Faxriyor. Ham adib, ham munaqqid, ham tarjimon.

077
Ahmad A’zam – yozuvchi, munaqqid, ssenarist, telejurnalist. 1949 yili Samarqand viloyati, Jomboy tumanidagi G’azira qishlog’ida tug’ilgan.1971 yili Samarqand davlat universitetining o’zbek va tojik filologiyasi fakultetini bitirgan. Shu yili Alisher Navoiy nomidagi muzeyda ish boshlagan.
Keyin “Guliston” jurnali, “O’zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, “Sovet O’zbekistoni san’ati” jurnali redaksiyalarida, O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ishlagan, siyosiy faoliyat bilan shug’ullangan, “Birlik” xalq harakati hamraisi, “Erk” demokratik partiyasi bosh kotibi bo’lgan. Oliy Majlis deputatligiga saylangan (1999-2004 yillar).
1995 yildan O’zbekiston televideniesida bosh muharrir, “O’zbekiston” telekanali bosh direktori,. “O’zbektelefilm” studiyasi bosh direktori lavozimlarida ishlagan. O’zbekiston televideniesida yuzlab ko’rsatuvlar va hujjatli filmlar qilgan, ulardan eng mashhurlari: “O’zlik”, “Xalqning ko’ngli”, To’rtinchi hokimiyat” .“Oyning gardishi”, “Bu kunning davomi”, “Asqartog’ tomonlarda”, “Soyasini yo’qotgan odam”, “Hali hayot bor” degan nasriy asarlar, “Mas’ul so’z” degan adabiy-tanqidiy maqolalar to’plamlari, “O’zi uylanmagan sovchi”, “Ro’yo yoxud G’ulistonga safar” romanlari chop etilgan.

099

Faxriyor
HAM ADIB, HAM MUNAQQID,HAM TARJIMON
(Maqola 2009 yilda Ahmad A’zamning 60 yoshga to’lishi munosabati bilan yozilgan edi.)

Yangilik, islohot hayotning hech bir sohasiga osonlikcha kirib kelmaydi – yo’lda to’siqlarga uchrashi tabiiy. Ularni yengib o’tish: ustuvor qarashlarni, tushunchalarni, ko’nikmalarni sindirish oson bo’lmaydi. Yangilik degani o’zi sindirgan narsadan afzalligini isbotlay olgan taqdirdagina yashab qoladi.
70-yillarning boshida tanqidchilar mavjud adabiy tafakkurni yangilash istagidan kelib chiqqan dadil eksperimentlarni urkaltak qilib, goh matbuot orqali, goh yozuvchilar uyushmasidagi anjumanlarda shoirlardan nima demoqchi ekanini tushuntirib berishni talab qilib yurgan kezlarda tengdoshlari ruhini, yutug’u kamchiliklarini yaxshi biladigan zakiy, tiyrak va, eng muhimi, o’zi ham ijodkor bir tanqidchiga ehtiyoj bor edi. Bu tanqidchi zimmasiga og’ir vazifa – tengdoshlari ijodi tahlili orqali yangicha adabiy-tanqidiy tafakkurni shakllantirish, yangi asarlarni asossiz tanqidu hujumlardan himoya qilish ham tushar edi. O’sha paytlar mana shu yukni taniqli yozuvchi, munaqqid Ahmad A’zam gardaniga oldi.

O’sha kezlarda A.A’zamning adabiy-tanqidiy qarashlari yangiligi, vazminligi, teranligi va, eng muhimi, eskicha mantiq qoliplarini buzib tashlayotgani bilan ajralib turar edi. U aksariyat tanqidchilarni gangitib qo’ygan eksperimentlar, shakliy izlanishlar o’zbek tafakkuridan unchalik ham uzab ketmaganini, maqsad “shaklni o’zgartirish orqali mazmunni yangilash” ekanini maqolayu tadqiqotlarida tushuntirib bera boshladi. Ko’p o’tmay adabiy jamoatchilik uning dalillarini qabul qildi va an’anaviy adabiy tanqid tishini g’ijirlatib bo’lsa-da, to’nini o’ngarib kiyib, yangi avlodning adabiy tajribalari bilan hisoblashadigan bo’ldi.

