KELUR
Mehribon, jonparvarim, yonimga jononim kelur,
Sevgilim holim so‘rab, yori qadrdonim kelur.
Aylasam yuz jonni qurbon oz erur bir lutfiga,
Xastadirmanki go‘iyo doru darmonim kelur.
Lab ochib so‘z boshlaganda baxsh etib jismimga jon,
Bo‘sai la’li labidan obi hayvonim kelur.
Ohkim, goh va’da bergay, kelmagay qon yuttirib,
Yo‘l kutardan… ko‘zlarimdan yosh bilan qonim… kelur.
Xastalik yuzlandi jonimga, tabibim bexabar,
Kelsa gar hoziq tabibim: jism aro jonim kelur.
Andalibdirmen saharlar g‘unchalab yodi bilan,
Rahm etib yonimga goh husni gulistonim kelur.
Toleim bo‘lgil madadkorimki, chiqmay yodidan,
Sobiro, yoring eshikdan yo‘qlagan onim kelur.
SO’RSANGIZ, AHBOBLAR
So‘rsangiz ahboblar, paydo-yu nopaydoligim,
So‘rsangiz holat boisidir oshig‘i shaydoligim.
Bir ko‘rib shaydo bo‘libdirmen ko‘zi shahlogakim,
Sehr ila sayd ayladi ko‘nglim ko‘zi shahloligim.
Bazm aro tutdi qadah, yuz ishva-yu noz avjida,
Soldi bu holatga yori sho‘xu bazmoroligim.
Lab ochib ahvol so‘rdi ul masihoi zamon,
Jon bag‘ishlab suhbatidan, so‘zlari ma’noligim.
Bo‘ldilar bebahralar may birla mast, men vasl ila,
Qaysi til birla qilay ifsho bu xil tanholigim.
Vasl bazmida ko‘rib, ey muddaiy, nodon deding,
Vaqt emas, isbot uchun nodonligim, donoligim.
Shomdan to erta, Sobir, kuylasam bulbul kabi,
Tong emas, ko‘rguzsa oraz qomati ra’noligim.
MENGA QOLDIRGANLARI…
Yor ketdi yiroq, ahd ila paymonlari qoldi,
Jonga qadalib nashtari mujgonlari qoldi.
Umring bo‘yi men yori vafodor bo‘laman deb,
Qoldim o‘zimu ul so‘zi yolg‘onlari qoldi.
Yor ila ketib bazmi visol tonglari birga,
Men ila firoq tunlari, hijronlari qoldi.
Ul sarvi qadim ketdi chamandan, izi qoldi,
Andoqki, aning bog‘da xiromonlari qoldi.
Xurshidvashim botdi, jamolini yoshurdi,
Men oshig‘iga tiyra shabistonlari qoldi.
Armonsiz edim yor ila, evoh, bu na holkim,
Ko‘nglimda to‘la hasratu armonlari qoldi.
Ishqimni qilib yor ketar vaqtida ifsho,
Dilda yoshurun va’dai pinhonlari qoldi.
Axdiga vafo qilmadi ul sho‘x dema, Sobir,
Qaytib keladir, davr ila davronlari qoldi.
ERTA-KECH
Yuzu zulfingni xayoli birla dildor erta-kech,
Goh yorug‘dir, goh qorong‘idir fusunkor erta-kech.
Gohi lutfingdan erur subh, goh qahringdan bu shom,
Vasl ummidi salomat, hajri bemor erta-kech.
Aylanib boshingda xurshid, bo‘ldi sadqang ko‘kda oy,
Oh, yo‘l bermas menga bu ikki ag‘yor erta-kech.
Bir ko‘rish shavqida husning tunlarim qildim sahar,
Kokiling o‘ylab saharlar tun bo‘lur yor erta-kech.
Ey sumanbar, iltifot etgilki, o‘tgan yillarim
Mushki anbar axtarib kezmoqtsa bozor erta-kech.
Kunduzi — gul yuz g‘ami, tun bo‘lsa zulfing qayg‘usi,
O’tkazib, ne chorakim, takror-takror erta-kech.
Bo‘lmadi ko‘rmoq muyassar, Sobiro, yuzu zulf,
Yoshururdan pardai sir ichra makkor erta-kech.
YOYDINGMI, YOR, ZULFING?
Tun bo‘ldi anbarafshon, yoydingmi, yor, zulfing?
Silkindi qulfi rayhon, yoki, nigor, zulfing.
Bo‘y tutdi Xindiqushni, mahv etdi esu hushni,
Yo mushk badanli mehmon, yo mushkbor zulfing.
Orqangda ikki soya, aylar qadding himoya,
Birga kezishda bo‘ston, bo‘yingcha bor zulfing.
Esdi nasm chamanda, ishq ahli uxlaganda,
Aqlimmi bu parishon, yo beqaror zulfing.
Zulfing yozildi oqshom, jon saydiga bo‘lib dom,
Sayyodmi, shomi hijron, yo badxumor zulfing.
Soch silkitib, arozlab, chal asta sozni sozlab,
Jonlar g‘izosi, jonon, o‘ynashda tor zulfing.
Har halqa-halqa zanjir, daf’i jununga tadbir,
Sobir dilida armon, Layli uzor zulfing.
Sobir Abdulla
(1905-1972)
Sobir Abdulla (Abdullaev Sobir) 1905 yil 5 sentyabrda Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. O’zbekiston xalq shoiri (1965). O’zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1944). Dastlab eski maktab, so‘ng «usuli jadid» maktabini tugatgach, Qo‘qondagi pedagogika bilim yurti (1922—24), Toshkentdagi mahalliy kadrlarni tayyorlash kursi (1924-26)da o‘qigan. Ilk she’rlar to‘plami — «Erk ilhomlari» (1931). Shundan keyin uning «Navbahor» (1931), «Ko‘klam na’rasi», «Zavq» (1932), «Gulshan» (1939), «So‘zvasoz» (1943), «Davr qo‘shiqlari» (1949), «Hayot gulshani» (1959), «Hayot qo‘shiqlari» (1962), «Devon» (1965) kabi she’riy kitoblari nashr etilgan. She’riy ijodi lirika, xajviyot va dostonlardan iborat. 1940 yil sahnalashtirilgan «Tohir va Zuhro»(1939) asari mashhur. Nasriy asarlar ham yozgan («Mavlono Muqimiy» — 1965, roman va boshqa). 1972 yil 24 oktyabrda Toshkent shahrida vafot etgan.