Shukur Xolmirzayev. Bahor hikoyalari

bahor

BODOM QISHDA GULLADI

Men burchakda, karavotimda chalqancha yotardim, behol. Koʻkragimda Stendalning «Qizil va qora» romani. Eshikdan oq xalatli, semiz Polina, uning ketidan pakana, qora patli xalatining etagi yerga tegib turgan bir yigitcha kirdi. Uning iyagi oldinga turtib chiqqan, koʻzi chuqur, peshanasi botiq edi.
— Sizlarga yangi mehmon olib keldim, — dedi Polina hammamizga tegishli qilib. Soʻng men tomonda yotgan joʻraboshimiz Ziganshinga qaradi: — Qabul qiling, oʻrtoq starosta. Bu kishining ismi… — U yigitchadan soʻradi: — Ismingiz nimaydi?
— Nosir, Nosirjon! — dedi mehmon hozirjavoblik bilan.
— Ana, Nosirjon ekan, — dedi Polina. — Palataning tartib-qoidasini oʻrgating. — Soʻng elektr choynak qoshida turgan kursini unga koʻrsatdi: — O’tiring, Nosirjon. Men hozir kelaman.

Nosirjon onasi ish buyurgan yosh boladek kursiga oʻtirib, kalta qoʻllarini tizzasiga qoʻydi. Soʻng birdan irgʻib turib, dam u, dam bu tomonga qarab:
— Assalomalaykum, assalomalaykum! — dedi.
— Vaalaykum, — dedi Ziganshin. — Endi tanishib olamiz-da. Qani, oʻzlari nima ish qiladilar?
— Kurer, — dedi Nosirjon oʻrnidan turib.
— O’tiring… Kurer? Qaerda?
— Aptobus parkida.
— A, nima boʻlib… siz ham jigar kasalmi?
— Jigar! — Nosirjon oʻng biqiniga kaftini bosib qoʻydi. — Hech munaqa kasalim yoʻq edi. Ertalab parkka kelsam, bitta tanish shopir: «Koʻzing sargʻayipti,, medpunktga kir», deb qoldi. Medpunktga kirsam, jigar kasali, deb aytishdi. Keyin «skoriy pomosh»ga oʻtqazib, buyoqqa yuborishdi. Pastda tekshirishdi. Choʻmiltirib, mana bularni kiydirishdi. Keyin bu yerga… oʻzingiz nima ish qilasiz, aka?

Ziganshin gʻurur bilan kuldi:
— Karavotsozlik fabrikasida injenerman!

Nosirjon juda ulugʻ odamga duch kelganday oʻrnidan turib ketayozdi. Soʻng boshqa bemorlarga ham hurmat va sezilarli qoʻrquv bilan bir-bir qaradi.
— Bu yerda yotgan boshqalar ham… chakana odamlarmas! — dedi Ziganshin. — Anavi odam yozuvchi! — deb meni koʻrsatdi.

Nosirjon menga tikildi. Men unga «shunaqa aybim bor», degandek siniq iljaydim. Lekin uning koʻzlari katta ochilib ketgan edi. Joʻraboshimizning soʻzi davomiga quloq solmay:
— Men shoir Rafiqiyni koʻrganman! — dedi u hayajon bilan. — Apisha zakaz qilish uchun bosmaxonaga boramiz-da! He, koʻcha devorlariga, avtobuslarga yopishtiriladi-ku apisha? O’sha uchun… O’shanda koʻrganman. Oq sochli kishy ekan.

Dam hajviyanamo, dam qasidanamo she’rdar yozib yuradigan, qalam ahli orasida obroʻsiz, menga yoqmaydigan bir tizmakash edi Rafiqiy. Men horgʻin bosh irgʻagan boʻlib:
— Taniyman… Yaxshi, — dedim.

Ziganshin hamxonalarini tanishtirishda davom etdi: bu kishi — tilshunos, institutning ilmiy xodimi; bu kishi — mashhur montyor, ushbu kasalxonaga ikkinchi bor tushishlari: u kishi — Qodir etikdoʻz, ammo zoʻr kitobxon; anavi yigit — buxorolik. Gazli zilzilalarini koʻrgan, xolalarining uyiga kelganda shu kasalga yoʻliqib, bu yerga tushib qolganlar; narigi kishi — militsiya kapitani, yoshliklarida loʻli qizga oshiq boʻlganlar…

Polina kirdi. Qoʻltigʻidagi choyshab va adyollarni burchakdagi boʻsh karavot uetiga qoʻyib, birin-ketin yozdi. Qappaytirilgan oppoq yostiqning yon-veriga tap-tap urib, sochiqni karavot boshiga tashladi. Tumbani ochib, bir pachka qogʻozni gʻijimlab oldi-da,. Nosirga jilmayb, ta’zim qildi:

— Marhamat, Nosirjon!

Nosir sakrab turdi. U ham beoʻxshov ta’zim qilgan boʻldi.
— Shumi mening karavotim, shumi? — deya tumba qoshiga oʻtdi.
— Shu, shu! — dedi Polina faxr bilan.

Nosirni bir men emas, boshqalar ham kuzatib yotishardi. U jilmaygancha oppoq choyshabni silab koʻrdi.

Yestiqqa qoʻl tegizdi. Soʻng toʻshak chetini qatlab, karavot qirgʻogʻiga oʻtirdi. Polina kulib:
— Xoʻp. Tezroq tuzalib keting. Tartib-intizomga rioya qiling… Koʻp harakat qilmang. Hoziroq yoting! — deb chiqib ketdi.

Nosir shosha-pisha xalatini yechdi. Qidirinib, eshik yaqinidagi ilgichga ildi. Keyin zimdan bizning qanday yotganimizni koʻzdan kechirib, asta adyolni koʻtardi. Tovoni qiyshayib ketgan eski tuflisidan kichkina oyoqlarini chiqarib, karavotga tizzalab chikdi. Asta choʻzildi. Adyolni koʻksigacha tortdi.
— Xoʻp, gurung bering endi, Nosirjon! — dedi Ziganshin.

Chindan ham palatada aytilmagan gap kam qolgan, koʻp latifalar ikki-uch marotalab aytilgan, kimning nima toʻgʻrisida gapirishi ham taxminan ma’lum edi.

Bunday vaqtda kishi ermakka muhtoj boʻladi.

Nosirjon Ziganshinga oʻxshab karavotining boshi tomon surilib oʻtirdi.
— Shu bizning ishimiz qiziq-da, — dedi.
— Nimasi qiziq?
— Deylik, oʻzim… — Nosir bu tomonga oʻngarilib oldi. Birdan hayajonlanib: — Odamlarga hayronman! — deb xitob qildi. — O’zlari aptovusga chiqadigan bekatning nomini bilishmaydi, aka! Uni bilsa, narigi bekatni bilishmaydi. Uni bilsa, qanday aptovuslar toʻxtab oʻtishini bilishmaydi!
— O’shalarni bilish juda shartmi?
— E, qiziq ekansiz-ku, siz ham! Bilmasa adashadi-da!.. Adashadi! — deb ta’kidladi u zoʻr qanoat bilan. Soʻng oʻzicha maza qilib davom etdi: — Desangiz, bizga… menga har oy bepul abonement qogʻoz berishadi. Boʻsh vaqtim boʻldimi, duch kelgan aptovusga tushaman. Shaharni aylanaman… Misol uchun, aptovusda ketyapman. Koʻrib qolamanki, bekatda bir chol alanglab turipti. Sezaman: yoʻlni bilmaydi, adashgan… Shartta aptovusdan tushaman. «Salomalaykum, otaxon! Yoʻl boʻlsin?» «E, bolam, adashib qoldim. Falon joyga bormoqchi edim». Men darrov u kishiga tushuntiraman: shundoq aptovus keladi, oʻshanga oʻtirib, falon bekatda tushasiz… Vassalom. Chol bizni duo qiladi. Men yana aptovuzga tushib ketaveraman. Yana bir bekatda…
— O’, siz juda olijanob ekansiz! — dedi tilshunos qoʻshnim ovozida sezilarli kinoya va quvlik bilan.

Nosirjon yayrab ketdi.
— E, unchalik emas, aka!
— Nosirjon, uylanganmisiz? — deya yotgan joyidan turib oʻtirarkan, soʻradi Eshim montyor.

Hamma kulib yubordi: Eshim ayollar haqida, nuqul oʻshalar haqida suhbatni yoqtiradi va oʻzi ham shundan soʻzlab charchamaydi. Bu borada behayo gaplarni ham aytib yuboraveradi.

Nosir Eshimga tikilib qoldi-da, duv qizardi.
—- E, qoʻying-e! — dedi yosh boladek.
— Iya, nega qoʻyar ekanman! — deya avj qila boshladi montyor. — Hayot — oʻshalar bilan hayot, uka! Bizni bor qiladigan ham, yoʻq qiladigan ham oʻshalar, sizga aytsam! Masalan, oʻzim! Uylanganman. Ikkita bolam bor… — U davomini aytishdan oʻzini tiyib, Nosirga tikildi. — Hali… yaxshi koʻrganingiz ham yoʻqmi?

Nosirjon battar qizarib, boshini egdi. Soʻng qandaydir titrab…
— Odamdan kulmang-da, aka, — dedi.
— Nega kular ekan? Siz yigit kishisiz! — deya luqma tashladi buxorolik Aminjon.

Nosirjon oʻzining yigit kishi ekanini ilk bor eshitgandek, Aminjonga hayrat, aralash oʻqraydi. Keyin oʻzicha jiddiy tortyb, bemalol shiftga bokdi. O’ylandi.
— Yoʻq, — dedi.

Uning jiddiyati ham kulgili, ham yoqimli edi.
— A, bolapaqir-a! — deya xitob qildi Ziganshin. — Dunyoning lazzatidan benasib yurgan ekansan-ku, uka! O, muhabbat! — Yana bir parda koʻtarildi: — San’atsiz turmush — vahshiylik, deymiz. Lekin muhabbatsiz turmush-chi?!.

Nosir «Rosti bilanmi?» degandek joʻraboshiga uzoq tikylib qoldi-da, soʻng birdan menga qaradi. O’rnidan qoʻzgʻalmoqchi ham boʻldi. Polinaning gapini esladi shekilli, yana yotdi.

Men bunday sodda yigitni koʻrmagan edim.

Osma ukollarni olib kelishdi. Odam boshiga bittadan. Sepoya ustiga shisha idish oʻrnatilgan, idishning biqinida — qizil rezina ichak. Ichak uchida — igna. Shu igna bilak tomiriga sanchib qoʻyiladi. Idishdagi qonni tozalovchi suyuqlik shu orqali tomirga oʻtadi. Qon suyulib, badan sovib ketadi.

Navbat Nosirjonga yetganda Polinaning ishi oʻngidan kelmadi. Palatamizga qarovchi vrach — Qobil doktorni chaqirdi. Qobil doktor, odatdagicha — labida sigaret, Nosirning boshida xoʻb kuymandi. Oxiri:
— Siz dorili suv ichasiz. Stakanga qoʻyib bering, Polina! — dedi-da, mening yonimga keldi. — Qalaysiz, shoir? — U qoʻllarini xalati kissalarini yirtgudek qilib tirab, menga tikildi. Yonboshimdan Stendalning kitobini oldi. — A, — dedi. — Buyam she’r yozganmi?
— Men she’r yozmayman, — dedim.
— Bari bir, — dedi u. — Eski zamonda hammalaringni, shoir deb atashgan.

U tabobatdan ham oʻsha zamonlar muolajasini koʻproq tan oladi. Ota-bobosi tabib oʻtgan.
— Bu gashgagiz toʻgʻri, doktor, — dedim.
— Oqshom bir she’r olib kiraman. Koʻrib berasiz.

U nuqul Usmon Nosirning she’rlaridan koʻchirib kelib, menga koʻrsatadi. Men unga «Yaxshi she’r yozibsiz», deyman. U: «Men bari bir shoir boʻlmayman. Shunchaki koʻngil uchun…» deb qoʻyadi. O’zining ahvoli-ku, ma’lum, mening yolgʻon gapirishimni ham bilsa kerak. Mayli-da. Vaqtni ayamay bir shoirdan she’r koʻchiribdimi… yaxshi koʻrganidan koʻchirgan. Rafiqiyga oʻxshash da’vogarlardan shular tuzuk-da.
— Nosirga… ichishni buyurdingizmi?.. — deb soʻradim.
— Tomiri et orasida qolib ketgan. Yoshligida raxit boʻlgan. Nichevo, — dedi u. Keyin sigaretini bemalol buruqsatib chiqib ketdi. Polina havoda suzayotgan pagʻa-pagʻa tutunni sochiq bilan yelpigan boʻlib, zorlandi:
— Qobil aka hammani hayron qiladi, tavba!
— Lekin qoʻllari yengil-a? — dedi montyor.

Polina koʻzlarini katta ochib:
— Voy, asta soʻramang! ToshMIgayam chaqirib turishadi! — dedi.

Idishdagi suyuqlikning kamayishi, tamom boʻlishini kutib yotish kerak. Kishi zerikadi. Qoʻl uvishadi.

Polina chiqib ketgach, Nosirjon tumba ustiga olib qoʻyilgan idishdagi suyuqlikni birpasda ichib boʻldi. Keyin, oʻziga favqulodda bir yengillik berilganu, biz bechoralar atay mashaqqatga solingandek, mamnuniyat bilan jilmayib karavoti qoshida bir oz turdi. Soʻng qoʻshnisi — Aminjonning yoniga asta oʻtdi. Engashib uning bilagiga qaradi.
— O’, qon chiqyapti-ku, yana!
— Bor ekan, chiqadi-da, — dedi Aminjon. Nosirjon bosh chayqab kuldi.
— Mening tomirimni topisholmadi, — dedi quvonch bilan. — Ilgariyam topisholmagan. Keyin oyogʻimga ukol qilishgan.

Bemorlar tomirlaridan igna chiqib ketmasligi uchun ohista kulishdi. Nosirjon har bir bemor yonida bir toʻxtab, mening qoshimga yetib keldi. Stulni olib oʻtirganida Ziganshin toqat qilib turolmadi:
— Mulla yigit, hamshira nima dedi sizga?.. Nega yuribsiz? Jigar kasal deydilar buni! Jimgina yotish kerak!
— Rost, — dedim men ham. — Sizni bu ahvolda koʻrsa, urishadi.

Nosirjon sapchib stuldan turdi-yu, nochorlik bilan eshikka qarab, bir zum tek qoldi. Keyin:
— Sizdan bir-ikkita gap soʻrayman, — deb shivirladi menga…

Polina sepoyalarni ikkitadan-uchtadan qilib koʻtarib chiqib ketgach, eshikdan Qobil doktor koʻrindi. Menga koʻz qisib, xotinim kelganini, hozir kirishini aytdi.

Uyga qishlokdagi bir doʻstimdan xat kelgan ekan. Sadaf shuni olib kelibdi. Xatga bir baxshi shoirning toʻrt qator she’ri ham qistirilgan ekan. Menga yoqdi. Shoir osmondan turnalar karvoni oʻtayotgani, allaqaerdan sumalak hidi kelayotgani, havolar ipakdek mayin boʻlayotganini aytib: «Enajon, bilmadim, navroʻz keldimi», deb she’rni yakunlaydi. Ayniqsa, shu satri yokdi.
— «Enajon, bilmadim, navroʻz keldimi…» Yaxshi-ya? — dedim xotinimga.

U ham yigʻlamsirab, ham kulimsirab:
— Tashqarida esa qish! — dedi.
— Qor qalinmi?
— Hammayoqni qoplab yotibdi. Sirpanchiq… Anavi vrach yaxshi. Meni kiritvordi.
— Yaxshi. Boʻpti. Jigar kasal ham yuqumli. Qaytaver endi.

Nosirjon karavot qoshiga kelib turgan ekan.
— Assalomalaykum, kennoyi! — dedi.

Sadaf alik oldi.
— Tuzalyapsizlarmi? Tezroq tuzalib chiqing-lar-e.
— E, hademay otday boʻlib ketamiz! — dedi quvonib Nosir. — Bu yerning sharoiti!.. Jannatda topilmaydi! Qarang, kennoyi, hammayoq oshyuq, ozoda… Hozir osma ukol qilishdi! Shu deng, men dorini ichdim. Bari bir foydasi boʻlar ekan!

Turgan gap, Sadafga uning xunuk qiyofasi yoqmadi. Lekin u andishali ayol — bildirmadi:
— Doktorlar tanishingiz boʻlsa kerak-da, — deya kulib qoʻydi.

Hamisha hammaning gapiga qulogʻi ding Eshim montyor gap otdi:
— Bu ukamiz ustasi farang ekan, kelin!

Tushlik ovqatni ahvoli ogʻirroq bemorlar toʻshagida oʻtirib yeydi. Bu yerga oldinroq tushganlar, ya’ni tuzalib qolayozganlar esa oʻrtadagi stolda tamaddi qilishadi. Kastryul va boshqa idishlar qalangan aravachani ham koʻpincha Polinaning oʻzi gʻildiratib kiradi.

Polina asli yahudiy boʻlsa ham, juda oʻzbeklashib ketgan, nuqul «O’zimizning oʻzbeklar-da…», deb gap boshlaydi. Kasallarga mehribon. Ichida Qobil doktorni yaxshi koʻrsa kerak. Ayniqsa, zond yutgan paytlarimizda unga suyanib qolamiz. Zond — yarim gazdan oshadigan rezina ichak. Bir uchidan asta-sekin yuta boshlaysan. Tomogʻing qichimsirab ketaveradi. O’qchisang, boʻgʻilib qolasan. Polina dalda berib: «Oz qoldi. Yigitsiz-ku! Ha, boʻling!» deb turadi. Zondni sugʻurib olish oʻzingning qoʻlingdan kelmaydi. Boyoqish hamshira ikkinchi uchidan sochiq bilan ushlaydiyu koʻz ochib yumguncha chiqarib oladi. Juda yengil tortib ketasan.

Tushki ovqatdan keyin bir muddat gangir-gungur suhbat; soʻng uyqu elitadi. Jigari ogʻrigan bemorlar juda zaif, madorsiz boʻlarkan. Ovqatning ham mazasi yoʻq. Kuchli taomni esa doktorlar yoʻlatmaydi.

Tush koʻribman shu kuni. Tomda turgan emishman. Koʻkdan turnalar karvoni oʻtayotganmish. Osmonning u yer-bu yerida pagʻa-pagʻa, quchoq-quchoq oppoq bulutlar. Yosh bola emishman. «Enajon, navroʻz keldi!» deb baqirarmishman.

Biz uygʻonganda Nosirjon uxlab yotardi. Uning gʻiy-bati boshlandi. Tilshunos qoʻshnim yonboshlab:
— Kechirasizu men shu yigitchani… maymunga oʻxshatdim, — dedi.

