MAVLONO RUMIY HAQIDA
«Kunlardan bir kun qurbaqa anhor bo‘yiga suvdan sakrab chiqsa, uyasidan chiqib turgan sichqon salom beribdi, qurbaqa alik olibdi. Ikki orada do‘stlik paydo bo‘libdi. Sichqon do‘sti bilan suhbatlashib turgisi kelarkan. Ammo qurbaqa suvga sho‘ng‘ib ketaverarkan.
— Men sen bilan chaqchaqlashib yurgim keladi. Sen bo‘lsang bir soniya suhbatlashmasdanoq suvga tushib ketaverasan, — debdi sichqon o‘pkalab.
— Unday bo‘lsa, uzun ip topaylik-da, bir uchini sening belingga, ikkinchi uchini esa, mening belimga bog‘lab qo‘yaylik, qachon kerak bo‘lsam, ipni tortsang, chiqib kelaveraman, — maslahat beribdi qurbaqa.
Shunday qilishibdi ham. Ittifoqo bir kuni sichqon uyasidan chiqib, oftobda toblanib yotgan ekan, uchib borayotgan Lochin tappa changallab, osmonu falakka ko‘tarilibdi. Ipning ikkinchi uchida qurbaqa ham jon hovuchlab borarkan. Nodon va nojins do‘stning aqlsiz maslahati ikkovini ham ovchi domiga giriftor etibdi».
Dunyo epik she’riyatining gultojlaridan biri «Masnavii ma’naviy» mingdan ziyod ana shunday ibratomuz hikoyatlar majmuasi bo‘lib, 25 ming baytdan iborat. Uning muallifi buyuk mutafakkir, faylasuf shoir Jaloliddin Rumiy yoki Mavlaviy Rumiydir. Bo‘lajak san’atkor Jaloliddin 1207 yili Balxda ziyoli oilasida tug‘iladi. Uning otasi Bahoviddin Valad so‘fizm va fiqh donishmandlaridan bo‘lib, zamonasining eng obro‘li allomasi edi. Shuning uchun ham Sulton Muhammad Xorazmshoh (1199-1220) uni saroyga da’vat etadi. Lekin Valad bu taklifni rad etib, maktabdorlik hamda ilmiy-ijodiy ishlar bilan mashg‘ul bo‘ladi. Uning obro‘si kundan-kunga oshib, turli o‘lkalardan shogirdlar oqib kela boshlaydi. Buni ko‘rolmagan Xorazmshoh saroyda unga nisbatan bo‘hton tarqatadi. Sulton g‘azabidan qo‘rqqan Valad Jaloliddinni 6 yasharligida 400 shogirdi va oilasi bilan olib Makkaga qarab safarga jo‘naydi. Bahoviddin Valad yo‘lda Xurosonu Eronning ko‘p shaharlarida yashab, zamonasining buyuk donishmandlari bilan hamsuhbat bo‘ladi. Jumladan, Nishopurda Fariduddin Attor huzurida bir necha oy yashaydi. Attor yosh Jaloliddinga mehr qo‘yadi, keyinchalik «Asrornoma» dostonini unga bag‘ishlaydi. Jaloliddin Damashq va Bag‘dod madrasalarida, buyuk olimlar huzurida ilm o‘rganishni davom ettiradi, Halabda hadis, tarix, falsafa, kalom va ilmi bade’ allomalaridan bo‘lmish Umar binni Ahmad binni Hibbatulloh ustozi Said
Burhoniddindan dars oladi. Rumiyning shaxs sifatida kamolga yetishi va shakllanishida Burhoniddinning ta’siri kuchli. Ana shu yillardan boshlab u «Rumiy» taxallusi bilan she’rlar yoza boshlaydi. Shundan so‘ng Jaloliddin Rumiy Turkiyaning Kunyo shahriga kelib, muqim yashay boshlaydi va madrasalarda dars beradi.
