
BODOM QISHDA GULLADI
Men burchakda, karavotimda chalqancha yotardim, behol. Koʻkragimda Stendalning «Qizil va qora» romani. Eshikdan oq xalatli, semiz Polina, uning ketidan pakana, qora patli xalatining etagi yerga tegib turgan bir yigitcha kirdi. Uning iyagi oldinga turtib chiqqan, koʻzi chuqur, peshanasi botiq edi.
— Sizlarga yangi mehmon olib keldim, — dedi Polina hammamizga tegishli qilib. Soʻng men tomonda yotgan joʻraboshimiz Ziganshinga qaradi: — Qabul qiling, oʻrtoq starosta. Bu kishining ismi… — U yigitchadan soʻradi: — Ismingiz nimaydi?
— Nosir, Nosirjon! — dedi mehmon hozirjavoblik bilan.
— Ana, Nosirjon ekan, — dedi Polina. — Palataning tartib-qoidasini oʻrgating. — Soʻng elektr choynak qoshida turgan kursini unga koʻrsatdi: — O’tiring, Nosirjon. Men hozir kelaman.










