsan, qudratingni ko‘rsat, biz bekatdan o‘tib ketgandan keyin yog‘diraver. O’zing bandam degin, rahim ayla ojiz qulingga! Abutalip tizzasini quchoqlab g‘ujanak bo‘lib o‘tirar ekan, fikrini yig‘ib olish, sabr-bardosh bilan ish ko‘rish, xudodan o‘zining yo‘l bo‘yi so‘ragani — deraza orqali xotini bilan bolalarini ko‘rib qolish orzusining ushalishini istar edi. Qani endi oila a’zolari Abutalipni ko‘rib qolishsa. Saharda nazoratchi eshik ortidan kuzatib turganda hojatxonada yuvinar ekan, zang bosgan yuvingich ustidan eski ko‘zguga qarab o‘zini tanimay qoldi — rangida rang qolmagan, murdaday sarg‘ish tortgan, hatto asirda ekanligida ham bunchalik sarg‘aymagan edi, sochlari oqarib ketgan, ko‘zlari kirtaygan, nursiz, peshonasida chuqur ajinlar paydo bo‘lgan, Yosh bo‘la turib tezgina qarib qolibdi. O’g‘illari Dovul va Ermek, xotini Zaripa shu asnoda ko‘rib qolishsa bormi, tanish u yoqda tursin, qo‘rqib ketishgan bo‘lar edi. Lekin baribir otasini tanishib suyinishardi. U oilasiga qaytsa, farzandlari, xotini bilan topishguday bo‘lsa, yana doimgiday bo‘lib ketgan bo‘lar edi.
Abutalip ana shu xayollar og‘ushida derazaga qaradi. Mana yana tanish joy ko‘rindi — ikki tepalik orasida pastlik. Abutalip ilgarilari Bo‘ronli bekatidagi bolalarni shu yerga olib kelib u tepadan bu tepaga baqirib-chaqirib chopib o‘tishini yaxshi ko‘rar edi.
Xuddi shu paytda kupe eshiklaridagi kalitlar shaqirlab, eshik ochildi, ostonada ikki nazoratchi paydo bo‘ldi.
— Seni so‘roq qilishadi, chiq! — dedi ulardan biri.
— Qanaqa so‘roq? Nimaga! — dedi Abutalip, og‘zidan chiqqan so‘zlarni o‘zi ham sezmay. Nazoratchi kasal-pasal emasmi o‘zi, deganday Abutalipga shitob
bilan yaqinlashdi.
— «Nimaga» deganing nimasi? Tushunmayapsanmi, so‘roqqa chiq deyapman! Abutalipning majolsizlikdan boshi shilq etib tushdi. Afsus, derazada panjara bor- da, bo‘lmasa oynani chil-parchin qilib tashqariga toshday otilib tushgan bo‘lar edi. Iloj qancha. Taqdir shu ekan-da. Deraza yonida o‘tirib bir ko‘rib qolsam degan niyatiga yetmadi. Abutalip ustiga bir qop tuz bostirib qo‘yganday zo‘rg‘a o‘rnidan turdi-da nazoratchilarning oldiga tushib, Tansiqboevning kupesi tomon dorga osiladigan odamday yuragi dov bermay qadam tashladi. Yurib borar ekan, so‘nggi umidi yilt etdi — oldinda yana bir yarim soatcha vaqt bor, shoyad o‘shangacha so‘roq tugab qolsa. Umidi faqat shu. Tansiqboev kupesigacha bor-yo‘g‘i to‘rt qadam. Ana shu to‘rt qadam masofani talay vaqtda bosib o‘tganday bo‘ldi. Tansiqboev uni kutib o‘tirgan ekan.
— Qani, Quttiboev, gaplashaylik, ishimizni qilaylik, — dedi u rangi va ovozida qandaydir jiddiylik, ayni vaqtda mamnunlik bilan, soqol-mo‘ylovi yangi olinib, burqsitib atir sepilgan yuzini kafti bilan silar ekan. U Abutalipga tik boqib, —
«Ґtir» dedi. O’tirishga ruxsat beraman. Shunda senga ham, menga ham qulay bo‘ladi.
Nazoratchilar eshikni yopib tashqarida qolishdi. Nido bo‘lsa bas, o‘qday otilib
kirishadi. Bu lochinko‘z iblisga xudoning kuchi yetmasa, bandasining kuchi yetmaydi. Buning ustiga qo‘lga ilinguday narsa yo‘q, na shisha bor, na stakan bor. U ichimlikdan qochadiganlardan emas. Kupeda aroq bilan gazak hidi anqib turibdi. Ehtiyotini qilib hammasini yig‘ishtirib tashlagan.