Men kulib qoʻydim. Tilshunos shivirlab gapirgan boʻlsa ham, qoʻshni — Qodir ztikdoʻz eshitgan ekan.
— Abdulla Qahhorning «Sinchalagi»da Eshon bor-ku, xuddi oʻshaning oʻzi! — dedi.

Aminjon ham uni Eshonga oʻxshatgan ekan. Joʻraboshimiz Ziganshin:
— Kelinglar, uni Eshon deb ataymiz! — dedi.

Militsiya kapitani jilmayib:
— Har qaysilaringning bittadan-ikkitadan bolalaring boru oʻzlaring bolaga oʻxshaysizlar-a! — dedi.

Oshpaz uygʻur yigit:
— E tangrim, oʻzing kechir, — deb qoʻydi.

Bu yigit ellik beshinchi yillarda Qashqardan buyoqqa oʻtgan, koʻp xudojoʻy, koʻp kuygan banda edi.
— Jim! Qimirladi! — Eshim montyorning shu gapidan keyin gʻiybat toʻxtadi.

Nosirjon uygʻonib, birdan turib oʻtirdi. Bir daqiqa bizga begona nazar bilan qaragach, oppoq pishiq tishlarini koʻrsatib jilmaydi:
— Yaxshi uxlab turdilaringmi, akalar?
— O’zingizdan soʻrasak? — dedi Ziganshin.

Nosirjon jilmayib, tizzasidagi adyolni ikki tomonga qaratib siladi. Oppoq devorlarga quvonch bilan boqdi. Uning ancha faqir oilada oʻsgani koʻrinib turardi. U jilmayishini qoʻymay birpas oʻtirdi-da, karavotdan tushdi. Sochiqni olib:
— Betni yuvish kerak, betni yuvish kerak, — deb chiqib ketdi.
— Ichimizda yolgʻiz musulmonimiz shu ekan! — deb xitob qildi uygʻur yigit.

Uning gapida jon bor: uyqudan keyin istaganlar chiqib bet-qoʻlini chayib kelar, istamaganlar turiboq turpmi, olmami kavshashga tushar edi. Sirasi, hadeb yoʻlakka chiqaverishimizni vrachlar, hamshiralar ham xushlamasdi. Ayniqsa, endi tushgan kasallarning chiqishini… Shu kuni Nosirning qili-gʻimi, oshpazning gapimi ta’sir qilib, hammamiz yuvinib keldik.

Nosir mening yonimga keldi.
— Aka, muhabbat nima?

Men horgʻin kulimsiradim.
— Uni boshidan kechirmagan odam bilmaydi… U yurakka sodir boʻladi, Nosirboy. Uni koʻrsatib ham boʻlmaydi. Jahlingiz chiqqanda, birovni urasiz. Quvonganda — suyasiz… Muhabbat ham shunga oʻxshash narsa… Lekin u nodir his. Boyagi hislar ham, kezi kelganda, unga boʻysunadi, ukam. — «Qizil va qora»ni qoʻlga oldim. — Mana shu kitobni yozgan odam, hayotning asl ma’nosi muhabbatda, deydi…
— O’-oʻ!

Men ham zerikkan edim, shunday mavzularda uzoqroq gapirishni istardimu, lekin hamxonalarning diqqatini ortiqcha jalb etish, ularga mahmadana boʻlib koʻrinishdan choʻchirdim.
— Shunaqa, — deb qoʻya qoldim. — Ha, siz chindan ham biron qizni…
— Qoʻysangiz-chi, aka.
— Ota-onangiz bordir, Nosirjon?
— Otamiz hayot…
— Aka-ukalar?
— Yoʻq. Yolgʻiz farzandmiz.
— Nechanchi sinfni bitirgansiz?
— E! — dedi u kulib. — Beshinchidan oʻqishni tashlab ketganmiz, aka! — Soʻng shod-xurramlik bilan davom etdi: — Shoʻx boʻlganmiz-da, yoshlikda! Lekin bir bola uzun temirni boshi ustida aylantiraman deb bizning boshni yorib qoʻygan. Shunda oʻzimdan ketib qolgan ekanman… Olti oy kasalxonada yotdim. Tuzalishga tuzaldim-u, harfni tanimay qoldim, aka. Keyin javob berishdi. Lekin «oʻqima», deyishadi. Bu qanaqasi, dedim. Maktabga chopdim. Sinfga kirib oʻtirdim. Lekin, aka, doktorlar rost aytgan ekan, salga boshim ogʻrib qolaverdi. Boshim ogʻrisa muallimga aytaman. U kishi menga javob beradi. Oxiri: «Boshing ogʻrisa, bemalol chiqib ketaver», dedilar. Keyin, istagan paytimda darsga kirib, istamaganimda chiqib yuraverdim. Bolalarning menga havasi kelardi… Bitta fizika oʻqituvchimiz bor edi. He, yettinchiga oʻtganda! Yettigacha maktabga qatnadim-da. — Nosirjon qah-qah otib kuldi. — Lekin meni sinf jurnaliga yozishmagan ekan. Beshinchi sinfda qolavergan ekanman… O’sha fizika oʻqituvchimizni yaxshi koʻrardim… Ba’zan oʻzlari: «Endi bor!» der edilar. Men chiqib, boqchadan u kishining bolasini uylariga oborardim. Hovlisida ishlardim. Gul kesardim, meva terardim…

Polina kirdi. Nosirjon karavotiga qochib bordi. Hamshira bizga bittadan harorat oʻlchagich berib, Nosirga barmogʻi bilan poʻpisa qildi-da, tagʻin chiqib ketdi.

Jigar kasalining tuzalayotgani haroratda ham koʻrinadi. Biroq, eng ishonchli belgisi — koʻz bilan badandan sariqning ketishi, kishi oʻzini tetik tuta boshlashi. Yana biri — jigardagi shishning pasayishi, yoʻqolishi. Nihoyat, qonning tozalanishi.

Oldinroq tushgan kasallar jigarining usti qichiy boshlasa, shish qaytyapti, deb quvrnishardi.

Shu kuni harorat oʻlchagichni olgani qaytib kirgan Polina shivirlab, militsiya kapitaniga ikki kundan keyin javob berilishini aytdi. Hammamiz quvonib ketdik, u kishiga havas bilan boqdik.

Kechki ovqatga bir oz vaqt bor, har kim oʻz ishi bilan mashgʻul. Birov kavshanadi, uygʻur oʻrtogʻimiz karavoti tagiga yashirib qoʻygan bankadagi baliqqa tikilib oʻtiradi. Aminjonning ikki koʻzi derazadan tashqarida. Men «Qizil va qora»ni oʻqiyman. Ziganshin bilan Eshim oʻzaro shivirlashib, piq-piq kuladi. Men onda-sonda ularga qarab qoʻyaman. Aniq esimda: Nosirjon karavotda qoʻllarini tizzasiga qoʻyib, jiddiy, allanarsani oʻylab yotardi.

Xubbijamol kirib keldi. Xonamiz toʻlib, goʻyo hammamiz tuzalib qolganday boʻldik. U TashMIning toʻrtinchi kurs studenti. Bizning nomi xunuk kasalxonamizda praktikasini oʻtar, haftada ikki-uch kun navbatchilik ham qilar edi. Uni hali vrach deb boʻlmasdi, albatta. Biroq, koʻzlari xiyol qiyiq, xipchagina bu qizda kishining ruhini daf’atan koʻtaradigan, uni olis kengliklarga undaydigan va yaxshi kunlarini yodga soladigan bir oʻktamlik, hayotbaxshlik bor edi.
— Assalomu alaykum, akajonlar!

Nosir oʻrnidan turib ketib, hammamizdan oldin alik oldi:
— Vaalaykum. Keling, opa!

Xubbijamol Nosirga qiziqish bilan tikildi. Chehrasida kinoya ham, istehzo ham, yigitchaning maymunga oʻxshash qiyofasidan hayronlik alomati ham koʻrinmadi. Ichimda qizdan minnatdor boʻldim.
— Siz… qachon keldingiz? — deb soʻradi qiz.
— Bugun, bugun! — dedi Nosirjon hovliqib. — Hali… tushdan oldin. Shu deng, opa, hech munaqa kasalim yoʻq edi. Ertalab garajga kelsam, bitta shopir: «Koʻzing sargʻayipti, medpunktga kir», deb qoldi. Medpunktga kirsam, sen «jeltuxa» deb, mana… — U mungʻayib yelkasini qisdi. — Hozir…

Xubbijamol allaqanday suyib yigitchaning kiftiga qoqdi.
— O’tiring. Yoting… Ismingiz nima?
— Nosirjon! — dedi Ziganshin.
— Yoʻq. Eshon… Eshonjon! — dedi Qodir etikdoʻz.

Eshim ham kulib, uning soʻzini ma’qulladi.
— Yo tavba. Qulogʻiga azon aytib qoʻyilgan oti bor-ku! — deya xitob qildi uygʻur yigit.

Xubbijamol qah-qah otib kulib, Nosirga:
— Qaysi ism yoqadi sizga? — dedi.
— Menga.. oʻzimniki-da! Bizda eshon oʻtmagan, — dedi Nosirjon.
— Boʻpti. Boʻlmasa, sizni Nosir eshon deymiz. Yoqadimi?

Nosirjon «Bu kishiga nima deyin?» deganday, biz tomonga koʻzlarini kattartirib qaradi.
— Rozi boʻlmaysanmi? Rozi boʻl! Shunday qiz… seni eshon deb tursa-ya! E, Xubbijamol, menga aytmaysizmi, haqingizga duo qilardim!

Nosirjon endi Xubbijamolga qaradi.
— Ixtiyor oʻzingizda, — dedi qiz.
— Yoʻq. Mayli! — dedi Nosirjon birdan hayajon bilan. — Xohlasangiz, Nosir eshon deyavering, opa! Mayli!
— Hah, yoqmay qolsin, — deya qiyqirib kuldi Eshim.

Xubbijamol ham kulib:
— Boʻpti! — dedi. — Siz bugundan e’tiboran — Nosir eshonsiz!
— Ura! — dedi etikdoʻz.

Xona kulgiga toʻldi.
— Boʻlmasa, Nosir eshonim, siz ham bu akalaringizga oʻxshab yotasiz! — dedi Xubbijamol va nihoyat biz tomon burildi. Biroq uning «eshonim» degani yangidan kulgi uygʻotgan edi. Har kim Nosirga har yoqdan gap otadi. Eshim esa, hammaning soʻzidan xulosa chiqargandek, men tomon kelayotgan Xubbijamolga sirli ovozda:
— Bu, juda gʻalati boʻldi-ku! — dedi. — A, singlim? Eshonim dedilar… Hoy, Nosirboy, nima balo qilib qoʻydingiz hozir? Xubbijamolning soʻzini eshitdingizmi ?
— Nimani eshitdim? — dedi Nosirjon gap nimadaligini uqolmay.
— Axir, sizni «eshonim» deb, oʻzlariniki qilib gapirdilar-ku?

Nosirjon yalt etib, hatto koʻzlari olayib qizga qaradi. Xubbijamol kula-qula:
— Ha, nega endi oʻzimniki qilib gapirmas ekanman! — dedi. — Balki…

Xona yana qiyqiriqqa toʻldi.
— Balki… balki-ya! — deb oh chekdi Eshim. — O’, eshon! Baxting bor ekan, uka! Yoki boʻlmasa… oʻlgudek uxajur ekansan, uka! Birpasda shunday qizning boshini aylantirib tashlading-a!

Nosirjon qoʻrqib, ammo ishshaygancha dam unga, dam bunga boqar edi. Xubbijamol karavotim oldiga kelib, uni

toʻsib qoʻydi. Qiz shu kungacha bizning har birimizni oʻrganib boʻlgan, har birimizga tegishli gapni allaqanday ichki sezgi bilan his qilib aytar edi.
— Kitob… Haliyam kitob! Zerikmaganingizga hayronman! — dedi menga. — Kennoyimning oʻrnida boʻlga-nimda, kitobdan boshqa narsalar ham bor, der edim…
— Xuddi xotinimning gapini aytdingiz, singlim, — dedim.

Qurmagʻur yigitlar shu gapdan ham qiyiq topib kulishdi.

Xubbijamol tilshunosga uning tuzalib qolgani, vrachlar nima uchun javob berishmayotganiga hayron ekanini aytdi: holbuki, uning koʻzidan hali sarigʻi ketmagan edi. Montyorga:
— Kasalxona sizga yoqipti. Bu gal ham chiqqandan keyin tuxumdan koʻproq yeng. O’zimiz opkelamiz! — deb hazillashdi.

Yana qiyqiriq, yana kulgi boʻldi. Eshimboy oʻtgan gal tuzalib chiqqach, xotiniga bozordan oʻnta tuxum keltirtirib, oʻnovini ham paqqos yutib, ertasi kechga qolmay yana kasalxonaga kelib tushgan ekan.

Xubbijamol Ziganshinga kasalxonadan chiqqach, koʻproq ichishni «maslahat» berib, Aminjondan:
— Gazlini sogʻinmayapsizmi? — deb soʻradi. Soʻng shunday barvasta yigitga kasal boʻlib yotish yarashmasligini aytib, kapitan bilan soʻrashdi. Oshpazga yetganda karavot tagiga qarab olib: — Rahmingiz kelsin-a? — dedi.

Yana Nosirjonning yoniga qaytib, unga qandaydir ham achinish, ham mehr bilan bokdi. Soʻng yana hammamizga tegishli qilib:
— Akajonlar, bugundan boshlab yana xizmatingizdamiz! — deb chiqib ketdi.

Nosirjonning Xubbijamol bilan uchrashuvi shunday boʻlgan edi. Buning davomi… Davomini kim oʻylabdi deysiz!

O’sha kuni Xubbijamolning Nosirga «eshonim» deganini eslatib, men ham qandaydir ilmoqli gaplar qildim. Eshim-ku tinmadi. Hatto militsiya kapitani ham Nosirjonga: «Sizga juda boshqacha qaradi», — dedi. Keyin, qizning xonaga kiriboq Nosirga qiziqqani yana ancha gap boʻldi…

Oqibatda Nosirjon oʻylanib qoldi. Odamzod qiziq-da: uning jiddiy oʻylanishi ham yoqimli, qiziq; ham kulgibop, ermakbop edi. Agar bu gap-soʻzlar oqibati Nosirni qanday koʻylarga solishini ilganimizda… Yoʻq. Aksincha, unga hazil qilish, qizni eslatish bizga yoqar, bunga sari Nosirjonning Xubbijamolga qiziqishi ortar edi. Buni koʻrib, biz xudai yolgʻon-yashiq gaplar bilan bir muhim natijaga erishayotgandek tuyardik oʻzimizni.

Bular — keyingi gaplar. Lekin oʻsha kunning er-tasi Xubbijamol Polina bilan xonaga kirganda Eshim:
— Singlim, eshoningiz tuni bilan kiprik qoqmay chiqdi! Oshiqi beqaror boʻlib qolganga oʻxshaydi! — dedi.

Qiz qah-qah otib, ukasining yelkasini silagandek, Nosirjondan:
— Shundaymi? — deb soʻradi engashib.

Nosirjon, koʻzlari katta ochilib, asta karavotdan

tusha boshlagan edi, qiz uning tizzasiga shap-shap urib: «Yoting, qimirlamay yoting!» — dedi. Nosirjon yotdi-yu, lekin qizdan koʻz uzmadi.

Ha, Xubbijamol oʻziga xos goʻzal, barno qiz edi. Boʻyi Nosirjondan bir yarim qarichcha baland.
— Agar shu gap rost boʻlsa, boʻldi! — dedi Xubbijamol qaddini koʻtarib. — G’animlar kuysin! Toʻgʻrimi, eshonim?
— Sevgilim, dengda-e! — dedi Eshim.

Qiz qoʻllarini orqasiga qilib, qaddini koʻtardi.
— Sevgilim, desam, nima qipti!
— Ura! — dedi Qodir etikdoʻz.
— Ura-a! — dedi Ziganshin.
— Aytmovdimmi, siz… zoʻr yigitsiz! — dedi Aminjon.

Nosirjon bir uning ogʻziga, bir buning ogʻziga qarar, koʻzlari yana ham kattarib ketgan, koʻrinib turibdi, ichidan qattiq hayajonlanar edi. Polina, odatdagicha, yana bittadan harorat oʻlchagich ulashdi. Harorat oʻlchagichni qoʻltigʻimizga qisib, uyoq-buyoqdan gaplashib yotdik: tashqari qor… O’zga xonalardagi kasallar. Kimdir Polinadan: «Qobil doktor qaerda?» deb tagdor qilib soʻradi. U qizarib ketib: «Eng yomon palata, shu, Jamol… Tagʻin siz shu xonaga kirasiz-a!» — dedi. Bu gap yana yigitlarning jagʻini ochib yubordi.
— Nega kirmasinlar? Bu yerda sevikli eshonlari yotipti-ku!
— Obbo eshon-e! Usta ekansiz, pirim!
— Ura!..

Yarim soatlardan keyin Qobil doktor sigaret tutatib kirdi. Har bir bemorning qornini ochib, ji-gari ustini chertib koʻrdi. Tiliga, koʻziga tikildi. U aytgan gaplarni, odatdagicha, Polina yozib oldi. Chiqa turib:
— Shoir, kecha ish chiqib qoldi, bugun kiraman, — dedi menga.

Ovqatlandik. Gurung. Kimlardir uxladi. Men ham bir oz mizgʻib, kitobni qoʻlga olgan edim, Nosirjon bir-bir bosib qoshimga keldi.

Tumba oldidagi stulga oʻtirdi. U ancha horkin edi. Kulgim qistadi.
— Kecha yaxshi uxlamaganingiz rostmi? — deb soʻradim.
— Men? Yoʻq… Uxladim, — dedi u nimadandir hayiqqandek. Soʻng eshikka qarab oldi-da, qizarib, asta shivirladi: — O’zlari chiroyli-ya opaning?

Tilshunos eshitib yotgan ekan:
— Nega opa deysiz? Nega? — dedi birdan doʻq qilib. Uygʻoqlar kulib yuborishdi. Nosirjon endi oqarib:
— Opa-da! U kishi mendan katta! — dedi.
— Vey-vey, oʻlaman! — deb nido qildi Eshim montyor. — Shu kattami? Xoʻp, katta boʻlsa boʻpti-da… Mening xotinim ham oʻzimdan besh yosh katta. Boʻyi ikki qarich baland!

Yana kulgi boʻldi. Uygʻur yigit:
— Yo oblo! Buzildinglar, joʻralar! — dedi. Kapitan ham uni quvvatladi:
— Bularning gapiga ishonmang, Nosirjon. Nosirjon menga tikilib turdi-turdi-da:
— Shundaymi, aka? — dedi.

