Andrey Tarkovskiy​. San’at va san’atkor haqida

Ashampoo_Snap_2017.04.15_02h14m26s_002_a.png     Бир нарсани унутмайлик, энг даҳшатли шароитларда яшаб ҳам, ички озодлигига, эркига эга бўлган одамлар бўлган. Фикримча, озодлик танлов бўлолмайди, озодлик – руҳий ҳолат! Ижтимоий, сиёсий жиҳатдан тўла озод бўлган ҳолда, инсон келажакка ишончсизликдан, ўз қобиғига ўралиш ҳиссидан, фонийлик туйғусидан ҳалок бўлиши мумкин…

Андрей Тарковский​
САНЪАТ ВА САНЪАТОР ҲАҚИДА
Тилланисо Эшбоева таржимаси
007

1437980051_486354664.jpgАндрей Тарковский (4.04.1932 — 29.12.1986) – атоқли рус режиссёри. Машҳур рус шоири Арсений Тарковский оиласида туҳилган. Унинг асарлари дунё кинематография сан’­а­тининг юксак намуналари саналади. Тарковский замонасининг кинога, умуман санъатга муносабатини ўзгартирган ижодкорлардан биридир. Энг машҳур кино асарлари: «Иваннинг болалиги» (1962), «Андрей Рублёв» (1966), «Тошкент — нон шаҳри»(cценарий муаллифи; 1968), «Солярис» (1972), «Кўзгу» (1974), «Сталкер» (1979), «Ностальгия (Ҳасрат) 1983),»Қурбонлик» (1986).

007

* * *

Муҳаббат нима?
Мен буни айтолмайман. Уни қандай ва нима билан белгилашни билмайман.

* * *

Ўз-ўзини севиш барча ҳиснинг мезони, асосидир.

* * *

Кино, афсуски, санъатлар ичида қадрсизи ва омадсизидир. Унга сақичдек, сигаретдек, сотиладиган буюмдек қарашади.

* * *

Инсон машғулотлари ичида энг фойдалисини қолдиришга тўғри келса, шубҳасиз, у санъат бўлади.

* * *

Ҳар бир авлод болалари учун ўзини қурбон қилишга мажбур. Зеро, Муҳаббат – қурбонликдир.

* * *

Санъаткор сифатида менинг бурчим – ҳаётни қандай қабул қилсам, томошабинга шундай кўрсатиш.

* * *

Инсон бўшлиқда ҳам яшай олиши керак.

* * *

Кино, энг аввало, санъат. Ундан санъатнинг бошқа турларига қараганда тушунарлироқ бў­лишни талаб қилиш тўғри эмас. Мен омма­вийликда ҳеч қандай маъно кўрмайман.

* * *

Юксак маънода, айниқса, ижодий маънода эркинлик тушунчаси мавжуд эмас. Ижтимоий-сиёсий ҳаётда озодлик ғояси реал тушун­ча сифатида бор. Лекин бир нарсани унутмайлик, энг даҳшатли шароитларда яшаб ҳам, ички озодлигига, эркига эга бўлган одамлар бўлган. Фикримча, озодлик танлов бўлолмайди, озодлик – руҳий ҳолат! Ижтимоий, сиёсий жиҳатдан тўла озод бўлган ҳолда, инсон келажакка ишончсизликдан, ўз қобиғига ўралиш ҳиссидан, фонийлик туйғусидан ҳалок бўлиши мумкин.

* * *

Сўнгги юз йилликдаги маданий инқироз натижасида санъаткор бирор маънавий консепциясиз ижод қилмоқда. Бунда ижод қандайдир инстинктга айланмайдими, ахир?! «Истеъдод зим­масида ҳеч қандай мажбурият мавжуд эмас», деган қараш қаердан пайдо бўлди? Бу замонавий санъатда маънавиятсизлик ҳукм­рон эканини англатади. Санъат шаклий изланишлардан иборат бўлиб қолди, сотиладиган товарга айланди. Кинематография эса бу жараённинг чўққисидадир.

* * *

Ҳозирги ёшларнинг умидсизлиги шундаки, улар сершовқин (гоҳида агрессив) хатти-ҳаракатлар асосида бирлашишга интилмоқда. Ўзини ёлғиз сезмаслик учун шундай қилишади – бу хатарли огоҳлантириш. Менимча, инсон болаликдан бошлаб ўзи билан бўлишни ўрганмоғи лозим. Бу ёлғизликни англатмайди, ўз-ўзи билан зерикмасликни билдиради. Ёлғизликда зерикиш ва ундан қочиш ахлоқий хатардир.

