Buyuk ajdodlarimiz. Najmiddin Kubro. Ma’rifiy film

Videofilm ijodkorlari:
 Muallif   Botir Ali Imomov
Rejissor: Zafar Xo’jaqulov
Muharrir Nazar Eshonqul
Badiiy rahbar Xurshid Davron

Mazkur film Xurshid Davronning «Shahidlar shohi yoki Shayx Kubro tushlari» ma’rifiy qissasining ayrim boblari asosida suratga olingan. 


kubro

Najmiddin Kubro
(1145—1221)

Mashhur shayx, yirik tasavvuf olimi, xalq qahramoni va otashnafas shoir Najmiddin Kubro Xiva yaqinidagi hozirgi Sayot qishlog‘ida tug‘ilgan. Uning to‘liq ismi — Ahmad ibn Umar Abuljannob Najmiddin al-Kubro al-Xivaqiy al-Xorazmiy. «Shayxi valiytarosh» — «Avliyolar yetishtiradigan shayx» nomi bilan shuhrat qozongan bu ulug‘ inson tasavvufdagi mashhur kubraviya tariqatiga asos solgan. Bu tariqat ahllari xufiya zikrni targ‘ib etganlar. Kubraviya ta’limoti asosan Markaziy Osiyo va qisman Eronga tarqalgan.

Najmiddin Kubroning o‘nga yaqin asarlari fanga ma’lum. Uning, ayniqsa, «Al-usul al-ashara» («O’nta usul»), «Favoyih ul-jamol va favotih ul-jalol» («Jamol xushbo‘yliklari va jalolning kashfi»), «Risolat ul-hoif ul-hoim an lavmat il-loim» («Qo‘rquvchi ovvoralar va malomat etguvchi malomatiylar haqida»), «Tafsir», «Sharh us-sunna val-masolik» («Sunna va ezguliklar sharhi») kitoblari mashhur. Kubro o‘z asarlarini asosan arab tilida yozgan. Faqat boshlovchi so‘fiylar uchun qo‘llanma sifatida yaratilgan «Fi odob us-solikin» («Soliklar odobi haqida») asari va ruboiylarini forsiyda bitgan. Ingliz sharqshunosi J.S.Trimingem «Soliklar odobi haqida» asari tasavvufning eroniylashuvida muhim bosqich bo‘lganligini qayd etadi.

Najmiddin Kubro islom ahkomlari va tasavvuf talablarini xalq o‘rtasida nazariy jihatdan targ‘ib-tashviq qilish bilangina kifoyalanmay, o‘zining mardona xatti-harakati bilan uni amalda ham ko‘rsatadi. Gap shundaki, mo‘g‘ul galalari Xorazm tuprog‘iga bostirib kelganida u boshqa o‘lkalardan kelgan muridlarining begona zaminda o‘lib ketishlarini istamay, ularni tug‘ilgan yurtlariga jo‘natib yuboradi, o‘zi esa shahar mudofaasiga otlanadi. Shogirdlarining birga ketish to‘g‘risidagi takliflariga javoban: «Men shu yerda shahid bo‘laman. Menga Xorazmni tark etishga ruxsat yo‘q!» — deydi va qo‘liga shamshir tutib, qo‘yniga tosh to‘ldirib, yov qarshisiga chiqadi. Ularga tosh otadi, bir nechtasini nayza bilan urib yiqitadi. Dushmanlar unga kamondan o‘q uzadilar. O’qlardan biri Shayxning ko‘kragiga sanchiladi. Shahid bo‘layotgan paytda u dushman qo‘lidan bayrog‘ini tortib olib, shu darajada mahkam siqib ushlaganki, o‘n kishi bo‘lib ham uning qo‘lidan bayroqni olisholmagach, barmoqlarini kesishga majbur bo‘lishgan.

(Tashriflar: umumiy 929, bugungi 1)

2 izoh

Izoh qoldiring