U mening «Shunday emas», deyishimni kutardi. «Nega buning koʻnglini choʻktiray?» deb oʻyladim-da:
— Kim biladi, — deya yelka qisgan boʻldim. Nosirjonning chiroyi ochildi. Tagʻin eshikka qarab qoʻydi. Shunda men bir adib sifatida… odamda boʻlayotgan oʻzgarishni koʻrdim; uni kuzatish ahdim boʻlib qoldi. Yozuvchilik kasbi ba’zan shafqatsizlikni talab etadi. Deylik, aybdorni soʻroq qilishyapti. Uning qarindoshlari yigʻlayapti, tomoshabinlar hayratda. Tergovchi esa pinak buzmaydi. Yozuvchi ham ba’zan shunday holga tushadi. Biroq, sizni ishontirib aytaman, uning tergovchidan farqi bor — u qiynalib, oʻrtanib kuzatadi, «suroq qiladi». Ammo, tabiiy, buni sirtiga chiqarmaydi. Toʻgʻri, u ham odam, ba’zan sirtiga tepib ham qoladi.
— Rahmat, rahmat, aka, — deb shivirladi Nosirjon va joyiga qaytib ketdi.

Yana osma ukol kirdi. Nosirjon shisha idishdagi dorili suvni stakanga quyib yana ichib oldi. Keyin lablarini yalab:
— Menga yokdi. Men tuzalyapman, akalar! — dedi.

Polina sepoyalarni yigʻib chiqarkan, Nesirjon unga bir nima demoqchi boʻlib koʻp shaylandi. Nihoyat uning orqasidan chiqdi. Eshim montyorning ham ketishiga sanoqli kunlar qolgan, qoni tozalanayotgan edi. Endi oʻziga ehtiyotkor boʻlib qolgan. Shunga qaramay, karavotdan shoshib tushib, eshikdan moʻraladi. Anchadan keyin qornini ushlagancha qaytib joyiga keldi. Piq-piq kulib:
— Priyomniy pokoygacha bordi, — dedi. — Qobil quvib soldi… Xubbijamolni soʻramoqchi edi!

Kulga koʻtarildi. Nosirjon shumshayib kirib, joyiga oʻtdi.
— Bor ekanmi? Gaplashdingizmi? — dedi Eshim.
— Kim? — deya talmovsiradi Nosir.
— Kim boʻlardi, jonon-da. Nosirjon sovuq oʻqraydi. Menga qarab:
— Aka, jonon degani yaxshimi, yomon? — dedi.
— Qanday aytilishiga bogʻliq, — dedim men. — Menimcha, Eshim akangiz begʻaraz…

Nosirjon Eshimga ishonchsizlik bilan qarab qoʻydi. Keyin toʻshagiga chiqib yotdi. Shu boʻyi tushki ovqatgacha gap qotmadi. Turib-turib mening unga rahmim kelar, lekin uni koʻnglida kechayotgan xayollaridan ayi-rishga koʻzim qiymas edi. Buning ustiga, bu holatlarning davomi menga qiziq tuyular, nazarimda, shunchaki oʻyin boʻlyapti-yu, Nosirjon buni payqagach, kulib yuboradigandek… edi!

Ovqatdan keyin ham Xubbijamol koʻrinmadi. Kechki uyqudan uygʻonsam, u eshik ogʻzida qoʻllarini qovushtirib turibdi. Hamma uygʻoq. Chamasi, men kitobga berilib, kech uxlagan edim.
— Mening qadrimga yetmadinglar, endi ketaman… — deyayotgan ekan u. Ovozidan shirin bir shoʻxlikni, beozorlikni uqdim. Ilgarilari ham ketayotganida, chamasi, shunday der edi. — Yoʻq, imtihonlarimiz boshlanib qoldi, — deya davom etdi Ziganshinga qarab. Soʻng yonida tik turgan Nosirjonga uqtirdi: — Har imtihonni topshirgandan keyin kelib sizni… mana bularni koʻrib ketaman!
— Voy-voy, chidolmayman! — deb baqirdi Eshim. — Sizni… dedingiz-a, Xubbijamol?!

Xona yana kulgiga toʻldi. Bir qarashda, shirinsuxan hamshiralar bilan bunday hazil-huzul oʻzga xonalarda ham boʻlishi mumkin edi. Lekin ulardan farqi… bizning xonadagi hazil «cheti»da titrab-qaltirab Nosirjon turar, chamasi, Xubbijamolning ketayotganidan u qattiq iztirobda edi.
— Xoʻp, eshonim, hozircha xayrlashamiz, — dedi qiz nihoyat. Keyin bizlarga ham bir-bir qarab, bir ogʻiz-yarim ogʻiz gap otib, yana Nosirjonga boqdi. Unga qattiq tikildi-da, kulib yubordi. Kulgisida qandaydir achinishni aniq sezdim. — Nega mundoq turibsiz? — dedi. — O’tiring!.. Yoting. Ha-ha, yoting, darrov yoting! Xafa boʻlaman!

Nosirjon «Rosti bilanmi?» deganday, unga xoʻmrayib boqdi-da, shosha-pisha karavotiga chiqib oʻtirib oldi. Xubbijamol qoʻlini orqasiga qilib xiyol egildi.
— Muvvaffaqiyat! Faqat «besh» boʻlsin! «Besh», — deya tilak tiladi yigitlar.
— Lekin, — dedi qiz birdan qovoq solib, — men «besh» olib kelganimda, sizlar ham bemalol yuradigan boʻlmasalaring, bilasizlarmi, xafa qilaman!

U eshikdan chiqar ekan, Nosirjonga tagʻin iliq, xayrxoh tabassum hadya qildi.

Men Nosirjonni kuzatar edim. U bir nafas qotgancha oʻtirdi. Keyin qovogʻini uyib karavotdan tushdi. Tuflisini oyogʻiga ilib, kichkinagina boʻlib, eshikdan chikdi. U chiqqan zahoti Qobilning shovqini eshitildi. Nosirjon qochib kirib, shu boʻyi yotib oldi.

Keyin Qobil kirib:
— Nima ish qilsang, qil, lekin hozir yotishing kerak, bola! — dedi… — Qadimdayam tabiblar yotqizib davolagan!.. O’zing dori ichib yotibsan. Tomirlaring… haligiday! Koridorda nima bor?!
— Nima, nima… yoʻqmi? — deya toʻngʻilladi Nosirjon.
— A?

Nosirjon teskari qarab yotdi. Qobil shoshilmay kelib, karavotim yonidagi stulga oʻtirdi. Katak daftar varagʻiga yozilgan she’rni uzatdi. Ilk jumlasini oʻqib, kulimsiradim. Bu ham Usmon Nosirning she’ri edi.

Sevgi, Sening shirin tilingdan

Kim oʻpmagan, kim tishlamagan…

Uning hurmati uchun she’rni oxirigacha oʻqidim, ichimda maza qilib oʻqidim. U bemalol sigaret tutatar, mening hukmimni kutar edi.
— A’lo she’r! — dedim.
— Shunaqa. Boʻsh vaqtda yozamiz, — dedi u. — Men bostirishga qiziqmayman… Sizda qolishi mum-kin.
— Rahmat! — dedim. U chiqib ketdi. Tilshunos qoʻshnim varaqni soʻrab olib, bir oz tikildi-da, baland ovozda oʻqiy boshladi:

Sevgi! Sening shirin tilingdan

Kim oʻpmagan, kim tishlamagan…

Men bu she’rni ilk marta oʻqigan chogʻlarimni, erta bahor sobiq omborxonani darsxonaga aylantirib, lampachiroq shu’lasida oʻtirgan kezlarimni eslab, koʻzimni yumdim.

Yigitlar she’rni oʻzlaricha muhokama qilishdi, qoʻldan-qoʻlga oʻtkazib oʻqishdi. Qattiq kulgidan koʻzimni ochdim. Varaq Nosirjonning qoʻlida, u titrabgina turardi. «Ajabo, yigitlar uni aldayapti-ku! — deb oʻyladim. — Chakki boʻldi, Xubbijamol ham uni aldadi. Yoki hazillashdi, balki koʻnglini koʻtarmoqchi boʻldi… Umuman, u har birimizga ham shu taxlit hazillar qilishi mumkin…»
— Nimaga kulasizlar? — dedi Nosirjon. — O’qishni bilmayman, vassalom… ana, yozuvchi domlaga aytdim, yoshlikda kasal boʻlganman. Odamdan kuladi bular! — U karavotga tappa oʻtirdi-da, Aminjonga favqulodda hayajon bilan soʻzlay ketdi: — Lekin kinoapishalarni birov oʻqisa, darrov yodimda qoladi…

Aminjon xoʻrsindi.
— Ishqilib, kurerlikdan xursandmisiz, uka?
— Juda! — dedi Nosirjon ishonch bilan. Garajni shunday yaxshi koʻraman! Bir kun bormasam, benzin hidigacha sogʻinib qolaman. — U yana yayrab hikoya qila boshladi: — Meni butun shopirlar taniydi… Ish buyuradi. O’zinikiday… Direktorga bozordan somsa opkelishga chiqsam, ulargayam opkelaman.

Hayotda kim nochor kimsalarni koʻrib, ularga achin-magan? Ha, achinish mumkin, xolos… Biroq Nosirjon achinishdan «baland» yigit edi. U oʻz ishini yaxshi koʻrardi, unda odamiylik ham moʻl-koʻl edi. Eng muhi-mi — soddadillik, ishonuvchanlik…

Bunday kishini hurmat qilmay boʻladimi? Lekin bunday moʻrt kishilarni har koʻyga solish ham odamlarning qoʻlida. Ayniqsa, zerikkan, ermakka zor kimsalar qoʻliga tushsa…
— Xullas, bu she’r siz uchun bitilgan, Nosirjon eshon! — dedi Eshim.

Nosirjon bu gapdan xayron boʻlib, varaqqa qarab oldi. Keyin yana asta yurib, qoshimga keldi. Varaqni uzatib, iltimos qildi:
— O’qib bering, aka.
— Yedlaysizmi? — dedim.
— Ha! — dedi u hayajonlanib. — Mening xotiram yaxshi!
— Mayli… — she’rni oʻqimoqchi boʻldimu undagi Otello, Shekspir, Dezdemona kabi nomlarni Nosirjonga qanday tushuntirsam ekan deya oʻyladim. Keyin, bu she’r faqat sevgi haqida ham emas, zero unda:

…Qanday qabohat,

Ki odamning oʻziginamas,

Hissini ham xarob qilsa davr! —

degan gaplar bor.
— Nosirboy, siz shu qatorni yaxshi bilib, tushunib olsangiz yetar, — dedim. — Shoir bu satrlarda: «Sevgi zahmatini chekmagan, sevgi uchun qonlar yutmagan odam bormi?» deyapti… Menimcha, shoir oʻzi bilgan odamlarni koʻzda tutyapti. Holbuki, sevgi nimaligini bilmay oʻtib ketadiganlar ham boʻladi…
— Sevgi nima? — deya shivirladi Nosirjon yana.
— Kecha aytdim, shekilli.
— Sevgi… sizning Xubbijamolga boʻlgan munosabatingiz! — deya uqtirib qoldi tilshunos. — Bildingizmi? Uni koʻrgingiz kelyaptimi? Rostini ayting!..
— Ayting-da, endi! — dedi Eshim ham,
— O’, koʻrgisi kelganda qandoq! — dedi Zyganshin.
— Ana oʻsha his — sevgi… sevgining boshi! — deb xulosa yasadi tilshunos.

Uyalib, qimtinib turgan Nosirjon koʻzlarini yirib menga tikildi. Soʻng varaqni olib oʻrnidan turdi.
— Menda tursin-a? — dedi. Keyin bir-bir bosib kelib, qulogʻimga shipshidi: — U kishiga beraman… opaga.

Men kulib:
— Mayli, — dedim. — Lekin opa demang-da.
— A, shundaymi?
— Uyat boʻlar.
— Ha, rost aytasiz.

Nosirjon karavotiga borib yotgach, varaqqa uzoq tikildi. Allanarsalar deb pichirladi. Chogʻimda, oʻsha ikki satrni takrorladi.

Kechki ovqatdan keyin yana suhbat boshlandi. Aminjon bilan kapitan qarta oʻynamoqqa tushdi. Uygʻur oʻrtogʻimiz karavot tagidan baliqli bankani oldi. Eshim Ziganshinga oʻzining ishqiy sarguzashtlaridan hikoya qila ketdi. Nosirjon dam yoʻlakka chiqadi, dam xonaga kirib, polga toʻkilgan tarvuz urugʻlarini teradi; kapitanning kichkina qoʻl priyomnigini qulogʻiga tutib, qoʻshiq eshitadi, dam mening yonimga kelib, sevgi haqida bir nimani soʻraydi.

Polina kirib, yana haroratimizni oʻlchadi.

Men «Qizil va qora»ni oʻqishda davom etdim: Sadaf bilan qanday tanishganimiz, sovuq qish kezlarida kimsasiz, qor bosgan istirohat bogʻida yurgan chogʻlarimiz bir-bir koʻz oldimdan oʻtdi.

Chiroq oʻchirilgach, Eshim montyor kapitandan loʻli qiz bilan yana qanday sarguzashtlar boʻlganini soʻradi. Kapitan:
— Ertaga ketaman, uka, — dedi. — Unaqa gaplarni erkak odam koʻp eslamasligi kerak. Tajribadan-da, bu… Xotinning oldidayam ogʻizdan chiqib ketsa bormi, barcha toat-ibodat bir pul boʻladi!

Aminjon uning gapini ma’qullab, Gazlida tanishgan qizini mast holda xotinining nomi bilan chaqir-ganini aytib berdi. Ziganshin qaysidir yoz kuni ikki oʻrtogʻi bilan butun boshli bir tovuqni yeb qoʻyganlarini hikoya qildi. Uygʻur yigit xoʻrsinib Qashqarni esladi…

Kechasi shamol turib, derazalarni zirillatdi. Men bu koʻklam shamoli boʻlgani uchun qorlarni tezda eritib yuborishi, havo mayin tbrtib qolishini oʻyladim. Tilimga xotinim keltirgan xatdagi satr tushdi: «Enajon, bilmadim, navroʻz keldimi…»

Nazarimda, Nosirjonning oʻzgarishi asosan shu kunning ertasidan boshlandi. U ruhan tetik boʻlib uygʻondi. Ha, kasalga sira oʻxshamasdi. Shisha idishdagi dorili suvni ichib boʻlgach, sepoyalarni olib chiqishda Polinaga koʻmaklashdi. U harchand doʻq qilib, yotishni buyurmasin, Nosirjon bilganidan qolmadi. Polina ikki-uch sepoya koʻtarib ketishi hamon yana bittasini yoʻlakka chiqarib qoʻydi.

Tushki ovqat mahali Polina taqsimchani qoʻlimga berarkan:
— Domla, Nosirga nima boʻldi? — deb shivirladi. — Nuqul Xubbini soʻraydi. Telefon qilsalar, salom ayting, deydi.

Men yelka qisib qoʻydim:
— Parvo qilmang, opa… Balki sevib qolgandir? Boʻlishi mumkin-ku?
— Hay-hay, unday demang-a!.. Xubbining bir yigiti bor, havasingiz keladi!

Buni bilmas edim.
— A-a? — dedim. — Unga arzisa, yaxshi.
— Bir-biriga munosib!

Shu kuni tushdan keyin militsiya kapitaniga javob berildi. Biz u kishini havas bilan kuzatib qoldik. Boshqa joylarda, salomatlikda uchrashaylik, dedik, niyat qildik. Koʻpincha bir xonada yotgan bemorlar, sogʻayib chiqqach, tez-tez uchrashib turaylik, deb bir-birlariga adres beradilar. Ammo keyin juda ozchiligi bordi-keldi qiladi.

Kapitan Nosirjon bilan xoʻshlashayotib:
— Nosir eshon, bularning gagshga ishonmang, inim. Amakingiz loʻli qizning gapiga ishonib loʻli boʻlib ketishiga oz qolgan, — dedi.

Nosirjon kulib, zavqlanib xayrlashdi: kapitanning gapi unga, chamasi hech narsa bermadi.

Tungi shamol koʻklam shamoli esa-da, qish qishligini qildi. Kechga tomon qor yogʻa boshladi. Qor derazamiz koʻziga shitirlab uriladi. Xonamiz iliqqina. Men «Qizil va qora»ni yarimdan oshirib qoʻydim. Unda mashhur youvchining hayot qatlamlarini naqadar mahorat bilan bera olgani haqida oʻylayman. Xayolim oʻz asarlarimga ogʻadi; ministrlar, davlat arboblari haqida asar yozishni istayman. Istaymanu bari bir yoza olmasligim, ular qalbini ochadigan kalitim yoʻqligiga iqror boʻlaman.

Kunlar tez oʻtar edi. Men ham vujudim bir yengillik sezadigan, yoʻlakka chiqib chekib keladigan boʻldim. Ana shunday kunlarning birida Eshim montyor, ham xonani tark etdi. U bilan ajralish ancha ogʻir boʻldi. U ketgach, ikki-uch kun aziz bir narsamizni yoʻqotgandek boʻlib yurdik.

Eshim har birimiz bilan oʻpishib xoʻshlashdi. Nosirjonni oʻpar ekan:
— Xubbiga aytib qoʻy, rashk qilmasin. Ha-ha-ha! — deb kuldi. Keyin uning kiftidan quchib: — Hazil», hazil, — dedi. — Hazilni tushunasan-ku, uka!

Eshim bu gapi bilan nimani koʻzda tutganini tusmollash mumkin. Biroq, Nosirjon bu gapni ham oʻzicha tushundi:
— E, nega rashk qilar ekan! — deb qoʻydi.

Nosirjon Xubbijamol haqida xuddi bir-biri bilan allaqachon oila qurishni ham kelishib qoʻygandek, gapirar, oʻqtin-oʻqtin uning boʻyi balandligini aytib, «koʻchada uyalsalar kerak», der edi. Ba’zan shaharda kvartira olishning mashaqqatlariga qiziqar, lekin shu ondayoq oʻzining koʻpincha garajda — buzuq avtobusda yotib qolishini zavq-shavq bilan hikoya qilar edi: «Qorovul menga ishonib qolgan. Shuning uchun u kishi uyga ketsalar, oʻzim qorovullik qilaman… E, menga hamma ishonadi, aka… Ammo-lekin garajni sogʻindim. Benzinning hidini bilasizmi! O’!..» Ba’zan Xubbijamolning qiyofasini oʻzicha tahlil qilib ketadi: «Chiroyli, a?..»

Unga faqat uygʻur oshpaz dakki berar, qizni eslamaslikka undar edi. Shunda Nosirjon unga sovuq tikilar, gapi ado boʻlgach: «Oxun aka, siz ovqatni biling… Muhabbat boshqa narsa!..» deb yoʻlakka chiqib ketar edi.

