Oybek. Yuramen…

ЮРАМЕН

Юрамен, тошади севинчим,
Бу севинч қаердан, билмайман.
Кечанинг оғуши латиф, жим,
Юлдузлар чамани гуллаган.

Тошлар ҳам, қушлар ҳам ухлайди,
Шамоллар учганда эп-енгил,
Ой нури мавжланиб титрайди,
Баргларга киради ширин тил.

Коинот севгиси гул каби
Қалбимда очилар, хаёл — ҳур.
Тўладир севинчнинг қадаҳи,
Юлдузлар томчилар олтин нур…

XAYOL KEMASIDA KEZAR YOLG‘IZ OY…

Uni ilk bor adabiyot kitobimdagi surati orqali taniganman. Ma’nodor yirik-yirik ko‘zlariyu do‘ppisi tagidan chiqib turgan jingalak sochlari rahmatli bobomni eslatar edi. Oybekning nigohi boshqa adiblarning qarashlariga sirayam o‘xshamasligini o‘sha damlarda anglayolmagan bo‘lsam-da, nimagadir ko‘nglimga o‘tirishib qoldi.
Keyinchalik u haqdagi tasavvurlarim ortdi: shoir, yozuvchi, akademik. U inson eslanganida har gal yodimizga «lop» etib tushadigan, hamma uchun sevimli o‘sha mashhur she’rining birinchi bandini maktabda eng yomon o‘qiydigan bola ham yoddan bilardi: «Nafis chayqaladi bir tup na’matak…» Adabiyot o‘qituvchimiz-da, televizorlarda uning to‘g‘risida nutq irod qiluvchi kishilar-da, kitoblarda u haqda xotiralar yozgan zamondoshlari-da uning ismiga «domla» iborasini qo‘shib gapirishardi, yozishardi. Hartugul, Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek haqidagi bolalikdagi taassurotlarim shunday bo‘lgan.

Oybekning she’rini dalaga chiqib,
Maysaga yonboshlab o‘qimoq kerak.
Va sokin shivirni — ohangni uqib,
Oybekmi? Maysami? — deb tolsin yurak.

Аrdoqli shoirlarimizdan biri Xurshid Davronning adibga bag‘ishlagan bir she’ri shunday satrlar bilan boshlanadi. Garchi hozir yurtimizda qish, hali maysalar yerdan bosh ko‘tarmagan esa-da, Oybek timsoli ko‘z o‘ngimda yana namoyon bo‘ldi. Otashin qalbidan quyilib chiqqan misralarga jon indi:

Bir o‘lkaki, tuprog‘ida oltin gullaydi,
Bir o‘lkaki, qishlarida shivirlar bahor…

Oybekning qalbida adabiyotga bo‘lgan qiziqish uyg‘onishida onasining hissasi katta bo‘lganini uning o‘zi shunday ifodalagan edi: «Onam rahmatlik savodxon edilar. Navoiy, Fuzuliy, Mashrabni ko‘p o‘qir edilar. O‘sha g‘azallarning jarangi qulog‘imda qolgan».
Onasidan eshitgan g‘azalu ruboiylar aynan ayozli kechalarda tinglangani uchun ham bu xotiralar Musoning qalbida bir umrga muhrlanib qolgandir. Ehtimol, shu xotiralar haqqi uchun u bir umr bola bo‘lib yashagandir. Biroq uning quyidagi so‘zlari aqlan yetuk, kamolotga yetgan Oybek timsolini ko‘z oldimizda yana bir bor gavdalantiradi: « …shunday bir payt kelib qoldiki, men endi yo olim-iqtisodchi va yo yozuvchilikdan birini tanlab olishim zarurligini yaxshi his etdim. Ammo ko‘ngilda adabiyotga, she’riyatga muhabbat zo‘r bo‘lganidan bildimki, mening chinakam maylim adabiyot tomonda». O‘shanda u iqtisodchilikdan voz kechgan. Bu so‘zlarga boshqa nuqtadan qarasak, uning adabiyotga bo‘lgan mehri, sadoqati ro‘y-rost ko‘rinadi.
Cho‘lponning «Go‘zal» she’rining asl ma’nosida yor vasfi, ma’joziy ma’nosida Vatan kuylanganini aksariyatimiz bilamiz. Avvallari «Na’matak» she’rini men ham bola shuuri bilan faqat na’matak haqida, tabiat haqida deb o‘ylardim. Bir qarashda «Na’matak»da tasvir shunday tuyuladi. Adabiyot o‘qituvchilarimiz, adabiyotshunoslarimiz na’matakni «Xalq» ham deya ta’riflashgan. Bu to‘g‘ridir. Biroq…
Shu o‘rinda Federiko Fellinining «Agar men baliq haqida film ishlaganimda ham u qisman o‘zim haqimda bo‘lardi», degan fikrlarini e’tiborga olsak, o‘sha viqor-la o‘shshaygan qoya labida nafis chayqalayotgan bir tup na’matak — Oybekning o‘zidir. Adib zamondosh-ijodkorlar ichida ruhan yolg‘iz bo‘lgan. Uning og‘irtabiat xarakteri nafis chayqalayotgan na’matakning aynan o‘zginasidir:

Yolg‘izmen, yolg‘izmen, shunday yolg‘izmen,
Yulduzlar uzoqdir, yellar begona…

Ehtimol, u yer odami bo‘lmaganidan yolg‘izlangandir. Shovqin-suronli, g‘ala-g‘ovurli olamga singib, qorishib ketish uning qo‘lidan kelmagandir. U osmon odami, samoniki ekanini o‘zi ham ta’kidlaydi:

Xayol kemasida sira charchamay,
Kezaman jimgina, men koinotni…
Sen meni masxara qilma, go‘zal oy,
Shoirlar sevadi shunday hayotni.

