Turkiy adabiyot bo’stoni. Xoja Ahmad Yassaviy

hoja ahmad

AHMAD YASSAVIY
(1166- yilda vafot etgan)

Ahmad Yassaviyning hayoti haqida ma’lumotlar yetarli emas.U Yassi sharida, Turkistonda ruhoniy oilasida tug‘ilgan. Uning otasi Ibrohim Turkistonning taniqli shayxlaridan bo‘lgan. Onasi Qorasoch momo nomi bilan mashhurdir.Ahmadning yoshligi og‘ir kechgan. Otasi juda erta vafot etgan. Ahmad Yassaviy Arslonbobday yirik mutasavvuf olim qo‘lida tarbiyalangan. So‘ng u Buxoroga borib, Yusuf Hamadoniy qo‘lida tahsil oladi. Ahmad Yassaviy tasavvuf ilmini shu qadar yuqori darajada egallaydiki, xalq orasida «Madinada Muhammad,Turkistonda Xoja Ahmad» degan naql paydo bo‘ladi. Ahmad Yassaviy 1166- yilda vafot etgan. Uning shuhrati adib vafotidan keyin ham pasaymagan. Amir Temur unga alohida e’tiqod bilan qaragani ma’lum. U 1395–1397- yillarda Turkistonda Ahmad Yassaviyning eski qabri o‘rnida yangidan muhtasham maqbara qurdirgan. Bu maqbara hozir ham mavjud. «Hikmat»lar Ahmad Yassaviy merosini jamlagan asaridir.Ularda 240 ga yaqin she’r bor. Ular xalq orasida «Devoni hikmat» nomi bilan mashhur bo‘lgan. Hikmatlarga «Qul Xoja Ahmad», «Xoja Ahmad Yassaviy», «Ahmad ibn Ibrohim»,«Sulton Xoja Ahmad Yassaviy», «Yassaviy miskin Ahmad», «Miskin Yassaviy», «Xoja Ahmad», «Ahmad», «Ahmadiy»,«Qul Ahmad», «Miskin Ahmad» kabi taxalluslar qo‘yilgan.
Ahmad Yassaviy mutasavvuf shoir. Bu tasavvuf tariqatiga mansublikni bildiradi. Tasavvufdagi to‘rt asosiy bosqich – shariat,tariqat, ma’rifat, haqiqat mohiyatini she’riy misralariga singdirgan Ahmad Yassaviy shu yo‘nalishda katta shuhrat qozondi. Bu bejiz emas. Adib tasavvufni inson ma’naviyatini yuksaltiruvchi muhim omil sifatida biladi. Bunday maqsad insoniyatni to‘g‘ri yo‘lga da’vat etishdir. To‘g‘ri yo‘l haqiqatni anglashga olib kelmog‘i kerak. Haqiqatni anglash o‘zlikni anglashdir. Bunga erishmoq uchun kishi xudo yo‘liga kirmog‘i, xudoga muhabbat paydo qila bilmog‘i, butun kuch va vujudini shu yo‘lga qarata olmog‘i kerak.
Ahmad Yassaviy she’riyatidagi obrazlar tuzilishi ham tasavvuf ta’limoti bilan, ham og‘zaki ijod an’analari bilan chambarchas bo‘g‘lanib ketgan. Pir, darvesh, oshiq, obid, oqil, zohid, ishq,tolib, ummat, rasul, shayton, iymon kabi obrazlar bevosita tasavvuf bilan bog‘lansa, yo‘l, rabot, karvon, oq kabilar og‘zaki ijod an’analari bilan aloqador holda yuzaga kelgan.

devoni hikmat

HIKMATLAR

Har subhidam nido qildi qulog‘img‘a
Zikr ayt dedi, zikrin aytib yurdim mano.
Ishqsizlarni ko‘rdim ersa yo‘lda qoldi,
Ul sababdin ishq do‘konin qurdim mano.

O‘n birimda rahmat daryo to‘lib-toshdi,
Olloh dedim, shayton mendan yiroq qochdi.
Hoy-u havas, moumanlik turmay ko‘chdi,
O‘n ikkida bu sirlarni ko‘rdim mano.