Poezd bo‘lsa, Sario‘zak dashtini yorib bir tekisda yo‘l bosmoqda. Bo‘ronli bekati tobora yaqinlashmoqda. Tansiqboev so‘roq qilmaydiganday, qandaydir yozuvlarni birinchi marta ko‘rayotganday shoshmasdan o‘qir, qandaydir qog‘ozlarni kavlashtirar edi. Abutalip chiday olmadi, oradan o‘tgan ana shu bir necha daqiqa yilday tuyulib ketdi unga.
— Grajdanin boshliq, men kutib turibman, — dedi u. Tansiqboev hayron qolib qog‘ozlardan boshini ko‘tardi.
— Sen kutayapsanmi? — dedi u hech narsani bilmaganday. — Sen nimani
kutyapsan?
— So‘roqni kutib turibman. Savol beriladi deb kutyapman.
— Shunday degin! — dedi Tansiqboev cho‘ziq bir ohangda, jahlini bosib.
— Tuzuk, tuzuk, Quttiboev, aybdorning o‘zi o‘z erki bilan tergovchiga hammasini gapirib beraman desa, men senga aytib qo‘yay, bu juda yaxshi.
Demak, aybdorning aytib beradigan gaplari bor, tergov organlariga ochib
tashlaydigan sirlarni biladi. Shunday emasmi? — dedi Tansiqboev bugun qo‘rqitish-hurkitish yo‘li bilan emas, balki xuddi shunday aldab-suldab muloyimlik bilan so‘roq qilish kerakligiga aqli yetib. — Demak, sen tushunibsan, — davom etdi u, — endi o‘z aybingni sezib, tergov organlariga sovet hokimiyatining dushmanlarini tor-mor qilishda, aytaylik, o‘zing dushman bo‘la turib dushmanlikdan qaytib yordam berishga tayyor ekanliging aqllilik qilganing.
Sovet hokimiyati sen bilan menga ota-onamizdan ham avlo, albatta bu gapni har kim o‘zicha tushunadi, — u o‘z so‘zlaridan qoniqqanday indamay qoldi va qo‘shib qo‘ydi: — Men seni doimo aqlli odam deb yurardim. Quttiboev, fikrim to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Baribir ikkalamiz bir-birimizni tushunib, umumiy til topamiz deb o‘ylayman. Nega indamaysan?
— Bilmadim, — noaniq javob berdi Abutalip, — nima gunoh qilganimni tushunmayapman, — qo‘shib qo‘ydi, ko‘z qiri bilan vagon oynasidan tashqariga
qarar ekan. Poezd shitob bilan g‘izillab ketayotir, Sario‘zak dashti qovog‘i soliq
osmon tagida katta tezlikda ketayotgan poezd zarbidan ingragan kabi orqaga qarab qochib ketayotganga o‘xshardi.
— Men senga aytib qo‘yay. Ochiqchasiga gaplashib olaylik, — so‘zida davom etdi Tansiqboev. — Seni podsholarday maxsus vagonda olib ketayotganimiz
bejiz emas. Bu hammaga ham nasib qilavermaydi. Har kimni ham shunday izzat-hurmat bilan olib yurishmaydi. Demak sen tergov ishida e’tiborli odamsan.
