O’zbek mumtoz she’riyati. Atoiy

atoyi

ATOIY

(XIV asr oxiri — XV asrning birinchi yarmi) Atoiyning tarjimayi holiga oid to‘liq manba va materiallar
saqlangan emas. Ayrim qisqa ma’lumotlar Alisher Navoiy tomonidan bildirilgan. Jumladan, «Majolis un-nafois» asarida: «Mavlono Atoiy Balxda bo‘lur erdi. Ismoil ota farzandlaridandur,darveshvash va xushxulq, munbasit (oq ko‘ngil) kishi erdi.O‘z zamonida atrok (turkiylar) orasida ko‘p shuhrat tutti», —deyilgan.
Atoiy o‘zbek adabiyoti tarixida alohida mavqega ega bo‘lgan shoirdir. U Lutfiy, Gadoiy, Sakkokiy singari ijodkorlar qatorida o‘zbek adabiyoti, o‘zbek adabiy tili ravnaqi uchun astoydil kurashib, katta mahorat egasi sifatida tanilgan edi.
Shoirning ijodi, ayniqsa, g‘azalchilikda alohida o‘rin tutadi. Atoiy g‘azallari o‘zining sodda va ravonligi, vaznlarining o‘ynoqiligi, tasvirining quymaligi va yuksak badiiyati bilan ajralib turadi. Atoiy g‘azallarining tili sodda, ravon, yengil. «Qon bo‘ldi ko‘ngil…», «Ul sanamkim…», «Ko‘ngil olding…» kabi g‘azallarda inson ko‘nglining nozik nuqtalari, ehtirosli kechinmalari ko‘proq aks etgan. Bularning hammasi Atoiyni o‘zbek adabiyotidagi g‘azal janrining ustozlari darajasiga ko‘targan.Atoiyning sodda, turkona gazallari nafis tasvirlar, dilbar ohanglarga to‘liq, shoir ozi aytganiday:

Gar o‘qur majlisda xonanda Atoiy she’rini,
Zuhra chang qo‘psor, qilur shams-u qamar zavq-u charoh.

G‘AZALLAR

«Jamoling vasfini…»

Jamoling vasfini qildim chamanda,
Qizordi gul uyottin anjumanda.

Tamanno qilg‘ali la’lingni ko‘nglum,
Kishi bilmas anikim, qoldi qanda.

Chu jonimdin aziz jonona sensen,
Kerakmas jon manga sensiz badanda.

Manga ul dunyoda jannat ne hojat,
Eshiking tuprog‘i basdur kafanda.

Solib borma meni, ey Yusufi husn,
Bukun Ya’qubtek bayt ul-hazanda.

Uzun sochingdin uzmasmen ko‘ngulni,
Ayog‘ing qayda bo‘lsa, boshim anda.

Tilar el mansabi oliy, valekin
Atoyi sarvi ozodingg‘a banda.

«Netti, ne bo‘ldi»

Ey orazi shams-u qamarim, netti, ne bo‘ldi?
Vey tishlari dur-u guharim6, netti, ne bo‘ldi?

Ko‘nglum kuyarindin sanga men pand berurmen,
Ey marhami jon-u jigarim, netti, ne bo‘ldi?

Sen bor ekan o‘zga kishiga nazar etsam,
Chiqsun bu mening diydalarim, netti, ne bo‘ldi?

Gah javr ila o‘ltur meni, gah noz ila, sendin
Haqqoki mening yo‘q guzarim, netti, ne bo‘ldi?

Ey lu’bati Shirin, seni Farhod mengizlik,
Olamg‘a yoyildi sevarim, netti, ne bo‘ldi?

Umrumni sening qullug‘ungg‘a sarf qilibmen,
Ey o‘z qulidin bexabarim, netti, ne bo‘ldi?

Bir zarra chuchuk so‘zni Atoiydin ayarsen,
E lablari shahd-u shakarim, netti, ne bo‘ldi?

«Ko‘ngulni olg‘ali…»

Ko‘ngulni olg‘ali zulfung kamandi,
Parishon bo‘ldi g‘amdin band-bandi.

Necha daf’i xumor etmas, ko‘rungkim,
Labi la’lingdadur ma’juni qandi.

Muloyimdur bo‘yung madhin o‘qurda,
Maqomi «Rost» ohanggi balandi,

Manga darmon hamin bas5 buki derlar.
Seningdek marhami jon dardmandi,

Ne nisbat sarv-la qadding bilankim,
Erur ul bog‘bonlarning lavandi.

