ХХ аср ўзбек шеърияти антологияси. Элбек

elbek-1

MUJDALAR

Yel kezar, yellar kezar, yellar kezar,
El sezar, ellar sezar, ellar sezar.
Ko‘rkli dengiz suvini har yon urar,
Kayflanar, lazzatlanar, davron surar.

Yel kezar, yellar kezar, yellar kezar,
El kezar, ellar kezar, ellar kezar.
Kuchli tog‘lar yo‘lni bog‘lar, gerdayar,
Yel ularga qo‘lni chog‘lar, erdayar.

Toshqin o‘lmoq, intiqom etmak istagan
Tog‘lar ortiq tortisholmas, jim qolar.
Na’ra tortib yel-da, ketmak istagan
Yoqlariga g‘olibona ot solar…

G’amli yelda, tutqun elda bandilar
Qop-qorong‘u zindon ichra termilar.
Yel esar, unlar sari yo‘rtar, yelar,
Eltmak istab erkin eldan mujdalar.

To‘xtamas tun-kun yurar, seldek toshar,
Hovriqar, tog‘lar oshar, suvlar oshar!
Yel kezar, yellar kezar, yellar kezar,
El sezar, ellar sezar, ellar sezar.

SAHRODA

Yulduzlar ko‘qda porlar,
Sahro jimgina uxlar.
Tevalar sekin-sekin
Ko‘lkadek olg‘a bosar.

Tarqalar qo‘ng‘iroqdan
Bir tovush umid to‘la.
Aks etib kirib uzoqdan,
Derki: «naridan so‘ra!»

Ko‘b yo‘llar ortda qoldi,
Ketish, surulish yana.
Meni kim yo‘lg‘a soldi?
Intilish bor ko‘ngilda.

Charchamaydi tevalar,
Yo‘qmidir yo‘l so‘ng-boshi.
So‘ylar allanimalar
Yulduzlarning qaroshi.

KECHQURUN

Quyosh sekin bekindi
Qarshimdog‘i tog‘larda.
Borliqni ko‘zi tindi
Yolg‘iz dam shu chog‘larda.

Qir tumon-la burundi –
Tog‘dan tushdi suruvlar.
O’ynoq qizdek burulib
Oqardi pastda suvlar.

So‘ngra ko‘kni yoritib
Chiqdi soriq bir chechak.
Oqshom ko‘nglin ovutib,
Allalardi sharsharak.

KO’KLAM CHOG’IDA YAPROQLAR

Ko‘kargan yaproqlar og‘ochlar uzra
Jilmayib, quvonib yayrab tururlar;
To‘xtovsiz eskuchi — kuchli shamollar
Bularni ayashib, sekin ururlar.

Og‘ochlar yam-yashil yaproqlar ichra
Ko‘milib, jimgina pusib o‘ltirar:
Ko‘klamning yomg‘uri yoqqach bularga,
Ko‘zlardan oqquchi yoshday miltirar.

Kim bilur, bu yoshlar balkim chindanam
Og‘ochlar ko‘zidan chiqib tomadir:
Ko‘klamning bu erkin mazgillarini
Doimiy emasin yaxshi biladir…

Kuzning u qop-qora, sovuq tuslari
Balkim og‘ochlara yomon ko‘rinar;
«Koshki ko‘rmasaydik!» — deb shu kunlarni,
Boyaqish yaproqlar g‘amdan sarg‘ayar.

Qayg‘urmoq yarashmas, bo‘shdir qayg‘urmoq!
«Ko‘klam bir kelmas», ey go‘zal yaproq!..

TIL

Mungli qushim, sayrab-sayrab kel, anglat,
Kimlar erur Turk tilini sotg‘uchi?
Bulbul kabi sayrab turgan bu tilni
Uyalmayin bu o‘lkadan otguchi?
Bolday totli, jondan aziz turkchani
Tushunmayin, xo‘rlab-xo‘rlab yotg‘uchi?
Mungli qushim, ularni qo‘y, sen sayra!
Turk tilining dong‘in chiqar ko‘klarga!
Qo‘y ularni, ular yo‘ldan ozsinlar,
El ichida bo‘sh bo‘g‘uzlik sotsinlar!

QALBIM

Xayolim qo‘limdan kapalak kabi
Uchqinib yo‘qoldi, bilmadim qayga,
Uni axtararkan, qalbim nazari
Tashlandi yaltirab turuvchi oyga.
Hoy, so‘yla oy! Mening xayolim qayda,
Yo sen o‘g‘irlab olib qo‘ydingmi?
Hoy qalbim, aytgil sen, u qaysi joyda?
Yoki sen ham axtarishdan to‘ydingmi?
Angladim, tushundim, xayolim mening
Shu chiroyli oyning qo‘yniga qochgan.
Balki qalbim senga, ko‘zlaring sening
Uni ko‘ra olgan, oy sirin ochgan.

(Tashriflar: umumiy 310, bugungi 1)

Izoh qoldiring