Alisher Navoiy. Munojot

munojot     «Munojot» Muqaddima va 3 qism: «Hamd», «Na’t» va «Munojot»dan iborat. «Hamd» va «Na’t»dagi fikrlar Navoiy dostonlari avvalidagi hamd va na’tlardagi qaydlar bilan mutlaqo hamohang bo’lib, Ollohning buyukligi, azaliy va abadiyligi, yagonalik sifatlari, Muhammad payg’ambarning ta’rifini beradi. «Munojot» qismi esa bevosita Ollohga murojaat tarzida bitilgan. Muallif undan afv iltijo qilib, o’zini gunohkor, Ollohning karamli ekanini ta’kidlaydi va panteistik ruhdagi e’tiroflarga o’tadi. Modomiki, deydi Navoiy, har qanday mavjudot, uning sifatlari, har bir jonzod, uning fe’l atvori, sa’y-harakatlari Olloh tomonidan qismat etilgan zkan, «taqdir qilganingni qilurg’a ne ixtiyor, qilmasmen demakka kimning haddi bor».

08
ALISHER NAVOIY
MUNOJOT
044

Bismillohir-Rahmonir-Rahim

Zihi isming azim, rahmonlig’u rahimlig’ing — vojibut-ta’zim. Ism — sening isming va rahmonliq va rahimliq — sening qisming, sen — ganj va ofarinish —tilisming. Isming jam’i sifoti — asmoi husno, rahmonlig’ va rahimligingg’a yuz ming hamdu sano. Rahim ham sen, rahmon ham sen, azim ham sen, subhon ham sen. Subhonolloh, ne kibriyovu azamatdurkim, sendin o’zgaga vujud itloqi bo’hton va tuhmatdur. Zoting — qayyumi barhaq, vujudung boqiyi mutlaq. Sendin o’zga mavjud ko’runganlar namudi benamud, balki nobudu nomavjud, vujud va mavjuddin sen maqsud. Taolo sha’nuka va amma ehsonuka va lo iloha g’ayruka. Yo vadud va Ma’budi vojib ul-vujud.

HAMD. Ilohi, azamat va jabarut sening sha’ningdadur va mulku malakut — sening hukmu farmoningda, azaliyatingg’a bidoyat yo’q va abadiyatingg’a haddu nihoyat yo’q. Dahr gulshanida har giyohu yafrog’ — sening hamdingg’a zokir va sipehr anjumanida har harfu avroq — sening ne’matingg’a shokir. Jamoliyating bo’stonida sekiz uchmoq—bir rayhoni dilnavoz va jaloliyating zindonida etti tamug’ — bir samumi jongudoz. Hashamating borgohida bir shamma — mehri munir va san’ating korgohida bir lavha — sipehri asir. Yuz bu olamcha mavjud etay desang, «kun fayakun» iborati anga kofiy va ming onchani ma’dum etay desang, «haboan mansuro» ishorati anga vofiy. Vahdoniyat sifatida shariku vazirdin mubarro va fardoniyat siyratida volidu valaddin muarro. Ilming daryosidin har gavhar nujum duraridin pokroq, mulkung sahrosidin har lola quyosh mash’alidin otashnokroq. Bemonandlig’ingg’a «laysaka mislihi shay’un» guvohi sodiq, bepayvandlig’ingg’a «lam yalid va lam yulad» dalili muvofiq. Har negakim tashbih qilinsa o’xshamassen, yaxshi boqilsa ul sandin durur va sen ul emassen. Hamdingda takallum ahli tili kosir, siposingda mutakallimlar ajzdin mutahayyir. Bu bobda «lonuhsi sanoan alayka» mazkur bo’lur, har necha balog’at lofin urgan dam urmasa, ma’zur bo’lur.

NA’T. Ulki, «kuntu nabiyyan va Odamu baynal-moi vattin» mazmuni anbiyoga muqaddamdur, «rahmatan lil-olamin va xotamun nabiinin» mantuqi bila alarga muaxxar va xotamdur, habibi Hazrati Iloh Muhammad rasululloh sallallohi alayhi vasallamdur. Yuz yigirma to’rt ming anbiyoyi mursal xilqatidin murod ul va barcha anga xayl va o’n sekiz ming olam ixtiro’idin maqsud — ul va ofarinish anga tufayl. Nubuvvat taxtida humoyui farqi uzra toj, anbiyovu rasul xaylida sohibme’roj, avvalinu oxirin xalqi aning shafoatiga muhtoj. Buroqi inoyat aning markabi ulvi xiromi va Jibrili hidoyat aning payki barqgomi, laylat ul-me’roj aning shabistoni va «li ma’ollohi vaqtun» aning maqomi. «Salavotullohu alayhi va alo olihit-tayyibin va ashobihit-tohirin».

alloh

MUNOJOT

Ilohi, akram ul-akramin — sen va men — gunohkor.

