Najib Fozil Qisakurak. Zilzila

nfk

1905 yil 26 mayda Istanbulda tug‘ilgan. Otasi Abdulboqi Fozilbey huquqshunos bo‘lgan. Onasining ismi Madiha xonim. 17 yoshida o‘sha davrdagi «Istanbul dorilfununi Adabiyot madrasasi, Falsafa bo‘limi»ga o‘qishga kirgan. Milliy Ta’lim Vazirligi yo‘llanmasi bilan bir yil Parijda ham o‘qigan. Qaytgach, banklarda xodim, nazoratchi, universitet va institutlarda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. Tafakkur va san’at yo‘nalishidagi «Buyuk Sharq» (1943-1945) to‘plamini nashr qildira boshlagandan so‘ng rasmiy doiralarda ishlamagan. 1934 yilning bir oqshomi uning hayotida burilish yasagan: Shayx Abdulhakim Arvosiy bilan qilgan suhbatidan keyin uning etagini mahkam tutgan. Keyingi hayotining ko‘p qismi siyosiy ayblovlar bilan o‘tgan.
She’r kitoblari: «O’rgimchak to‘ri» (1925), «Pillapoyalar» (1928), «Men va narigi tomon» (1932), «So‘ngsizlik karvoni» (1955), «She’rlarim» (1969), «Azob» (1945).
Shoir «Yunus Emro», «Ibrohim Adham» kabi dramalar muallifi hamdir. «Sabrtoshi» dramasi 1947 yilgi «Dramalar musobaqasi»da birinchi mukofotga loyiq deb topilgan. Shoir ijodi o‘z davri va keyingi nasl shoirlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi, deyish mumkin.
She’rlarida chuqur tafakkurga chorlov, o‘lim va yolg‘izlik mavzulari o‘ziga xos uslub va badiiy jihatdan mukammal bir tarzda tarannum etiladi, shuningdek, xalqona ohang bilan birgalikda Frantsuz she’riyatining ta’siri ko‘rinadi.

