Qadimgi yapon she’riyatidan. Matsuo Basyo

Ashampoo_Snap_2017.01.17_18h07m26s_002_.png  Yapon xalqining eng sevimli shoirlaridan biri Matsuo Basyodir. Uning she’rlarini yod bilmagan yapon dunyoda yo’q. U yaponlar uchun o’zbekkka Alisher Navoiy, rusga Pushkin, eronlikka Hofiz, xitoylikka Li Bo, nemisga Hyote qancha aziz bo’lsa, shunchalik qimmatlidir. Men Basyoni qarayib 40 yildan ortiq vaqt davomida tarjima  qilaman. Unga bo’lgan mehrim bir necha she’rimda aks etgan.

Xurshid DAVRON
BASYO HAQIDA
087

087       Buyuk yapon shoiri Matsuo Basyo 1644 yilda Xonsyu orolidagi Igo viloyatiga qarashli Ueno shahrida kambag’al samuray oilasida tug’ilgan.Bolaligida uni yapon oilaviy an’analariga binoan bir necha ism bilan ( Kinsaku,Tyuemon,Dzinsitiro,Tositiro) atashgan.Keyinchalik u o’ziga Matsuo Munefusa ismini oldi va dastlabki xokkularini shu ism bilan imzolagan.

Matsuo Basyo o’n yoshidan boshlab Igo viloyatining zadagon oilasining merosxo’ri Todo Yositadaga mulozimlik qiladi.Bor yo’gi ikki yosh katta bo’lgan Todo Yositidaning she’r yozishi Matsuoda ham she’riyatga havas uyg’otadi.

1672 yilda u o’zining ilk she’riy to’plami “Kaiooi”ni tuzadi.Oradan ikki yil o’tib u Kiotoga boradi va o’z davrining yetuk shoiri hisoblangan Kitamura Kigindan xaykay she’riyatidan saboqlar oladi.Bu ta’limdan keyin u yangi “Tosey” taxallusini qabul qiladi.

Shoir 1675 yili tug’ilgan joyini tark etib,Edo (bugungi Tokio ) shahriga ko’chib o’tadi. Xuddi shu yillari shoir qadimiy xitoy falsafasi va she’riyatini o’rganishga qattiq kirishadi.Bu havas natijasida buddaviylikning Dzen ta’limotiga asoslangan maktabi davrasiga qo’shiladi.

Basyo yapon mumtoz she’riyatidagi keskin burilish yasagan she’riy maktabga asos solgan. Xokku ( xaykay ) tarixida sezilarli iz qoldirgan Kikaku, Ransechtsu,Dzyoso,Kyosay,Siko kabi mashhur shoirlar Basyoning shogirdlari hisoblanadi. Buyuk darvish shoir 1694 yilda olamdan o’tgan.

Basyo Edo shshri atrofidagi Furukave degan joyda shogirdi tuhfa qiulgan kulbada yashagan.Kulba yonida banan daraxti ( yapon tilida bananni “basyo” deyishadi ) o’sgani sabab dastlab yashagan kulbasi,vaqt o’tib shoir taxallusi ham Basyo deb ataladi.

Basyo 1684 yildan boshlab umrining qolgan qismini sayohatlarda o’tkazadi.Bu sayohatlar mobaynida yozgan she’rlaridan iborat yo’l daftarlari uni butun Yaponiyaga mashhur qildi. Shoir 1694 yilda Osakada olamdan o’tadi.

Shoir amal qilgan ijodiy printsip — “fueki ryuko” haqida boshlang’ich sahifadagi “Dengiz yaproqlari” maqolasidan bilib olishingiz mumkin.Mening Basyoga bo’lgan mehrim unga bag’ishlangan 1988 yilda yozilgan ushbu she’rimda aks etgan bo’lsa kerak:

BASYO KITOBINING VARAQLARIDA

Basyo kitobining varaqlarida
Sarg’aygan yaproqlar,alvon yaproqlar,
Qadim ibodatgoh…Undan narida
Toqqa o’rmalagan daydi so’qmoqlar.

Ulardan tepada,
Tog’lar boshida
Qor bosgan qoyalar oqarib turar.
Hassaga tayangan sochi oq darvish
Izlab topolmagan olxori gullar

Va sovuq gullarning duri osilgan
Novdada yolgiz bir qarg’a o’tirar.
U chechaklari qor ostida so’lgan
Vodiylar tononga loqayd mo’ltirar…

Buyuk shoirning asarlarini birinchi bo’lib o’zbek tiliga tarjima qilganimdan behad faxrlanaman.

Matsuo Basyo
XOKKULAR
Xurshid Davron tarjimasi
011

Oqshom chog’i safsargul
Meni asir ayladi —032
Hushim yo’qotib qo’ydim.

* * *

Ey,olcha g’unchalari,
Shabboda ko’nglin olib
Kulib yuboring tezroq!