Barcha manba va tadqiqotlarda Jaloliddin Rumiy kamolotida buyuk shoir va shayx Shamsi Tabreziyning ham ta’siri kuchli ekanligi ta’kidlanadi. Rumiyning o‘zi bir she’rida «Agar Attor menga ruh baxsh etgan bo‘lsa, Shamsi Tabreziy tilsim kalitini tutqazdi», deydi. Zeroki, 1245 yili Shamsi Tabreziy Kunyoga keladi va Rumiy uch yil davomida undan muttasil dars oladi: falsafani, xususan, so‘fizm ta’limotini mukammal egallaydi va batamom uning ruhiyatiga o‘tib ketadi. Shuning uchun 1247 yilgi bir isyon paytida Shamsi Tabreziy bedarak yo‘qolgach, Rumiy o‘z g‘azallarida «Shamsi Tabreziy», «Shams» taxalluslarini qo‘llay boshlaydi. Sharqda bu muloqotlar haqida ko‘plab rivoyatlar tarqalgan. Shoir g‘azallarining «Shamsi Tabreziy devoni» nomi bilan shuhrat qozonishining boisi ham shunda. Jaloliddin Rumiy 1273 yili vafot etgan.
Jaloliddin Rumiydan bizga qadar she’rlar devoni, «Makotib», «Fih mo Fih» hamda «Masnavii ma’naviy» kitoblari meros bo‘lib qolgan. «Fih mo Fih» nasriy asar bo‘lib, olimning turli majlis va suhbatlardagi falsafiy nutqlarining majmuasidir. «Makotib» esa muallifning zamondoshlari va ustozlari bilan bo‘lgan turli yozishmalari — maktublaridan iborat. Har ikki kitobda ham muallifning ijtimoiy-falsafiy, axloqiy-ta’limiy mushohadalari o‘z aksini topgan. Shoir devoni 25 ming baytdan ziyod she’rlarni o‘z ichiga olgan.
Jaloliddin Rumiy majoziy ishq bilan ilohiy sevgini shu darajada yuqori pardada tasvirlaydiki, professor R.Hodizoda ta’kidlaganidek, «o‘quvchi g‘azallarning so‘fiyona ma’nosini batamom unutib, ularni lirik she’riyatning tengsiz namunalari» sifatida qabul qiladi. Shoir aksariyat she’rlarida ayriliq dardini ham, oshiqning yoriga iltijosi-yu husnu kamolini ham ajib bir jozibada tasvirlaydi:
Az ruzu lab gulshakar bisyor dorad husni tu,
Koshki bifro‘xti, to porae bixaridame.
(Sening husning — yuzingu lablaring gulshakar manbaidir, koshki sotsang edi, biroz xarid qilgan bo‘lardim.)
Shuning uchun ham o‘tmishda yaratilgan ko‘p ishqiy qissalarda goh oshiq tilidan, ba’zan ma’shuqa nutqidan Rumiyning g‘azallari ko‘plab keltiriladi.
Shoirning ruboiylari ham mavzu jihatdan rang-barang, g‘oyaviy yo‘nalishi, badiiy qudrati nuqtai nazaridan g‘oyatda mumtoz va jozibadordir. Ularda ishq-muhabbat, axloq-odob, ijtimoiy-falsafiy masalalar teran bir tarzda ifodalangan:
Duri zi barodari munofiq behtar,
Parhez zi yori nomuvofiq behtar.
Xoki qadami yori muvofiq, haqqo,
Az xuni barodari munofiq behtar.
(Munofiq birodardan yiroq yurgan yaxshi, nomuvofiq yordan ko‘ngil uzmoq yaxshi. Xudo haqqi, sodiq yorning xoki poyi munofiq birodar qonidan yaxshi.)
