Vadud Mahmud. Fuzuliy Bag’dodiy

02

Fuzuliyning asli Bag‘dodning Kufriy qasabasi jivorida yashayturg‘on turklarning Bot otliq ashiratidan ekani aytiladir. Shu hol va shu mavqeda o‘sgan Fuzuliyning qanday tarzi tafakkurga mansub va qanday ruhda bir shoir bo‘lishini belgilash ko‘b qiyin emas. Otasi ham zamonaning olim — muftiylaridan biri va ustodi Jabibiy zamonining shoirlaridan biri bo‘lg‘oni ma’lumdir. Ustodi ham bir turk shoiridir. Fuzuliyning uning g‘azallariga muxammas bog‘lag‘oni ma’lumdir.

08

Vadud Mahmud
FUZULIY BAG’DODIY

Fuzuliy o‘ninchi asr hijriyda Iroq Arabida yashag‘on bir shoirdir. Bag‘dod tevarakida — Karbaloda, bir rivoyatga qarag‘onda Hullada to‘qquzinchi asri hijriyning oxirlarida tug‘ulmishdir. Oti Muhammaddir. Otasi Sulaymon degan olim bir zotdir. Aslining biri turk, biri fors bo‘lg‘onig‘a doir ikki rivoyat mavjuddir. Faqat o‘zining siyoqi turklik tomonig‘a og‘irlig‘ini ko‘rsatadir.
Fors devonining muqaddimasida shunday deydir: «Gohi ba ash’ori arabiy pardoxtam va fusahoi arabro bafununi tozi filjumla mahzuz soxtam va on bar man oson bud, ziro zaboni mubohisi ilmiy man bud va gohi dar maydoni turkiy samandi tabiat davondam va zarifoni turkro bilatoyifi guftori turkiyi tamattu rasondam, on niz tashvisham nadod, chun ba saliqai asliy man muvofiq aftod. Gohi barishtai iborati forsi guhar kashidam va az on shoxsor mevai komi gul chidam (Ba’zan arabiy she’rlarga qo‘l urdim va arab fusaholarini ajamlarga tanishtirdim. Bu menga oson edi. Zero, bu mening ilmiy tilim edi. Goho turkiy maydonda tab’im otini yeldirdim va turk zariflarini (tilni nozik sezuvchilar, tushunuvchilarini) turkiygo‘ylik latoyiflari bilan (tamatgu) qoyil qildim. Bu ham menga tashvish keltirmadi. Zero, mening aslimga muvofiq tushdi. Goho forsiy ibratlar ipiga gavhar terdim va shoxidan ko‘nglim tilagi mevasini terdim)».
Turkchaning asli sateqasiga to‘g‘ri kelganini aytadirkim, ona tilining turkcha ekanini bildiradir. Forscha haqida «az on shoxsor mevai komi gul chidam» — ul buyuk shoxdan ko‘ngil tilagi mevasini terdim deydirki, fors tilining nozukligi va dilbarlikiga ishorat qiladir va o‘zining undan zavq olg‘onini bildirmak istaydir.
Asri ikki buyuk islom davlatining chorishmasi va ikki islom mazhabining — shia va sunniyning bir-biroviga hujumining eng keskin davridir. Islom ulamo va fuzalosi ikki jabhaga bo‘lingan, ikki tarz tafakkur vositasi-la ikki tarz siyosatga olat bo‘lg‘on, bu ikki davlat tevarakig‘a yig‘ilg‘onlar olim bo‘lsalar bir-birovlariga ilmiy hujumlarda, shoir bo‘lsalar hajviyalar bilan munozaada edilar.
O’rta asr islom madaniyati davridan ikki yuz yilcha keyin u madaniyatning yuksalgan shoxqa (eng baland tog‘ tepasi)larining kulagalari holo davom etgan bir davr edi. 5 va 6-nchi asri hijriy islom ilmining ikkinchi martaba qo‘zg‘olg‘on va yangi ruh, yangi jon bilan maydong‘a otilg‘on asri edi. Eng buyuk islom hakim va olimlarining har jihatdan yagonalik tug‘ini ko‘targan vaqtlari shu asrga to‘g‘ri keladir.
Bir yoqdan arabning Maarriy kabi shoirlari asarlarining eng tarqalg‘on vaqti, ikkinchi jihatdan fors she’rining eng yoruq, yuzining nihoyat xafif, ikki asrlik bir parda bilan o‘ratulgan bo‘lsa ham hali bahorning xazondan uzoq bo‘lg‘on chog‘i; uchunchi va eng muhimi turk yozma adabiyotining Sharqda Navoiy, Lutfiy, G’arbda Ahmad va Oshiq Posholar davriga voris bo‘lg‘on turkda Fuzuliy, forsda muhtasham Koshiy asri edi.
Fuzuliyning tug‘ilg‘on joyi Iroq uch buyuk: arab, fors, turk til va adabiyotining uchrashqon maydoni edi.
Bag‘dod islom markazi bo‘lish e’tibori bilan Abbos xalifalari zamonidan beri arab, fors, turkning umumiy mushtarak markazi holiga kirgan edi.
Fuzuliyning asli Bag‘dodning Kufriy qasabasi jivorida yashayturg‘on turklarning Bot otliq ashiratidan ekani aytiladir. Shu hol va shu mavqeda o‘sgan Fuzuliyning qanday tarzi tafakkurga mansub va qanday ruhda bir shoir bo‘lishini belgilash ko‘b qiyin emas. Otasi ham zamonaning olim — muftiylaridan biri va ustodi Jabibiy zamonining shoirlaridan biri bo‘lg‘oni ma’lumdir. Ustodi ham bir turk shoiridir. Fuzuliyning uning g‘azallariga muxammas bog‘lag‘oni ma’lumdir.
Bu uning taxmislaridandir:

To junun raxtin kiyub dutdim fano mulkin vatan,
Ahli tajridim qabul etmam qabou pirahan,
Har qabou pirahan kiysam misoli g‘unchaban,
«Gar saning-chun qilmasam chok, ey buti nozuk badan»,
«Go‘rim o‘lsun ul qabo, egnimda pirahan kafan».