* * *

Sochi yoyiq majnuntol…
Uyimga ketolmasdan,
Mixlanib qoldim uzoq.

* * *

Olcha gulladi qiyg’os —
Bekindi bulutlarga
Sharmandasi chiqqan oy.

* * *

Yo’llar bosdim ko’p uzoq.
Huv, bulutlar ortida
O’tirib dam olurman.

* * *

To’shakda yotganimda
‘Kuz yetib keldi!’ deya
Qulog’imga shivirladi yel.

Yana vatanimga qaytib

Hech to’ymasdan boqurman —
Ado tog’i ustida
Balqqan oy buncha go’zal.

Shogirdimga javob

Men bir oddiy odamman!
Pechakgul gullaganda
Yeganim quruq shovla.

Qariya Du Fu

Bo’ronni uyg’otib soqoling bilan
Qayg’urarsan,kech kuz kirdi deb…
‘O, kim senga bag’ishladi jon?’

«DALADA OQARIB YOTGAN SO’NGAKLAR» DEB NOMLANGAN YO’L DAFTARIDAN SHE’RLAR:

* * *

Tuman yuzar, kuz yomg’iri yog’ar.
Ko’zga ko’rinmasa ham Fudzi cho’qqisi,
Bu dam u ko’nglimni yoritib turar.

* * *

Uxlab qoldim ot ustida.
Uyqu aralash ko’rdim: olislarda porlar oy.
Qaydandir tutun o’rlar.

* * *

Oysiz kecha. Zulumot.
Ming yillik daraxt bilan
Olishar tungi bo’ron.

* * *

Shu yerda halok bo’lgan
Esimito qalbidek
G’amlisan, kuz shamoli!

Dunyodan o’tgan onamning soch tolalari

Eriyotir kaftimda
Ko’zyoshlarim taftidan
Sochlarning oq qirovi.

Saygyo kuylagan buloq

Avvalgidek buloqning
Shabnamlari tomchilar…
Kir hayotni yuvsaydim!

Imperator Godaygo qabri yonida

Unut qabrni bosmish
‘Qayg’u o’ti’… Ayt, nechun
Qayg’urarsan, ey maysa?

* * *

Mayli, ho’l bo’lsin ko’ylagim,
O Fusimi shaftolilari,
To’king, yomg’ir tomchilarini!

* * *

Toqqa qarab o’ylayman… Birdan
Yengil tortdim, quvonib ketdim:
O’tlar aro binafsha gullar.

«DARVISH SHOIR MAKTUBLARI» NOMLI YO’L DAFTARIDAN:

Xatsusadagi ma’buda Kannon ibodatgohida

Ibodatgoh. Bahor kechasi.
Huv, burchakda ibodat qilgan
Qiz chehrasi naqadar go’zal.

Bodaysen tog’idagi ibodatgoh xarobalari

Ey, ko’kat tergan odam,
So’yla, bu tog’ o’tmishda
Ne-ne hasratni ko’rgan?!

* * *

Yana dilda uyg’ondi birdan
Ota-onam qayg’usi, yodi.
Tanho tustovuq sasi.

* * *

Sovuq ham gap bo’ptimi!
Do’stim bilan tunadik birga.
Yuragim to’la quvonch.

* * *

Qani tezroq, do’stlarim!
Ilk qor tushdi — kezaylik
To yiqilib qolguncha.

* * *

Qani ketdik! Men senga ko’rsatay
Yosino bog’larida gullagan bog’chalarni,
Ey, eskirgan qalpog’im!

Dunyodan o’tgan shoir Syengin bog’ida

Ne-ne xotiralani
Uyg’otdingiz ko’ksimda,
Qari bog’ olchalari!

Isa ibodatgohini ziyorat qildim

Qayerda u, qaysi daraxtda
Yashnar bu gul — o’zim bilmayman,
Biroq hidi dimoqqa yetdi.

Saygyo yashagan kulba yonidagi jilg’a

Bahor yomg’ri kabi
Oqar butoqlar aro
Shivirlab turgan buloq.

09

023

(Tashriflar: umumiy 776, bugungi 1)

2 izoh

  1. Matsuo she’rlarida tabiat tasvirining betakrorligi o’z tuyg’ularining tabiiy ruhda tasvirlanishi bilan ajralib turibdi. » Bahor yomg’iri kabi shivirlab turgan buloq» » Ko’kat tergan odam» ajoyib misralar…

  2. matsuo sherlirini okup bakmu tang kaldim.sherlar garqa kiska yezhlgan bolsimu xunqa yekimlik, rawan, bolupmu tyguliri qin, palasapaga toyungan ikan.imagizmlik sherliriing nadir orhiki ikan.

    HURXID DAWRAN AKA SALMAT WA BAHTIYAR BOLUNG!

Izoh qoldiring