Angakim, ishq holi bo‘ldi g‘olib,
Asar qilmas nasihatgo‘y pandi,

Atoiy she’rining lutfini bilsa,
«Latofatnoma»din kechgay Xo‘jandiy.

«Qon bo‘ldi ko‘ngul»

Qon bo‘ldi ko‘ngul firoqi birla,
Kuydi jonim ishtiyoqi birla.

Zulfung cheriki jamol mulkin
Oldi ko‘zung ittifoqi birla.

G‘uncha sevunub to‘nig‘a sig‘mas,
O‘xshatmas o‘qung bashoqi birla.

Majlisda chog‘irdin el usursa,
Men jomi jamoli soqi birla.

To‘squ tilamakka haddimiz yo‘q,
Sog‘in bore davr oyoqi birla.

Ishqinda qaro boshim oqardi,
Bir boqmadi ko‘z qaroqi birla.

Ko‘z o‘ynatib uttilar ko‘ngulni,
Ikki qoshi juft-u toqi birla.

Oshiqqa jafo qilding, valekin
Asr-u dag‘i yo‘q, yiroqi birla.

Xo‘blardin Atoiy lutf istar,
Xonlarg‘a ne ish yasoqi birla.

«Ey, begim»

Ey, begim, ushbu yuz degul, shams bila qamarmudur?
Ey, begim, ushbu so‘z degul, shahd bila shakarmudur.

Ko‘z uchidin qiyo-qiyo sheva bila boqishlaring,
Jon tamurin qiyor uchun tig‘mu yo nazarmudur?

Bodi saboki, kelturur jong‘a soching nasimini,
Shahri Saboning elchisi hudhudi xushxabarmudur?

Zulfi muanbaringkim, ul ko‘zdin uchar uzun kecha,
Sarvi sihining6 ustida zog‘-u abiri tarmudur?

Zori-yu nola kam qilay, rost ayt, ey posbon,
Itlaringa bu noladin har kecha dardisarmudur?

La’li labing xayolidin bir guzar aylayin dedim,
Joni azizdin, vale odamig‘a guzarmudur?

So‘rsang Atoiy holidin netti, ey podshohi husn,
Lutf-u karam gadoyig‘a tengri uchun, zararmudur?

«Ul sanamkim»

Ul sanamkim, suv yaqosinda paritek o‘lturur,
G‘oyati nozuklukindin suv bila yutsa bo‘lur.

To magarkim, Salsabil obina javlone qila,
Keldi jannat ravzasindin obi kavsar sori hur.

Ul ilikkim suvdin orig‘tur, yumas oni suda,
Balki suvni pok bo‘lsun deb ilik birla yuyur.

Emdi bildim rost ermish, balki ko‘rdim ko‘z bila,
Ulki derlar, suv qizi goh-goh ko‘zga korinur.

Qoshlaring yosin Atoiy ko‘rgali husn ichra toq,
Subhidam6 mehroblarda surayi Yosin o‘qur.

Labing qonim to‘karga...

Labing qonim to‘karga tashnalabtur,
Dami Iso-yu o‘lturmak ajabtur.

Ko‘tarmak boshni mahbub eshikindin
Muhabbat bobida tarki adabtur.

Meni o‘ltur, vale quvma qoshingdin
Kim, enchu qulni quvmoq besababtur.

Manga vasling qachon yetsun, bilurmen,
Vale oshiq ishi sa’y-u talabtur.

Atoiy qulg‘a bir lutf aylamassen,
Xulagu o‘g‘li, muncha ne g‘azabtur?!

Sipehri husn ichinda

Sipehri husn ichinda moh, sen-sen,
Zamona xo‘blarig‘a shoh, sen-sen.

Tabassum qilsa la’ling jon bag‘ishlar,
Magar Isoyi Ruhulloh, sen-sen.

Agar hur-u pari bo‘lsa kerakmas,
Manga, ey jon, bu kun dilxoh, sen-sen.

Bu oq evda qaro ko‘zlar base bor,
Va lekin fitnayi xirgoh, sen-sen.

Tiriklik hosili, ey yor, dardi,
Gar o‘lsam anda ham hamroh, sen-sen.

Ko‘ngul dardig‘a bir darmon qil emdi,
Chu jonim dardidin ogoh, sen-sen.

Atoiy ul yuzi gul hasratinda,
Tikon bag‘rinda rangi koh, sen-sen.

Seni men ongladim

Seni men ongladim, bevafo emishtuksen,
Ko‘ngulga ofat-u jong‘a balo emishtuksen.

Bu muncha jonlar olib, to‘ymading xaloyiqdin,
Ey husn bobi, ne ko‘zi qaro emushtuksen.