4663.jpgYuksak ma’noda, ayniqsa, ijodiy ma’noda erkinlik tushunchasi mavjud emas. Ijtimoiy-siyosiy hayotda ozodlik g‘oyasi real tushun­cha sifatida bor. Lekin bir narsani unutmaylik, eng dahshatli sharoitlarda yashab ham, ichki ozodligiga, erkiga ega bo‘lgan odamlar bo‘lgan. Fikrimcha, ozodlik tanlov bo‘lolmaydi, ozodlik – ruhiy holat! Ijtimoiy, siyosiy jihatdan to‘la ozod bo‘lgan holda, inson kelajakka ishonchsizlikdan, o‘z qobig‘iga o‘ralish hissidan, foniylik tuyg‘usidan halok bo‘lishi mumkin.

Andrey Tarkovskiy
SAN’AT VA SAN’ATOR HAQIDA
Tillaniso Eshboyeva tarjimasi
007

414.jpgAndrey Tarkovskiy (4.04.1932 — 29.12.1986) – atoqli rus rejissyori. Mashhur rus shoiri Arseniy Tarkovskiy oilasida tuhilgan. Uning asarlari dunyo kinematografiya san’­a­tining yuksak namunalari sanaladi. Tarkovskiy zamonasining kinoga, umuman san’atga munosabatini o‘zgartirgan ijodkorlardan biridir. Eng mashhur kino asarlari: «Ivanning bolaligi» (1962), «Andrey Rublyov» (1966), «Toshkent — non shahri»(ssenariy muallifi; 1968), «Solyaris» (1972), «Ko‘zgu» (1974), «Stalker» (1979), «Nostalgiya (Hasrat) 1983),»Qurbonlik» (1986).

007

* * *

Muhabbat nima?
Men buni aytolmayman. Uni qanday va nima bilan belgilashni bilmayman.

* * *

O‘z-o‘zini sevish barcha hisning mezoni, asosidir.

* * *

Kino, afsuski, san’atlar ichida qadrsizi va omadsizidir. Unga saqichdek, sigaretdek, sotiladigan buyumdek qarashadi.

* * *

Inson mashg‘ulotlari ichida eng foydalisini qoldirishga to‘g‘ri kelsa, shubhasiz, u san’at bo‘ladi.

* * *

Har bir avlod bolalari uchun o‘zini qurbon qilishga majbur. Zero, Muhabbat – qurbonlikdir.

* * *

San’atkor sifatida mening burchim – hayotni qanday qabul qilsam, tomoshabinga shunday ko‘rsatish.

* * *

Inson bo‘shliqda ham yashay olishi kerak.

* * *

Kino, eng avvalo, san’at. Undan san’atning boshqa turlariga qaraganda tushunarliroq bo‘­lishni talab qilish to‘g‘ri emas. Men omma­viylikda hech qanday ma’no ko‘rmayman.

* * *

Yuksak ma’noda, ayniqsa, ijodiy ma’noda erkinlik tushunchasi mavjud emas. Ijtimoiy-siyosiy hayotda ozodlik g‘oyasi real tushun­cha sifatida bor. Lekin bir narsani unutmaylik, eng dahshatli sharoitlarda yashab ham, ichki ozodligiga, erkiga ega bo‘lgan odamlar bo‘lgan. Fikrimcha, ozodlik tanlov bo‘lolmaydi, ozodlik – ruhiy holat! Ijtimoiy, siyosiy jihatdan to‘la ozod bo‘lgan holda, inson kelajakka ishonchsizlikdan, o‘z qobig‘iga o‘ralish hissidan, foniylik tuyg‘usidan halok bo‘lishi mumkin.

* * *

So‘nggi yuz yillikdagi madaniy inqiroz natijasida san’atkor biror ma’naviy konsepsiyasiz ijod qilmoqda. Bunda ijod qandaydir instinktga aylanmaydimi, axir?! «Iste’dod zim­masida hech qanday majburiyat mavjud emas», degan qarash qayerdan paydo bo‘ldi? Bu zamonaviy san’atda ma’naviyatsizlik hukm­ron ekanini anglatadi. San’at shakliy izlanishlardan iborat bo‘lib qoldi, sotiladigan tovarga aylandi. Kinematografiya esa bu jarayonning cho‘qqisidadir.

* * *

Hozirgi yoshlarning umidsizligi shundaki, ular sershovqin (gohida agressiv) xatti-harakatlar asosida birlashishga intilmoqda. O‘zini yolg‘iz sezmaslik uchun shunday qilishadi – bu xatarli ogohlantirish. Menimcha, inson bolalikdan boshlab o‘zi bilan bo‘lishni o‘rganmog‘i lozim. Bu yolg‘izlikni anglatmaydi, o‘z-o‘zi bilan zerikmaslikni bildiradi. Yolg‘izlikda zerikish va undan qochish axloqiy xatardir.

Manba: «Sog’lom avlod uchun» gazetasi veb-sahifasi


003

(Tashriflar: umumiy 384, bugungi 1)

Izoh qoldiring