Asta-sekin biz Nosirjonning Xubbijamol haqidagi gaplariga parvo qilmaydigan boʻlib qoldik. Bu holga koʻnikdik. Shundoq gapirar ediki, ular chindan ham bir-biri bilan oshiq-ma’shuq… Nosirjon kasalxonadan chiqqach, Xubbijamol uni kutib oladi… Keyin u Xubbijamolga uylanadi. Ha, darvoqe, u yaqinda imtihonlarini topshirib boʻlib, qaytib keladi. Lekin Xubbijamol imtihonlarining bir-ikkitasini allaqachon topshirib boʻlganiga shubhamiz yoʻq edi, shunga qaramay, kelmayotgani uchun parvo ham qilmas edik.

Qiziq boʻldi: bir kuni hammamizdan qon olishdi. Ertasi natijasini bilsak, Nosirjonning qoni top-toza chiqdi! Uni Qobil doktor ham tabrikladi. Polina quvonib: «Hammadan oldin siz ketadigan boʻldingiz!» — dedi. Nosirjon oʻsha kuni talay vaqt hech kimga gap qotmadi.

Aminjonga javob berildi. Bu novcha, qirraburun, yosh esa-da, koʻp sarguzashtlarni boshidan kechirgan yigit bizni Buxoroga chin dildan taklif etdi. Adresini qoldirdi. Nosirjon bilan xoʻshlashar ekan, unga negadir oʻychan boqib:
— Siz havas qilsa arziydigan yigitsiz. Biz… boʻlgancha boʻlganmiz, uka, — dedi.

Ziganshindan keyin Qodir etikdoʻz bilan uygʻur oshpaz ham ketdi. Xonada tilshunos, Nosirjon va men qoldik. Xona, bizlar chiqqach remont qilinishi kerak edi, shuning uchun odam qoʻyilmadi. Xonamiz huvillab qoldi. Koʻp karavotlar boʻsh. Toʻshaklari buklanib qoshiga suyab qoʻyilgan. Xonaning issigʻi ham odamlarning tafti bilan ekan. Isitgich batareyalar kechayu kunduz qizib tursa-da, endi sovuq tuyular edi.

Polina kirib, men bilan tilshunosga harorat oʻlchagich berdi-da, Nosirjonning yoniga borib:
— O’ynang, oʻynab bering, eshonim! Keyin bir gap aytaman! — dedi.

Nosirjon hayajonlanib, hatto sal qoʻrqib:
— Nima gap? — dedi.

Shu tobda u nimani oʻyladi, kim biladi. Otasiyu qarindosh-urugʻini oʻyladi, ular hayotida biron-bir yangilik sodir boʻlganini gumon qildi, deyish qiyin: shu paytgacha uni soʻroqlab birov kelmagan edi. Nosirjonning oʻzi ham birov kelishini, chamasi kutmas, shunga qaramay oʻsha birovlar haqida yaxshi soʻzlar edi. Nojoiz boʻlsa-da, aytib qoʻyish lozim: jigar kasaliga doktorlar, ayniqsa, hoʻl meva va sabzavot yeyishni buyurishadi. Albatta, bunda yotib ketgan yigitlarga shunday yemaklardan kelib turardi. O’z-oʻzidan ma’lum, qishda bunday tarmevalarni topish mahol… Biz, albatta, oʻzimizga kelgan mevadan Nosirjonga ham berardik. Dastlab men: «Olmas, uyalar», deb oʻylagan edim. Yoʻq, u ikkilanmay, biroq siniq jilmayib oldi. Keyinchalik kim qogʻoz xalta koʻtarib kelsa, u kirishi hamono oʻrnidan dast turib borib, xaltani qoʻlidan olar, eltib tegishli yigitning tumbasi ustiga qoʻyar, kelgan kishiga kursi qoʻyib berar edi. Albatta, uning bu harakatlarini kuzatish kishini allaqanday azoblaydi. Biroq, oʻylab qaralsa… bunga ham koʻnikish mumkin. Xullas, Polina harorat oʻlchagichni orqasiga qilib: «O’ynab bering, bir gap aytaman», deganda Nosirjon nima uchun qoʻrqdi, nima uchun qattiq hayajonlandi — bilmayman. Faqat, gʻira-shira tusmol qilish mumkin: bunda Xubbijamolga aloqador bir nima boʻlishi kerak.
— Nima u?

Oldin ayting. Ayta qoling! — deb birdan yigʻlamsiradi Nosirjon.
— Xubbijamol sizga salom aytdi!
— Menga?
— Sizga… «Eshonimga, sevgilimga!» dedi.

Xiyol enkayib turgan Nosirjonning qoʻl-oyogʻi titrab ketganini tilshunos ham koʻrgan ekan. Tilshunos:
— Hoy, Polinaxon, yotigʻi bilan ayting-da. O’zini tashlavordi-ku! — dedi.

Nosir tilshunosga yeb qoʻygudek boʻlib qarab:
— Ishingiz boʻlmasin! — dedi. Soʻng Polinaga yaltoqlandi. — Salom dedilarmi?

-Ha.
— A, eshonimga… yana… hm…
— Ha-ha.
— O’ynab beraymi?

Polina bizga qaradi. Chehrasida ayanch bor edi. Boshini sarak-sarak qildi-da:
— Keyin, keyin, — deya harorat oʻlchagichni berib chiqib ketdi.

Ajoyib ayol bu Polina!

Nosirjon karavot chetiga oʻtirdi. Soʻng tura solib yostiqni koʻtardi. Tumbani ochib qaradi. Hamxonalar bergan mevalarni u tumbaga solib, asrab yer edi. Barini chiqarib qoʻyib, tortmaning toʻridan bir qogʻoz oldi. Koʻziga tutib qaradi. Tanidim. Usmon Nosirning she’ri bitilgan oʻsha qogʻoz. U birdan shoshib lapanglab mening qoshimga keldi. Qogʻozni koʻrsatib kuldi.
— Qarang, — dedi. — Salom aytiptilar.
— Sevgilimga salom ayting, deptilar, — deya qoʻshimcha qildi tilshunos.

Nosirjon unga yana oʻqraydi-da:
— Ha, — dedi. — Alam qilsin!
— Obbo!
U yana menga yuzlandi.
— Qiziq-a?

Mening unga boʻlgan butun achinishim, u haqdagi oʻylarim, ikkilanishlarim — bari bir zumda qaytadan yangilandi. Unga aytgan gaplarimizning bari yolgʻonligi, buning esa oʻta ishonuvchanligi yana miyamga sanchildi. Shu tobda oʻzimizni ham, ishoning, Nosirjonni ham bir zumga yomon koʻrib ketdim. Keyin xayolim Xubbijamolga ogʻdi… O’ylanib qoldim: unda nima ayb? Ehtimol, Nosirjonning tez tuzalib ketishiga uning oʻsha hazillari sabab boʻlgandir? Biroq, bu… Nosirjonning hozirgi qiliqlari… gʻashni keltiradi-da.

O’zimni bir amallab bosib, ichimda: «Mayli, quvonsin. Uyam quvonsin, deb salom aytgan-ku», dedim-da:
— Ha, qiziq, — deb uni ma’qullagan boʻldim.
— Muhabbat haqiqatan qiziq boʻlarkan! — deya davom etdi Nosirjon hayajon bilan. — Men, men… tez-tez tush koʻraman, aka… siz yozuvchi, bilasiz-ku? Tushimda hu bola paytlarimni koʻraman. Uyimiz oldi-da chuchmomalar oʻsardi. Biz ularni boʻtakoʻz deb terar edik. Qoʻziqorinning sigirquyruq degani boʻladi. Oppoq!.. — U tilshunosga qarab olib, gapdan qoldi.

Xonaga gurs-gurs yurib kirgan Qobil doktor:
— Nosir eshon, veshmeshokni hozirlang, ketasiz! — dedi. — Haliyam biz gumonsirab sizni besh kun tutib turdik.

Nosir sekin oʻrnidan turdi.
— Qaerga?
— Qaerga?.. Uy bormi, uy?
— Uy… bor.
— Ana oʻsha uyga-da! — U Nosirjonni chetga surib, stulga choʻkdi. — Qalaysiz, shoir?

Men oʻrtadagi vaziyatni yumshatish uchun:
— Haliyam meni shoir deysiz-a? — dedim.
— Bari bir. Mana… yana bitta yozgan edim. Bu Polinaga bagʻishlanadi.
— O’, zoʻr-ku! — Uning qoʻlidan oʻshandoq katak daftar varagʻiga bitilgan she’rni oldim. — Polinani, a?
— Sevamiz-da, — dedi Qobil doktor.

Men varaqqa koʻz yugurtirdim:
Yaxshi qol,
Oq dengiz, yaxshi qol,
Toʻlqinlar, qoʻynimga qizdek kirdingiz…
Bu ham Usmon Nosirning navbatdagi she’ri edi.
— Nima, siz ham biron yoqqa ketmoqchimisiz? — dedim.
— Ha, ilmiy-tekshirish institutiga chaqirishyapti. O’qing… Qalay?

She’rni oʻqib chiqdim: xayolimda oppoq koʻpiklang gan toʻlqinlar oʻrmalayotgan dengiz jonlandi. Bu orada Nosirjonning tashqariga chiqib ketganini payqaganu, lekin oʻzimni payqamaganga solgan edim. She’rni maqtab, tilshunosga uzatdim.
— Shunaqa, — deb oʻrnidan turdi Qobil doktor. — Yozib turamiz… Bu bola qaerga ketdi? O’zi ul-buli bormi? — U tumbochkani ochib qarayotganda Nosirjon kirdi. Aftiga qarab hayron boʻldim. Rangida rang yoʻq, boshi sochiq bilan bogʻlangan. Ogʻzini qoʻli bilan toʻsgancha karavotga hansirab oʻtirdi-da, birdan turib, oʻrtadagi stol tagidan korsonni oldi. Engashib ogʻzini ochishi bilan yarim paqircha suv otildi… Bu yerdan ketgisi yoʻq. Shuning uchun vodoprovoddan suv ichib kelgan. O’zini kasallikka solmoqchi.

Haqiqatan ham u qusib boʻlgach, Qobil doktorga qaramay karavotiga borib choʻzildi. Ustiga adyolni tortdi. Soʻng qizargan koʻzlarini katta ochib:
— Men hali tuzalganim yoʻq! — dedi.
— E! E! — Qobil doktor kelib, korsonga tikildi. Hidlab koʻrdi. — Suv-ku bu!
— Suv boʻlsa, suv! — dedi Nosir.
— Tavba! Ha, bu yer yoqib qoldimi?
— Yoqib qoldi!
— Hey, bola… odamlar bu yerdan tezroq ketishni istaydi. Sen boʻlsang…
— Men kasal!

Qobil doktor shoshilmay sigaret tutatdi. Bizga qarab yelkasini qisdi. Chiqib ketdi. U chiqishi bilan Nosirjon oʻrnidan turib oʻtirdi. Ovozi hirillab:
— Akalar, men qolishim kerak!.. Xubbijamol keladilar. U kishini koʻrishim kerak! — dedi va boʻgʻilib davom etdi: — Axir, oʻylab koʻringlar, men qanday qilib ketaman? Uyat boʻladi-ku? Mana, salom aytiptilar… Keladilar. Sevgilimga, deptilar! Axir, men ham yigit kishiman! Axir, muhabbat nimaligini bilasizlar… Koʻnglimda orzularim bor… Men u kishini oʻshandan beri kutaman, axir! Kecha-kunduz kutaman!..

Polina kirdi.
— Eshonim?
— Yoʻq, opa! Men ketmayman! — dedi Nosirjon va tagʻin yotib oldi. — Koʻrib turibsiz, yotibman. Kasalman. Ana, qusdim!..

Polina turib-turib xoʻrsindi.
— Xubbijamolni chaqiraymi?

Nosirjon boshini koʻtardi. Soʻng yarim turib oʻtirdi. Qoʻllarini oldida qovushtirib:
— Jon opa, jon Polina opa!.. — dedi. — Men, vaqti kelsa, ishingizni qilaman. Adresingizni ayting. Bogʻchangiz bormi? Mening qoʻlimdan ul-bulni tuzatish ham keladi, opa…

Tushdan keyin tilshunosga ham javob boʻldi. Men uni «tilshunos» deb atadim. O’zining gapi bu. Ammo uning oʻz sohasi toʻgʻrisida bir ogʻiz ham eshitganim yoʻq. Onda-sonda uzr soʻrab, bir ogʻiz-yarim ogʻiz qitmir gap qilardi, xolos. Menga oʻzining adresini yozib berib, Nosirjonga:
— Doʻstim, joʻraboshimiz Ziganshin bir yaxshi gap aytgan edi… Bizdan oʻtgan boʻlsa, uzr. Koʻnglimizda tirnoqcha gʻayirlik yoʻq. Men sizni hurmat qilaman, — dedi.

Bir necha marta doʻq qilgan, yovuz koʻz bilan qaragan Nosirjon juda xijolat chekkandek karavotdan tushib, unga qoʻl berdi.
— Siz kechiring, aka. Biz yosh, biz yosh, — dedi.

Ha, Nosirjon kekni bilmaydigan yigit edi.

Nosirjon bilan ikkimiz qoldik. Xona nihoyatda kengayib ketgandek tuyuldi. Mening ham erta-indin ketishim aniq; ikki tekshirishda ham qonim toza chiqdi. Nosirjonning esa bu yerda yolgʻiz qolishini tasavvur qilolmayman. Nazarimda, Xubbijamol kelsa, ular oʻzaro nimadir deb gaplashishadi-da, keyin Nosirjon ham takdirga tan berib, avtobus parkiga yoʻl oladi…

Tushki ovqatdan keyin deyarli uxlamadim. Nosirjon karavotda mushtdek boʻlib oʻtirar, oʻqtin-oʻqtin yostigʻi orasidan Usmon Nosirning she’rini olib qarab qoʻyar va menga kutilmagan savollar berar, oʻzicha jiddiy mulohazalar yuritar edi.
— Aka, bir yaxshi ishlar qilgim kelyapti! — deb qoldi endi koʻzim ilinganda. — O’sha kishi uchun!.. — deya soʻlgʻin davom etdi. — U kishi bir joyda adashib qolgan boʻlsalaru men aptovusdan tushib koʻrsam-da, kulib, yoʻlga solsam… — U birdan quvnab, hatto jilmayib menga tikildi. — A, yaxshi-ya! — dedi hayajonlanib. — Men bilaman, u kishiyam shaharning hamma yoʻllarini bilmaydilar… Hech kim bilmaydi, menchalik! E, qancha odamlarni…

Yoʻlakdan doʻq-doʻq qadam tovushlari eshitildi. Nosirjon dong qotdi. Qadam tovushlari oʻtib ketdi.
— Ammo-lekin havo iliyapti, — deya Nosirjon karavotdan tushdi. Yaxlit oynali deraza qoshiga bordi. Deraza baland. Oyogʻi uchida koʻtarilib pastga qaradi. — Iya, gulzor bor ekan, aka! Ana, u yer-bu yeridan qor ketipti! Qarang-a, koʻrmagan ekanman!… Aka deyman, shu oʻzimizning pushti gul bor-ku, oʻsha soʻliy boshlaganda tagini kovlab shamollatish kerak ekan. Mana shu barmoqday-barmoqday qurt tushar ekan-da, tomirini yer ekan… Koʻrganman…

Nosirjon mening yonimga hali yetib kelmagan edi, eshik ishonch bilan tortilib, ochildi. Bir jonon kirdi. Egnida belgiya paltosi. Yoqasida oppoq moʻyna. Oyogʻida poshnasi baland qizil etik. Qoʻlida tasmasi uzun sumka. Men Xubbijamolni faqat oq xalatda va shippakda koʻrar edim. Bu parizodning, ziyoli koʻri-nishli qizning oʻsha Xubbijamol ekaniga daf’atan ishonmadim. Lekin bu kulcha yuzli, yonoklari xiyol chiqiq, koʻzlari xiyol qisiq, oppoqqina, chehrasida shoʻxlik va hayotbaxsh bir nur yogʻilib turgan qiz Xubbijamol edi.
— Vey, nima boʻldi sizlarga? Yo, bu xonaga kasal kirmasin, deb ketishdimi yigitlar? Huvillab qopti-ku! — Xubbijamol tez-tez gapirar, biroq ichdan hayajonlanayotgani sezilib turar edi.
— Ha, yigitlar nomardlik qilib bizni tashlab ketishdi, — dedim.
— Yoʻq! Sizlar nomardlik qilib yotibsizlar! — dedi u. Soʻng Nosirjonga bokdi. — Eshonim, sizni allaqachon tuzalib ketdi, deyishgan edi.
— Men tuzaldim… Men… allaqachon tuzalib ketdim! — dedi Nosirjon hapriqib.
— Boʻlmasam…
— Siz bilan…
— Xayrlashay deb yotibsiz? — U qah-qah otib kuldi. — Hurmatli yozuvchi, mana, eshonimdan oʻrnak olinglar! Sadoqatni qarang! Rahmat sizga, Nosirjon… — Soʻng ovozidagi hayajon bosilmagani holda, qandaydir hisob berayotgandek davom etdi: — Imtihonlar ogʻir… Soʻnggi imtihonlar… Qiyin boʻldi! — U yana kuldi. — Lekin telefonda soʻrab turdim… Hammangizni… Voy-voy! — Xubbijamol uning yelkasini silamoqchidek ikki qadam bosdi-yu, ikkilanib toʻxtadi. — Albatta soʻrayman-da! — dedi. — Busiz boʻladimi? Ammo-lekin xursandman. Hammalaring otday boʻlib ketibsizlar… Yozuvchi aka, siz ham ertaga chiqarkansiz!
— Shunday gap bor.
— Kennoyimga telefon qilib qoʻyaymi?
— O’zim…

Xubbijamol taraddudlanib, soatiga qaradi. Unga bu chiroyli ust-boshigina emas, shu holatda soatiga qarash ham yarashardi.
— Boʻlmasa, eshonim, qoʻlni bering, — deb u Nosirjonning qoshiga dadil keldi. Nosirjon kalovlanib, qoʻlini uzatdi, soʻng darhol tortib, kaftigsira-di, yana uzatdi. Xubbijamol oʻzining barmoqdari uzun, oppoq qoʻliga Nosirjonning barmoqlari kalta-kalta, biqqigina qoʻlini olib silkitdi. — Omon boʻling, Nosirjon… Bir-birimizdan sira xafa boʻlmasligimiz kerak. Bir-birimizni tushunishimiz kerak. Biz tabib edik, siz bemor edingiz. Toʻgʻrimi? Sizning vazifangiz boʻlak edi, bizning vazifamiz boʻlak. Toʻgʻrimi?
— Ha. Albatta! Sizdan minnatdormiz, — dedi Nosirjon. Soʻng xayolidan chalgʻidi. — O’rtoqlar ham keta turib, sizga rahmat aytishni tayinlashdi. A, domla! Menga aytishdi…
— Salomat boʻlishsin! — Xubbijamol shunday deb qoʻlini tortdi. Men tomon ikki qadam bosib: — Yotib oʻqish — ziyon, — dedi. — Siz hali koʻp oʻqishingiz kerak-ku, koʻz jonivor kerak boʻladi… — Tabassum qildi. — Xayr.