Ko‘p narsa sening o‘zingga bog‘liq. Mas’uliyating ham katta. O’ylab ko‘r. O’ylaganda ham atroflicha o‘yla. Endi mening gapimga quloq sol. Biz bugun
xuftonda Orenburgga, yangichasiga Chkalov shahriga kelamiz. U yerda bizni kutib o‘tirishibdi. Bu biz boradigan joylardan birinchisi, u yerda sen bilgan ikki
odam bor — biri Popov Aleksandr Ivanovich, ikkinchisi Sayfullin hamid degan tatar. Hozir ikkalasi ham qamoqda. Ular sen bergan ma’lumotlar asosida qamalishgan. Ikkalasi ham Bavariyada sen bilan asirda bo‘lishganini, keyin birgalashib qochishganini tan olishyapti. Qochishning o‘zi ham hamon sirli — nima uchun tosh konidan faqat senlarning brigada qochib chiqqan, boshqalar qochgan emas, buni ham biz yaxshilab tekshiramiz. Keyin esa Yugoslaviyada yurgansanlar, ikkalasi ham o‘sha yerda Angliyaning maxsus harbiylari bilan yo‘liqishganlarini bo‘yniga olishyapti. Gap nima to‘g‘rida ketayotganini yaxshi tushunib turibsan. Bu haqda sen o‘z esdaliklaringda yozgansan. Esdaliklaring ham g‘alati yozilgan. Bizga besh qo‘lday aniq bo‘lib qoldi: Popov senlarning rezidentlaring, Sayfullin esa uning o‘ng qo‘li bo‘lgan, biron kor-hol bo‘lib qolguday bo‘lsa, rezidentlikni qo‘liga oladigan odam. Sen, Quttiboev josuslikda birinchi safdagi odamlardan emassan, tergovga yordam bersang, ishing yana ham yengillashadi.
— Qanday josus ekan?! Men ularni qirq beshinchi yildan, urush tugagandan buyon ko‘rgan emasman, — deb Tansiqboevning so‘zini bo‘ldi Abutalip.
— Buning ahamiyati yo‘q. Ko‘rmagan bo‘lsang bordir. Shaxsan ko‘rishish, yuzma-yuz uchrashish shart emas. Senlarni bog‘lab turgan odam bo‘lgan.
Aytaylik, o‘sha haqiqatgo‘y Yedigey Jangeldin Orenburgga yoki biron joyga bormadi deysanmi? Shunday bo‘lgan bo‘lishi mumkin — senlar kimdir orqali
aloqa qilib turgansanlar. Oldin yaxshilab o‘ylab ko‘r.
— O’sha Yedigey o‘zining qoranor tuyasiga minib olib Orenburgga borib kelib turgan desam bo‘ladimi? — dedi Abutalip tutaqib.
— Bunaqa gaplarni qo‘ysangchi, Quttiboev. Aks javob ber-ganing o‘zingga
zarar. Men senga yaxshi gapiryapman, sen bo‘lsang gapni boshqa tomonga burasan. Qarshilik qilsang, beling sinadi. Yedigeydan xotiring jam bo‘lsin. Kerak bo‘lsa, uni ham, hatto tuyasi bilan birgalikda qamaymiz. Agar unga tegishma-sin desang, haligilar bilan yuzlashtirganda gapni olib qochma.
Parovoz oldinda qarshi kelayotgan poezdni ko‘rib o‘kirib uzoq signal berib o‘tdi. Parovozning qichqirig‘i Abutalipning yuragini qontalash qilganday bo‘ldi. Bo‘ronli bekati yaqin qolgan edi. Lochinko‘z tergovchining gaplari Abutalipning yuragiga g‘ulg‘ula solardi. Bunday kuchning qo‘lidan har balo keladi. Lekin hozir Abutalipni qiynagan narsa bu emas, balki Tansiqboevning haddan ortiq so‘zamolligi edi, u hali-beri so‘roqni tugatadigan ko‘rinmaydi.
— Gap shunday, — deb so‘z boshladi Tansiqboev, oldidagi qog‘ozlarni nariroqqa surib qo‘yib, Abutalipga tikilar ekan. — Men ikkalamiz til topamiz deb ishonaman. Sening bundan boshqa yo‘ling ham yo‘q, Orenburgda bo‘ladigan yuzlashtirish bosh masalani hal qiladi — yoki sen menga yordamlashib, ikkalamiz bir ish qilamiz, yoki men qo‘limdan kelganini qilaman, keyin qilgan ishingdan pushaymon bo‘lasan — yigirma besh yil olasan yoki otilasan. Bu ishning qaerga borishiga aqling yetadimi o‘zi?! Biz Titoning naq o‘ziga yetib boramiz. Senlar shuncha yil yashirin xizmat qilib kelgan Tito haqida so‘z borayotir. Bu protsessni Iosif Vissarionovichning o‘zlari nazorat qilib turibdilar. Hech kim jazosiz qolmaydi, hammasining ildizini quritamiz. Shuning uchun, Quttiboev, men senga yomonlik sog‘inmayman, shunga rahmat de. Sen ham mening yo‘rig‘imga yurgin. Nima demoqchi bo‘lganimni tushunyapsanmi? Abutalip g‘ing demadi-yu, badani jimirlab ketdi, ichida Bo‘ronliga necha daqiqalik yo‘l qolganini hisob-kitob qildi. Derazadan bo‘lsa ham bola- chaqalarimni ko‘rib qolarmikinman deb edi, endi bo‘lmas ekan. Bu fikr uning butun vujudini zirqiratdi.