O‘n uchumda nafs havoni qo‘lga oldim,
Nafs boshig‘a yuz ming balo qamrab soldim.
Takabburni yerg‘a urib bosib oldim
O‘n to‘rtimda tufroqsifat bo‘ldim mano.

O‘n beshimda hur-u g‘ilmon qarshi keldi,
Boshin egib, qo‘l qovshurib ta’zim qildi.
Firdavs otlig‘ jannatidin muxsir qildi,
Diydor uchun barchasini qo‘ydim mano…

Nafsing seni boqib tursang nelar demas,
Zori qilsang Olloh sari bo‘yun sunmas.
Qo‘lg‘a olsang yobon qushdek qo‘lg‘a qo‘nmas,
Qo‘lg‘a olib tun uyqusin qilg‘il bedor.

Nafs yo‘lig‘a kirgan kishi rasvo bo‘lur,
Yo‘ldin ozib, toyib, to‘zib gumroh bo‘lur,
Yotsa, qo‘nsa shayton bila hamroh bo‘lur,
Nafsni tepkil, nafsni tepkil, ey badkirdor.

Nafsing seni oxir damda gado qilg‘ay,
Din uyini g‘orat qilib ado qilg‘ay,
O‘lar vaqtda iymoningdin judo qilg‘ay,
Oqil ersang nafsi baddin bo‘lg‘in bezor.

Fir’avn, Qorun shayton so‘zin mahkam tutti.
Bul sababdin yer yorildi, ani yutdi.
Muso kalim nosih bo‘lib so‘zlar aytti,
Quloq tutmay ul ikkisi bo‘ldi murdor.

Gunohingga tavba qilib yig‘lab yurg‘il,
Ketarman deb yo‘l boshig‘a borib turg‘il.
Ketganlarni ko‘rub sen ham ibrat olg‘il,
Ibrat olsang yotmish yering bo‘lur gulzor.

Mo‘min qullar dard-u holat paydo qildi,
Haq yo‘lida jon-u dilni shaydo qildi,
Dunyo tashlab oxiratni savdo qildi,
Savdo qilsang hur-u g‘ilmon bari tayyor

Qul Xoja Ahmad, nafs ilgidin qilurman dod,
Pir-u mug‘on bo‘lgaymukin anga jallod.
Bexabarlar eshitmaslar dod-u faryod,
Qon yig‘lag‘il, eshitsun ul parvardigor.

◆◆◆

Dunyo mening degonlar, jahon molin olg‘onlar,
Karkas qushdek bo‘lubon, ul haromg‘a botmishlar.
Mullo, mufti bo‘lg‘onlar, yolg‘on da’vo qilg‘onlar,
Oqni qaro qilg‘onlar, ul tomug‘ga kirmishlar.

Qozi, imom bo‘lg‘onlar, nohaq da’vo qilg‘onlar,
Himor yanglig‘ bo‘lubon, yuk ostida qolmishlar.
Harom yegan hakimlar, rishva olib yegonlar,
O‘z barmog‘in tishlabon, qo‘rqub-ko‘rub qolmishlar.

Totlig‘-totlig‘ yegonlar, turlik-turlik kiygonlar,
Oltun taxtda turg‘onlar, tufroq aro yotmishlar.
Mo‘min qullar, sodiqlar, sidqi birla turg‘onlar,
Dunyolig‘in sarf etib, uchmog‘ hurin quchmishlar.

◆◆◆

Beshak biling, bu dunyo, borcha eldin o‘taro,
Inonmag‘il molinga, bir kun qo‘ldin ketaro.
Oto-ono, qarindosh, qayon ketti, fikr qil.
To‘rt  ayog‘lig‘ cho‘bin ot, bir kun sanga yetaro.

Dunyo uchun g‘am yema, Haqdin o‘zgani dema,
Kishi molini yema, sirot uzra tutaro.
Ahli ayol, qarindosh, hech kim bo‘lmaydur yo‘ldosh,
Mardona bo‘l g‘arib bosh, umring yeldek o‘taro.
Qul Xoja Ahmad toat qil, umring bilmom necha yil,
Asling bilsang, ob-u gil, yana gilga ketaro.