Buyuk mutafakkirga olamshumul shuhrat keltirgan asar «Masnavii ma’naviy» kitobidir. Zeroki, bu masnaviyning o‘ziga xos yaratilish tarixi bo‘lgani kabi, unda ifodalangan masalalar qamrovi ham had-hududsiz. Yetti jild (daftar)dan iborat asarning dastlabki qismlarini shogirdi Hisomiddin Chalabiy ustozi og‘zidan yozib olib, keyin tahriridan o‘tkazgan. Chalabiy vafotidan so‘ng Rumiy asar davomini o‘n yilda yozib tugatdi. Kitob o‘z vaqtida va keyinchalik ham muallif nomi dunyoga keng tarqalishiga sabab bo‘ladi. Chunki, birinchidan, Jaloliddin Rumiy masnaviyda Sharqu G‘arb olimlarining, hatto, antik dunyo faylasuflarining falsafiy qarashlarini keng o‘quvchilar ommasiga tushunarli va sodda bir uslubda she’riy yo‘l bilan ta’riflab beradi, sharhlaydi; ularni islomiy ahkomlarga yo‘g‘irib, Qur’on va Hadislardan istifoda etadi. Tadqiqotchilar «Masnavii ma’naviy»da Rumiy Qur’oni Karimga 760 marotaba murojaat etganini aniqlashgan. Ikkinchidan, u o‘zining ijtimoiy-falsafiy, diniy, so‘fiyona qarashlari badiiy ifodasi jarayonida juda ko‘p hikoyat, afsona, masal va latifalardan foydalanadi. Sanoiy va Attor kabi shoirlardan farqli o‘laroq, Rumiy hikoyatlarida ilohiy va irfoniy tafakkur in’ikosi bilan birga hayot haqiqatiga yaqinlik aniq seziladi; ularning har birida qissadan hissa tarzida alohida hikmatomuz xulosalar, pandu tanbehlar mavjud. Masalan, «Baqqol va to‘tining yog‘ni to‘kib yuborishi», «Savdogar va uning to‘tisi», «Saxovatda Hotami Toydan o‘tgan xalifa», «Qazviniyning kuragi ostiga naqsh tushirishi», «Karning bemor qo‘shnisini ko‘rishga borgani», «Luqmon va qullar», «Muhtasib va mast» singari yuzlab hikoyatlarda Jaloliddin Rumiy noshudlik, g‘irromlik, tuhmat, kaltafahmlik, takabbur, sudxo‘rlik, badnafslik singari g‘ayriinsoniy xatti-harakatlarni qattiq qoralab, aqlu farosat, sabru qanoat, rostgo‘yligu halollik, kamtarligu saxovatpeshalikni targ‘ib etadi. «Men yetmish ikki millat bilan ittifoqda va birlikdaman», degan Rumiy juda ko‘p hikoyalarida inson qadrini ulug‘laydi, insonparvarlik g‘oyalarini islomiy aqidalar bilan chambarchas bog‘lagan holda targ‘ib va tashviq
etadi.
«Uch o‘g‘ri va bog‘bon», «Lo‘li bola», «Tuya va hammom», «Muallim va shogirdlari» singari bir turkum hikoyalarida Rumiy hayotiy illatlar, insonlarda uchraydigan salbiy xislatlar ustidan lutf bilan kuladi, hajviy holat yaratadi. Muallimning loqaydligi, o‘z kasbiga befarq qarashi, kamfarosatliligidan foydalangan o‘quvchilar «ustoz, bugun rangingiz sarg‘ayib qolibdi, ko‘zlaringiz qa’riga tortib ketyapti» deb vahimaga solib, o‘zlariga qo‘shimcha «ozod kun» olishga muvaffaq bo‘ladilar. Umuman, kitobda Rumiy haqiqiy ishq va islom ma’rifatini buyuk bir san’atkorlikda tarannum etishga erishgan.
Istanbul shahridan 200 chaqirimchalik g‘arbiy-shimolda Kunyo shahri joylashgan. Bu ko‘hna ma’naviyat manzilgohiga yaqinlashganingizda ko‘z oldingizda osmono‘par niliy gumbazli Jaloliddin Rumiy maqbarasi namoyon bo‘ladi. Obida ro‘parasiga kelsangiz, uning yuz xil naqshu nigorli ziynati ko‘zni qamashtiradi. Unga ganch o‘ymakorligi, yog‘och va mis kandakorligi san’atining qilqalam ustalari qadimiy uslubda zeb bergan. Butun peshtoqlar, devorlaru ustunlarga, hatto darcha panjaralariga Qur’oni Karim oyatlari sabt etilgan. Ularni o‘qishga «tishingiz o‘tmasa» ham mohiyatini maqbara gumbazining qaysi bir go‘shasidan taralayotgan nay sadosi vujudingizga singdirib yubo-
radi.
Hamidjon Homidiy
Fihi mo Fihi asarining tarjimasi bo`lsa juda yaxshi bo`lardi.Rumiy mening ustozimdir.