Shu taxmisda ham ko‘rilgani kabi, Fuzuliy tasavvuf ruhi bilan anchagina sug‘orilg‘on bir shaxsiyatdir. Bu tabiiydir. Chunki undan ilgari kelgan fikriy jarayon din edi. Va uning javhari bo‘lg‘on islomiy tasavvuf uning ruhi edi.
Forsdan o‘qug‘on shoirlari va eng yaxshi ko‘rganlari dostonchi bo‘lish e’tibori ila Nizomiy, g‘azalsaro bo‘lish e’tibori-la Hofiz bo‘lishi tabiiy edi. Nizomiyni «Xamsa»sida ustod deb xitob qiladir:

Billohki, na xush deyub Nizomiy,
Bu bobda xatm edub kalomi.
Asbobi suxan nishotu noz ast,
Zin har du suxan bahonasoz ast.
Maydoni suxan firox boyad,
To tab’ dar o‘ hunar namoyad.
Dar garmiyi regu saxtiyi kuh,
To chand suxan ravad baanduh.
Bir ishki qilur shikoyat ustod,
Shogirda o‘lur rujui bedod.

Forsiyning eng buyuk g‘azal shoiri Hofizdir. Fuzuliyning tabiati bu ikki shoirdan mutaassir bo‘lgondir va bularning maslaki bo‘lgon tasavvufni shu e’tibor ila o‘zlashtirgandir.
Tasavvufda Fuzuliyning ancha rusuxi bor. Bu to‘gridagi ma’lumotini tafsir va hadis o‘qush bilan ortdirdi. Buning ustiga u zotan dardli va oshiq bir yurak sohibi bo‘lg‘onidan, bu ishqning ruhi unga uyg‘un keldi. Va ilmning quruqligi unga hech narsa bermadi, barcha mutasavvuflar bilan birga madrasaga qarshi shu so‘zlarni yozdi:

Ilm kasbi-la poyai rif’at,
Orzuyi mahol emish onjoq,
Ishq emish har na vorsa olamda,
Ilm bir qiylu qol emish onjoq.

Va tasavvufning eng so‘ngi bo‘lg‘on fano martabasi uning suygani edi.

Eyki, ahli ishqa so‘ylarsan malomat tarkin et,
So‘ylakim, mumkinmidir tag‘yiri taqdiri Xudo?!
Ishq kilki chekdi xati harf vujudi oshiqa,
Kim o‘la sobit haq isbotinda nafyi moado.
Ey Fuzuliy, intihosiz zavq bo‘lding ishqdan,
Bo‘yladir har ishq Haq odi-la qilsang ibtido.

Fuzuliyning dindorlig‘i va shar’ yo‘li bilan borish tamannosi va bundan maqsad «rizoyi Xudo» ekanini shu g‘azal ochiq ko‘rsatadir:

Yo Rab, hamisha lutfingi qil rahnamo bango,
 Gustarma ul tariyqki, yetmas sango, bango.
Qat’ ayla oshnolig‘im undanki, g‘ayrdir,
Onjoq o‘z oshnolaring et oshno bango.
Bir yerda sobit et qadami e’tiborimi
Kim rahbari shariat o‘la muqtado bango.
Ban bilmazam bango kerakin, san hakimsan,
Man’ ayla, verma har na kerakmaz sango bango.
Uldir bango murodki, uldir sango murod,
Hoshoki sandin o‘zga avvalo muddao bango.
Hibsi havoda qo‘yma Fuzuliysifat asir,
Yo Rab, hidoyat ayla tariqi fano bango.

Yaratilish to‘g‘risida fikri mutasavvuflarning vahdatlaridan boshqa narsa emas edi:

Haqqoki, hamin vujud birdir,
Bir zota vujud munhasirdir.
Aksidir oning vujudi ag‘yor,
Ma’nida yo‘q e’tibor ila vor,