Men oʻrnimdan turdimu qoʻl uzatmadim, uning ham qoʻl berishiga harakat koʻrsatmadim.
— Rahmat, — dedim.

Xubbijamol shoshib sumkasidan charm qoʻlqop oldi. Bittasini kiya-kiya eshikka yoʻnaldi. Yetganda burilib, Nosirjonga tikildi.
— Nosirjon, ortiqcha hazil-huzul qilgan boʻlsam, koʻngilga olmaysiz, — dedi. — Maylimi?

Nosirjon hovliqib:
— E, nega?! — dedi. — Rahmat, opa!

Xubbijamol tez burilib chiqdi. Eshikni zichlab yopdi. Nosirjon eshikka tikilgancha bir on turdi. Keyin «nega unday?» degan kabi menga hayrat bilan boqdi. Soʻng oshigʻich eshikka bordi. Lang ochib, qaradi-da, darrov boshini tortdi. Qobil doktorni koʻrdi, shekilli. Birpas turgach, yana ochib qaradi. Yana yopdi. Soʻng shoshib deraza qoshiga keldi. Men endi bu yerda chekish mumkin deb oʻyladimmi, sigaret chiqardim. Tutatib, Nosirjon qatori derazadan qaradim. Biz uchinchi qavatda edik. Pastga qarayapmiz. Past — oppoq. Gulzordagi qorga koʻmilgan ba’zi gullarning yuzi ochiq — qori yo erigan, yo shamol uchirgan. Yiroqda baland darvoza — kasalxona darvozasi. Undan berirokda «Tez yordam» mashinasi turibdi. Orqasidan tutun chiqyapti. Nosirjon deraza rafiga qoʻlini tirab, oʻsha tomonlarga ham bir-ikki qaradi-da, yana chopib eshik ogʻziga bordi.
— Nosirjon, nima gap? — dedim.
— E, qiziqmisiz! — dedi u va ilgichdan patli xalatini olmoqchi boʻldi-yu, chiqara olmadi. Oq koʻylak, oq lozimda yoʻlakka chiqdi. Men borib, ortidan qaradim. Boshyalang, «Priyomniy pokoy» tomon ketib borardi. O’sha yerdagi oq parda bilan toʻsilgan joyda kimgadir duch keldi. Gaplashdi. Soʻng burila solib, zinadan pastlab ketdi.

Izimga qaytdim. Deraza oldiga keldim. Xona chindan ham huvillab qolgan, nazdimda. oʻzim yolgʻiz boʻlib qoladigandek edim.

Derazadan pastga qarab turardim. Qora paltoli… Xubbijamolni koʻrdim. U mashina tomon borayotgan, mashina oldida esa novcha, timqora qunduz telpak kiygan yigit turar edi. Xubbijamol unga yetay deganda sal toygan edi, yigit chaqqonlik bilan uni bilagidan tutib qoldi. Shunda Xubbijamolning ortidan xuddi kasalxonadan qochgan jinnidek oq koʻylak, oq lozimda oppoq qor kechib borayotgan Nosirjonga koʻzim tushdi. Derazaga intildim. Nosirjon kaltabaqay qoʻlini qimirlatib nimadir der edi. Xubbijamol toʻxtadi. Nosirjon qizga yetib oldi. Qizning oldida u yosh boladek edi. Shunda bu yokdan ularga qarab lapanglab borayotgan Polinani koʻrdim. Nosirjon Xubbijamolga allanimalar dedi. Xubbijamol kuldi, chogʻi. Keyin, u Nosirjonning kiftiga qoʻl qoʻyib, bu yoqqa qaratdi. Polina yetib borib, Nosirjonning bilagidan ushlab tortdi. Qunduz telpakli yigit Xubbijamolning tirsagidan olib mashina tomon jildi. Nosirjon Polinaning qoʻlidan chiqib chetlandi. Ular orqasidan qaradi. Polina tagʻin uni sudradi. Telpakli yigit mashina kabinasini ochdi. Xubbijamol Nosirjonga qarab qoʻl silkitdi-da, ichkariga kirdi. Ortidan yigit ham kirdi. Tutun taratib turgan mashina jildi. Darvoza qiya ochiq edi, katta ochildi. Mashina chiqib ketdi.

Polina hamon Nosirjonning qoʻlidan tortar, u tislanib chiranar edi. Nihoyat, unga boʻysungandek yurdi-da, gulzor yoqasida qaqqaygan bir tup daraxtdan ancha oʻtganda toʻxtab qoldi. Yana Polinaning qoʻlidan chiqib, daraxt tagiga bordi. Qori supu-ilmagan skameykaga oʻtirdi. Daraxt shoxlariga qaradi.

Bu manzara mening yodimdan chiqmas boʻlib qoldi.

Nosirjonni olib kelishgach, uni oʻrab yotqizishdi. U hech kimga qarshilik koʻrsatmadi. Qobil doktorning doʻq-poʻpisalariga ham miq etmadi. Ular chiqib ketishgach, yoniga bordim. U bugʻriqib ketgan, naq yonar edi. Menga siniq iljayib:
— Ketdilar, — dedi. — Meni, eshonim, dedilar. Hamisha eshonim boʻlib qolasiz, dedilar. Lekin bir yigit bilan ketdilar…
— Hayot shunaqa, doʻstim, — dedim men.
— Hayot… — deya oʻyga choʻmdi u. — Qiziq… Ammo-lekin muhabbat ham qiziq ekan!
— Siz uni chindan ham…
— E, gʻalatimisiz, domla! Siz oʻzingiz kennoyimni sevganmisiz?..

U jiddiy gapirar, biroq rangi qizarib bormoqda, peshanasiga, chakkasiga parcha-parcha jigarrang dogʻ tushgan edi. Badanim uvishib, yoʻlakka chiqdim.

Nosirjonning darhol issigʻi chiqdi. Alahsiray boshladi… Bir amallab tunni oʻtkazdim. Hamxonalarning bu sodda yigitchaga qilgan muomalalarini eslab, juda-juda oʻkindim. O’zimni ham soʻkdim. Biroq, tagʻin nimadir menga tasalli berar, nimaligini bilmas edim.

Ertalab tursam, Nosirjon olti oylik kasaldek. Koʻzlari sap-sariq, bir holatda. Lekin u menga jilmaydi.
— Aka, muhabbat qiziq… Muhabbatni bilmabsiz, bu dunyoga kelmabsiz… Ha! — U qandaydir ichki faxr bilan qimirlab qoʻydi. — Men buni… garajga borsam, aytib beraman. Direktorgayam aytaman!.. — U siniq jilmaydi. — Otam yoʻq… Aldagan edim sizlarni. Boʻladi-ku! U kishiyam qazo qilganlar. Lekin hovli-joyimiz bor! — deya hayajonlanib davom etdi. — Gulzorimiz bor! — Soʻng bir zum koʻzlarini yumib qoldi-da, yana charaqlatib ochdi. — Pastdagi daraxt bodom ekan! Gullapti! — O’rnidan turmoqchi boʻldi. — Ana, qarang! Ana… Gullapti… — Soʻng boʻshashdi. — Lekin sovuq uradi.
— Ha, bevaqt gullagan daraxtni sovuq uradi, — dedim. Dedimu bu gapimdan ramziy bir ma’no chiqmasligi uchun, demakki, Nosirjonni chalgʻitish uchun deraza yoniga borib qaradim. Bodom gullari menga koʻrinmadi.

Tushga yaqin menga ham javob berildi. Uyga telefon qilib, xonaga qaytdim. Polina kiyim-boshimni chiqarib berdi. Kiyinib, xotinimning kelishini kuta boshladim.

Nosirjon uxlab yotar, biroq hamon ahyon-ahyonda baqirar, alahlar edi.

Polina ohista kirib, Nosirjonga qaradi. Boshini sarak-sarak qildi. Labini qimtib kelib:
— Tushavering endi, — dedi.
— Rahmat, Qobiljon shu yerdami?
— Institutga ketdilar. Shoshilinch chaqirishdi. U kishini bilasiz-ku, zigʻircha odamgarchiligi yoʻq.
— Unday emas. Sizni… yaxshi koʻradi.
— E-e!

Men Nosirjonning tepasiga bordim. U terga botib yotardi. O’zi odatda shunday boʻladi: ba’zan uxlab yotganingda ustingga birov kelsa, darhol sezasan. Nosirjon ham sezdimi, bir qimirlab koʻzini ochdi. Menga yovuzlarcha tikildi. Keyin shosha-pisha tagiga qoʻl suqdi. G’ijimlangan she’rni oldi. Varaqqa bir qaradi-da:
— Unutibman. Bermoqchiydim, qarang. Mang, — deb menga uzatdi.
— Qolaversin. Sizga, — dedim.

U gʻamgin jilmayib, qogʻozni oʻziga qaratdi. Shunda men bir moʻ‘jizani koʻrdim… Uning koʻzlari qinidan chiqqudek boʻlib ketdi. Koʻkragi koʻtarilib tushadi. Lablari pichirlaydi. Birdan menga boqdi. Xudli men —- men emas, oʻzi ham — oʻzi emasdek boqdi. Yana qogʻozga tikildi. Lablari pichirlaydi. Tagʻin menga tikildi-da:
— Aka, — dedi behollik bilan. — Men oʻqiyapman-ku… O’qiyapman. Mana, qarang… «Sevgi, sening shirin tilingdan…» O’qiyapman! — U boʻgʻiq, yovvoyi ovozda chinqirib yubordi-da, yuzini yostiqqa bosib hoʻngradi. Soʻng oʻrnidan turmoqchi boʻldi, madori yetmadi.

Men hayron edim: ha, u harfni tanimay qolgan ekan… Ajab! Nahot bu kutilmagan toʻlgʻoq uning ongi-da oʻzgarish yasadi! Eshitganman: qoʻrquv yo hayajon asnosi tildan qolganlarning, tagʻin qattiq qoʻrquv ta’sirida tilga kirganlarini… Ammo bu holni… Endi men Nosirjonni tanimagandek unga tikildim.
— Unday boʻlsa, juda yaxshi.

U shart burildi.
— Yaxshi-da, yaxshi-da!.. Men ham odam… Yarimtaman deb yurardim. Muni qarang, aka… Mana, mana… «Tilingdan… kim oʻpma…» O’qiyapman, Polina opa!

Polina yigʻlar edi.
— Men juda xursandman, — dedi va «toʻgʻri gapirdimmi?» degandek menga qarab qoʻydi: u Nosirjonning oʻtmishini bilmasdi. Men «toʻgʻri» deganday bosh irgʻadim.

Keyin sezdimki… juda xursandman. Xursand ekan-man! Sezdimki, oʻsha yigitlarning shoʻxligi, oʻzlari bilib-bilmay ermak qilganlari… oʻshalardan ham xursandman. Boringki, «Olijanob boʻlaman», deb buni yoʻldan qaytarishga urinmaganim uchun oʻzimdan ham xursandman… Toʻgʻri aytadilar: hayotning har bir koʻrinishi oʻz natijasini beradi. Uni sun’iy ravishda buzmaslik kerak.

Deraza pastida taksi signal berdi.
— Nosirjon, endi men ham ketaman, — dedim.
— Rahmat… — Nosir qoʻllariga tiralib oʻrnidan turmoqchi boʻldi. Polina uni bosib yotqizdi. — Ha-ha, yotishim kerak, — deya boshini yostiqqa qoʻydi. Soʻng qoʻlini uzatdi. Qisdim. Barmoqlari lov-lov yonardi. — Aka, qarang, oʻqidim… O’! — U behol kuldi. — O’sha… haligining kuchida buyam?
— Rost aytasiz, — dedim. Nimaga ishora qilgany, chamasi, Polinaga ham tushunarli edi. — Endi tezroq tuzalish payida boʻling.
— E, men tuzalaman! — dedi u. — Albatta… — Keyin menga yana siniq tikildi. — Ketdilar-a?
— Ketdilar.
— Ha-ha… oʻzim ham… Ha, mayli! Lekin, — deb jilmaydi u, — men unutmayman… U kishiyam aytdilar. «Eshonim, sizni unutmayman», dedilar…
— Men ham sizni unutmayman.
— Kennoyimni soʻrang…

Shundan keyin men Nosirjonni koʻrmadim. Qaysidir kuni avtobus bekatida koʻzlari yoshli bolakay bilan choʻnqayib turib gaplashayotgan yigitchaga koʻzim tushdi. Mashinada edim. U Nosirjonmidi, boshqamidi — bilolmay qoldim.

1984

boychechak

BOYCHECHAK OCHILDI

Domla Qoʻngʻirot anchadan beri ilmiy ishlar yozmas edi, yozishga oʻtirishi hamono yuragi siqilar, keyin, bu kimga kerak oʻzi, degan xayolga borib qolardi. Bu orada esa aziz umrining oylari, yillari oʻtib borar, sochidagi bitta-yarimta qora ham oqarib, bir zamonlar kitob ustida koʻp oʻtirganining guvohi boʻlgan egik kifti tobora egilar edi.

Bu oʻzgarishlarning hammasini domla bilar edi, juda yaxshi bilar edi-yu, koʻngliga yaqin olgisi kelmas, undagi tugʻma qaysarlik va ruhiy porloqlik oʻtmishdagi dovruq — shon bilan qanoatlanib, oʻshalar panohida orom topar edi.

Chunki oʻshanda nimaiki yozgan boʻlsa, qanday kitob chop ettirgan boʻlsa, bu uning qalb-qalbi tubidan chiqqan, inongan e’tiqodlari mahsuli oʻlaroq yuzaga kelgan edi. Umuman, domla oʻz ruhi, aqidasiga zid bir satr yozmagan, bir kalima ham soʻzlamagan edi.

Domla ijodini sindirgan yirik omil nimadan iborat edi? Bu avvalo lirikani eskirdi deb e’lon qilingan ba’zi oʻtkinchi mulohazalar edi.

Domla buning bir qadar asossiz va oʻtkinchiligini ham yaxshi bilar edi: lirikani rad etishlar fanning misli koʻrilmagan taraqqiysidan kelib chiqqan bir hol, qolaversa, bu fikr tarafdorlari hayotning oʻzi tomonidan rad etildi va inson yaratgan moʻ‘jizalar ichida san’at ham toabad u bilan hamqadam boʻlishi, busiz insonning inson atalishi qiyin bir hol ekani ham isbot etilibgina qolmay, bu eski haqiqat yangi bir toʻsikdan oʻtib mustahkamlandi — domlaga bular ham yaxshi ma’lum edi.

Ana shu odam yaqindan beri oʻzgarib qoldi.

Buning sababi bir qarashda u qadar katta emas, lekin uni inson hayotida kichik deb ham boʻlmaydi.

Domla Kuhitan qishlogʻi etagida, daryo boʻyida joylashgan soʻlim bir qishloqdan edi, qishloq odamlari tabiatan xushsuhbat, shirinsuxan va azaldan she’riyatni, musiqani xush koʻrguvchi kishilar edi.

Domlaning oʻzi koʻp yillardan buyon shaharda — markazda xotini va yagona qizi bilan kun kechirar, taniqli nashriyotda muharrirlik qilar edi.

Goho hushi kelganda, qadimiy forsiy gʻazallarni oʻzbekchaga agʻdarib qolar, shu ish munosabati bilan andak orom olar va doimiy hamrohi andishani ham unutar edi.

Lekin keyin… keyin, hamma bilgan, tanish-bilishiga otning qashqasidek ma’lum, vaqtida zoʻr ilmiy asarlar yaratgan, biroq keyin «ilhomi soʻngan» domlaning oʻzi boʻlib qolar edi.

Darvoqe, u ona qishlogʻiga borganda ham, doʻstlar davrasida oʻtirganda ham, yoshligi-navqironligi kechgan bogʻlarda sayr ettanda ham va ilk muhabbatining guvohi boʻlmish qari yongʻoq soyasida toʻxtaganda ham, oʻsha…

oromli kayfiyatini his etar, bir nafas hamma narsani unutar, bu sirli huzurbaxsh on quchogʻiga shoʻngʻir va shunda yashar edi.

Bu yil naq dekabr oyida domla Qoʻngʻirotning oltmish yoshga kirgani munosabati bilan kichkina ziyofat boʻldi, ziyofatda avvaldan oʻziga ixlos qoʻygan tengdoshlari va uning oʻshandagi asarlarini oʻqib, hurmat bilan qarovchi shogirdlari ishtirok etdi.

Ular domlani tabriklab, umriga umr, ijodiga baraka tiladilar.

Domla juda mamnun boʻlib, oʻzini baxtiyor his etdi va haqiqatan ham endi yana qadimgidek kuch-gʻayrat bilan yeng shimarib ishga tushadigandek Nizomiy, Fuzuliy, Navoiy gʻazallarini tahlil etib hamda bugungi yosh iste’dodlar she’riyatini saralab, bulardagi shakl va mazmun bilan ulardagi shakl ham mazmunni chogʻishtirish va mazmundagi umuminsoniylik bilan shakldagi zamonaviylikni topib, uni behad shirin til bi-lan sharhlab beradigandek tuyuldi.

Domla koʻchaga chikdi, tanish shahar manzaralarini koʻrdi, tanish kishilarni uchratdi, tanish munosabatlarni eshitdi.

Yana aynidi.

Biroq bu daqiqadan boshlab qalbida oʻzining yashashidan qandaydir qanoatlanmaslik hissi tugʻyon ura boshladi, qandaydir sirli-sehrli kuch ilk bor qalam olib, qogʻoz ustida oʻtirgan manziliga tortayotganini sezdi.

Bu sezgi soʻnay-soʻnay deganida, bahor yetib keldi, domla har gal yozda qishlogʻiga borar edi. Bu gal bahorda qishlogʻiga borgisi keldi, chunki bahor — odamdagi jonlanish, tiklanish domlaning qalbidagi sirli-sehrli intilish tuygʻularini junbishga keltirdi.

Domlaning bir qadar barvaqt kelishidan tanish yurtdoshlari uni odatdagidan zoʻrroq ehtirom bilan kutib oldilar. Odatdagi oʻtirishlar, suhbatlar boshlandi. Domla oʻziga tanish qadamjolarga bordi. Sukut qildi.

Shaharda boshlangan bahor togʻ etagidagi qishlokda endi yuz ocha boshlagan: dov-daraxtlar yalangʻoch, qishdan qolgan izgʻirinda tunlari junjikishar, kunduzning iliq oftobida isinib ulgurolmas edilar.

Faqat qishloqning u yer-bu yerida tansiq bodomlar oppoq bulduruq bogʻlagandek gullab turar, ularning ham shamol yoʻlida turganlarini sovuq urib, oq gullarini sargʻaytirib qoʻygan, tomorqadagilari omon — ostida kechasi buruqsitilgan tezak tutuni ularni ayozdan asrar edi.

