Rauf Parfi. Abdulla Qodiriy g’azaliga muxammas (Muallif qo’lyozmasi)


Атоқли шоир Рауф Парфининг беназир адиб Абдулла Қодирий ғазалига ёзган мухаммасининг қўлёзмасини сизга тақдим этмоқдамиз.

Рауф ПАРФИ
АБДУЛЛА ҚОДИРИЙ ҒАЗАЛИГА МУХАММАС
045

O’zbek adabiyotining yirik namoyandalaridan biri Abdulla Qodiriy (Julqunboy) 1894 yil 10 aprelda Toshkent shahrida tug’ildi. Bo’lg’usi adibning ilk ijodi 1913—1914 yillarda boshlangan bo’lib, dastlab u shoir sifatida qalam tebratdi. Uning «Ahvolimiz», «Millatimga», «To’y» (1914-1915) kabi she’rlari «Oina» jaridasida bosilib chiqqan edi. U o’z millatini ma’rifatga chaqiradi, ma’rifatparvar shoir va adib sifatida maydonga chiqadi. «Baxtsiz kuyov» (1915) nomli fojeasi, «Juvonboz» (1915), «Uloqda» (1916) kabi hikoyalarida ham o’z xalqini savodli, bilimli, madaniyatli va ozod ko’rish istagi sezilib turadi.
1924 yili Abdulla Qodiriy Moskvaga borib, Jurnalistlar institutida tahsil oldi. Moskvadan qaytib «Mushtum» jurnalida shtatsiz muxbir bo’lib ishlay boshladi. Uning «Toshpo’lat tajang nima deydi?» va «Kalvak mahzumying xotira daftaridan» turkumidagi satirik hikoyalari ana shu jurnalda ilk bor bosilib bordi.
Abdulla Qodiriy 1917-1918 yillardan boshlab «O’tgan kunlar» romani uchun material yig’ishga kirishdi. 1922 yilda birinchi o’zbek romanining dastlabki boblari «Inqilob» jurnalida chop etila boshlandi. 1925-1926 yillarda «O’tgan kunlar» uch bo’lim holida kitob» bo’lib nashr etildi. 1928 yil yozuvchining ikkinchi tarixiy romani «Mehrobdan chayon» nashrdan chiqdi. 1934 yilga kelib Abdulla Qodiriy qishloq xo’jaligi mavzuiga bag’ishlangan «Obid ketmon» qissasini yaratdi. Undan tashqari u Gogolning «Uylanish», Chexovning «Olchazor» va boshqa g’arb yozuvchilarining satirik hikoyalarini o’zbek tiliga tarjima qildi.
Abdulla Qodiriy 1934 yilda bo’lib o’tgan Moskvadagi Butunittifoq Yozuvchilarining birinchi qurultoyida qatnashadi.
U «Amir Umarxonning kanizi», «Namoz o’g’ri», «Dahshat» kabi romanlar yaratish orzusida bo’lgani ham ma’lum. Ammo bevaqt o’lim orzulari ro’yobga chiqishiga imkon bermadi.
Abdulla Qodiriy 1937 yilning 31 dekabrida qamoqqa olindi. «Menga qo’yilgan ayblarni boshdan oyoq rad etaman. Haqiqat yo’lida hech qanday jazodan, qiynoqdan qo’rqmayman. Agar otmoqchi bo’lsalar, ko’kragimni kerib turaman…» Abdulla Qodiriy 1938 yil 4 oktyabrda Toshkentda otildi. Uning asarlari XX s’ezddan so’ng, 1956 yildan boshlab yangidan nashr etila bordi. 1990 yilda Respublika prezidenti Farmoni bilan Abdulla Qodiriy nomidagi Respublika Davlat mukofoti ta’sis etyldi.

045

muxammas
Image
Image
Kattalashtirish uchun suratni bosing

ABDULLA QODIRIY G’AZALIGA MUXAMMAS

Yil o’tub,yillar o’tub tobora loyg’a botamiz,
Iblisning suprasida vahdat mayini totamiz.
Onamiz balki gumroh,balki so’qirdur otamiz,
Ko’r bizim ahvolimiz,g’aflatda qanday yotamiz,
Joyi kelgan chog’ida vijdonni pulga sotamiz.

Bizga or bo’ldi nahot,yorab,Vatanni kuylamak,
Zoru zoru bu zamin yetti falakni o’ylamak,
Qizimizg’a o’rgatib — ‘suf’ deb jahonni bo’ylamak,
O’g’limizg’a na adab,na fan,na yaxshi so’ylamak,
Na xudoning buyrug’i bo’lg’on ulum o’rgatamiz.

O’ltirur el xonavayron,botqon quyoshga ko’z tikib,
Kulfatu somon yig’ib qolmish yana,bo’ston ekib,
Nechalar narvondadur,nechalar bitmish ko’z tegib,
Hamda har kun takyalarda nasha,ko’knori chekib,
Barchaga kokil solib oh-voh bilan o’ynatamiz.

Ne balomiz biz o’zi,to’rdamiz,ayvondamiz,
Ne kasofat fe’li bu,qurdamiz,tayvandamiz,
Benazir parrandamiz,qo’rdimiz,hayvandamiz,
Qorimiz,boyonmiz,balki vaqt ahvondamiz,
Nogahon ko’rsak agar besar soqovni qotamiz.

Qaydin ey sen takabbur,ko’ksimni mixlab o’yguchi,
Ey yaloqxo’ri balo,ichib qonimni to’yguchi,
Bormikan olam aro ko’ngilg’a malham qo’yguchi,
O’rtadin chiqsa agar millatin yaxshi suyguchi
Biz ani dahriy sanab tafoncha birla otamiz.

Aqrabolar — ko’z ochiq,dunyoi dun foniy biling,
El uchun,Olloh uchun,jonni tiling,tanni tiling,
Kelingiz,ul kun o’tdi,qullik,asirlikni siling,
Kelingiz,yoshlar,ziyolilar, bu kun g’ayrat qiling,
Uxlag’onlarni agar Qodir esak uyg’otamiz.

05

(Tashriflar: umumiy 93, bugungi 1)

Izoh qoldiring