der edi. Va o‘zini yetishtirgan asarlarining mayuumai fikrnyasiga mansubligin ko‘rsatar edi.
Fuzuliy din, tasavvufdan boshqa ilmlar bilan ham shug‘ullandi, hikmatga, tibga keng bir yo‘sunda voqif edi. Tibga oid «Chor unsur» otli bir asari bordir. Arabcha yaxshi bilar edi. Qasidalari arablar orasida taqdirlar ila o‘qulur edi. Forsiyda ham bir devoni, bir necha qasida va masnaviyoti bordir. Faqat bular turkchasi qadar samimiy, san’atkorona va go‘zal emasdir. Buda Fuzuliyning aslan turkligiga kuchli bir dalil bo‘la olur.
Fuzuliy turk she’rida, forsiyda Hofiz qadar lirik-rubobiydir. Turkda Fuzuliy kabi dardli va o‘tli bir shoir yo‘qdir. Fors va turkda dostonchililardan ikki kishi bordir — Nizomiy va Fuzuliy. Nizomiy haqiqatan nozik, zarif, san’atkor va olim bir shoirdir. Fuzuliy uiing shogirdidir, faqat bu ko‘b dardli, o‘tli bir oshiqdir.
Fuzuliy o‘zining e’tiroficha, avvalda qasida aytishga rag‘bat etgan, so‘ngra doston va g‘azalchilikka kirishgan va shu ikkoviga haqiqatan muvaffaq bo‘lg‘ondir. «Mister Gip»lar qadar jasorat sohibi bo‘lolmasaq ham, fors va turk dostonchilik olamida Nizomiydan so‘ng birinchi o‘riini Fuzuliyga berishdan tortinmaymiz. Fuzuliy bu o‘ringa haqiqatan loyiqdir. «Mister Gip»ning:
«Sharqning sharq bo‘lg‘onidan beri yetishdirgan shoirlari orasida eng samimiy va eng hassosi Fuzuliydir» (Ozarboyjon adabiyot jamiyati tomonidan chiqorilg‘on «Fuzuliy» majmuasi; Bakir Cho‘bonzoda maqolasi, sahifa 97), degan hukmini bir oz mubolag‘ali hisob qilamiz. Fuzuliyga Nizomiydan keyin birinchi o‘rin berish eng muvofiq va eng sharafli bir o‘rin berishdir. Chunki Nizomiyga ergashib bu kungacha yuzlarcha shoir doston aytgandir, lekin bulardan yolg‘iz Fuzuliy muvaffaqbo‘la olg‘ondirkim, buning oson bo‘lmag‘oni shundan ham ma’lumdir.
Shoirlig‘ini ko‘rsatmak uchun bir g‘azali va «Layli-Majnun»dan bir parcha taqdim qilamiz:

Manimtak hech kim zoru parishon o‘lmasun, yo Rab,
Asiri dardi ishqu dog‘i hijron o‘lmasun, yo Rab.
Damodam javrlardur chekdikim berahm butlardan,
Bu kofirlar asiri bir musulmon o‘lmasun, yo Rab.
Ko‘rub andeshai qatlimda ul mohi budir dardim—
Ki, ul andishadin ul mah pushaymon o‘lmasun, yo Rab.
Chiqarmoq istasa tandin chekub paykonin ul sarving,
Chiqon o‘lsun dili majrahu paykon o‘lmasun, yo Rab.
Jafou javr ila mo‘‘tadim unlarsiz no‘lur holim,
Jafosina haddu javrina poyon o‘lmasun, yo Rab.
Demankim, adli yo‘q yo zulmi cho‘q, har hol ila o‘lsa,
Ko‘ngil taxtina undan o‘zga sulton o‘lmasun, yo Rab.
Fuzuliy bo‘ldi ganji ofiyat mayxona kunjinda,
Muborak mulkdir ul, mulki vayron o‘lmasun, yo Rab.

* * *

Falak ayirdi bani javr ila jononimdan,
Hazar etmazmi ajab, nolau afg‘onimdan.
O’da yondirsam agar shu’la ila naflarni,
Na batar otashi ohi dili so‘zonimdan.
G’ami pinhon bani o‘ldirdi, bu ham bir g‘amkim,
Gulruhim o‘lmadi ogah g‘ami pinhonimdan.
Oh edi hamnafasim, ohki ul ham oxir
Chiqdi igroh qilub kulbai ahzonimdan.
Ban na hojatki qilam dog‘i nihonim sharhin,
Oqibat zohir o‘lur choki giribonimdan.
Haq bilur, yor dagil jonu dilimdan g‘oib,
No‘la gar g‘oyib esa diydai giryonimdan.
Jon agar chiqsa tanimdin asari mehr ila,
Asari mehrini sonmongki, chiqar jonimdan.
Lutf edubsan magar, ey bod, bukundan bo‘yla,
Verasan bir xabar ul sarvi xiromonimdan.
Ey Fuzuliy, g‘ami hajr ila parishondir hol,
Kimsa ogoh dagil holi parishonimdan.

Masnaviysidan parcha:

Soqiy, karam ayla, jom gezdir,
Durma, qadahi mudom gezdir.
Davrona cho‘q e’tibor qilma,
Gezdir qadahi, qaror qilma.
To‘k olub ala kumush sarohi,
Zar sog‘ara ruhbaxsh rohi.
Sarf ayla rioyatimda altof,
Tanholig‘imi go‘r, ayla insof.
Shug‘lim bu bisot ichra cho‘qdir,
Sandin o‘zga madadchi yo‘qdir.
Hamdamligim ila or qilma,
Bandan nafrat shior qilma,
Gar bilmaz esangki, ban na zotam,
Na zulmati chashmai hayotam.
Fayzi hunarim sharobidan so‘r,
So‘zi jigarim kabobidan so‘r.
Tutsang alini bani faqiring,
Haq o‘la hamisha dastgiring.
Man shoiri Musoviy kalomam,
Sohirlara mo‘jazi tamomam.
Ban sohiri Bobliyi najodam,
Horuna bu ishda ustodam.
So‘z darkina sarf edub farosat,
Amlokina bo‘lmisham rayosat.
Gah tarza qasida aylaram soz,
Shahbozim o‘lur balandparvoz.
Gah da’ba g‘azal o‘lur shiorim,
Ul da’ba ravon verar qarorim.
Gah masnaviya o‘lub havasnok,
Ul bahrdan istadim duri nok.
Har dildaki vor axdi rozim,
Majmui fununa ishqbozam.
Purkorgaram hazor pesha,
Jonlar chekub istaram hamesha.
Do‘konim o‘la rivoji bozor,
Har istadigin bo‘la xaridor.
Soqiy, na edi bu jomi kulgun
Kim ayladi holimi digargun.
Sarmast o‘lubam so‘zim habodir,
Har lofki aylaram xatodir.
Ta’siri solib dimog‘a tashvir,
Tashviri mizojim etdi tag‘yir.
Man qandanu lofi lutfi guftor,
Kim, so‘z demaga o‘lam sazovor.
O’lsaydi banam so‘zimda bir hol,
Albatta o‘lurdim ahli iqbol.
Soqiy, tut alimki, xasta holam,
G’am rahguzarinda poymolam.
Sansan mani mubtaloya g‘amxor,
Sandan o‘zga daxi kimim vor?!
Mushgul isha dushmisham, madad qil,
May harzi ila balomi rad qil.
Hal aylaya go‘r bu mushkiloti —
Kim, etma qulingdan iltifoti.