Ilohi, arham ar-rohimin — sen va men tiyra-ro’zgor.

Ilohi, agarchi jurmu isyondin o’zga ishim yo’q, ammo sendin o’zga ham kishim yo’q.

Ilohi, yo’q erdim bor etting, tifl erdim, ulug’lar jarg’asig’a qotting, ammo nafsu havo elidin zuhlum niholin ushotting va ofiyatim xaylin yozuq sipohi turktozidin tarqatting.

Ilohi, yomon af’olimdin parishonlig’nm cho’qtur va shum nafsimda pushaymonliq yo’qtur, mundoq balodin qutulurg’a ummidim sendin-o’qtur.

Ilohi, o’zluk yomonligidin o’zlugum bila o’ta olmaydurmen va yaxshilarning etagin yomonlig’im uyotidin tuta olmaydurmen.

Ilohi, yillar ibodat qilg’onni rad qilsang, hech kim daxl qila olmas va qarnlar isyon qilg’anni qabul qilsang, hikmatin hech kishi bila olmas.

Ilohi, Odam xilofot taxtining mustavjibi o’zimu bo’ldi, sening taqdiring bo’lmay shayton muxolifatining so’zimu bo’ldi?..

Ilohi, berguchisen ham fisqu fujurni, ham zuhd, ham vara’ni, alarning tuhmatin bir necha ojizg’a bog’lamoq ne ya’ni?

Ilohi, inoyatingg’a ummidvormenkim, gunohim behaddur va rahmatingg’a sazovormenkim, xatovu sahvum beadaddur.

Ilohi, dardi holimni har kimga aytsam, rad qilsa, sanga tavajjuh etkaymen va agar sen rad qilsang, netkaymen va kimga ketkaymen?

Ilohi, sening yo’lungda tufrog’ etsa, to’tiyodur va kesak yo’luqsa, kimyodur, g’ayringdin qizil oltun qora tufrog’dek beqadru kambahodur.

Ilohi, yomonlig’imdin agarchi ko’n alamim bor, g’am-xorim sen bo’lsang, ne g’amim bor.

Ilohi, dunyo mayli rishtasin ko’nglumdin uz va nafsoniyat tiyraligida hidoyat sham’i bila o’zung sori yo’l ko’rguz.

Ilohi, ul uzun yo’l va qatig’ vodiyda inoyating bila yo’lda va aning qat’ida ayog’im toyilsa, dastgirliging bila qo’lda.

Ilohi, bu yo’l sayrida shaytonni tegramga yovutma, agar ul aduv yo’l ursa zuhdumdin ne kelgay, inoyatingni o’ksutma.

Ilohi, taqvie berki, nafsi g’addor anga zabun bo’lsun, vara’e nasib qilki, shaytoni nobakor boshi aning ayog’ida nigun bo’lsun.

Ilohi, g’aflat uyqusidamen, bedor qil va jaholat mastligidamen, hushyor qil.

Ilohi, ul bedorlig’ni ogohlikka etkur va bu xushyorlig’ni beishtibohlikka ulandur.

Ilohi, dushmandur shaytoni xiylanamoy manga va nafsi xudroydur korfarmoy manga, bu vartalarda dastgir bo’lmasang, voy manga.

Ilohi, agar xislatim egridur, niyatim tuzdur, bu jihatdin agar qo’rqunchum bordur, ammo ummedim birga yuzdur.

Ilohi agar af’olimga boqsam, uyot o’lturur va sening karamingni sog’insam, ummid tanimg’a jon kelturur.

Ilohi, sendin yomonlig’ kelmas va mendin yaxshilig’, sen yaxshisen va men yomon. Har kimga o’ziga munosibdur qilig’. Tikan ishi sanchilmoq uchun, ani kuydurmak munosibdur, bahor fayzi om uchun, anga gul musohibdur.