Nihoyat uzoq tortishuvlardan so’ng adabiyotning “ eksperiment tsexi” ham bo’lishi kerakligi xususida ma’lum bir xulosa va murosaga kelindi. Boshqa tanqidchilarning mehnatini zarracha kamsitmagan holda bunda Ahmad A’zamning xizmati beqiyos ekanini alohida ta’kidlashni istardim.

Biroq oradan 15-20 yil vaqt o’tib, bu masalaning yana o’rtaga chiqqani, bahsga adabiy-tanqidiy qarashlari 20-asrning 50-60-yillari darajasida qotib qolgan, ayrim oqsoqol adiblar ham aralashib, yoshlarni he yo’q, be yo’q, nigilizmu xudosizlikda ayblay boshlagani, folklyor va mumtoz adabiyot haqida tadqiqot qilib yurgan olimlarning ham bir yumalab “eksperimentshunos” bo’lib qolgani odamni
ajablantiradi. Buning sababi o’sha chog’lar adabiy muhitda hukm surgan muayyan parokandalik, adabiy tanqidning “bedarvoza qolgani” bilan bog’liq bo’lsa ajab emas.

Ahmad A’zam mansub avlod zimmasidagi ma’rifatparvarlik vazifasi nihoyatda mas’uliyatli edi. U mafkura urkaltaklariyu qirg’inlari ta’sirida boshini kosasi ichiga tortib olgan mahdud milliy adabiyotni a) mutolaa; b) tarjima; v) tajriba orqali yangi bosqichga ko’tarishni ko’zlagan edi.

O’sha avlod vakillarining sa’y-harakatlari tufayli endi har bir davrada “changalzor- silvalar”dan bahs ochiladigan, adabiy jamoatchilik dunyo adabiyotini izlab o’qiydigan bo’lgan edi. Sovet davridagi xorijiy yozuvchilarning asarlarini ruscha orqali o’zbekchalashtirish amaliyotidan asliyatdan tarjima qilishga o’tila boshladi.

O’sha yillari Ahmad A’zam munaqqidu yozuvchiligi barobarida badiiy tarjimaga ham qo’l urdi va Alber Kamyuning qator asarlarini o’zbekchalashtirdi. Adabiy jamoatchilik bu tarjimalarni juda iliq kutib oldi va buyuk fransuz adibi o’zbekning ham o’z yozuvchisiga aylandi.

Tinimsiz mutolaa va tarjima ta’sirida paydo bo’la boshlagan izlanishlar o’z samarasini bera boshladi. Boshqa eksperimentlar qatori intellektual proza vujudga keldi. Ahmad A’zamning ham qator novella, hikoya va qissalari nashr etila boshladi. Lekin u tengdoshlaridan farqli o’laroq, biror yozuvchi yoki milliy adabiyotga taqlid qilmadi, fikrlash tarzi ham, mulohazakorligi ham sof o’zbekcha edi. So’zdan foydalanish mahorati, asarlarining betakror uslubi, jonli tili, ramzlar bilan yo’g’rilgan o’ziga xos fabulasi – hamma-hammasi yangilik edi.

Ahmad A’zam bilan tengdoshlari ijodida yana bir hali o’z tadqiqotini kutayotgan jihat bor. Aynan shunga o’xshash fenomenlarni rus shoiri A.Voznesenskiy “eskizensializm” deb atagan edi. Ma’nosi – kelgusi voqealarning adabiy asarlarda u yoki bu tarzda zuhur bo’lishi.

70-yillarda boshlangan adabiy eksperimentlar nafaqat adibiyotning qotib qolgan qoliplari, qolaversa, kommunistik mafkuraning yalpi bosimiga ham qarshi o’ziga xos isyon edi. Bir zamonlar faqat xos davralarda o’tkazilgan mushoiralarning 60-70 yillar
– turg’unlik hukm surgan yillarga kelib, stadionlarga chiqib ketgani ham shu bilan bog’liq. Xullas, adabiyotda shaklu qoliplarni buzishga bo’lgan harakat totalitar tuzumning patarat topishi bilan tugadi. Yoki yanayam to’g’rirog’i, o’sha shakliy izlanishlar 80-yillarning ikkinchi yarmi va 90-yillarning boshidagi ijtimoiy-siyosiy taloto’plar andozasi edi.