Hech mahal bahorda, yana bahorning ham xuddi hozirgi uygʻonish davrida kelmagan domlaga ushbu manzaralar, yangiliklar qattiq ta’sir qildi.

Bir kecha domlaning doʻstlridan biri koʻkrak kissasini kavlayverdi, kavlayverdi va afsuslanib, bosh chayqadi:
— Esiz, tushib qopti, boychechak opkelgan edim bir dona, — dedi.

Domla Qoʻngʻirot boychechakning qandoq boʻlishini ham ancha yillardan beri unutib yuborgan edi, u kishi birdan hovliqib, xuddi yosh boladek quvonib:
— Qani? Hay-hay-hay!.. Qaerda ekan, qaerda ochilibdi? — deb soʻroqlab ketdi.

Choʻntagini kavlagan kishi hamsuhbatlarining taajjubiga qarshi, boychechak qishloqda emas, naq togʻning kungay betida ochilgani, uni kecha ovga chiqqan oʻgʻli olib kelganini soʻzladi.
— Boraylik, meni olib boringlar oʻsha yerga! — turib oldi domla.

Davrada oʻtirgan ijroqoʻm raisi:
— Xoʻp boʻladi, ertaga olib boramiz! — deb soʻz berdi.

Ertasi saharlab ijroqoʻmning yap-yangi «Villis» mashinasida yoʻlga chiqdilar.

Biroq, mashina togʻ etagiga yetganda shofyor:
— Naryogʻiga borolmaymiz, domla. Kun koʻtarilib ketsa, eruvgarchilik boʻladi, qaytolmay qolamiz, — dedi.

Domla irgʻib mashinadan tushdi-da, paltosi yoqasini shaharchasiga koʻtarib olib, muzlab qatqaloq boʻp qolgan soʻqmokdan ildamlab ketdi.
— Borish kerak! — dedi ijroqoʻm raisi.
— Bu juda qaysar, yoʻlidan qaytmaydi, — dedi hamrohlaridan biri.

Soʻng, boychechak ochilgan kungay betga yetishlariga hali anchagina masofa borligiga afsuslanib hamda kecha suhbatda boychechak toʻgʻrisida gap ochgan sheriklaridan nolib, domla izidan tushdilar.

Domla shu topda qalbida gʻayritabiiy bir kuch sezib oʻzini xuddi navqirondek his etar, qarilik — kam quvvatlikni ham unutgan, goʻyo shu ketishda togʻlardan ham oshib ketgudek vajohatda edi.

Domla togʻ unguriga yetganda qiyshiq yoʻl bilan pastga yurdi.

Yoʻlning soʻl tomoni uncha chuqur boʻlmagan jarlik, jar tubida muzlarni yalab jildirab suv oqyapti — rangi sargʻish, qaerdadir sariq tuproqqa ishqalanib kelyapti. Yoʻlning oʻng tomoni nishab yonbagʻir, unda-bunda maysalar koʻkargan, lekin hali ulardagi nam koʻtarilmagan, sabzalar chiroyi ochilmagan.

Yana bir oz yurganlaridan keyin, domla bu yoqlarga bir emas, bir necha marta kelganini xotirladi va endi… nechun shuncha yillardan beri hech kelmaganini, axir bu yerlar ham oʻzi uchun oʻta tabarruk qadamjolar ekanini oʻylab, qattiq oʻksindi.
— Shu manzil ilgari ham bormidi, taqsirlar? — dedi.

Hamrohlar kulishib, domlani gapga tutish payida boʻldilar, bu orada ulardan biri belgilangan manzil shu yer ekani, shu yerlardan ham boychechak topish mumkinligini aytdi.
— Darhaqiqat… toʻgʻri! — dedi domla.

Izlab ketdilar.

Domla gangib parishonhol, yoʻl yoqasidagi gʻadir-budur xarsangga suyanib oʻtirdi. Unga qoʻlini tekkizdi, muzdek. «Hali sovuq, shuyam muzlagan-a!» deb oʻyladi. Keyin xarsangga xiralasha boshlagan koʻzlarini tikarkan, uning u-bu yerida miltirayotgan jajji tomchilarni koʻrdi, barmogʻini tekkizdi, qoʻli hoʻl boʻldi.

Domla xoʻrsinib, narigi betdaga qorayib koʻrinayotgan oʻrkach-oʻrkach togʻlarga, ular ustidagi oppoq qorlarga qaray boshladi va bir damga oʻzini unutdi, tez-tez yurib, pastga tushdi, suvdan hatlab, aylanma bilan tepaga koʻtarildi.

Kiftiga oftob tegdi, koʻzlari qisinqirab, qarshisida million-million yulduzchalar misol porlayotgan qorga tikildi.

Tunlari bu yerdan izgʻirin-shamollar koʻp esgan, ular qor betini yalab, choʻtir qilib ketgan, ba’zi joylardagi qor surilib, qiyshayib qolgan, ba’zi joylarda u shu qadar yupqaki, xuddi doka pardaga oʻxshaydi, tagidan muz qotgan xas-xuslar koʻrinib turadi.

Domla teparoqda ola poʻstin kiygandek koʻrinib turgan archani koʻrdi va gʻayrishuuriy bir quvonch bilan halloslab shu tomonga yoʻnaldi.

Lekin unga yetishi ancha qiyin boʻldi: qor yupqa joylarda yurish oson, qor qalin joylardan botib qolgan oyoqni koʻtarish malol kelardi.

Domla hansirab, kattakon bir moʻ‘jizani topgandek, archaga iljayib tikila boshladi. Qiziq: xuddi unda xayollarida azaldan oʻrnashib, endi xiralashib qolgan qandaydir ranglar, yoʻqolgan — oʻtmaslashgan tuygʻularini koʻrayotgandek angrayib qoldi va asta-sekin atrofini aylana boshladi. Nihoyat, sovqotayotganini, oyoqlari karaxtlanganini sezib tursa-da, bu tansiq holatdan oʻzini opchiqish haqida asti oʻylamay, sekingina archa tagiga kirdi, choʻnqaydi va bekinmachoq oʻynayotgan boladek, yelkalariga archa shoxlari tegdi, yerga oʻtirib oldi.

«Dunyoga kelganimga shukur. Tirikligimga shukur. Shu goʻzalliklarni koʻrib turibman!» deb shivirladi u.

Ana shunda qalbida boshqa bir gʻalayon — bu tuygʻularni aytish, hayqirib aytish, yoʻq… yozish istagi joʻsh urayotganini payqab qoldi.

Keyin… Domlaning bu tomonga ketayotganini koʻrib izidan tushgan hamrohlari yetib kelishdi va uni shu alfozda koʻrib, sogʻligʻi haqida oʻylab, yalina ketdilar:
— Ketdik, domlajon, ketdik!
— Axir, sovuqqa oldirasiz oʻzingizni!
— Biz kennoyimizga nima javob beramiz keyin? Ular yoʻlga qaytib tushdilar.

Domla, hali suyanib oʻtirgan xarsangga yetganda yana unga oʻtirgisi keldi.
— Boychechak topdilaringmi? — birdan soʻrab qoldi u. — Axir, boychechakka chiqqanmiz-ku, taqsirlar!

Hamrohlar afsus bildirishdi:
— Yoʻq, shekilli. Balki bitta ochilgandiru uni shu bola uzgandir.

Kulishib, domlani endi orqaga yurishga undadilar.
— Xoʻp, man bir oz damimni rostlay, — dedi u va tagʻin xarsangga oʻtirdi. Qoʻtir xarsang ustidagi qirov endi «erigan», uning hamma yeri nam edi.

Domla quyoshga qaradi-yu, xuddi uni birinchi marta koʻrayotgandek boʻldi, bu oftob oʻziga azaldan tanish, juda qadrdon oftob ekaniga iqror boʻldi.

Shunda birdan uning xayoliga guvillab, allaqachon hayot rad etgan tabiatga qarashlar — quyoshga ham oddiy bir sayyora deb qarash, olamda uning shu nurlari misol dahshatli zarralar kezib yurgani xususidagi vahimalar quyilib keldi.

«Yoʻq, bu toza oftob! Agar fazoda biron yomon narsa bor boʻlsa, u yoʻqolishi kerak. Axir, insonlar buning uchun kurashishi kerak… Mana shu oppoq qorlar bor boʻlsin, archalar, suv, xarsang.. Koʻkatlar!»

Domla bir daqiqa oʻzini anchadan beri hayotning goʻzalligi uchun kurashmayotgan kishidek, allaqanday koʻzboʻyamachi — jinoyatchidek his etdi va bir zamonlar yozib qoʻygan risolalari, poetik taxlillari oʻz qimmatini hamon yoʻqotmaganiga, ularning vijdonan yozilganiga, ular insonlar yashashiga yordam berishi, insonlarning yana ham goʻzalroq yashashlari uchun kerakli ekanligini oʻylab qoldi.

Bu his domlaga qattiq ta’sir etib, uni mahzun qildi.

Ana shunda bu holatdan yana tabiatning oʻzi qutqardi: naq xarsang yonida qandaydir gulning ingichka, och pushti boshi chiqib turganini koʻrib qoldi. Domla apil-tapil burilib, barmoqlari bilan uni siypay boshladi.
— Boychechak! Boychechak! — deb hayqirib yuborishdi hamrohlar.

Boychechakning ipdek tomiri chuqur edi.

Domla ishga berilib ketdi, barmoqlari sovqotdi, tirnoqlari qizarib zirqiray boshladi — u sezmaganday edi, oxiri gulni tortib, uzib oldi. Puflab, iskadi va oʻta nozik, unutilayozgan bir hidni tuydi.

«Muncha qoʻpollashib ketmagan boʻlsam!» deb oʻyladi u battar ta’sirlanib va yana hiddadi. Endi domla yosh goʻdakning pokiza, oʻtkir sezgisi bilan hidni yaxshi payqadi, yana… yoshligiga qaytdi.

Shunday qilib, ular orqaga jildilar. Ijroqoʻm yoʻldagi bir xonadonga ovqat buyurgan ekan, u uyga kirdilar.

Domla Qoʻngʻirot shaharga qaytdi.

Uni koʻrgan xotini ham, qizi ham chehrasidagi shodiyonalik, barq urib turgan koʻtarinkilikdan hayron boʻlishdi, bu holni uning doʻstlari va shogirdlari ham payqashdi.

Endi, tanish his — yozish hissi domlaning qalbida tamom oʻrnashib boʻlgan edi.

Biroq domla stulga oʻtirishi bilan qiziq hol sodir boʻldi.

Xuddi yozajak maqolasini kimlargadir achchiq qilib yozadigandek, nimalarnidir inkor etadigandek tuyulayotganini sezdi va bu hol ham uni yozishga undadi.

U kutubxonasiga kirib, azaliy doʻstlari — zavol bilmas ogʻaynilari — javonidagi kitoblariga tikildi.

Biz domla Qoʻngʻirot bilan shu yerda xayrlashaylik, mayli, kimgadir achchiq qilib ham yozsin, lekin bizga ma’lumki, «kimgadir» nomli shaxs — uning oʻzi, gumonlari.

Oʻzini esa yaqin-orada yengadi.

1971

koklam

BAHOR

Azimovning qizi seni velosipedda koʻripti. Yiqilibsan. Onasiga aytipti…

Onamning bu gapi mening tinchimni yoʻqotdi: demak, Bibigul meni koʻripti, yoʻq.. menga e’tibor qilipti. Yiqilganimga achinipti. Hatto onasiga ham aytipti!
— Ena, men dashtga ketaman! — dedim.
— Hozirmi? Shu kundami! — hayron boʻldi onam. — Yogʻin-sochin mahali, bolam. Dashtda chaqmoq yomon boʻladi, bir choʻponni urib ketipti!
— Hechqisi yoʻq. Men oq kiyim kiymayman-ku!
— Kim bilan borasan dashtga?
— O’zim. O’tkinchilar bilan. Chorbozorchilar bor. Ana, eshagim!
— Nimaga… birdan boradigan boʻlib qolding?
— Enajon, hademay yoz boshlanadi. Velosipedimni opkelaman!
— Axir, hozir velosiped minib boʻladimi? Bari bir keltirib omborga qantarib qoʻyasan.
— Bari bir borgim kelyapti. Dashtniyam sogʻinyapman!
— Kutsang boʻlardi bir-ikki kun. Ayttirib yuboraman. Akang oʻzi opkeladi.
— Yoʻq. Erta shanba. Tushdan keyin joʻnayman. Bozor kuni qaytib kelaman.
— O’zingga ehtiyot boʻl-da.

Shanba kuni tushdan keyin joʻnadim. Havo iliq. Bahor osmoni tiniq. Tollar kurtak chiqargan. Hovlimizdan chikdim. Rayon ham orqada qoldi. Biyday dasht. Soʻqmoq… Bu soʻqmoq menga koʻpdan tanish. Esimni taniganimdan buyon yuraman. Avval dashtda yashardik. Soʻng rayonga koʻchib keldik. Uyoqda oʻtovimiz, uyimiz qolgan. Akam doktor. Kuzda mototsiklini sotib, velosipedimni minib ketgan edi. Borib opkelishimga vaqt boʻlmadi. O’qish boshlanib qoldi… E-he, bu dashtlar menga tanish! Guli, koʻkati bilan! Qushlari, kengligi bilan! Soʻqmoqlari, oʻrlari bilan tanish!
— Eh-he, oʻzlari-ku! — deb qarshi oldi akam.

Akam Aliqul oʻrta boʻy, yelkador yigit. Shoʻx, koʻzlari qiyiq. Men onamga tortib, qirraburun, chaqnoq koʻz boʻlganman… Ana oʻtovimiz! Ana yolgʻiz qayragʻoch. Ana pastlikda… G’orkamar! Narida daryo, uning gʻish sohillari. Adirda qoʻy-qoʻzilar!
— Ha, keldim, — dedim. — Velosipedga keldim.
— E, ukam-e, ovora boʻpsan-da. Oborib berardim.
— O’zim keldim, sogʻindim dashtni!
— Bu boshqa gap. Yur oʻtovga. E, qoʻyib yubor eshakni, qaerga ketadi. Uzum obkemadingmi?
— Sob boʻldi. Osma uzumniyam yeb qoʻydik.
— Bizda qatiq, qaymoq, goʻshtdan boʻlak narsa yoʻq.
— Shu yaxshi-da. Bizda ana shulardan kamchil!
— Velosipedni qanday qilib olib ketasan? Egningga ortasanmi, yo eshagingni unga ortasanmi?
— Bir yoʻlini qilarmiz-da, aka!
— Sovqotmadingmi? Hey, kampir! Mehmon keldi. Yangam bilan ham soʻrashdim. O’tov… O’tov. Ana silliq uvuqlar, shaxmatnusxa keraga. Ana sanoch, doʻmbira. Kigizlar, quroq koʻrpalar. O’rtada oʻchoq. Bu oʻchoqda bozillagan shuvoq choʻgʻida qancha isinganman. Qoʻylar qoʻzilaganda, tashqari sovuq boʻlsa, ichkariga kiritardik. Tapir-tupur qilib, uyqu berishmasdi. oqshomlari tashqaridagi supada yotardik. Otam doʻmbira chertar edi. Uning ovozi! Past, qandaydir dagʻal va xasta. Biroq uni eshitganda koʻngling kengayib ketadi. Koʻz oldingda behad adirlar koʻrinadi… O’tov! Qaymoq ham yedim. Qatiq ham ichdim, goʻshtga havm toʻydim.

Akam bilan G’orkamarga tushib chikdik. O’sha kamar, ichi keng, yuz bosh qoʻy soyalashi mumkin. Burchakda, qoyalar orasida bir tup tut oʻsgan. Uning shoxlari pastdagi serqamish koʻlga tegib turardi. Shu koʻlga tushgan narsa qaytib chiqmaydi deyishadi: uning tagi yoʻq emish. Bir tuya choʻkib ketib, toʻqimi yuz chaqirim naridagi boshqa koʻldan chiqqanmish… Biz yozda bu kamarda ham koʻp boʻlardik. Chunki bahorda oshqovoq ekardik. Ichkariga kirib, koʻchmak oʻynardik.
— Xayr, aka.
— Eshaging boʻlmaganda bir moshinga solib yuborardim.
— Hechqisi yoʻq.
— Qani, menga qara. Qiynalmaysanmi?
— Yoʻq.

Men eshakda oʻtiribman, velosiped ramasini goʻyo qiyib olganman. U yelkamda, rama ichidan boshim chiqib turipti. G’ildiraklari ikki yonda. Eshakni haydab yurish noqulay. Lekin bunga ehtiyoj ham yoʻq: eshagim qayoqqa borayotganini yaxshi biladi.
— Xayr, aka.
— Ochqasang, xurjunda goʻsht bor, olib yo. Qatikdan qoʻshnilargayam beringlar.
— Xoʻp, aka.

Yoʻlda yomgʻir yogʻdi. Chaqmoq boʻldi. Men shalabbo boʻldim. Sovqotdim. Qoʻrqdim…

Kechqurun uyga yetib bordim. Yelkam uvishgan, koʻtara olmas edim. Ertasi tushdan keyin velosipedga yel berdim. Artdim. G’ildiragi qiyshayib qolgan ekan, tuzatdim, toʻgʻriladim. Yomgʻirli, loyli tor koʻchamizga minib chikdim. Undan markaziy koʻchaga oʻtdim. E, hamma menga qaraydi! Hozir kim velosiped minadi? Menga oʻxshagan biron «olifta» bu ishga jazm qilmasa, boshqasi qilmaydi… Chorraha!

Bu chorrahayam men uchun aziz. Chunki pastga tushgan yerda Azimova opamning uyi bor. Derazasi koʻchaga qaragan, Bibigul yoz, bahor oqshomlari shu deraza yonida kitob oʻqib oʻtiradi. Shu deraza yonidagi darchadan satil koʻtarib suvga chiqadi. Men uni… maktabdan kelayotganimda koʻp koʻraman. Nima uchundir… uni koʻrganda oyoq bosayotgan yerim esimdan chiqib ketadi. Bir-ikki marta ariqqa tushib ketganman. Yurak-bagʻrim eziladi, ichlarim ogʻriydi. Panaga oʻtganda yigʻlagim keladi. Nimaga?.. Qishda «Robin gud» degan kino boʻldi. Birinchi oqshom kirib Bibigulni koʻrdim. Yonma-yon tushib qolibmiz. Keyin har kech kinoga kiradigan boʻldim. Lekin u boshqa kirmadi. Tizzagacha loyga belanib uyga qaytardim…

Bibigul! Ana Bibigul!.. U ham menga oʻxshab ketadi, faqat rangi tiniq, oq! Qarashlari mayin, kulib turganday hammavaqt.

