Baxtiniso Mahmudova. Agarda qaytmasam…& Eshqobil Shukur. Baxtiniso bilan xayrlashuv

09    Бахтинисо Маҳмудованинг вафот этганини эшитиб, анча вақтгача ўзимга келолмай қолдим. Туркияга даволаниш учун кетган шоира қизим ўз оёқлари билан юриб келади деб кутган эдим. Шоира қизимни раҳматингга ол, Аллоҳим! Инна лиллаҳи ва инна илайҳи ражиъун!

Бахтинисо Маҳмудова
АГАРДА ҚАЙТМАСАМ

Агарда қайтмасам…
Кузги боғларга
Бир насим бўламан, чекинар оғриқ.
Кўзимнинг олдида юксаласан сен,
Кўзимнинг олдида улғаяр борлиқ.

Мен сингиб бораман майсага, ерга,
Қайғулар кўксимни топтамас бевақт.
Менинг юрагимда чайқалар дунё,
Менинг овозимда чучкирар дарахт.

Агарда қайтмасам,
Қайтолмасам мен,
Яна жим кетаман нурафшон бўлиб.
Бир ичкин нолада, эзгин нолада
Кўзларим қайтади намозшом бўлиб..

Эшқобил Шукур
БАХТИНИСО БИЛАН ХАЙРЛАШУВ

Ҳурдай келиб, ҳурдай кетдинг, Бахтинисо,06
Йўл қоронғи, нурдай кетдинг, Бахтинисо.

Ой юзингда табассумлар ойдай балқарди,
Сен сўзласанг, муз юраклар, тошлар қалқарди.

Исминг-да Бахт, Қайғу қизи, Бахтинисо,
Армон деган туйғу қизи, Бахтинисо.

Момо десанг, момо ҳаёт тўкилар эди,
Бобо тоғлар “Қизим…” дея эгилар эди.

Кўзларингда тўкилмаган ёшларинг қолди,
Кўнглинг тўла далаларинг, даштларинг қолди.

Сен қайғунинг бахтимидинг, Бахтинисо
Бахт ва фожеъ аҳдимидинг, Бахтинисо?

Алвидолар оташида куймоқда кўнглим,
Алвидо, шеър муштипари, меҳрибон синглим.

Ҳур малаклар сенга соғлиқ, қанот ҳозирлар,
Соғ-саломат оёқ-қўллар, ҳаёт ҳозирлар.

Кетар бўлдинг талотўпдан саришталарга,
Одамзотдан саломлар айт фаришталарга.

Ҳурдай келиб, ҳурдай кетдинг, Бахтинисо,
Олис йўлга нурдай кетдинг, Бахтинисо.

06.01.2019

Кутубхонамиздаги Бахтинисога бағишланган саҳифаларни ўқинг:
Baxtiniso Mahmudova. Xudo va yig’i
Baxtiniso Mahmudova. She’rlar va Suhbat
Halima Ahmedova. Menga o’sha quyoshni yubor. Baxtinisoga maktub
Baxtiniso Mahmudova. Yangi she’rlar
Baxtiniso Mahmudova. Yangi she’rlar & Eshqobil Shukur. Baxtiniso she’rlarini o’qidim…
Baxtiniso Mahmudova. Yangi she’rlar
Abdunabi Boyqo’ziyev. Baxtinisoga maktub
Baxtiniso Mahmudova. She’rlar

Baxtiniso Mahmudovaning vafot etganini eshitib, ancha vaqtgacha oʻzimga kelolmay qoldim. Turkiyaga davolanish uchun ketgan shoira qizim oʻz oyoqlari bilan yurib keladi deb kutgan edim. Shoira qizimni rahmatingga ol, Allohim! Inna lillahi va inna ilayhi rajiʼun!

Baxtiniso Mahmudova
AGARDA QAYTMASAM

Agarda qaytmasam…
Kuzgi bogʻlarga
Bir nasim boʻlaman, chekinar ogʻriq.
Koʻzimning oldida yuksalasan sen,
Koʻzimning oldida ulgʻayar borliq.

Men singib boraman maysaga, yerga,
Qaygʻular koʻksimni toptamas bevaqt.
Mening yuragimda chayqalar dunyo,
Mening ovozimda chuchkirar daraxt.

Agarda qaytmasam,
Qaytolmasam men,
Yana jim ketaman nurafshon boʻlib.
Bir ichkin nolada, ezgin nolada
Koʻzlarim qaytadi namozshom boʻlib..

Eshqobil Shukur
BAXTINISO BILAN XAYRLASHUV

Hurday kelib, hurday ketding, Baxtiniso,022
Yoʻl qorongʻi, nurday ketding, Baxtiniso.

Oy yuzingda tabassumlar oyday balqardi,
Sen soʻzlasang, muz yuraklar, toshlar qalqardi.

Isming-da Baxt, Qaygʻu qizi, Baxtiniso,
Armon degan tuygʻu qizi, Baxtiniso.

Momo desang, momo hayot toʻkilar edi,
Bobo togʻlar “Qizim…” deya egilar edi.

Koʻzlaringda toʻkilmagan yoshlaring qoldi,
Koʻngling toʻla dalalaring, dashtlaring qoldi.

Sen qaygʻuning baxtimiding, Baxtiniso
Baxt va fojeʼ ahdimiding, Baxtiniso?

Alvidolar otashida kuymoqda koʻnglim,
Alvido, sheʼr mushtipari, mehribon singlim.

Hur malaklar senga sogʻliq, qanot hozirlar,
Sogʻ-salomat oyoq-qoʻllar, hayot hozirlar.

Ketar boʻlding talotoʻpdan sarishtalarga,
Odamzotdan salomlar ayt farishtalarga.

Hurday kelib, hurday ketding, Baxtiniso,
Olis yoʻlga nurday ketding, Baxtiniso.

06.01.2019

Kutubxonamizdagi Baxtinisoga bagʻishlangan sahifalarni oʻqing:
Baxtiniso Mahmudova. Xudo va yigʻi
Baxtiniso Mahmudova. Sheʻrlar va Suhbat
Halima Ahmedova. Menga oʻsha quyoshni yubor. Baxtinisoga maktub
Baxtiniso Mahmudova. Yangi sheʻrlar
Baxtiniso Mahmudova. Yangi sheʻrlar & Eshqobil Shukur. Baxtiniso sheʻrlarini oʻqidim…
Baxtiniso Mahmudova. Yangi sheʻrlar
Abdunabi Boyqo’ziyev. Baxtinisoga maktub
Baxtiniso Mahmudova. Sheʻrlar

99
011

(Tashriflar: umumiy 294, bugungi 1)

1 izoh

Izoh qoldiring