E’tibor qilinsa, Ahmad A’zamning o’sha paytlarda yozilgan prozasida ham ayni kayfiyat: yashab turgan sharoitdan qoniqmaslik, Bahri muhitga ketib qolish istagi (Mahdi, “Asqartog’ tomonlarda”), soyasini yo’qotib qo’yib, jamiyatda raddi ma’rakaga aylanish (“Soyasini yo’qotgan odam”) bo’rtib ko’rinadi. Bu o’zlikni anglash, jamiyat javob talab qilayotgan savollarga javob izlash iztirobi edi. Iztirobligi

shundaki, javobni na o’qiyotgan kitoblaring va na o’zing mansub avlod vakillari mulohazalaridan topa olasan. Ichki ehtiyoj esa javob izlashga majbur qiladi, tindirmaydi.

Eng muhimi, yozuvchi mana shu izlanishlariyu iztiroblarini kitobxonga yuqtira olgani bilan uni ham tinch qo’ymadi va qo’ymayapti.

* * *

Ahmad A’zam deputatlik va turli rahbarlik ishlari bilan band bo’lib, birmuncha vaqt yozuvchilikdan uzoqlashib qolgan edi, lekin keyingi yillarda ijodga qaytdi. “Hali hayot bor” qissasi e’lon qilindi. Televideniega “O’zi uylanmagan sovchi” degan serial yozib berdi.

Kuni kecha jurnalist va noshir Ahror Ahmad bir xushxabar aytib qoldi – Ahmad aka bilan yangi romanini tugatib, uni chop qilish to’g’risida nashriyot bilan muzokara boshlabdi…