Asarlari

Ilmi kalomga oid «Matla’ ul-e’tiqod», «Hadisi arbaiyn» tarjimasi, arabiy, forsiy va turkiy uch devoni. «Haqiqat us-suado», «Bang va Boda» (Ismoil Hikmat «Bang va Boda»ni 14 yasharliqda yozilg‘on deydirki (Ozarboyjon adabiyot jamiyati tomonidan chiqarilg‘on «Fuzuliy», Ismoil Hikmat maqolasi), bunga dalil o‘laroq Shoh Ismoilga taqdim qilg‘onlig‘ini va uning esa 914 da Bag‘dodni fath etganini ko‘rsatadir. Lokin bu dalil bo‘la olmaydir. Shoh Ismoilga taqdim qilmoq bilan 14 yasharliqda yozilish lozim kelmaydir. Avvalo, Shoh Ismoil 914 dan 940 gacha Bag‘dodda turgondir. Ikkinchidan, «Bang va Boda»nikg mundarijasi va uslubi 14 yashar bir bola kuchidan ko‘b yuqori turadir. Bizcha, uning yozilishi 914 bilan 940 orasidadir), «Layli va Majnun», «Chor unsur» (Sihhat va maraz risolasi), «Layli-Majnun» yozilish tarixi 942 hijriydirki, agar tavalludi 900 bo‘lsa, uni 42 yoshligida yozg‘on bo‘ladir.

Fuzuliyning Turkistonga ta’siri

G’arb turkchasining eng buyuk ustodi Fuzuliy Turkistonning chig‘atoy shoirlari ustiga ham kuchli ta’sir ijro qilg‘ondir.
Fuzuliy maktablarimizda buguncha o‘qulaturg‘on ma’ruf kitoblardan biridir. Fuzuliyning Turkistonda tarqalishidan so‘ng bizda g‘arb turkchasining ta’siri kuchaydi va ikki lahja bilan yozatirg‘on shoirlar ko‘runa boshladi. Hatto aytish mumkinki, Fuzuliy bilan birga bizda ikkinchi bir lahja ham tug‘di. Chunki chig‘atoy tili soyasida yashab turub ham xolis «g‘arb turkchasi» bilan devonlar to‘ldurg‘on shoirlar kam emasdir. Hatto ilova qilish mumkinki, xolis chig‘atoycha yozg‘on hech bir shoir yo‘qki, Fuzuliy yo‘lida ham ba’zi parchalar yozmag‘on yoki unga tatabbu qilmag‘on bo‘lsun.
Namuna uchun Fuzuliyga tatabbu qilg‘on shoirlardan ba’zilarining she’rlaridan ko‘rsatamiz:
Umarxonning Fuzuliyga ko‘b muxammaslari bordir:

Balo dashtida g‘am tog‘i meningdek zor o‘landan so‘r,
Muhabbat ramzini Majnun kibi afgor o‘landan so‘r.
Mazoqi la’li nobin ishq aro xummor o‘landan so‘r,
Shifoyi vasli qadrin hajr ila bemor o‘landan so‘r,
Zuloli zavq shavqin tashnai didor o‘landan so‘r.

Bu yo‘lda yozilmish bir musaddasdir:

Go‘zimda ashki gulgun qon kabi choki jigardandir,
Bu mehnat donasi naxli dili kulfat samardandir.
Azal sarmoyasindin, hosilim sudu zarardandir,
Dagil bu shomi kulfat toli’i zulmat asarindandir,
Na sandandir, na bandandir, na charxi kinavardandir,
Bu dardisar xummori nash’ai jomi qadardandir.

Muhsinning bu g‘azali ham shu yo‘lda yozilg‘onlardandir:

Kuyub o‘ldug‘im bani sham’tak o‘shal oftob jamoladir,
Na qamar, na mehru na sarvgul, na suman, na badr, hiloladir,
Bani sho‘ri ishqi jununosar hama g‘amdin ayladi bexabar,
Na xayol moyili karrufar, na fasis johi jaloladir.

Bu Xotifning taxmisidir:

Verdi Xotif oh urib boda aloyiq xirmanin,
Sarvdek oromgoh etdi tajarrud gulshanin,
Pora aylab, bo‘ynida ozodalik pirohanin,
Bir-bir ofoq ilgidin chekmish taalluq domanin,
To Fuzuliy xastaya vasling tammanodir saning.

Bu Rizoyining bir g‘azalidir:

Qaro zulfing kibi yo‘qdir qarorim, yo Rasululloh,
Parishondir banim har lahza korim, yo Rasululloh.
Rahi ishqingda orom aylamazdim bir qadam, billoh,
Dagil alda zimomi ixtiyorim, yo Rasululloh.

