O’zbek mumtoz she’riyati. Lutfiy

lutfiy

O’zbek mumtoz adabiyotining yirik namoyondalaridan biri Lutfiy 1366/67 yillarda Hirot atrofidagi Dehi Kanor nomli manzilda dunyoga keldi.Maktabda savod chiqargach,o’z davrining mashhur tasavvuf donishmandi Shahobiddin Xiyoboniy qo’lida tahsil oldi.Alisher Navoiyning guvohlik berishicha,Lutfiy faqirona hayot kechirgan.

Shoir o’sha davr an’analariga binoan turkiy-o’zbek va fors-tojik tillarida ijod qilgan.Uning ijodi faqat g’azallar bilan cheklanmay,”Gul va Navro’z”, “Zafarnoma” kabi yirik asarlari ham ma’lum.Afsuski,muarrix Sharafiddin Ali Shomiyning Amir Temur va temuriylar davri tarixiga bag’ishlangan “Zafarnoma” kitobining erkin she’riy tarjimasi bo’lgan Lutfiyning “Zafarnoma”si bizgacha etib kelmagan. Lutfiy o’z ijodida xalq poeziyasidan juda mohirlik foydalana ololgan shoirlardan biridir.
Lutfiy 1462/63 yillarda vafot etgan.

056
MAVLONO LUTFIY
ASARLARIDAN NAMUNALAR
01

G’AZALLAR

* * *

Ko’zung qorasi fitna,vale oqi balodur,
Jonlar oladur,vah, ne balo ko’zi qarodur?

Ko’z ustida jon olg’uvchidur xoliyu qoshi,
Bir-birga bari fitna qotilg’an ne balodur?

Hamdardtur aytay anga holimkim,inong’ay,
Gulshandin o’shul bulbuli miskin,ki judodur.

“Bosh o’ynayinu jon berayin vasl uchun” – ayttim,
Xush-xush kulub aytur mangakim:”Yaxshi bahodur!”

Ko’p qilma aning javridin,ey Lutfiy,shikoyat,
Kim,husn elining shevasi payvasta jafodur.

* * *

Jonim chiqadur dard ila,jononima ayting,
Men xasta gado holini sultonima ayting.

O’rtanmagu ko’z yoshiyu o’lmakturur ishim,
Bu qissani ul sham’i shabistonima ayting.

Qat-qat yuragim bog’ladi qon g’uncha meng’izlik,
Bu dardi dilimni guli xandonima ayting.

Qon yoshim erur yux uza yulduz kabi sonsiz,
Ul ko’zlari cho’lpon,mahi tobonima ayting.

Lutfiyi dilafkor tilar hajr eliding dod,
Ahvolini ul begimau xonima ayting.

* * *

Meni shaydo qiladurg’on bu ko’nguldur,bu ko’ngul,
Xoru rasvo qiladurg’on bu ko’nguldur,bu ko’ngul.

O’qdayin qomatimizni qora qoshlig’lar uchun,
Muttasil yo qiladurg’on bu ko’nguldur,bu ko’ngul.

Meni yozg’urma “sevar” deb,ki mening haddim emas,
Ul tamanno qiladurg’on bu ko’nguldur,bu ko’ngul.

Borma derlar eshiki sori damo-dam,netayin,
Ko’p taqozo qiladurg’on bu ko’nguldur,bu ko’ngul.

Qora mo’yin havasi birla qorong’u kechada,
Jonni savdo qiladurg’on bu ko’nguldur,bu ko’ngul.

Dushmanu do’st orasinda meni g’ofilni mudom
Be saru po qiladurg’on bu ko’nguldur,bu ko’ngul.

O’zgadin ko’rma,ki ko’zung yoshini, ey Lutfiy,
Ayni daryo qiladurg’on bu ko’nguldur,bu ko’ngul.

* * *

Qadu og’zingg’a boqsam, oh derman,
Seni ko’rgan sayin Olloh derman.

Tilar ko’nglim seni olamdau bas,
Bu nisbatin seni dilxoh derman.

Meni haddim emaski,istasa vasl,
“Ko’z uchi birla boq goh-goh” — derman.

Qusuri tab’din derman seni sarv,
Erur ul noravo bir oh derman.

Etagingga kishining ilki etmas,
Seni bu vajh ila men moh derman.

Sening qadding bila nozik yururda,
Erur o’zga nima hamroh derman.

Jamoling Lutfi so’zin qildi rangin,
Sening husnungga “shay’anlilloh” derman.

* * *

Nega jonima jafo qilursan?
Vaqti o’ldi agar vafo qilursan.

Jonim chiqadur firoq o’tindin
Dardimg’a qachon davo qilursan?

Ul zulfni solma yuzung uzra,
Kim yuz bila ming balo qilursan.

Bo’ynungda qonim,ki bizni,ey ko’z,
Xo’blar bilan oshno qilursan.

Jondin ilikingni,Lutfiy, yuvg’il,
Chun ishq bila marhabo qilursan…

* * *

Qon bo’ldi ko’ngul firoqingizdan,
Jon kuydi ham ishtiyoqingizdan.

Dinu dilu aql bo’ldi yag’mo,
Jon olg’uvchi ul qaroqingizdan.

O’qtek bo’yimiz egildi yodek,
Ul fitnalik ikki toqingizdan.

Su bo’ldi jonim,vale damo-dam
O’tqa yoqilur dudoqingizdan.

Oltun kabi chehra bo’ldi sorig’,
Ul sim tikin saqoqingizdan.

Ko’rsam kerak oyu kun bulutsiz,
Sochni ketoring yangoqingizdan.

Bu Lutfiyi xastani so’rungkim,
Bechora o’lar firoqingizdin.

RUBOIYLAR

* * *

Sensizin ayshu sururim qolmadi,
Yig’lamoqtin ko’zda nurim qolmadi.
Ul quyosh yuzungdin ayrulg’on uchun,
Qayg’udin zarra huzurim qolmadi.

* * *

Sayd qildi bizni jayron ko’zlari,
Delva bo’ldi jon eshitib so’zlari.
Yor agar qilsa inoyat ne ajab,
Qulni chun devona qildi o’zlari.

* * *

Bu ne qoshu g’amzayi ayyor erur?
Bu ne shaklu shevau raftor erur?
Sizga osondur agar men bo’lmasam,
Sensizin lekin menga dushvor erur.

TUYUQLAR

* * *

Garchi qurutmas ko’zumning yoshini,
Haq uzun qilsun ul oyning yoshini.
Yig’lama ko’p, bu vujuding ishq o’ti,
Ne qurug’in qo’yg’usi,ne yoshini.

* * *

Necha dedim:”Ul sanamg’a bormag’in!”
Qilmadi ul tark oxir bormag’in.
Munchakim,xudraylig’ ko’rguzdi ul,
Aql hayrat qildi tishlab barmog’in.

* * *

Men sening ishqingdin,ey dil,bandaman,
Vah,qachon eytkayman ul dilbanda man.
Bevafolarg’a meni qilding asir,
Sen menga sultonsan,ey dil,bandaman.

025

(Tashriflar: umumiy 207, bugungi 1)

1 izoh

Izoh qoldiring