Buyuk bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Boburga bag’ishlov

bobur_mirzo

Хуршид Даврон
БОБУР

Отлар елар шиддатдан терлаб,
Янграр хатар тўла тўқалар.
Ҳуркиб кўкка сапчир патирлаб,
Тун уйқуси — қора қарғалар.

Отлар елар, тилларанг хазон
Суворийлар узра сочилар.
Элас-элас янграйди азон –
Тоғлар узра осмон очилар.

Отлар елар, елар кўпириб,
Уйғотганча мудроқ йўлларни,
Гўё тўғон бандин ўпириб,
Тошқин қувиб келар уларни.

«Заҳириддин, қайга борурсан,
Бобонг тахтин, юртингни ташлаб?!
Қора тақдир сени қул каби
Қаёнларга кетмоқда бошлаб?!

Заҳириддин, бу қандай савдо,
Қора ҳижрат сари юз тутмоқ?
Юрагингни этар-ку адо –
Тирик туриб Ватандан кетмоқ?

Заҳириддин, ортга бир қара,
Ортга бир боқ, токи сен омон,
Ахир кейин тушларингда ҳам,
Бу тупроқни кўрмоғинг гумон.»

От пишқириб тўхтар, чавандоз
Узангига тирар оёғин
Ва бўғзига тўплар беовоз
Вужудига тўлган ингроғин.

Алам билан юраги урар,
Шивирлайди титроқ лаблари:
«Ҳамма ердан кўриниб турар
Самарқанднинг миноралари».

1981

 

Xurshid Davron
BOBUR

Otlar yelar shiddatdan terlab,
Yangrar xatar to’la to’qalar.
Hurkib ko’kka sapchir patirlab,
Tun uyqusi — qora qarg’alar.

Otlar yelar, tillarang xazon
Suvoriylar uzra sochilar.
Elas-elas yangraydi azon –
Tog’lar uzra osmon ochilar.

Otlar yelar, yelar ko’pirib,
Uyg’otgancha mudroq yo’llarni,
Go’yo to’g’on bandin o’pirib,
Toshqin quvib kelar ularni.

«Zahiriddin, qayga borursan,
Bobong taxtin, yurtingni tashlab?!
Qora taqdir seni qul kabi
Qayonlarga ketmoqda boshlab?!

Zahiriddin, bu qanday savdo,
Qora hijrat sari yuz tutmoq?
Yuragingni etar-ku ado –
Tirik turib Vatandan ketmoq?

Zahiriddin, ortga bir qara,
Ortga bir boq, toki sen omon,
Axir keyin tushlaringda ham,
Bu tuproqni ko’rmog’ing gumon.»

Ot pishqirib to’xtar, chavandoz
Uzangiga tirar oyog’in
Va bo’g’ziga to’plar beovoz
Vujudiga to’lgan ingrog’in.

Alam bilan yuragi urar,
Shivirlaydi titroq lablari:
«Hamma yerdan ko’rinib turar
Samarqandning minoralari».

1981

(Tashriflar: umumiy 29 788, bugungi 5)

20 izoh

  1. Bu sher yoqdi.Z.M.Bobur haqida she’rning juda ham kòp bòlishini istardim. Chunki Z.M.Bobur rosa zòr inson bòlgan.

  2. Bobur bobomiz. Haqida sherlar juda kam lekin bu sher juda ajoyib menfa yoqdi

  3. Juda ham ajoyib shunday she’rlar ko’payaversin o’zim ham she’r yozishga qiziqaman ajoyib

  4. Salom Zahiriddin Muhammad Bobur haqida sh’rlar yöqmi boshqa.Kõp bõlishini xohlardim lekin juda ajoyib she’rlar

  5. Juda ajoyib Saviyasi baland boʻlgan bunday sheʼrlar barcha avlodlarga oʻrnak vazifasini oʻtaydi degan umiddaman Zero Yillar davomida har shu sanada (14 fevral)eslangan inson oʻylaymanki qalbimizda to oʻzni unutgincha yashaydi

  6. Bu she’r menga juda yoqdi uni Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga atab yod olaman.

  7. Men bu she’rni ko’p bora ko’rganman va yodlab olganman bu sher juda zo’r ammo boshqa varianti yo’qmi

  8. Iltimos. boshlang‘ich sinflarga mo‘ljallangan allomalar haqida she’rlar bitsalaringiz. bayramlarga juda kerak

Izoh qoldiring