Isajon Sulton. Oydinbuloq. Audiohikoya

11
Qirqning ostonasida turib, endi-endi oʻylayman: yoʻq, men oʻshanda aynan Parizodni uchratgan edim. U mening, faqat mening Parizodim edi. Koʻkdan meni deb tushib kelgan edi. Va diyoriga qaytib ketolmay, kimningdir asirasi boʻlib yer yuzida qolib ketgan edi. Ikkinchi bor uchratganimda esa, u tamomila yer qiziga aylanib boʻlgan, uchgali qanotlari yoʻq — qirqilgan edi.

ғ2

 

09
Isajon Sulton
OYDINBULOQ
ғ2

Qishloq chetidan uyga qaytayotgan edim. Soʻqmoqdan yurib, pastlikka tushdimu atrofini jingullarning qalin devori oʻragan, qari, bujur tol barglari shitirlab turgan Oydinbuloq yonidan oʻtdim.
Bu buloq bolaligimdan beri bor. Suvi kumushday. Miltillab oqib yotadi. Bolalik chogʻlarimda issiq nonni shu buloq suviga botirib yer edim. Bu bujur tol u mahallar juda ulkan edi. Kirgʻogʻida olamda yoʻq maysalar oʻsar, ular taratgan boʻy ham jannat boʻyi monand edi.
Bugun shu buloq yonidan hech oʻtib keta olmadim. Bir nima oʻsha tomonga tortaverdi. Butalar oralab oʻtib, buloq yoniga keldim.
Oʻsha-oʻsha bujur tol. Shoxchalarida hanuz qushlar chugʻurlashayotir.
Oydinbuloq hanuz miltirayotir. Buloq koʻzchasiga bitta yaproq tushib qolibdi, girdobdan chiqib ketolmay, chirillab aylanayotir.
Tolning ochilib qolgan gʻadir-budur, qizgʻish, yalangʻoch ildizi orasiga shamol xazonlarni toʻplab, uyib qoʻyipti. Yuragam jizillab, bir yaproqni qoʻlimga oldim. Karangki, shamol unga xat bitib ketgan ekan.
«Bu kun zavollidir», deb bitibdi shamol yaproq sirtiga.
Oydinbuloq sokin jimillayotir. Buloqqa engashib suv sirtida aksimni koʻrdim — undan chakkalariga qirov oralagan, yuzlariga ajinlar tushgan kishi menga jim qarab turar edi. Xayolim toʻzgʻib ketdi. Bir mahallar… bir mahallar shamol xuddi shu yerga, xuddi shu yaproqlarga oʻshandayam xat bitib ketmasmidi? «Bu kun sharaflidir» deb bitmasmidi oʻshanda?!
U mahallar men oʻn yetti-oʻn sakkiz yoshli oʻspirin edim!
U mahallar olam behad keng, Oydinbuloq behad katta, bu bujur tol soyasi dunyoni enlagudek edi.
Oʻshanda…
Oʻshanda… bu buloq yonida men Parizodni uchratgan edim!
Eslayapmanu… oʻzimni xuddi oʻn yetti yashar boʻz yigitday sezayotirman…
Axir, oʻshanda… olam boshqacha edi, birodarlar!
Parizodni toʻsatdan koʻrdim. Sigirga oʻt oʻrib kelayotgan edim. Quyosh bota boshladi. Adashib qolgan asalarilar oʻtlar orasida boʻgʻiq gʻoʻngʻillardi.
Qaydandir yangi oʻrilgan beda hidi, yangi sogʻilgan sut isi anqirdi.
Oydinbuloq yoniga burildimu… oʻsha yerga bir nur tushib turganini koʻrib qoldim. Nur samodan yogʻilmas, Oydinbuloqdan taralar edi.
Oydinbuloq yonida bir pari turar edi.
Uning libosi… Nimasini aytay, yer qizlari bunday libosni tushlaridayam koʻrmaydilar.
Koʻzlari yulduz edi. Bunday fusunkor koʻzlarni olamda faqat men koʻrganman. Boshqalar ham koʻrganlarida, xuddi men kabi devona boʻlar edilar.
Oʻ, bu olamda uning oʻxshashi bormikin? U yer qizi emas, koʻk qizi edi. Balki, pari dugonalari bilan choʻmilgani tushganu men koʻrib qolib, qochishga ulgurolmagandir? Qaydam… Oʻsha mahalda joyimdan toʻxtab qoldimmi yo oldiga qarab yurdimmi — eslolmayman.
Faqat, ugina yodimda.
Suv tomchilari oy yogʻdusida qanday tovlansa, u ham buloq yonida shunday tovlanib turar edi. Ha, esladim — axir, u boshyalang edi-ku? Nega hurkib, uchib ketolmay turganini endi angladim: uning roʻmoli mening yonginamdagi buta shoxchasiga iligliq edi. Aniq-tiniq eslayman: harir, nurdan toʻqilganday roʻmol edi.
Bir nima deyishga tilim ojiz, vujudim bu samoviy malak oldida tosh qotgan, faqat koʻnglim anglamsiz bir baxt hissi bilan tobora toʻlib borar edi. Balki, meni shu his chalgʻitib-aldab qoʻygandir? Men uni koʻrib qolganimdan naqadar baxtiyor boʻlsam, uning koʻzlarida shu qadar xavotir, hurkaklik bor edi. Dam roʻmoliga, dam menga qarar ediyu ammo qimir etishga jur’at qilolmasdi.
Parilarning tilsimi roʻmolida boʻladi. Roʻmoli qoʻlga olinsa, ular hech qayoqqa uchib ketisholmaydi!