— Nega miq etmaysan? Sendan so‘rayapman, gap nima haqida ketayotganini tushunyapsanmi o‘zi? — dedi Tansiqboev. Abutalip kallasini irg‘adi. U Tansiqboevning nima demoqchi bo‘layotganini tushunib yetgan edi.— Mana bu boshqa gap, allaqachon shunday qilish kerak edi? — dedi Tansiqboev va Abutalipning kallasini irg‘aganining hamma shartlarga ko‘ngani deb tushunib, u o‘rnidan turib Abutalipga yaqin keldi va hatto uning yelkasiga qo‘lini qo‘ydi. — Men sening aqlli yigit ekaningni bilardim, oxir-oqibat to‘g‘ri yo‘lga tushasan deb ishonardim, Demak, biz sen bilan kelishib oldik. Endi hech narsadan shubhalanma. Mening aytganimni qilsang bas. Eng muhimi — yuzlashtirganda qo‘rqma-hurkma, gapirganda ko‘zlariga tik boqib, bo‘lgan voqeani ro‘y-rost aytib beraver. Popov — rezident, qirq to‘rtinchi yildan Angliya razvedkasiga sotilgan, Yugoslaviyadan jo‘natilish oldidan Titov huzurida kengashda ishtirok etgan, mamlakatimizga uzoq muddatli topshiriq olib kelgan — biron to‘polon boshlandi deguncha ishga kirishadi. Bo‘ldi. Popovga shuning o‘zi yetadi. Endi o‘sha tatar Sayfullinga kelsak, u Popovning eng yaqin yordamchisi, o‘ng qo‘li. Sen tasdiqlasang bo‘ldi, unga shuning o‘zi yetarli. Qolganini o‘zimiz qiyomiga yetkazamiz. Mana shularni aytsang bas, vazifang bitadi, keyin hech narsadan xavotir olma. Senga hech qanday xavf-xatar yo‘q. Men borman. Shunday. Dushmanlar bilan so‘zimiz qisqa – tugatamiz vassalom. Do‘stlar bilan hamkorlik qilamiz, gunohi bo‘lsa yengillatamiz. Unutma. Yana shu narsa ham esingda bo‘lsinki, men bilan o‘ynasha ko‘rma. Nega ranging o‘chgan, terlab turibsan, nima, tobing qochdimi? Yoki havo yetishmayaptimi?
— Ha mazam yo‘q, dedi boshi aylanib ko‘ngli ayniganini, zahar solingan ovqat yeganday dili g‘ashligini birdirmaslikka urinib.
— Unday bo‘lsa seni ushlamay. Hozir o‘z kupengga bor-da, Orenburgga yetguncha dam ol. Lekin Orenburgda toblangan otday bo‘lib turasan. Tushuntira oldimmi?
Haligilar bilan o‘zingni u yoq-bu yoqqa tashlamaysan. «Esimda yo‘q, bilmayman, unutdim» kabi so‘zlar og‘zingdan chiqmasin. Men aytganday qilib, sharillatib bo‘yinlariga qo‘yib bersang bo‘ldi. Qolganlari sening ishing emas. Buyog‘ini bizga qo‘yib ber. Kelishdik. Bugun hech narsa yozmay qo‘yaqolaylik, bor, damingni ol, Orenburgda yuzlashtirilgandan keyin hammasini yozib, qog‘ozlarga o‘shanda qo‘l qo‘yamiz. Aytganlaringga imzo chekib berasan. Endi boraver. Ikkalamiz hammasini gaplashib oldik. — Shu gaplarni aytib bo‘lgach, Tansiqboev Abutalipning avaxta kupesiga qo‘yib yubordi.