Ishq yo‘lida fano bo‘lay haq bir-u bor,
Har ne qilsang, oshiq qilg‘il, parvardigor.

Ishqi tegsa kuydirgusi jon-u tanni,
Ishqi tegsa vayron qilur mov-u manni,
Ishq bo‘lmasa topib bo‘lmas, Mavlim, seni.
Har ne qilsang, oshiq qilg‘il, parvardigor.

Ishq daftari sig‘mas, do‘stlar, dargohig‘a,
Jumla oshiq yig‘lab borg‘ay borgohig‘a.
Yetti do‘zax toqat qilmas bir ohig‘a,
Har ne qilsang, oshiq qilg‘il, parvardigor.

Xos ishqingni ko‘rsat manga shokir  bo‘lay,
Arra qo‘ysa Zikriyodek  zokir bo‘lay,
Ayyub sifat  balosig‘a sobir bo‘lay,
Har ne qilsang, oshiq qilg‘il, parvardigor.

Ishq dardini talab qildim, darmoni yo‘q.
Ishq yo‘lida jon berganni armoni yo‘q,
Bu yo‘llarda jon bermasa, imkoni yo‘q,
Har ne qilsang, oshiq qilg‘il, parvardigor.

Qaydin topay, ishqing tushti, qarorim yo‘q,
Ishq sanosin  tuni-kuni qo‘yorim yo‘q.
Dargohingdin o‘zga yerga bororim yo‘q,
Har ne qilsang, oshiq qilg‘il, parvardigor.

Ishq bozori ulug‘  bozor, savdo harom,
Oshiqlarg‘a sendin o‘zga g‘avg‘o harom,
Ishq yo‘lig‘a kirganlarg‘a dunyo harom,
Har ne qilsang, oshiq qilg‘il, parvardigor.

Oshiqlikni da’vo qilib yurolmadim,
Nafsdin kechib, men amrini qilolmadim.
Nodonlikda Haq amrini bilolmadim,
Har ne qilsang, oshiq qilg‘il, parvardigor.

Qul Xoja Ahmad, ishqdin qattiq balo bo‘lmas,
Marham so‘rma, ishq dardiga davo bo‘lmas,
Ko‘z yoshidin o‘zga hesh kim guvoh bo‘lmas,
Har ne qilsang, oshiq qilg‘il, parvardigor.

Ayo do‘stlar, nodon birla ulfat bo‘lub,
Bag‘rim kuyub, jondin to‘yub o‘ldim mano.
To‘g‘ri aytsam egri yo‘lg‘a bo‘yin to‘lg‘or,
Qonlar yutub, g‘am zahriga to‘ydim mano.

Nodon birla o‘tkon umring nori saqar,
Nodon borsa, do‘zax andin qilg‘oy hazar.
Nodor birla do‘zax sari qilmang safar,
Nodon ichra xazon yanglig‘ so‘ldum mano.

Duo qiling, nodonlarni yuzin ko‘rmay.
Haq taolo rafiq  bo‘lsa, birdam turmay,
Bemor bo‘lsa nodonlarni holin so‘rmay,
Nodonlardin yuz ming xato ko‘rdum mano.

Dod aylasam, haq dodimg‘a yetarmukin?
Ko‘ksumdagi zangorlarim  ketarmukin?
Hamma nodon bu olamdin yitarmukin?
Nodonlardin yuz ming jafo ko‘rdum mano.

Haq vaslini izlab topmay, hayronaman,
Tinmay yig‘lab, ko‘ngli buzuq vayronaman.
Halim so‘rsang, mang tolibi jononaman,
Jonon izlab, fano bo‘lub keldim mano.

Yer ostig‘a qochib kirdim nodonlardin,
Ilkim ochib, duo tilab mardonlardin,
G‘arib jonim yuz tasadduq, donolardin,
Dono topmay, yer ostig‘a kirdim mano.