Bir qadam qoʻydimu roʻmolini qoʻlimga oldim.
Shunda uning nigohidagi oʻzgarishlarni koʻrsangiz edi! Ohu koʻzlardagi hurkaklik qoʻrquv va gʻussa bilan almashdi. Boshchasini kuyi egdi, shoʻrlik. Uzun kipriklarga ikki tomchi yosh marjonday boʻlib sizib chiqdi.
Titrab ketdi, titrab!
Oʻshanda qalbimni qoplab kelgan baxtu saodatni umrimda yana tuyarmikinman? Yuragim toza va tiniq tuygular bilan limmo-lim toʻldi, xuddi samolarda uchib yurganday boʻldim.
Oʻn yetti yashar yigitcha mard keladi. U mahallar gʻayratim osmonga sigʻmasdi. Bu koʻk qizining gʻussasi bir rahmimni keltirsa, bir qonimni qizdirar edi. Parining jodusimidi yo qalbimdagi tugʻyonlarning natijasimi, bilmadim, biroq shu xilqat qoshida tiz choʻkkim, unga jonimni fido qilgim keldi. Ha, unga faqat jonni fido qilish kerak edi. Uning qoshida faqat tiz choʻkish kerak edi. Uning poyida xushbaxtlikdan jon taslim qilishning oʻzi ham bemisl bir saodatday tuyulardi.
Hislarning mana shu boʻroni ichra, yuzim misday qizib, roʻmolini unga uzatdim. Ana endi bu goʻzal chehradagi oʻzgarishni koʻring! Hozirgina yosh ingan kipriklari pirpirardi, katta, qop-qora koʻzlari bolalarcha quvonch bilan boqdi, qaldirgʻoch qanotiday qoshlari hayronlik bilan himrildi. Roʻmolini ola, hilpirab nari bordi, menga yana bir bora minnatdorchilik bilan boqdi… Soʻng, koʻkka parvoz qildi.
Oydinda choʻmilgan buloq, bujur tol yonida — zaminda bir oʻzim qolaverdim.
Koʻnglimni yomon bir gashlik qoplab oldi. Tegramni qurshagan afsonaviy manzara oddiy boʻlib qoldi, qaydadir qurbaqa qurilladi. Bezovta zagʻchalar chugʻur-chugʻur qilishdi.
Shom qoʻngan edi. Aziz bir nimasidan ayrilgan kabi, ortimga qaray-qaray, koʻnglimda benihoya yolgʻizlikni tuygancha oʻz yoʻlimga ketdim.
Axir, men uni yetti yoshimda uchratgan edim! Oʻn yetti yoshli oʻspiringa bahorda oppoq gullagan butalar ham qiz bolaning koʻylagiday boʻlib koʻrinmaydimi?!
Voh, dil yomon ezildi. Tomoqdan ovqat oʻtmay qoldi. Bagʻrimni yerga berib indamay yotaman. Koʻz oldimdan Parizod sira ketmaydi. Nimaga roʻmolini berdim-a? Yer yuzida uni uchratgan faqat men edim-ku? Axir, u koʻkdan faqat men uchun tushgan edi-ku? U faqat mening, mening Parizodim emasmidi?
Keyin…