Ilohi, tufrog’din el ko’ziga tiyralik etar va quyosh ashi’a bila olam ahli ko’zin ravshan etar.

Ilohi, chun har ne qililur sanga taqdirdur, qilg’uchig’a qilmoqta ne tadbirdur.

Ilohi, taqdir qilg’aningni qilurg’a ne ixtiyor, qilmasmen demakka kimning haddi bor.

Ilohi, agarchi zalolatqa tushubmen, ammo hidoyatingga talabgormen va agarchi tamug’ o’tig’a tushkali yovushubmen, ammo rahmatingdin umidvormen.

Ilohi, umidimni karamingdin ma’dum qilma va rahmatingni xaloyiqqa om qilg’onda meni ham mahrum qilma.

Ilohi, agar dastgir sen bo’lmasang, aso hamonu it g’unjisi hamon va agar pardapo’sh sen bo’lmasang, rido hamonu eshak arg’amchisi hamon.

Ilohi, toatingg’a havasim bor, ammo nafska zabunmen, ibodatingg’a multamasim bor, ammo giriftori ishqu jununmen.

Ilohi, lahvu havo mayidin mastmen, ujbu riyo jomidin mayparastmen, bu dastovizlar bila shaytong’a hamdastmen.

Ilohi, pariuzorlarga meni devona qilding va sham’i ruxsorlarg’a ko’nglumni parvona qilding, bu sabablardin rasvolig’ bila olamg’a afsona qilding.

Ilohi, necha musalsal zulf savdosidin bo’ynumda zanjir bo’lg’ay va muanbar xol xayolidin ko’nglum asir, sanga taqdir bu nav’ ersa, manga ne tadbir?

Ilohi, ko’nglum kishvari qaro kirpiklar yasoli yag’mosidin buzuqtur va sabrim uyi gulrang uzorlar xo’yi selidin yiquqtur.

Ilohi, har otashin la’l mening o’t tushkan jonimdin namudor va har serob g’unchada mening ko’p paykon ko’nglum shakli padidor. Bu ofatlarning iloji senga osondur, menga dushvor.

Ilohi, sho’xi chobuklarg’a chevilanda har yon shitob solursen va alarning har yon shitobidin mening oshufta ko’nglumga har dam iztirob solursen.

Ilohi, alarg’a ul shitobdin qaror yo’q va menga bu iztirobdin ixtiyor yo’q. Alarning dilrabolig’i ham — sendin va oshufta ko’nglumning mubtalolig’i ham — sendin.

Ilohi, birav husniga malohat berursen va aning tuzin mening ko’nglum jarohatig’a sepursen.

Ilohi, birav mijasi nishin zahrolud etarsen va uning no’gin mening yaralig’ bag’rimg’a sancharsen.

Ilohi, sham’ husni bezanmagi ham sendin va parvona joni o’rtanmagi ham sendin.

Ilohi, gul uzorig’a dilafro’zluk ham sen berding va bulbul fig’onu zorig’a jigarso’zluq ham sen berding. Agar qaysi sham’i gulrux ishqi o’tinkim ko’nglumg’a solding, parvona va bulbuldek sabru qarorimni olding.

Ilohi, agar ishq suubatidin bazm tuzdum va may seli ofatidin taqvo va zuhdum uyin buzdum. Ul ne may ichmak va ayog’ tutmak erdikim, ayog’-ayog’ qon yutmoq erdi.

Ilohi, agar hajr shiddatidin tuganlar o’rtadim, dinu islom mazra’ida xirmanlar o’rtadim.

Ilohi, har tugan savolidin ofiyatim ruxsorin qaro qildim va aning dudidin imonim ro’zgorin qaro qildim.

Ilohi, agar havasdin bosh-ayog’ yalang har yon yugurdum, boshdin-ayog’im yomon erkanin xaloyiqqa bildurdum.

Ilohi, agar shavq jununidin ko’ksumga tosh urdum, ul tosh bila nangu nomusum shishasin sindurdum.

Ilohi, gohi bu junundin atfol toshin boshimg’a yog’durdum, gohi ahbob malomati nishin ko’nglumga etkurdum.

Ilohi, qaysi isyon tiyralig’i bilakim, ofiyatim yuzi harormadi, qaysi bedod suubatikim, men qaro yuzlukka bormadi.