Azalda ne gunah etting ko‘ngilki, xo‘blardin,
Bu muncha mehnat-u g‘amga sazo emishtuksen.

Gahiki, bossa oyog‘in yuzumga, noz ila der:
«Ayog‘im og‘ridi, ne bo‘ryo emishtuksen!»

Yuziga ko‘p tika boqsam, manga kulub aytur:
Atoiy, ne ko‘zi to‘ymas gado emishtuksen!

«Mengiz yo ravzai rizvonmudur bu»

Mengiz yo ravzayi rizvonmudur bu?
Og‘iz yo g‘unchayi xandonmudur bu?

Qaroqchi ko‘zlarin kim ko‘rsa aytur:
«Ajab ayyori Turkistonmudur bu?»

Chiqar har lahza yuz ming sheva birla,
Maloyik xo‘yluq insonmudur bu?

Jahonni tutti Yusufdek jamoli,
Malohat Misrida sultonmudur bu?

Xatikim, safha gul uzra ko‘runur,
G‘ubori xatmu yo rayhonmudur bu?

Mudavvar go‘yi siymin, yo zanahdon?
Muanbar zulf yo chavgonmudur bu?

Atoiyni ko‘rub ko‘yinda aytur:
«Hamul miskini sargardonmudur bu»?

IZOHTALAB SO’ZLAR:

— tamanno – orzu
— la’l – lab
— bayt ul-hazan – g‘am uyi
— sarvi ozod – baland qad
— shams-u qamar – quyosh-oy
— guhar – gavhar
— chuchuk – chuchuk, shirin
— kamand – arqon, ið
— xumor – mastlikning tarqalishi
— ma’jun – turli giyohlardan tayyorlanadigan ichimlik
— hamin bas – shu yetarli
— lavand – dangasa, yalqov
— Xo‘jandiy – XV asrda yashagan o‘zbek shoiri
— firoq – ayriliq
— cherik – lashkar, qo‘shin
— mulk – bu yerda: mamlakat, yurt ma’nosida. Baytning ma’nosi: Zulfing sochingning lashkari ko‘zing bilan ittifoq tuzib, go‘zallik mamlakatini egallab oldi
— o‘q – kiðrik, boshoq — kiðrikning uchi. Baytning ma’nosi: agar sening kiðrigingni uchi bilan birga qo‘shib, g‘unchaga o‘xshatsam, g‘uncha quvonganidan terisiga (to‘niga) sig‘maydi, ya’ni ochiladi
— chog‘ir – may, bo‘za
— usursa – mast bo‘lsa
— jomi jamoli soqiy – soqiy jamolining jomi, ya’ni piri komil yoki ma’shuqa
yuzini ko‘rib, shavqidan mast bo‘laman
— to‘squ – boshqa, ortiqcha
— sog‘in – qadah, sog‘inmoq;o‘ylamoq
— davr – davra ma’nosida va g‘am, falak
— ayoq – qadah, soqiy va oyoq ma’nolarida kelgan
— uttilar – yutdilar, oldilar
— yasoq – nizom, qoida
— degul – emas
— qiyor – qirqish
— Sabo – Sulaymon payg‘ambarning sevgilisi Bilqis yashagan afsonaviy
shahar nomi
— hudhud – sassiqpopishak
— sihi – tik, baland
— zog‘ – qarg‘a
— abir – xushbo‘y modda, anbar
— tar – ho‘l
— dardisar – boshog‘rig‘i
— guzar aylamoq – kechmoq
— sanam – go‘zal
— Salsabil – jannat arig‘i, «Salsabil obina javlone qila» — Salsabil suvida javlon qilib»
— ravza – bog‘
— obi kavsar – kavsar hovuzining suvi
— hur – jannat qizi. Baytning mazmuni: Salsabil arig‘ida nozlanib cho‘milib shu ariq orqali jannat bog‘idan o‘tib, kavsar hovuziga qarab suzib keldi, shekilli
— subhidam – tong
— Yosin – «Qur’onning» 36-surasi
— mengiz – yuz
— ravzayi rizvon – jannat bog‘i
— maloyik xo‘yluq – farishta axloqli
— xat – yuzning tuklari, mo‘ylov
— safha – bet.
— mudavvar – aylana, yumaloq
— go‘yi siymin – kumush koptok
— muanbar – xushbo‘y, anbarli
— chavgon – koptok surib o‘ynaydigan uchi egri tayoqcha, klyushka

(Tashriflar: umumiy 766, bugungi 1)

1 izoh

Izoh qoldiring