Bulardan boshqa Fuzuliy tili ila she’r aytgan shoirlar ham ko‘pdir. Bularning eng mashhuri Umarxonning o‘g‘li Muhammad Alixondirkim, she’rlarini Fuzuliynikidan ayirish qiyindir:

Ohkim, do‘kdi falak qonimni mujgonimdan,
Qilmadi bok damodam do‘kuvni qonimdan.
Mavji to‘fon balo boshima do‘ndirdi falak,
To judo etdi hazin jonimi jononimdan.
Ko‘nglimi seli balo birla xarob etdi sipehr,
Bo‘lur obod g‘ubor dili vayronimdan.
Kechalar g‘uncha kabi ko‘nglumy qon yig‘ladug‘i,
Subhlar zohir o‘lur choki giribonimdan.
Ohkim, hajr tuni qochti dilim hasratidan,
Soya ham ko‘chdi firoqing kechasi yonimdan.
Ey ko‘ngil, sonmaki zoyil o‘la oshuftalig‘im,
Jam qil xotiringi holi parishonimdan.
Subhlar didai giryonima rahm ayla, sabo,
Bir xabar ver bango ul g‘unchai xandonimdan.
Xon kibi mohvashim sham’i ruxin yod edaram,
Yonajakdir falak ohi dili so‘zonimdan.

Fano ham turkchada Fuzuliy yo‘lida she’r aytkanlardandir.
So‘ng davrda bu yo‘lda aytkanlardan muosirimiz Ajziydirkim, bir devonchasi va birda «Mir’oti ibrat» otli masnaviyoti bordur. Uning bir muxammasini ko‘raylik:

1

Yo Rab, eshit bu xasta dilimning navosini,
Kim sandin o‘zga chora edar muddoasini,
Toki chekayim zamonayi bor jafosini,
Har dam otar nishonima tiri balosini,
Maydoni jahla surdi nifoq ajdahosini.

2

Subhi qiyomat o‘ldi, biz uyqudayiz hanuz,
Go‘z ochdi har jamoa biz osudayiz hanuz,
Xabtu nuhus nakbata oludayiz hanuz,
Ag‘yor zeri poyina farsudayiz hanuz,
Kim soddi bizni bu yera topsin jazosini.

3

Millat evini yihdi falokat edib xarob,
Mavjin talotum etdi bugun bahri inqilob,
Bizdan arusi aql yuzina chekub niqob,
Yo Rab, qachon duchorimiz o‘lg‘ay rahi savob,
Daf et, ilohiy, rohi xato rahnomasini.

Fuzuliy tilining bukunkisi, ya’ni usmonlicha ila shoirimiz Cho‘lpon ham ba’zan chiroylik parchalar yozadir. Bu odam eski shoirlarimiz kabi Fuzuliy ta’siri bilan emas, bukunki Turkiya adabiyoti ta’siri ostida «g‘arb turkchasi» bilan yozadir. Bu parchasi u yo‘lda yozilg‘onlardandir:

Ilk avval go‘zimi ishq ila ochdim,
Ishqning maydonina qonimi sochdim,
Ishqsiz o‘lkalardan u onda qochdim,
Na zamon bog‘ladim zunnori ishqi.
Jannat banim ichun quru sahrodir,
Ishqing sahrosikim, bango ma’vodir.
Aksini san bango na qadar qondir,
Qonmam chunki, bo‘ldim gulzori ishqi.
So‘ylarkan dillarim na yomon so‘zlar?!
Yozarkan qalamim na hazin og‘lar?!
Soda dil bunlardan na ma’ni onglar?
Bilmaz kuj o‘ldug‘in izhori ishqi!

Eng so‘ngida shuni aytishga to‘g‘ri keladirki, g‘arb turkchasi ham bizga yot kelmaydir. Fuzuliy uni o‘zimizniki qilib yuborg‘ondir. Fuzuliy bizda Navoiydan ko‘b o‘qulmasa, Navoiydan kam ham o‘qulmaydir.
Navoiy asrida chig‘atoycha g‘arb turklari ustiga ko‘b ta’sir qoldirg‘on edi. Ahmad va Oshiq Posholar va hatto Fuzuliyga ham Navoiyning ta’siri kuchlidir. Faqat Fuzuliydan so‘ng g‘arb turkchasi sharq turkchasiga ta’sirini kuchaytirdi va bukun usmonli lahjasining takomuli bilan bu ta’sir yana ko‘paydi va bu hol bundan buyon ham davom etsa va kun sayin kuchaysa kerak. Chunki Turkiya tili asri madaniy til holiga kirgandir va biz hozir ham undan mutaassirmiz va istiqbolda bizning madaniy harakatimiz kuchaygan sari g‘arb turkchasi bilan robitamiz kuchayadir.

__________
Adabiyotshunosning «Fuzuliy Bag‘dodiy (Yubiley munosabati-la)» nomli maqolasi «Maorif va o‘qitg‘uvchi» jurnalining 1925 yil 4-sonida V.M. imzosi bilan bosilib chiqqan.

vadud mahmud

Vadud Mahmud haqida

O‘tgan asr o‘zbek adabiy va teatr tanqidchiligida sezilarli iz qoldirgan siymolardan biri samarqandlik shoir va munaqqid, tojik tili grammatikasi muallifi Vadud Mahmuddir(1898-1976). U o‘z davrida sho‘ro mafkurachilari va komfirqa tomonidan keskin ta’qib qilindi, madaniyatchilar qurultoyida Cho‘lpon, Fitrat, Elbek va boshqalar qatori ma’naviy kaltaklandi, quvildi.