Shu paytdan boshlab Abutalipning hayotida butunlay yangi bir davr boshlanganday bo‘ldi. Unga poezd oldingidan tezroq yura boshlaganday
tuyuldi. Ko‘zga tanish yerlar derazadan zipillab o‘tib turdi. Bo‘ronligacha sanoqli daqiqalar qolgan edi. Endi hushini yig‘ib olib, bola-chaqasini ko‘ra oladimi- yo‘qmi shu haqda o‘ylashi kerak. Biroq oldin poezdning sekinroq yura boshlashini tilash kerak. Abutalip poezd tezligi pasayishini Ollohdan iltijo qildi, sal o‘tmasdan poezd sekin yura boshladi. Yoki unga shunday tuyuldimikin, shundan so‘ng ko‘ngli ancha taskin topdi, u derazaga yaqin o‘tirib tevarak- atrofni tomosha qilib ketdi. Uning butun fikri-zikri Bo‘ronlida edi. Poezd chindan ham Bo‘ronli bekatiga yaqinlashib qolgan edi. Abutalip turmush dakkilarini yeb, taqdir taqazosi ila qo‘nim topgan yeri Bo‘ronlida bolalarim odam qatoriga qo‘shilguncha tirikchilik qilib tarix alg‘ov-dalg‘ovlaridan eson-omon o‘tib olsam deb o‘ylar edi, yo‘q, bu umidi ham puchga chiqdi. Oilasi qarovsiz qoldi, hali nima kechishini xudo biladi, o‘zi bo‘lsa avaxta-vagonda uyining yonidan o‘tib borayotir.
Abutalip hamma narsaga o‘la-o‘lguncha xotirasida saqlab qoladiganday vagondan tikilib borar edi. Qahraton sovuq kelgan hut oyining ana shu kuni choshgoh paytida ko‘ziga nimaiki ko‘rinsa – qor uyumlari bo‘ladimi, temir yo‘l yoqasidagi qori erib ketgan yerlar, butazorlar bo‘ladimi, olachalpoq qor bosib yotgan dala-dasht bo‘ladimi — bularning hamma-hammasini qandaydir muqaddas bilib, tengsiz hayajon ila ko‘zdan kechirar edi. Ana, ko‘zga tanish tepalik, uning yonginasida pastqam joy, huv ana Zaripa ikkalasi temir yo‘lni tuzatish uchun kerak-yarog‘larni ko‘tarib o‘tib yurgan yolg‘iz oyoq yo‘l, ana sayhonlik — u yerda Bo‘ronlidagi bolalar hamda o‘zining Dovuli bilan Ermegi yoz kunlari chug‘urlashib chopib o‘ynashardi. Huv anavi yerda bir to‘p tuya yoyilib yuribdi, yonginasida yana ikki tuya turibdi. Shulardan biri Yedigeyning Qoranori olisdan tanisa bo‘ladi — Hamon o‘sha devsifat tuya, shoshmay- netmay qayoqqadir ketayotir, buni qarang — birdan qor yog‘a boshladi shekilli, havoda qor uchqunlari to‘zib qoldi, Ha, chindan qor yog‘ib ketdi, har tugul ertalabdan osmonda qora bulutlar paydo bo‘lib, havo ayniy boshlagan edi, qor yog‘ishi kerak ekan-da, lekin qor sal ozgina sabr qilsa bo‘larmidi, Bo‘ronlidagi uylarning tomlari, mo‘rilar ko‘rina boshladi, mana poezd ehtiyot yo‘liga kirdi, g‘ildiraklar izlar qo‘shilgan joyga taqillab urilib o‘tmoqda, ana budka yonida qo‘liga bayroqchasini ushlab strelkachi turibdi — eh bu Qozong‘apku! O’sha qurib qolgan daraxt tanasiday ozg‘in Qozong‘ap, ey Xudoyim, Qozong‘apning budkasidan o‘tildi, poezd olg‘a qarab ovul yonidan o‘tib borayotir: mana uylar ko‘rina boshladi, uylarning eshik-derazalari aniq ko‘zga tashlanadi. Kimdir uyiga kirib borayotir, Abutalip uni orqasidan ko‘rib qoldi, kim bo‘ldi ekan, kimdir poya- taxtadan nimadir yasayapti, bu Yedigey bo‘lsa kerak, ha o‘sha, guppisining yenglarini qaytarib olibdi, uning yonida qizlari, qizlarning orasida Ermek, mening aziz Ermegim turibdi, sendan aylanay erkatoyim, Yedigeyga yerdan nimanidir olib berayotir. Oh, Xudoyim bolaginamning yuzini yaxshiroq ko‘ra olmadim, Dovul bilan Zaripa qani? Ana ikkiqat bir ayol yuribdi, u bekat boshlig‘ining xotini Savle, ana Zaripa. Ro‘molini yelkasiga solib olgan. Zaripa bilan Dovul, onasi kenjatoyning qo‘lidan ushlab olib Yedigeyning oldiga ketyapti. Men tomonga qarab ham qo‘yishmaydi. Abutalip «Zaripam! Azizam! Dovul! Mening jonim! Menga qarasalaring-chi! Men senlarni oxirgi marta ko‘rayotirman. Alvido Dovul! Ermek! Omon bo‘linglar! Meni unutmanglar! Sizlarsiz menga hayot yo‘q! Alvido!» deb dod solib baqirib yubormaslik uchun og‘zini kafti bilan yopib, ko‘zlari nigoron poezdda o‘tib ketyapti. Lekin bola-bechoralar buni qayoqdan bilishsin.