Bibigul!..
— Qani! — deb pedalni bosdim. Xuddi buyurganday unga yetganimda, yoʻq, chorrahadan burilib, derazalari oldidan oʻtayotganimda gʻildiraklar birdan toyib ketdi. Men, telpagim bir yoqqa uchib, otilib tushdim… Qizarib va iljayib oʻrnimdan turdim.
— Koʻzingga qarasang boʻlmaydimi! Hammavaqt yiqilib yurasan-a! — dedi Bibigul va… darvozalaridan kirib ketdi.

Men velosipedni turgʻizib xiyobonga chiqardim. Yigʻlagim kelardi…

Keyin bildim: u menga qiziqmagan, menga achinmagan. Onasiga ham shunchaki gapirgan ekan.

otdi

BAHOR O’TDI

Mastura shoʻx, odam bilan kulimsirab gaplashadigan, suhbatdoshiga tezda yoqib qoladigan, suhbatdoshi kim boʻlmasin, unda oʻziga saxiy bir mehr, xayrxohlik uygʻotadigan qiz edi. U koʻp narsani oʻylab, fikr qilib oʻtirmasdi. Lekin, oʻzining yoqimli ekanini bilar va hamisha yoqimli boʻlib qolishiga ishonar edi. Shuning uchun teng-toʻshlariga ham, muallimlariga ham, qoʻshnilari va yolgʻiz onasiga ham erkalik qilar, ters-ters gapirib ketaverardi.

Ularning yigirma sotix tomorqasi boʻlib, unda otasi ekib ketgan xil-xil mevali daraxtlar koʻp edi. Shu bogʻdan keladigan daromad va otasiga toʻlanadigan pensiya puliga kun kechirishar edi.

Masturaning otasi qirq uchinchi yilda sillasi qurib, ishlab turgan magazinida oʻlib qolgan edi.

Mastura shu magazin oldidan oʻtganda otasini eslar va koʻziga yosh olardi. Qishloq kichkina, shuning uchun qizni hamma tanir va oʻtmishi-yu, hozirgi hayotini bilar, yigʻlayotgan qizning koʻnglidagi gʻamni sezib, unga hamdardlik bildirishardi. Mastura battar yigʻlar va yigʻisi tamom boʻlganidan keyin odamlarning unga koʻrsatgan dildrrligini eslab, ichida mamnun boʻlar, xayrxohlik koʻrsatmaganlariga alami kelib, ularni soʻkar edi.

Mastura hamma meni suyadi va suyishi kerak deb hisoblar, ularning nega suyishlari haqida oʻylash esa, xayoliga kelmas edi. Odamlar boʻlsa avvalo uning yoqimtoy, erka qiz boʻlgani uchun, soʻngra, uning takdiriga achingani uchun suyishar va koʻnglini choʻktirmaslikka harakat qilishar edi.

Mastura toʻqqizinchi sinfda oʻqib yurganida uni oʻninchida oʻqiydigan maktab komsomol tashkilotining sekretari Akobir degan yigit yaxshi koʻrib qoldi.

Akobirning ota-onasi u yoshligida oʻlib ketgan, u olti yasharligidan yetim bolalar uyida tarbiyalangan, zehnli, andishali, bir soʻzli va koʻngli yarim yigit edi. Uning bitta togʻasi bor edi. Togʻa bola-chaqasi bilan qishloqning shimolidagi chorbogʻida turar, uning ovdan qoʻli boʻshamas, boʻsh vaqtida choyxonada oʻtirib, ov tafsilotlarini koʻpirib hikoya qilardi.

Akobir togʻasi bilan kam muloqotda boʻlar, oʻzini magʻrur tutib yurar edi.

Ozgʻin, novcha, qirraburun bu yigit Masturani yaxshi koʻrib qoddi. U ilgari ham bir-ikkita qizni yaxshi koʻrgan edi. Ammo Masturani sevib qoldi-yu, unga xiyo-nat qilmadi. Faqat yaxshi koʻrish bilan chegaralanga-nida, balki vaqti kelib unutar, boshqasiga koʻngil qoʻyib ketaverar edi. Chunki, u yosh edi… Biroq, bu andishali, koʻngli yarim yigit qizning tarjimai holi bilan tanishdi-yu, unga bogʻlanib qoldi. Muhabbatiga achinish hissi ham qoʻshildi. Bu ikki tuygʻu bir po-yondoz boʻlib, Masturani uning koʻngliga olib kirib qoʻydi…

Mastura ham unga mayl bildirdi. Ammo tanishgan kunlaridayoq unga erkalik qildi, ters gapirib ketib qoldi. Akobir oʻsha kuniyoq qoʻlini yuvib, qoʻltigʻiga artmoqchi boʻldi, tagʻin uning oilasi taqdirini oʻylab: «Yoʻq, xafa boʻladi. Koʻngli choʻkadi, sagʻir deding-da, deydi», dedi ichida. Bu mulohaza unga keyinchalik ham hamroh boʻlib qoldi. Shuning oqibatida Akobir Masturaning barcha xarxashalarini koʻtara boshladi.

Mastura ham uni yaxshi koʻrib qoldi.

O’ninchini bitirishgach, Akobir Toshkent Davlat universitetining gyoologiya fakultetiga oʻqishga kirdi. Masturani bir necha sinfdoshlari qatorida maktab direktori Qarshiga eltib, muallimlar institutiga joylashtirdi.

Qobiliyatli Akobir yaxshi oʻqib ketdi. Bir necha durust-durust qizlar unga roʻpara boʻla boshladi, lekin, Akobir ular bilan yurmadi. «Mastura eshitsa, xafa boʻladi», dedi. Mastura faqat sevgilisining bevafoligidan emas, oʻz taqdiridan ham xafa boʻladi, deb oʻyladi.

Mastura oʻrtacha oʻqiy boshladi. Maktabda muallimlar baho yoʻrigʻida ham saxiylik qilishar edi. Bunga oʻrgangan Mastura institut domlalarining oʻziga hamma qatori qarashlarini tushunmadi. «Bular qiziq, qarshilik», deb ularni yomonlar edi u. Keyin, kursdoshlari ham unga hamma qatori muomala qilar, Mastura buni ham tushunmas edi. Toʻgʻri, ba’zi yigitlar uni koʻrganda miyigʻida jilmayib, unga ishora qilar, goho uning bichimi kelishgan qiz ekanini yuziga ham aytar, Mastura bulardan mamnun boʻlar, biroq, shulargina uni qanoatlantirmas edi.

Sevishganlar xat yoza boshladilar.

Akobir Masturaning xatlarida nolish ohanglarini uqa boshladi. Ikki yil badalida stipendiyasini tejab-tergab, bir gal bahorda, bir gal qishda Qarshiga kelib ketdi.

Bu harakat ularni bir-biriga yana ham yaqinlashtirib qoʻydi. Akobirning sevgisi ham, Masturaning muhabbati ham oshib-toshib ketdi. Bu vaqtda Mastura hamma kursdosh qizlar bilan urishgan, muallimlar ham unga sovuq munosabatda boʻlib qolishgan edi. Negaki, Mastura uch-toʻrt marta hammaning koʻz oldida darsdan chiqib ketdi.

Bora-bora Masturaning oʻqishdan koʻngli sovidi. Uning xayoliga nuqul koʻzi shilpiq onasi, katta bogʻlari kelar; maktabdagi muallimlari va qoʻni-qoʻshnilarining kulimsiragan chehralari namoyon boʻlar; keyin, bular ortida ufqni

toʻsib, Akobir turar edi. Mastura xohlasa, uni oyogʻiga poyondoz qiladi, xohlasa yelkasiga minib uchadi. Akobir uni istagan manziliga eltadi, u hamma yerda hamqishloqlarining mehribon chehralarini koʻrib turadi.

Uchinchi yili Mastura: «men oʻqimayman», deb xat yozdi Akobirga. Akobir Baxmaltogʻda edi. Xatni sakkizinchi kuni oldi va «bir falokat boʻlgan… Bir shp boʻlgan… Yuzi chidamay ketgan», deb oʻylab koʻngli Masturani orli, nomusli qiz faxmlab, Qarshiga yetib keldi. Bu vaqtda Mastura qishloqqa ketib qolgan, xatiga Akobirdan tezda javob olmagani uchun undan qattiq xafa boʻlgan edi. Akobir institut ma’muriyati bilan gaplashib, oʻzining shubhasi behuda ekaniga ishondi. Masturaning oʻzi oʻqishni xohlamay ketganini eshitdi. Biroq: «Yoʻq, bu mumkin emas. U oʻqishni yaxshi koʻradi. Axir biladi-ku, u oʻqishi kerak. Oilasi uchun ham… Qishloqdan oʻqiyman deb chiqqan. Keying «oʻngli oʻksik uning. U boshqalardan kam emasligini isbotlash uchun ham oʻqishi kerak», deb oʻyladi va Qarshida eshitgan gaplariga ishonmay, qishloqqa joʻnadi.

Kelib tushgach: «Agar hozir undan xabar olmasam» battar ranjiydi», deb yetim bolalar uyiga burilmay, toʻgʻri ularnikiga ketdi.

Mastura Qarshidan qaytib kelayotganida, bu ishi hamqishloqlari orasida albatta, har xil gumon va mishmishlarga sabab boʻlishini tasavvuriga ham keltirmagan edi. Mashinadan tushgani hamono buni his etdi-yu, figʻoni falakka chikdi.

Kutubxonachi rangpar ayolning: «Bahay? Tinchlikmi?» degan savoliga: «Yoʻq, urush boʻldi, hamma qirilib ketdi», deb javob berdi.

Akobir yuzi oqargan holda chimirilib kirib kelganida, Mastura jonidan toʻyib, alamini kimdan olishini bilmay oʻtirgan edi.
— Namuncha daragingiz yoʻq? — dedi supa labidan turmay. — Xatga ham javob bermaysiz! Yo toshkentlik qizlar qoʻlingizni bogʻlab qoʻyganmi?

Akobir tushunmadi.
— Masturaxon, Toshkentdamasdim, praktikada edim, — dedi atrofga xavfsirab qarab.
— Yuravering edi! Bevafo!

Masturaning koʻngli toʻlib ketdi birdan. Qarshiliklarning muomalalari, hamqishloqlarining munosabatlari yodiga tushib, tomogʻini boʻgʻdi.
— Men baxtsiz tugʻilganimdan koʻra oʻlsam boʻlmasmidi. Otajon, qaerdasiz? Kelib qizingizni koʻring! — deb yigʻlab yubordi.

Ona chiqib qizini ovutdi.
— Ayb boʻladi, — dedi. Mastura:
— E!.. — deb urishib berdi. Akobir qoʻshildi oraga.
— Qoching siz ham! Siz menga nima qilib berardingiz. Boring, Toshkentdagi oyimchalaringiz oldiga!

Ona yana oraga tushdi. Akobir yupatdi.

Mastura oʻziga keldi. Koʻzlarini artib, boqqa baqrayib qarab oʻtirdi.

Bu manzarani kuzatgan begona kishi, albatta, Masturani — shaddod kelin, Akobirni — aybdor kuyov, onani — kelishtiruvchi qaynana deb oʻylar edi.

Akobir kechgacha shu yerda boʻldi. Qoʻshnilarga oʻchakishgan erka Mastura unga javob bermadi. Akobir harchand uyalmasin, dam oʻtmay tevaragiga qaramasin, bari bir: «Ketsam, yaxshi boʻlmaydi. Gap bor…» deb oʻzini tutdi.

Endi, yallachi xotinlardek chapanilik va ishonch bilan oʻrik ostidagi ariq labiga yalpayib oʻtirib olgan Mastura nihoyat, koʻnglini yordi:
— O’lim bersin oʻqishlariga! — dedi yigʻlamsirab va toʻliqib. — Meni u yerda qiynadilar. Kun bermadilar. Begonasiradilar. Nima, men koʻchada qolganmanmi?
— Men ular bilan gaplashaman. Vijdonsizlar! — dedi Akobir.
— Kerak emas, — dedi Mastura. — Men endi oʻqishga bormayman.

Akobir nechogʻlik harakat qilmasin, Mastura unamadi.

Akobir oqshom bolalar uyiga ketdi. Mastura tor bogʻ koʻchada uning orqasidan qarab qoldi.

Shu kecha Mastura xoʻrozlar bir qichqirguncha shirin bir hordiq qoʻynida yotdi. Uning koʻngli allanechuk toʻlib, chehrasi ochilgan edi. Keyin, Akobirning ertaga ketib qolishini esladi-yu, birdan otajak tong unga qorongʻi boʻlib tuyuldi. «Ketmaydi! Ketib ham koʻrsin-chi!» dedi.

Akobir yetim ukalari yonida koʻngli ma’yus bir shirin tuygʻuni tatiganicha Masturaning kelajagi haqida oʻylab yotdi: «Endi nima boʻladi?»

Mastura ertalaboq bolalar uyiga yoʻl oldi. Devor kemtigidan oshib, buzoq oʻtlatib yurgan «Afandi» laqabli boladan Akobirni soʻradi. U chaqirib keldi.
— Rostini ayting, yaxshi koʻrasizmi? — dedi qiz yigitga mugʻombirlik bilan qiya qarab.
— Endi… nima hojati bor, oʻzingiz bilasiz-ku? — dedi yigit.
— Agar bilsam, siz ham oʻqishga bormaysiz! — dedi Mastura.

Akobir kalovlanib qoldi.
— Mastura, bu qanday gap?
— Shunday gap. Men oʻqimayman, siz ham oʻqimaysiz. Toshkentga qaytib bormaysiz.

Akobir oʻylanib, xoʻmrayib javob berdi:
— Hech boʻlmasa, bittamiz oʻqishimiz kerak axir, Mastura.

Masturaning koʻngli gʻash boʻlib qoldi:
— Fu! O’qimaganlar ham yashayapti. O’lib borayotgani yoʻq.
— Toʻgʻri, hech kim oʻlmaydi, lekin, oʻqish kerak…

Akobir Toshkentga ketdi. Bir oydan keyin izidan xat oldi.

«Meni bular uzatishmoqchi. Harakatingiz bormi… Yigʻlayverib xun boʻlib ketdim», deb yozgan edi Mastura.

Akobir universitetning partkomiga uchrashdi.
— Shunaqa… qishloq joy. Uzatib yuborishlari hech gapmas. O’zingiz tushunasiz… Mana, xati, — deb koʻrsatdi.

Partkom kasaba soyuzining qarorini chiqartirdi. Soyuz raisi: «Bu yerdagi toʻyni oʻzimiz oʻtkazamiz. Fakultetdan pul toʻplaymiz», deb uyoqdagi xarajatlar uchun pul berdi.

Akobir qishloqqa kelib tushib, yana Masturalarning chorbogʻiga oʻtib bordi.

Mastura bu vaqtda nihoyatda zerikkan, koʻngli yana Qarshini, institut quchogʻini qoʻmsar, lekin, endi u dargohga bora olishi haqida oʻylamas, u, qizga oʻlib ketgan otasidek tuyular edi. Qoʻni-qoʻshnilardan tamoman koʻngli sovigan, koʻzi shilpiq onasini qon qilib yashar edi.

U Akobirni koʻrib, turgan yerida koʻziga yosh oldi. Akobir Masturadan koʻz uzmay kelar ekan, qiz behol burilib, devorlari oqlanmagan uylariga kirib ketdi. Akobir ayvon oldida bir dam serrayib turdi-da, atrofga xavfsirab qarab, uyga moʻraladi. Burchakda oʻziga tikilib, munisgina boʻlib turgan qizni koʻrdi. Ikkilanib ichkariga qadam bosdi.
— Keldingizmi? — dedi Mastura piqillab.

Bu uy va qizning bu holati yigitga ta’sir qilib ketdi. Koʻnglida olijanob hislar qoʻzgʻalganicha, uning qoshiga bordi.

Mastura egilib, uning koʻksiga boshini qoʻydi va yelkalaridan ushlab yum-yum yigʻlay boshladi. Akobir nima qilishini bilmay, uning kiftini silar ekan, qizning xatidagi soʻzlariga bus-butun ishondi. Uning boshiga katta falokat tushgandek, undan faqat oʻzi qutqazadigandek boʻlib tuyuldi unga va bagʻridagi qizning toʻla, doʻmboq gavdasi, oʻzining yelkasiga issigʻi oʻtayotgan uning momiq kaftlarini tuyib, oʻzini chindan ham baxtiyor sezdi.
— Nima boʻldi? Kim?
— Meni bu yerdan olib keting, — dedi Mastura.
— Bilasiz-ku, uyim yoʻq, — dedi Akobir. Mastura yigitga yalt etib qaradi. U, bu tomonini oʻylamagan, yoki yuqoridagi gap shunchaki ogʻzidan chiqib ketgan edi.
— Men yasholmayman, yasholmayman!
— O’qishga opketay boʻlmasam?
— O’qishga? Kerak emas! — Mastura birdan chekindi. — Men shuning uchun sizni chaqirdimmi?
— Boʻlmasam, nima qilamiz? Men tayyor boʻlib keldim. Toʻy qilamizmi?
— Mayli, — dedi Mastura. — Keyin… siz ketasizmi?
— Men oʻqishni bitirishim kerak. Atigi ikki yil qoldi.
— Nima, meniyam Toshkentga olib ketasizmi boʻlma-sam?
— Mayli… Lekin, Mastura, qiynalib qolamizmi…
— Nimaga?
— Men stipendiyaga oʻqiyman… Yo siz oʻsha yerda biron ishgami, oʻqishgami kirasizmi?

Masturaning yuragi siqilib ketdi. Bu gaplar unga yot tuyuldi. Yana yigʻlab, Toshkentdan ham qaytib keladigandek his etdi oʻzini.
— Yoʻq, men bormayman! — dedi.
— Boʻlmasam… Sizni rostdan ham birovga berishmoqchimi?
— Ha, berishmoqchi. Hasan kal deganga, — dedi Mastura.

Mastura bu gapni tavakkal aytgan, Hasan kal degan kishi bor-yoʻqligini ham bilmasdi. Akobirning nazarida, Hasan kal puldor, boyvachcha qiyofasida koʻrindi. Taqdirdan nolib, Masturaga chinakamiga rahmi keldi. O’zini qizning birdan-bir panohi kabi sezdi.
— Boʻpti. Toʻy qilamiz, — dedi. — Keyin, sizga hech kim ogʻiz ocholmaydigan boʻladi.

Xatda oʻzi chorasizlikdan yozgan bu gap endi Masturaga qiziq tuyuldi, toʻy qilgandan keyin hayoti boshqa izga tushadigandek boʻldi.
— Mayli. Tezroq, — dedi shunga ilhaq boʻlib yurgan kishidek.

Akobir, nihoyat, qoʻshni xonada jun titib oʻtirgan boʻlajak qaynanasi bilan soʻrashdi va toʻgʻri bogʻma-bogʻ yurib, togʻasining uyiga yetib bordi.