“Mohiyat”. 2009 y. 26 iyun

vatan

Ahmad A’ZAM

VATAN HAQIDA YOZISHGA KUCHIM YETMAGAN SHE’RIM

Novella

Eski shaharning eski bir hovlisida turaman.
Do‘ppidek hovlicha, yozuv-chizuvim bilan unga sig‘may, tepaga — boloxonaga chiqib olganman; derazadan faqat tomlar, tomlar orasidan boshini chiqargan daraxtlaru onda-sonda uchib o‘tgan qushlar ko‘rinadi; oftob nuri to‘g‘ri men yozadigan qog‘ozlarga tushadi, ko‘zimni qamashtiradi; shovqin yo‘q, hammayoq osoyishta — senga nima yetishmaydi, istaganingcha to‘yib-to‘yib yozmaysanmi, deyman o‘zimga.
Lekin hech ko‘nglim to‘lmaydi, nimagadir bo‘m-bo‘sh; boloxonaga chiqib olgan bo‘lsam-da, pastda ro‘zg‘orimdan balandda emasman, turmush tashvishlari xuddi qo‘rdan uchgan qurumdek kelib qog‘ozlarim tushaveradi -yozganlarimda mayda-chuyda ko‘p, balandlik yo‘q.
Osmon toza, oftob hamishagidek charaqlagan bir kun edi, derazadan qarab shularni o‘ylab o‘tirga edim, birdan tomlar ko‘zimga boshqacha ko‘rinib ketdi: hammasi tutash, bir-biriga kiftini tirab, pastda yashayotgan oilalarning ahil yo arazlashganiga qaramay, kelishuvchilik bilan yastanib, quyoshning nurida birgalashib isinayotgandek tuyuldi: misoli erta ko‘klamda oftob-shuvoqqa yonboshlab, undan-bundan inoqqina gurung qurgan, oltovlon ola bo‘lmagan og‘a-inilardek… Bir-birining shu dunyoda borligidan, qatorlari kamaymaganidan quvonib, shu quvonchlarini hangomalashib o‘tirgan, hali ham zabardast, hali ham chorpahil chollardek… Xullas, bir-birini ko‘rs yuzi yashnab ketadigan odamlardek…
Daraxtlar ham tomlar orasidan bo‘ynini cho‘zib, shamolda alanglagancha, bir-biridan hol-ahvol so‘rayotgandek ko‘rindi.
Yana biridan biriga nur o‘tayotgan quvvatsimlarning tomlar boshini qovushtirishi; kechasi hovlilarning birida chiroq o‘chsa, hammasi zimiston ichida koladn; yorug‘ oqib kelsa, baravar bo‘lashib oladi…
Hozir hammasining tepasida charaqlayotgan bitta kuyosh, baland-balandlarda ko‘kish tovlanayotgan yagona osmon!
Tomlar bir-biriga soya tashlamaydi, osmonni, quyoshni bir-biridan qizg‘anmaydi; bo‘g‘otlarda joy talashib chirqillashayotgan chumchuqlarning kunchkovligiga beparvo. Go‘yo tomlar ahil, atrof tinch bo‘lib, tashvishlanadigan kattaroq gap topilmaganidan zerikkan chumchuqlarga mayda-chuydadan boshqa tashvish qolmagandek…
Yuksaklardan o‘tib qolgan katta qushlar tomlarga soqchi, osmonning ko‘kragiga rasm chizayotgan qaldirg‘ochlar — xabarkash…
Bu ko‘rinishda…
Eh! Aitib berolmayman.
Shu o‘tirgan joyimda, boloxonam, hovlim, qog‘ozlarim bilan birga, o‘zim ham shu ko‘rinishning bir bo‘lagi ekanman; ko‘rib turibman, ko‘rganlarimni uqyapman: hali bu hammasi emas, ko‘z oldimdagi ko‘rinish tasavvurimga sig‘mayotgan juda katta, cheksiz-chegarasiz manzaraning bir bo‘lagi, bir parchasi, xolos, deb o‘ylayapman.
Bu — tiriklik, men ham uning ichida tirikman: shular bo‘lmasa, men bo‘larmidim!
G’alati bo‘lib ketdim.
Men bu manzaraning o‘rtasida o‘tiribman, agar hozir boloxonam tomiga chiqib, chor-atrofga nazar solsam, hammayoqda shu manzaraning parchalarini ko‘rar, xuddi hadsiz-hududsiz, yashnoq gilamning o‘rtasida, uning ranglaridan ko‘zi qamashib, uning cheksizligidan aqli shoshib qolgan chumolidek, anqayib turaverar edim.
Ko‘nglim orziqib, qani edi-ya, shularni yozsam, deb o‘yladim. Ichimdagi shu tuyg‘ularni qog‘ozga tushirsam: yozganlarimni o‘qiganlar ularda shu tomlarni, daraxtlarni, osmonni, oftobni va shu ustivor keng-likka qarab quvonib o‘tirgan o‘zimni ham ko‘rishsa, o‘qiyotib menga o‘xshab quvonishsa…
E, shoir emasman-da! Agar shoir bo‘lganimdami!
Lekin shoirlarga o‘xshab hayajonlanib ketdim. Hayajonimni yozmoqchi bo‘ldim, mayli-da, she’r bo‘lmasa ham, ko‘nglimga yarasha:
agar to‘rt devorni bitta tomga juftlab, olamga kirib-chiqiladigan eshik ochilsa uy bo‘ladi;