Ilohi, yigitlig’im bu nav’ ham qatig’ o’tti, ham achig’, qarilig’da yuz qatla o’zumni o’ltursam ne asig’.

Ilohi, emdi hamkim, barchadin kechmak xayolin qilurmen, o’zlugum bila kecha olmon, yaqin bilurmsn.

Ilohi, andoqki, bu balolarg’a solding, qutqor va andoqkim, bu ibtilolarg’a kiyurdung, chiqor.

Ilohi, men tavba qildim degandin ne sud, sen tavba bergilki, ham Tavvobsenu ham Ma’bud.

Ilohi, namozeki, el bo’lmag’uncha qilmag’aymen, xudnamolig’dur va ul namoz uchun xirqavu rido xudoroylig’dur.

Ilohi, ul namoyishu oroyishdin ko’nglumni mubarro qilg’il va bu nav’ shayton libosidin paykarimni muarro etgil.

Ilohi, toatqa tavfiq bersang, riyodin asra va ibodatqa yo’l ko’rguzsang, xatodin asra.

Ilohi, ul toatki, ujb kelturgay, ko’nglumga yovutma va ul ma’siyatkim uzrga etkurgay, tilimdin yiroq tutma.

Ilohi, beiloj dardga alil qilma va bemuruvvat nomardga zalil qilma.

Ilohi, beasllar mazallatidin asra va bediyonatlar tuhmatidin asra.

Ilohi, johil suhbatig’a poband etma va arozil hashmatig’a hojatmand etma.

Ilohi, nosiposlar malomatidin yiroq tut va haqshunoslar xususiyatidin qiroq tut.

Ilohi, ko’nglumni dardu shavqing muhabbati bila ovut va ko’zumni nadomat ashki selobi bila ravshan tut.

Ilohi, tilimni ne’mati beqiyosingga shokir ayla va ko’nglumni hamdu siposingga zokir ayla.

Ilohi, qalamimg’a hamding raqamig’a mashg’ulluk ber va raqamimg’a xaloyiq ko’ngliga maqbulluq ber.

Ilohi, zamirimg’a xudpisandlig’ni yovutma va xotirimni el naf’i aybjo’lug’ig’a tutma.

Ilohi, xayolimni niyozu dard ahlig’a moyil tut va niyozim ko’zin dardmandlar ayog’i tufrog’i bila yorut.

Ilohi podshohi Islomni muslimin boshig’a tutqil bardavom, ya’ni bandalarning ustig’a ko’lankangni qil mustadom, to shohu gadog’a duogo’yliq qilmish bo’lg’aymen, vassalom.

kabutar

«MUNOJOT» ASARI HAQIDA

Suyima G’anieva

   «Munojot» haqida ilk ma’lumot Ogoh Sirri Lavandning «Turkiya kitobliklarindaki Navoiy yozmalari» nomli «Turk tili aralashtirmalari yilligi — Byulleten’» (Anqara. 1958) da bosilgan maqolasida berilgan edi. Unda Istanbul. To’pqopi. Ravan kutubxonasidagi Navoiy kulliyotining nafis nusxasi (kotibi Darvesh Muhammad Taqiy, ta’rixi — 901-902 (1495-96-1496-97) va Fotih nusxa (Sulaymoniya kutubxonasi)larida kulliyot avvalidan o’rin olgan asar sifatida tavsif qilingan edi.

1973 yil «Adabiy meros — 3»da H. Sulaymonning «Alisher Navoiy kulliyoti qo’lyozmalari tadqiqotidan» nomli maqolasi bosildi. Muallif Navoiyning jahon kutubxonalarida mavjud bo’lgan 8 ta mo’’tabar kulliyoti fotonusxalari, ularning ko’chirilish tarixi nuqtai nazaridan xronologik tartibdagi muxtasar tavsifini beradi. Turkiya nusxalari tavsifida esa Ogoh Sirri Lavand ma’lumotlariga to’la tayanadi. Lskin undan farqli o’laroq H. Sulaymon Darvesh Muhammad Taqiy ko’chirgan nusxani «shoirning o’zi tuzgan kulliyot nusxasi bo’lib, unda kulliyot uchun Navoiyning o’zi yozgan so’zboshi — Munojot bor», — deb yozadi.