Vadud Mahmud o‘zbek adabiyotiga ko‘pgina zamondosh va tengdoshlari qatori madrasa ilmi bilan kirib keldi. Uning badiiy-estetik qarashlari xususiy mutolaasining kuchliligi tufayli o‘ziga xos tarzda shakllangan edi. Keyinchalik turk hamda rus adabiyoti va adabiyotshunosligi bilan kengroq tanishuvi natijasida dunyoqarashi yanada kengaydi. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Mardonqul Shomuhamedov yangi ijtimoiy hayot bilan tanishtirgan bo‘lsalar, Fitrat uni ma’rifat, madaniyat va adabiyotning mutlaqo yangi olamiga olib kirdi…
Vadud Mahmud Samarqand viloyati Yuqori Darg‘om tumanining Toyloq qishlog‘ida Mahmud Pirmuhamedov va Anvara Pirmuhamedova oilasida tug‘ilgan. Yetti yoshida otadan yetim qolgach, onasining Rajabamin qishlog‘idagi hovlisiga ko‘chib boradilar. O‘z so‘ziga qaraganda, ularning 12 tanob yeri, bir sigir va ikki bosh qo‘yi hamda bog‘i bo‘lib, singlisi Sabohat, jiyani Munira va Hamid uning qaramog‘ida yashaganlar. U Rajabamindagi muallim Abduqodir Shakuriyning maktabida, uning rafiqasi Roziya otin va shaxsan Shakuriyning o‘zidan ta’lim oladi. 1912-1913 yillari ustozi Shakuriy Istanbulga borib, maktab ishlari bilan tanishib qaytadi. Ustozi Turkiyadan keltirgan adabiyotlarni o‘qib, turk nasr va nazmidagi yangiliklar bilan oshno bo‘ladi. «Shakuriy turk-tatar mafkurasini juda hurmat qilib, ularning mafkurasi ta’sirida edi. Ularning fanini ilg‘or hisoblar edi», deydi V.Mahmud. U qozi Haydarbek Abusaidovdan ham saboq oladi. Chamasi, 1915-1916 yillari Shahrisabzda o‘qituvchilik qilayotgan Fitrat Shakuriy bilan fikrlashgani keladi va yosh Vadud bilan tanishadi. Buxoro va Samarqand yoshlari orasida ancha mashhur bo‘lgan Abdurauf Fitrat va muallim Ismoil Sadriy bilan birodar tutinishi natijasida ulardan shoir Muhammadaminbek Yurdaqul she’rlari va ismi noma’lum adibning «Buyuk Turon» romanini olib o‘qib chiqadi. «Biz Muhammadaminbek she’rlarini qo‘shiq qilib aytar edik», deydi Vadud Mahmud ko‘rsatmalaridan birida. Shu davrda Abduqodir Karimov, Akobir Shomansurov kabi ma’rifat fidoyilari bilan do‘stlashadi. Bu ijtimoiy-adabiy muhit Vadud Mahmudning tafakkuriga ta’sir ko‘rsatmay qolmadi. 1917 yil kuz faslida Fitrat bir necha Samarqand va Buxoro yoshlari qatori uni Ufaga olib borib, Madrasai Oliyaga joylashtiradi. O‘zi ham o‘sha yerda 20-30 kun turib, ishni pishitib qaytadi. Mahmudiy 1918 yil bahor faslida tahsilni tugatib, maxsus hujjat bilan Toshkent­ga keladi, so‘ng Samarqandga qaytadi. Yoz oyigacha pedagogika kursida o‘qiydi. 1919-1925 yillari o‘qituvchilik qiladi. Ammo bu orada Buxnerning «Modda va quvvat» asari bilan tanishadi hamda ashaddiy materialistga aylanadi. 1919-1921 yillari komfirqaga kiradi va Samarqand shahar maorif bo‘limiga mudir etib tayinlanadi. Taxminan, 1922 yili Jizzax shahar maorif bo‘limi mudiri vazifasiga o‘tkaziladi. 1923 yili Toshkentga kelib, O‘rta Osiyo davlat universitetining iqtisod fakultetida o‘qiydi. Oradan ko‘p o‘tmay Samarqand pedagogika institutiga mudir bo‘ladi, ammo kimlargadir fe’li yoqmay qolgani uchun yana Samarqand maorif boshqarmasiga mudir etib o‘tkaziladi.

Vadud Mahmud 1930 yil 18 avgustda bergan ko‘rsatmasida shunday deydi: «Ta’kidlashim kerakki, inqilob vaqtida mening mafkuram bir necha marta o‘zgardi. Bolalik va o‘smirlik paytimda diniy ruhda tarbiyalandim. 1917 yili «Modda va quvvat» bilan tanishib, din bilan aloqamni uzdim… Asta-sekin o‘zim sezmagan holda Qur’on o‘qish bilan shug‘ullanib, ayrim sura-oyatlarning qiroati vaqtida yig‘laydigan bo‘ldim, shunday qilib, boshimda sallayu, yana dindor odam bo‘lib qoldim».