Chaqinday o‘tib ketayotgan ana shu onlarda Abutalipning ko‘rgan-bilgani shu bo‘ldi. Poezd Bo‘ronli bekatidan allaqachon olislab ketgan bo‘lsa ham uning ko‘z oldida ko‘rganlari birma-bir gavdalanib turar edi. Oyna ortida hammayoqni qalin qor bosdi. Hammasi yiroqda, ortda qoldi, biroq Abutalip uchun vaqt hayotining mazmuni jigarporalari yarq etib ko‘zga tashlangan alamli onlarda to‘xtab qolganday bo‘ldi.
Tashqarida qor yog‘ib, hech narsa ko‘rinmay qolgan bo‘lsa ham Abutalip oynadan ko‘zini uzmay o‘tirib qoldi. U derazaga mixlab qo‘yilganday dunyoning adolatsizligiga bo‘yin tovlab haqiqat sari intilsa ham, yelkasidan bosib turgan azozilning qudratiga bosh egmay iloji yo‘q edi, sevgili xotini, suyukli farzandlarini ko‘rgan bo‘lsa ham, ularning yonginasidan tilsiz-zabonsiz hayvonga o‘xshab o‘tib ketgani alam qildi. Uni o‘z erkidan mahrum qilgan o‘sha azozil edi. U hammaning ko‘z oldida poezddan sakrab tushib, sog‘inib intizor yurgan oila a’zolarining quchog‘iga otilish o‘rniga g‘ururi toptalgan bo‘lib o‘tiribdi. Tansiqboev bo‘lsa uni xohlagan joyiga o‘tirg‘izib, xohlaganda turg‘izib itga muomala qilganday xohlagan ko‘yga soladi, yuragini o‘rtagan o‘y-xayollardan qutilish uchun Abutalip o‘ziga o‘zi so‘z berdi, qat’iy bir qarorga keldi. Dilini kuydirib ketgan o‘sha yilt etgan uchrashuv Abutalipning ko‘z oldidan to‘xtovsiz milt-milt o‘tib turar edi. Bunga hech kim xalaqit bera olmaydi. Abutalipning kuchi faqat shunga yetadi — Hammasini qayta-qayta xotirlashdan boshqasiga majoli yetmaydi – dastlab Qozong‘apni ko‘rdi, tirishqi qo‘llarida bayroqcha, tunni tun, kunni kun demasdan postda qaqqayib turgani turgan, goh bekatning u boshida, goh bu boshida turib umrida qancha poezdlarni qarshi olib jo‘natib qo‘yganini hech kim hisob-kitob qilmagan, shundan keyin ovuldagi pastqam uylar, molxonalar, tutun burqsib turgan mo‘rilar ko‘rindi. Yedigeyning yonida o‘ymalashgan bolalar orasida o‘g‘li Ermekni ko‘rganda nafasi tiqilib baqirib yubormaslik uchun og‘zini kafti bilan to‘sdi, o‘shanda mehribon Yedigey bolalarga nimadir yasab berayotgan edi. Ermek Yedigeyga taxtami yoki boshqa bir narsani olib borayotgan edi va o‘sha bir necha lahza ichida hammasi aniq- ravshan ko‘rindi. Guppi kiyib yengini qayirib olgan, yuzi sovuq shamoldan qorayib ketgan, qomatli, ozg‘in Yedigey oyog‘ida kirza etik, boshida telpak, oyog‘iga piyma kiygan bir bola, uning yonida Dovul bilan Zaripa ketyapti. Bechora Zaripa xuddi yonginasida turganday ko‘rindi — ro‘moli kiftiga tushib, qop-qora sochi hurpaygan, rangi o‘chgan, o‘sha yoqimtoy yor, paltosi tugmalanmagan, oyog‘ida o‘zi olib bergan arzon etik, egilib Dovulga nimalarnidir uqtiryapti — bularning hammasi shunchalik tanish, shu qadar ko‘ngilga yaqinki, Abutalipning ko‘z oldidan qayta-qayta o‘taverdi. Bu uchrashuvdan so‘ng Abutalip ular bilan vidolashganday bo‘ldi, endi dunyoda hech nima, hech qachon bu yo‘qotuvning o‘rnini bosa olmaydi.