Nodonlarni mandin so‘rma, ko‘ksum chaqa,
Haqdin qo‘rqib, motam qursam, qular qahqa,
Og‘zi ochuq, nafsi uluk  misli laka,
Nodonlardin qo‘rqub sang‘a keldim mano.

Tama qilma nodonlardin, qadring bilmas,
Zulmat yo‘l ichra adashsang, yo‘lg‘a solmas,
Bo‘ynung qisib, zori qilsang, qo‘ling olmas,
Nodonlardin shikva6 aylab keldim mano.

Avval-oxir xo‘blar  ketti, qoldim yalg‘uz,
Nodonlardin eshitmadim bir yaxshi so‘z.
Dono ketti, nodon qoldi, yedim afsus,
Yo‘lni topmay hayron bo‘lub qoldim mano.

Dog‘i hijron ezdi bag‘rim, qoni dardmand,
Dono — tufroq, nodonlarni ko‘ksi baland,
Oyat — hadis bayon qilsam, etmas pisand,
Ko‘ksum teshsang, dard-u g‘amga to‘ldum mano.

Dard-u holat tug‘yon qildi, bormu tabib,
Arzi holim sango aytay, yalg‘uz habib,
Barcha tolib ulush oldi, man benasib,
Ulush istab, duto  bo‘lub keldim mano,

Xonumoning tark aylabon ulush olg‘il,
Ey bexabar, dunyo ishin orqa solg‘il,
Olloh saxiy, lutfin ko‘rub, hayron qolg‘il,
Ko‘rarman deb, fano bo‘lub keldim mano.

Man daftari soniy aydim, sizga yodgor,
Arvohimdin madad tilab, o‘qung zinhor,
Duo qilay, vosil qilsun parvardigor,
Rahmon egam, arz etgali keldim mano.

Hikmatimdin bahra olg‘on ko‘zga sursun,
Ixlos bilan ko‘zga surtub, diydor ko‘rsun,
Sharti uldur — riyozatg‘a bo‘yun sunsun,
Jonlar chekib, jononani ko‘rdum mano.

Diydor uchun gado bo‘ldum, omin denglar,
Ey toliblar, holim ko‘rub, g‘amim yenglar,
Yo‘lda qolg‘on Qul Ahmadga yo‘l beringlar,
Yo‘lni izlab, gado bo‘lub keldim mano.

Qul Xoja Ahmad, gado bo‘lsang, haqqa bo‘lg‘il,
Boshing birla eranlarg‘a xizmat qilg‘il,
Nazar topsang, halqa qurub, suhbat qilg‘il,
Halqa ichra ogoh bo‘lub turdum mano.

IZOHLAR

Yobon qush – yovvoyi qush
Fir’avn – qadimgi Misr podsholarining umumiy nomi, dunyoga mehr qo‘yib, xudoni esdan chiqargan shoh timsoli
Qorun – behisob boylik jamlagan xasis boy, xasisligidan uni yer yutgan
Muso – yahudiy payg‘ambarlardan biri, xudo bilan so‘zlashgani uchun uni «kalimulloh» ham deb ataydilar.
Shokir – shukr etguvchi
Zikriyo – Zakariyo, payg‘ambarlardan biri, kofirlar zulmidan qochib daraxt ichiga yashiringan, kofirlar daraxt bilan birga uni arralaganlarida ham xudoni tilidan qo‘ymagan
Ayyub – payg‘ambarlardan biri, badanini yara bosib, qurtlagan bo‘lsa-da, chidagan va xudoning inoyati bilan tuzalgan, sabr timsoli
Sano – maqtov
Nori saqar – do‘zax olovi
Rafiq – do‘st, birodar
Zangor – zang, g‘ubor
Yitmoq – bitmoq, yo‘qolmoq
Uluq – ulug‘
Laka – laqqa
Shikva – shikoyat
Xo‘blar – yaxshilar
Habib – suyukli, do‘st, bu yerda: xudo
Duto – bukilgan, egilgan

(Tashriflar: umumiy 9 553, bugungi 1)

2 izoh

Izoh qoldiring