Abdurauf Fitrat 1919-1920 yillari Toshkentda yashagani, «Chig‘atoy gurungi» uyushmasini rasmiy tashkil etib, «Tong» jurnalini nashr ettirgani ko‘pchilikka ma’lum. Ana shu paytda u Vadud Mahmudni Cho‘lpon, Elbek, Botu bilan tanishtiradi. Ular chin do‘st, ayniqsa, Cho‘lpon bilan ijodiy masalada o‘zaro maslahatlashadigan maslakdoshlarga aylanadilar. (U Samarqandga qaytgach, «Chig‘atoy gurungi»ning bo‘lagini tashkil etadi.) Vadud Mahmud Toshkentdalik kezlari Fitrat va Cho‘lpon yordamida Munavvar qori Abdurashidxonov, Obidjon Mahmudov, Nabi Rasulov, Tolibjon Musaboev, Salimxon Tillaxonov, Laziz Azizzoda, Husaynxon Niyoziy, Saidalixo‘ja Usmonxo‘jaev, Eshonxo‘ja Xoniy, Shohid Eson, Tangriqul Maqsudiy kabi vatanparvar ziyolilar bilan tanishadi. Buxoro inqilobidan so‘ng Fitrat taklifi bilan Buxoroga borib, maorif sohasida faoliyat olib boradi. Buxorodan yana Samarqandga qaytib, maorif bosh­qarmasida ishlashni davom ettiradi. Ammo allakimlarningdir ta’siri bilan 1923 yili vazifasidan nohaq chetlashtiriladi. Bu haqda Abdulhamid Sulaymon-Cho‘lpon «Turkiston» gazetasida norozilik bildiradi. U shu yili firqadan o‘z ixtiyori bilan chiqadi. 1925 yili Moskvaga borib, Adabiyot va san’at institutiga o‘qishga kiradi. 1930 yil 22 avgust ko‘rsatmalarida xotirlashicha, Moskvadalik paytida Muhiddinqori Yoqubov, Abdul­hay Tojiev, Shokir Sulaymon, Botu, Vosil Muhammadiev, Ishoq qori Karimov bilan uchrashib turadi.

Xullas, Vadud Mahmudning Moskvadagi hayoti ajib tarzda kechdi: ilmga chanqoq bo‘lgani uchun Turkiya elchixonasi bilan aloqa o‘rnatib, elchixonadan 12ta turk adabiyotiga oid kitob oladi, «Hokimi milliya» gazetasi bilan kutubxonalar orqali tanishib boradi, Sharq xalqlari nashriyotida direktor bo‘lib ishlayotgan Nazir To‘raqulov yordamida turkcha kitoblarni mutolaa qiladi, Umar Xayyom bilan tanishadi.

U yerdan 1926 yili Samarqandga keladi. Bu yerdagi ishlarini bitirib yana o‘qishga qaytmoqchi bo‘lganda, maorif komissari D.Rizaevning topshirig‘i bilan «Maorif va o‘qitg‘uvchi» jurnalida mas’ul kotib lavozimida faoliyat olib boradi. Ammo oradan bir yarim yil o‘tgach, mafkuraga to‘g‘ri kelmaydigan maqolalar e’lon qilding, degan bahona bilan ishdan chetlashtiriladi.

1928 yildan matbuot va maorif ishlaridan chetlashib, davlat nashriyoti va turli tashkilotlarda tarjimonlik bilan kun kechiradi. Ammo uning adabiy-badiiy quvvatini sezgan Cho‘lponga o‘xshagan do‘st va zamondoshlari uni ko‘proq badiiy ijod bilan shug‘ullanishga yo‘naltirishga harakat qiladilar.

Vadud Mahmud1919-1930 yillari Turkiston, Buxoro matbuotida faol ishtirok etadi. Cho‘lpon, Fitrat ijodi haqida maqola-taqrizlar yozadi. O‘zbek shoirlari, xususan, Cho‘lpon va Fitrat ijodi haqida Abdurahmon Sa’diy bilan «Turkiston» va «Zarafshon» gazetalari sahifalarida bahs olib boradi. Sevimli adib do‘stlari faoliyati haqida hali kuch olmagan bolshavoycha dunyoqarash nuqtai nazaridan emas, balki insonni kamolotga, go‘zallik manzillariga chorlash nuqtai nazaridan fikr yuritadi. Chig‘anoq ichiga yashiringan dur singari so‘z og‘ushidagi o‘tkir va teran ma’nolar, parvozlantiruvchi, qalblarni porlatuvchi suluv timsollar, ramzlar, tashbehlar xususida fikr yuritadi. 1925-1928 yillari «Maorif va o‘qitg‘uvchi» jurnali, «Qizil bayroq», «Turkiston» gazetalarida bosilgan Fitrat, Cho‘lpon, Siddiqiy-Ajziyga bag‘ishlangan maqolalari, xususan, Cho‘lponning «Buloqlar» to‘plami, Fitratning «Chin sevish» va «Hind ixtilolchilari» piesalariga bag‘ishlangan maqolalari fikrimizga dalil bo‘la oladi. O‘sha davrda unga «Qizil qalam» uyushmasida Cho‘lpon ijodi haqida ma’ruza qilish topshiriladi. Vadud Mahmud o‘z ma’ruzasida Cho‘lponni tanqid etishga emas, balki uning ijodi badiiy xususiyatlarini kashf etishga intiladi. Shoir Oltoy va qalamkash Nosir Saidning 1930 yil 8-12 avgustda bergan ko‘rsatmalariga qaraganda, Vadud Mahmud 1925 yilgi ma’ruzasini avval mumtoz shoirlar ijodini targ‘ib qilishdan boshlagan. Boshqalarning eslashicha, u Mashrab ijodini Cho‘lpon ijodi bilan chog‘ishtirgan.