Keyin harbiy xizmatga ketdim. Xizmatdan qaytgach, uylandim. Qolgani oʻz-oʻzidan ketaverdi: avval oʻgʻlim, soʻng qizim tugʻildi, bu yoqda ota-ona keksaydi, kunlar, oylar, yillar shu tariqa zuvillab oʻtib ketdi.
Yigirma-yigirma besh yoshimdayam Parizodni koʻp qoʻmsadim. Ba’zan birovga bildirmay Oydinbuloqqa boraman, bujur tol ostida jim oʻtiraman. Qaynab chiqayotgan suv oy nurida jivirlaydi, shabada bulturgi xazonlarni shildiratib oʻynaydi, buloq koʻziga tushib qolgan bir yaproq chirillab aylanadi. Moʻ‘jiza inson umrida bir martagina roʻy berishini bilsam-da, ortga qaytishni hech istamadim.
Oʻsha surur, oʻsha xushbaxtlikni qoʻmsayman.
Nixoyat, noiloj oʻrnimdan qoʻzgʻalaman. Uyga qaytamanu koʻnglim oʻsha yerda — Oydinbuloq yonida qolib ketadi.
Avval-boshda bunday holatlar tez-tez takrorlanib tursa-da, yillar oʻtgani sayin Oydinbuloq ham kichrayib, bujur tol keksaydi, bari oʻsmirlik davrining shirin afsonasiga aylanib qoldi. Chamamda, oʻttiz yoshimdan soʻng Oydinbuloqqa sira bormadim.
Oradan yillar oʻtdi. Farzandlar ulgʻaydi.
Yaqinda bolaliqdan birga oʻsgan oʻrtogʻim meni toʻyga aytib ketdi. Oʻgʻlini uylantirayotgan ekan. Ertaroq boraqolay, deb peshindan keyin yoʻlga chiqdim. Ularning qishlogʻiga kirib borayapmanu dilimda gʻalati tuygʻular uygʻonayotir. Teraklar yanayam balandlashibdi, tollar yoʻl chetini butkul enlabdi. Kun issiq. Umr suvday oqib oʻtib ketibdi, goʻyo.
Shunday oʻylar bilan borayotsam, oʻngdagi darvoza gʻiyq etib ochildi-da, bir qoʻlida goʻdagini koʻtargan, bir qoʻli bilan qizalogʻini yetaklagan bir juvon chiqib keldi. Beixtiyor unga qaradimu… Yopiray! Tomogʻim quruqshab, yuragim hapriqib ketdi. Muncha oʻxshamasa? Parizod? Parizodmi u?!
Qoshu koʻzlari oʻsha-oʻsha, yuzlar oʻsha-oʻsha, nigohida ham oʻsha soʻlim, nafis, tushdagiday sirli qizni eslatadigan nimadir bor… Shu bilan birga, unga naqadar oʻxshamaydi u! Qomati toʻlishgan, yuzlari siniqqan, koʻzlarida charchoq, qaddini hayotning tashvishlari barvaqt egib qoʻygan… Mening qarab turganimni payqab, u ham shu tomonga bee’tibor nazar tashlab qoʻydi. Shunda uning ham nigohida nimadir — hayratmi, quvonchmi, esankirashmi — milt etdi. Bir lahza, atigi bir lahza, xolos. Keyin birdan oʻziga kelganday qizalogʻining qoʻlidan tortib, tollar ostidan yurib ketdi.
Shunda yurak yana gʻalayon koʻtardi: umrning betinim oqayotganini yana bir karra eslatdi.
Mana, tagʻin Oydinbuloq qoshidaman. Bujur tol butkul qartaygan. Ildizlari yalangʻochlanib, poʻstloqlari koʻchib tushgan. Oydinbuloq juda kichrayib qolgan. Ammo koʻzchasida girdobga tushib qolgan bitta yaproq hanuz chirillab aylanayotir.
Qirqning ostonasida turib, endi-endi oʻylayman: yoʻq, men oʻshanda aynan Parizodni uchratgan edim. U mening, faqat mening Parizodim edi. Koʻkdan meni deb tushib kelgan edi. Va diyoriga qaytib ketolmay, kimningdir asirasi boʻlib yer yuzida qolib ketgan edi. Ikkinchi bor uchratganimda esa, u tamomila yer qiziga aylanib boʻlgan, uchgali qanotlari yoʻq — qirqilgan edi.
Balki, oʻshanda, Oydinbuloqda koʻrishganimizda u ham meni koʻqdan tushib kelgan bir farishta deb oʻylagandir? Shu tufayli ham dugonalari bilan uchib ketmay, buloq yonida qolgandir? Keyin, qirqning ostonasida uchrashganimizda esa, roʻparasida chakkalariga barvaqt qirov qoʻngan, nigohida charchoq va hayot tashvishlari qotib qolgan odamni koʻrib, uning ham yuragi shuv etgandir? Nigohida lip etib oʻtgan ifodalarning boisi, balki, shudir?
Bilmadim. Dilda afsusgami, armongami oʻxshagan tuygʻu bosh koʻtarib kelayotir: axir, oʻn yetti yoshida koʻk yuzida oʻziga atalgan Parizod borligiga shubhasiz ishonmagan odam topilarmikin bu koʻhna olamda?
Oydinbuloq xazonlari menga endi umrning zavolidan darak berayotirlar. Koʻngilda esa oʻsha armon, oʻsha baxtu saodatning zaif xotiralari miltirayotir. Dil yomon toʻliqib, yomon orziqayotir.
Sezyapsizmi, Oydinbuloqda bir yaproq chirillab aylanayotir…

90

(Tashriflar: umumiy 315, bugungi 1)

Izoh qoldiring