Eshqobilov koʻchaga chiqib ketgan ekan. Kutdi. Yangasi kaklik goʻshti bosib, shoʻrva pishirdi. Kechga tomon togʻa qaytib keldi. Eshqobilov jiyanini koʻrganidan, albatta xursand boʻldi va choyxonada aytib tugatolmagan ov haqidagi hikoyasini bunga ham aytib, xumordan chiqishni oʻyladi.

Hol soʻrashdilar.
— Toshkentda oʻqib yuripmiz deng?
— Ha, togʻa. Men sizga bitta iltimos bilan kelgan edim.
— Xoʻsh?
— Olim magazinchini bilasizmi?
— Olim magazinchi… E, bilaman!
— Shuning bitta qizi bor. Men shunga uylanaman. Sizdan maslahat soʻragani keldim.
— Anavi, oʻqib yurardi…
— O’shanga. Taniysiz.
— Taniyman, taniyman, — dedi Eshqobilov burnini jiyirib. — A, qachon?
— Shu haftada. O’qishga qaytib ketishim kerak.
— Hm… Uylanadigan odamning taraddudi boʻlishi kerak edi. Uy-joyi boʻlishi kerak edi… Sen boʻlsang… oʻzing student boʻlsang…
— Zarari yoʻq. Keyin boʻladi hammasi. Hozir yonim-da yuz soʻm pulim bor…
— Hm… Nimayam derdik… Mayli. Lekin yuz soʻm… Mayli, oʻzimiz ham qarashib yuboramiz…
— Detdom direktori yordam beradi.
— Yaxshi… Lekin, lekin, jiyan, xafa boʻlma… U Qarshida oʻqir edi-ya!
—Ha.
— Bu oʻqishni nimaga tashlab kelgan ekan?
— Togʻa, buning ahamiyati yoʻq.
— Endi jiyan, sen turmushni bilmaysan…
— Togʻa, uning tarjimai holi meni qiziqtirmaydi. Sirasini aytganda, men oʻzim ham unga oʻxshayman.
— Qalay? Qizning koʻngli bormi oʻzi senda?
— Bor…

Eshik ogʻzida suhbatga quloq osib turgan yanga yen-gini qoqib tushirib, choʻnqaydi.
— Kimning gapi? Anavi oʻlgan magazinchining qizini gapiryapsizlarmi?
— Ha, jiyanim shunga uylanmoqchi, — dedi Eshqobilov.
— Buv-v! Odam quribdiki! Nima, qiz qurib qoldimi? Erta-indin oliy ma’lumotli boʻlasiz, bola!

Akobir idamadi.
— Keyin, oʻzining ham oyogʻi yengil deydilar. Bekorga Qarshini tashlab kelmagan. O’zi oʻlarday qaqajon… Voy, bilaman men!

Akobir quloq solmadi.
— Togʻa, oʻzingiz sovchilikka borasiz-da? — dedi.
— Nima qilardik, — deb kuldi Eshqobilov, — u qushcha yuragidan uripti, jiyanimizni, xotin. Boʻpti. Ishqilib, jiyan, sen tinch boʻlsang, bizga davlat shu.

Akobir bolalar uyiga borib, oʻzini tarbiyalagan frontovik maktab direktoriga ham voqeani aytdi. Ular ham pul jamgʻardilar…

Ikki kundan keyin Eshqobilov oʻzining Malik degan ovchi oʻrtogʻi va bolalar uyining direktori bilan Masturalarnikiga bordi. Koʻzi toʻrt boʻlib oʻtirgan Mastura beixtiyor ravishda ulardan qochdi. Uy orqasiga oʻtdi-da, baland yongʻoqqa chikdi. Keyin, dumbul boʻlgan yongʻoqni otib, odamlarni chalgʻitib oʻtirdi…

Mastura toʻyda ham, odamlar ketganida ham oʻzini telba quvonch va qandaydir gʻashlik qoʻynida his qildi. Telba quvonchiga sabab shuki, oʻziga yovqarash qilib yurgan qoʻshni xotinlar, qiz-juvonlar uni quchib tabrikladilar, unga tabassum qidilar, uning aytganini shak-shubhasiz bajo keltirdilar. Mastura oʻzini uch yil burungi Masturadek his etdi. G’ashligining sababi shuki, u ilgari koʻrgan toʻylar dangʻillama boʻlardi, bu toʻy qandaydir ma’yusgina boʻldi. Mehmonlar ketdi.
— Mastur, biz yaxshi yashab ketamiz, — dedi Akobir.

Mastura koʻz oldidagi chimildiq pardalari oppoq shohi pardalarga aylandi; kir vassalar uzoqlashib, oʻrnini antiqa boʻyoq qilingan tekis shift egalladi; yonboshidagi taxmon uzoqlashib, oʻrnida shifoner paydo boʻldi. O’tirgan toʻshagi koʻtarilib, loʻlabolishlar parqut yostiqlarga aylandi.
— Qachon? — dedi gangib Mastura.
— Men oʻqishni bitirayin, — dedi Akobir. — Geolog boʻlaman… Sizni hech kimga xafa qildirmayman.

Mastura bu gaplarni yaxshi uqmadi. Bu mulohazalar unga yot tuyuldi. Soʻng, negadir otasi birdan yodiga tushib ketdi, birdan ta’sirlanib:
— Bechora otam, — dedi u. — Hozir boʻlganida edi…

Akobir turib oʻtirdi.

Masturaning koʻnglidagi gʻashlik birdan kuchayib, Akobirning yelkasidan quchoqladi. Bu ishlarga, taqdiriga Akobir sababchidek, uni bagʻriga qattiq bosdi va tiz-tiz yosh toʻkdi.

Akobirning koʻngli iyib, Masturaning bu harakatlaridan oʻzini olam qadar baxtiyor his etdi. Unga boʻlgan mehri yuz chandon oshib ketdi.

Ikkinchi kuni ertalab Akobir sochlari toʻzgʻib, yuztuban uxlab yotar ekan, Mastura yoqimli horgʻinlik ogʻushida shiftga qarab yotar, vujudida shuncha yoshga kirib tatimagan totli bir osoyishtalik va orombaxsh bir parishonlik yoyilgan edi… Endi oʻz uyi — goʻshasini yaqindagi xayolidagidek koʻrish uning orzusiga aylangan va oʻzining bu yangi holatini ham idrok etgan. Bu holatni va bu orzularni ham hayotida hamishaga tatish va koʻrish uning xayoliga oʻrnashib qolgan edi.

Toʻyning uchinchi kuni Akobir Toshkentga joʻnab ketdi. Yigitning ham qizdan, qizning ham yigitdan ajralishi ogʻir boʻldi.

Hijronli yillar oʻtdi.

Mastura bu yillarni boʻlajak uy-joy, kelgusi baxt orzusida, Akobir bilan uchrashuv onlari orzusida oʻtkazdi. Bu yillarda uning vujudini toʻy kuni egallagan gʻashlik ham tark etib ketgan, vujudida oʻshandagi quvonch hokim boʻlib qolgan edi.

Darhaqiqat, qoʻshnilar va tanish-bilishlarning unga munosabati avvalgidek davom etar, Mastura ularga erkalanar, u yana beixtiyor ravishda hurmat talab va mehr talab boʻlib qolgan edi va buni hayotda har qadamida koʻrar edi. U yana oʻz tabiatiga xiyonat qilmagan: odamlar munosabati unga nechuk oʻzgarib qolganini mushohada etmagan, buni tabiiy bir holdek qabul qilgan, ularning yaqindagi munosabatlarini izsiz unutgan edi.

Akobir Toshkentda talashib-tortishib, qishloqlari etagidagi sahroga yoʻllanma oldi. Kelib, neft qidiruv ishlarini boshladi.

Asta-sekin ularning orzulari roʻyobga chiqa boshladi.

Akobir uch yuz soʻmdan maosh olar va «neft-razvedka»ga zarur boʻlgan barcha xomashyolar uning ixtiyorida edi.
— Xoʻsh, qaerdan uy quramiz? — dedi bir oqshom Akobir horgʻin.

Bu masalani Akobirdan oldin Mastura onasi bi-lan hal qilgan edi.
— Bu ota yurtni nima qilasan? — dedi ona. — Meni tashlab ketasizlarmi?
— Yoʻq, olib ketamiz, — dedi Mastura.
— Bu hovlini sotasizlarmi?

Bu mulohazalar Mastura uchun yangilik edi. U onasiga diqqat qildi.
— Yoʻq, qizim, — dedi ona koʻzlarini pirpiratib. — Mening ham besh kunligim bormi, toʻrt kunligim bormi — noma’lum. Shu joy sizlarga qoladi. Shu yerni obod qilinglar. Har holda, ota yurting. Otangni arvohi ham shod boʻladi.

Mastura uchun ortiqcha gapning hojati yoʻq edi.

Mastura eriga ham shunday dedi.

Akobirning bu borada fikri oʻzgacha edi: bu koʻngli yarim boʻlsa ham, andishali va magʻrur yigit oʻzicha mustaqil yashashni orzu qilar, qandaydir mulohazalarga borib, oʻzining borligini isbotlamoqchi boʻlib yurardi. Keyinchalik esa, Masturada ham shunday maqsad bor deb avvalambor uni sevgani, soʻngra takdiriga achinganidan mamnun boʻlgan edi.

Masturaning gaplarini eshitgan Akobir unga tikilib qaradi.
— Mastura, sening aytganlaringni qilaman, ammo, rejamiz boʻlakcha edi-ku?
— O’ylab koʻrdim, — dedi Mastura. — Axir, men otamning yurtini tashlab ketolamanmi?

«Toʻgʻri, buning gapi ham toʻgʻri», deb oʻyladi Akobir va oʻz ota-onasining qabri qaerdaligini hatto bilmasligiga achindi. «Albatta, mening ota-onam boʻlganida, men ham oʻshalarning yonida boʻlishni afzal koʻrardim», dedi oʻziga.
— Yaxshi, — dedi Akobir va roʻparasidagi uyga, boqqa yangi bir koʻz bilan qaradi. Uyni aylanib, bogʻni kezib chiqdi.
— Asta-sekin geologlarning toʻrt gʻildirakli mashinasida a’lo sifatli taxta-yogʻochmi, tsementmi kela boshladi. Togʻasi yaxshi ustalardan topib berdi. Ammo u, endi achindi.
— E, jiyan, chakki qilyapsan-da, — dedi. — Ichkuyov kuchuk kuyov deydilar. Turmushni bilmaysan. O’zingai qafasga solyapsan…
— Togʻa, u gaplar eskirdi, — dedi Akobir. — Mening uchun farqi yoʻq: bu hovli nima-yu, boshqasi nima.

Biroq, Masturani bir narsa ranjita boshladi. Akobir sahroda ishlar, haftasida bir kecha kelib yotib ketar edi.
— Shu yerda turib ishlasangiz boʻlmaydimi, axir? — dedi Mastura.
— Boʻlmaydi, Mastura. Men boshliqman. Ishimiz mas’uliyatli, — dedi Akobir.

Bu ranjishlar Masturaga boshqa haqiqatlarni ocha boshladi.
— Axir, biz ham odamlarga oʻxshab yashaymizmi oʻzi? — dedi bir kecha. — Hamma erkaklar sakkiz soat ishini qilib uyiga keladi. Xotinining yonida boʻladi. Siz boʻlsa! Nima, yo u yerda bitta-yarimta topganingiz bormi?

Akobir uning mulohazalarini toʻgʻri deb topdi.
— Mastura, qizishma, — dedi. — Gaping toʻgʻri. Lekin, nima qilay, ishim shunaqa.
— Qurib ketsin shunaqa ish ham, — koʻziga yosh oldi Mastura.

Akobirning koʻngli iyib, Masturani: «meni sogʻinadi, yaxshi koʻradi», deb oʻyladi va chuqur xoʻrsinib:
— Bu tomonini boshda yaxshi oʻylamapmiz-da, — dedi. — Albatta, sahroga borib sen yashay olmaysan. Uning issigʻiga chidab boʻlmaydi. Men bunga yoʻl qoʻymayman. Qiynalib qolasan!

Shundan keyin Akobir kunora kechasi kelib, tong otmasdan ketadigan boʻldi. Biroq, juda ozib ketdi. Basharasiga qaragan kishi burnini koʻradigan boʻlib qoldi.

Bu orada esa, Masturaning homilador boʻlgani ma’lum boʻldi. Unda ilgari koʻrilmagan injikdiklar paydo boʻldi.

Bu yokda… uy bitib borardi.
— Tashlaysiz ishingizni, boʻlmaydi! — dedi Mastura.

Akobir ikki oyga otpuska olib keldi. Uy bitdi. Chorbogʻ yoʻlkalari ham qoʻldan chiqdi. Akobir bogʻni oʻrab turgan uvada devorni buzdirib, bir gʻisht qilib qayta devor urdira boshladi.

Mastura endi oʻzi orzu qilgan hayotiga yetgan edi…

Biroq, bu unga hech qiziq tuyulmadi. Asta-sekin bu yangiliklarni unutdi va bularga qadimdan bor narsalardek qaray boshladi.

Akobir esa, oʻz ishidan magʻrur va mamnun, Masturani ham shunday deb oʻylar edi.

Bir kuni Mastura ishkom ostida oʻtirdi, oʻtirdi-da:
— Bitta tandir qurib bering, bu isqotida non turmaydi, — dedi.
— Xoʻp, — dedi Akobir. — Bugun kech boʻldi. Ertaga tuproq opkelaman.
— Ertaga deb yurasizmi? Erta-indin yana sahroga deb ketib qolasiz.

Akobir yelkasini qisdi. Ikki paqir va ketmon koʻtarib, qishloqning gʻarb tomonidagi tepalikka qarab ketdi. Tepaning tuprogʻi qizil va pishgan boʻlib, uni tandir qurish va tom suvashga ishlatishar edi.

Akobir borib, chuqur, nam gʻorga kirdi. Yoʻlakdagi axlatlarni ketmon bilan surib tashladi. G’orda choʻnqayib oʻtirib, tuproq qaza boshladi… Bir payt tuproq ichidan bita sopol parchasi chiqdi. Uni paqir labiga urib qoqdi va tomosha qilarkan, sahrodagi ishini esladi. «Bir hafta qopti», deb oʻyladi, soʻng xotinining «ketasiz» degani yodiga tushib, «endi nima boʻladi?» — dedi oʻziga-oʻzi.

«Mastura yana janjal qiladi. Ishimni tashlashim kerakmi? Uni olib borolmayman… Haftasiga uch marta qatnaydigan boʻlsam, oʻlib boʻlaman… E, erta-indin koʻzi yorisa! Qiziq boʻldi-ku?»

Akobir yana ketmon ura boshladi. Ketmon qattiq narsaga tegdi — uning koʻza ekani ma’lum boʻldi. Koʻzani sindirmaslik uchun atrofini oʻyib, tuprogʻini ola boshladi. Oqibat, koʻzaning bir yoni chikdi. Akobir tuproqni irgʻitib tashlab, yana ketmon urdi va ustidan bir narsa bosayotgandek, uni tashvish qoplab tepasiga qaradi, boshiga yaqinlashib qolgan tuproq-shiftni koʻrdi. Burila solib, eshikka otildi. Iiqilib tushdi va ulkan tuproq uning boʻynigacha bosib qoldi. Akobir ixtiyorsiz ingradi, butkul ichak-chavogʻi boʻgʻziga tiqilgandek boʻldi. Nafasi boʻgʻildi va koʻzlari otilib chiqqudek boʻlib qoldi. Qimirlamoqchi boʻldi, nazarida qimirladi ham va «oʻlamanmi endi?» dedi-yu, oʻzidan ketdi.

Adirda qoʻzi boqib yurgan bolalar tuproq olinadigan gʻorning qulab tushgan tovupshni eshitib qarashdi, gʻor ogʻzidan yengil chang koʻtarildi. Ular taajjublanib chopishdi va gʻor ogʻziga tushib, Akobirning tuproqdan chiqib turgan boshini koʻrishdi.
— Akobir aka? — deb baqirdi naychining oʻgʻli.
— Tuproq bosipti, — dedi juvozchining nevarasi.
— Chaqiringlar… — zaif ovoz chiqardi hushiga kelgan Akobir.

Bolalar atrofga alanglashdi va toʻgʻri Masturalarnikiga chopib ketishdi.
— A? Tuproq bosdi? — gangib turib ketdi Mastura. — Do-od! — dedi-da bolalarning izidan yugurdi.

Yetib kelganlarida Akobirning lablari tuproq boʻlib ketgan edi.
— Odam chaqiringlar… — dedi u yana zoʻrgʻa.

Mastura: «Voy, yordam beringlar!» deb qichqirdi.

Olisda uning izidan chiqib, biri toʻxtab turgan, biri ergashib kelayotgan ikki suvchi yigit bularga qarab yugurdilar.

Akobirning ikki oyogʻi va beli sinib ketgan edi.
— Qimirlatmanglar, oh! — dedi u.

Suvchi yigitlar kasalxonaga chopib ketishdi… Uni zambilga yotqizib, koʻchaga olib chiqishdi, keyin, u yerda turgan «tez yordam» mashinasiga solib olib ketishdi. Mastura yoʻl boʻyi dod solib tizzalariga urib bordi.
— Men oʻlay! Nimaga tuproq olishga yubordim! — deb yigʻlardi u.

Shu kuni Akobirni shaharga olib ketishdi.

Birga borgan Mastura hovlidagi akatsiya daraxti ostida oʻtirib, tugʻadigan xotindek kuta boshladi. Bir soatdan keyin hamshira chiqib kelib, imladi.
— Vaqtida opkelishmapti. Zarajenie boʻp ketipti, etidan sopol sinikdari oldik, — dedi doktor.

Mastura dodlab, xuddi doktor ayblidek unga yopishdi.
— Voy, tuzatib berasizlar, tuzatasizlar-ar! — deb baqirdi.

Uni Akobir yotgan xonaga kiritdilar.

Akobir koʻkarib ketgan, yuzini tanib boʻlmas, yarim belidan pasti shishib, oq choyshabni koʻtarib turar edi.
— Men oʻlay! — deb uning yoniga choʻkkaladi Mastura.

Koʻzlari ichiga choʻkkan Akobir jim yotar, ogʻzi ochilib, pastki jagʻi osilib qolgan edi…

Akobirning qirqi oʻtgach, Mastura uni asta-sekin unuta boshladi va uni otasini eslagani singari eslaydigan boʻlib qoldi. Lekin qoʻshnilar undan yana yuz oʻgirishgan edi. Endi tajribali Mastura fikr qildi: «O’zi odamlarning tayini yoʻq. Bir kun qarasang, yaxshi koʻradi, bir kun qarasang, yomon koʻradi. Fu! Yana bitta erga tegay, keyin yana kim yaxshi — Masturaxon yaxshi boʻladi».

1975

(Tashriflar: umumiy 1 857, bugungi 1)

Izoh qoldiring