Najib Fozil Qisakurak

ZILZILA
Hikoya

Esma Xotin arzinjonlik… O`sha yerlik bir qora ishchiga turmushga chiqdi. U Onado`lidagi har bir ayol singari har yili bola tug`adi.
Oradan olti yil o`tdi. Esma Xotinning qornida bir, o`ng qo`lida bir, chap qo`lida bir, uyida ikki bolasi bor… Hammasi bo`lib besh bola…
Eri dashnom qildi:
— Bunchalik ko`p tug`averma, xotinjon, bilasan-ku, mening qo`lim qisqa, buncha bolani boqolmayman…
Esma Xotin uni qayirib tashladi:
— Buni sen o`zing o`ylashing kerak. Qolaversa, nega rizq deb qo`rqyapsan? Rizq deb qo`rqish gunoh ekanini bilmaysanmi? Olloh yaratganiga rizqini ham beradi.
— Shundayku-ya, ammo, Olloh bizga aql ham bergan, tadbirli bo`lishni amr etgan. Men shuncha og`izni to`ydirolmayman…
Esma Xotinning kuch-quvvatli eri besh bolasini olib, Istanbulga yo`l oldi.
Eshitishlariga qaraganda, ishning ko`zini biladigan hammolga Istanbulda ish ko`p ekan. Gazeta chiqadigan Bobiali degan mahallada hammollik qilganlar biroz pul yig`ib, chayqovchilikka yetarli sarmoya to`plasa, undan keyin oq qog`oz tijoratiga tashlasalar bas, boy bo`lib ketisharkan.
Esma Xotinning eri shu ish bilan shug`ullana boshladi va chayqov bozordan rosa pul topdi. Ko`p o`tmay ostida xususiy avtomobil, bo`ynida qip-qizil galstuk… Galstugini «uchburchak» deyishadigan bichimda bog`lar, oynaga qarab, o`z-o`ziga besh ketardi:
— Endi biz ham janob bo`ldik!
Endi o`qib-yozish borasida ham biroz olg`a bosgan, podsholarning tug`rosiga o`xshatib imzo otishni ham o`rganib olgan edi.
Esma Xotin bo`lsa hamon ilgarigiday… Oqsaroy tomondagi oddiygina uyda yashaydi, eng kattasi to`qqiz, eng kichigi bir yoshdagi bolasi yonida…
Endi uning eb-ichishdan tashvishi yo`q, faqat qashshoqlikdan battar bir falokatga giriftor bo`lgan… Besh vaqt namozida va har doim Ollohni yod etadigan Esma Xotin erining bu yo`lidan mamnun emas va tomog`idan o`tayotgan luqmalar harommikan, deb shubha qila boshladi…
Nihoyat erining sumkasida muddatli cheklar, dasta-dasta tilxatlarni ko`rib, gap nimadaligini tushundi:
— Sen odamlarga qarzga pul tarqatyapsanmi?
— Ha, shunday, nima bo`pti?
— Bu ishdan ne foyda olasan?
— Ustama foiz olaman? Har oyda o`n foiz… Iloji bo`lsa bundan ham ko`proq…
— Foiz olish harom ekanini bilmaysanmi?
— Nima qilay xotinjon, yashash kerak-ku… Endi qancha tug`sang tug`aver!..
— Yana bola tug`ish to`g`risida gapirmay qo`yaqolay. Olloh bolalarimni harom ovqat eyishdan asrasin!..
— Qanday asrasin?.. Ularni jonini olsinmi?..
— Qanday xohlasa shunday qilsin!..
Bobiali hammolligidan millionerga aylangan erining turish-turmushi Esma Xotinga borgan sari malol kela boshladi. Oxiri bir kuni ayol oyoq tirab turib oldi:
— Тo`qqiz bolamni olib, Arzinjonga ketishimga ruxsat ber. U erda kichikroq bir uyni ijaraga olib yashayman, katta bolalarimizni boshlang`ich maktabda o`qitaman. Otamdan qolgan yerni ishlata olsam, balki senga muhtoj bo`lishdan qutularman ham.
Bo`ynidagi qizil galstugini hech yechmaydigan sobiq hammol Esma Xotinni to`qqizta bolasi bilan Xaydarposhshodan kuzatib yubordi va Beyo`g`lidagi uyga ketdi…
Esma Xotin Arzinjonda to`qqiz bolasi bilan ikki xonali uyda yashay boshladi. U bir kuni kechki payt xufton namozini o`qish niyatida tahorat qilish uchun hovlidagi quduq boshiga borgan ham ediki, oyog`i ostidagi tuproq, xuddi stol ustidagi dasturxonni tortib olishganday, birdaniga surilganini his qildi va yerga yiqildi.
Yer ostidan kelgan qo`rqinchli tovushlar orasida zamin o`ynadi, titradi, cho`kdi…
Esma Xotin:
— Ana, qiyomat boshlandi! — deb o`yladi. Boshini ko`tarib uyiga qaradi va uy xuddi bir-birining ustiga qulagan karta qog`ozlaridek ag`darilib tushganini ko`rdi.
Ikki kundan so`ng yetib kelgan eri Esma Xotinni shahar tashqarisidagi qabristondan topdi.
Xotin yuz-ko`zini timdalab tashlagan, yig`i bilan qahqaha o`rtasidagi qandaydir tovushlar chiqaradigan telbaga aylangan edi…
Erining uni turg`azish uchun cho`zgan qo`llari ustiga yiqilarkan hayqirdi:
— Bularning hammasiga sen sababchisan! Olloh bolalarimizni harom tomoq yeyishlariga rozi bo`lmadi, shuning uchun ularni bu yerga jo`natdi.

Тurkchadan Boboxon Muhammad Sharif tarjimasi

(Tashriflar: umumiy 45, bugungi 1)

Izoh qoldiring