Yog‘ayotgan qor tinmasdan bora-bora bo‘ronga aylandi. Orenburgga ozgina
qolganda poezd bekatda bir soatcha turib qoldi — temir yo‘lni qordan tozalashdi. Kishilar shovqin ko‘tarishib qorni, ob-havoni, hamma-hammasini og‘ziga kelgan so‘zlar bilan so‘kishayotgani baralla eshitilib turdi. Yo‘l ochilgandan so‘ng poezd qorni uchirib yurgan bo‘ronga qaramasdan yo‘lga tushdi. Orenburgga kirganda sekin yura boshladi. Yo‘l yoqasidagi qing‘ir-qiyshiq daraxtlar qurib qolganday qorayib turar edi. Shahar elas-elas ko‘rinar edi. Vagonlarni saralaydigan bekatda kechasi ancha turib qolishdi. Bu yerda Abutalip kelayotgan vagonni poezddan ajratib olishdi. Buni Abutalip vagonlarning bir-biriga urilib taraq-turuq qilishidan, vagonlarni tirkab-ajratadigan ishchilarning qiyqiriqlaridan, vagonlarni sudrab ketgani kelgan lokomotivning gudoklaridan bilib oldi. Shundan so‘ng vagonni bir yoqqa sudrab olib ketishdi, aftidan ehtiyot yo‘lga kirgizib qo‘yishdi shekilli. Xufton payti edi, maxsus vagonni o‘z joyiga qo‘ya boshlashdi. Vagon oxirgi marta bir silkindi. Birdan. «Yaxshi! To‘xtat shu yerda» degan ovoz chiqdi. Vagon to‘xtadi-qoldi.
— Mana, keldik! Oshqol-dashqolingni yig‘ishtir! Mahbus, eshikka chiq! — dedi katta nazoratchi Abutalipga, kupe eshigini ochib. — Bo‘l, imillama! Chiq! Uxlayverib miyang shishib ketgandir! Toza havodan nafas ol!
Abutalip asta o‘rnidan turib, nazoratchiga yaqin keldi-da:
— Men tayyorman. Qayoqqa yuray, — dedi.
— Tayyor bo‘lsang, yur! Qayoqqa borishni soqchi aytadi, — nazoratchi Abutalipni dahlizga chiqardi, keyin hayron bo‘lib, ham g‘ijinib jerkidi:
— Hov ovsar, yo‘lxaltangni tashlab ketmoqchimisan? Qayoqqa ketayapsan? Nega yo‘lxaltangni olmaysan? Yoki senga hammol kerakmi? Orqangga qayt,
qaqir-ququringni ko‘tar!
Abutalip kupega qaytdi, qoldirib ketgan yo‘lxaltasini istar-istamas oldi-da, yana dahlizga chiqqan edi, xayol bilan shoshib kelayotgan shu yerlik ikki chekist bilan suzishib ketishiga sal qoldi.
— To‘xta! — deb Abutalipni devorga tomon itardi nazoratchi. Beriroq tur! O’rtoqlar o‘tib ketishsin! Abutalip vagondan chiqayotib haligi ikkitasi Tansiqboevning kupesini taqillatayotganini ko‘rdi.
— O’rtoq Tansiqboev! — degan hayajonli ovoz eshitildi. — Xush kelibsiz! Sizni kutaverib rosa ko‘zi-miz teshildi! Aksiga olib siz kelgan kuni qor yoqqanini ko‘rmaysizmi! Kechirasiz! havo havoligini qiladi-da! O’zimizni tanishtirib qo‘yaylik, ruxsat berasiz, o‘rtoq mayor!
Soqchilar boshidan quloqchin, oddiy askar kiyimidagi qurolli uch kishi ekan, vagonning yonida kutib turgan ekan. Ular mahbusni nariroqda turgan ochiq mashinaga solib olib ketishsa kerak.