uyning derazalaridan osmon oqib kiradi, agar uylar birlashib, betma-bet tursa ko‘cha, ko‘chalar bir-biriga ulansa, — qishloq bo‘ladi; qishloqning yo‘llari boshqa qishloqlarga oqib chiqadi;
agar qishloqlar qo‘shilib, tomlar bir-biriga kiftini tutsa, chorrahalarda boshini boshiga tirab ko‘chalar gurunglashib yotsa — shahar bo‘ladi; shaharning uylari oftobga qarab o‘saveradi, yo‘llaridan yana-yana qish loqlar oqib kelaveradi;
agar shaharlar, qishloqlar, dalalar, qirlar, yaylovlar, sahrolar, cho‘llar, tog‘lar, daryolar uylari, daraxtlari, o‘t-o‘lani, suvlari, tuprog‘i, toshi, shamollari, jonzotlari va odamlari bilan bitta quyosh, yagona osmon ostida birlashib ketsa — Vatan bo‘ladi — ka-atta!
Bu tirik haqiqatni o‘zimcha shunday angladim: Vatan ko‘z oldimga keldi, ro‘yirost ko‘rindi, uni bag‘rida o‘zimni ham ko‘rdim: kichkinagina hovlimning ustida qo‘ndirilgan kaptarxonadek boloxonada o‘tirib-uchib, Vatanimning poyonsiz suratini oyna-ko‘nglimga sig‘dirishga urinib turgan holimda unga qo‘shilib-birlashib ketgan ekanman.
Men Vatanim bergan boshpanada yashab, u bergan ne’matlardan jon, havosidan nafas olib o‘tirgan ekanman.
Zuvalam ham uning tuprog‘idan, qarib-churisam ham shu tuproqqa qaytaman!
Hatto shu gaplarni yozayotgan qog‘ozlarim ham Vatanniki — uning o‘rmonlarida o‘sgan og‘ochlarda olingan ekan. Men esam shu paytgacha bu qog‘ozlarga kim qaydagi mayda-chuydalarni to‘kib…
Endi shukronamni she’rga solmoqchi bo‘ldim.
“O’h-ho‘, qanchalar bepoyon ekansam, Vatan!”—deb yozdim, quruq gap bo‘lib qoldi; Vatanga quruq gap aytib bo‘lmas ekan.
«Ka’bamsan, Vatan!” — deb yozdim, lekin o‘zim Vatanimning qoq bag‘rida — poytaxtida o‘tiribman, chor-atrofim — Vatan, unga bukilib sajda emas, yetib-yugurib xizmat qilishim kerak, deb o‘yladim.
«Erka o‘g‘lingman, Vatan”, deb yozdim, ammo yoshim kirqqa borib ham, haliyam boladay erkalik qilib yursam, yarashmas-ov, degan andishaga bordim.
«Vatan, sen — uylar bir-birini suyaydigan, yo‘llar bir-birini ulaydigan, qo‘shiqlar bir-birini tinglaydigan, suvlar bir-birini izlaydigan, maqsadlar bir-birini sizlaydigan buzruk ma’vosan, lekin yuragimga sig‘asan”, deb yozdim, tuzukka o‘xshadi, ammo she’r bo‘lmadi.
«Vatan — men sening…” deb yozayotib shartta to‘xtab qoldim: boyadan beri Vatanni ta’riflayman deb, nuqul o‘zimni tiqishtiryapman ekan; xuddi Vatan hammamizniki emas, bitta menikidek.
Keyin “Vatan — onamiz”, deb yozdim, lekin qishloqdagi onamning holidan xabar ololmaganimga ikki oy bo‘lgani esimga tushib qoldi, onasiga beparvo odam, qanday qilib Vatan—ona haqida og‘iz to‘ldi-rib gapiraman, deb o‘yladim.
Boshqa yozolmadim, o‘ylayverdim, o‘ylaganim sari Vatan kattalashib, o‘zim kichrayib boraverdim…
Qarasam, qog‘ozga termilgancha, qalamni qiynab, faqat bir so‘zni shivirlab yotibman: “Vatan”, “Vatan”, “ Vatan…”
Shu so‘zni tovushimni chiqarib, baralla aytib yubordim.
Aitdimu…
Birdan deraza kengayib, osmon yonimga keldi, o‘zim quyoshning yonidan joy oldim…
O’sha yoqdan turib Vatanga qaradim: tomlar tomlarga, yo‘llar yo‘llarga ulashgan, qishloqlar qo‘l ushlashgan, tog‘lar oq qalpoqli boshini ko‘kka tirab, ha, shunaqa balandmiz, deb turishibdi, o‘rmonlar nafasida tozalangan havolarni shamollar odamlarga tashib ketyapti, shamollarning shaffof oqimlarida qushlar cho‘milib yuribdi, odamlar bir-birlariga qarab bosh irg‘ashyapti, salomlashishyapti shekilli, yaxshi narsalarni ma’qullashyapti shekilli, — bularning hammasi ko‘nglimda bo‘lyapti ekan!
Alqissa, shunday: odam Vatanni anglashi uchun doim uyida o‘tiravermay, sal balandroq joyga, osmonga bo‘lmasa ham, hech qursa, uyining tomiga chiqib chor-atrofga uzoq-uzoq tikilishi kifoya.
Avval o‘ziga qarab…
Agar uning ko‘ngli oyna bo‘lsa…
Bu oyna toza bo‘lsa…
Shoirlik qilolmaganimga shu taskin bo‘ldi.
Endi bilmadim: yozishimning buyog‘i qanday bo‘lar ekan?
Bu tuyg‘u yarim davlatmi yo butunmi?

(Tashriflar: umumiy 93, bugungi 1)

Izoh qoldiring