Navoiyning «Munojot» asari Ogoh Sirri Lavandning 1965—68 yillar mobaynida nashr etdirgan «Alisher Navoiy» nomli 4 jildli kitobining oxirgi jildida e’lon qilingan edi. So’zboshida noshir yozgan ediki: «Munojot mansur yogarish (duo, o’tinish)larning eng go’zallaridandir. Navoiyning mansur asarlari orasida til va uslub boqimidan eng qusursizi hisoblanadi. Muallif «Munojot» To’pqopi va Fotih kitobxonalaridagi Navoiy kulliyoti nusxalarining boshinda er olmoqdadur», — deb ta’kidlaydi.

«Munojot» mundarijasidan ma’lum bo’ladiki. «Kulliyot» uchun maxsus yozilgan so’zboshi emas, Navoiy «Kulliyot»ini tasnif etar ekan, o’zining butun ijodiyotining gumanistik mohiyati, dunyoviylik pafosi, ijtimoiy, siyosiy va falsafiy xarakteri, ma’lum isyonkorlik ruhi, asarlarida o’z aksini topgan shaxsiyati, bir so’z bilan ayttanda, ilg’or jihatlar davr mafkurasi nuqtai nazaridan shakkoklik sanalgan muddaolar birlashib shoirda botiniy bir hayajon ruhiy iztiroblar paydo qilgan va u Olloh nazdida tavba-tazarru’ qilish ehtiyojini sezgan, desak xato bo’lmagay. Lekin buyuk dahoning Ollohdan iltijolari ham uning dunyo qarashida va shaxsiyatidagi umumbashariy ahamiyatga molik ilg’or nuqtalarni ro’yi rost ilg’ab olish imkoniyatini beradi.

«Munojot» Muqaddima va 3 qism: «Hamd», «Na’t» va «Munojot»dan iborat. «Hamd» va «Na’t»dagi fikrlar Navoiy dostonlari avvalidagi hamd va na’tlardagi qaydlar bilan mutlaqo hamohang bo’lib, Ollohning buyukligi, azaliy va abadiyligi, yagonalik sifatlari, Muhammad payg’ambarning ta’rifini beradi. «Munojot» qismi esa bevosita Ollohga murojaat tarzida bitilgan. Muallif undan afv iltijo qilib, o’zini gunohkor, Ollohning karamli ekanini ta’kidlaydi va panteistik ruhdagi e’tiroflarga o’tadi. Modomiki, deydi Navoiy, har qanday mavjudot, uning sifatlari, har bir jonzod, uning fe’l atvori, sa’y-harakatlari Olloh tomonidan qismat etilgan zkan, «taqdir qilganingni qilurg’a ne ixtiyor, qilmasmen demakka kimning haddi bor».

Ma’lumki, Navoiy hayotining oxirida birmuncha yillar avval yuragi tubidan o’rin olgav haj safari ishtiyoqi yana olovlanadi. U 905 (1499—1500) yillar davomida bir necha marta bevosita va bilvosita — yaqinlari orqali Husayn Boyqarodan haj safariga izn so’radi. Har gal Sulton avvaliga ijozat berar, lekin darhol o’zi shaxsan shoir huzuriga tashrif buyurib, safarni qoldirishga ko’ndirib qaytar yoxud eng nozik do’stlarni oraga qo’yib shoirni ahdidan qaytarishga muvaffaq bo’lar edi. Navoiyning «Vaqfiya»da yozishicha, «ikki orzu rishtasidan (biri haj, ikkinchisi — Ijod — S. G’.) o’zgakim, girihi ko’nglum pardasidin echilmadi va ikki murod g’unchasidin o’zgakim, tuguni jonim gulshanidin ochilmadi…

Menikim bu savdo nizor ayladi, Havas ilgida beqaror ayladi.
Ne imonki, topqay qaroru sukun,
Birovkim, bu fikr etgay oni zabun».
Bu orzusi ro’yobga chiqmasligiga ko’zi etgan chog’larida Navoiy ruhiy azoblar girdobida qolar, har qanday rasmiy, norasmin davlat yumushlariyu madad istab keluvchilardan g’oyat toliqar edi, albatta.