Uning o‘zi 1930 yil 23 avgustdagi ko‘rsatmasida: «Menga Cho‘lpon haqida ma’ruza qilishni topshirishdi, men Cho‘lpon she’rlarining Mashrab she’rlariga o‘xshash tomonlarini muqoyasa qilganimda, sho‘ro ziyolilari dinni targ‘ib etmoqdasan, deb ayblashdi. Men buni ataylab qilganim yo‘q edi…», deydi. Shundan keyin uni adabiy jarayonga jalb etishmaydi. 1927 yil oktyabr oyida o‘tgan O‘zbekiston madaniyat xodimlari qurultoyida Cho‘lpon bilan barobar unga ham qattiq hujum uyushtiriladi, javob berishi uchun imkoniyat berilmaydi va sho‘ro xunveybinlari uni qurultoydan haydab chiqaradilar. Ana shu voqeadan keyin hamma narsadan hafsalasi pir bo‘ladi…

V.Mahmudning faoliyatini zimdan kuzatib yurgan siyosiy boshqarma xodimlari 1930 yil 17 avgust kuni uning uyida tintuv o‘tkazib, qamoqqa oladilar. Unga «millatchilik, aksilinqilobiy tashkilot faoliyati haqida davlat tashkilotlariga xabar bermaganlik, bahoizm bilan shug‘ullanganlikda» ayb qo‘yadilar. OGPU hay’ati qoshidagi maxsus kengash 1931 yil 3 oktyabrda uch yil mehnat tuzatish lagerlarida va qo‘shimcha ravishda yana uch yil mobaynida Qozog‘istonda ishlashga majbur qiladi. U uch yil Toshkentda hibsda bo‘lgach, Olmaotaga surgun qilinadi. 1936 yil oxiri — 1937 yil boshlarida surgundan qaytib keladi. Lekin oradan yil o‘tmay, 1937 yil 18 avgustda «Milliy ittihod»ning faol a’zosi, o‘tmishda aksilinqilobiy, millatchilik tashviqoti olib borganlik, mashhur millatchi Ismoil Sadriy bilan aloqadorlikda» ayblanadi va 10 yilga Arxangelsk viloyatidagi Kargopol tutqungohiga surgun qilinadi. 1944 yili mazkur tutqungohda u mahbuslar orasida bahoizmni targ‘ib qildi, degan ayb bilan yana 10 yilga hukm qilinadi va muddatni 1959 yili tugatib, Samarqandga qaytib keladi.

Chaqimchilar Fitrat, Cho‘lpon Toshkent va Samarqandda yashagan paytlari doim ularning uyida yozuvchilar, san’atkorlar, o‘qituvchilar va talabalar bo‘lganini, bahor, yoz, kuz faslida o‘tkaziladigan bu allaqanday tashkilot yig‘inida Vadud Mahmud ham ishtirok etganini ta’kidlaydilar. Ammo Vadud Mahmud 1930-1931 yillari o‘tkazilgan barcha tergov jarayonlarida o‘zining maxfiy tashkilot a’zosi bo‘lmaganini, bunday tashkilotni bilmasligini aytadi. 1937 yili esa, biron marta tergov o‘tkazilmay, to‘g‘ri Kargopol mehnat tuzatish lageriga jo‘natib yuboriladi. U qo‘yilgan aybni ham, jazo muddatini ham o‘sha yerda eshitadi.

GPU xodimlari u saqlanayotgan xonaga M.Ismoilov degan yosh talaba yigitni «quloq» sifatida biriktiradilar. U 1931 yil 14 fevraldagi chaquvida shunday xabar beradi: «Men bilan bir xonada Vadud Mahmudov va Saidnosirxon to‘ra Kamolxonto‘raev o‘tirishibdi. Mahmudov men bilan suhbatda shunday dedi: «1923 yil yoki undan avvalroq Samar­qand ijroiya qo‘mitasi yoxud Samarqand KPT(b) viloyat firqa qo‘mitasi kotibi Shermuhamedov (yoki Toshmuhamedov) meni tashkilotga a’zo bo‘lish uchun taklif etdi, men rozi bo‘ldim, lekin a’zolikka o‘tmadim, buni tergovda yashirdim… GPU xodimlari mening uyimni tintish vaqtida bir xatni topishni eplay olmadilar. Bu Cho‘lpon qo‘li bilan yozilgan maxfiy xat edi, men uni Qur’on ichiga yashirib qo‘ygan edim».

Tergov ataylab bir yo‘nalishda o‘tkazilgan, ya’ni uni «Milliy ittihod» tashkilotining a’zosi sifatida ayblashga qaratilgan. Shu sababli M.Ismoilovning xabari ularga juda asqotgan. Biroq qaysar mahbus o‘z so‘zida turib oladi.

Vadud Mahmud surgun muddatini o‘tab qaytib kelgach, 1959, 1961, 1963 yillari tegishli tashkilotlarga murojaat qilib, 1930 va 1937 yillardagi GPU va NKVD hamda Arxangelsk viloyat sudining hukmlarini bekor qildiradi. Shundan so‘ng Samarqanddan Dushanbaga ko‘chib ketadi. Ilmiy-badiiy ijod bilan shug‘ullanadi. «Farhangi zaboni tojik» lug‘atini tuzishda faol ishtirok etadi. Muallimi Abdulqodir Shakuriy haqida xotira-qissa yozib, e’lon qiladi. Sho‘rolar hukumati Munavvar qori Abdurashidxonov, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Turor Risqulov, Nazir To‘raqulov, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Fitrat, Elbek, Qayum Ramazon, Bo‘lat Soliev, Miyonbuzrug Solihov va boshqa ko‘pgina ziyolilar qatori Vadud Mahmudni ham nohaqdan nohaq jabrladi, ammo uning qalbidagi xalqqa, Turkistonga muhabbatini so‘ndira olmadi. U o‘zbek madaniyatida o‘ziga xos ilmiy salohiyatga ega adabiyotshunos, munaqqid sifatida qoldi.

Sirojiddin Ahmad

Sahifani bezashda musavvir Sattar Bahlulzade asaridan foydalandik.

(Tashriflar: umumiy 261, bugungi 1)

1 izoh

Izoh qoldiring