Vahshiy qoyalar, toshlar esa uning atrofida girdikapalak bo‘lib yurgan noqobil do‘stlari edi:

Do‘stim, yomonlardan zinhor hazar qil,
Firibgar oshnolar zimdan to‘sar yo‘l.
Haqiqatni sevmas, vijdonsiz baxil,
Kuyganmen ulardan, yog‘dirgan tosh-yo‘l.

Garchi unga otilgan toshlar bu she’r yozilgandan keyin sodir bo‘lgan esa-da, biroq shoir shunday bo‘lishini oldindan bilgan, his qilgan (Bu shoir iste’dodining yana bir noyob qirrasidir). Sezsa-da, sukut saqlagandir. Uning uy-muzeyida qaysidir shogirdining gazetada yozgan maqolalariyu (Oybekning bir romanini yomonlab) yana birining «tazarru» qilib undan kechirim so‘raganini tasdiqlovchi tarixiy hujjatlar osig‘liq turibdi. Buni esa oyni etak bilan yopib bo‘lmaganidek, yashirib bo‘lmaydi. Ammo o‘shanda kechirim so‘rab kelganlarni Oybek afv etgan ekan. Buni yuksak olijanoblik, na’matakning quyoshga bir savat oq gul tutishi, deyish mumkin.
Oybekning o‘sha davr odami emasligi, yuksakda yurishi rost edi. Biroq unga pastdan turib tosh otuvchilar ko‘p bo‘lganidan u barisiga dosh berolmay uzoq vaqt to‘shakka qadalib qoladi. Xastalik davrida yozgan bir she’rini o‘qib to‘lqinlanib ketdim:

Hastamen… Fikrga, tuyg‘uga to‘lib —
Oy menga hamqadam — sokin yuramen.
Sog‘aysam bir kuni yozamen to‘yib,
Hislarga qalbimni qo‘shib yozamen.

Kechalar yururmen telbaday horib,
Boshimda oy borur — menga hamqadam,
Xayollar uchadi mash’alday yonib,
To‘yib yozajakman bir kun sog‘aysam…

Ijodkorning darsliklardagi suratlarida lablari jilmaysa-da, ko‘zlari kulmasdi. Ularning ma’yus boqayotgani meni doim o‘ylantirardi. O‘qigan kitoblarimda «og‘ir xastalikka chalingan» deya lo‘nda qilib yozilardi, xolos. Ularning tafsilotini keyinchalik bildim. Shundan so‘ng o‘sha ko‘zlardagi «ma’yuslik kalavasi»ning uchini topganday bo‘ldim. Uning ko‘zlari kulgani muzeydagi biror suratda ham uchramaydi. Oybek ko‘zlaridagi mungning boisini anglaganim shu bo‘ldi: uning tugallanmay qolgan «Bobur», «Temur» dostonlari yuragiga bir qadar armon, bir qadar o‘kinch havosini olib kirganligi rost. Ulug‘ sarkarda Amir Temur haqida roman, Buxoroning 1917 yilga qadar bo‘g‘iq, fojiali hayoti, uning so‘nggi amiri haqida yozish shoir uchun mangu armon bo‘lib qoldi. Qalbingda yuksak armon bo‘la turib ko‘zlaring qanday kulishi mumkin…
Har yili 10 yanvar sanasida Oybekning uy-muzeyida uni bilgan, tanigan, o‘ziga do‘st, ustoz deb bilganlar, oybekshunos olimlar yig‘ilishib, uni yod etishadi.
Kuni –kecha Oybek uy-muzeyida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi «Fan» nashriyotida chop etilgan «Armug‘on» deb nomlangan kitobning kichik taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Kitobni varaqlarkanman, Oybek haqidagi tasavvurlarim yanada ortdi. Qirq bitta shoirning unga bag‘ishlab yozilgan ellikdan ortiq she’rini o‘zida jamlagan jajji kitobchada taniqli shoir Rauf Parfining unga atalgan shunday misralari bor:

Tog‘lar aro bir oydin buloq,
Atrofida shivirlar o‘tloq.
Buloqda sha’n va sobit chiroy.
Nur yo‘lidek o‘ylari yiroq,
Suvda mangulikdek suzar oy…

Biroq, hayhot, bir quyun keldi…
Oydin buloq qayga berkindi?!
Qaydadir sha’n va sobit chiroy?
Falaklarga qarayman endi,
Falaklarda suzib yurar oy…

(Tashriflar: umumiy 295, bugungi 1)

Izoh qoldiring