— Tushmaysanmi! Nega ag‘rayib turibsan! — deb yubordi uch soqchidan biri. Orqasida nazoratchi, Abutalip vagon zinasidan asta yerga tushdi. Sovuq izg‘irin
shamol, maydalab qor yog‘ib turibdi. Vagon zinasi yonidagi temir tutqich sovuqdan qo‘lga yopishadi. Gir atrof qorong‘i, har joy-har joyda osib qo‘yilgan chiroqlargina g‘ira- shira yorug‘ berib turibdi, qor ko‘mib yotgan qator-qator temir yo‘llar.
— To‘qson yettinchi nomerli mahbusni topshirdim! — dedi katta nazoratchi soqchiga.
— To‘qson yettinchi nomerli mahbusni qabul qildim! — deb javob berdi katta
soqchi.
— Endi jo‘na! Bular aytgan tomonga boraver!— dedi katta nazoratchi
Abutalipga, xayrlashish o‘rniga. Keyin nima uchundir qo‘shib qo‘ydi. — Nariroqda mashinaga solib olib ketishadi.
Abutalip soqchi yigitlar qurshovida shpallarga urinib-surinib temir yo‘l bo‘ylab yurib ketdi. Qor urib turibdi. Abutalip yo‘lxaltasini yelkasiga qo‘yib olgan. Unda-munda tungi smenadagi vagonlarning gudoklari eshitiladi.
Tansiqboevni mehmonxonaga olib ketish uchun kelgan orenburglik hamkasblari kupeda biroz hayallab qolishdi. Che-kistlar tanishganlik uchun qittay-qittay otishni taklif qi-lishdi, gazak esa tayyor edi. Uning ustiga ish vaqti emas, kechasi kim yo‘q derdi. Tansiqboev so‘z orasida ishning o‘ngidan kelayotganini, yuzlashtirishning muvaffaqiyatli bo‘lishini, Olma-otadan buyon vaqtni bekor o‘tkazmaganini qistirib ketdi.
hamkasblar birpasda opoq-chopoq bo‘lib suhbatga tushib ketishdi. Birdan tashqaridan shitillagan ovozlar keldi, vagon dahlizida kimlarningdir dukurlagan oyoq tovushi eshitildi. Kupega soqchilar bilan katta nazoratchi hovliqib kirib kelishdi. Soqchining hammayog‘i qon edi. U rangidan rang qolmagan bir holda Tansiqboevga chest berib:
— To‘qson yettinchi nomerli mahbus halok bo‘ldi! — dedi shang‘illab.
— Qanaqasiga halok bo‘ladi — o‘rnidan otilib turdi Tansiqboev. — Halok bo‘ldi deganing nimasi!
— Parovozning ostiga o‘zini tashlab o‘ldi, — dedi katta nazoratchi.
— Nega o‘ladi? Qanaqasiga parovoz ostiga tashlaydi?— dedi jahl bilan
Tansiqboev, u nazoratchining yoqasidan ushlab tortar ekan.
— Temir yo‘ldan o‘tib borayotganimizda, — dedi poyma-poy qilib soqchi, o‘ng tomondan ham, chap tomondan ham lokomotivlar yurayotgan edi. Ular vagonlarni u yoqdan bu yoqqa sudrab o‘tar edi. Biz esa poezdni o‘tkazib yuborish uchun to‘xtab turdik. To‘xtashimiz bilan haligi mahbus qo‘lidagi yo‘lxalta bilan meni bir soldi-da, o‘zini kelayotgan parovozning g‘ildiragining ostiga tashlasa bo‘ladimi.
Bunday kutilmagan hodisadan hamma lol bo‘lib qoldi. Tansiqboev jon-poni chiqib tashqariga otildi.
— Iflos, svoloch, qutilib qoldi-ya! — ovozi qaltirab so‘kina ketdi u. — Hammasini barbod qildi! Ko‘rmaysanmi, hammamizni o‘ldirdi! Va stolga burilib, g‘ijingan ko‘yi qo‘lini siltadi-da, stakanni to‘ldirib araq quydi.
Uning orenburglik hamkasblari esa bu hodisaga soqchilar kallasi bilan javob berishadi, deb qo‘shib qo‘yishdi.

67

(Tashriflar: umumiy 681, bugungi 2)

2 izoh

Izoh qoldiring