«Munojot»dagi «Ilohi, emdi hamkim, barchadin kechmak xayolin qilurmen, o’zlugum bilan kecha olmon yaqin bilurmen. Ilohi, andoqqi, bu balolarga solding, qutqor va andoqkim, bu ibtilolarga kiyurdung, chiqor», — deya iltijo qilishi shoirning yuqorida yodga olingan tushkun kayfiyatidan darak beradi. Shu bilan birga hammadan voz kechish mumkin va oson, lekin «o’zlugi»dan kechish mutlaqo mumkin emas, bu aniq. Binobarin, «o’zluk«ni muqaddas saqlamoqqa, uni tahlika va loqaydliklardan xalos etmoqqa intilish nihoyatda zarur, degan shoirning yuksak e’tiqodini yuzaga chiqaradi.

Diqqatga sazovori yana shuki, Navoiy iltijolari zimnida uni ijodiyoti bo’ylab bosh xat bo’lib o’tgan davr, muhitga yo’naltirilgan armon va o’kinchli mulohazalarni uqsa bo’ladi. Shoir iltijolarining bir necha o’rnida nafsu havo (dunyo, boylik ma’nosidagi — S. G’.) mayli, hirsu riyo kabilardan saqlanishda madadkorlik qilishni o’tinishi fikrimiz dalilidir. Shuningdek, taqvo, zuhd, ibodat singari barcha el uchun zarur bo’lgan farzlarni bajarishda tavfiq tilaydi: «Ilohi, toatqa tavfiq bersang riyodan asra va ibodatqa yo’l ko’rguzsang xatodin asra», — deb yozadi u. Bu hol XV asr farzandi, tasavvuf ta’limotiga daxldor ijodkor uchun tabiiydir, albatta.

Navoiyning qator iltijolari uning didaktik qarashlari bilan bog’liqdir: «Ilohi, ashyolar (nodo’stlar — S. G’.) mazallatidin asra va bediyonatlar tuhmatidin asra. Ilohi, johil suhbatig’a poband etma va arozil (razillar — S. G’.) qashmatig’a hojatmand etma». Bu iltijolar «Mahbub ul-qulub»dagi shoirning didaktik o’gitlari, bir qator «tanbeh»laridagi hikmatli pandlari bilan hamohangdir.

Navoiy o’zining ijtimoiy qarashlariga oid fikrlarini ana shu «Mahbub ul-qulub»da davom etdirib, ularni chuqurlashtirgan, yangi-yangi tushunchalar bilan boyitgan. Uning zamona teskariligi, davr kajraftorligi haqidagi o’kinchli nolalari, zulmkorlik, behayoliklardan malul bo’lgan dilidan otilib chiqqan alamli nidolari o’z aksini topgan edi: «Davr bevafolari javridin dod va dahr behayolari zulmidin fig’onu faryod. To olam binosidur bu o’tga hech kim mencha o’rtanmaydur, to bevafoliq ibtidosidur bu yolinga hech mendek churkanmaydur. Zamon ahli bevafoligidin ko’ksumga tuganlar va davron xayli behayoligidin bag’rimda tikanlar». Bular «Munojot»dagi: «…gohi atfol toshin boshimg’a yog’durdum, gohi ahbob malomati nishin ko’nglumg’a etkurdum. Ilohi, qaysi isyon tiyraligi bilakim, ofiyatim yuzi qarormadi, qaysi bedod suubatikim, men qaro yuzlukka bormadi» kabi dardli armonlarda o’z aksini topgandek ko’rinadi.

Navoiy «Ilohi, zamirimga xudpisandlig’ni yovutma va xotirimni el naf’i aybjo’lig’ig’a tutma», — deya iltijo qilar ekan, u o’z umri oxiriga qadar ilg’or insonparvarlik zaminida g’oyat mustahkam turganligidan dalolat beradi. Xulosa tarzida aytish kerakki, Navoiyning «Munojot» asari shoir kulliyoti uchun yozilgan so’zboshi emas, balki hayoti oxirida e’tiqodlari mustahkam, imoni komil, ijodda g’oyaviy niyatlari yuksak, hayoti va orzu-umidlari pok va xolisligiga ishonsa-da, yana bir bor Ollohdan notinch ruhiyatiga osudalik tilab, avlodlarini ma’naviy kamolotga, e’tiqodiy ustuvorlikka, o’zligini qadrlash va uni muhofaza etishga chorlash maqsadida yozilgan, o’tmishga emas, kelajakka qaratnlgai dil so’zlaridir.

06

(Tashriflar: umumiy 199, bugungi 1)

Izoh qoldiring